OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Naim Karimov. Abdulla Qodiriy va Toshkent adabiy muhiti

http://ziyouz.uz/images/abdulla_qodiriy.jpgJahon adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan yozuvchilarning ham, asarlari kichikroq davralarda sevib o‘qilgan qalam ahlining ham shakllanishida adabiy muhitning ta’siri oz emas. Yozuvchi qay darajada iste’dodli bo‘lmasin, dunyoqarashining shakllanishi va badiiy mahoratining kamol topishida nafaqat u tahsil olgan o‘quv maskanlari, balki u daxldor bo‘lgan adabiy muhitning ahamiyati g‘oyat katta. XX asrning 10-yillarida she’riyat, dramaturgiya va nasrda ozmi-ko‘pmi mashq qila boshlagan Abdulla Qodiriyning 20-yillar arafasida “O‘tgan kunlar” romanini yozishga kirishishi va 20-yillarning o‘zidayoq ikki buyuk romanni yaratishi ajabtovur hodisa. 1913 yilda “Sadoi Turkiston”, “Samarqand” gazetalari va Tataristonda chop etilgan vaqtli nashrlarga ko‘zi tushgunga qadar ­dehqonchilik, toqichilik va prikazchiklik bilan mashg‘ul bo‘lgan, 1917 yil fevral inqilobidan keyin ham bir necha yil xalq militsiyasi va oziq-ovqat komitetida xizmat qilgan yigitning 1918 — 1919 yillardayoq roman janriga qo‘l urishi baxtli tasodifmi? Yoki u shu yillarga qadar Toshkent­dagi “adabiy” havodan nafas olib, o‘zini romannavislikka chog‘lab-tayyorlab kelganmi? Afsuski, bunday savollarga Qodiriy haqidagi na ilmiy, na memuar adabiyotdan javob topamiz.

* * *

XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Toshkentdagi adabiy-madaniy hayot asosan “Ko‘kaldosh”, “Beklar begi”, “Baroqxon”, Abul Qosim, Xo‘ja Ahror madrasalarida, shuningdek, ayrim choyxona, do‘kon va xonadonlarda kechgan. Dastlabki ikki madrasaning mavqei g‘oyat baland bo‘lgan. “Ko‘kaldosh”da mashhur toshkentlik xattot, “Tig‘bandiy” taxallusi bilan she’rlar yozgan Shohmurod kotib (1850 — 1922), shoir Qosimxon to‘ra Muztarib (1858 — 1944), “Beklar begi”da “Qashshoq Mulla” nomi bilan tanilgan Rahimxo‘ja Xatmiy (1835 — 1908), “Baroqxon”da esa mashhur bedilxon Alouddin Fununiy (1861 — 1932) mudarrislik qilishgan va ular atrofida olimu fozillar, xonandayu mashshoqlar, she’riyat muhiblari hamisha gavjum bo‘lishgan. 1890 yilda Furqat, 1899 yilda Muqimiy Toshkentga kelganlarida “Ko‘kaldosh” madrasasida turib, Karimbek Sharifbek o‘g‘li ­Kamiy (1865 — 1922), Qodir qori ­Ramiziy (1861 — 1943), Afandixon mahzum Axtariy (1870-1946) kabi shoirlar bilan samimiy suhbatlar qurishgan. Bu, Saidhaybatullo Xislat (1880 — 1945) bilan Mulla Qo‘shoq Miskin (1884 — 1934)ning “Ko‘kaldosh” darvozasi zulfini endigina qoqib kelayotgan yillari edi.

“Ko‘kaldosh”da, — deb yozgan edi professor B.Qosimov “Milliy uyg‘onish” kitobida, — 90-yillarda muayyan davra qaror topgan edi. Furqat uning ikkinchi qavatidagi kungay bet hujralardan birida to‘qqiz oycha istiqomat qilgan. Bu yerda mashhur Muqimiy ham ko‘p bo‘lgan, 1899 yilning yozida Toshkent safari paytida bir muddat yashagan ham... Bu davrada Toshkentning mashhur xonandayu sozandalari ham ishtirok etardilar. Jumladan, dovruqli Mulla To‘ychi Toshmuhamedov ularga homiylik qilardi. Asrimiz boshlaridagi juda ko‘p bayoz va to‘plamlarda ular hamkorligining samarasi sifatida maydonga kelgan o‘nlab she’rlarni uchratamiz”.

Agar 90-yillarda “Ko‘kaldosh” madrasasining dovrug‘i baland bo‘lgan bo‘lsa, XX asr boshlarida “Beklar begi”ning rutbasi yuqori ko‘tarildi. Eski Jo‘vadagi “Turon” kutubxonasidan “kunchiqar tomonga ko‘tarilishda joylashgan, naqshin darvozasi kunbotarga qaragan, ikki qavatli hujralari shimolu janubga cho‘zilgan bu ilm o‘chog‘i”ning hujralaridan birida Muqimiy, Furqat va Toshxo‘ja Xo‘jandiyning qadrdon do‘sti Kamiy domla g‘aribona turmush kechirgan. Hujralarning boshqa birida esa Shayx Sa’diy “Guliston”ini shu yillari o‘zbekchaga o‘girgan Murodxo‘ja domla istiqomat qilgan. “Ko‘kaldosh”da bo‘lganidek, To‘ychi hofiz singari mashhur san’atkorlardan tashqari, nazm va navo ­shaydolarining ham oyoqlari bu yerdan uzilmagan.

Bu va boshqa madrasalarning hujralarida toshkentlik ma’rifatparvar shoirlarning g‘azal va muxammaslari yaratilgan. Ular bedilxonlik, navoiyxonlik, fuzuliyxonlik oqshomlarida ustoz shoirlarning badiiy mahorati, tesha tegmagan tashbehlari haqida tongotarga qadar bahslashib, yagona adabiy va ilmiy haqiqatga kelishga uringanlar. Yaratilgan yangi dilrabo g‘azallar hofizlarda katta qiziqish uyg‘otgan, shu g‘azallarga bastalangan kuy va ashulalar navbatdagi gurunglarda zavq-shavq bilan ijro etilgan.

Shu yillarda shakllana boshlagan Toshkent adabiy muhitida Karimbek Kamiyning o‘rni g‘oyat katta edi. Uning “Beklar begi” madrasasidagi fayziyob hujrasida Xislat, Miskin, Sidqiy Xondayliqiy singari shoirlar ustozdan saboq olib, badiiy ijod pillapoyalaridan sekin-asta yuksalib borishgan. Mo‘minjon Muhammadjonov-(Toshqin)ning “Turmush urinishlari” kitobida yozilishicha, Xislat XIX asrning 90-yillarida Karimbek Sharifbek o‘g‘li Kamiy bilan tanishgan. “Bu odam, — deb yozgan u, — shoir Kamiy Muqimiy va Furqat barobaridagi bir shoir edi. Shoir Xislat mavlono Kamiyning fazlu balog‘atini bilganidan keyin uni birinchi ustoz sifatida ushlab oldi. Qaerga borsa, birga bordi, shirin-shirin va bama’ni suhbatlaridan sira ajralgisi kelmas va bir kun suhbatlardan ajralsa, o‘zini jonsiz tanadek hisoblar edi. G‘oyatda nozik tabiatli bu ustoz Xislatni ixlosiga yarasha tarbiya qilar, she’r va g‘azallar aytish yo‘llaridan ba’zi bilmagan nuqsonlarini o‘rgatar va o‘sha zamonning adib va shoirlari bilan uni tanishtirar edi”.

Nafaqat Xislat, balki Miskin va Toshqin singari jadid shoirlari ham Kamiyning shogirdlari edi. “Men, — deb davom etgan M.Muhammadjonov, — bu madrasaga kelganimdan keyin Kamiy... bilan tanishib, borish-kelish aloqasida bo‘ldim. Mulla Kamiy, madrasa tili bilan aytganda, tabiati juda yuqori ilhomiy... dunyodan kechganligini da’vo qilib yurgan bir shoir edi”.

Xotiranavisning bu so‘nggi so‘zlari Kamiyni tarkidunyochilikka ruju qo‘ygan, uzlatga chekingan kishi emas, balki ko‘ziga she’riyatdan boshqa narsa ko‘rinmagan, yashash ma’nosini faqat badiiy ijoddan, she’riyatdan topgan shoir, deb tushunish to‘g‘riroq bo‘ladi.

A.Avloniyning “Tarjimai holi”dan ma’lum bo‘lishicha, 1904 yilda Toshkentda yashirin “jadidlar to‘dasi” o‘z ishini boshlagan. 1909 yil 12 mayda Munavvar qori Abdurashidxonov, Mulla Abdulla Avlonov (Avloniy), Bashirulla Asadillaxo‘jayev, Toshhoji Tuyoqboyev, Nizom qori Husanov muassisligida “Jamiyati xayriya” tashkil etilgan. Mazkur jamiyat bir yil keyin Buxoroda tuzilgan “Tarbiyai atfol” jamiyati bilan birga iste’dodli yoshlarni xorijiy mamlakatlarga o‘qishga yuborishdek o‘ta xayrli ishni boshlab yuboradi. 1913 yili esa M.Abdurashidxonov, A.Avlonov, B.Asadillaxo‘jayev, shuningdek, Ubaydulla Asadillaxo‘jayev, Komilbek Norbekov, Muhammadjon Poshshaxo‘jayev, Kattaxo‘ja Boboxo‘jayev, Nizomiddin Asomiddinxo‘jayev muassisligida “Turon” jamiyati, 1914 yili esa M.Abdurashidxonov, A.Avlonov, M.Poshshaxo‘jayev, To‘lagan Xo‘jamiyorov (Tavallo) va boshqalar muassisligida “Nashriyot” shirkati ishga tushadi. Bu ma’rifiy tashkilotlarning tuzilishi, bundan avvalroq esa yangi usul maktablarining ochilishi, o‘zbek tilida qator gazetalarning bosila boshlashi Turkistonda bir maromda kechayotgan hayot dengizini to‘lqinlantirib yuboradi.

Toshkentlik shoir va yozuvchilar “Al-Isloh” jurnalida, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Osiyo”, “Sadoyi Turkiston” gazetalarida o‘z asarlarini chop etish imkoniga ega bo‘ladilar. Ayni paytda kitob nashr qilish ishlari yo‘lga qo‘yilib, ­turli-tuman bayoz va majmualar chop etila boshlanadi.

Shubhasiz, mustamlaka sharoitida yashagan Turkistonda bu ishlarni amalga oshirish oson bo‘lmadi. Masalan, gazeta uchun qog‘oz va arab harflarini topishdan, ularni boshqa shaharlardan olib kelishdan tashqari, vaqtli nashr­larning har bir soni chor oxrankasi — muhofiza idorasining nazoratidan o‘tar va ba’zan arzimagan bahonai sabab bilan bu nashrlarga katta jarima solinar yoki yopib qo‘yilar edi. Chor tsenzurasidan tashqari, mutaassib ruhoniylar ham jadid gazetalarida bosilgan materiallarni diqqat bilan kuzatishar va “did”lariga mos kelmagan maqolalar tufayli u yoki bu nashrni yopish choralarini ko‘rishardi.

A.Avloniyning rafiqasi Salomat Islomovaning “Mehri daryo edilar” sarlavhali xotirasida shu masalaga oid qiziq bir fakt keltirilgan. U o‘z xotirasida xonadonlaridagi samimiy muhit haqida so‘z yuritgach, bunday yozgan: “Uyimiz sermehmon bo‘lardi. Domla quvnoq va hikoyachi edilar, juda ko‘p she’r va hikoyalarni, “1001 kecha”, “Kalla va Dimna” kabilarni yod bilardilar. Cholg‘umiz ham bor edi. Uyimizga boshqa shaharlardan ham odamlar kelib turishardi. 1914 yilimikan, Bokudan 3 kishi keldi. Shop mo‘ylov, to‘ladan kelgan birovini Jalil Mamadqulizoda deyishdi. Domla (Avloniy — N.K.) 2 – 3 yil keyin Bokuga borib, shular yordamida gazeta uchun harf olib kelgan edilar.

Yaxshi eslayman. Bir kuni uyga juda parishon holda qaytdi. O‘rtoqlar yig‘ilishdi. Hammalari Munavvar qorini gapirishar, domla esa qandaydir maslak haqida jon kuydirib tushuntirardi. ­Keyin bilsam, “Sho‘roi islom” va “Ulamo” jamiyatlari qaysi bir ish xususida domla muharrirlik qilayotgan “Turon” gazetasini nohaq to‘xtatishgan ekan”.

Adib rafiqasining bu so‘zlariga izoh bermay iloj yo‘q. “Turon” gazetasi 1913 yilda chiqa boshlagan va uning muassislari orasida, ­Avloniydan tashqari, M.Abdurashidxonov ham bo‘lgan. Ijtimoiy-ma’rifiy dasturi bilan Avloniyga yaqin bo‘lgan Abdurashidxonovning (u “Sho‘roi islom” jamiyatining raisi bo‘lgan) mazkur gazetaning yopilishiga sababchi bo‘lishi aslo mumkin emas.

10-yillarda “Turon” jamiyatining maydonga kelishi Toshkentning madaniy hayotida benazir voqea bo‘ldi. A.Avloniy va M.Abdurashidxonov rahbarligida vujudga kelgan bu jamiyat qoshida teatr truppasining tuzilishi, bir tomondan, o‘zbek adabiyotida dramaturgiyaning, ikkinchi tomondan esa, teatr san’atining tug‘ilishiga sabab bo‘ldi.

1914 yil 27 fevral “Turon” jamiyati tarixiga oltin ­harflar bilan yozilgan. Shu kuni Toshkentning 2000 kishilik “Kolizey” teatri tomoshabinlar bilan, ayniqsa gavjum bo‘lgan. Nafaqat tomosha zali, balki zalga kiradigan yo‘laklar ham odamlar bilan tirband. Toshkent jadidlari sarvari ­M.Abdurashidxonovning teatr san’ati haqidagi mashhur ­nutqidan so‘ng parda ko‘tarilib, M.Behbudiyning “Padarkush” dramasi asosida yaratilgan spektakl namoyish etilgan. ­Mazkur spektaklning namoyishi, Turkistonda yangi teatr san’atining tug‘ilishi Toshkent ziyolilarini larzaga keltirdi.

Ushbu spektakl premerasini ko‘rgan tomoshabinlar orasida A.Qodiriyning bo‘lgani haqida biror ma’umot yo‘q. Ammo Behbudiy dramasining 1913 yilda chop etilgan nashri bilan tanishish dastlabki asarlari endigina “Sadoi Turkiston”, “Samarqand” gazetalarida chiqa boshlagan adibni hayratlantirib yubordi. Adib 1926 yili bo‘lib o‘tgan suddagi nutqida shu haqda bunday degan edi: “1913 yillarda chiqqan “Padarkush” piesasi ta’sirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborg‘onimni o‘zim ham payqamay qoldim”. Agar “Baxtsiz kuyov”ning 1915 yilda yozilib, shu yili Turkiston general-gubernatorligi qoshidagi bosmaxonada chop etilganini e’tiborga olsak, adibning mazkur spektakl ­namoyishida ishtirok etgani shubha uyg‘otmaydi.

Chamasi, adib shu voqeadan keyin va shu voqea ta’sirida “ko‘ngilli militsiya” tarkibida xizmat qilgan 1917 yilda ­“Turon” jamiyatiga a’zo bo‘lib kiradi va qisqa vaqt jamiyat hayotida qatnashadi.

1917 yil fevral va oktyabr voqealaridan keyin chor hokimiyatining tarix sahnasidan ketishi bilan Turkistondagi ijtimoiy hayot asoslari ostin-ustun bo‘lib ketdi. Toshkent adabiy muhitini tashkil etgan shoirlar erk va hurriyat g‘oyalarini baland pardada kuylay boshladilar. Ularning bir qismi esa bolsheviklarning yolg‘on va’dalariga uchib, sovetlar tomoniga o‘tdi. Shu yillarda “Turon” jamiyati bazasida vujudga kelgan “Turon” kutubxonasining tashabbusi bilan Toshkent shoirlarining erk va hurriyat haqidagi she’rlari varaqa tarzida chop etilib, ­tarqatila boshlandi.

Kamiyning “Muhibbiy” taxallusi bilan she’rlar bitgan shogirdi Abdumajid Husanov ustozi hayotining shu davrini eslab yozgan edi: “Inqilob arafasida mavlono Kamiy kasallikka chalinib qoldi. Yangi zamonni ash’ori taronaga solish bilan birga yangi maktablar ochib, kutubxonalar tashkil etish borasida ko‘p jahdu jadal qildi. Xususan, “Turon” kutubxonasi ustozning sa’y-harakati bilan bunyod bo‘lgan. Kutubxona atrofiga Xislat, Miskin, Mo‘min kofir, Sidqiy Xondayliqiy singari qalamkashlarni jalb qilib, zamona taronasida g‘azallar bitib, alohida adabiy varaqalar chop etishni tashkil qilib, 1918 — 22 yillar mobaynida bir necha ash’oriy varaqalar tarqatilgani aniq esimda”.

Toshkent madrasalari, choyxona va xonadonlarida, keyinchalik esa kutubxonalarda kechgan shunday she’rxonliklar, bedilxonliklar, adabiy gurunglar Qodiriy yashab nafas olgan adabiy muhitning tarkibiy qismlaridir. Garchand Qodiriyning o‘zi ham, farzandi H.Qodiriy ham adibni shu ajoyib muhit bilan bog‘lovchi rishtalarni biror joyda tilga olmagan bo‘lsalar-da, u shu muhitdan uzoq bo‘lmagan. Bu ­fikrni, o‘ylaymizki, H.Qodiriy xotiralaridagi quyidagi lavha ham tasdiqlaydi. Xotiranavis otasini nazarda tutib yozadi: “Qay bir vaqt Josiyat bibim va Rahimberdi amakimlarning “Qo‘shoqboynikiga bordim”, “Qo‘shoqboyni ko‘rdim, ­salom aytdi”, degan so‘zlarini eshitganim es-es yodimda. Buvma xolaning o‘g‘li Murod amakining... aytishlaricha, Qo‘shoqboy aka (shoir Miskin) bizga qarindosh, ya’ni Xosiyat xolaning o‘g‘li ekan.

— Shoir Miskin bizga xolavachcha edi, — deydilar Murod amaki, — uni “Qo‘shoq domla”, “Qo‘shoq baqqol”, deyishardi. O‘zi Devonbegi mahallalik, o‘rtabo‘y, qoracha yuzli, qora soch-soqolli, kelishgan kishi edi. Qo‘shoq domlaning Balandmasjidda bir boqqollik do‘koni bo‘lib, oziq-ovqat va yem, beda sotardi. Keyingi vaqtlarda Ko‘kaldosh madrasasi yonidagi mayizbozordan bir meva do‘koni ochgan edi. Biz yoshlik paytlarimizda Qo‘shoq akaning uylariga tez-tez borardik... Qo‘shoq domla do‘koniga doim mullalar yig‘ilishib, suhbat qurib o‘tirishardi. Ko‘pincha ular masala talashib, ba’zan urishib ham ketishardi (ta’kid bizniki – N.K.)...

Shoir Miskin dastavval, ehtimol, yosh Qodiriyga ozmi, ko‘pmi o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, she’riyatga havas uyg‘otgan bo‘lishi mumkin. Axir Qodiriyning ilk ijod chog‘larida she’rlar mashq qilgani ma’lum-ku.

Rahbar oyim der edilar (1918 — 1919 yillar — H.Q.), shoir Kamiy domla biznikiga tez-tez kelib turardi. Kamiy domla keksayganroq kishi edi. U ba’zan adang bilan, ba’zan o‘zicha asta kirib kelardi. Domla eshikdan ko‘rinishi bilan uydagilar: “Abdullaning o‘rtog‘i kelayapti”, deb kulishar edi. Kamiy domla mehmon bo‘lib, adang bilan suhbatlashib, kitobxonlik qilib qaytar edi. Adang uni juda hurmat qilardi”.

Qodiriyzoda qarindosh-urug‘larning bu xotiralari, bizningcha, “O‘tgan kunlar” ­muallifi bilan Toshkent adabiy muhiti o‘rtasida muayyan aloqa bo‘lgan, degan ­fikrni tasdiqlashi mumkin.

Adib bilan Toshkent shoirlari o‘rtasidagi adabiy aloqa to‘g‘risida so‘z borganda, H.Qodiriy xotirasidagi yana bir lavhani keltirish lozim ko‘rinadi. U otasining 1917 yilgacha yozgan asarlari to‘g‘risida bahs yuritar ekan, “Teshaboy yamoqchi bilan Oynisa boyvuchcha” degan sahna asarini tilga olib, bunday yozgan: “Bu so‘nggi asar to‘g‘risida biror iz, yozma ma’lumot qolmagan. Faqat bu komediyaning Qodiriy yozganligi, sahnaga qo‘yilgani va mazmuni haqida Rahimberdi amakim shunday ma’lumot bergan edilar:

— Hali inqilob bo‘lmagan edi. Kuzak paytlar bo‘lsa kerak, Abdulla bir kun: “Aka, yuring, bugun mening yozgan pesam o‘ynaladi, tomosha qiling”, deb meni Toji xo‘jayinning mo‘rchasi yoniga (hozirgi Sverdlov teatri binosiga) boshlab bordi. Sahnada o‘ynagan tanish artistlardan G‘ulom Zafariyni eslayman. Teatrni ko‘rib kula-kula qaytganman”.

H.Qodiriy bu piesaning syujetini ham anchagina mufassal bayon qilgan.

Ammo ilmiy izlanishlar shundan shahodat beradiki, bu xotirada tilga olingan komediya “tatar turmushidan o‘zbek turmushiga tatbiq” qilingan asar bo‘lib, uning asl muallifi noma’lum. Ammo o‘zbek ­sahnasida “Topilg‘an narsa” nomi bilan qo‘yilgan bu asarning tabdilchisi, aniqrog‘i, ­tarjimoni G‘ozi Yunusdir.

Rahimberdi amaki bergan ma’lumotning biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, biz shu xotira orqali Qodiriyning, birinchidan, teatr san’atiga qiziqishda davom etgani va “Kolizey”da sahnalashtirilgan ayrim spektakllarni borib ko‘rgani, ikkinchidan esa, uning bunday “madaniy safarlari”ga G‘ozi Yunus singari do‘st-yorlari sababchi bo‘lganidan xabar topamiz.

H.Qodiriy “Otamdan xotira” kitobida adibning yaqin jo‘ralari to‘g‘risida so‘z yuritib, yana bunday ma’lumotni bergan: “Sovunbozor qatorida Hoji sartarosh ­ismli do‘sti bor edi. Uning sartaroshxonasi kenggina, unda ikki-uch kishi ishlar edi. Hoji sartarosh ellik-oltmish yoshlarda, baland bo‘y, baroq qosh, qora soqol, ­salmoqlab so‘zlovchi, ko‘pni ko‘rgan, dunyo kezgan kishi edi...

Hoji sartarosh, bilmadim, shoirtabiat bo‘lganidanmi yoki uning haligidek sarguzasht hikoyalarni tinglaganidanmi, har holda uning do‘konida ko‘pincha shoir, yozuvchilar to‘planishib, suhbat qurib o‘tirishganini ko‘rardim. Masalan, unda shoir Tavallo, Xislat va G‘ozi Yunuslarni ko‘rganman.

Tavallo bizning uyga bir necha bor ­kelgan... U dutor chalar, dadam bilan ­sensirab so‘zlashar edi.

Shoir Xislatni men birinchi bor shu sartaroshxonada taniganman”.

H.Qodiriyning bu va avvalgi xotiralari adib bilan toshkentlik shoir va yozuvchilar o‘rtasida doimiy yaqinlik bo‘lganidan dalolat beradi. Shubhasiz, shunday yaqin aloqada bo‘lgan ijod ahlining zamon va adabiyot haqida suhbat qurmasligi, bir-birlarining yangi asarlari haqida bahs-munozaralar qilmasligi mumkin emas.

Yuqorida Miskin haqida aytilgan so‘zlarni yana davom ettirish taqozo etiladi. Shoirning zamondoshi Rihsitillo bobo uning Balandmasjiddagi do‘koni haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashib, bunday degan: “U o‘z do‘konida doim shoirlar bilan suhbatlashib o‘tirar, yozgan she’rlarini ularga o‘qib berib, kamchiliklarini tuzatishga harakat etardi. Unga Toshkentning mashhur shoirlaridan mavlono Kamiy ko‘maklashdi, ijodiga chin yurakdan yordam berdi”.

Taxmin qilish mumkinki, Miskinning Balandmasjiddagi shoirlar yig‘ilib turadigan shu do‘koniga Qodiriy ham kelib, adabiy suhbatlarda ishtirok etib turgan.

Atoqli adabiyotshunos Hamid Sulaymonning “Otam haqida” (“Kino” jurnali, 1966 yil, 11-son) sarlavhali xotirasidan ma’lum bo‘lishicha, o‘zbek kino san’atining asoschilaridan biri Sulaymon Xo‘jayev Abdulla Qodiriy va G‘ulom Zafariy bilan madrasadosh bo‘lishgan, bir-birlari bilan uchrashib, gurunglashib turishgan.

Ma’lumki, G‘.Zafariyning bog‘ hovlisi adib yashagan Eshonguzar mahallasida edi. U adibga ijodkor sifatidagina emas, balki ulfat, gapxo‘r sifatida ham yaqin bo‘lgan. Hatto uning onasi ham adib xonadonining aziz kishilaridan bo‘lgan. “G‘ulom Zafariyning onasi (biz uni “qo‘qonlik oyi” deb atar edik) esa, — deb yozadi H.Qodiriy, — Josiyat buvim bilan tengdosh, o‘rtoq, bordi-keldilari quyuq edi. “Qo‘qonlik oyi” ham juda muloyim, xushmuomala, shirin suhbat, Qo‘qon hayotini, xonlar zamonini yaxshi biluvchi, uni bizga hikoya qilib o‘tiruvchi ayol edi (ta’kid bizniki – N.K.)”.

Bu har ikki xotiraga asoslanib aytish mumkinki, Qodiriy yuqorida muborak nomlari tilga olingan shoirlardan tashqari, bo‘lajak shoir va dramaturg G‘.Zafariy bilan hamhujra bo‘libgina qolmay, ular bilan yaqin ijodiy aloqada yashashda davom etgan. Josiyat buvi bilan “qo‘qonlik oyi” o‘rtasida “bordi-keldi”ning o‘rnatilishi ham yaqinlikning samarasidir. Kim biladi, balki Qodiriyda “O‘tgan kunlar”ni yozish g‘oyasining paydo bo‘lishida ­nafaqat otasidan eshitgan xotiralar, balki “qo‘qonlik oyi” bilan qo‘qonlik G‘.Zafariydan eshitgan hikoyatlar ham turtki bergandir?!.

Yuqorida bayon qilingan fikrlar XIX asr oxiri — XX asrning birinchi choragida Toshkentda sog‘lom adabiy-ijodiy muhit bo‘lganidan va bu muhit turli shaklda va turli joylarda davom etganidan shahodat beradi. Aytish mumkinki, Abdulla Qodiriy, shak-shubhasiz, shu adabiy muhitdan oziqlandi va shu muhit adib ijodining shakllanishida muayyan ahamiyatga molik bo‘ldi.

Naim Karimov,

filologiya fanlari doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 43-44-sonlaridan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.