Odam shunday murakkab xilqatki, unga osongina, ya’ni uch-to‘rt og‘iz so‘z bilan baho berishning aslo imkoni yo‘q. Ammo, bordi-yu, bir shaxsning bosh xususiyatini bir so‘z bilangina qayd etish shart qilib qo‘yilsa, o‘sha ifodani, baribir, topasiz. Ana shunda kishi fe’l-atvori, hatto jamiyatdagi o‘rni, qilgan xizmatlarini qayd etish uchun uning boshdan-oyoq tarjimai holini so‘zlab berish ham shart bo‘lmay qoladi.
Biz quyida ikki og‘iz dil so‘zimizni aytishga jazm etgan olimning boshqa ijodkorlardan bir ayricha jihati bor: u yozganda“Ikki karra ikki – to‘rt”, deb yozmaydi. Ko‘pchilik o‘ylab ko‘rmagan yoki xayoliga keltirmagan masalalarni qalamga oladi va o‘zining qat’iy xulosasini ilgari suradi. Shuning uchun uning mulohazalari boshqalarga go‘yo “Ikki karra ikki – besh”, deyayotgandek tuyuladi. Shu boisdan ham uning keyingi yillarda e’lon qilgan maqolalari orasida bahs qo‘zg‘aganlaridan ko‘ra qo‘zg‘amaganlari kamroq. Chunki bu muallifning materiallar orasida shunchaki, ilhomsiz, “yozdingmi – yozding” qabilida bitilganlari yo‘q. Masalan, “Navoiyning benavo nashri” (“Hurriyat”, 2003 yil, 6 avgust) maqolasida, jumladan, Alisher Navoiydek buyuk zotning “Mukammal asarlar to‘plami” eng go‘zal dizayn, matbaachilikning eng so‘nggi yutuqlari asosida, eng sifatli qog‘ozlarda, hamma jildi bir xil bichim va rang-ro‘yda chiqarilishi lozim, degandek taklif o‘rtaga tashlangan edi. Birov u dedi, birov – bu. Har narsani bahona qilganlar ham topildi. Ammo oradan yetti-sakkiz yil o‘tib G‘afur G‘ulom nomidagi matbaa-nashriyot ijodiy uyi ana shu “Mukammal asarlar to‘plami”ni 10 jildli tarzida yuksak talablar asosida chop etdi. Bahonalarning bari bekor bo‘ldi.
Taklif aytganni ham, unga hozir bu ishni amalga oshirishning iloji yo‘qligini tushuntirganlarni ham ayblab bo‘lmaydi. Lekin, axir, kimdir shunday takliflarni aytib turmasa, muhim ishlar qanday qilib oldinga siljiydi?
Turli-tuman mavzularni qalamga olganiga qaramay, har bir olimning o‘z ilmiy yo‘nalishi bo‘ladi. Agar biz ta’riflayotgan mutaxassis ijodiga shu nuqtai nazardan yondashsak, aytish joizki, uning tor ilmiy yo‘nalishi – yaqin turkiy tillardan tarjima qilish masalalarini o‘rganish. Bu yo‘nalishda uning ko‘plab ilmiy tadqiqotlari e’lon qilingan. Jumladan, 1991 yili “Yaqin turkiy tillardan she’riy tarjimaning o‘ziga xos jihatlari (qirg‘iz eposi “Manas”ning o‘zbek tiliga tarjimasi misolida)” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Bu tadqiqotini 1995 yili “Turkiy epos va tarjima masalalari” nomi bilan kitob tarzida chop etgan.
Ayrim tilchilarga adabiyotdan, ba’zi adabiyotchilarga tildan bahs ochsangiz, ensasi qotadi. Hatto bundaylar tom ma’nodagi filolog emas, deging ham keladi. Chunki til – adabiyotning bosh quroli. So‘z san’atining jamiki maqsadi til vositasida ro‘yobga chiqadi. Xuddi shunga o‘xshash tag‘in bir jihat mavjud – tilning bor jozibasi adabiyotda yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi. Aksar tarjimashunoslar kabi, bu olimimiz ham – o‘zini tilchi yoki adabiyotchiga ajratmaydigan filologlarimizdan. Bu kishida uncha-muncha olimimizda uchraydigan filologik zukkolik va jurnalistga xos kuzatuvchanlik bor.
Bir olim tarjima nazariyasi bilan ko‘p yillar shug‘ullanganidan keyin unda tabiiy ravishda nazariy bilimlarini amalga tatbiq etib ko‘rishga qiziqish uyg‘onadi, albatta. Ana shu istak bu ijodkorni V.Korolenko, P.Falyov, L.Tolstoy, A.Chexov asarlarini tarjima qilib, nashr ettirishga undadi.
Har bir qalamkash ijodining ko‘zga yalt etib tashlanadigan qandaydir o‘ziga xosliklari bo‘ladi. Bu ijodkorda ohoriy, jozibador sarlavhalar topish, ularni material mazmuni bilan chambarchas bog‘lash, shu tariqa o‘quvchining diqqatini avval-boshdanoq mavzuga jalb eta olish mahorati bor. Agar kimdir o‘zbek jurnalistikasida sarlavhalar masalasini tadqiq etmoqchi bo‘lsa, unga mana bu misollar tayyor material bo‘ladi, albatta: “Qayta yaratish va aksiltarjimachilik”, “Boqimanda nashrlar va boqibeg‘am noshirlar”, “Ollohga salom beriladimi?”, “Suqrot qo‘lidagi kosa”, “Ikki so‘zning ishkali”, “Tupik emas, tublik”, “Shamolga sovurilayotgan... shamol”, “Shevaning shikvasi”, “Yopig‘liq qozon” qanday ochiladi?”, “Bilmaganlar ne bilar qadriyatlar qadrini...”, “Kaminaning nomlari...” va hokazo. Kiroyi sarlavha bo‘lsa, shularday bo‘lsa! Sarlavhalarining o‘zidanoq maqolalarning yarmini o‘qiganday bo‘lasiz.
Sho‘ro davrida Taras Bulbani yurt manfaati yo‘lida o‘z o‘g‘lini o‘ldirishdan ham toymagan vatanparvar qahramon sifatida qabul qilganmiz. Bu muallifning bir maqolasida N.Gogolning mazkur asari batamom yangi ko‘zqarash asosida o‘rganilgan. To‘g‘risini aytganda, zamon o‘zgardi, sho‘rocha talqinlardan butkul qutulish imkoniga ega bo‘ldik, ammo hali adabiyot olamidagi barcha asarlarga yangicha nuqtai nazardan baho berib ulgurganimiz yo‘q. Bu maqola – shu yo‘lda tashlangan dadil bir qadam. Boz ustiga, rus adabiyoti namunasining o‘zbek olimi tarafidan amalga oshirilgan yangi talqini bu. Tadqiqotchi mazkur asarni qaytadan sinchiklab o‘rganib, Taras Bulbada bugungi tushunchadagi din niqobidagi ekstremizmga moyillik borligini ochadi. Shuning uchun ham sarlavhasi – “Taras Bulba: oshkor va pinhon qiyofa” (“Tafakkur”, 2004 yil, 3-son).
Keling, endi bu shaxs to‘g‘risidagi ayrim ma’lumotlarni ham keltirib o‘tay.
U 1976 – 1998 yillar mobaynida Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining Tarjima nazariyasi va adabiy aloqalar bo‘limida, orada to‘rt-besh yil jamoatchilik asosida shu institutda tayyorlanadigan “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali tahririyatida mehnat qildi. Bir necha yillar Tashqi ishlar vazirligining Tarjima va tahrir bo‘limida ishladi, o‘zbek diplomatik nutqi va uslubi rivojiga hissa qo‘shdi. 2001 – 2002 yillari hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasiga, 2002 – 2011 yillari esa O‘zbekiston Respublikasi Kitob palatasiga direktorlik qildi. Hozir O‘zbekiston milliy kutubxonasi Qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati rahbari. Bugungacha 200 ga yaqin nomdagi ilmiy, ilmiy-ommabop, publitsistik asarlari va tarjimalari bosilgan. Tarjimashunoslik, adabiy aloqalar, kitob targ‘iboti yuzasidan ko‘plab xorijiy ilmiy anjumanlarda ishtirok etib, ma’ruzalar qilgan.
Odatda, avval material yozilib, keyin unga munosib sarlavha qo‘yiladi. Bu gal, negadir, bu zahmatkash qalamkash haqida so‘z boshlashdan oldinroq “kuyunchaklik” degan so‘z xayolga kelib, darhol sarlavha qilib qo‘yildi.
“Xo‘sh, bu kuyunchak olim va publitsist kim?”, deb so‘rasangiz, u — siz ham yaxshi taniydigan Zuhriddin Isomiddinov.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 3-sonidan olindi.