OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hayotga chanqoqlik yoxud Jek Londonning “Ajoyib rancho”si

Jek London nafaqat XX asr Amerika, balki jahon adabiyotiga betakror hikoyalari, haqiqiy hayot nafasi ufurib turgan qissa va romanlari bilan ulkan hissa qo‘shgan adib. Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan esseda yozuvchining o‘ziga xos portreti chizilgan.

O‘ta qaysar, qizlarning boshini aylantirishga usta kelishgan yigit, aroqxo‘r, oltin izlabtopar, janjalkash, bezori Jek London hayotda ko‘pdan-ko‘p sarguzashtlar, ajib voqea-hodisalarni boshidan kechirgan edi. Boshqa amerikalik adiblardan farqli o‘laroq, umrini qahramonligu jasoratlar bilan “bezay” olgan ulug‘ yozuvchi qirchillama qirq yoshida bu foniy dunyodan ko‘z yumdi. Tarjimai holi xuddi hikoya, qissalari kabi rang-barang va qiziqarli bo‘lgan Jek Londonning jo‘shqin hayot nafasi ufurib turgan asarlari jahon adabiyotining oltin sahifalariga aylandi.

Kaliforniyada tavallud topgan adib bolaligidanoq mustaqil hayotga ko‘nikdi. Baliq ovlab Oklendga yaqin dengiz bo‘ylarida o‘ta mazali ustritsalarga qarmoq soldi, tengqurlari maktabda saboq olayotgan paytda o‘gay otasining fermasida qora terga botib mehnat qildi.

Ustritsa ovlash xavfli ish edi. Sohilda payt poylab turgan soqchilar hech kimni ayab o‘tirmasdi. Bir kuni Jekning qayig‘i yonib ketadi. Shundan so‘ng u dengiz soqchilariga qo‘shilib qaroqchilarning payiga tushadi va San-Frantsisko sohillaridagi kontrabandachilarni qo‘lga tushirish bilan shug‘ullana boshlaydi. Yosh Jek bandargohlarda ayshini surib qovoqxonalarda kayf-safo qiladi, g‘irt mast holda janjal ko‘taradi. Uning hamshishalari — balodan ham tap tortmaydigan bezorilar, arzimagan ustritsa deb uning biqinidan darcha ochib qo‘yishi hech gap emasdi.

Jekning bolalik va o‘smirlik yillari shunday turfa voqealar bilan o‘tdi. U oilada ham hammadan dakki yerdi. Jekning onasi Flora Uellman kasalmand, tajang va jizzaki ayol edi. Adibning o‘zi ko‘rmagan otasi Uilyam Cheyni esa, zamondoshlarining guvohlik berishicha, ko‘cha-ko‘yda daydib yuradigan bir dardi bedavo bo‘lgan ekan.

Jekning onasi Flora piyonista Cheynini tashlab ketgach, birovdan yaxshiligini ayamaydigan kasalmand fermerga turmushga chiqqan. Fermerning qizi Eliza Jekka opalarcha mehribon edi. Uyga yuzlari ko‘karib qaytgan bezori bolaga Eliza doim yaxshi muomala qilar, kechqurunlari kitob o‘qib berardi. Ehtimol, o‘smir hayotidagi murakkab davrda Elizaning Jekka bo‘lgan mehr-muhabbati jahonga buyuk yozuvchini yetishtirib bergandir.

Jek hayotida bir necha bor o‘lim xavfiga duch keladi. Bir safar aqldan ozguncha bo‘kib ichib, kemadan dengizga qulaydi, uni arang qutqarib qolishadi. Yana bir safar poezd vagonining tagiga kirib olib, Amerika bo‘ylab “temir yo‘l sayohati”ga chiqqanda lokomotiv uchqunidan kurtkasi yonib ketadi. Ko‘p o‘tmay qamoqqa tushib, o‘ttiz kun azob chekadi. Ozodlikka chiqqach, hech qachon bu qadar tuban, past ketmaslikka qasam ichadi.

Oradan yillar o‘tib, navqiron Jek London Meybl Epplgart ismli qizni yaxshi ko‘rib qoladi. Uchrashuvlar, shahar tashqarisidagi sayrlar, qizning uyidagi ziyofatlar chog‘i u o‘rta tabaqa vakillari gapiradigan lahjani, ularning yurish-turishini o‘rganib oladi. Lug‘at sotib olib, Meybl o‘qigan bilim dargohiga o‘qishga kirmoqchi bo‘ladi. Biroq imtihonga tayyorlanishga vaqti yo‘q, onasiga yordam berishi kerak edi. Shundan so‘ng u pul topish uchun qisqa-qisqa hikoyalar yozib, gazeta va nashriyotlarga jo‘nata boshlaydi. Qog‘oz sotib olish uchun kiyim-boshu lash-lushlarini garovga qo‘yadi. Lekin uning birorta hikoyasini chop etmaydilar. Shunda Jek yozuvchilikka qo‘l siltab, kirxonaga ishga kiradi. Ko‘p yillar o‘tgach, ulug‘ adib bu voqealarni o‘zining “Martin Iden” romaniga ko‘chiradi.

1899 yili nihoyat Londonning omadi yurishadi. Uning hikoyalari hali shaharlikka aylanmagan, mamlakatning o‘tmishi haqida bilishni istagan amerikaliklar e’tiborini qozonadi. Londonning sarguzashtga boy asarlari amerikaliklar ruhiga juda mos edi. Negaki adibning hikoyalari romantik, hayotsevar hislarga to‘la, kuch-g‘ayrat va iroda bo‘lsa hamma qiyinchiliklarni yengish mumkin, degan ishonchga yo‘g‘rilgan edi. Boshqa adiblardan farqli ravishda, Jek London o‘zining kurashga to‘la hayoti bilan bu fikrni isbotlay oldi. “Xavf-xatar ostida yashang, hali vulqon olovi so‘nmagan Vezuviy qoyalariga imorat soling”, deydi Nitshe. London ham ana shunday maqsadga intilib yashadi. U doimo niyatiga yetuvchi qahramon bilan oddiy odam o‘rtasida hech qanday farq ko‘rmasdi.

Jek London XX asrning birinchi o‘n yilligida amerika adabiyotini yangi o‘zanga burib yubora oldi. “Avlodlar da’vati”, “Dengiz bo‘risi”, “Oq so‘yloqtish” kabi jo‘shqin hayot nafasi ufurib turgan asarlari Londonning Steynbek va Xemingueyning o‘tmishdoshi bo‘lganligidan dalolat beradi.

Lekin yozuvchilik shuhrati ortib borgani sari Jek Londonda tushkunlik kayfiyati kuchayadi. U joniga qasd qilish haqida o‘ylay boshladi. Jekni bu halokatdan turli bid’at-xurofotlardan batamom uzoq, samimiy qiz Charmian Kittrejga bo‘lgan muhabbat qutqarib qoldi. Charmian Jekning orzusidagi qiz bo‘lib, adib u bilan qarta o‘ynar, qilichbozlik qilar, hatto kuch sinashib, boks tushardi. To‘ylaridan keyin ikkovlon “Snark” yelkanli kemasida xatarli dengiz sayohatiga chiqib, omad tufayligina halokatdan qutulib qolishadi.

To‘ydan avvalroq tinib-tinchimas Jek London rus-yapon urushi haqida matbuotga reportaj tayyorlash uchun Yaponiyaga jo‘nab ketadi. U Tokio barlarida vaqt sovurayotgan jurnalistlarga e’tibor bermay, matbuot uchun yopiq harbiy harakatlar hudidiga kirishga harakat qiladi. Yozuvchining urushdan yuborgan xabarlari gazetalarning birinchi sahifalarini egallaydi. O‘shanda yaponlar uddaburon muallifni vaqtincha hibsga ham oladilar.

1905 yil Jek London San-Frantsisko shimolidagi tepaliklar bilan o‘ralgan o‘rmonzorda ming akrlik yer sotib olib “Ajoyib rancho” bunyod etish niyatida cho‘chqa, ho‘kiz, sigir, otlar va 16 ming tup qishin-yozin yam-yashil bo‘lib turadigan Avstraliya daraxti — evkalipt ko‘chatini xarid qiladi. Biroq taqdirning yo‘rig‘i boshqacha bo‘ladi: Jekning bulutlar bilan o‘pishgan qal’asida yong‘in chiqib, qurilish endi bitay deganida tag-tugi bilan yonib kul bo‘ladi. Londonning o‘zi ham tobora kuchdan qola boshlaydi, sog‘lig‘i kundan-kunga yomonlashadi. Axir, yoshlik paytlari haftalab ichilgan viski o‘z ishini qilayotgan edi. Endi Jek, shoir Robert Bernsga o‘xshab, o‘zini Jon Barlikorn – Jon Arpa doni deb ataydi. Bu kundalik oddiy, zerikarli turmush tashvishlarini unutishga yordam beradigan spirtli ichimlik ramzi edi. Jek London 1913 yilda nashr etilgan “Jon Arpa doni” asarida o‘zining alkogol bilan kurashganini tasvirlagan. Bu kitob tez orada bestsellerga aylanib ketadi. Shu yili buyraklari ishdan chiqqan adib davolanish o‘rniga og‘riqni qoldiruvchi kuchli dorilarni qabul qilishga ruju qo‘yadi.

Ko‘p o‘tmay ajali yaqinlashayotganini his etgan ulug‘ adib xotini Charmianga shunday deydi: “Men nihoyatda g‘aroyib va yangi, o‘ta vahimali va ajoyib, go‘zal bir olam bo‘sag‘asida turganga o‘xshayman. Men bu olamga qarashga qo‘rqayapman”.

1916 yil 21 noyabr kechasi Jek London badanida turgan qattiq og‘riqqa chidayolmay, kuchli dozada dori iste’mol qiladi. Ertasi kuni esa olamdan o‘tadi. Adibning xoki Oy vodiysi yaqqol ko‘zga tashlanib turgan mo‘‘jazgina tepalikka qo‘yiladi.

“Ajoyib rancho” —endilikda Kaliforniya istirohat bog‘i. Ushbu bog‘da o‘sayotgan toklar uzumidan tayyorlangan ajoyib vinoning dovrug‘i butun Sonoma grafligida mashhur. Albatta, bu bog‘ hosilini ko‘rganida Jek Londonning boshi osmonga yetar va buning uchun u alohida qadah ko‘targan bo‘lardi.

Ma’suma Ahmedova tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.