Dunyo haddan tashqari tez o‘tib bormoqda. Men buning sirini unchalik tushunmasdim. Ha, endi vaqt bo‘lgandan keyin o‘tadi-da, deb qo‘yardim. Ammo bir uni otam bilan suhbatlashib o‘tirganimda, bu masalaning yechimini topgandek bo‘ldim. Otamiz kollejda fizika fanidan dars beradilar, shu bois bo‘lsa kerak, deyarli hamma muammoni o‘sha fan orqali yechishga urinadilar. Vaqt nima, deb so‘radilar mendan. Men o‘zimcha aqllilik qilib, «Xolislik sari» dasturida ketgan chiroyli bir hikmatli so‘zni ay-tib qutulgan bo‘ldim: «Faylasuflar vaqt haqida tortisha-tortisha vaqtlarini o‘tkazganlari qoldi, xolos!»
Otam esa menga o‘xshab aylantirib o‘tirmadilar va vaqtning nima ekanligini tushuntira boshladilar: «Maktabda o‘qigansan, uni bilishing kerak: vaqt tezlikning ziddi hisoblanadi. Ya'ni, tezlik qanchalik oshsa, vaqt shuncha kamayadi. Toshkentdan Jizzaxgacha 200 kilometr, yayov yo‘lga tushsang, bir necha kun yurasan, ammo mashinada ikki yarim soatda borasan. Ko‘rdingmi, tezlik oshgani sayin vaqt kamaymoqda.
Hozirgi kundagi vaqtning fayzi ko‘tarilgani ham texnika asriga borib taqaladi. Odamlar mashinalarni, samolyotlarni kashf qilishayoganida, o‘zlaricha: «hamma ishlarimiz bir zumda bitib qoladi va endi bo‘sh vaqtlarimiz haddan tashqari ko‘p bo‘ladi» deb o‘ylagan edilar. Lekin aynan hozir odamlar bir ishni bitirishga vaqt topa olishmayapti. Bo‘sh vaqt tugul, qadimgilar to peshinga qadar bajarib bo‘lgan ishlarni tezkor mashinalarda kechgacha bitira olishmayapti. Demak, o‘g‘lim, vaqt bu - Allohning mahluqoti ekan! Alloh vaqt degan holatni, tushunchani yaratganidan so‘ng, Uning ishlariga bandaning aql yurgizishi o‘ta ahmoqsizlikdir!»
Otamning bu gapi yurak-yuraklarimni ezib yubordi. Chunki shu paytgacha men vaqt Xoliq tomonidan yaratilgan bir narsa ekanligini o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Agar vaqt yaratilgan bo‘lsa, do‘stlar, aqlimiz tomonidan berilgan ko‘pgina xulosalar o‘ta noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Otam menga o‘shanda boshqa bir savolni ham bergandi: «O'g‘lim, mana sen fizikadan yaxshi baxo olgansan. Vaqtning vujudga kelishi, ya'ni yil va kunning paydo bo‘lishi yer sharining quyosh atrofida aylanishiga va yerningo‘zo‘qi atrofida aylanishiga bog‘liq. To‘g‘rimi? Endi savol - Tasavvur qil, yer o‘z o‘qi atrofida aylanishni to‘xtatdi, quyosh yer atrofida aylanishni to‘xtatdi. Shunda vaqt degan tushuncha qayoqqa ketadi? Soat millari aylangani bilan VAQT o‘tadimi yoki yo‘qmi?»
Bu savol meni o‘ylantirib qo‘ydi. Yugurib borib, Qur'oni Karimning ma'nolar tarjimasini ochdim. Ajib holat: Qur'onda Qiyomat haqida gap ketganida, «O'sha Kun» deb eslatilgan edi. Kunlar emas, balki Kun deyilmoqda. Quyosh yer atrofida aylanishni to‘xtatadigan onda endi biz bilmagan, bizning tasavvurotimizdan ancha yuqori bo‘lgan bir Kunda hammamiz to‘planar ekanmiz. Qo‘rqib ketdim. Chunki men «O'sha Kun»ni haqiqiy ma'noda his qilgandim o‘shanda. Keyin esa ABADIYLIK haqidagi o‘ylarimga ham bus-butkul yakun yasadim: Ya'nikim, men VAQTning maxluq ekanini tushunib yetdimmi, demak, ABADIYLIK tushunchasini bir kuni tushunib yetaman. Alloh ta'ologa bu narsa juda ham oson ekanligiga amaliy suratda iymon keltirdim.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, odamlar tomonidan: «Dunyo bevafo, juda ham tez o‘tib ketmoqda!» degan gaplar yangrab qolsa, men ichimda o‘ylayman: «bu odamlar o‘zlari tushunishayotganmikan aytayotgan so‘zlarini?