OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bag‘rida dunyo yastangan beshik

Ajabo, amerikalik olimlar uyqu paytida og‘zidan so‘rg‘ich tushmaydigan go‘daklar orasida «qo‘qqisdan o‘lish sindromi» 90 foiz kam uchrashini ta'kidlashmokda. Tadqiqotlar AQShning Sog‘liqni saqlash Milliy instituti xodimlari va Kayzer Parmanentlik olimlar hamkorligida olib borilgan. Tadqiqotlar xulosasiga 312 nafar sog‘lom go‘daklar onalari hamda 185 nafar shu yoshda «qo‘qqisdan o‘lish sindromiyaga yo‘liqqan bolakaylarning volidalari bilan qilingan so‘rov asos qilib olingan. Darhaqiqat, so‘rg‘ichlar ushbu bevaqt o‘lim tahdidiga qarshi samarador profilaktik uslub ekanligi tan olindi. Kaliforniyada har 2000 nafar bolaning biri «qo‘qqisdan o‘lish sindromiyaga yo‘liqar ekan. Olimlarning fikricha, agar barcha chaqaloqlar uyqu paytida ham so‘rg‘ichni tark qilmasalar edi, bu ko‘rsatkich har 20000 nafarga birginani tashkil qilar edi. So‘rg‘ichlarning quyidagi afzalliklari olimlar nazdida benazirdir:

- Birinchidan, so‘rg‘ichlarning tutqichlari og‘izga sig‘maydigan darajada kattaligi tufayli chaqaloq to‘shagi yoki yostig‘iga yuztuban yotib qolganda dami ichiga tushib qolishiga yo‘l bermas ekan.

- Ikkinchidan, bo‘sh so‘rg‘ich so‘rish chaqaloqlar bosh miyasidagi nafas olish markazining tezroq shakllanishiga turtki berar ekan. Zero, aynan nafas olish markazining o‘z vazifasini bajarishga barvaqtroq kirishishi murg‘ak go‘daklar hayoti uchun muhim ahamiyatga molikdir.

Umuman olganda, «qo‘qqisdan o‘lish sindromiga quyidagilarning ham sabab bo‘lishi ko‘zda tutilib, onalardan ogohlik talab etilgan:

- chaqaloqning pastga qarab, qorinda yuztuban yotib qolishi;

- onalarning homiladorlik paytida chekishga ruju qo‘yishi (g‘arbda ayollar orasida odatiy holga aylangan bu bad odat, chaqaloq nafas yo‘llarini ham dardga moyil etib qo‘yishi bilan xatarlidir);

- to‘shaklarning vaqtida yangilanmay patogen mikroblar o‘chog‘iga aylanishi va boshqa turli sabablar ham go‘daklar hayoti uchun tahdidli omillardandir.

Chuqurroq mushohada qilib ko‘rgudek bo‘lsak, chaqaloqlardagi «qo‘qqisdan o‘lish sindromiyaga qarshi proflaktik eng samarador uslublardan biri «BYeShIK»dan foydalanish ekanligiga ishonchimiz komil bo‘ladi. Chunki, aynan beshik «Britaniya go‘daklar o‘limini o‘rganish uyushmasi»ning quyidagi talablariga to‘la javob berar ekan:

1. «Qo‘qqisdan o‘lish sindromi» ro‘y bermasligi uchun chaqaloqni albatta chalqancha yotqizib uning harakatini chek-lash imkoni beshikdagina mavjud.

2. Shukrki, chaqaloq oldida tugul, umuman kashandalik bizning yurtdagi onalarga mutlaqo yot. Ammo shunday diqqinafaslikning ham zararini cheklaydigan mo‘‘jaz mikroiqlim beshik yoping‘ichlari ichida yaratilgan.

3. Beshikning ichki iqlimi doimiy harorat mo‘‘tadilligini saqlab, chaqaloqning qizib ketishidek xatarga yo‘l bermaydi.

4. Chaqaloqning jag‘i ostidan bog‘ichlari o‘tqaziladigan bosh kiyimlar chuvalanib bo‘yinni bo‘g‘ib qo‘ymasligi uchun uni hattoki beshik ichida kiydirilishiga hojat ham qolmasligi yana bir xatar oldini oladi.

5. Shuningdek, chaqaloqlarning umumiy to‘shakda ota-onalar bilan yotqizilishi ham goho ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lganligi kuzatilgan. Chunki horigan ona ko‘kragi bola og‘zida qolib yoxud chaqaloqning to‘shakka yuztuban yotib dimiqib qoli-shi ehtimoldan xoli emas. Beshik esa mana shunday ko‘ngilsizliklarga mutlaqo yo‘l bermasligi tufayli dunyo tib allomalariga ham ko‘z-ko‘z etilsa bo‘lgudek ibratligi shubhasiz.

Murg‘ak farzandiga bo‘sh so‘rg‘ich tutishni, bu dunyo aldovlarining ilk ko‘rinishi deb bilgan, donish elim, Beshiklaring bor bo‘lsin, ilohim!

Nuriimon Shifoiy
"Odamlar orasida" gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.