OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bir munozara tarixi: Xeminguey Folknerdan nega ranjigan edi?

Jahon adabiyotida amerikalik buyuk yozuvchi Uilyam Folknerning 1947 yil aprel oyida Missisipi universiteti talabalari bilan uchrashuvda aytgan fikrlari katta o‘rin tutadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Folknerning aynan o‘sha fikrlari butun bir avlod vakillarining adabiyotga bo‘lgan qarashlarini belgilab berdi. Qolaversa, millionlab kitobxonlar ham yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida badiiy asarni tanlashda Folkner tavsiyasiga beixtiyor amal qilib kelmoqda.

O‘sha uchrashuvda Folkner talabalarning: “Siz besh nafar eng buyuk zamonaviy amerikalik yozuvchilar qatoriga kimlarni qo‘shar edingiz?” degan savoliga javoban Tomas Vulf, Dos Passos, Xeminguey, Steynbek nomlarini sanab o‘tadi va Ernest Xeminguey haqida to‘xtalib: “U hech qachon jasorat ko‘rsatishga urinmagan, hech qachon yupqa muz ustida yurmaydi va hech qachon o‘quvchini biror-bir so‘zning ma’nosini bilish uchun lug‘atga murojaat qilishiga hojat qoldirmaydi”, degan gaplarni aytadi. Ba’zi bir talabalar Folknerning bu so‘zlarini yozib olib, uning qarshiligiga qaramay, o‘sha yili 24 aprelda Oksfordning “Igl”, 11 mayda esa “Nyu-York Herald” gazetalarida o‘sha savol-javobdan parchalarni e’lon qilishadi.

Oradan ko‘p o‘tmay bu gazetalardagi fikrlardan Ernest Xeminguey xabar topadi va qattiq ranjib, do‘sti general Lenxemga murojaat qiladi. O‘zining olovli urushlarda qanday jang olib borgani haqida Folknerga yozib yuborishini undan iltimos qiladi. General Lenxem ham ko‘p o‘tmay Xemingueyning 1944 yil qishda Frantsiyadagi janglarda ko‘rsatgan jasoratiyu, harbiy muxbir sifatida amalga oshirgan favqulodda qahramonligi to‘g‘risida Folknerga yozib yuboradi. Xemingueyning jangavor xizmatlari bayoni uch sahifa bo‘lib, xat so‘ngida bu gaplarni o‘qigandan so‘ng Folknerning Xeminguey haqidagi fikrlari o‘zgarishiga umid bildirilgan edi.

Shu tariqa ikki buyuk yozuvchi, zamondosh va tengdosh ijodkorlar o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga keladi. Tabiatan tanqidni jini suymaydigan Xemingueyning tepa sochi tikka bo‘lsa, odatda, har qanday tanqidlarga beparvo inson sifatida tanilgan Folkner bu gal ham pinagini buzmaydi, gapning ketidan quvmaydi. Lekin do‘sti general Lenxemning xatiga javoban o‘sha uchrashuvda aytgan gaplariga izoh berishga harakat qiladi. Quyida Folknerning shu munosabat bilan general Lenxem va Xemingueyga yo‘llagan xatlarini keltiramiz:

“Hurmatli general Lenxem!

Xatingiz uchun tashakkur bildiraman.

Menga yozib yuborgan gaplaringizni qanday eshitgan bo‘lsangiz shundayligicha qog‘ozga tushirganingiz ko‘rinib turibdi;; lekin gazetada mening gaplarim to‘liq bosilmagan. Chunki men Xemingueyning insoniy fazilatlari haqida emas, balki uning badiiy ijodi xususida fikr bildirgan edim. Qolaversa, uning Ispaniya va boshqa hududlarda bo‘lgan urushlardagi xizmatlaridan yaxshigina xabardorman.

Men aprel oyida Missisipi universitetining ingliz tili va adabiyoti fakulteti rahbariyatining iltimosiga ko‘ra, u yerda ta’lim olayotgan talabalar bilan uchrashdim va ularning adabiyot hamda ijod haqidagi savollariga javob berdim. Bir guruh talabalar mendan Amerikaning zamonaviy buyuk yozuvchilariga baho berishimni so‘rashdi. Men ularga bu savolga hech kim aniq javob berolmasligini tushuntirishga urindim. Lekin ular javob berasiz, deb qattiq turib olishgach, o‘z tengdoshlarim, ya’ni men bilan baqamti qalam tebratib kelayotgan yozuvchilar ijodiga baholi qudrat baho berishga harakat qildim. Vulf, Dos Passos, Xeminguey, Kolduellning nomini sanadim va fikrimcha, bizlar hammamiz mag‘lubiyatiga uchraganmiz (hech qaysimiz Dikkens, Dostoevskiy, Balzak, Tekkerey va boshqalar chiqqan yuksaklikka ko‘tarila olmadik, degan ma’noda) dedim.

Eng go‘zal mag‘lubiyat esa Vulfga tegishlidir, chunki u ichimizda eng jasoratlimiz edi. U o‘zini tumtoq va jumboqli, achinarli va zerikarli hamda dag‘al uslubda yozishda ayblashlaridan aslo qo‘rqmadi, aksincha, unga tanqidchilarning uncha-muncha munosabatlari chikora edi! Shuningdek, ikkinchi o‘rinda uslub nuqtai nazaridan tavakkal qilishdan qo‘rqmagani uchun Dos Passos nomini sanadim. Keyin esa boshqalar kabi o‘zini xavf-xatarga tashlab, so‘zamollik, zerikarlilik va murakkab yozishdan tiyilgani uchun Xemingueyni sanab o‘tdim.

Albatta, bu kabi fikrlarimni batafsil tushuntirishga harakat qildim. Menda tayyor matn yo‘q edi, shuning uchun tayyorgarliksiz, norasmiy va “matbuot uchun emas-ku”, degan ma’noda gapirdim. Mening fikrlarim matbuotda e’lon etilganini esa sizning xatingizni o‘qigandan keyin bildim va keltirilgan ko‘chirmalardan amin bo‘ldimki, aytgan gaplarim jiddiy o‘zgartirilib, qisqartirilib bosilgan ekan.

Bundan judayam afsusdaman. Bu xatning bir nusxasini izohi bilan Xemingueyga ham jo‘nataman. Agar ayni anglashilmovchiliklarni qayta to‘g‘rilash imkoni tug‘ilsa, albatta, to‘g‘rilayman.

Yana bir karra xatingiz uchun tashakkur bildiraman”.

 

“Qadrdonim Xeminguey!

Yo‘l qo‘yilgan anglashilmovchilikdan afsusdaman.

Men ushbu, shunchaki norasmiy, matbuot uchun mo‘ljallanmagan uchrashuv tufayli ikki yuzu ellik dollar pul ishladim va albatta, fikrlarimni chop etishlaridan oldin ko‘z yugurtirib chiqishim kerak edi. Uzoq yillar mobaynida bir narsaga iqror bo‘ldimki, bizning barcha fojia va kulfatlarimiz sababi — insoniy nutq va so‘zamolligimizdir. Men endi aynan shu xunuk odat — vaysaqilikdan qutuldim, deb o‘ylayman. Ehtimol, bu men uchun so‘nggi saboq bo‘lgandir.

Siz o‘sha fikrlarga jiddiy ahamiyat bermasligingizga judayam ishonaman. Agar mabodo yillar o‘tib, bunday hol yana ro‘y berib qolsa, marhamat qilib mening uzrimni oldindan qabul qilishingizni so‘rab qolaman. Samimiyat bilan

Folkner”.

Bu xat bilan birga Folkner Xemingueyga o‘zining general Lenxemga yo‘llagan maktubini ham qo‘shib jo‘natadi. Shuni ta’kidlash lozimki, Folkner hech bir xatida aytgan fikrlaridan tonmaydi va har gal noaniqliklarga yo‘l qo‘yadi. Chunki Folknerning o‘zi ta’kidlaganidek, unga bunday insoniy vaysaqiliklar yoqmaydi.

Umuman, adabiyot haqida Folkner boshqacha, Xeminguey boshqacha o‘ylaydi. Ularning bu boradagi fikrlari mutlaqo bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Hatto Folkner bir xatida ming afsus bilan o‘zining inson sifatida tarixdan butunlay o‘chib ketishini ta’kidlaydi va kitoblaridan boshqa hech qanday xotira qoldirmaslikni istayotganini yozadi. Shuningdek, uning rasmga tushishga va o‘zi haqida yozma ma’lumotlar qoldirishga butun umr qarshilik qilib yashagani ma’lum. Folkner so‘nggi suhbatlaridan birida hatto: “Mening barcha o‘y-qarashlarim va intilishlarim bir narsaga qaratilgan — umrim adog‘ida hayotim mohiyatini ifoda etguvchi va alal-oqibatda qabr toshiga yozuv hamda marsiya bo‘lajak bittagina gap: “U kitoblar yozdi va o‘ldi” degan bitik qolishidir”, deydi. 1949 yili esa u: “Ming afsuski, bundan o‘ttiz yil oldin men hali kelajakni ko‘ra olmagan ekanman, xuddi yelizavetinliklar kabi yozgan narsalarimga imzo va ism qo‘ymasligim kerak edi”, deb yozadi.

Bular Folknerning xatlaridan keltirilgan parchalar. Folkner ijodi bilan yaqindan tanishgan odam uning qat’iy hayotiy va yozuvchilik printsiplariga amal qilganiga amin bo‘ladi. Masalan, folknerona falsafaning o‘q ildizi — insonning mag‘lubiyatga uchrashi va shunga qaramay olg‘a intilib, oxir-oqibatda g‘alaba qozonishi. U mag‘lubiyat deganda aslida muvaffaqiyatni nazarda tutadi. Shu ma’noda, Folknerning tarixda faqat kitoblar qoldirishni istashi ham uning botiniy xohishidan kelib chiqadi. Chunki adib ba’zi uchrashuvlarida kitobga faqat kitob sifatida qarashini, ko‘pincha uning muallifi bilan umuman qiziqmasligini aytgan. Bir uchrashuvda Dostoevskiy kim ekanini aniq bilmagan yozuvchi, uning kitoblarining nomini aytib, shu kitoblar men uchun dasturilamal bo‘ldi, deydi.

Folknerning buyuk yozuvchilar haqidagi fikrlari ham nisbiy ekaniga shubha yo‘q. U zamonasining buyuk besh yozuvchisi qatoriga bir o‘rinda Jon Steynbekni qo‘shsa, keyingi o‘rinlarda u yozuvchi emas, bor-yo‘g‘i reportyor deyishgacha boradi. Vaholanki, Jon Steynbek ijodi ham Folkner asarlari qatorida adabiyot ixlosmandlari qo‘lidan tushmay kelyapti. Uning “Javohir” nomli qissasi va romanlari adabiyotshunoslar tomonidan allaqachon yuqori baho olgan.

Xeminguey yozuvchining yutug‘ini hammaga tushunarli tilda yozishda, deb biladi. Uning printsipi — “Faqatgina o‘zing yaxshi o‘rgangan, yaxshi biladigan narsalar haqida yozish”, “yozganda ham samimiy va rost yozish” hamda “tasvirlangan holat inson qalbini o‘rtab yuborsin, voqelikni baholashiga yordam bersin, o‘quvchi boshidan kechirgan voqelikning bir qismiga aylanib qolsin”, degan hammaga tushunarli va sodda so‘zlarda ifodalangan. Folkner esa, o‘z romanini uch marta o‘qib tushunmagan odamga uni to‘rtinchi marta o‘qishni maslahat beradi.

Gap o‘tgan asrning ikki buyuk yozuvchisi o‘rtasidagi munosabat haqida borar ekan, yuqoridagi fikrlardan aslo ular bir-biriga yomon munosabatda bo‘lgan ekan-da, degan xulosaga kelmaslik kerak. Xeminguey Folkner ijodini qadrlaganidek, Folkner ham Xemingueyga yuqori baho bergan. Hatto Folkner Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasi chop etilgandan keyin bu asar “hammamizning, men va zamondoshlarim yozgan barcha asarlar ichida eng yaxshisi ekanini vaqt ko‘rsatadi”, degan fikrlarni aytgan.

Biz adiblardan qaysi biri haq, degan masalaga oydinlik kiritishni maqsad qilganimiz yo‘q va bunga hech qanday hojat ham yo‘q. Har ikkala buyuk yozuvchining insoniy fazilatlarini ochib beruvchi bu bahs tarixidan gazetxonni xabardor qilib, munozaraga o‘zimizning munosabatimizni bildirdik, xolos.

Alisher Shoyimov

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 37-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.