Jahon tarixida yorqin iz qoldirgan ulkan qahramonliklar Vatanni bosqinchilar asoratidan ozod etib, elu yurtni mustamlaka zulmidan xalos etishda yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘z xalqining daho xaloskori sifatida dovruq qozongan sohibqiron Amir Temur bobomiz shunday tabarruk siymolardan hisoblanadi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning yaqinda “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan “Amir Temur siymosi” nomli ilmiy badiasida Amir Temurning butun jahon e’tiborini tortgan ulug‘ zafarlari, buyuk sohibqironning shaxsiyati qiziqarli syujet, puxta o‘ylangan kompozitsiya, ilmiy tafakkur orqali jozibali tasvir etilgan.
Quyida ana shu kitobdan bir kichik bobni mushtariylarimiz e’tiboriga havola qilmoqdamiz.
Yevroosiyo deb atalgan ikki buyuk qit’ani bir yarim asr davomida zir titratgan Oltin O‘rda va chingiziylar imperiyasi Turon sultoni Amir Temurning o‘ttiz yil davomida bergan qaqshatqich zarbalaridan nest-nobud bo‘lgani butun dunyoning e’tiborini tortdi. Ayniqsa, uning qahraton qish kunida besh oy cho‘lu biyobonlar osha yo‘l bosib borib, To‘xtamishning son jihatidan ustun bo‘lgan qo‘shinini Oltin O‘rda hududida tor-mor qilgani nafaqat osiyoliklar, balki yevropaliklarni ham hayratga soldi. Osolnlikcha jon bermaydigan zolimlar imperiyasi to‘rt yil o‘tgach yana kuch to‘plab qaytadan maydonga tushganda, Amir Temur Kavkaz tog‘lari orqali o‘tib, Kaspiy dengizi sohilidan qo‘shin tortib kelgani hamda To‘xtamish lashkarini Terek daryosi bo‘yida uzil-kesil yakson etgani butun dunyoni lol qoldirdi. Bu afsonaviy g‘alabalar ingliz dramaturgi Kristofer Marloning Amir Temurga bag‘ishlab bir emas, ikkita sahna asari yaratishiga sabab bo‘ldi. Bu asarlarga quyidagicha uzun nom beriladi: “O‘zining ko‘z ko‘rmagan va quloq eshitmagan zafarlari bilan buyuk va qudratli hukmdor darajasiga yetgan, hamda janglarda raqiblariga solgan dahshati va shafqatsizligi tufayli xudoning g‘azabi deb nom olgan Amir Temur tarixi”.
Marlo o‘zi ko‘rmagan va uzoq Angliyada yashab xayolan tasavvur etgan voqealar tasvirida haqiqatdan yiroq uydirmalar ham bor, bu haqda biz kitobning keyingi qismida batafsilroq yozamiz. Ammo bu yerda mashhur ingliz dramaturgi Amir Temurni buyuk va qudratli hukmdor deb atagani, uning g‘alabalarini ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan mislsiz zafarlar deb ta’riflagani haqiqatga mos keladi.
Marloga uzoqdan afsonaviy qahramon va xudoning g‘azabidek shafqatsiz bo‘lib ko‘ringan Amir Temurni boshqa bir yevropalik ziyoli inson yaqindan kuzatib, u haqda iliq xotiralar yozib qoldirgan.
Asli italiyalik bo‘lgan va Sultoniya xristianlarining yepiskopi lavozimida xizmat qilgan Ioann Grinlo nomli ruhoniyning Parijda mashhur Luvr kutubxonasida saqlanayotgan esdaliklari bor. Unda Ioanning Amir Temur bilan Sultoniyada qanday uchrashganlari, sohibqironning ishonchini qozonib, uning elchilari qatorida Parijga borgani va Frantsiya qiroli bilan muzokaralar o‘tkazgani haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Yepiskop Ioann bir qancha vaqt Amir Temur qarorgohida yashaydi va uning hayot tarzini yaqindan kuzatib quyidagilarni yozadi: “Temurbek sharob ichmaydi, qimizni va yosh toychoq go‘shtidan qilingan qazini, guruchli taomlarni yaxshi ko‘radi... Uning yana bir odati — xushbo‘y atirlarni yoqtiradi. Unga dunyoning turli mamlakatlaridan nodir atirlar, iforlar sovg‘a qilib keltirishadi. Uning shohona chodiriga yaqinlashganingizda xushbo‘y ifor hidlar dimoqqa uriladi.
Temurbek juda didli va jozibali yigit bo‘lgan ekan. Hozir yoshi oltmishdan oshgan bo‘lsa ham uning o‘sha didi va jozibasi saqlanib qolgan. Suhbatdoshini ohanraboday o‘ziga tortuvchi so‘z va muomala bilan har qanday odamni rom qiladi...
Temurbekdek mustahkam xotiraga ega bo‘lgan kishi dunyoda kam topilsa kerak. Xotirasining behad mustahkamligidan o‘n minglab beku navkarlardan har birining ismini biladi, otini aytib buyruq beradi. Bu hol beku navkarlarning unga hurmat va sadoqatini oshiradi.
Temurbek o‘z navkarlari safida sovut kiyib jangga kiradi, o‘limdan qo‘rqmaydi”.
Yepiskopning bu xotiralari o‘zbek tiliga J.Hazratqulov tomonidan tarjima qilingan va “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1995 yil 23 iyun sonida chop etilgan.
Yepiskop Ioann Amir Temurning o‘ta saxovatli va kechirimli inson bo‘lganini maxsus ta’kidlab so‘zida davom etadi: “U Ispaniya qiroliga elchi yuborganida, shunchalik ko‘p qimmatbaho narsalar sovg‘a etdiki, ularni ko‘tarib borish uchun yigirmatacha xachir kerak bo‘ldi. Temurbek, jumladan, nasroniy kanizaklardan bo‘lmish ikki go‘zal qizni ham elchi vositasida Ispaniya qiroliga jo‘natadi”.
“Temurbek olimu ulamolarni, shoirlarni behad hurmat qiladi, sababi — uning o‘zi olim va donishmand edi”.
Yevropalik diyonatli bir odamning yuqorida keltirgan hamma ta’riflari asosli ekanini Sohibqironning umr bo‘yi qilgan xayrli ishlari, yaratib qoldirgan ulkan madaniy merosi, adolat va haqiqat uchun olib borgan kurashlari, “Temur tuzuklari”day o‘lmas asari tasdiqlab turibdi.
Masalan, u To‘xtamish ustidan ikkinchi marta g‘alaba qozonib vatanga qaytganda “har bir viloyatga bir yaxshi kishini yubordiki, ra’iyat ahvolidan xabardor bo‘lg‘ay va har viloyatdakim, faqiru miskin va darveshu mustahaqi bo‘lsa, yillik oziq, kiyim, kafsh va etik, fo‘ta va dastor bersinlar”.
Amir Temurning adolatparvarligi va xalqparvarligi, ayniqsa, ra’iyat deb ataladigan oddiy odamlarni, yordamga muhtoj miskinlarni, zolimlardan jabr ko‘rgan mazlumlarni o‘z himoyasiga olishi uning eng olijanob insoniy fazilatlaridan edi.
Ayni vaqtda, Sohibqiron obodonchilik va bunyodkorlik ishlariga vaqtini ham, mablag‘ini ham ayamasdi.
1397 yilning bahorida u Chinoz va Toshkent orqali Turkistonning Yassi mavzesiga Ahmad Yassaviy qabrini ziyorat qilishga boradi. 1391 yilning qish kunida To‘xtamishga qarshi qo‘shin tortib borayotganida ziyoratgoh hovlisidagi quduqdan shifobaxsh suv ichgani va o‘shanda ko‘ngliga tukkan niyati uning yodida turgan edi. Shu niyatni ro‘yobga chiqarish uchun usta muhandislarni chorlab, Ahmad Yassaviy qabri ustiga ulug‘vor maqbara qurishni buyuradi.
Tarixiy manbalarda bu haqda shunday deyiladi:
“Farmoni oliy bunyod bo‘ldi: maqbaraning gumbazini shunday bunyod etsinlarki, ich tomonidan aylanasi bir yuzu o‘ttiz gaz bo‘lsin... Gumbazning qutri (diametri) qariyb qirq bir gaz bo‘lishi kerak, devorlar balandligi ham shunga mutanosib ko‘tarilmog‘i kerak. Devorlari va qubbasi rangli koshinlar bilan bezatilsin...
Qabr ustiga qo‘yish uchun Tabrizdan nodir marmartosh keltirilsin. Eshiklarni yetti xil ma’dan qotishmasidan yasasinlar. Qurilishni yakunlash Mavlono Sadr Ubaydullaga topshirilsin”. Buyruqqa binoan maqbara qurilishi bir yilda tugadi.
Yassi shahri joylashgan cho‘l joyga qurilishning koshinu marmari Samarqanddan tashib keltiriladi. Lekin bu olijanob ishga shuncha katta kuchlar va zo‘r ustayu muhandislar safarbar etiladiki, Ahmad Yassaviy maqbarasining bugun ham bepoyon cho‘llar sathida osmonga bo‘y cho‘zib turgani butun dunyodan kelib-ketayotgan sayyohlarni lol qoldiradi.
Shunday ulug‘vor, go‘zal va mustahkam qilib qurilgan Yassaviy maqbarasi Amir Temur himmati bilan bir yilda bunyod etilgani kishiga mo‘jizadek tuyuladi.
Shunga o‘xshash yana bir mo‘jiza Ohangaron daryosining Sirdaryoga quyiladigan xushmanzara joylarida qad ko‘targan qadimiy shahar — Binokentning taqdiriga oiddir. Bu qadimiy shaharni Chingizxonning vahshiy lashkarlari tag-tugigacha vayron qilib, butun aholisini qirib tashlagan va inson yashamaydigan vayronaga aylantirgan edi. Amir Temurning buyrug‘i bilan bu shahar yangidan bunyod etildi, orasta imoratlar qurilib, unga atrofdan oilalar ko‘chirib kelindi, go‘zal bog‘-rog‘lar paydo bo‘ldi, shahar atrofi mustahkam qo‘rg‘on bilan o‘rab olindi. Buning hammasidan mamnun bo‘lgan sohibqiron kenja o‘g‘li Shohruh Mirzoga katta ishonch bildirib, shaharga Shohruhiya nomini berdi.
Tarixdan ma’lumki, Shohruh Mirzo ulug‘ valine’matining bu ishonchini oqladi, otasining o‘limidan keyin uning buyuk saltanatini inqirozdan saqlab qoldi va yana 45 yil bu saltanatni adlu insof, aqlu farosat bilan boshqardi.
* * *
Amir Temur butun dunyoni xudoning mulki deb bilardi. Uning e’tiqod qo‘ygan Piri komili Tayobodiy Sohibqironga yozgan maktubida “Parvardigorning mulkida adolatli ish tutgilkim, mamlakat kufr bilan turishi mumkin, lekin zulm bor yerda turolmaydi”.
Amir Temur doim bu nasihatga amal qiladi. Uning e’tiqodi bo‘yicha, boshqa mamlakatlar ham bir Xudoning mulki hisoblanadi. “Xudoning mulkini zolimlar, bid’atchi munofiqlar qo‘lidan tortib olib adolat o‘rnatish uchun belga himmat kamarini bog‘ladim” — deyiladi “Temur tuzuklari”da. — Biron mamlakatda jabr-zulm, fisq-fasod kuchayib ketarkan, asl podsholar zulm va fisq-fasodni yo‘qotish va adolat o‘rnatish uchun o‘sha mamlakatga ... borishlari lozim”.
Amir Temur mana shu e’tiqodga asoslanib, chingiziylar mustamlakaga aylantirgan Oltin O‘rda hududlaridagi qator o‘lkalarni zolimlar asoratidan ozod qildi. Keyinchalik Tabriz va Bag‘dodni Ahmad Jaloir degan zolimning zulmidan xalos etdi. Qora Yusuf degan yo‘lto‘sar zolim hajga boradigan karvonlarni talaydi, begunoh hojilarni o‘ldiradi. Amir Temur uning qo‘shini bilan jangga kirishib, Qora Yusufni mag‘lub etadi. Sohibqiron bu qaroqchini qo‘lga tushirib jazosini bermoqchi bo‘lganda, Qora Yusuf o‘z odamlari bilan Turkiya podshosi Yildirim Boyazidning dargohiga borib himoya topadi. Tabrizda juda ko‘p jabru zulm va talonchiliklar qilgan Ahmad Jaloirni ham Boyazid o‘z himoyasiga oladi. Sohibqiron Boyazidga elchilar yuborib, bu zolim va talonchilarni o‘ziga topshirishni talab qiladi.
O‘sha kezlarda salb yurishlariga qarshi urushib, Yevropada katta g‘alabalarga erishgan Boyazid Amir Temurni pisand qilmaydi va uning haqli talabini bajarmaydi. Bunga boshqa kelishmovchiliklar ham qo‘shilib, ikki orada nizo chiqadi.
Bu nizodan salb urushida mag‘lub bo‘lgan va endi najotni Amir Temurdan izlayotgan g‘arb davlatlari ustalik bilan foydalanadilar. Amir Temur Sultoniyada ekanida uning huzuriga Ispaniya va Frantsiya elchilari kelib, iqtisodiy hamkorlik qilishni taklif etadilar.
Amir Temur ham Frantsiya va Ispaniyaga o‘z elchilarini yuborib, ular bilan yaxshi aloqa o‘rnatadi, savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yish, Yevropadan Eron va Markaziy Osiyo orqali Xitoy va Hindistongacha boradigan Ipak yo‘lini qayta tiklash to‘g‘risida kelishib oladilar. Ammo bu rejaning amalga oshishiga Yildirim Boyazidning bosqinchiliklari katta g‘ov bo‘lib turar edi.
Boyazid qo‘shinlari Bosfor bo‘g‘ozini va Konstantinopol shahrini qamal qilmoqda edi. Bu hodisa ham Yevropa bilan Sharq mamlakatlarining savdo-sotiqni rivojlantirishlariga to‘siq bo‘lib turardi.
Konstantinopol shahri o‘zi alohida davlat hisoblanardi. Uning Manuel ismli qiroli bir emas ikki marta shaxsan o‘zi Sultoniyaga, Amir Temur huzuriga qimmatbaho sovg‘alar bilan kelib, Boyazid qamalidan qutulishida yordam berishini o‘tinib so‘raydi.
Yildirim Boyazid bosib olgan yerlarida butun-butun el-yurtlarga jabr-zulm o‘tkazayotgani haqida Amir Temurga o‘sha yoqda ish olib borayotgan o‘z maxfiy odamlari ham juda ko‘p axborot yuborib turadilar.
Zulmga qarshi kurashni o‘zining burchi deb bilgan va Yevropa yerlarini ham bir xudoning mulki deb hisoblagan Amir Temur avval Yildirim Boyazidga yotig‘i bilan maktublar yozib, uni adolat yo‘liga qaytishga undab ko‘rdi. Ammo bundan hech natija chiqmadi. Amir Temurning oxirgi maktublariga Boyazid haqoratomuz so‘zlar bilan javob berdi va “Kimki jang qilishdan bosh tortsa xotinlari taloq bo‘lsin!” degan qo‘pol iboralarni yozib yubordi.
Shundan keyin Amir Temur ikki yuz ming qo‘shinga bosh bo‘lib, o‘z lashkarlari uchun eng qulay joyni Anguriya (hozirgi Anqara) atroflaridan topdi. Sarkardalik dahosi va adolat yo‘lidagi pok niyat bu gal ham Sohibqironga olamshumul g‘alaba keltirdi.
Jang oxirida Yildirim Boyazid asir olindi. Ingliz dramaturgi Kristofer Marlo ortiq darajada fantaziyaga berilib, Amir Temur Boyazidni temir qafasga solib olib yurganini, uning o‘g‘illari ham asirga olinib, ot o‘rniga aravaga qo‘shilgani va to‘rt oyoqlab arava tortganini tasvirlaydi.
Holbuki, Amir Temur kasalmand Boyazidga nisbatan olijanob munosabatda bo‘ladi. Unga o‘z chodiri yonidan ipak bilan sirilgan maxsus chodir o‘rnattiradi.
Boyazidning katta o‘g‘li Sulaymon Chalabiy Amir Temurga elchi yuborib, uning xizmatida bo‘lmoqchi ekanini bildiradi. “Sohibqiron lutfu karamidan qaysarzodaga oltin kamar bilan Asqariya viloyati hokimligini berib, ol tamg‘a bosib yorliq yubordi. Va inisi Iso Chalabiydan ham Qutbiddin otliq bir kishi elchilikka keldi. Anga dag‘i lutf va marhamat qildi”.
Amir Temurga dushmanlik ruhida yozilgan ayrim hikoyatlarda go‘yo Boyazidning xotinlari va qizlari sharmandali ahvolga solinib, xor qilingani aytilgan.
Bu — tuhmat edi.
Aslida Amir Temur ayollarga hech vaqt bunday munosabatda bo‘lmagan. Boyazidning xotin va qizlarini Shayx Nuriddin Bursada asir olib, Amir Temur huzuriga keltiradi. Shunda sohibqiron “Boyazidning xotunini va qizlarini kishi-qarollari bila Yildirim Boyazid ixtiyoriga qaytardi” deyiladi Yazdiy “Zafarnoma”sida.
Albatta, g‘oliblar Bursadagi xazinalarning oltin va javohirlarini qator-qator tuyalar va aravalarga ortib olib ketadilar. Bu boyliklarning katta bir qismi ikki yuz ming kishilik g‘olib lashkarning beku navkarlariga mukofot tarzida ulashiladi. Qolgan qismlari Samarqandga olib kelinadi.
Amir Temur Boyazid ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa ham, Turkiyani o‘z mustamlakasiga aylantirmaydi. Bu mamlakatga o‘z o‘g‘il va nevaralaridan birortasini podsho yoki hokim qilib qo‘ymaydi. Balki Turkiya boshqaruvini yana o‘sha Usmonlilar sulolasi ixtiyorida qoldiradi. Faqat endi siyosat tubdan o‘zgaradi. Turkiyaning Amir Temur tayin etgan yangi hukmdorlari Yevropa mamlakatlariga qarshi diniy g‘azotni to‘xtatadilar. Nikopolda asir tushgan salb yurishi ishtirokchilari ozod qilinadi. Eng muhimi — Konstantinopol shahri va Bosfor bo‘g‘ozining turklar tomonidan qamal qilinishi ellik yilga to‘xtatiladi.
Shu tarzda G‘arb bilan Sharq yarim asrga bo‘lsa ham o‘zaro adovatni to‘xtatib, adolat va hamkorlik yo‘liga kiradi. Buyuk Ipak yo‘li qayta tiklana boshlaydi.
Amir Temurning Turkiyada erishgan g‘alabasi butun dunyoni qoyil qoldiradi. Angliya, Frantsiya, Ispaniya qirollari uni bu mislsiz ulkan g‘alaba bilan qayta-qayta tabrikladilar. Shu g‘alaba natijasida Amir Temurni “Yevropaning xaloskori” deb ulug‘laydigan odamlar paydo bo‘ldi. Ular hatto Amir Temurga oltindan kichik haykal yasab, uni shu ajoyib so‘zlar bilan bezaganlari hujjat sifatida bizgacha yetib kelgan.
Frantsuz olimi Lyusen Keren quyidagi e’tiborga loyiq bir faktni keltiradi:
“Yaqinda Jerar Valter va Marsel Brion Amir Temurni o‘zlarining “Asrlar yodgorligi” degan asarlariga qahramon qilib tanlashdi va Amir Temurni “XV asr taqdirini hal qilgan inson” deb atashdi”.
Haqiqatdan ham XV asrning oxirida va XV asrning boshida butun dunyoning yirik qadamlar bilan olg‘a ketishida Amir Temurning qahramonona faoliyati hal qiluvchi mavqe’ini egalladi.
XV asrda dunyo tushunchasi hozirgiday keng va katta emas edi. U paytda hali har ikki Amerika qit’asi, Avstraliya, Markaziy Afrika, Okeaniya orollari kashf etilmagan edi. U zamonning odamlari dunyo deganda Yevropani, Osiyoni va Afrikaning shimolidagi Misr kabi mamlakatlarni nazarda tutar edilar.
O‘sha davr nuqtai nazaridan qaraganda Amir Temur Yevropa va Osiyoning eng katta qismini egallab olgan Chingizxon imperiyasining jabru zulmidan, avvalo, o‘z vatanini, so‘ngra Xuroson, Eron, Ozarboyjon, Rossiya, Ukraina kabi mamlakatlarni xalos qilgani chindan ham uning XV asr taqdirini ijobiy tomonga qarab o‘zgartira olgan ulug‘ siymo bo‘lganini ko‘rsatadi. Buning ustiga Bolqon va boshqa Yevropa mamlakatlarini Yildirim Boyazid tajovuzlaridan qutqargani uning XV asr taqdirini hal qilgan daho inson bo‘lganini yana bir bor isbot etadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 37-sonidan olindi.