OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fathulla Ergashev. An’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligi

Chor Rossiyasining Turkistonda yigirma yildan ko‘proq vaqt (1864-1885) davomida olib borgan bosqinchilik yurishlari natijasida o‘lka xalqlari mustabidlik zulmi ostiga tushib qoldi. Lekin shunga qaramay, Turkiston xalqlarining mustamlakachilikka qarshi milliy-ozodlik harakatlari doimiy ravishda davom etdi. Mustabid boshqaruv siyosati mahalliy xalqlar milliy ruhiyatini so‘ndira olmadi, aksincha, ularning milliy ozodlik uchun intilishlarini kuchaytirdi.

XIX asrning 70-90-yillaridagi chor mustamlaka siyosatiga qarshi qo‘zg‘olonlar, 1916 yilgi O‘rta Osiyo va Qozog‘istondagi umummilliy ozodlik harakatlari hamda 1917 yildan boshlangan muxtoriyat tuzish va jamiyatni demokratik asosda qayta qurish uchun olib borilgan kurashlar shular jumlasidandir. Mazkur kurashlarda ishtirok etgan barcha ijtimoiy-siyosiy kuchlar milliy mustaqillikka erishish maqsadida amirlik, xonlik va viloyatlarga parchalab tashlangan milliy hududlarni birlashtirish asosida davlatchilikni tiklashga intildilar.

Ma’lumki, harbiy zo‘ravonlikka asoslangan chor tizimining o‘rnatilishi, birinchidan, mahalliy xalqlarning madaniy, iqtisodiy, siyosiy huquqlari tahqirlanishiga, milliy ma’naviyati toptalishiga olib keldi va mintaqaning tabiiy rivojlanishiga to‘sqinlik qildi. Ikkinchidan, bunday holat Turkiston jamiyati bilan rus mustamlaka boshqaruvi o‘rtasida jiddiy ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlarni vujudga keltirdi.

Mustamlaka boshqaruvi amaldorlari xalqning ijtimoiy-iqtisodiy talablaridan ko‘ra siyosiy maqsad va shiorlar asosida chiqishlaridan qattiq tashvishga tushgan. Shuning uchun ham o‘lka ma’muriyati mahalliy xalqni itoatda ushlab turishdan boshqa muqobil yo‘l yo‘q, degan fikrda qat’iy turgan. Shunga qaramasdan, XX asrning boshlariga kelib mustabid tuzumga nisbatan siyosiy qarshilikning kuchayishi natijasida mustamlaka ma’muriyati amaldorlari jazo tashkilotlariga e’tibor berib, o‘z katorga qamoqxonalariga ham ega bo‘lish masalasini ilgari surganlar.

Metropoliya Turkistonda o‘zining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqib, mustamlaka hududini boshqarishda quyidagilarga e’tibor qaratdi:

– xonlar va beklar davridagi davlat boshqaruv tizimini butunlay yo‘q qilish;

– o‘lkada Rossiya davlatchiligi an’analarini shakllantirish;

– Turkiston xalqlarining mustamlaka tuzumiga qarshi chiqishlarini ayovsiz ravishda harbiy yo‘l bilan bostirish;

– Turkistonning moddiy va insoniy resurslarini ekspluatatsiya qilishning arzon va samarali tizimini yaratish.

Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun mustamlaka ma’muriyati general-gubernatorlik hududida turli “favqulodda” qonunlarni qabul qilishi va joriy etishiga qaramay, Turkiston keng jamoatchiligi, avvalo, ilg‘or ziyolilar qarshilik harakatini to‘xtatmadilar. Natijada, mustamlaka boshqaruv idoralari hujjatlarida zikr qilinganidek, “gapga kirmaganligi”, “boshqaruv tartibiga qarshi chiqqanligi”, “hukumat vakillariga qo‘pollik qilganligi”, “tinchlik va tartibni buzganligi” uchun kabi ayblovlar bilan xalqning asl farzandlari turli jazolarga tortildilar.

Lekin shunga qaramay, XIX asr oxiriga kelib, qarshilik harakati kuchayib bordi. Masalan 1887-1889 yillarda Turkiston viloyatlarida rus boshqaruv tizimiga qarshi 668 marta mahalliy xalq harakatlarining ro‘y berganligi qayd etilgan. Jumladan, ulardan 429 tasi Farg‘ona viloyatida, 182 tasi Samarqand viloyatida, 57 tasi esa Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan[1] 1911 yilga kelib esa birgina Farg‘ona viloyatida 833 marotaba hukumatga bo‘ysunmaslik holatlari qayd etilgan. Yana ikki yil o‘tganidan so‘ng esa bu ko‘rsatkich 1120 taga yetgan. “Nisbatan tinch yillar”, deb hisoblangan 1911-1914 yillarda butun Turkiston bo‘ylab mustamlaka boshqaruviga qarshi ochiqdan-ochiq 1136 marta chiqishlar ro‘y bergan[2]. Bu harakatlar tahlili chor tizimining beqarorligidan va uning jamiyatda ijtimoiy poydevori yo‘qligidan dalolat bergan.

Tabiiyki, qarshi chiqish va kurashlar izsiz qolmadi. XIX asr oxiridayoq ijtimoiy-madaniy hayotni yangilash uchun millatning ziyoli qatlami, taraqqiyparvarlar maorifni isloh qilish, yangilikka qarshi turuvchi eskilik sarqitlarini chiqarib tashlash, taraqqiy etgan mamlakatlarning yutuqlarini milliy qadriyatlar va an’analar bilan uyg‘unlashtiruvchi dastur bilan chiqdilar.

Shu o‘rinda, ta’kidlash joizki, Turkistonning ijtiomiy hayotiga va madaniy tafakkuriga qo‘shni Sharq mamlakatlarida ro‘y berayotgan milliy davlatchilik masalalari bilan bog‘liq voqealar – Turkiyadagi 1908 yil inqilobi, Hindistonda ingliz mustamlakachilariga qarshi (1905-1908 yillar) harakatlar va Erondagi konstitutsiyaviy harakatlar (1905-1911) yillar kuchli ta’sir etgan. Ayni paytda, qo‘shni mamlakatlar va Rossiyadagi musulmonlar yashaydigan hududlardan Turkistonga turli nashrlar – Boxchasaroydan “Tarjimon”, Qozondan “Vaqt” va “Yulduz”, Astraxandan “Idil”, Bokudan “Xo‘ja Nasriddin”, “Taraqqiy”, Orenburgdan “Sho‘ro” kabi gazeta va jurnallar muntazam ravishda kelib turgan. Mazkur nashrlarda chop etilgan maqolalarda musulmon dunyosidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy vaziyatga doir ma’lumotlardan tashqari, bir vaqtlar qudratli bo‘lgan Sharq davlatlari tarixi, Sharq mamlakatlarining g‘arb davlatlari tomonidan mustamlaka qilinishi kabi masalalar ham tahlil qilingan. Shuningdek, milliy ta’limni isloh qilish, Rossiyaning barcha musulmon maktablarida ta’limni yagona adabiy tilga o‘tkazish, ona tilining obro‘sini ko‘tarish, milliy ma’naviy qadriyatlarni saqlash va boyitishga doir da’vatlar berib borilgan.

Albatta, bu hodisalarning barchasi Turkistonda jadidchilik harakatining yuzaga kelishi va rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan edi. Jadidlar nafaqat maorifni isloh qilish, balki shu tariqa millatni ma’rifatli millatlar qatoriga qo‘shish, mustamlakachilikka qarshi milliy-ozodlik harakatini yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarishga intilganlar. Ular ma’rifatli jamiyat shakllantirilganda mustaqillikka erishish ancha yengil kechishini chuqur anglab yetganlar. Shuning uchun ham jadid ma’rifatparvarlari rahbarligida Toshkentda “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Osiyo”, “Xurshid”, “Sadoi Turkiston”, Samarqandda “Samarqand”, Buxoroda “Turon”, “Buxoroi Sharif”, Qo‘qonda “Sadoi Farg‘ona” kabi o‘nlab gazeta va jurnallar nashr etilgan. Bu nashrlarda millat ongini uyg‘otadigan, ijtimoiy fikrni jonlantiradigan, jahon ilm-fan yutuqlarini targ‘ib etadigan ko‘plab maqolalar muntazam chop etib borildi.

Turkistondagi jadid matbuoti faqat dunyoda ro‘y berayotgan voqealar haqidagina ma’lumot berib qolmay, balki ularga o‘z munosabatlarini ham bildirib borgan. Ta’kidlash kerakki, ma’rifatparvarlar o‘z maqolalarida Rossiyadagi 1905-1907 yillar voqealari, Rossiya dumasi va undagi Turkiston vakillari faoliyati, mahalliy jamiyat hayotidagi eski odatlar, yosh avlod tarbiyasi va boshqa ko‘plab masalalarga o‘quvchi diqqat-e’tiborini qaratganlar. Umuman, tarixiy-davlatchilik, milliy o‘zlikni anglash, ta’lim-tarbiya, til masalala- riga doir maqolalar Turkiston matbuotining asosiy mavzulariga aylandi. Bu mavzularda Behbudiy, Fitrat, Hoji Muin, Ahmad Zaki Validiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, N.Rajabzoda va boshqalarning qator qiziqarli maqolalari e’lon qilingan. Jumladan, N.Rajabzodaning “Ibtidoiy maktablarimizning tartibsizligi yoxud taraqqiyotining yo‘li”, Behbudiyning “O‘quvchilarga yordam kerak”, “Turkiston tarixi kerak”, “Tarix va jo‘g‘rofiya”, “Muhtaram yoshlarga murojaat”, A.Azimiyning “Ta’lim va tarbiya”, Fitratning “Buxoro hukumatining islohkorona qadamlari”, Hoji Muinning “Milliy tarix haqinda”, M.Shermuhammedovning “Ahvoli zorimiz”, P.Shamsiyning “Ulum va maorif” kabi maqolalarida maorifni isloh qilish, mahalliy yoshlardan shifokor, muhandis, huquqshunos, tadbirkor, moliya-bank mutaxassislarini tayyorlash masalasi ko‘tariladi. Shuningdek, maqolalarda millat farzandlari zamonaviy bilim olishlari uchun, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlaydigan alohida jamg‘armalar tuzish orqali yoshlarni xorijiy mamlakatlarga ta’lim olishga jo‘natish masalalari ham ko‘tarilgan.

Yuqorida ta’kidlanganidek, taraqqiyparvarlar ona tilida yozilgan milliy tarixni o‘rganish va o‘qitishning dolzarbligiga alohida e’tibor qaratganlar. Maqolalarda “Biz kimmiz, kimning farzandlarimiz?”, “Ko‘hna Turonda qanday davlatlar bo‘lgan?”, “Ularning tillari, urf-odatlari haqida qanday ma’lumotlar bor?” kabi savollar berilib, “bu savollarga javob olmoq uchun tarixni bilmoq zarur” degan fikr ilgari surilgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning ta’kidlashicha, Turkiston tarixi turkiy, forsiy va arabiy tillarda yozilgan qadimiy kitoblarda mavjud. Mazkur kitoblarni ruslar va yevropaliklar allaqachon o‘qib o‘rganganlar va o‘rganmoqdalar. Lekin turkistonliklarga bu kitoblarni o‘qib o‘rganish ancha mushkul bo‘lgan. Buning asosiy sababi kitoblarning turli xorijiy tillarda yozilganligi edi. Shuning uchun mutafakkir ona tilida yozilgan yaxlit Turkiston tarixini yaratmoq lozim, degan fikrni o‘rtaga tashlaydi. U “Tarix va jo‘g‘rofiya” nomli maqolasida ushbu fanlarni o‘rganishning ahamiyati haqida so‘z yuritib, inson dunyoga kelgandan keyin ongli, diyonatli, «komil va odil bo‘lmog‘i uchun tarixni o‘qishi va bilishi kerak. Podshoh, vazir, hukumat odamlari va siyosiy kishilar uchun tarix o‘qimoq kerak... Din va dunyodan boxabar bo‘lmoqni xohlaydurgan har kim uchun tarix o‘qimoq kerak. Chunki har nimarsa va ishning asli va fasli tarixdan bilinur. Katta kishi bo‘lmoq uchun tarix bilmoq lozimdur, deydi.

Shu bilan birga, jadidlar davlat boshqaruvi masalalariga ham e’tibor qaratganlar. B. Qosimov “Milliy uyg‘onish” kitobida bu haqda shunday deb yozadi: “Behbudiy zamonasidagi mavjud idora usullari haqida fikr yuritib, ularni uchga bo‘ladi: 1) Idorai mustaqalla (idorai mutlaqa – monarxiya); 2) Idorai mashruta (konstitutsiyaviy parlamentli hokimiyat); 3) Idorai jumhuriyat (respublika). Lekin millat ozod bo‘lib, o‘zining mustaqil davlatini o‘rnatmaguncha, ijtimoiy adolatni tiklab bo‘lmaydi. Bu Behbudiy kelgan birinchi xulosa edi... Uning “Duma va Turkiston musulmonlari” maqolasida esa chor mustamlakachilik siyosati, xususan, o‘lkadan yetmish ming rusdan olti deputat bo‘lgani holda yetti million musulmonga besh o‘rin ajratilgani oshkora tanqid qilinadi... Umuman jadidlar kelajak haqida fikr yuritar ekanlar, istiqlolga erishish borasida bir-biridan farq qiluvchi uch yo‘ldan bordilar:

– Rusiyaga tobelikdan zo‘rlik yo‘li bilan qutulish, istiqlolni kuch bilan olish;

– murosa yo‘li. Ruslar yordamida ma’rifatga erishish. Ma’rifat masalalarida haq-huquq olish, milliy xususiyatlarni tiklash;

– hamkorlik yo‘li. Chor ma’murlari, so‘ng esa Sho‘ro hukumati bilan birga ularning programmalarida qatnashish va imkon bo‘lishi bilan mustaqillikni qo‘lga olish”.

Ko‘rinib turibdiki, ma’rifatparvarlar o‘z maqolalarida ta’lim, davlat boshqaruvi, ijtimoiy-siyosiy sohaga doir dolzarb masalalarni ilgari surganlar hamda bu yo‘lda taraqqiyparvar kuchlarni birlashtirishga intilganlar. Ana shu harakat va tashabbus natijasida “Turon”, “Tarbiyayi atfol”, “Umid”, “Padarkush”, “Nashri-Maorif”, “Barakat”, “G‘ayrat”, “Taraqqiyparvar” kabi ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar tashkil etilgan. Bu muassasalarning faoliyati asosan Turkiston xalqining siyosiy ongini oshirishga, ularni faollashtirishga va mustamlakachilikka qarshi kayfiyatini kuchaytirishga qaratilgan.

1917 yilning ko‘klamiga kelib Turkistonda milliy-demokratik kuchlarning faolligi va siyosiy safarbarlik darajasining oshishi o‘zining yuqori cho‘qqisiga yetdi. Chunki aynan shu vaqtda ular demokratik Rossiya tarkibida keng suverenitet asosida o‘z mustaqil milliy davlatchiligini milliy-hududiy muxtoriyatni tashkil etish dasturi bilan chiqdilar. Buning uchun esa ular musulmon aholining birligini mustahkamlash zarurligini chuqur his qildilar va shu maqsadda qator tashkiliy ishlarni amalga oshirdilar. Jumladan, 1917 yilning 14 martida Toshkent shahrida xalq vakillarining majlisi chaqirildi va unda “Sho‘roi Islom” tashkiloti tuzildi. Mazkur tashkilotning tashabbusi bilan 1917 yil 16-23 aprel kunlari Toshkentda musulmonlarning butun Turkiston qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkistonga muxtoriyat berilishi masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmay, liberal qarashdagi ziyolilar va keskin qarashdagi musulmon ruhoniylari (“qadimchilar”) o‘rtasida jamiyatda demokratik islohotlar o‘tkazish masalasida ixtiloflar paydo bo‘lishi natijasida bir guruh dindor ziyolilar 1917 yilning iyun oyida “Sho‘roi Islom”dan ajralib chiqib “Sho‘roi Ulamo” jamiyatini tuzdilar.

Turkiston o‘lkasida yakka hukmronlikka da’vogarlik qilayotgan Turkiston ishchi-soldat deputatlari kengashi hamda Muvaqqat hukumatning Turk qo‘mitasi o‘rtasidagi navbatdagi siyosiy tanazzul va ziddiyatli holat vujudga kelgan bir paytda, ya’ni 1917 yilning 10 sentyabrida Toshkentda II o‘lka musulmonlari qurultoyi chaqirildi. Unda Turkiston taraqqiyparvar kuchlarining milliy-liberal harakati vakillari – jadidlar hamda diniy ulamolarning “Sho‘roi Ulamo” tashkiloti vakillari yagona kuch sifatida faoliyat yuritish vaqti kelganini alohida ta’kidladilar.

Shu tariqa, ulamolar o‘zlarining konservativ qarashlaridan voz kechib g‘olib chiqqan fevral inqilobi e’lon qilgan ozodlik va erkinlik, millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkoniyatidan foydalanishga tayyor ekanliklarini bildirganlar. Boshqacha aytganda, vujudga kelgan vaziyatda qarashlari turlicha bo‘lgan bu ikki kuchni mustabid tuzumga nisbatan chuqur nafrat tuyg‘usi hamda milliy madaniyatning poydevori sanalmish ma’naviy qadriyatlar birlashtirgan. Qurultoyda qabul qilingan dasturiy hujjatlarda quyidagilarni shakllantirish maqsad qilib qo‘yildi:

– tuziladigan milliy davlat “Turkiston federativ respublikasi” deb nomlanib, undagi qonun chiqaruvchi hokimiyat Turkiston o‘lkasida yashovchi barcha xalqlarning vakillari kirgan va umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish orqali saylanadigan parlamentdan iborat bo‘lishi belgilandi;

– Turkiston parlamentining qonunchilik faoliyati Rossiya demokratik respublikasining asosiy qonunlari bilan muvofiqlashtirilishi va ayni vaqtda, musulmon huquqi talablariga ham mos bo‘lishi ta’kidlandi;

– Shayxul islom boshchiligida Senat yoki Qonunchilik palatasiga o‘xshash “Mahkamai-shar’iya”ni tashkil etish, uning zimmasiga faqat musulmon aholi uchun shariat qonunlari va talablarini izohlab, ularni nashr etish, shuningdek, barcha sud qarorlarining to‘g‘ri bajarilishi, hukumat tashkilotlari va mas’ullari ustidan nazoratni amalga oshirish kabi vazifalarni yuklanishi mo‘ljallangan. Ayni paytda, bu tashkilot Turkiston federatsiyasining Oliy sudi ekani ta’kidlandi;

– ijroiya hokimiyat Turkiston parlamenti tomonidan saylanishi va respublika hukumati tarafidan tasdiqlanishi hamda o‘zining barcha ishlari bo‘yicha mahalliy parlamentga hisobot berib borishi lozim bo‘lgan Sekretariatga topshirilishi qayd etildi;

– “Sho‘roi Islom” Turkiston federatsiyasi Senatiga, Muvaqqat hukumat Turkqo‘mitasining maslahat tashkilotlariga kirishi alohida ta’kidlandi; Bolsheviklarning hokimiyatni to‘laligicha Sovetlarga berilishi haqidagi talabini qurultoy qattiq qoraladi va hokimiyat koalitsion, ya’ni umumxalq hokimiyati bo‘lishi kerakligiga e’tirofni qaratdi;

– jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan barcha musulmon tashkilotlarini birlashtirish orqali Turkiston musulmonlarining “Ittifaq ul-muslimin” siyosiy partiyasini tashkil etish haqida taklif kiritildi;

– Turkiston federatsiyasi o‘z pulini muomalaga chiqarish huquqiga ega ekanligi ta’kidlandi hamda ichki tartibni saqlash uchun o‘z militsiyasiga ega bo‘lishi va davlat chegaralarini qo‘riqlash uchun qo‘shin saqlashi lozimligi ham belgilab qo‘yildi.

Shunday qilib, 1917 yilda milliy taraqqiyparvar kuchlar boshqaruvda musulmon huquqlariga amal qiluvchi, ikki palata asosida faoliyat yuritadigan parlament respublikasi tuzishni taklif qildi va uning amaliyoti uchun kurashdi. Boshqaruvning mazkur muqobil dasturi inqiloblarsiz, fuqarolar urushisiz va asta-sekinlik bilan o‘zgarishlarga erishish yo‘li edi. Ammo, baxtga qarshi, o‘sha davrda bu dastur amalga oshmay qoldi. Hokimiyatni terror, aldov va turli nayranglar vositasida bolsheviklar egallab oldi.

Qo‘lga kiritilgan mustaqillik sirtdan qaraganda bir-biriga qarama-qarshidek tuyulgan, aslida esa mohiyatan bir bo‘lgan chor va sho‘ro boshqaruv tizimlarining o‘rnatilishi bilan bog‘liq jarayonlarning o‘xshashligini ilmiy jihatdan anglash, ularning maqsad va vazifalarining o‘zaro bog‘liqligi hamda amalga oshirish usullari va yo‘nalishlarining bir ekanligi haqida aniq xulosalarga kelishga imkon beradi. Ya’ni:

– Turkistonda chorizm boshqaruvining harbiy-ma’muriy tizimi qanday o‘rnatilgan bo‘lsa, bolsheviklarning “proletar diktaturasi” shaklidagi boshqaruv tizimi ham xuddi shunday tashkil qilingan;

– har ikki boshqaruv tizimida ham Turkiston Rossiya davlatchiligining “ajralmas va tarkibiy qismi” sifatida qaralgan;

– davlat qurilishining bu tamoyili sho‘ro tuzumi davrida balandparvoz “qonun” va shiorlar bilan niqoblangan;

– oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Turkistonda hokimiyat aholining g‘arbdan kelgan qismiga mansub qurollangan ishchi va askarlari qo‘liga o‘tgan. Shu tariqa milliy-hududiy emas, balki ma’muriy-hududiy chegaralangan Turkiston muxtoriyati vujudga kelgan;

– 1920 yilda Turkiston xalqlarini mustaqillik va erkinlikdan to‘liq mahrum qilinishini tasdiqlovchi TASSR Konstituttsiyasi qabul qilingan;

– Rossiya Federatsiyasi muxtor respublikalarni “yagona va bo‘linmas Rossiya”ning ma’muriy qismlari darajasigacha tushirishi, sho‘ro davlatchiligining totalitar xususiyatini belgiladi.

Ko‘ramizki, sho‘rolar davrida Turkistonga bo‘lgan munosabatning mohiyati o‘zgarmadi, faqat uning g‘oyaviy va siyosiy niqobi o‘zgardi, xolos.

Bugungi mustaqil O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish, bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tishga doir islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayonlarida XX asr birinchi choragida yashagan taraqqiyparvarlarning milliy davlatchilikka doir g‘oyalari O‘zbekistonning o‘ziga xos milliy xususiyatlari sifatida namoyon bo‘lmoqda. Prezident I.Karimov ta’kidlaganidek, «Bugun yangi O‘zbek davlatini barpo etar ekanmiz, biz tarixdan, ajdodlar merosidan, ularning ruhi pokidan, Turkiston xalqlarining qadriyatlaridan, ma’naviy merosidan, ... bahramand bo‘lishimiz tabiiydir»[3].

Istiqlol tufayli yuz berayotgan o‘zgarishlar, mustaqil milliy siyosatni amalga oshirilishi, yurtimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining joriy etilishi, partiyalarning demokratik qadriyatlar asosida faoliyat yuritishi, 2009 yil dekabrda mamlakat parlamenti va mahalliy vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylovlarda ularning bu muhim siyosiy jarayonda yetakchi institutga aylanishi Turkiston ma’rifatparvarlari bir umr orzu qilgan siyosiy qadriyatlar edi.

Xullas, ma’rifatparvarlarning ilg‘or fikrlari, dasturlarida ifodalangan qarashlari bugungi kunda mamlakat taraqqiyot kontseptsiyasi – ozod va obod Vatan, farovon hayot, erkin demokratik jamiyat barpo etishda o‘z ifodasini topmoqda. Jamiyatimizda turli qatlam, millat va din vakillari o‘rtasida uyg‘unlikni ta’minlaydigan mexanizmning shakllanishi esa siyosiy hayotda ko‘ppartiyaviylik tamoyilini yanada mustahkamlamoqda.

Ma’rifatparvarlarning milliy qadriyat, an’analar, milliy o‘zlikni anglash borasidagi ilg‘or fikrlari partiyalar dasturidagi millatning ma’naviy birligi, milliy qadriyatlar, ilmiy-texnikaviy taraqqiyot va integratsiya, zamon kishisi kabi harakat yo‘nalishlarida mujassamlashgan.

Shuningdek, ma’rifatparvarlarning jamiyatda mulkdorlar qatlamining imkoniyat va salohiyatlaridan oqilona foydalanib, ularni millatning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy taraqqiyotiga jalb qilish borasidagi ilg‘or fikrlari ham partiyalar dasturida o‘z aksini topgan. Bular tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan dasturlar tuzish, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kabilardir.

Tarixiy haqiqatni qaror toptirish, ijtimoiy adolat, millatga munosabat, ma’rifatparlarining asosiy g‘oyalaridan biri edi. Bugungi kunda partiyalar jamiyatda tenglik, birdamlik va ijtimoiy adolat kabi demokratik tamoyillarining ustuvor bo‘lishiga harakat qilmoqdalar. Chunki bular o‘z mazmun-mohiyati bilan milliy taraqqiyotimiz va milliy g‘oyamiz maqsad va manfaatlariga hamohangdir. Bunday g‘oyalar bugungi jamiyatimiz barqarorligi va taraqqiyotiga xizmat qilayotgan milliy g‘oyaning ajralmas qismi sifatida yoki ko‘plab demokratik institutlar, jamoat birlashmalarining maslagi sifatida ham ko‘zga tashlanmoqda hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Shunday qilib jamiyatda ijtimoiy adolat o‘rnatish, inson huquqlari va erkini ta’minlash, ma’naviyat va ma’rifat qaror topgan jamiyatni yaratishdek maqsad ma’rifatparvar ajdodlarimizning qarashlari bilan hamohangdir.

Bularning hammasi milliy taraqqiyparvar kuchlarning ozodlik, mustaqillik uchun olib borgan sa’y-harakatlari izsiz ketmaganidan, hozirgi kunda ular xalqimiz uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganidan mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotiga xizmat qilayotganidan dalolat beradi. Shu bois buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy-ma’rifiy hamda ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, ularni bugungi ilg‘or tajribalar bilan uyg‘unlashtirgan holda amalda tatbiq va targ‘ib etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Fathulla Ergashev, tarix fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 4-son.



[1] Galuzo P.G. Turkestan-koloniya. Moskva,1929. S. 66.

[2] Tursunov X.T. Vosstanie 1916 g. V Sredney Azii i Kazaxstane. Tashkent, 1962. S.143.

[3] Karimov I.A. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. T.: «O‘zbekiston» - 1996,37-b.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.