OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akmal Saidov. Vilyam Shekspir va 57 nomzod

Vilyam Shekspir vafot etganidan bir qancha muddat o‘tgandan so‘ng boshlangan, “u haqiqatan ham buyuk ijod namunalarining muallifimi?” degan bahs-munozara hozirgacha davom etib kelyapti. Bu haqda qanchadan-qancha kutubxonalarga joy bo‘ladigan adabiyotlar nashr etilgan. Mazkur jumboqni hal etish maqsadida hatto maxsus jamiyatlar tashkil etilgan. Umuman, jahon adabiyoti oltin xazinasidan o‘rin olgan nodir tragediya va dramalar, betakror sonetlar, boshqa shoh asarlar muallifligi nima uchun shubha ostiga olingan?

Shekspir hayoti va ijodi xususida mana to‘rt yuz yildan ortiq turli, ko‘p hollarda bir-biriga zid fikrlar bildirilishi uning asarlari qanchalik mash-hur bo‘lsa, o‘zi haqidagi ma’lumotlar shunchalik kam saqlanib qolganligi bilan izohlanadi.

V. Shekspirning muallifligi muammosi jahon adabiyotining eng buyuk sarguzasht qissasi hisoblanishi sababli shekspirshunoslarning ushbu muammoni hal etishga huquqshunoslarni jalb etishga harakat qilayotganliklari tushunarlidir. Chunki huquqshunoslargina bunday tekshirishlarni amalga oshirishda o‘z faoliyatlarida foydalanadigan uslublar – hodisa ishtirokchilarining guvohliklari, bu ishga taalluqli turli hujjatlar, ashyoviy dalillar, ekspertlar xulosalari va hokazolarni samarali qo‘llay oladilar.

Biroq huquqshunoslarga zarur bo‘lgan V. Shekspir tarjimai holiga oid ma’lumotlar juda kam, qo‘lyozmalar va ulardagi barmoq izlari saqlanib qolmagan. Shuning uchun bu jumboqni hal etishda mashhur shekspirshunoslar A. Anikst[1] hamda amerikalik Samuel Shenbaum[2] asarlariga, shuningdek, e’lon qilingan boshqa bir qator ma’lumotlarga tayanishga to‘g‘ri keladi. Gap shundaki, V. Shekspirning birorta pesasi qo‘lyozmasi, uning o‘zi tomonidan yozilgan birorta xat saqlanib qolmagan. Buyuk ingliz dramaturgi va shoirining bir qator yuridik hujjatlar ostiga qo‘ygan imzolari ham shub-ha uyg‘otgan. Bu ayrimlar uchun V. Shekspir savodsiz bo‘lgan, shuning uchun hujjatlar ostiga uning o‘rniga notariusi imzo qo‘ygan deb da’vo qilishlari uchun asos bo‘lgan. Hatto V. Shekspir vafot etishidan bir necha kun avval bitilgan vasiyatnomadagi ismi-sharifi avvalgi hujjatlardagidan farqliroq (Willim Shackspeare - William Shakespeare) qayd etilganligi ham ko‘plab gumonlar tug‘dirgan.

Yana bir “ayb”: V. Shekspirning vafoti Stratfordda, ayniqsa bu shahar tashqarisida, deyarli sezilmagan, “umummilliy motam”ga aylanib ketmagan emish. Bunga uning vafoti to‘g‘risida, o‘sha vaqtda odat bo‘lganidek, birorta elegiya yozilmaganini isbot sifatida keltirishgan. Ammo Angliyada birinchi bosma gazeta 1621 yilda chiqa boshlagani, Londonda artistlik faoliyatini tugatib, Stratfordga qaytib kelib vafot etgan, oddiy bir odam bo‘lgan dramaturgning butun mamlakat miqyosida shov-shuvlarga sabab bo‘lishi mumkin emasligi esa negadir hisobga olinmaydi.

Qirollik teatri artisti bo‘lgan V. Shekspir shu nom ostida nashr etilgan asarlar muallifi ekanligi, ayniqsa ko‘plab savollar tug‘dirgan. Xususan, shaxsiy kundalik olib borgan artist Allin London teatrlaridagi hodisalarga doir ko‘plab voqealarni bayon qilgani holda biror marta V. Shekspir nomini tilga olmagan. V. Shekspirning kuyovi doktor Xoll ham o‘z kundaliklarida qaynotasi mashhur asarlar muallifligi xususida biror satr yozib qoldirmagan.

Ko‘pgina tadqiqotchilar V. Shekspir asarlarini tahlil etar ekanlar, bu pesalarning muallifi antik adabiyot, Rim va ingliz huquqi, jug‘rofiya, ko‘pgina chet tillarni juda yaxshi bilishi, faqat tajribali siyosiy arboblarga xos bo‘lgan davlat boshqaruvining eng murakkab masalalaridan mufassal xabardor bo‘lishi kerakligini ta’kidlaganlar, bundan teatr artisti bu va bosh-qa ko‘pgina sohalarda shu qadar bilimdon bo‘lishi mumkin emas degan xulosa chiqarganlar.

V. Shekspirni savodsizlikda ayblashgacha borib yetganlar u nufuzli oila farzandi ekanligini, shu sababli Stratforddagi grammatika maktabida har taraflama chuqur bilim olganligini nazar-pisand qilmaydilar. U bu maktabda universitetni tugallagan o‘qituvchilardan (V.Shekspirning asosiy o‘qituvchisi, san’at bo‘yicha magistr Tomas Jenkisning nomi saqlanib qolgan) lotin, hatto ko‘hna yunon tillari, notiqlik san’ati, tarix va adabiyotdan saboq olgan. Grammatika maktabi o‘quvchilari antik davr mualliflarining asarlari bilan tanishganlar, hatto ularning pesalarini sahnalashtirib, rollarni o‘zlari ijro etganlar (bu V.Shekspirning ijodida o‘z aksini topgan).

Bu shubhalarga javob buyuk dramaturg hayoti va ijodi tadqiqotchilaridan T.Bolduinning “Shekspir: bir oz lotincha, yanada kamroq yunoncha” asarida qayd etilgan: “Vilyam Shekspir o‘z davrida grammatika maktabi beradigan saboqni olgan bo‘lsa ham badiiy adabiyot mezonlari bilan o‘lchanganda zamondoshlaridan birontasidan qolishmaydigan bilimga ega bo‘lgan. Shekspirning mumtoz adabiyotdan va uning badiiy usullaridan benihoya xabardorligini qandaydir mo‘‘jizalarga yo‘yishga hojat yo‘q. Stratforddagi grammatika maktabi faqat talab qilingan bilimlarnigina bergan. Mo‘‘jizani hamma joydan, lekin faqat bu maktabdan izlamaslik kerak. Bu xuddi kurrai zaminimizdek ko‘hna hisoblanadigan daholik mo‘‘jizasidir”, degan fikrlarini keltirish kifoya.

Mazkur masalada shuni ham eslatish o‘rinliki, masalan, buyuk rus shoiri A.S.Pushkin rasmiy ravishda faqat olti yil Sarskoe selodagi litseyda ta’lim olgan, shunda ham davomatda o‘quvchilarning eng oxirgi safida bo‘lgan. Shunga qaramasdan u ham shoh asarlari bilan ma’lumu mashhur. Ammo hech kim “Yevgeniy Onegin”ni A.S.Pushkin yozganligini shubha ostiga olmagan.

Shu bilan birga emishki, V.Shekspirning Qirol saroyining tashqi nigohlardan yashirin turmush tarzini bu doiraga mansub bo‘lmasdan shu qadar aniq, hayotiy, butun ikir-chikirlari bilan tasvirlashiga ishonish qiyin. Ayni paytda adibning ko‘pchilik asarlarida tasvirlangan voqealar Italiyada ro‘y berishi, ammo Shekspir butun hayoti davomida bu zaminga biror marta qadam qo‘ymaganligi ham ro‘kach qilinib, yana mazkur asarlarning “haqiqiy muallif” kim degan savol ko‘ndalang qo‘yilgan.

Ammo “da’vogarlar” nega o‘sha davrda Angliyada turli sohalarga taalluqli “kvarto” lar (bir bosma varaqning sakkizdan bir qismi kattaligida, bir jildi atigi bir necha pens turgan kitoblar) ko‘plab nashr qilinganligini e’tiborga olishmaydi? Vilyam Shekspir yoshlik yillaridayoq bu arzon kitoblarni , xususan “Venera va Adonis”, “rim tarixiga doir “Lukretsiya”ni juda qunt bilan mutolaa qilgan.

Pesalardagi davlat arboblarining hayoti va faoliyati bilan bog‘liq masalalarga kelganda V. Shekspirning bundan yaxshi xabardor bo‘lganligiga ajablanishga hojat yo‘q. Chunki u Qirol teatrining aristi edi, saroyda ko‘rsatilgan tamoshalarda qatnashib, bu yerdagi muhitdan yaxshi xabardor bo‘lgan. Jumladan, 1603 yilda adabiy to‘garak sohibasi bo‘lgan grafinya Meri Sidni-Pembruk o‘z o‘g‘liga maktubida uni teatr ixlosmandi Qirol Yakov I ni o‘zining Uilton Xausdagi oilaviy qo‘rg‘onida ko‘rsatiladigan V.Shekspirning “Bu sizga qanday yoqadi?” pesasi tamoshasiga kelishga ko‘ndirishni so‘ragan. Maktub oxirida grafinya “We have the man Shakespeare wits us” (“Biz bilan erkak Shekspir bor”)[3]jumlasini qo‘shimcha qilgani aslida bunday shubhalarga o‘rin qoldirmasligi kerak edi.

Bunday tushunmovchiliklarning izohi oson: V. Shekspirning “Shekspir emasligi” – o‘sha davr xususiyatlarini hisobga olmaslikdan kelib chiqadigan xatodir.

Bu o‘rinda shuni ham hisobga olish kerakki, V. Shekspir o‘zining shoh asarlarini ommabop xalq teatri uchun yozgan. Teatr nomini olgan birinchi bino (taxta va faneradan vaqtincha foydalanish maqsadida olti, sakkiz burchakli shaklda yengil-elpi qurilgan) 1578 yilda Angliyaning Bishopsgeyt shahrida qurilgan. V. Shekspir aktyorlik qilgan “Globus” teatri 1599 yili barpo etilgan. O‘sha davrda teatr san’ati ikkinchi darajali hisoblangan, boshqa yengiltak, ko‘ngilochar tamoshalar qatorida ko‘rilgan. Teatr binolari truppa artistlari tomonidan ijaraga olinar, ular sahnasida pesalar namoyish qilish bilan birga, dorbozlar, masxarabozlar, ayiq, maymun o‘ynatuvchilar ham o‘z tamoshalarini ko‘rsatgan. Zodagonlar teatrlarni axloqsizlik o‘chog‘i, hatto o‘latlar tarqalishiga sabab bo‘ladigan joy deb hisoblaganlar.

Truppa artistlari Qirol saroylariga tamosha ko‘rsatish uchun taklif etilsalar ham drama yuksak san’at sifatida ko‘rilmagan. Faqat ko‘hna Rim dramaturglari Seneka, Terentsiy va Plavt hurmatda bo‘lgan. V. Shekspir davrida teatrlar uchun pesalar yozadigan dramaturglar zodagonlar doirasida mensilmagan.

Shu sababli V. Shekspir pesalarining birinchi nashrlari uning sonetlaridan so‘ng chop etilib, bu kitoblarda muallif ismi sharifi keltirilmagan. Bu, umuman, o‘sha davr uchun odatiy hisoblangan. U zamonlarda mualliflik huquqi degan tushunchaning o‘zi bo‘lmagan. Dramaturg pesasini teatrga sotganidan so‘ng asar egasi huquqidan mahrum bo‘lgan. Pesa teatr mulkiga aylanib, u sahnada necha marta ijro etilmasin, muallifga bir chaqa ham to‘lanmagan. Masalan, 1619 yilda londonlik ikki noshir V. Shekspir ba’zi pesalarini chop etishmoqchi bo‘lganlarida, Qirollik teatrlari bunga qat’iy e’tiroz bildirib, truppa mulki hisoblangan bu asarlarni ular ruxsatisiz nashr etishni taqiqlash to‘g‘risida maxsus qaror qabul qilinishiga muvaffaq bo‘lganlar.

Biroq buyuk ingliz dramaturgining suratlari, hatto qabriga o‘rnatilgan haykal ham savol ostiga olingan. Uning haykalidagi siymo ko‘rinishi u vafot etgandan so‘ng yetti yil o‘tgach, 1623 yilda chop etilgan birinchi asarlar to‘plamidagi suratga unchalik o‘xshamagan. Bu kabi noaniqliklar hatto Bayron va Dikkens kabi mashhur adiblarda ham shubha tug‘dirgan, ular “Shekspir masalasining “ siri” ochilishi kerak” degan fikr bildirganlar[4].

Birinchi bo‘lib o‘sha davr teatrlari sahnalarida qo‘yilgan mashhur pesalarning muallifi haqiqatdan ham Vilyam Shekspirmi degan savolni Jeyms Uilmot qo‘ygan. U ushbu asarlarning haqiqiy muallifi Frensis Bekon degan taxminni ilgari surgan[5]. J. Uilmotning bu shubhalari chop etilmagan. Ammo 1848 yilda AQShning Nyu-York shahrida huquqshunos bo‘lib ishlagan polkovnik Jozef Xart “Yaxtada sayr qilish to‘g‘risida roman” kitobida Dionisiy Lardnerning “Xona qomusi” asarida V. Shekspir hayoti va ijodiga taalluqli bo‘htonlarga tayangan holda go‘yo u boshqa mualliflarning pesalarini xufiyona sotib olib yoki boshqa yo‘l bilan qo‘lga kiritib, so‘ng ularga ayrim qo‘pol o‘zgartishlar kiritgani holda teatrlarda sahnalashtirish uchun o‘z nomidan taqdim etgan deb da’vo qilgan. 1856 yilda esa yana bir AQShlik Deliya Bekon “Shekspir p’esalarinig ochilgan falsafasi” kitobida V. Shekspir asarlarining haqiqiy muallifi faylasuf olim Frensis Bekon deb ochiqdan-ochiq ko‘rsatgan[6].

Bunday ko‘plab da’volar bilan chiqqanlar harakati “aksilstratfordchilar” (ya’ni, V. Shekspir stratfordlik mashhur adib ekanligi tarafdorlariga qarshilar) nomini olgan 1885 yilda Angliyada F. Bekon jamiyatiga asos solinib, u tomonidan hatto jurnal nashr etishga kirishilgan. 1892 yilda esa xuddi shunday jamiyat AQShda ham tashkil etilgan. “Aksilstratfordchilar” safida Mark Tven va Zigmund Freyd kabi o‘z zamonasining mashhur kishilari ham bo‘lgan.

“Aksilstratfordchilar” F. Bekonning komediya va tragediyalar bitganligini aniq isbotlay olmaganlaridan so‘ng V. Shekspir tomonidan yozilgan ayrim asarlarning muallifi graflar Derbi, Esseks, Oksford, Retlend, hatto qirolicha Yelizaveta bo‘lganligini da’vo qilishgan.

Umuman olganda, V. Shekspir ijodiy merosining haqiqiy mualliflari sifatida tilga olingan nomzodlarning soni 57 taga yetgan. Bunday dalillarga kelganda antiqa asoslar keltirilgan. Masalan, graf Oksfordning surati Eshborn shahridan topilgan V. Shekspir rasmiga o‘xshash. Shu sababli mashhur she’r va pesalar uning qalamiga mansub?!

V. Shekspir qator asarlarining haqiqiy muallifi Kristofer Marlo ekanligi, ayniqsa, haqiqatga yaqinroq deb hisoblangan. Chunki u o‘sha davrda ko‘pchilik e’tiboriga tushgan, “Tamerlan”, “Faust” va boshqa mashhur pesalarning muallifi bo‘lgan. V.Shekspir pesalarida K.Marlo taqdiriga ishoralar mavjudligi ham bunga asos sifatida keltirilgan. V.Shekspirning aslida Tomas Uolsingemga bag‘ishlangan sonetida bag‘ishlov “W.H.”ga deb ko‘rsatilgani (Uolsingem familiyasi haqiqatan ham ba’zan chiziqcha orqali “Walsing-Ham deb yozilgan) ham shubha tug‘dirgan. Ammo K. Marlo 1593 yil 30 mayda halok bo‘lganligi, V.Shekspir esa shu sanadan keyin ham qanchadan-qancha asarlar yozganligi negadir e’tiborga olinmagan.

D.E. Suit 1956 yilda nashr etilgan “Shekspir (sir)” kitobida “Romeo va Juletta” pesasida tilga olingan voqealar “zilzila ro‘y berganidan 11 yil o‘tdi” deb ko‘rsatilgani asosida mazkur asar V. Shekspirniki emas degan xulosa chiqargan. Muallifning da’vo qilishicha, 1580 yilda Londonda zilzila bo‘lgan, shuning uchun “Romeo va Juletta” 1591 yilda yozilgan bo‘lishi kerak. Holbuki, mazkur asar 1594 yilda bitilgan. Ammo D.E. Suit nima uchundir Italiyada ro‘y bergan hodisalar to‘g‘risida gap borgan pesa yozilgan vaqt nimaga Londonda bo‘lib o‘tgan zilzila sanasiga asoslanishi kerak degan savolga mantiqiy javob berishni ortiqcha hisoblagan.

V. Shekspirning mashhur asarlarining haqiqiy muallifi Qirolicha Yelizaveta degan g‘oyani ham ilgari surgan ham ana shu D.E. Suitdir. Uning fikrlashicha, mashhur pesalarda bayon etilgan murakkab siyosiy, huquqiy, falsafiy masalalarni qalamga olishga faqat Qirolicha Yelizavetadek har tomonlama bilimdon, dunyoqarashi keng, o‘ta iste’dodli shaxs qodir bo‘lishi mumkin ekan. Bundan tashqari D.E. Suitning ko‘rsatishicha, V. Shekspir asarlaridagi voqealar bevosita Qirolicha Yelizaveta hayoti bilan bog‘liq emish. Ya’ni u sevgan graf Leyster Qirolichani aldab yurgan, V. Shekspir asarlarining qahramonlari “Hamlet”, “Otello” va boshqalar obrazlari ham Qirolicha saroyi a’yonlari hayoti asosida yaratilgan ekan.

D.E. Suit o‘z shubhalarini asoslash uchun V. Shekspirning Qirolicha Yelizaveta vafoti munosabati bilan elegiya yozmaganligini ham keltirgan. U, umuman, Qirolicha vafot etgan 1603 yildan so‘ng mashhur ingliz dramaturgi tragediyalar o‘rniga ko‘proq romantik ruhdagi pesalar bitganini ham ro‘kach qilgan. Eng qizig‘i shundaki, bu nomzodlarning ko‘pchiligi umri davrida biror satr she’r bitganligi yoki teatr san’atiga biroz qiziqish bildirganliklari ma’lum emas.

Muallifi V. Shekspir deb ko‘rsatilgan asarlarni haqiqatan ham stratfordlik V. Shekspir yozganligining isbotlari ko‘p. Masalan V. Shekspirning vasiyatnomasida uning 1623 yilda nashr etilgan birinchi foliosi (bir bosma varaqning to‘rtdan bir kattaligida bo‘lgan kitob) nashr etilishiga bevosita aloqador do‘stlari Jon Xeming va Genri Kondel nomlari qayd etilgan. V. Sheks-pirning Stratforddagi haykalida lotin tilida bitilgan matnda u ko‘hna davrning buyuk arboblariga tenglashtirilgan, ingliz tilida yozilgan matnda esa u bevosita yozuvchi ekanligi ko‘rsatilgan.

V. Shekspir chalasavod artist bo‘lgan degan da’volarga javoban uning tarjimai holiga doir qiziq bir misolni keltirish mumkin. 1592 yilda Londonda vabo tarqalishi oqibatida teatr yopilganidan keyin ishsiz qolgan V. Sheks-pir ish topgan . U mashhur faylasuf F. Bekonning kotibi bo‘lib ishlagan. F. Bekon V. Shekspirga o‘zining esselari(“tajribalari”)ni tahlil etish hamda graf Esseks uchun nutq matnlarini yozishni ishonib topshirgan. Shunday ekan “V. Shekspir peslarini yozganmi?” deyish o‘rniga ehtimol “V. Shekspir F. Bekon esselarining muallifimi?” deyish o‘rinli bo‘lar?!

Shuni aytish kerakki V. Shekspirning taxminan to‘rt yil (1592-1596) davomida o‘z davri qonunlarining bilimdoni bo‘lgan F. Bekon bilan hamkorligi uning yuristprudentsiyaga doir bilimlarining chuqurligi sababini oydinlashtiradi.

V. Shekspir o‘z asarlarining muallifligini isbotlovchi asosiy dalil – u hayotlik paytida qator asarlari, birinchi navbatda 1593 va 1594 yillarda ikkita poemasi, pesalari, sonetlari chop etilganidir. Bu “ashyoviy dalillar” saqlanib qolgan. Britaniya kutubxonasi (avvalgi Britaniya muzeyi kutubxonasi) 2004 yilda Internetda V. Shekspir asarlarining hayotligi paytida chop etilgan 21 ta nashrning 93 ta elektron nusxasini joylashtirdi. Ular “kvarto” (bir bosma varaqning to‘rtdan biri kattaligida) arzon turuvchi nashrlar bo‘lib, ular teatr tomoshasi tugagandan so‘ng sotilgan. Bu asarlar orasida tarixiy xronikalar, “Bekordan-bekor to‘polon”, “Yoz kechasining tushi”, “Vinzoriyalik hazilkashlar”, “Venetsiya savdogari” komediyalari, “Romeo va Juletta”, “Qirol Lir”, “Hamlet” va “Otello” tragediyalari bor edi.

V. Shekspir asarlarining qo‘lyozmalari saqlanib qolmaganligi ham uning o‘z asarlari muallifi ekanligiga shubha tug‘dirmasligi kerak. Chunki uning davridagi boshqa ko‘pgina dramaturglar qo‘lyozmalari ham saqlanib qolmagan. Masalan, mashhur yozuvchi M. Bulgakov o‘zining “Janob de Moler hayoti” kitobida o‘kinch bilan “uning barcha qo‘lyozma va maktublari vaqt o‘tishi bilan sehrli tarzda yo‘qolib ketgan” deb qayd qilgan.

V.Shekspirning hayoti va ijodini jiddiy ravishda o‘rganishga kirishilgan XVIII asr boshlarida Nikolas Rou olamshumul ingliz dramaturgi ijodini jahon adabiyoti tarixida birinchi o‘ringa qo‘ygan. U V. Shekspirning barcha tarjimai hollari negizini tashkil etgan hayot yo‘li haqida keyinchalik hikoya qilib bergan, shuningdek, asarlar to‘plamini nashr etgan.

Buyuk ijodkor asarlarini har taraflama chuqur tadqiq etgan Edmund Melon, Jeyms Xoliuel-Filips, Edmund Chembers va boshqalar ham uning muallifligiga zarracha shubha qilmaganlar.

V. Shekspirning so‘z boyligi, kishini hayratga soladi. Tadqiqotchilarning hisoblab chiqishlaricha, u asarlarida 20-29 ming atrofida so‘z ishlatgan. Faylasuf F. Bekon o‘z g‘oyalarin bayon etishi uchun esa 8-10 ming so‘z kifoya qilgan. Bugungi kunda ziyoli to‘rt ming so‘z ishlatsa, oddiy odam uchun bir mingta so‘z yetarlidir. “Aksilstratfordchilar” V. Shekspir o‘zining hamma asarlarining muallifi bo‘lsa u o‘ta o‘qimishli bo‘lib chiqmaydimi, degan savolni o‘rtaga qo‘yadilar.

Ammo bu da’vo o‘rinsiz ekanligini quyidagicha isbotlash mumkin:

birinchidan, V. Shekspir o‘z p’esalariga asos qilib ko‘pgina mualliflar asarlaridan, behisob manbalardan foydalangan;

ikkinchidan, uning ham, mualliflari bo‘lgan shekspirshunoslar V. Shekspir ilk ijodiga mansub asarlari “Richard II”, “Richard III” va boshqalarga Kristofer Marloning ta’siri bo‘lgan yoki bu pesalarning yozishda ishtirok etgan K. Marloning 1592 yilda sahnalashtirilgan “Genrix VI” va 1594 yilda yozilgan “Tit Andronik” pesalari hammuallifi deb ham hisoblashadi. Bu asarlarni qaytadan ishlash uchun 1593 yilda halok bo‘lgan K. Marloning ijozati talab etilmaganligi tushunarlidir. V. Shekspirning boshqa hammualliflari ham bo‘lganligi ehtimoldan xoli emas.

Bu o‘rinda o‘ta sermahsul bo‘lgan A. Dyumani misol qilib keltirish mumkin. Uning uchun “adabiy mardikorlar” ter to‘kishgan, mohir adib esa bu xom matnlarni shunday tahlil etganki, xira satrlar “yaraqlab va jilvalanib” ketgan. Biroq hech kim A. Dyuma bu asarlarning muallifligiga shubha qilmaydi. O‘rni kelganda shuni aytish kerakki A. Dyuma ham maktabda ko‘p yil o‘qimagan (ehtimol, boshlang‘ich 2-3 yillik ta’lim olgan).

V. Shekspir o‘z asarlarini o‘zi yozganligi hatto kompyuter texnikasi yordamida tahlil qilib chiqilgan. Kompyuterli lingvistik tahlil V. Shekspirning barcha asarlari bir muallif tomonidan bitilganligini isbotladi. Bu nihoyatda muhimdir. Chunki bu V. Shekspirning barcha pesalari bir inson tomonidan tahlil etilganligini anglatadi. Bu V. Shekspirning o‘zi ekanligiga shubha qilmasa bo‘ladi;

uchinchidan, pesalar matnlarini o‘zgartirishga “Folio-1623”[7] nashrining homiylari katta hissa qo‘shganlar. Zodagonlar adabiy to‘garagining a’zolari grafinya Meri Sidni-Pembruk (ehtimol uning o‘g‘illari graf Uilyam Pembruk va graf Filipp Montgomeri), Ben Jonson va boshqalar mazkur nashrdagi matnlarni tahlil etish, ularga qo‘shimchalar kiritishda ishtirok etganliklari taxmin etiladi. Bu avval nashr etilgan pesalar matnlari “Folio-1623”ga kiritilgan xuddi shu nomdagi pesalar matnlari bilan taqqoslanganda, ularga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilganligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Ayni paytda “Folio-1623” yoki “Buyuk Folio” deb atalgan bu nashr tuzuvchilari kamtarlik bilan quyidagilarni qayd etganlar: “Biz faqat pesalarni to‘plab, marhum muallifga xizmat qildik, xolos. Shu tariqa biz uning yetimlariga homiylikni zimmamizga oldik; biz manfaatga ham, shon shuhratga ham intilayotganimiz yo‘q, balki hayot yo‘lida bizga munosib do‘st va o‘rtoq bo‘lgan Shekspir xotirasini saqlab qolish istagidamiz”. Ana shu nashrda bu jumlalardan keyin oksfordlik olim Leonard Diggz, IM taxallusli kimsa (taxmin etilishicha, dramaturg Jon Marston) shoir va mashhur dramaturg Ben Jonson va shoir Xyu Xollandning maqtov she’rlari chop etilgan. X. Xolland o‘z she’rini shunday yakunlagan:

Mayli uning hayoti o‘z muddatin tugatgandir,

Lek boqiylik – buyuk satrlar qismatidir.

Bu jumboqlar qanchalik chigal bo‘lmasin, adabiyot ixlosmandlari uchun Vilyam Shekspir nomi, bebaho ijodiy merosi buyuk qadriyat hisoblaydi. Uning shoh asarlari asrlar osha necha avlod o‘quvchilari qalbini sehrlab, larzaga solib kelmoqda. Daho adib qalamiga mansub she’riyat, tragediya va komediyalar, hikmatlar kelgusi avlodlar uchun ham yuksak san’at namunasi vazifasini o‘tayverishi shubhasizdir.

Akmal Saidov, yuridik fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 4-son.



[1] Anikst A. Shekspir. JZL. –M., 1964.

[2] Shenbaum S. Shekspir. Kratkaya dokumentalnaya biografiya. –M.: Progress, 1985.

[3] Fridman G. Ob avtorstve Uilyama Shekspira / www.proza.ru

[4] Ye.B.Chernyak. Pyat stoletiy taynoy voynы.-M.: Izd-vo «Mejdunarodnыe otnosheniya», 1985. S.90.

[5] www.lib.ru/SHAKESPEARE/shks_dictionary.txt

[6] The Philosophy of the Plays of Shakpeare Unfolded, 1857 / www.lib.ru/SHAKESPEARE/shks_dictionary.txt

[7] “Folio” – bir bosma varaqning yarmi kattaligidagi kitob. V.Shekspirning 1623 yilda nashr etilgan foliosi birinchi, deb ataladi, 1632, 1663, 1685 yillarda qayta nashr etilgan foliolar, o‘z navbatida, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi foliolar nomlarini olgan. Ammo ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi foliolar mustaqil nufuzli manbalar hisoblanmaydi. Qarang:. S.Uells. Shekspirovskaya entsiklopediya. M.: Raduga, 2002. S.145.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.