O‘lmas Umarbekov degan Yozuvchini do‘stlari yaxshi bilishadi. Eslashadi. YAqinda shu ijodkor to‘g‘risidagi zamondoshlari yozgan xotiralar kitob bo‘lib chiqdi. O‘tgan adiblarimiz haqida bunday xotira kitoblari bosilayotgani faqat bugun emas, kelajak uchun ham muhim voqeadir.
Katta Yozuvchi, davlat va jamoat arbobi bo‘lgan O‘lmas Umarbekov to‘g‘ri, samimiy, har jihatdan ko‘rkam inson edi (unga bag‘ishlangan xotiralarda ham bu yaqqol aks etgan). Albatta, men ancha yil birga ishlab, uning ba’zi insonga xos ojizliklarini ham kuzatganman va u muhtoj bo‘lmagan holda, bu kun uni yana bir karra ulug‘lab, ideal darajaga ko‘tarish fikridan uzoqman.
Gap boshqa tomonda. O‘lmas aka umri oxirida hakimlarning noto‘g‘ri tashxis qo‘ygani natijasida og‘ir xastalikka yo‘liqdi. Chidamsiz azoblarni boshidan kechirdi. Lekin buni u qismat deb bilib, o‘limga tik qaradi. Oldingi xizmati bilan kifoyalanmay, “Fotima va Zuhra” romani, “Qizimga maktublar (Mangu dunyo bo‘sag‘asida)” qissasi, qator hikoyalarini yozdi. Aytish mumkinki, har qanday Yozuvchi bu taxlit mardlik-matonat namunasini ko‘rsatishga qodir bo‘lavermaydi!
* * *
Odatda, o‘quvchi (kitobxon) barcha Yozuvchilardan ezgulik, olijanoblik, kerak paytda mardlik-matonatni kutadi. Ammo turli kasb-kor kishilari singari hayotda Yozuvchilar ham har xil kishilardir. Shunga qaramay, ularning aksari insoniyat shartlarini bajarish, o‘zini munosib tutishga harakat qiladi. Umuman, adabiyot doim sog‘lom kuch bo‘lgan. Hozir ham shunday.
Bir ijodkor sifatida maktabda o‘qib yurgan va adabiyotga qiziqqan bolalik kunlarimdan yillar davomida: “Adabiyot qachon, qanday, nega bunyod bo‘lgan? Yozuvchi kim? Qalam tebratishdan murodi nima?” degan savollarga javob izlayman. Insoniyat tarixi to hozir kitoblarda chala yozilganidek, asrlar bo‘yi bu savollarga berilgan javoblardan ko‘ngling to‘lmaydi. Qo‘liga qalam olgan kishi bosh qotirishga majbur.
Afsuski, umri adabiyot maydonida o‘tib, bu to‘g‘rida hech qachon o‘ylab ko‘rmagan birodarlarimiz ham uchraydi.
* * *
Mening fikrim ko‘pincha ziddiyatli. Shu bois goho dakki yeganman.
Ayrim birodarlarimiz bugun hayot tarzini inobatga olmaydi yoki tushunmaydi. Ziddiyat falsafiy tafakkurning asosi bo‘lib qolmay, hayotni harakatga keltiruvchi kuch hamdir. Ziddiyat bo‘lmasa, hayot harakatdan to‘xtaydi.
Shu kunlarda bir anketada: “Sizni adabiyotning bugungi ahvoli qanoatlantiradimi?” degan savolga duch keldim. “Qanoatlantiradi” dedim. Keyin ikkilana boshladim.
Gap shundaki, u meni ham qanoatlantiradi, ham qanoatlantirmaydi.
Bir tomondan, mamlakatimiz mustaqillikka erishib, o‘tgan o‘n sakkiz yil ichida hayotning shakl va mazmuni o‘zgarib ketdi. Adabiyot go‘yoki tor xonadan toza havoga chiqdi. Yozuvchi o‘z fikrini erkin, istagan shakl va yo‘sinda ifodalashi uchun imkoniyat tug‘ildi. Bu — quruq gap emas, men o‘z asarlarim timsolida buni isbotlashim mumkin (mustaqillik yillarida men yozgan romanlarni ijodkor oldin yozishni o‘ylashga ham qo‘rqar edi. Fikr, e’tiqod, hatto muhabbat tushunchasi “kishanlangan”, “ruh qulligi” hukm surar edi!) YAna, muhimi, mamlakatdagi ezgu maqsad yo‘li bilan adabiyotning maqsad yo‘li birlashib ketdi. Soddaroq qilib aytganda, Yozuvchi ming yillar orzu qilgan insoniy olijanob tushunchalar davr minbariga ko‘tarildi.
Bizning o‘zbek (turkiy tildagi) adabiyotimiz yuksalgan va yuksalmagan davrlar bor. Qoshg‘ariy tuzgan kitob ming yil yashagan, yana shubhasiz ming yillar yashaydi. Yassaviy, Navoiy, Bobur yashagan zamonlarda adabiyot abadiyat kasb etgan. Keyin Fitrat aytganidek, Umarxon davri. Nihoyat, yigirmanchi asr boshlanishi va oltmishinchi yillarda ko‘ringan to‘lqin. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan hozirgi kunda yangi bir ko‘tarilish kurtaklari ko‘zga tashlanayapti.
Ikkinchi tomondan, jahon adabiyoti erishgan badiiy mahorat maktabini o‘rganish o‘rniga “chaqqonlik” qilib, “bolta bilan” adabiyot maydoniga kirish kayfiyatida bo‘lgan “ijodkor”lar soni ortib borayotgandek taassurot uyg‘onadi. Buning ustiga, yuzta ijodkorning yuzta kitobini yig‘ib o‘qishga tutinib ko‘ring: barchasi bir rang, bir ohangda. Shaxs qani? O‘zlik qani? Oddiy kishilar, hatto adabiyot muallimlarini qo‘ying, adabiyotshunoslar, Yozuvchilar kitob emas, kundalik adabiy nashrlarni kam o‘qishayapti. Buning natijasida adabiy savod ancha past ekani sezilayapti. Deylik, buyuk Alisher Navoiyning bir g‘azalini o‘qib bahramand bo‘lish (maza qilish, badanning yayrab rohatlanishi) uchun eng avval u nima deyayotganini tushunish kerak. Buning uchun adabiy savod kerak.
YAna bir gap. Yozuvchi ilk qarashda ming yillik “adabiyot do‘koni”da o‘zining odatdagi hunari bilan mashg‘ul. Biroq dunyoda har qanday kasbi-kor (oddiy soatsozning ishi ham) takomillashib boradi. Bizda esa mana shu takomillashuv ochiq-oydin ko‘rinmayapti. Buning uchun davr o‘zgargani, dunyo katta taraqqiyot yo‘lidan borayotganini tushunishga to‘g‘ri keladi. Adabiy merosni tugal tasavvur qilib asrash, jahon adabiyoti maydoniga chiqish singari ishlar ham hali yaxshi o‘rganilmagan. Shu jihatlardan adabiyotning bugungi ahvoli kishini qanoatlantirishi qiyin.
* * *
Aslida har kim o‘z hayotini o‘zi eplashi kerak. Dunyoda ko‘p davlat rahbarlarning ma’naviyat, adabiyot bilan u qadar ishi bo‘lmaydi, deyishadi. Bizda ertangi kunni o‘ylab, mehr bilan qayg‘urib qaralayotgani qadrli. Shaxsan men hech mubolag‘asiz Yurtboshimizning “YUksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobi va bu yil adabiyotni rivojlantirish borasida bildirgan fikr-mulohazalarini chinakam ijtimoiy hodisa deb tushunaman.
“Yozuvchilik — bu oddiy kasb emas, xudo bergan iste’doddir. Bu — qismat, peshonaga yozilgan taqdir. Bu kasbga hech qayerda o‘qitib, o‘rgatib bo‘lmaydi. Yozuvchilikning maktabi ham, dorilfunini ham bitta. U ham bo‘lsa, bir umr hayotning ichida bo‘lish, o‘z xalqi bilan hamdard-u, hamnafas bo‘lib yashash, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmat qilishdir”.
Prezidentning bu so‘zlari faqatgina ijodkorga berilgan baho emas, balki unutilmas yo‘llanma hamdir.
Adabiyot o‘z vazifasini bajarayapti. Ko‘p kitoblar yozilayapti. Bosilayapti. Shuning barobarida ularning bir dastasi tarixdagi yirik shaxslar haqida. YAna bir qismi ziyolilar hayotidan. Boshqa bir dastasi odamlar orasidagi ikir-chikir munosabatlar-u, oilaviy turmushga bag‘ishlangan. Ammo bu asarlarda o‘zini tanigan (ochig‘i, taniy boshlagan) xalq qani? Yurt qani? Bir guruh Yozuvchini to‘plab so‘rang, O‘zbekiston tarixi, ayniqsa, jug‘rofiyasini ulardan necha kishi yaxshi bilarkin? Nahot xalqimizning o‘ziga xosligi faqat mehmondo‘stlik, odob va birovga yaxshilik qilishdan iborat bo‘lsa?
Jahon adabiyotida Yozuvchilar o‘z xalqini har tomonlama mukammal tasvirlab shuhrat qozongan. Biz esa hali xalq hayotiga chuqur kirib borganimiz yo‘q (ba’zi bir she’rlar va hikoyalardagina buni ko‘rish mumkin).
Yurtboshimiz bizga oshkor murojaat qilgandek bo‘ladi: “Barchamizga ayonki, XXI asr intellektual salohiyat, tafakkur va ma’naviyat asri sifatida insoniyat oldida yangi-yangi ufqlar ochishi bilan birga biz ilgari ko‘rmagan, duch kelmagan keskin muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Bugungi murakkab va tahlikali zamonda Yozuvchining bashariyatning ertangi kunini o‘ylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bag‘rikenglikka da’vat etishga qaratilgan haroratli so‘zi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”.
Biz bu so‘zlar mag‘zini chaqib, amal qilishga tayyormizmi?
* * *
Aksar Yozuvchilarni hakimlar (shifokorlar) bilan yonma-yon qo‘ygim keladi. Ikkisi ham insonni davolaydi (yoki davolashi kerak).
YOmon hakim jismni, ruhni parchalaydi. Emiradi. YOmon (haqiqatni, adolatni bilmagan) Yozuvchi kitobxon ruhiga (demakki, jismiga ham) ziyon yetkazadi.
O‘tgan yili bir kasalxonada davolandim. Bilasiz, joni og‘rigan kishi xudoga, shifokorlarga yolvorib, sihatlik so‘raydi. Yiqilib qolganimizda hakimlar bizni oyoqqa turg‘izishadi. Ular bizning salomatligimiz posbonlaridir.
Men yotgan kasalxona doimiy ishlayotgan bir kombinatni, aniqrog‘i, muhoraba kunlaridagi gospitalni eslatardi. Kunmi, tunmi o‘z oyog‘i bilan kelgandan ko‘ra ko‘proq zambilga solingan inson palataga olib kiriladi, boshqasi jarrohlik stoliga yotqizilib, “tayyorlab” olib ketiladi.
Ammo bu yerda boshqa bir kichik holat meni ajablantirdi: deyarli har kuni ertalab bosh hakimlar goh to‘planib, goh ayri-ayri, qo‘l ostidagi davolovchi xodimlar-u, talabalarni ergashtirgan holda palatalarni aylanishadi. Bunga e’tiroz yo‘q. Gap shundaki, ular hech qachon bemorlarga salom berishmaydi. Mabodo yotganlardan kimdir salom bersa, uning salomi ham havoda muallaq qoladi. Ular kinolarda ko‘rsatilganidek biror bemordan hol so‘rab ham o‘tirishmaydi. Qo‘l ostidagilarni dag‘al-dag‘al so‘roqqa tutishadi, xolos.
— Bu haliyam yotibdimi?
— Bunisi qachon kelgan ekan?
— Bunga nima bo‘lgan?
Bemorlar katta mablag‘ sarflab, davolanayotgan hozirgi kunda bunday sovuq muomalani hech bir vaj-karson oqlayolmaydi. O‘sha kasalxonada yotganimda ham, keyin ham bu borada ko‘p o‘yladim. Avvalida ularga birov vaqtida salom berishni o‘rgatmaganmi, degan xayolga bordim, keyin ular xalq bilan gaplashish bobida tarbiya ko‘rmagan, bilmaydi, degan fikrga keldim.
Biz Yozuvchilar-chi? Xalq bilan gaplashishni bilamizmi? Xalq ichiga kirib borish, odamlarning dard-u, g‘ami bilan yashash uchun oldin ular bilan gaplashishni o‘rganish kerak. Ba’zan gazetalarda qaysidir Yozuvchi bilan suhbatni yoki uning maqolasini o‘qiyman, tanishlarim fikr so‘rashadi.
— YOmon emas, — deyman.
— Sizga yoqdimi?
— Nima desamikan?.. Bu har kim gapiradigan gaplar. Yozuvchining quroli til, so‘z. U boshqacharoq so‘zlashga, boshqacharoq yozishga majbur. O‘quvchi undan aniq kuzatishlar, birovnikiga o‘xshamagan gapni kutadi, — deyman dilimdagini yashirmay.
Ba’zan kitobxonlar bilan uchrashamiz. Qaysidir birodarimiz minbarga chiqib nutq irod qiladi. Davradagilar tezda zerikadi. ўala-g‘ovur boshlanadi. Ayrimlar xonani tark etadi. Yozuvchimiz xafa bo‘lib, eshituvchilarga tanbeh berishga tushadi... Men esa uning xalq bilan gaplasha olmayotganini his etaman.
Adabiyot qadimda, insoniyat hali Yozuvni ham o‘rganmagan davrda birovlar bilan ko‘ngillashish ehtiyojidan bunyod bo‘lmaganmikan?! Adabiyot kerak paytda birovlarga ruh bag‘ishlash, kerak paytda birovlarni himoya qilish uchun insoniyatning qalb-qalbidan ochilib, ezgu va qudratli ilk nidolar bo‘lib, yaratilmaganmikan?!
* * *
Sukunat (yoki yolg‘izlik) suronli dunyoda goho odamga kerak ham! Kishi yashash ma’nosini o‘ylash, chor-atrofga osoyishta qarab olish uchun ham bu holatni qo‘msagan paytlar bo‘ladi.
Lekin butun hayotda sukunat xiyonatli, qabih holat.
U — insonning g‘aflat, uyqu bosishidir.
Navqiron o‘n sakkiz yoshga to‘lgan Mustaqillik bizni kamarni mahkam bog‘lab, dadil qadam tashlashga o‘rgatdi.
Bu — bevosita adabiyotga ham tegishli.
Hayot — harakat, adabiyot — suhbat demakdir.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).