Oldingi maqolalarimizda (“Farhodning tashrifi”, “To‘rt qasr tarhi”, “O‘zAS”, 2012 yil, 20-yanvar va 8-iyun sonlari) hazrat Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni ilk boblari, Farhodning tug‘ilishi, tarbiya olishi hamda asardagi to‘rt qasr va undagi ravzalar tasviriga doir fikr-mulohazalarni bayon etgandik. Quyida mazkur dostonga doir kuzatuvlarimizni davom ettirib, Farhodning xoqonlik xazinasida sandiqda saqlanayotgan ko‘zguni ko‘rib qolishi, uning tilsimini ochish niyatida Yunon mulkiga otlanishi, safar davomida to‘rt manzilda to‘siq va g‘ovlarga duch kelishi bilan bog‘liq voqealar talqinini sharhlashga urinib ko‘rmoqchimiz.
Xo‘sh, Farhod ko‘rib qolgan bu ko‘zgu qanday ma’noni anglatadi va mazkur doston syujetiga u nima maqsadda olib kirilgan? Nega ko‘zguda dastlab hech narsa ko‘rinmaydi? Farhodning ko‘zgu tilsimini ochish uchun Yunon safariga chiqishining mohiyati nimada? Mo‘‘tabar manbalarda ko‘zgu ko‘ngil timsoli va ramzi sifatida talqin qilingan, ma’naviy quvvat, e’tiqod va zavq manbai, ilohiy ma’rifat oynasi va jilvagohi hisoblangan. Ilohiy nur jilva qilishi uchun dil oynasini gard-g‘ubordan tozalash kerak, deyiladi. “Farhod va Shirin” dostonida ham ko‘zgu qalb va ruh olamiga yo‘l topilib, Farhodning basirat va aql-idrok ko‘zi ochilganiga ishoradir. Lekin dastlab ko‘zgu tilsimi yechilmagani bois Farhod ko‘zguga qaraganda unda hech narsa aks etmaydi. Buning sababi shuki, tilsim sir-asroridan voqif bo‘lish uchun to‘rt manzil hamda ulardagi to‘siq va g‘ovdan oshib o‘tilishi kerak:
Burung‘i manzil ichra ajdohoe,Yaratqon tengri qahridin baloe.Ikinchi manzil ichra Ahraman bil,Anga bedodu ofat da’bu fan bil. Uchunchida tilismi bul-ajab soz,Bu ikkidin dog‘i mushkilrak ul roz.Bu uch manzildin o‘tkorgonga mahmil,Deyilgon tog‘ erur to‘rtinchi manzil.Navoiyshunos olim Najmiddin Komilovning “Farhod va Shirin” dostoniga bag‘ishlangan tadqiqotida ajdahoni nafs, Ahraman dev saltanat(hokimlik) va temir paykar ro‘yo-yolg‘on timsoli sifatida talqin etilgan. Bu talqinga qo‘shilgan holda, to‘rt manzil deganda asosan nafs, qalb, ruh va aql nazarda tutilganini ham diqqatdan qochirmaslik kerak. Manbalarda qayd etilishicha, odamzot vujudini shu to‘rt asos tashkil etadi va ularni bu dunyo manzilidan toza va pok holda olib o‘tish buyurilgan. “Nekim ollimg‘a yozmish kilki taqdir, manga yo‘qtur ani ko‘rmakka tadbir”, deydi Farhod.
Yana Suhayloning asar syujetiga kirib kelishidan bilamizki, Farhodga bu manzillardan o‘tishi uchun murabbiy va rahnamo bo‘lmasa, u o‘z oldidagi to‘siqlarni o‘z-o‘zicha yengib o‘tishga qodir emas. Suhaylo ham Farhodsiz biron natijaga erisha olmaydi. Suhayloning so‘ziga qaraganda, Farhoddan oldin ham ko‘plar bu tilsim sirini ochishga uringan, lekin barcha harakatlari zoe ketgan, ya’ni tilsim sirini ochish ularga nasib etmagan. Shuning uchun u tilsimni ochadigan Farhodni besh yuz yildan beri kutadi va uning tashrifidan behad quvonadi. Suhaylo to‘siq va g‘ovlarni faqat dard vositasida yengib o‘tish mumkinligini bilgani uchun dard yo‘liga ko‘z tikib o‘tiradi.
Manbalarda “tazkiyat un-nafs” — nafsni poklashga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bois ularda nafs, qalb, ruh va aql istiloh sifatida tadqiq etilib, har birining tarkibi, tuzilishi, maqomi va vazifasi xususida ilmiy sharhlar berilgan. Farhodning dastlabki manzilda ajdahoni mahv etishga chog‘lanishi ramziy ma’no kasb etib, nafsni poklash birlamchi vazifa sifatida yuzaga chiqadi. Navoiyning maqsadi ilmiy sharh berish bo‘lmagani uchun nafs, qalb, ruh va aql to‘g‘risidagi o‘z qarashlari va ilmiy xulosalarini doston badiiyatida aks ettiradi.
Farhod Suhaylo ta’limi va ko‘rsatmalariga tayangan holda ajdahoni qatl etishni uddalaydi. Shundan ham bilish mumkinki, dard bo‘lgan taqdirda nafs ajdahosini yengib, ma’naviy poklikka erishiladi. Ajdaho aslida qandaydir olis dashtda yoki g‘orda emas, balki g‘ofil bandaning vujudi-g‘orida yotadi, uni qo‘zg‘atib, bezovta qilish uchun dard zarur. Suhaylo uchun Farhodning kelishi ayni muddao edi, u yechimi topilmay turgan jumboqqa yechim topadi va unga yo‘l ochiladi. Jaloliddin Rumiy ichimizda hirs va hoyu havaslardan iborat “but”larimiz borki, ular bizni o‘ziga bo‘ysundiradi, ular xizmatidan qutulish mushkul, deydi. Abu Homid G‘azzoliy nafsni eng zararli dushman, uni muolaja qilish eng og‘ir ish, chunki nafs ichkaridagi dushman, dushman bo‘lganda ham mahbub tutilgan dushmandir, chunki odam o‘z mahbubining aybini ko‘rmaydi va unga e’tibor qaratmaydi, degan fikrni bildiradi. Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonidagi bir hikoyatda keltirilishicha, dil badan mulkida suvoriy, nafs iti unga mulozim, suvoriy ov uchun ot sursa, it ham unga qo‘shilib yuguradi, dil gohida jonondan o‘lja olsa, nafs iti undan shu o‘ljani tortib oladi. Kim shu itni bog‘lasa, ikki jahonda arslon ovlagan bilan barobar, o‘zi pokdomon va gard-g‘ubordan xoli bo‘ladi. Bunday talqinlar nafs to‘g‘risidagi tasavvurimizni boyitib, hayot yo‘lida nafs odamga hamroh ekanini anglatishdan tashqari, uning ham o‘z vazifasi borligini uqtiradi. Dostonda Farhodning qorong‘i g‘or oldiga borishi, ajdahoning zulmat qa’ridan chiqib kelishi, undan atrofga sassiq va badbo‘y hid taralib, ko‘ngilni behuzur etishi nafsning naqadar jirkanch va yaramas mahluq ekanini mubolag‘a san’ati orqali mohirona tasvirlanadi:
Yetishti bir ufunatliq nasimi,Ki qilg‘ay atri jannatni jahimi.Ko‘p el ul atrdin es tarki qildi,Cherikning ko‘pragi otdin yiqildi. Qilib Farhod berk o‘z bag‘rig‘a tish,O‘zin solmay chu tushmish boshig‘a ish.Xalq og‘zaki ijodi namunalarida, ertak va afsonalarda ajdaho xalqni notinch qilib, osuda hayotiga xalal berishi, ammo odamlar undan qutulish chorasini topa olmay uzoq vaqt azob-uqubat chekishi va afsonaviy botir tashrifidan keyin ajdaho zulmidan xalos bo‘lishlari ko‘p uchraydi. Ajdaho xilqatidagi ochofatlik, yuholik va yeb to‘ymaslik nafs tabiati bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi:
Tutun yanglig‘ dami abri kasofat, Shararlar anda har bir barqi ofat.Tani ranju baloning ko‘hsori,Va lekin og‘zi ul ko‘hsor g‘ori.O‘tu pechida dud ul g‘or ichinda,Aningdekkim, o‘zi ko‘hsor ichinda.Uzolg‘on tog‘dek andomi aning,Vale yo‘q sayldek oromi aning.Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, nafsdan poklanishni amalga oshirish odam hayotida katta evrilish yuz berganini anglatadi. Ammo bu evrilishga faqat dard vositasida erishiladi. To‘rt qasr tasviri talqinida aql nafsga tobe bo‘lib, uning hamma istak-xohishini bajarish bilan band bo‘lsa, ishq dard qobig‘idan chiqishiga qodir bo‘lmasligini ko‘rib o‘tgan edik. Dard va aql o‘zaro birikib, nafs – ajdahoga qarshi chiqib, uni mahv etish orqali maqsadga erishadi. Farhodning shu tariqa nafsu hirsdan poklangani botiniy musaffolikka erisha boshlaganini anglatadi. Ajdahoni mahv etgandan keyin Farhod g‘orga kirib qo‘lga kiritgan katta xazina, qoratosh, yasatilgan taxt, ismi a’zam yozilgan qilich va qalqonning har biri o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etib, Farhodda ma’naviy quvvat hosil bo‘lganini anglatadi.
Farhod nafsoniy poklikni amalga oshirib, “ikki tuhfa” – qilich va qalqon yordamida, ya’ni ma’naviy quvvatga ega bo‘lganidan keyin, Ahraman dev bilan kurashga otlanadi. Ahraman dev qalb olamini poklash va tozalash yo‘lidagi jiddiy to‘siq, g‘ov. Dostonda ajdaho ochko‘zlik, ochofatlik va yeb to‘ymaslik timsoli bo‘lsa, Ahraman dev qalbni egallab olgan yovuzlik va qabohat timsoli sifatida ifodalangan:
Bo‘lub har bargi bir mir’oti vasvos,Tuta olmoy xirad o‘z hushini pos.Ichinda jonivar boshdin-ayoq dev,Bo‘lub har shakl birla ko‘rguzib rev. Qilib har rud suyining sadosi.Ayon yuz g‘ulu shayton mojarosi.Farhod Ahraman dev otgan toshlarini qalqon yordamida qaytarsa, qilichi bilan uning gurzisini urib sindiradi. U tangrini yod etganda Ahraman devning madori qurib, holsizlanib yiqiladi va Farhod uni chopib tashlaydi. Ahraman dev g‘orida to‘plangan katta xazina Farhodni qiziqtirmaydi, balki u g‘or ichidagi qulflog‘liq uy sari yo‘l oladi:
Evi ko‘rdiki ko‘rmaydur misoli, Nechukkim kinasiz el ko‘ngli xoli. Boqar erdi qilib har sori ta’jil.Osilg‘on ko‘rdi bir yoqut qandil.Furuzon lam’a andin mushtaridek,Yorutub evni sham’i xovaridek.Tushurdi dog‘i filhol ochti oni.Sulaymon xotamin topti nihoni.Farhodning Ahraman devni qatl etib, so‘ng qorong‘ulik qoplagan g‘or ichida yop-yorug‘ ev-uyga duch kelishi qalbning yovuzlik va qabihliklardan poklanishini, tepada osilib turgan qandil esa iymon va undan taralayotgan nurni ifodalaydi. Ilohiy va azaliy taqdir hukmiga binoan har bir qalbda iymon gavhari mavjud, ammo bu gavharni kufr pardasi o‘rab olsa, iymon gavharidan chiqadigan nur xira tortib, amaliy natija bermaydi. Farhod Ahraman devni mag‘lub etish natijasida kufr pardasi yirtilib, iymon gavhariga yo‘l ochiladi. Ikkinchi manzil tasvirida keltirilgan yop-yorug‘ uy, shiftga osig‘liq qandil, qandil ichidagi Sulaymon uzugi va uzukka bitilgan yozuvlarni o‘qigan Farhod qalbini illat va g‘uborlardan poklab, bebaho ma’naviy durni qo‘lga kiritadi.
Uchinchi manzildan o‘tish oldingi ikki manzildan ko‘ra og‘ir va mushkul. Farhod bu manzilda turgan temir paykarni qulatishni Xizr ta’limi asosida amalga oshiradi. Bu manzilning har qadamida xavf-xatar va mashaqqat borki, nihoyatda ehtiyot bo‘lish va hushyorlik talab etiladi. Dostonda tasviri keltirilgan bu yo‘l taassurotlari yanada mahobatli va salobatli: qo‘rg‘on eshigi oldida zanjirband sher bor; undan eson-omon o‘tilsa, qo‘rg‘on eshigigacha ming qadam yo‘l qoladi, to‘qqiz yuzinchi qadamda toshtaxtaga duch kelinadi; darvoza oldida temirdan yasalgan haykal ko‘zga tashlanadi va u qo‘lida temir kamalagi bilan o‘q otishga shay turadi; uning bo‘ynida porloq oyna osilib turadi va shu oynaga yuz qadam beridan turib o‘q aniq tekizilsa, unga qo‘shilib yuzta sovut kiygan haykal ham yerga qulaydi... Bular ruhoniy olam va undagi tovlanishlar tasviri bo‘lib, uni shirk va nifoqdan poklash mashaqqatini anglatadi. Temir paykarning Farhod qarshisida kamalakda o‘qini shaylab turishi shayton hiyla-nayranglari, aldovi, vasvasasi xurujiga, imkon topgan zahoti iymonni tortib olishga shay tajovuziga o‘xshaydi. Shu ma’noda, temir paykar shirk va nifoq timsoli, bu manzilda ozgina xatolik va qo‘yilgan nojo‘ya qadam Farhodning o‘ziga ziyon yetkazishi mumkin.
Farhod uchinchi manzilda qo‘lga kiritgan jomda butun olam tasviri jilvalanib, namoyon bo‘lib turadi. U jom yordamida to‘rtinchi manzilda Suqrot yashab turgan ulug‘vor va yuksak tog‘ni qidirib topadi. Suqrot hakim joylashgan g‘or ham “pora nur” – aql nuridan yorug‘. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, Suqrot ilohiy sirlardan xabardor aql-tafakkur qudrati timsoli, ilmning mohiyati va kuch-qudratini to‘g‘ri hal etgan donishmand obrazi. Suqrot ham Farhodni besh yuz yildan beri kutadi, uning tashrifidan xursand bo‘lib, kelajakda amalga oshiradigan ishlarini unga bildiradi. Eng asosiysi, Suqrot Farhodga ishqni ta’riflab, uni haqiqiy va majoziy degan ikki turga ajratadi va ishq yo‘lida turli balo, ofat, sinov va imtihonlarga duch kelishini tushuntirib beradi:
Qilib ishqi majoziy zoru g‘amnok, Etar oshiq tanin andoqki xoshok. Haroratlar etib ul xasqa moyil,Qilur o‘t yetgach o‘rtanmakka qobil. Choqilg‘och barqi ishqi jovidoniy, Yetishgach bir sharar kul aylar oni. Sening olingdadur ishqi majoziy,Ki jisming o‘rtabon so‘zu gudozi. Ham ovozangni ofoq ichra solg‘ay, Ham ovozing kuhan toq ichra solg‘ay.To‘rt manzil, undagi to‘siqlar tasviri va bayonidan bilamizki, Farhodning ko‘ngil ko‘zgusida majoziy yor jilva qilib, ko‘rinishi uchun nafs, qalb va ruhni poklash taqozo etildi. Suqrot Farhodga xoqonlik xazinasida saqlanayotgan ko‘zguning sirini oshkor etgandan keyin o‘zi jon taslim qiladi. Suhaylo va Suqrot Farhod, ya’ni dard kelganida xursand bo‘lib, o‘zlari yecholmay turgan jumboq – dard bag‘rida yotgan ishq chechagining yuz ochishi yo‘lida o‘z vazifalarini muvaffaqiyat bilan ado etib, ishq yo‘lidan chekinadi.
Xullas, tilsimni yechish maqsadida to‘rt manzil – nafs, qalb, ruh va aql bosqichidagi to‘siq va g‘ovlardan o‘tib, Chin shahriga yo‘l olgan Farhod ko‘zguda majoziy mahbub – Shirin siymosini ko‘rishga muyassar bo‘ladi.
Bobomurod Eraliyev,
tadqiqotchi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 5-sonidan olindi.