OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Namozov. Gi de Mopassan. Ijod va savdoyilik oralig‘ida

http://ziyouz.uz/images/gidemopassan.jpg

U olti yil mobaynida yozish san’atini o‘rgangan, biroq yozganlarini yirtib tashlayvergan...

Gi de Mopassan (to‘liq ism-sharifi — Anri-Rene-Alber-Gi de Mopassan) frantsuz yozuvchisi, mashhur romanlar muallifi. U durdona asarlari bilan jahon adabiyotida o‘ziga xos iz qoldirgan. O‘n bir yillik ijodi davomida 6 ta roman, 18 ta to‘plamga kiritilgan 300 ga yaqin novella yozgan. Bundan tashqari, Mopassan hikoyalar, pesalar, she’rlar, ocherklar va maqolalar borasida ham samarali mehnat qilgan.

Yaxshi va yomon xulqlar

Gi de Mopassan 1850 yilning 5 avgustida Frantsiyaning Depp shahriga yaqin Miromenil qo‘rg‘onida tavallud topgan. Otasi — Gustav de Mopassan Normandiyada o‘rnashib qolgan lotaring dvoryanlarining qashshoqlashgan qavmidan edi. U uchiga chiqqan xotinboz bo‘lib, keyinchalik oilasini tark etdi, bolalarini eslamadi ham.

Gining onasi Laura Le Puatven esa ziyoli, boshqalardan ajralib turadigan ayol edi. Laura xonim eski va yangi tillarni bilar, she’riyatni sevar, zamonasining iste’dodli kishilari bilan do‘stona munosabatda bo‘lardi. U o‘g‘lining birinchi ma’naviy ustozi hamda o‘limiga qadar doimiy maslahatchisi, shuningdek, adabiy tanqidchisi ham edi.

Bo‘lajak yozuvchi Ko o‘lkasida, yomg‘ir yuvgan sohil bo‘yida, koshuan baliqchilari va fermerlari muhitida tarbiyalandi. U ana shu kishilar tilida gaplashdi, ularning hikoyalarini tinglab, yaxshi-yomon xulqlarini o‘zlashtirdi.

Mopassan bolaligidan sog‘lom bo‘lib o‘sdi. Buni alohida e’tirof etishimizdan maqsad — onasi butun umr asab tizimi kasalligidan aziyat chekar, ukasi esa keyinchalik ruhiy bemorlar shifoxonasida vafot etgandi. Baxtga qarshi, Laura Le Puatven farzandlariga nafaqat mehr-muhabbat, balki xavfli xastalikni ham bergan edi.

Gi de Mopassanning tarbiyasiga qadrdon yurti – Normandiya an’analari ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu go‘sha mamlakat shimoli-g‘arbidagi eski frantsuz viloyati bo‘lib, havosi musaffo edi. Normandlarning hayoti dengiz va zaminga, tabiatning marhamati yoki qahri qattiqligiga bog‘liq bo‘lgan. Mopassan baliqchilar va dehqonlarning bolalari bilan birga o‘sdi. U go‘dakligidan normandlarning bir falsafasini o‘ziga singdirib oldi: hayot qanday bo‘lsa, shu tarzda qabul qilmoq kerak, tabiatning qahri qattiq va adovatli. Realist bo‘lish, ishonuvchan bo‘lmaslik darkor!

Gustav Flober maktubi

Bola jasur, sayohatlarga orzumand bo‘lib ham o‘sdi. U qayiqda uzoq vaqt sayr qilishni yoqtirardi. O‘n uch yoshida Gini diniy seminariyaga berdilar, biroq tez orada bu dargohdan haydaldi. Mopassan Ruan litseyida tahsil ola boshladi. Bu ilmgohda o‘qish chog‘ida o‘zining qobiliyatli o‘quvchi ekanligini ko‘rsatdi, nazm va teatr san’atiga qiziqishini namoyon etdi. U shoir va Ruan kutubxonasi nazoratchisi Lui Buye bilan do‘stlashdi. Shuningdek, haqiqiy ustoziga aylangan Floberning yo‘l-yo‘riqlarini oldi.

Mopassanning onasi va tog‘asi azaldan Gustav Floberning do‘sti edilar. Uning uyiga Edmon Gonkur, Alfons Dode, Emil Zolya Ippolit Ten ham tashrif buyurishar, bo‘lajak yozuvchi ular bilan shu tariqa tanishgandi.

1869 yili tahsilni tamomlagan Mopassan onasi va Floberning maslahatiga ko‘ra, huquq sohasini o‘rganish uchun Parijga otlandi. Ammo urush barcha rejalarni chippakka chiqardi.

Oddiy jangchi bo‘lgan Mopassan mutolaa orqali bilimini oshirishga intildi, tabiiy fanlar va astronomiyaga murojaat qildi. Nasldan-naslga o‘tadigan kasallik xavf solmasligi uchun esa kuchli jismoniy mashqlarni bajarib, tanasini chiniqtirdi.

Ularning oilasi kasodga uchrashi Mopassanni dengiz vazirligiga ishga kirish va o‘n yilga yaqin vaqt amaldor bo‘lib qolishga majbur qildi. Mopassan adabiyotga intildi.

1873 yil fevralida Flober Gining onasiga xat yozdi: “Nazarimda, bu yigitchamiz bekorchilikdan tentirab yurishni yaxshi ko‘radi va o‘tirib ishlashga uncha moyil emas. Men uning uzun asar yoza boshlashini istardim, yaroqsiz bo‘lsayam mayli... Bu dunyoda eng muhimi oliy doiralarda ruhan parvoz qilishingdir”.

Gustav Flober bilan yanada zich munosabat o‘rnatgan Mopassan ijodga berildi va olti yil mobaynida yozish san’atini o‘rgangan. Biroq yozganlarini yirtib tashlayverdi. Toki Flober uning asarlarini yetuk va uslubiy jihatdan raso hisoblamaguncha hech qaerda chop ettirmadi.

Umuman, Mopassan ijodga qadam qo‘yganida qarshisida uch bo‘g‘inga mansub adabiy meros — Stendal, Balzak va Flober tanqidiy realizmi, V.Gyugo, J.Sand, A.de Myusse romantizmi hamda E.Zolya va aka-uka Gonkurlar peshqadam bo‘lgan naturalizm turardi.

Mopassanning birinchi hikoyasi 1880 yili olam yuzini ko‘rdi. “Les soriees dt Medan”to‘plamida Zolya, Aleksis, Ennik va Gyuisman asarlari bilan birgalikda nashr qilindi. Boshlovchi yozuvchi yengil istehzosi, lo‘nda ifodalari, fe’l-atvorni mohirona ochib berish salohiyati bilan adabiy to‘garaklarni hayratga sola boshladi.

Shundan so‘ng Mopassan “She’rlar”ini chop ettirib, nazmdagi mahoratini ham namoyon etdi. To‘plam ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. She’rlaridagi dramaturgiya janriga yaqin salohiyat e’tirof etilib, muallif ancha-muncha tilga tushdi. Shundan so‘ng Mopassan amaldorlik ishini tashlab,  “Golua” gazetasida faoliyat ko‘rsata boshladi.

O‘sha yili Flober hayotdan ko‘z yumdi. Natijada Mopassanning yozuvchi va rassomlar bilan munosabati uzildi va Emil Zolya, Sezann, Mone, Mane kabi ijodkorlar bilan kam ko‘rishadigan bo‘ldi. Bu muhitning o‘zgarishi uning hayot tarziga ham ta’sir ko‘rsatdi. mopassan Monsodagi 10-xonadonga joylashdi.

Yangi novellachilik

Dastlab Mopassan Zolyani mashhur qilgan yo‘ldan ketgan bo‘lsa-da, voqelikni tasvirlashda maishiy tafsilotlar, ikir-chikirlar bilan cheklanib, umumlashmalardan qochadigan naturalizm maktabini uncha xushlamas, bunday ruhdagi asarlarni tor va bir tomonlama hisoblardi. “Per va Jan” romani so‘zboshisida u realizmdagi aqidaparastlikni muhokama qiladi, o‘z qarashlarini mohirona ifodalab, haqiqatga yo‘g‘rilgan sub’ektiv dunyoqarashini o‘quvchiga aniq va ravshan ochib beradi.

Mopassan fikricha, ijod degani faqat badiiy asarlarda tasvirlangan voqealar zanjiri bilan jalb etmasligi kerak. U kundalik hayotni namoyon etuvchi asosiy yo‘nalishni mohirona ochib berishdan ham iboratdir.

Yuqorida aytganimizdek, o‘n bir yil mobaynida Mopassan mazmun-mohiyati nomida jo bo‘lgan talay qissalar yozdi. Shuningdek, “Hayot” (1883), “Azizim” (1885), “Mont-Oriol” (1887), “Per Va Jan” (1888), “O‘lim kabi kuchli” (1889), “Bizning qalbimiz” (1890) romanlarini e’lon qildi. “Quyosh ostida” (1884), “Suvda” (1888) va “Ko‘chmanchi hayot” (1890) asarlari esa muallifning sayohati davomida boshdan kechirib o‘y-xayollar mahsuli edi.

Mazkur asarlar Mopassanning frantsuz yangi novellachiligi yuqori pog‘onalaridan joy olishiga zamin yaratdi. Mamlakatning ko‘zga ko‘ringan tanqidchilari Mopassan ijodi borasida yakdil fikrga ega edilar. Emil Zolya e’tiroficha, u hissiyotlarni noziklik ila jo‘sh urdirdi, muloyim mutoyiba va quvlik bilmas surur vositasida omma e’tibori va hurmatini qozondi. Jorj Lemetr Mopassanni klassik yozuvchi deb atadi.

Gi de Mopassan rus adabiyotiga Turgenev tufayli kirib keldi. U Mopassanni Flober orqali bilib oldi va bevosita graf Lev Tolstoy izdoshi sifatida ta’rifladi. Tolstoyning o‘zi ham Mopassan ijodiga bir qadar xayrixoh munosabatda bo‘lgan. Hatto XIII tomda butun boshli maqolani Mopassan kitoblariga bag‘ishlagan. Tolstoy fikricha, “Hayot mazmunini ayol va muhabbatda... deb, buni bor dahshati bilan yaqqol ko‘rsatuvchi, umrning yuksak baxt-saodatini samimiy tarzda ana shu “dahshat”da deb hisoblovchi boshqa yozuvchi bo‘lishi dargumon”.

Gi de Mopassan asarlari o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan. “Azizim” romani Ibrohim G‘afurov, “Hayot” Erkin Nosirov, “Do‘ndiq”, “Asirlar”, “Madmuazel Fifi”, “Darbadar”, “Oqsoch qiz sarguzashti”, “Alvasti” va boshqa novellalari Zumrad Orifjonova tomonidan o‘zbekchaga o‘girilib, chop etilgan.

Kulfatlarni daf qilib bo‘lmaydi

Mopassan ijodida jonajon vatani Normandiya manzarasi — dengiz va shahar tasviri, mayda dehqonlar va xizmatkorlar muhim o‘rin egallaydi. Biroq yozuvchi faqat Normandiyani aks ettirmagan. Uning mashhur asarlaridan biri — “Azizim”da voqealar Parijda ro‘y beradi. Mopassan bu romanida Parij jamiyatining turli qatlami, asosan, yuqori tabaqa va yirik ishbilarmonlar haqida so‘z yuritadi. “O‘limdek kuchli” romani haqida ham shunday deyish mumkin. Mayda va katta burjuaziya vakillari esa uning “Meros”. “Marjon”, “Ikki do‘st” novellalarida aks etgan. Alxusus, Mopassan qahramonlari oddiy oila a’zolari, yengil kun kechiruvchilar, o‘z manfaati yo‘lida hech nimadan qaytmaydigan kishilardir.

Mopassanning fikricha, hayotdagi kulfatlarni daf qilib bo‘lmaydi. Aynan shu bois, yozuvchi tushkun va hammadan kulaveradigan mazaxchiga aylanadi.

Baxt ortidan abadiy va behuda yuguradigan odamlarning zaif, kambag‘al va ahmoqligini kuzatgan Mopassan inson ong-shuuriga chuqurroq kirmoqchi bo‘ldi. U odamlardan uzoqlashib, shaxsiy hayotini sirlilik bilan qurshab oldi.

Bolaligida ro‘y bergan ikki hodisa Mopassanning keyingi hayotiga qattiq ta’sir ko‘rsatgan. Birinchisi – 11 yoshda bo‘lganida ota-onasining ajralishi edi.U irodali va sarbast onasining qo‘lida qoldi. Gi volidasini judayam yaxshi ko‘rar, otasidan nafratlanardi. Bunday nafratni umrining oxirigacha saqladi va bo‘ydoqligicha qoldi. Ikkinchi hodisa esa – Mopassanning zaxm bilan kasallangani aniqlangani edi. Mazkur kasallik ota-onasidan o‘tgan bo‘lishi ehtimoli ham bor. Mopassan aytishicha, keyinroq uni bu qo‘rqinchli xastalikdan davolashgan, biroq o‘limi sababi zaxm edi.

Mopassan asarlari nafaqat Frantsiyada, balki boshqa davlatlarda ulkan muvaffaqiyat qozondi. U yozganlari darhol tarjima qilinadigan farang adiblaridan biriga aylandi. Shon-shuhrati tufayli Mopassanning daromadi yiliga 60 ming frankni tashkil etdi. Bu esa onasi va kasalmand ukasini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlardi.

1883 yili Mopassan Etret va Kannda o‘z uyiga ega edi. Umri nihoyasida uning to‘rtta villasi va ikkita yaxtasi bo‘lgan. Mopassan qayiqqa o‘tirib, kuniga 50 mil ham suzishi mumkin edi.

Mopassan nafaqat mohir yozuvchi, balki mislsiz... oshiq ham bo‘lgan. U chorak asar davomida mingdan ortiq ayol bilan tanishib, ishqiy sarguzashtlar og‘ushida yurdi. Yozuvchi tanishgan ayollarning aksariyati erli, uyli-joyli edi. Aytishlaricha, Mopassan adabiy asarlaridan ko‘ra, ana shunday kechinmalari bilan faxrlangan. U qaerda maftunkor ayolni ko‘rsa, tanishib o‘ziga og‘dirib olish payida bo‘lardi.

Ma’shuqalari azbaroyi ko‘pligidan yozuvchi ular bilan bir marta uchrashardi, xolos. Faqat yosh boyvuchcha ayol Mari Kann bilan sakkiz yil uchrashib yurdi. Mopassan unga 2200 ta ishqiy maktub yozgan. Adib uzoq vaqt uchrashib yurgan ayollardan yana biri esa Blansh Ruzvelt Machettadir. Amerikada tug‘ilgan Blansh Milandagi dvoryanga erga tekkan va markizaga aylangan edi. Blansh aytishicha, Mopassan uning hayotiga unutilmas lahzalarni tuhfa qilgan.

Ruhiy zarbalar

Mopassan ijodiy faoliyatining so‘nggi bosqichlarida tasviriy vositalardagi nafislikka intilish seziladi. Adibni oddiy timsollar qoniqtirmay qo‘ygan edi. U eshitish, tovush va hid sezishga oid taassurotlarning bir-biridan alohida holdagi yangi qorishiq timsollarni izladi. Bunday timsollar bor bo‘yi bilan namoyon bo‘lishini istar edi u. Mopassan niyatiga yetdi deyish mumkin.

Adibning yoshi ulg‘aygan sari o‘zini kasal deb vahimaga tushishiva shuning natijasidagiasabiy umidsizlik holati (ipoxondriya) hamda ko‘ngil qolishi tufayli voqealarni ideallashtirishga moyilligi kuchaydi. His-tuyg‘ularidan sizib chiqayotgan savollarga javob topa olmagan yozuvchi o‘ta bezovta bo‘lardi. Bunday kayfiyat bir qator qissalari, jumladan, “Orlya”da o‘z aksini topdi.

Aqldan ozish, ruhiy siqilish va shu bilan bog‘liq kasalliklar Mopassan ijodining boshqa mavzulari ko‘lamini tashkil etadi. Masalan, “Savatsoch”, “Erme xonim” kabi asarlari shunday so‘zlar bilan boshlanadi: “Meni aqli zaiflar maftun etadi”.

“Hayot”, “Azizim”, “O‘limdek kuchli”da esa o‘lim va vayronagarchilik mavzusiga murojaat qilingan. Mazkur asarlardagi tushkunlik baxtli muhabbat uchun maskan yo‘qligini aks ettirsa, bunga qarama-qarshi o‘laroq, “”Per va Jan”, “Tabiatga yo‘l” kabi romanlarida suv, dengiz mavzusi yoritilib, istiqbolli sevgi panoh topishi mumkinligi ifodalanadi.

1884 yildan e’tiboran Mopassan asab buzilishi, miyaga o‘rnashib qolgan g‘oyalar va gallyutsinatsiya (yo‘q narsalarning ko‘rinishi, eshitilishi va sezilishi)dan aziyatcheka boshladi. O‘zini o‘ldirishga uringanidan so‘ng vafotiga qadar doktor Blanshning Passidagi klinikasiga yotqizildi. Uning ukasi ham ruhiy bemorlar shifoxonasida yotib jon bergandi.

Haddan ziyod aqliy zo‘riqish yozuvchining salomatligiga ta’sir ko‘rsatgan edi. Qolaversa, bolaligidagi og‘ir xastalik —zaxm xuruj qildi. U asabiy tutqanoq —quyonchiq kasalligi bilan og‘ridi.

Mopassan ruhiyatidagi xotirjamlikni tiklashga tibbiyot ham, “Revue des Deux Mondes” bilan hamkorlik ham, “Musotte” komediyasining sahnalashtirilishi va“La Paix du ménage” komediyasining akademik mukofotga sazovor bo‘lishi ham yordam bermadi.

1891 yil dekabr oyidagi asabiy tutqanoqlar o‘z joniga qasd qilishgacha olib bordi. Passidagi ruhiy bemorlar shifoxonasida Mopassan avvaliga o‘ziga keldi, biroq keyin yana tutqanoq boshlandi. 1893 yili miya falajligi kuchaydi va o‘lim sodir bo‘ldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.