Dunyo tamadduniga buyuk kashfiyotlari bilan ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ vatandoshlarimiz dovrug‘i havas qilsa arzigulikdir. Ilk Uyg‘onish davridayoq Turonzamindan qomusiy bilim sohiblari yetishib chiqqaniga jonli tariximiz shohid. Chor Rossiyasi mamlakatimizni bosib olgandan keyin ham toshda o‘sgan gul kabi noyob iste’dodlar ilmiy salohiyatini namoyish etib keldi. Ana shunday qomusiy bilimlarni o‘zida mujassam etgan noyob iste’dod sohibi Sa’di Sirojiddinov edi.
Mamlakatimizning yetakchi ilm dargohi — Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) rektori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan yillari dorilfununda tahsil olgan talabalar qatori kamina ham u kishining g‘amxo‘rliklarini tuyganman. Bo‘lib o‘tadigan katta-kichik tadbirlarda u inson bilan muloqotda bo‘lish menga ham nasib etgan. Domlaning nutqlari ravon, o‘zbek va rus tillarida birday erkin so‘zlar, gap ohangidagi kamtarlik erkin suhbat va ijodiy muloqot muhitini ta’minlardi. U professor-o‘qituvchilarga qanday munosabatda bo‘lsa, talabalar bilan ham xuddi shunday muomalada bo‘lar, shu bois biz har qanday muammo, taklif va mulohazalarimizni bemalol ayta olardik. Savolimiz javobsiz qolmas, muammolar o‘z vaqtida ijobiy yechimini topardi.
— Biz barchamiz Sa’di Hasanovichni hurmat qilib, kishining odamshavandaligi, bilimdon, zukkoligi-yu, oq ko‘ngilligi uchun sidqidildan yaxshi ko‘rardik, — deya xotirlaydi akademik YOlqin To‘raqulov. — Sa’di Sirojiddinov ajoyib suhbatdosh, qadim Turon, arab dunyosi, Hindiston, Kichik Osiyo tarixi va madaniyatining bilimdoni edi. Ulug‘ bobokalonlarimiz Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Ulug‘bek va boshqalarning nodir asarlarini zamondoshlarimizga tanitishda ham xizmatlari beqiyos. Shuningdek, Alisher Navoiy, Firdavsiy, Umar Hayyom kabi mumtoz she’riyat daholarining lirik-falsafiy she’r-u, dostonlari, betakror asarlarini chuqur o‘rganibgina qolmay, balki ko‘pgina g‘azal, ruboiylar, to‘rtliklarni yod bilar va tez-tez davralarda o‘qib berardi. Sa’di Hasanovich jahon va rus adabiyoti namoyandalaridan Gomer, Dante, Shekspir, Pushkin, Lermontov, Gyote, Bayron, Tolstoy va boshqa qator qalam sohiblarining ijodini juda yaxshi bilardi.
“Ozgina shoirligi bo‘lmagan odam haqiqiy matematik bo‘la olmaydi”, degan ekan buyuklardan biri. Haqiqatan ham muhtaram domlamiz tabiatiga shoirlik fazilati begona emas edi. Talabalik kezlarimizda bunga ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz. O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining ellik yilligi arafasida O‘zbekiston milliy universitetining madaniyat saroyi she’riyat muxlislari bilan to‘lgan hayajonli daqiqalarni ko‘p eslayman. Bu tadbirga rektorning o‘zi bosh-qosh bo‘lgandi.
— Domla Sa’di Sirojiddinov adabiyotni, xususan, milliy adabiyotimizni juda qadrlardilar, — deb eslaydi shoir Muhammad Rahmon. — 1967 yili Toshkent davlat universitetining eski binosi (hozirgi Amir Temur xiyoboni) da O‘zbekiston xalq Yozuvchisi Abdulla Qahhorning 60 yilligi nishonlangandi. Tantanaga domlaning shaxsan o‘zi yetakchilik qilgani yodimda. Holbuki, o‘shanda zamon qaltis, “tili achchiq” Yozuvchiga munosabat ham o‘zgacha edi.
Domlaning tashabbusi bilan ilm dargohida nafaqat respublikamiz, balki xalqaro miqyosdagi tadbirlar ham tez-tez bo‘lib turar edi.
— 1983 yil 8-13 sentabr kunlari yurtimizda YUNESKO qarori bilan Al-Xorazmiy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tgandi, — deya xotirlaydi akademik Vosil Qobulov. — Bu bir umr esda qoladigan voqea edi. Sa’di Hasanovich bunday nufuzli tadbirning asosiy tashkilotchilaridan bo‘lib, simpoziumning Toshkent va Xorazmda o‘tkazilgan majlislarida ishtirok etgandi.
S.Sirojiddinov tinib-tinchimas, charchash nimaligini bilmasdi. Talabalar yotoqxonalarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun birma-bir aylanib chiqar, hatto paxta terimi paytida ham ahvolimizdan xabar olib turar, talabalarni yig‘ib samimiy muloqotda bo‘lardi. Domlaning bunday ajoyib fazilatlari, insoniyligi haqida ibratomuz voqealarni ko‘p eshitganmiz.
Domla Moskva davlat universitetida ishlab yurgan kezlarida ta’tilga chiqib, yurtiga jo‘nabdi. “Moskva — Toshkent” poyezdining kupelaridan biriga joylashibdi. Uch-to‘rt kunlik yo‘lda kupedagilar navbatma-navbat choy, oziq-ovqat tashib, gurunglashib kelisharkan. O‘z navbatida domla ham kupedagi hamrohlari xizmatida bo‘libdi. Poyezd manzilga yaqinlashganida bir yigit: “Og‘aynilar, Toshkentga yaqinlashib qolibmiz-ku, shuncha yo‘l yurib, bir-birimiz bilan tuzukroq tanishib ham olmabmiz? Men falon oliy o‘quv yurtining aspiranti Falonchi Pistonchiyev bo‘laman, bilib qo‘ysanglar zarar qilmaydi”, deya birinchi bo‘lib o‘zini tanishtiribdi. Qolgan ikki hamroh oxirgi kurs talabalari bo‘lib, dimog‘dorlik bilan o‘qishni bitirishayotganini aytishibdi. Tanishtirish navbati o‘ttiz yoshlar atrofidagi o‘rta bo‘y, quyuq qoshli yigitga kelgach, u bosiqlik bilan men MDU professori Sa’di Sirojiddinov bo‘laman, deyishi bilan o‘tirganlar baravariga o‘rinlaridan turib ketishibdi: “Uzr domla, siz haqingizda ko‘p eshitib, doimo faxrlanib yuramiz. Bilmay ish buyurib qo‘yibmiz-ku sizga”, — deya qayta-qayta uzr so‘rashibdi. Shunda domla: “Hechqisi yo‘q, kemaga tushganning joni bir”, deb qo‘yibdi kamtarona jilmayib.
Akademik Ibrohim Hamroboyev (marhum) o‘z xotiralarida shunday yozgandi: “Sa’di Hasanovich O‘zFAning vitse-prezidenti bo‘lib turgan vaqtlarida Geologiya va geofizika institutiga ham rahbarlik qilardi. Biz u kishi bilan geologiyaga oid masalalar to‘g‘risida suhbatlashardik. Bu sohada Sa’di Hasanovich Muruntov konida burg‘ulash quduqlarini qay tartibda joylashtirish to‘g‘risida Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyatiga o‘z tavsiyalarini aytgan”.
— Sa’di Hasanovich juda kamtar, samimiy inson edi, — deya xotirlaydi domlaning rafiqasi Munosibxon aya. — Bizga shahar markazidan ko‘p qavatli uylardan birining uchinchi qavatidan boshpana beriladigan bo‘ldi. Domla yangi turar joy bilan tanishish uchun borganida Yozuvchi Komil Yashinni yo‘lakda uchratib qoladi. “E, domla, qo‘shni bo‘lar ekanmiz-da, menga oxirgi qavat nasib etgan ekan”, — deydi Yozuvchi yuqoriga ishora qilib. Shunda domla kamtarlik bilan: “Sizday ajoyib inson bilan qo‘shni bo‘lganimdan xursandman. Ijodkorlarga hurmatim juda baland, sizdan ko‘ra yoshroqmiz, to‘rtinchi qavatga biz chiqib yashay qolaylik”, deb hali ko‘chib kirmasdan xonadonni almashtirgan ekanlar.
...Domlaning shaxsan kaminaga qilgan bir yaxshiligini umrbod unutmayman. Oliygohning kunduzgi bo‘limida o‘qib yurganimda farzandli bo‘ldim. Ro‘zg‘orning zalvorli yuki yelkamda. Tahsilni kechki yoki sirtqiga o‘tkazishga rosa harakat qildim, yelib-yugurdim. Ammo fakultet rahbariyati “Arizang yo‘qolib qoldi, kelasi yil yana ariza bilan murojaat etasan, o‘ylab ko‘ramiz”, deya bahona qildi.
Shu voqea sabab bo‘lib rektorimiz Sa’di Sirojiddinov qabuliga ariza ko‘tarib kirdim. Domla so‘zimni e’tibor bilan tinglab, arizamning bir chetiga: “Prorektorga! Ko‘rib chiqib, ijobiy hal qiling!” deya yozib imzo qo‘ydilar. Hayajon ila domlaga minnatdorchiligimni izhor qilib kechki va sirtqi bo‘limlar bo‘yicha prorektori, professor Polvon Boboyevich Azizov (rahmatli u kishi ham yaxshi inson edi) qabuliga kirdim. U kishi “Jurnalistika fakulteti dekan muoviniga borib uchrashgin”, dedilar. Arizamni olib fakultetga yugurdim. Dekan muovini “o‘n-o‘n besh kun ichida hal qilib beraman, hovliqma”, deb qovog‘ini uyib arizamni olib qoldi. Oradan bir oy o‘tdi hamki, buyruqdan darak yo‘q. Afsuski, bu arizam ham turli sabablarga ko‘ra “yo‘qolib” qolibdi.
Noiloj yana rektorning qabuliga kirishga majbur bo‘ldim. Domla meni tanib: “Ha, ishing hal bo‘lmadimi, o‘g‘lim? Hozir ijobiy hal qilamiz, senga ham oson emas, olaxo‘rjin bo‘yningga tushgandan keyin ish o‘qishingga qarshilik qilmasligi kerak, albatta”, dedi. O‘pkam to‘lib turgan edi, yig‘lab yubordim. Sa’di Sirojiddinov besh-olti daqiqa ichida prorektorlarni to‘pladi. Domla hammaga qarata: “Bu yigitning arizasiga shaxsan o‘zim “viza” qo‘yib bergandim, oldingi arizasini yo‘qotishgan ekan, buni ham yo‘qotib qo‘yishibdi. Bu qanday mas’uliyatsizlik!” dedi.
Shundan so‘ng domla arizamga yana boshqatdan imzo qo‘yib, uni menga bermay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kechki va sirtqi bo‘limlar bo‘yicha prorektorga: “Guvohlar ishtirokida berayapman, endi yo‘qolib qolmas”, deya uzatdi. Hamma kulib yubordi. Shu voqeadan so‘ng kechki bo‘limga o‘tishim to‘g‘risidagi buyruq tezda tayyor bo‘ldi.
Yaxshi insondan ezgu nom, yorqin xotiralar qolarkan. Bunday kishilarni shirin entikish bilan yodga olish ham ajib saodatdir.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).