OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boburshoh: shoir va adib

Har bir xalqning tarixiy, madaniy-milliy qiyofasini aniq belgilovchi ulug‘ shohlari, buyuk olimlari, yirik adib va shoirlari bo‘ladi. Insoniyatning abadiyatga mansub ana shunday buyuk farzandlari safida Zahiriddin Muhammad Bobur ham o‘z o‘rniga ega. Kishilik tarixida Boburchalik shaxsiy imkon, iqtidor va fazilatlari beqiyos kishilar juda kam uchraydi.


Bobur — buyuk podshoh, mumtoz shoir, nazariyotchi adabiyotshunos, faqih, tilshunos, san’atshunos, etnograf, hayvonot va nabotot olamining bilimdonisifatida ko‘pqirrali faoliyat va ijod sohibi edi. Birgina «Boburnoma» uning yigirmadan ortiq sohalarga qiziqqanligiga yaqqol misoldir.
Bobur, birinchi navbatda, shoh, boburiylar sulolasining asoschisi. Balki, boburiylar jahon tarixida eng uzoq yillar(332 yil) hukmronlik qilgan sulola bo‘lib chiqar...
U podshoh sifatida lashkar tortib shohlarga xos mag‘lubiyatlarning achchiq alamlariyu zafarlarning ulug‘vor nashidalarini surishni ko‘p marotaba o‘z boshidan kechirdi. Otasi singari ulug‘ himmatli va oliy maqsadli shaxs bo‘lganligidan Farg‘ona viloyatini kichik joy deb hisoblab, Samarqandga intildi. U yerda Shayboniyxondan yengilib, Kobulga keldi va keyin Hindistondek bepoyon yirik mamlakat hukmdoriga aylandi.
Buyuk shoh Bobur Hindistonda temuriylarga xos ulug‘ bunyodkorlik an’analarini davom ettirdi: muhtasham qasrlar tiklash, ariq-kanallar qazish, bog‘-rog‘lar bunyod etish, adabiyot, ilm-fan rivojiga homiylik qilish, elni adolat bilan boshqarish singari fazilatlar keyinchalik Hindistonning buyuk farzandlari tomonidan chinakam ijobiy baholandi. Hindistonning donishmand farzandi, buyuk davlat arbobi Javohirla’l Nehru o‘zining «Hindistonning ochilishi» va «Jahon tarixiga bir nazar» asarlarida Zahiriddin Muhammad Bobur haqida samimiyatga to‘liq ushbu fikrlarni izhor etgan:
«Bobur — dilbar shaxs. Uyg‘onish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir. U mard va tadbirkor odam bo‘lgan.
Bobur o‘ta madaniyatli va jozibali insonlar orasida eng yetuk insonlardan biri edi. U mazhabparastlik kabi cheklanishdan va mutaassiblikdan yiroq edi... Bobur san’at va, ayniqsa, adabiyotni sevardi».
Bugun Hindistonning Panipat shahriga borgan kishi Zahiriddin Muhammad Boburning Sulton Ibrohim Lo‘diy bilan bo‘lgan tarixiy muzaffarona jangi manzaralarini shaharning ochiq osmoni ostidagi muzeyda ko‘rarkan, ulug‘ hind xalqining Boburga nisbatan hurmat-ehtiromi kuchliligiga amin bo‘ladi. Yoki Bangladesh poytaxti Dakka shahrini kezgan kishi «La’lbog‘-qal’a» tarixiy muzeyiga kirib Bobur va boburiylarga bag‘ishlangan xonalarni kezarkan, Bobur va uning vorislariga tegishli kiyimlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, harbiy qurol-aslahalar, Ustod Aliquli quygan toshotar to‘plar, miltiqlar — tufaklar, sovut, qilich-qalqonlar, dubulg‘a, ot kejimlarini(o‘q va qilich zarbasidan himoya qiluvchi yopinchiqlar), o‘sha davr kishilarini o‘z zamonlari liboslarida tomosha qilgan kishi Hindiston va Bangladesh xalqlarining Bobur va boburiylarga bo‘lgan hurmatlarini yorqin tasavvur eta oladi.
Bu moziygohda bo‘lgan adib Qamchibek Kenja «Andijondan Dakkagacha» nomli safarnomasida hayajonini yashira olmay yozadi: «Hindiston va Pokiston shaharlarida ko‘p moziygohlarda, jumladan, Haydaroboddagi mashhur Solarjang, Lohurdagi milliy muzeylarda bo‘lgan edik. Lekin Sharq olamining olis bir chetida faqat va faqat boburiylar hayoti, ularning podsholik faoliyatiga oid yagona, maxsus muzeyni ko‘ramiz, deb sira o‘ylamovdik».
Hindiston va Bangladeshda Bobur va boburiylar saltanati shunchalik qadrlanishidan Bobur va vorislarining podsholiklari bu yurtlarda xayrli chuqur iz qoldirganligi ma’lum bo‘ladi.
«Boburnoma»ning kotibi Boburning ulug‘ podshohlarga xos sakkiz shaxsiy fazilatini qayd etgan: «Va maholdurkim, ul podshohi qobilning yaxshilig‘larini aytgan bilan va bitigan bilan tugangay. Lekin mujammal bukim, sekkiz sifati asil aning zotig‘a muttassil edi: birisi bukim, najhati baland edi; ikkimchisi, himmati arjumand edi; uchimchisi, viloyat olmog‘; to‘rtumchisi, viloyat saxlamog‘; beshumchisi, ma’murlug‘; oltimchisi, rafohiyat niyati Tengri taolo bandalarig‘a; yettimchisi, cherikni ko‘ngli(ni) qo‘lg‘a olmoq; sekkizimchisi, adolat qilmoq».
(Matn tabdili: «U qudratli podshohning yaxshiliklarini aytgan bilan va yozgan bilan tugatish maholdir. Lekin qisqasi buki, sakkiz asl sifat uning zotiga xos edi: biri bukim — iqboli baland edi; ikkinchisi — himmati yuksak edi; uchinchisi — viloyat olmoq; to‘rtinchisi — viloyat saqlamoq; beshinchisi — ma’murlik; oltinchisi — Olloh bandalariga farovonlik niyati; yettinchisi — lashkar ko‘nglini qo‘lga olmoq; sakkizinchisi — adolat qilmoq».)
Buyuk tarixiy siymo sifatida Bobur shaxsi Yevropa va AQSh sharqshunos-tarixchi olimlari diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etgan. Ingliz tarixchisi Eduard Holden, avvalo, Boburni mashhur Yuliy Sezar bilan qiyoslashni lozim topadi: «Bobur fe’l-atvoriga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan».
Zahiriddin Muhammad Boburning bolalik va o‘smirlik yillari haqida roman yozgan «Boburnoma»ning ingliz tarjimoni Uilyam Erskin Boburni Osiyo podshohlariga qiyosan shunday baholaydi:
«Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi».

Bobur — sohibdevon sohir shoir. Bobur shuhratda daho Alisher Navoiyning yonida turadigan mumtoz so‘z san’atkori, shoir va adibdir. Badiiy mahorat bobida biror o‘zbek shoh va shoiri Bobur bilan bellasha olmaydi. She’riyat uchun xos bo‘lgan bir necha zaruratlar: nuktapardozlik(yangi fikrlar ayta olish mahorati), jozibali badiiy san’atlardan me’yorida ustalik bilan foydalanish sehrgarligi va ehtiros jo‘shib turgan rangin tuyg‘ular talqini boburona samimiy she’riyat fazilatlaridir. Buning ustiga uning mumtoz she’riyatga dadil kiritgan tarjimaihollik xususiyati ham Bobur she’riyatini alohida nurlantirib turadi. Ana shu keyingi xususiyat shoirning vatanparvarlik tuyg‘ulariga jon bag‘ishlaydi. U ona shahri, Vatani sog‘inchlarini she’rda ifodalar ekan, Hindiston shahanshohi beixtiyor o‘zining andijonlik g‘aribligiga kitobxon e’tiborini tortadi:

Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydur.

Shoirona yurtsevarlik, vatanfidoyilik Bobur shaxsida shunchalik tantana qiladiki, buyuk imperator Bobur endi Andijondan yiroqlikni, garchi bu martaba Hindiston taxti bo‘lsa ham, qismatdagi yuz qarolig‘, deb hisoblaydi:

Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?!

She’r ta’sirchanligini ta’minlagan fikriy kashfiyot: tolesizlik, jonga balo orttirishlik, xato qilishlik, yuzi qarolik — bularning hammasi o‘z yurtidan bosh olib ketishda, g‘ariblikni bo‘yinga olishdadir.
Kechagina Bobur o‘zining Kobulga tashrifi vaqtinchalik ekani, hamishalik(muqim) emasligiga iqror bo‘lgan edi:

Beqaydmenu xarobi siym ermasmen,
Ham mol yig‘ishtirur laim ermasmen.
«Kobulda iqomat qildi Bobur» dersiz,
Andoq demangizki, muqim ermasmen.

Hech bir shoir Vatandan yiroqlik fojiasini Boburchalik ko‘ptomonlama va ta’sirchan ifodalay olmagan bo‘lsa kerak.
Bobur g‘azallarining asosiy mavzusi oshiqona ehtiroslar, mushtoqliklar, yolvorishlar, iztiroblaru kuyib-yonishlardir.
Oshiqning mahbubaga iltijosi talqinida tazod usulida yigit yuzining kuzgi yaproqdek sarg‘ishu, suluvning lola yuzi qirmiziligiga diqqat tortilgani ta’sirchan:

Xazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim,
Ko‘rub rahm aylagil, ey lolarux, bu chehrai zardim!

Oshiqona munosabatlarning Bobur topgan ajabtovur ziddiyatiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q: oshiqning mahbubasi ayrilig‘iga sabr qilishi juda mushkul. Biroq uchrashuvda — visolda ham ularning chiqishmoqliklari bundan-da mushkulroq:

Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur,
Sening birla chiqishmoqlik dog‘i  bisyor mushkuldur.

Chunki:

Mizojing noziku sen — tund, men — bir beadab telba, 
Senga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur!

She’rda nur va soyalar jilvasi, ya’ni ma’no jihatidan qarama-qarshi so‘zlarni qo‘llash ta’sirchanlikni ta’minlovchi omillardan bo‘lib, buni tazod(zidlov) san’ati deyiladi. Odatda, baytda bir-biriga zid ma’noli ikki so‘z ushbu san’atning misralardagi ko‘rsatkichi bo‘ladi.
Bobur tazod san’atidan foydalanishda mahorat ko‘rsatib, zid ma’noli ikki so‘zni emas, to‘rt so‘zni emas, olti so‘zni bir baytda qarama-qarshi ma’nolarda tiza oladi:

Netgaymen ul rafiq bilakim, qilur base,
Mehru vafo — raqibg‘a, javru jafo — menga.

Baytdagi o‘zaro zid ma’noli tazod ko‘rsatkichlarini tizib ko‘raylik:
        rafiq — raqib;
        mehr — javr;
        vafo — jafo.
Oshiqqa jafokor, raqibga lutf-marhamatli ofatijon mahbubaning fe’l-atvori ana shunday zidlov usulida bir baytdayoq oydinlashadi.
Alisher Navoiy badiiy tasvir vositalaridan iyhom san’atining «xossa ma’no» ifodalovchi unsurligini qayd etgan edi. Bobur she’riyati baytda bir yoki ikki so‘zni ikki ma’noda qo‘llash san’ati bo‘lgan iyhomga juda boydir. Chunonchi, uning quyidagi baytida «so‘rorim bor» birikmasi so‘ramoqchiman va so‘rmoqchiman ma’nolarida qo‘llangan:

Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zumdin yosh ravon qildi,
Nega holim yomon qildi, men ondin bir so‘rorim bor.

Bugina emas, hatto tarjimaihollik xususiyati singdirilgan ushbu ruboiyning to‘rtinchi misrasini quyidagidek to‘rt xil talqin qilish mumkinki, Boburning o‘zi qaysi misra ma’nosini nazarda tutgani kitobxonga jumboqligicha qoladi:

Hijronda, sabo, yetti falakka ohim,
Gar ul sori borsang, budurur dilxohim
Kim, arzi duo niyoz ila qilg‘oysen,
1. Gar so‘rsa men xastani gulrux mohim.
2. Gar so‘rsa men xastani gulrux Mohim.
3. Gar so‘rsa men xastani Gulrux mohim.
4. Gar so‘rsa men xastani Gulrux,  Mohim.

Zero, mumtoz adabiyotning mumtozligi ham so‘z, birikma va misralarning turfa ma’no tovlanishlari va ko‘pma’noliligi, o‘quvchini fikr yuritishga rag‘batlantirishi bilan izohlanadi.
Ma’lumki, Bobur farzandlarining onalari Gulruxbegim va Mohimbegim edilar. Shuning uchun ruboiy so‘nggi misrasining qolgan uch mazmunini yuzaga chiqarishga urindik.
Harfiy badiiy tasvir vositalaridan jozibalisi va murakkabrog‘i istixroj san’atidir. Buni tasavvur etish uchun avval oddiy istixrojga Bobur ijodidan misol keltiraylik:

Qadding alifu, qoshing erur yo,
Desam ne ajab agar seni oy?

Oshiq sevgilisining qomatini alifga, qoshini yo harfiga o‘xshatib, uni «oy» deb da’vo qilmoqda. Zotan, alif, yo harflaridan oy so‘zi hosil bo‘ladi...
Endi harf aytilmaydigan murakkab istixroj qatnashgan bayt namunasini ko‘raylik:

Og‘ziyu ikki zulfu qadi bo‘lmasa manga,
Rayhonu sarvu g‘uncha ko‘rardin maloldur.

Adabiy an’anaga ko‘ra og‘iz «mim» harfiga, zulf «lom» harfiga va qad — «alif» harfiga o‘xshaydi. Ana shuni nazarda tutgan holda harflarni tizsak, eski yozuvda matndagi «malol» so‘zi hosil bo‘ladi.
Ko‘pincha mutaxassislar ham istixrojning bu turini hadeganda ilg‘ayvermaydilar. Chunki hozirgi baytda tahlilchi diqqatini avvalo og‘izni g‘uncha, zulfni rayhon, qadning sarvga o‘xshashligi sistemasi o‘ziga tortadi va u beixtiyor baytdan laf va nashr san’atini kuzatadi.
G‘azallarining asosiy qismi o‘ta sodda, mislsiz mahorat bilan bitilgan sahli mumtane’ mahsulidir:

Ey yuzi nasrin, qomati shamshod,
Necha qilursen jonima bedod?

Sen kibi purkor, shevasi bisyor,
Bilmadi, ey yor, hech kishi yod.

Javrda nodir, zulmda mohir,
Ishvada qodir, g‘amzada ustod.

Yor g‘amidin, hajr alamidin,
Sabr kamidin nolayu faryod!

Boburi bedil, ey buti qotil,
Javrunga moyil, zulmunga mu’tod.

Sahli mumtane’ — ko‘rinishidan oson, jo‘ngina tuyuladigan, aslida esa, bunday yoza olish juda murakkab bo‘lgan antiqa bayon uslubidir. Bu uslubni biz Bobur va Mashrab ijodidagina kuzatamiz, xolos. Yuqoridagi g‘azal bichimi kishi egnida tarang turadigan nafis ustki kiyimni eslatadi. An’anaviy tashbeh bichim tarangligi tufayli o‘zgacha ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Qisqa misralarning ichki qofiyalar bilan ta’minlangani, ularning har birini yana ikki bo‘lakka bo‘ladi. Natijada bayt tinglovchida to‘rtlik kabi taassurot qoldiradi. Bu esa jarangdorlikni yanada kuchaytiradi:

Javrda nodir,
Zulmda mohir,
Ishvada qodir,
G‘amzada ustod.

Shu birgina baytning poetik fazilatlarini bir daftar qilib sharhlasa arziydi. Ikkitagina misrada yaratilgan ma’shuqa timsoli fe’l-atvorining ko‘pqirraliligiga e’tibor beraylik. Yangicha poetik shakl mo‘’jiza sodir etib, an’anaviy fikrlarga yangidan jon ato etgan, zalvor bergan, ohorli qilgan. Ulkan polotno miniatyuraga nisbatan ta’sirchan ekanligi san’atshunoslikda ma’lum. Ammo Bobur shu ta’sirchanlikni teskari amaliyotda yuzaga chiqargan.
Ulkan polotno — dostonlardagi tasvirni jajji bayt — miniatyura holatiga keltirib mo‘’jiza yaratgan.
Shu birgina baytda shoir ishvada qudratli, g‘amza qilish(ko‘z suzish)da ustoz darajasidagi, jabrning ko‘z ko‘rib-quloq eshitmagan xillarini oshiq boshiga sola oladigan, zulmni mohirlik bilan o‘tkaza oladigan mahbuba siymosini yarata olgan.
Bobur jozibali mumtoz g‘azallar ijodkorigina emas, u ruboiy janrida ham o‘z shaxsiy uslubini namoyish eta olgan ulkan san’atkordir. O‘zbek mumtoz adabiyotining ruboiy janri rivojida Boburning o‘rni alohidadir.
Falsafiy va tasavvufiy ruboiychilikda Umar Xayyom fors adabiyotida peshvo bo‘lganidek, Bobur o‘zbek adabiyoti ruboiychiligida ikki jihatdan: ruboiylarining ko‘pligi va ruboiyga tarjimai holga doir detallarni singdirgani bilan boshqa mumtoz shoirlarimizdan ustun turadi.
Bobur bu kichik lirik janr namunalarida o‘z ismi, goh vafodor xotinlari — Mohimbegim va Gulruxbegim, goh o‘g‘li Komron, goh xushovoz hofizi Ruhdamning ismi shariflarini muhrlagan. Shunisi e’tiborliki, Bobur ruboiylarining mavzulari g‘oyat xilma-xil. Falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy, diniy-tasavvufiy, sevgi-muhabbat, do‘stlik-totuvlik, hayotga muhabbat, yoru diyor, nifoq va noittifoqlik, jo‘mardlik va tantilik, hayotdan to‘yib ketish va dalli-devonalik singari talqinlar ma’naviy teranligiyu tabiiyligi bilan o‘quvchini mutolaaga moyil etadi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, «Vaqoe’»(«Boburnoma») Bobur sarguzashtlarining voqeiy tarixiy lavhalaridan iborat bo‘lsa, uning ruboiylari ana shu qomusiy asarga o‘ziga xos ilovadir. Zotan, «Boburnoma» voqealar bayoni bo‘lsa, ruboiylar o‘sha voqealar ishtirokchisi Boburning his-tuyg‘ulari g‘alayoni ifodasidir.
Tarjimai holning ruboiy yoki g‘azalga daxli badiiy matnga hujjatlilik baxsh etadi; hujjatlilik esa umumiylikdan ko‘ra ta’sirchanlikda ustunlik qiladi. Chunki kitobxon umuman lirik qahramondan ko‘ra, Boburning o‘zini yurakka yaqinroq oladi.
Shunisi diqqatga sazovorki, muayyan ruboiyda, yuzaki qaraganda, tarjimai holga doir hech qanday belgi ko‘rinmaydi. Agar biz unga adabiyotshunosning o‘tkir ko‘zi bilan boqib, tadqiq eta boshlasak, u ruboiyning kimga atalgani va uning isbotini ham manzur etishimiz mumkin. Chunonchi, Boburning:

Ash’oringkim, she’r oti to bo‘lg‘ay,
Tab’ ahli anga volau shaydo bo‘lg‘ay.
Har lafzi duru bahri maoni anda
Kim ko‘rdi dureki anda daryo bo‘lg‘ay?! —

ruboiysini o‘qiganimizda gap kim haqida borayotganini aniq bilmaymiz. 
O‘ylaymiz: u qanday buyuk shoir ekanki, dunyoda to she’r oti bor ekan iste’dodli shoiru adiblar uning she’rlariga maftun va shaydo bo‘ladilar?
Bobur — qattiqqo‘l adabiyotshunos. U kimni bunday ulug‘ maqtovlar bilan siylamoqda?
«Boburnoma»dagi quyidagi satrlarni ko‘z oldimizga keltiramiz:
«Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘b va xo‘b aytqon emas...»;
«Bu ikkinchi navbat Samarqandni olg‘anda, Alisherbek tirik edi. Bir navbat manga kitobati ham kelib edi. Men ham bir kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim».
Balki, Bobur yozgan maktub varag‘ining «orqasida bayt aytib, bitib yibor»gani shu ruboiydir?
Isboti shuki, olamdagi biror shoir «Men gavharga dengizni joylaganman» demagan. Alisher Navoiy esa ana shu gapni aytgan:

Dur bo‘lur bahr ichra pinhon nazmidin shah madhida,
Bahr yoshurmish Navoiy har duri maknun aro.

Bobur yuqoridagi baytda daho ustozning ushbu baytiga ishora qilib, talmeh san’atining riyoziy namunasini qo‘llagan. Demak, ruboiy Alisher Navoiyga atalgan bo‘lishi mumkin ekan...
Bobur shoirgina emas, yirik adabiyot nazariyotchisi hamdir. She’rshunoslikda aruz vazni masalasi hamisha asosiy va dolzarb bo‘lgan. Nega shoh Bobur bu sohaga juda qiziqadi? Gap shundaki, she’riyatda ko‘p vazn qo‘llash hodisasi muayyan ma’noda shu adabiyot nufuzi va saviyasini belgilaydi.
Hatto Husayn Boyqaro devonidagi g‘azallar bir vaznda yozilganini maxsus qayd etar ekan, bu holni Bobur ijobiy hodisa deb qaramagan.
Boburgacha o‘zbek tilida aruz ilmiga doir ikki risola yozilgan. Birinchisi — Shayx Ahmad bin Xudoydod Taroziyning «Funun ul-balog‘a»(1436/37) asari bo‘lib, bundagi to‘rt ilmning biri aruzdir.
Ikkinchisi — Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» asaridir. Bu risolada 140 vazn haqida ilmiy ma’lumot berilgan.
Navoiyning «Funun ul-balog‘a» asaridan xabari bo‘lmagan ko‘rinadi. Bobur o‘zbek tilidagi aruzshunoslikning bu manzarasidan yaxshi xabardor bo‘lgani uchun undan qoniqmagan va bu sohaga hissa qo‘shishga shaylangan.
«Boburnoma»ni ko‘chirgan kotib Boburning aruz risolasi nomini «Mufassal» deb ko‘rsatadi. Darhaqiqat, Bobur bu risolani shunday yozganki, unda asl, furu’ va zihoflar yuzasidan ishlab chiqilgan 537 vazn miqdoriga ahamiyat berilsa, tadqiqotning bejiz «Mufassal» deb atalmaganiga amin bo‘lamiz. Ushbu ma’lumot kelgusida Boburning aruz risolasi nomini turli nashrlarda va maktab adabiyot darsliklarida «Mufassal» tarzida e’lon qilinishini taqozo etadi...

Bobur — fiqh olimi. Fiqh — musulmonchilik farz va sunnatlari haqidagi amaliy nizom ilmidir. Boburning nega bu sohaga qiziqqanini uning ismi sharifi ma’no-mazmunidan mushohada qilsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zotan, ism va uning ma’nosi insonning fe’l-atvori yoki umrbod faoliyatining mazmunini belgilaydigan muhrdir.
Biz «Zahiriddin Muhammad» — uning ismi, «Bobur» adabiy taxallusi deb mulohaza yuritamiz. Aslida esa, Mirzo Olim Mushrifning «Ansob us-salotin fi tavorixi xavoqin»(«Sultonlar nasablari va xoqonlar tarixi») nomli tarixiy asari va Boburning quyidagi ruboiysiga qaraganda uchala so‘z ham shoh va shoirimizning ismi sharifidir:

Tuz oh Zahiri dini Muhammad Bobir,
Yuz oh Zahiri dini Muhammad Bobir.
Sarrishtai ayshdin ko‘ngulni zinhor
Uz oh Zahiri dini Muhammad Bobir.

Sabohat Azimjonova va Aziz Qayumov uch jildlik Bobur «Asarlar»ining I jildida ushbu ruboiyni shu tarzda manzur etganlar. Nashrga tayyorlovchilar kitobxon ism ma’nosiga ahamiyat bersin, deya shunday qilishgan. Chunki ruboiyning asliyati quyidagicha ko‘chirilmog‘i kerak edi:

Tuz oh Zahiriddini Muhammad Bobur,
Yuz oh Zahiriddini Muhammad Bobur...

Mirzo Olim Mushrifning «Ansob us-salotin fi tavorixi xavoqin» nomli tarixiy asari ma’lumotlariga qaraganda, Umarshayx mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘liga bu ismni Xoja Ubaydulloh Ahror qo‘ygan. Ism so‘zlarining sharhiga kelsak: Zahiri dini Muhammad — Muhammad dinining tayanchi, posboni, demakdir. Bobur — babr(sher)sifat, sherdek degan ma’noga molikdir.
Shuning uchun ham Zahiriddin Muhammad Bobur bir umr shariatpanoh hukmdor bo‘lib yashadi; shariatga amal qildi; shar’iy hukmlar berdi va fiqhga oid «Mubayyin»(bayon etilgan) nomli asar yozdi. Ushbu kitobda muallif farzandlari bilishi zarur bo‘lgan farz asoslarini(imon, namoz, ro‘za, zakot, haj) o‘tash masalalarini she’riy usulda butun mufassalligi bilan bayon etdi.
Bobur yozadi:

Bilgasen, ey xujasta farzand,
Jigarim birla jonima payvand.

Masalalarki, ul zarur erdi,
Bilmasang dininga qusur erdi.

Yetti ko‘nglumg‘akim, yig‘ishtursam,
Nazm tartibida sig‘ishtursam.

To ani zabt qilg‘asen oson,
Ul masoyilni bilgasen yakson...

Dinu donishda har kun afzun bo‘l,
Davlatu baxt ila Humoyun bo‘l...

Matnning oxirgi misrasidagi iyhom so‘z o‘yini(humoyun, Humoyun)da ism keltirilgan bo‘lsa, demak, «Mubayyin» valiahd farzandi Humoyun mirzoga bag‘ishlangan bo‘lib chiqadi. Agar undan keyingi baytdagi so‘z o‘yini(Komron, komron)da atoqli ot inobatga olinsa, balki bu risola o‘g‘li Komron mirzoga atab yozilgandir, deb taxmin qilish ham mumkin:

Komron bo‘l jahonda, davlat ko‘r,
Yuz tuman obro‘yu izzat ko‘r.

XX asrda «Mubayyin» tarkibidagi «Kitob uz-zakot», «Kitob ul-haj», «Kitob us-salot» qismlari alohida kitoblar holida bir necha marotaba nashr etilgan edi. Nihoyat, «Mubayyin» to‘laligicha professor Saidbek Hasanov tomonidan 2000 yili nashr etildi.
XVI asrgacha fiqhga oid asarlarning asosan arab va fors tillarida bitilganini inobatga olsak, el ustida turgan Boburning o‘z millatdoshlari — o‘zbeklar tushunadigan tilda bunday asarlar yaratgani naqadar muhim va dolzarbligini aniqroq tasavvur etish mumkin.
«Boburnoma» kotibi bu haqda: «... masnaviy kitobi ham borkim, oti «Mubayyin»dur» deb ma’lumot berar ekan, hayajonini yashira olmay maqtovga o‘tadi: «Til bilur dono xalq orasida aningdek latoyif(ajoyib kitob) yo‘qtur».

Bobur — badiiy tarjimon. Zahiriddin Muhammad Boburning Xoja Ubaydulloh Ahror va ularning farzandu nevaralariga hurmat-e’tibori katta bo‘lgan. Xoja nevaralaridan ikki kishi Bobur xizmatida bo‘lgan. Ayniqsa, Xoja Kalonning Bobur bilan qadrdonligi bir umrlik xizmati bilan izohlanadi.
Bobur Xoja Ubaydulloh Ahrorning fors tilida nasrda yozilgan «Volidiya» asarini she’riy usulda o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Xoja Ubaydulloh bu asarni otalarining tavsiyalari bilan yozgan:

Otasi qilgan uchun taklife,
Qildi oning otig‘a ta’life.

Bobur ota sifatida bu asardagi ota tilidan farzandga aytilgan diniy-tasavvufiy o‘gitlarni o‘z farzandlariga yetkazish uchun ushbu kitobni nazmda ona tiliga o‘girgan.
Nega nasrda emas? Chunki nazmni xotirada saqlash imkoni kattadir. Qolaversa, nazmning hurmat va e’tibori nasrga nisbatan juda yuqori hisoblangan.
Tarjimon tarjimani boshlash va oxiriga yetkazish sababini «Vaqoe’»da shunday bayon etadi(matn tabdili): «Juma kuni, oyning yigirma uchinchisida badanimda isitma zohir bo‘ldi. Shunday bo‘ldiki, juma namozini masjidda qiynalib o‘qidim. Ertasiga peshin namozini ehtiyot yuzasidan kitobxonada biroz muddatdan so‘ng o‘qidim. Indini, yakshanba kuni yana isitmam chiqdi, ozroq titradim.
Seshanba kechasi, safar oyining yigirma yettinchisida hazrat Xoja Ubaydullohning «Volidiya» risolasini nazm qilmoq fikri ko‘nglimga keldi. Hazratning ruhiga iltijo qilib, ko‘nglimdan kechirdimki: agar bu manzuma hazratga ma’qul bo‘lsa, xuddi «Qasidai Burda»ning qasidasi ma’qul bo‘lib, sohibi falaj kasalidan xalos bo‘lgani singari, men ham bu xastalikdan forig‘ bo‘lsam, nazmim qabul qilinganiga shu dalil bo‘lardi. Ushbu niyat bilan... risolani nazm etishga kirishdim. O‘sha kechaning o‘zida o‘n uch bayt yozdim. Xuddi atayin kelishilgandek, har kuni o‘n baytdan kam bitilmas edi. Darvoqe’, bir kungina bu ish qilinmadi. O‘tgan yili va balki har gal bu xastalikka chalinganimda, aqalli bir oy, qirq kun og‘rirdim. Tangri inoyati bilan, hazratning himmatidan, payshanba kuni, oyning yigirma to‘qqizinchisida birozgina isitmaladim, keyin mutlaqo tuzalib ketdim. Shanba kuni, rabi ul-avval oyining sakkizinchisida risola so‘zlarini she’rga solish nihoyasiga yetdi...».
«Volidiya» risolasi inson ixtiyori va faoliyatini Olloh bilan bog‘lash, unigina zikr etish, so‘zi(«Qur’on»)ni yodlash va aytishni tavsiya etuvchi, insonning hayotiy faoliyati, yeb-ichish, maishatda o‘rtachalikka chorlovchi pandnoma, nasihatnomadir. Shuning uchun ham garchand asar she’rga solingan bo‘lsa-da, matnda asosiy diqqat shoirona sehrsozlik emas, balki Xoja nasihatlarini kitobxonga aniq yetkazishga qaratiladi.
Shunday bo‘lsa-da, she’r sehriga qiziquvchilar, badiiy unsurlarga ahamiyat beruvchilar uchun asar boshidagi bir baytdagi lafziy va ma’naviy tasvir vositalarini kuzatamiz. Olloh hamdidan:

Til aning hamdida qosirdur, bil,
Bil, aning hamdida qosirdur til.

Ijodkor lafziy san’atlardan takrorning besh-olti xilidan foydalangan. Chunki takror san’atlari ta’kid va ta’sirchanlik unsurlaridan hisoblanadi. Avvalo bayt boshidagi va oxiridagi ostin va ustin ikki so‘zga ahamiyat beraylik.
Birinchi misrada qatnashgan «til» va «bil» so‘zlari ikkinchi misrada o‘rin almashib takrorlangani tufayli tardu aks san’ati qo‘llanilgan.
Baytni boshlagan so‘z(«til») bayt oxirida takror kelsa(«til») tasdir san’ati bo‘ladi.
Birinchi misra oxiridagi so‘z(«bil») takrori bilan ikkinchi misra boshlansa tasbe san’atidan darakdir.
Baytning boshi va oxiridagi so‘zlar o‘rtaga olgan so‘zlarga ahamiyat beramiz: «aning hamdida qosirdur» so‘zlari har ikki misrada qofiya oldidan takrorlanmoqda. Bu usul hojib san’ati namunasidir.
«Til» va «bil» so‘zlarining bayt boshidagi ohangdoshligi muzoraa san’ati ishtiroki tufaylidir. Baytdagi fikrni «bil» deb buyurish esa amr san’atidan darakdir.
Tilning Olloh maqtovida(hamdida) vosita ekanligi va ayni paytda qosirligi — tegishlicha maqtovga yaroqsizligiga ahamiyat berilsa: til, hamd va qosir so‘zlarining o‘zaro daxldorligi tufayli tanosib san’ati qo‘llanganiga amin bo‘lamiz.
Nihoyat, birinchi va ikkinchi misralardagi barcha so‘zlarning ostin va ustin holatini nazarda tutsak: ular ohangdoshlik vaziyatidadirlar. Demak, baytdagi ostin va ustin turgan so‘zlarning o‘zaro ohangdoshligi(muzoraa, takror va qofiya) tarse’ san’ati ishtirokini ko‘rsatmoqda.
Demak, Bobur bu baytda tardu aks, tasbe, tasdir, tarse’, muzoraa lafziy san’atlarini, amr va tanosib ma’naviy san’atlarini qo‘llagan ekan...

Bobur — yangi yozuv kashfiyotchisi. Madaniyat tarixida yozuvlarning ahamiyati katta. Ma’naviy merosni, madaniyat va san’atni keyingi avlodlarga yetkazadigan muhim vosita — yozuv(xat)dir. Turkiylar o‘z uzoq tarixlarida ko‘plab yozuvlardan, chunonchi, turk-runiy yozuvidan, arab yozuvidan, uyg‘ur yozuvidan foydalanganlar. Bobur arab yozuvida savod chiqargan va umri bo‘yi shu yozuvda ikki-uch tilda matn bitgan, bu yozuvning ifoda imkoniyatlari, o‘zlashtirish usullarini yaxshi bilgan. Shuning uchun u bu yozuvni yanada mukammallashtirish, osonlashtirish, so‘zni har xil o‘qish nuqsonlarini bartaraf etish maqsadida yangi yozuv — Boburiy xattini kashf etdi. Uning bu jasorati, birinchidan, ma’naviyat va savodxonlikka kuyunchakligidan bo‘lsa, ikkinchidan, o‘qish va yozishni osonlashtirish, qulaylashtirishga intilishi tufayli edi.
Bobur zamonida yozuvni yangilash yoki yangi xatni joriy etishga urinish oson emasdi. Chunki arab yozuvi — «Qur’on» yozuvi edi. Shuning uchun Boburiy xattini amaliyotga joriy qilish niyatida Bobur bu xatda, avvalo, Qur’oni karimdan ikki nusxa tayyorlab, birini Makkaga, ikkinchisini Tehronga jo‘natadi.
Boburiy xatti haqidagi ma’lumotlarga Boburning devonida bir marotaba va «Boburnoma»da ko‘plab marotaba duch kelamiz. Shoir bir g‘azalida yozadi:

Turklar xatti nasibing bo‘lmasa, Bobur, ne tong,
Boburiy xatti emasdur, xatti sig‘noqidurur.

Mutaxassislarning fikrlariga qaraganda, Boburiy xattining amaldagi arab yozuvidan farqi(garchand shu yozuv asosida yaratilgan bo‘lsa-da) va afzalliklari imloda so‘z aniqligi(har xil o‘qilmasligi), yozish va o‘qishning qulayligi bilan izohlanadi. Buni «Boburnoma»da keltirilgan quyidagi parcha mazmunidan ham bilib olish mumkinki, Boburiy xatti alifbosi bilan ilk bor tanishgan kishi shu o‘rganish jarayonidayoq birmuncha so‘zlarni yoza olgan(matn tabdili):
«Murg‘obda mirzolar bilan muloqot qilganimda, Qozi Ixtiyor Muhammad Mir Yusuf bilan kelib meni ko‘rdilar. Boburiy xattidan so‘z chiqdi, mufradotni(harflarini) so‘radi, yozib berdim. O‘sha bazmdayoq mufradotni o‘qib, qoidasiga amal qilib, bir nimalar yozdi».
Matndan ikki narsani: avvalo, Qozi Ixtiyorning o‘ta ziyrakligini, so‘ngra Boburiy xattining o‘qish va yozishga qulayligini bilib olamiz.
Taassufki, biz bilmagan sabablarga ko‘ra, bu yozuv hayotga joriy etilmasdan qolib ketgan.
«Boburnoma»ning oxirgi varag‘idagi kotib ilovalariga e’tibor berilsa, Boburning yana bir necha kitoblar yozgani haqida ma’lumot olish mumkin(matn tabdili): «U podshohning musiqa ilmidan ham xabari bor edi»; «U podshohning aruz va qofiyaga doir ham risolalari bor».
Musiqaga oid ayrim kitoblarda Boburning «Musiqa sirlari» nomli risolasi tilga olinadi. Afsuski, bu asarni izlash hozircha ijobiy natija bermayapti.
Boburning qofiya ilmiga oid risolasining nomi ham noma’lum, o‘zi ham hanuz topilgan emas.
Boburning harbiy sarkarda sifatida bir umr katta-kichik jang-jadallarda bo‘lgani ma’lum. Uning harbiy san’at sirlariga juda qiziqqanini «Boburnoma»ni o‘qigan kishi bilib oladi. Zahiriddin Muhammad Boburning «Harb ishi» nomli risolasi haqida ham ma’lumotlar bor, ammo asarning o‘zi hozircha topilmagan.

Bobur — «Boburnoma» ijodkori. Biz Zahiriddin Muhammad Boburning mumtoz shoir sifatidagi shuhratidan voqifmiz. Biz o‘zbeklar uchun Bobur boshqa barcha mumtoz shoirlarimiz kabi aziz va muhtaram.
Biroq Boburga jahoniy shuhrat keltirgan asar uning «Devon»i, «Mubayyin»i yoki «Aruz risolasi» emas, balki «Boburnoma», yanada aniqrog‘i, uning turli tillarga qilingan tarjimalaridir.
XV—XVI asrlarda Xuroson va Movarounnahr, Hindiston va Afg‘oniston, Eron va Turkiyada fors tili va adabiyoti nufuzining qay darajada yuksak ekanligini «Boburnoma» kotibi va tarjimoni so‘zlari bilan izohlash mumkin: asarning fors tiliga o‘girilishi Hindistondan Turkiyagacha bo‘lgan juda ulkan hudud xalqlariga, ziyolilariga yetib bordi, degan ishonch edi. Kotib «Boburnoma»ni nazarda tutib yozmoqda: «Ushbu kitobkim, «Boburiya»dur, Bayramxonni o‘g‘li Mirzoxong‘a buyurdilarkim, turkiydin forsiyg‘a kelturgilkim, turkiy bilmog‘on xaloyiqqa oson bo‘lg‘ay».
«Boburnoma»ni yana fors tiliga o‘girgan Rashid Axtar Nadviy Bayramxonning o‘g‘li Abdurahim Xonixononning ilk forsiy tarjimasi xususida to‘xtalib yozadi: «Shundan keyin jahon ahli birinchi marta buyuk tojdor(Bobur)ning so‘z mulkining ham shahanshohi ekanidan xabar topdi».
Shoh, adib, shoir, lashkarboshi Boburning ,,Vaqoe’»(Voqealar), keyinchalik «Boburnoma» nomida shuhrat qozongan asari Zahiriddin Muhammad Boburning ongli hayoti va faoliyati muhim qismining kundaliksimon bayonidir. Shuning uchun shoir bu asar va uning o‘z tarjimai holiga nechog‘li daxldorligi xususida bir ruboiysida shunday yozadi:

Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdum,    
Olam elidin turfa sitamlar ko‘rdum, 
Har kim bu «Vaqoe’»ni o‘qur, bilgaykim: 
Ne ranju, ne mehnatu, ne g‘amlar ko‘rdum.

«Boburnoma», avvalo, yetuk badiiy asar. Badiiy tasvirga xos talqinlar, voqea-hodisalarni butun voqeiyligi bilan kitobxon ko‘z oldida gavdalantira olish, so‘z ustida san’atkorona ishlash, uslub baquvvatligi — bu uslubning bir xususiyati fikran saxiyligu ixcham bayon bo‘lsa, ikkinchi xususiyati — o‘zigagina xosligi va, eng muhimi, ta’sirchanlik ustuvorligidir.
 Muallif garchand kamtarlik bilan ko‘pincha o‘zini chetroq tortib, «farmon berdim» o‘rniga «farmon berildi» tarzida matnda o‘z daxlini oldinga chiqarishdan tiyilsa-da, asardagi bosh qahramon — Boburning o‘zi bo‘lib qolaveradi. Farg‘ona, Kobul va Hindistondagi voqea-hodisalar ummonida Zahiriddin Muhammad Boburning o‘ktam shaxsiyati baralla ko‘zga tashlanadi.
Ingliz sharqshunosi Monstyuart Elfinstonning «Boburnoma» va uning bosh qahramoni haqida aytgan quyidagi fikrlari e’tiborga molikdir:
«Bu xotiralarda buyuk turkiy podshoning hayoti batafsil tasvirlangan, uning shaxsiy his-tuyg‘ulari har qanday mubolag‘a va pardalashlardan xoli. Uning uslubi oddiy va mardona, jonli va obrazli. U o‘z zamondoshlarining qiyofalari, urf-odatlari va intilishlarini, qiliqlarini oynadek ravshan tasvirlaydi. Shu jihatdan bu asar Osiyoda yagona, chinakam tarixiy tasvir namunasidir. Bobur harbiy odamning tashqi ko‘rinishi, kiyimi, tab’i va odatlarini ifoda etadi, mamlakatlarni, ularning iqlimi, tabiati, xo‘jaligi, san’at va hunarmandlik namunalarini tasvirlab beradi. Lekin muallifning yorqin xarakteri asarga eng ko‘p joziba bag‘ishlaydi».
Asardagi voqea-hodisalar muayyan ma’noda uning qismat sarguzashtlariga chambarchas tutashib ketgan. Shuning uchun asarni boshdan oxirigacha o‘qigan kitobxon o‘smir Boburni, yigit shahzoda Boburni, oshiq Boburni, umrbod jangovar lashkarboshi Boburni, podshoh va mutafakkir, mehribon ota Boburni, barcha zafaru mag‘lubiyatlari, fazilatlariyu nuqsonlari bilan ravshan tasavvur eta oladi. Muallif «Vaqoe’»(«Boburnoma»)ni yozgani qo‘liga qalam olgan kunidan boshlab voqea-hodisalar talqini va kishilar shaxsiyatiga doir fikr-mulohaza va ma’lumotlarning faqat rostini yozishga ahd qilgan (matn tabdili): «Bo‘lgan voqealarni rost yozganman. Chunki bu asarda shu narsa lozim topilganki, har so‘zning rosti bitiladi va har ish aynan qanday voqe’ bo‘lgan bo‘lsa, shunday aytiladi». Shu bois Bobur har bir shaxsga baho berganda uning barcha muhim fazilatlari va fe’l-atvoridagi nuqsonlarini aytishga harakat qiladi. Bunda u mustasnolikka yo‘l qo‘ymaydi, hatto otasi bo‘lsa ham o‘sha ikki zaruriy o‘lchovga amal qiladi. Faqat otasiga emas, o‘ziga nisbatan ham.

Bobur, nazarimizda, bir necha jihatdan kamolot sohibidir:
birinchidan, o‘z qarindosh-urug‘larigagina emas, begonalarga ham mehr-muruvvat va hadyalar saxovatidagi oliyhimmatlilik;
ikkinchidan, kim bo‘lmasin, do‘st yoki dushmanmi, uning shaxsini xolis, to‘la-to‘kis baholash iqtidori;
uchinchidan, shariatning tolmas bayroqdori, shariatpanohlilik;
har bir ijtimoiy-siyosiy, axloqiy holatga baho va hukmni shar’an berish salohiyati, zinhor bundan chekinmaslik;
to‘rtinchidan, jismoniy yetuklik (chunonchi, Hashtiyak qishlog‘ida qirg‘og‘i muzlagan chuqur tezoqar ariqda ko‘p marotaba cho‘mib chiqadi (matn tabdili): «Menga g‘uslga ehtiyoj bor edi. Bir ariq suvidakim qirg‘oqlari qalin muz to‘ngub edi, o‘rtasi suvning tezligi sababli muz bog‘lamagan edi, bu suvga kirib g‘usl qildim. O‘n olti qatla suvga cho‘mdim. Suvning sovuqligi xiyla ta’sir qildi»);
beshinchidan, kechirimlilikda musulmoni komilga xos eng yuksak daraja sohibi edi (Bobur Hirotga, Husayn Boyqaro ta’ziyasiga ketganida pochchasi Mirzoxon Kobul saltanatini egallab oladi. Bobur qaytib kelib, o‘z taxtiga ega bo‘lib, hech bir jazo chorasini qo‘llamay, Mirzoxonni Xurosonga jo‘natadi. Bir yil o‘tar-o‘tmas Mirzoxon qaytib kelib, Boburning ishonchli va e’tiborli kishilari safiga qabul qilinadi);
oltinchidan, har sohada fikr yetukligi — mutafakkirlik unga xos edi. Ijtimoiy-siyosiy hodisalar, axloqiy muammolar, hatto adabiyotshunoslik sohasida ham. Mutafakkirlikning ilk belgilaridan biri — yo‘l qo‘yilgan xatodan tegishli xulosa chiqarib, tajriba hosil qilishdir. Bobur ikkinchi marta Andijonga ega bo‘lgach, o‘z kishilarining mol-hollarini Jahongir mirzo tarafdorlaridan qaytarib olish haqidagi haqli talablariga ko‘nib, bu haqda farmon berib, xato qiladi va Andijondan yana mahrum bo‘ladi (matn tabdili):
«Jahongir mirzodek g‘anim yonimizda o‘tirganda elni bunday hurkitmoqning hech ma’nosi yo‘q edi. Mamlakatlarni egallash va yurt saqlashda ba’zi ishlar yuzaki qaraganda ma’qul va asosli ko‘rinadi. Biroq har ishning zimnida yuz ming mulohaza vojib va lozimdir. Ushbu bir mulohazasiz hukm qilganimizdan qanchalik g‘avg‘o va to‘polonlar sodir bo‘ldi. Axir Andijondan ikkinchi marotaba chiqib ketishimizga ushbu puxta o‘ylanmagan hukmimiz sabab bo‘ldi».
Ushbu ko‘chirmadagi «har ishning zimnida yuz ming mulohaza vojib va lozimdir» jumlasi mutafakkir Boburning yombi fikridir.
«Boburnoma» ningahamiyati va uning ijodkori fazilatlari haqida ingliz boburshunosi Leyn Puulning mulohazalari juda qimmatlidir: «Boburning xotiralari bir askarning harbiy yurish va chekinishlari haqidagi oddiy kundalik daftar emas; bu xotiralarda Sharq adabiyotini juda yaxshi bilgan, nozik va bilimdon kuzatuvchi, odamlarni sinchiklab o‘rganadigan, ular haqida xolis va odil fikr yurita oladigan mutaassir qalb egasining dunyo haqidagi shaxsiy taassurotlari va nozik fikrlari berilgan.
Uning o‘z qiyofasini chizishdagi samimiyligi, fazilat va nuqsonlarini ham mardona tasvirlashi, ochiqko‘ngilliligi, haqqoniyligi va ajoyib hazilkashlik tuyg‘ulari bu go‘zal xotiralarning qadri va ahamiyatini yanada oshiradi».
«Boburnoma» badiiy asar bo‘lgani uchun uning bosh qahramoni Bobur timsoli tahlili, bizningcha, juda muhim hisoblanadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur, avvalo, mard insondir. Bu xislat ayniqsa Bobur kabi qismatlari murakkab va ko‘pqirrali kishilarni tez-tez turli sinovlarga soladi. Chunki mardlik faqat do‘stlar bilan emas, balki dushman bilan munosabatlarda yanada qattiqroq sinaladi.
«Boburnoma»dagi juda ko‘p voqea-hodisalar Bobur shaxsining ana shu mardona xislati tantanasini qayta-qayta namoyish etadi. Chunonchi, xonlar Bobur bilan birgalikda Andijon va Axsini egallash niyatida harbiy yurish qilganlarida Axsi qo‘rg‘onbegi Shayx Boyazid Boburni chorlaydi. Bu haqda Bobur tog‘asi Sulton Mahmudxon va kichik xon — Olachaxondan bir kishi orqali maslahat so‘raydi: «Uning (Shayx Boyazidning) chorlaganini xonlarga ishora qildik. Xonlar debdilarki: «Borsin. Har nima qilib bo‘lsa-da Shayx Boyazidni tutsin».
Bu makru firib bizning odat va usulimiz emas edi. Alalxususkim, orada ahd bor. Bunday ahdni buzish qanday bo‘ladi?!».
Vaziyat yanada og‘irlashadi. Xonlar Shayboniyxon kelishini eshitib, Toshkent tomonga juftakni rostlaydilar. Bobur, shartga muvofiq, Axsida. Tanbalning yirik lashkar bilan kelishi kutilmoqda. Yana «Boburnoma» voqealariga qaytamiz (matn tabdili): «Biz bu holatda taraddudda edik: turmoqqa xiyla ishonch yo‘q edi. Sababsiz-nesiz Axsini tashlab chiqmoq ham xush yoqmasdi. Bir kuni ertalab Marg‘inondan Jahongir mirzo keldi. Ko‘rishdim. Ushbu zamon Shayx Boyazid ham iztirob bilan keldi. Esankirab qolgan. Jahongir mirzo va Ibrohimbek dedilarki: «Shayx Boyazidni tutmoq kerak. Arkni qo‘lga olmoq kerak». Darhaqiqat, to‘g‘ri ishning hisobi shu edi. Men dedimki: «Ahd qilgan. Biz nega ahdga xilof qilamiz?!».
Ko‘rayotirmizki, har qanday og‘ir, tahlikali vaziyatda ham Boburning mardligi, ahdiga sodiqligi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Mardlik g‘animga nisbatan ham ahd va shartga ustuvorlikda bilinganidek, o‘ta qiyin jismoniy azoblarni el qatori o‘ziga teng ravo ko‘rishda ham zuhur etadi.
Bobur mardlikda himmati yuksak davlat arbobi edi. Hirotdan Kobulga borishda qor otning qornidan keladigan yo‘llarda o‘zi oldinga tushib qor tepib, lashkarga yo‘l ochadi. Boshqalar g‘orda qor bo‘ronidan jon saqlasalar, Bobur qorda o‘ra qazib, o‘sha yerda tong ottiradi (matn tabdili): «Bir haftaga yaqin qor tepib, kunda bir shar’iy — bir yarim shar’iydan ortiq ko‘chilmas edi. Qor tepar kishi men edim, o‘n-o‘n besh ichkilar bilan va Qosimbek edi, ikki o‘g‘li — Tangriberdi va Qanbar Ali bilan, yana ikki-uch navkari ham bor edi. Ushbu zikr etilganlar yayov yurib, qor tepar edik. Har kishi yetti-sakkiz-o‘n qari ilgari yurib qor tepar edi. Har qadam qo‘yganida beligacha, ko‘ksigacha bota-bota qor tepar edi.
Shu usulda qor tepib... Havoli Qutiy degan g‘orga keldik. Ushbu kun dahshatli bo‘ron bilan qor yog‘ar edi. Shunchalikki, barchaga o‘lim vahimasi bo‘ldi... G‘or torroq ko‘rindi. Men g‘orning‘ og‘zida kurak olib, qor kurab, o‘zimga bir takya miqdori yer yasadim, qorni ko‘ksimgacha qazdim. Hanuz oyog‘im yerga tegmasdi. Biroz shamoldan panoh bo‘ldi. O‘sha holatda o‘tirdim. Har necha dedilarki: «G‘orga boring». Bormadim. Ko‘ngilga kechdikim, barcha el qorda va chopqunda, men issiq uyda va istirohat bilan; unda barcha el tashvish bilan mashaqqatda, men bunda uyqu bilan farog‘atda. Muruvvatdan yiroq va hamjihatlikdan nari ishdir. Men ham har tashvish va mashaqqat bo‘lsa ko‘rayin, har nechuk el toqat qilib tursa — turayin. Bir forsiy maqol bor: «Do‘stlar bilan o‘lim — to‘ydir» degan...»
Bu mulohazalar ulug‘ rahbarga, mard sardorga xosdir, albatta.
Shuning uchun ham «Boburnoma»ni frantsuz tiliga tarjima qilgan Pave de Kurteyl Boburga quyidagicha haqqoniy baho beradi: «Har qanday sinovga bardosh bera oluvchi, iroda va matonatni mujassamlashtirgan bu zot o‘zida harbiy hiyla va jasoratni uyg‘unlashtira olar, zarur bo‘lganda jazolashga ham, afv etishga ham qodir edi; u iste’dodli harbiy arbob va ishning ko‘zini biladigan, qo‘shinlarni mohirlik bilan boshqara oladigan, ularning ishonchini qozona olgan sarkarda edi...».

Bobur — shariatpanoh podshoh va shariatga rioya qiluvchi musulmon.«Boburnoma»da ijtimoiy jinoyat sodir etganlarga turli-tuman jazolash usullari qo‘llangani hikoya qilingan. Chunonchi, Bobur tinch aholining yog‘li xumini o‘g‘irlagan bir navkarni tayoq tutgan saf o‘rtasidan o‘tkazib, tayoqlatib o‘ldirtiradi.
Ayniqsa, oilaviy munosabatlardagi shar’iy va noshar’iy ishlarga Bobur katta ahamiyat beradi. Hisor begi Xisravshoh — yirik bek. Navkari 20—30 mingga yetadiki, bu juda favqulodda hodisadir. Biroq u shariatdan bexabar bir nusxa. «Hisor xalqi, — deb yozadi Bobur, — xususan, Xisravshohga taalluqli el hamisha ichkilik va zinoga mashg‘ul edi. Shu darajadaki, Xisravshohning navkarlaridan biri bir kishining xotinini tortib olib ketadi. Bu xotinning eri Xisravshohga kelib arz-dod qiladi. Xisravshoh javob beradiki: «Bir necha yil sen bilan birga edi, bir necha kun bu bilan birga bo‘lsin».
Bu voqeani eshitgan va yozgan shariatpanoh Bobur shu darajada g‘azablanadiki, «Bu voqeani eshitib Xisravshohga la’natlar yog‘dirmagan kishiga ham la’natlar bo‘lsin!» deb yuboradi.
Bobur Xisravshoh beklik qilgan Hisordan o‘tayotganda ham shar’iy bir da’vo voqeasi beriladi (matn tabdili): «Xisravshohni ko‘rib qaytgan oqshom Mirzoxon mening qoshimga kelib, og‘alarining qonini da’vo qildi. Bizning orada ba’zilar ham amin edilar, darvoqe’, shariat va urf bilan ham munosibi shunday ediki, bunday kishilar jazosiga yetgay».
Husayn Boyqaroning fe’l-atvoriga baho berganda Bobur uning e’tiqodi yuzasidan mulohazalar yuritadi (matn tabdili): «Jami ish kuchi sunnat va jamoat mazhabi bilan muvofiq edi. Mafosil(revmatizm) xastaligi tufayli namoz o‘qiy olmas edi. So‘zamol va xushxulq kishi edi. Xulqi biroz tezroq edi. Ba’zi muomalalarda shariatga ko‘p rioya qilardi. Bir marta bir o‘g‘li bir kishini o‘ldirgani uchun xuntalablariga topshirib, qozixonaga yubordi...
Avval taxtni olgan paytlari olti-etti yil ichkilik ichmadi. Undan keyin ichishga tushdi. Qirq yilga yaqinki, u Xurosonda podshoh edi, hech kun yo‘q ediki, peshin namozidan so‘ng ichmasin. Lekin hech qachon «bosh og‘rig‘i» qilib ertalab ichmas edi. O‘g‘illari, barcha amaldorlari va shahar aholisining ahvoli ham shu edi. O‘ta aysh-ishrat va axloqsizlik qilar edilar».
Zahiriddin Muhammad Boburning yuqoridagi mulohazalarida ikki nuqta alohida e’tiborli: birinchisi, Husayn Boyqaroning shariatga amal qilishi; ikkinchisi, shariatga xilof ish qilishi.
Shariatpanoh Bobur Husayn Boyqaroning shariatga xilof ishlarini birma-bir sanagach, nihoyat, shar’iy hukm ham ijro qilinganini «Boburnoma»da shunday qayd etadi: «Ushbularning kasofatidan ediki, shunday xonadondan yetti-sakkiz yilda bir Muhammad Zamon mirzodan o‘zga nomu nishon qolmadi».

Bobur — fidoyi ota. «Boburnoma» ma’lumotlaridan biz Boburni o‘z ukalari, opa-singillariga g‘amxo‘r, xola va bo‘lalarining, tog‘alarining, xullas, barcha urug‘larining qadriga yetuvchi andishali inson sifatida taniymiz. Har ikki ukasini o‘zi bilan Kobulga, so‘ng Hindistonga olib ketdi; ularni tarbiyaladi va qadrladi. Pochchasi Mirzoxon Bobur taxtini olganda xolasi tufayli, xolavachchalarining yuzini qilib, u o‘limga mustahiq bo‘lsa ham, kechirdi.
Farzand tarbiyasi masalasida ham Bobur idrokli ma’rifatparvar, talabchan ustoz maqomidagi padardir.
Humoyunga yozgan xatida uning yozuvidagi nuqsonlar, uslubidagi kamchiliklarni qayd etadi; hukmdorga xos bo‘lmagan xilvatparastlikni tanqid qiladi; ko‘p bilan ishlash, beklar bilan shug‘ullanish, kengashish shartligini uqtiradi.
O‘zi ham otalik baxtidan surur topadi. Maqtovga xasis bo‘lgan Bobur Humoyunning axloq-odobi va kamolotiga juda yuqori baho beradi.
Humoyun mirzo ota-onasini sog‘inib o‘z viloyati Badaxshonni tashlab Ograga keladi.
U otasi Boburni shu darajada qo‘msaganki, yirik viloyat hukmdorligidan ota diydorini ustun qo‘yib, poytaxtda qolish mayli borligini odob doirasida bildiradi (matn tabdili): «Muhammad Humoyun, bir yili ediki, Badaxshonda diydorlardan ayru tushib edi. So‘ngra bizni sog‘inib, Badaxshonni kuyovi Mirzo Sulaymonga topshirib, bir kunda Kobulga keldi. Mirzo Komron ham Qandahordan Kobulga kelgan ekan. Iydgohda muloqot qilib, hayron bo‘lib, qaytish sababini so‘rabdi. Muhammad Humoyun bizning ishtiyoqimizni aytib, Mirzo Hindolni Kobuldan Badaxshonga yuborib, bizning tarafga yuraberipti. Bir necha kunda poytaxt Ograga yetib, o‘sha soatda, biz uning onasi bilan nomini aytib, so‘zlashib o‘tirib edik, yetib keldi.
Ko‘ngullar gul kabi ochilib, ko‘zlar chirog‘dek yorishdi. Muqarrar har kuni katta ziyofat edi. Bir-birimiz bilan to‘yib-to‘yib suhbat qilardik. Chindan ham suhbatda mislsiz edi va komil inson kim, der edilar, shu edi.
... bizga shunday xabar yettikim, koshg‘ariylar kelib, Badaxshonni oldilar. Biz Xoja Xalifaga buyurdikki, Badaxshonga borib, o‘z mulohazasicha bu masalani hal qilib kelsin. Biroz tushunmovchilik bo‘ldimikan, u qabul qilmadi. Muhammad Humoyunga aytdikki: «Sen borsang qanday bo‘larkan?». U javob berdiki: «Farmonni bajarmaslikka ilojim yo‘q. Biroq o‘z ixtiyorim bilan diydoringizdan ayrilgim kelmaydi». Shuning uchun Mirzo Sulaymonni Badaxshonga jo‘natdik».
Keyinroq Bobur Humoyunni Sanbal viloyatiga hokim qilib jo‘natadi. Olti oycha turadi-yu, negadir, ob-havosi yoqmaydimi, doim isitmalay boshlaydi. Ota buyrug‘i bilan Humoyun mirzo poytaxtga keltirilib, mumtoz tabiblar qaramog‘ida bo‘ladi. Biroq hadeganda tuzalavermaydi. Farzandining kuyib-yonib yotishini har kuni ko‘raverib, Boburning toqati toq bo‘ladi. Saltanatning ulug‘ kishisi Mir Abdulqosim Boburga arz qiladiki, bunday dard darmoni uchun eng yaxshi narsalarni sadaqa qilmoq kerak: toki Olloh taolo sihat-salomatlik bersin. Voqea davomini «Boburnoma»dan o‘qiylik (matn tabdili): «Mening ko‘nglimga keldiki, Muhammad Humoyunning mendan boshqa yaxshiroq narsasi yo‘q. Men o‘zim sadaqa bo‘layin, Xudo qabul qilsin. Xoja Xalifa va boshqa yaqinlar dedilarki: Muhammad Humoyun sihat topar, siz bu so‘zni nechun tilingizga keltirasiz? Maqsad: dunyo matoidan yaxshisini sadaqa qilmoqdir. Ibrohim bilan bo‘lgan urushda qo‘lga tushgan olmosni siz Muhammad Humoyunga hadya etgan edingiz. O‘shani sadaqa qilmoq kerak.
Tilimga keldiki, dunyo moli uning evaziga yararmidi?! Men o‘zimni unga fido qilaman. Chunki uning ahvoli juda og‘ir. Men ortiq uning kuyib-o‘rtanishlariga toqat qilolmayman.
O‘sha holatda uning huzuriga kirib, uch marotaba boshidan aylanib-o‘rgilib, dedimki: «Har qancha darding bo‘lsa men ko‘tardim.»
O‘sha zahoti men og‘ir bo‘ldim, u yengil bo‘ldi. U sihat bo‘lib o‘rnidan turdi. Men noxush bo‘lib yiqildim...».
Bobur ertasi kuni taxtu tojni Humoyun mirzoga topshiradi va ko‘p o‘tmay vafot etadi.
«Boburnoma»da badiiy san’atlar — tasviriy va ifodalilik vositalari namunalarini ko‘plab kuzatish mumkin. Chunonchi, yuqoridagi o‘g‘ilning kelishi tufayli ota-onaning behad shodlanganliklari talqinidagi matnda qo‘llanilgan tashbih (o‘xshatish) san’ati ham tabiiyligi, ham latofati bilan o‘quvchini rom etadi: «Ko‘ngullar gul kabi ochilib, ko‘zlar chirog‘dek yorishdi».
Nasrda shoir Bobur she’riyatiga xos qatma-qat tazodlar — qarama-qarshi ma’noli so‘zlarni qatorlashtirish va ichki qofiyasimon — ohangdoshlik yaratuvchi saj’ usulini qo‘llash holatlari ham oz emas: «Har necha dedilarki: «G‘orga boring». Bormadim. Ko‘ngilga kechdikim: barcha el qorda va chopqunda, men issiq uyda va istirohat bilan; unda barcha el tashvish bilan mashaqqatda, men bunda uyqu bilan farog‘atda». Matndagi «qor va chopqun» kabi tushunchalar yonida rohat-farog‘atni ifodalovchi «issiq uy va istirohat» so‘zlari zidligi voqea ta’sirchanligini kitobxon ko‘ngliga yetkazishda unumli tazod vositasidir. Muallifning sehrgarligi shundaki, u qayd etilgan ushbu tazod ko‘rsatkichlari bilangina cheklanmaydi. Balki, ularni qalashtirib tashlaydi: «tashvish va mashaqqat» hamda «uyqu va farog‘at» so‘zlaridagi ma’no zidligi ham ana shu badiiy san’atdan Boburning unumli foydalanganligini ko‘rsatadi. Bu usul nur va soyalar o‘yini bo‘lib, ham kitobxon diqqatini tortadi, ham yurakka kuchliroq ta’sir etadi.
Quyidagi qisqa gapdagi xushohanglik saj’ san’ati tufayli yuzaga kelgandir:

«Bajavr eli chun bog‘iy edilar, islom eli bila yog‘iy edilar».

Nazmda mutoyiba vaziyatlarini aks ettirish, so‘z o‘yini qilib bir so‘zni ikki ma’noda qo‘llay olish mahorati ayniqsa qayd etgulikdir. Bobur Samarqand hokimi Fo‘lod(Po‘lat) Sultonga o‘z she’rlari devonini yuborib, maktubga ushbu qit’asini ham ilova qiladiki, to‘rtinchi misradagi «Fo‘lod» so‘zi ham hokimning ismi, ham po‘lat (qattiq) ma’nolarini ifodalagani tufayli iyhom san’ati kuzatiladi:

Ul sarvning harimig‘a gar yetsang, ey sabo,
Bergil bu hajr xastasidin yod ko‘ngliga.
Rahm aylabon sog‘inmadi Boburni, bor umid
Solg‘ay Xudoy rahmni Fo‘lod ko‘ngliga.
So‘nggi misrani o‘quvchi quyidagicha ikki xil mazmunda idrok eta oladi:
Birinchisi: Xudo Fo‘lod (sulton) ko‘ngliga rahm solsin.
Ikkinchisi: Xudo uning po‘lat ko‘ngliga rahm solsin.

Iyhomdek nozik badiiy san’atni daho Alisher Navoiy «xossa (yuksak) ma’nolar»ni ifodalovchi vosita deb qayd etgani ma’lumdir.
Darhaqiqat, yuqoridagi qit’aning to‘rtinchi misrasidagi ikki xil mazmunni sezgan kitobxon ijodkor salohiyatiga qoyil qoladi.
Shoh asar «Boburnoma»da ilmiy ma’lumotlarning behad ko‘pligi va ular hozirgi tarmoqlashgan fanlarning ellikka yaqin sohalariga mansubligini inobatga olsak, «Vaqoe’» — «Boburnoma»ni qomusiy — entsiklopedik asar deyish mumkin. Chunonchi:
1. «Boburnoma» — tarixiy asar. Unda XV asrning oxiri — XVI asrning birinchi yarimlarigacha Xuroson, Movarounnahr, Hindistonda kechgan muhim tarixiy voqealar o‘z aksini topganidek, asarda yuzlab tarixiy shaxslarning nomlari bor. Ularning ayrimlari haqidagi ma’lumotlar har qanday tarixiy asarda topilmaydigan noyobligi, muhimligi bilan olimlarni ham lol qoldiradi.
Agar «Boburnoma» yozilmasa, bizning Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy hayotlari, faoliyatlari va ijodlari, xususan, shaxslari haqidagi tasavvurlarimiz anchayin yuzaki bo‘lib qolgan bo‘lardi.
Ayniqsa, temuriylar saltanatining tanazzuli yillaridagi tarixiy jang-jadallar, inqiroz sabablari, Husayn Boyqarodek buyuk podshohning, Bobur iborasi bilan aytganda, «Temurbek o‘rnida bo‘lgan» Husayn Boyqaroning sustkashligi, Shayboniyxonni qaqshatqich hujum bilan yengish o‘rniga mudofaa bilan cheklanganligi, Husayn Boyqaro farzandlarining bazmu sozda mohiru, jangu jadalda yaroqsizligi Bobur tomonidan tahlil etib berilgan.
«Boburnoma»da tarixiy voqea-hodisalarning yuz berishi sabab va oqibatlari o‘ta puxtalik, teranlik bilan o‘z talqinini topgan.
«Boburnoma» kitobxon uchun go‘yo ko‘pseriyali film. Bu ulug‘ ko‘zguda deyarli 50 yillik Movarounnahr, Xuroson, Hindiston va ularga yondosh mamlakatlarda kechgan voqea-hodisalar tizilishib kitobxon ko‘z o‘ngida namoyish etiladi. Shu ma’noda «Boburnoma»ni ajoyib voqeiy tarixiy roman deyish mumkin. Chunki jang-jadallar tarixiy asarlardagidek hisobot-axborot tarzida emas, balki badiiy asarga xos yuz xil qiyofali, fe’l-atvorli kishilar faoliyati tasviri orqali ko‘rsatiladi.
Tarixiy shaxslarning yakka shaxsiyat, davlat boshlig‘i, lashkarboshi sifatidagi faoliyatlarining ko‘pqirrali talqini va tahlili bu asar uchun xosligini Husayn Boyqaro shaxsi, tarixiy qismati, shaxsiy va oilaviy fojiasi sabablari xususidagi ma’lumotlar bilan isbotlashga harakat qilamiz.
Bobur Husayn Boyqaro saltanati va nufuzini Amur Temur bilan qiyoslab ulug‘laydi, uni chin yurakdan temuriylarning eng ulug‘ podshohlari safida qadrlaydi.
Boburning fikricha, Husayn Boyqaro va farzandlari bir yoqadan bosh chiqarib, Bobur va unga o‘xshaganlarni o‘z ittifoqchiligiga chorlab, shayboniylarga qarshi kurashilsa, uni yengib bo‘lardi.
Lekin Husayn Boyqaro xuddi Muhammad Xorazmshoh yo‘l qo‘ygan xatoni takrorlaydi: o‘z farzandlari, Bobur, Xisravshoh, Zunnun arg‘un va Shohbeklarning har biriga o‘z qal’asini mustahkamlab, g‘animga nisbatan mudofaani tashkil qilish yuzasidan maktublar yo‘llaydi; bu xato taktikasini bir vaqtlari qo‘l kelgan o‘z tarixiy tajribasi bilan asoslashga urinadi.
«Vaqoe’»da Bobur bu haqda yozadi (matn tabdili): «Ushbu fursatlar Sulton Husayn mirzodan Badiuzzamon mirzoga, menga, Xisravshohga va Zunnunga bir mazmunda uzundan-uzoq maktublar keldi...
Mazmuni bu ediki: «Sulton Ahmad mirzo, Sulton Mahmud mirzo va Ulug‘bek mirzo — uch og‘a-ini ittifoq qilib yurish qilg‘anlarida men Murg‘ob yoqasini berkitdim. Mirzolar yaqin yetib hech ish qila olmay qaytib ketdilar. Hozir ham agar o‘zbak (shayboniylar) yurish qilsa, men Murg‘ob yoqasini berkitay, Badiuzzamon mirzo Balx, Shaburg‘on va Andxud qo‘rg‘onlariga saqlay oladigan kishilarini qo‘yib, o‘zi Gurzavon va Darayi Zangda u tog‘liklarni berkitsin».
Mening bu yerlarga kelganim xabari unga yetgan edi. Menga ham bitib ediki: «Sen Kohmard va Ajarda u tog‘ etaklarini berkitib, Xisravshoh Hisor va Qunduz qo‘rg‘onlarida ishonchli kishilarni qo‘yib, o‘zi bilan inisi Vali Badaxshon va Xatlon tog‘larini berkitsinlar. O‘zbak hech ish qila olmay qaytgusidir», deb.
Sulton Husayn mirzoning bu xatlari noumidlikka sababchi bo‘ldi. Ne uchunki, Temurbekning yurtida hozirgi paytda undan ulug‘roq podshoh ham yosh, ham viloyat va ham lashkar bilan yo‘q edi...
Sulton Husayn mirzodek Temurbek o‘rniga o‘tirgan ulug‘ podshoh g‘animning ustiga yurishni demay, yer berkitmoqni desa, el va ulusga ne umidvorlik qolgay?!».
Endi Boburning Husayn Boyqaroning zamoni va obodonchilikdagi faoliyati xususidagi mulohazalari — hayratlarining guvohi bo‘laylik (matn tabdili): «Sulton Husayn mirzoning zamoni ajab bir zamon edi: fazl ahli va mislsiz san’atkorlardan Xuroson, xususan, Hirot shahri to‘la edi. Har kishiningki, bir ishga mashg‘ullig‘i bor edi, himmati va maqsadi shu ediki, u ishni kamolga yetkazgay»;
«Yana Hirotkim, yerning odamlar yashaydigan qismida bunday shahar yo‘qdir; Sulton Husayn mirzoning zamonida mirzoning‘ sa’y-g‘ayrati va takallufidan Hirotning zeb-ziynati birga o‘n, balki yigirma baravar obod bo‘lib edi».
Bobur Husayn mirzoning shaxsiy fazilatlaridan yana bir nechasini namoyish qiladi: «Shijoatli va mardona kishi edi. Ko‘p marotaba g‘animga o‘zi qilich solgan. Temurbek naslidan hech kim ma’lum emaski, Husayn mirzodek qilich chopgan bo‘lsin. Nazmiy iste’dodi bor edi. Devon ham tartib qilib edi. Turkiy yozardi. Taxallusi Husayniy edi. Ba’zi baytlari yomon emas. Lekin mirzoning devoni batamom bir vazndadir».
Xuddi ana shunday teran tahlil, muhim hayotiy nuqtalarni, ijod va shaxsni ko‘pqirrali tahlil etishni biz Alisher Navoiyga nisbatan ham kuzatamiz.
Alisher Navoiy haqidagi «Boburnoma» ma’lumotlari shu darajada o‘ta muhim, keng qamrovli va mufassalki, o‘rta asrlarda Alisher Navoiy haqida yozilgan ma’lumotlar, bag‘ishlovlar va hatto ulug‘ dahoga maxsus bag‘ishlangan Xondamirning «Makorim ul-axloq» asari ham ilmiy va tarjimai holga doir ma’lumotlarning boyligi, muhimligi, aniqligi va jozibaliligi jihatidan «Boburnoma»dagi bitiklar bilan bellasha olmaydi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Alisher Navoiy va Boburning shaxsiy munosabatlari 1500 yillar — Boburning Samarqandni ikkinchi marotaba qo‘lga kiritganidan boshlanadi. 
Boburning Alisher Navoiyga bergan bahosi: mislsiz turkiygo‘y shoir, jahon kam ko‘rgan oliyhimmat murabbiy va homiy. Ana shu fikrda Bobur umrbod sobit (matn tabdili): «Alisherbek mislsiz kishi edi. Turkiy til bilan she’r yoza boshlaganlaridan buyon hech kim unchalik ko‘p va yaxshi she’r yozgan emas»;
«Fozillar va hunarmandlarga Alisherbekcha murabbiy va homiy inson bo‘lgani yoki o‘tgani olamda ma’lum emas».
Bobur har bir tarixiy shaxs va uning faoliyatini puxta tahlil etadi. Uning ma’lumotlarida shaxsning kimligi, fe’l-atvori, kishilarga va oilaga munosabati, qiliqlari, el orasidagi obro‘-e’tibori, faoliyati, uning ijobiy, salbiy yoki mulohazatalab xususiyatlarigacha faqat eng muhim tomonlari saralab talqin etiladi. Ayni ana shu tahlil usulida Bobur Navoiy tarjimai holi, shaxsi, faoliyati va asarlariga yondashadi.
«Boburnoma»da Husayn Boyqaro beklari birma-bir sanalayotganida navbat Alisher Navoiyga keladi (matn tabdili): «Yana Alisherbek Navoiy edi, begi emas, balki suhbatdoshi edi. Yoshligida Husayn mirzo bilan maktabdosh ekandirlar. Xislatlari ko‘p ekan.
Bilmadim, nima sababdandir, Sulton Abusaid mirzo uni Hirotdan surgun qildi. U Samarqandga bordi. Necha yilki Samarqandda edi, Ahmad Hojibek murabbiy va homiysi edi. Alisherbekning mizoji noziklik bilan mashhurdir. El uning noziktabiatliligini davlatining g‘ururidan deb tasavvur qilardi. Unday emas ekan. Bu sifat unda tug‘ma ekan. Samarqandda ekanida ham o‘shanday nozikmizoj ekan».
«Boburnoma»da ulug‘ shoirning davlat amaldori sifatida Husayn Boyqaroga sadoqati va saxovati, uning bir bayti mazmuni halokatiga sabab bo‘lgan xastalikka ishora ekanligi o‘ta ixcham talqin etiladi (matn tabdili): «Avvallari muhrdor edi. Faoliyatining o‘rtalarida bek bo‘lib, bir qancha vaqt Astrobodda hokimlik qildi. Oxiri amaldorlikni tark etdi. Mirzodan hech narsa olmas, balki har yili unga yirik-yirik mablag‘lar tortiq qilar edi. Sulton Husayn mirzo Astrobod lashkaridan qaytganda istiqboliga chiqdi. Mirzo bilan ko‘risha turib, holati o‘zgardi, tik turolmadi, ko‘tarib olib ketdilar. Tabiblar unga aslo tashxis qo‘ya olmadilar. Ertasigayoq Tangri rahmatig‘a bordi. Bir bayti o‘z holati ifodasiga muvofiq kelgan:

Bu dard ilaki o‘larmen, maraz chu zohir emas,
Tabiblar bu balog‘a ne chora qilg‘aylar».

«Boburnoma» undagi tarixiy shaxslarning ko‘pligi, sulolalar, saltanatlar taraqqiysi va tanazzulini yorqin namoyon etuvchi badiiy-ilmiy hujjat, urushlar tarixi, jang qurol-yarog‘lari, jangga saf tortish va jang usullari, davlatlararo va shohlararo munosabatlar yilnomasi sifatida qimmatli tarixiy manbadir.
Ayniqsa, janglarning bu asardagi talqini kishini hayratga soladi. Jang uchun sabab va bahonalar, janggoh tanlash va joy jug‘rofiyasiga ko‘ra, quyosh nuri tushishiga ko‘ra harbiy saflarga joy tanlash, qo‘shin qismlarini harbiy amaliyotda muvofiqlashtirish usullari, harbiy asbob-uskuna, jangchi va ot-ulovlar uchun sovutu zirhlarning ahamiyati, shaharga kirish va qal’ani zabt etish chora-tadbirlari shunchalik mukammal berilganki, go‘yo bu asar shohlarga o‘ziga xos qo‘llanma vazifasini ham bajara olardi. «Boburnoma» bizga O‘rta Osiyo va atrofdagi davlatlarda ishlatilgan harbiy qurollar, mudofaa vositalari, qal’aga chiqish asbob-uskunalarining o‘ziga xos qomusi sifatida ham tarixiy-ma’rifiy ahamiyatga molikdir.
«Boburnoma» Amir Temur, Shohrux mirzo, Abusaid mirzo, Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Xoja Ubaydulloh Ahror, Umarshayx mirzo, Sulton Ahmad mirzo, Sulton Mahmud mirzo, Sulton Mahmudxon, Ahmad Tanbal, Xisravshoh, Zunnun arg‘un, Ismoil Safaviy, Shoh Tahmosp, Abulmakorim, Xoja Mavlonoyi Qozi, Badiuzzamon mirzo, Abdullatif mirzo, Raana Sangaa singari shoh va shahzodalar, amir va beklar, pir-murshidlar haqida muhim tarixiy ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgani bilan bag‘oyat qimmatlidir.
2. «Boburnoma»ni adabiyotshunoslik asari deyish ham mumkin. Zotan, adabiyot namoyandalari haqidagi ma’lumotlar, adib va shoirlarning asarlari tahlili, ularga baho berish adabiyotshunoslik ilmi sohasiga mansub.
«Boburnoma»da ellikka yaqin shoirning ismi sharifi aytilib, ularning asarlari tahlil etilgan yoki baho berilgan. Ko‘plab shoirlar nomlari aytilmay(ularning asarlari shunchalik mashhurki, mualliflarini eslatib o‘tirishni Bobur lozim topmagan), asarlaridan talay parchalar biror voqea munosabati bilan keltirilgan. Bu jihatdan, ayniqsa, Sharqda axloq otasi sifatida shuhrat qozongan Sa’diy Sheroziy va uning «Guliston» asari alohida qayd etgulik. Bobur bu asardan goh eslatib, goh eslatmay o‘nlarcha iqtiboslar keltiradi. Chunonchi, shulardan ikkitasi ayniqsa ta’sirchan va esda qolarlidir:
biri — Obburdonda toshga o‘yib yozdirilgan Jamshid haqidagi Sa’diy she’ri(bu tosh hozir Dushanbe davlat muzeyida saqlanadi);
ikkinchisi, Husayn Boyqaro vafotidan so‘ng uning ikki o‘g‘li — Badiuzzamon mirzo va Muzaffar mirzoning sheriklik bilan taxtga o‘tirishlari voqeasi aytilganda «Guliston»dan quyidagicha hikmat keltiriladi (tabdili): «Shayx Sa’diy so‘zi mazmunining xilofi yuz berdi. «Guliston»da keltirganki: «O‘n darvish bir gilamga sig‘ib yotarlar-u, ikki podshoh bir iqlimga sig‘maydi».
«Boburnoma»da bizga tanish va tanish bo‘lmagan juda ko‘plab o‘sha davrning forsiygo‘y va turkiygo‘y shoir, adib va olimlari haqida ma’lumotlar hamda asarlaridan parchalar, ularning tahlillari berilgan. Asarda zikr etilganlardan Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Badriddin Hiloliy, Kamoliddin Binoiy, Kamoliddin Husayn Gozurgohiy, Muhammad Solih, Abdullo Hotifiy, Osafiy, Mir Murtoz, Mullozodayi Mullo Usmon, Atoulloh Mahmud Husayniy, Amir Shayxim Suhayliy, Xondamir, Abdurazzoq mirzo, Asiriddin Axsikatiy, Bayramxon, Ahmad Hojibek(Vafoiy), Husayn Ali Jaloyir, Sayfiy Buxoriy, Mir Husayn Muammoiy, Mullo Muhammad Badaxshiy, Yusuf Badiiy, Mahmud barlos, Sulton Mahmudxon, Ohiy, Shoh Husayn Komiy, Ahliy, Mir Sarbarahna, Qozi Ixtiyor, Mullo Mas’ud Shirvoniyni eslatish mumkin.
Zahiriddin Muhammad adabiyotshunos sifatida o‘ta talabchan, hatto qattiqqo‘l. Sara badiiy yoki ilmiy asarlarga ulug‘lar beradigan baho mushtarak bo‘lib chiqadi, albatta. Chunonchi, Mir Atoulloh Mashhadiyning «Badoyi us-sanoyi’» nomli poetikaga doir asari xususida Bobur yozadi: «Yana sanoyii she’rda «Badoyi us-sanoyi’» nomli risola yozgan ekan, xiyla yaxshi yozgan».
Endi shu asar haqida Alisher Navoiy nima degani bilan qiziqaylik: «Sanoe’da bir kitob yozgan: «Badoe’i Atoiy» nomida. Endi oqqa ko‘chirildi. Ma’lum emaski, bu ilmda hech kim unchalik mukammal va foydali kitob yozgan bo‘lsin».
Adabiyotshunos Boburning asar haqida «yomon emasdir» degan bahosini olish ham katta yutuq. U maqtovga nisbatan — xasis, tanqid va kamchilik topishda mislsiz mohir. Uning baholash me’yori bilan Alisher Navoiynikini qiyoslasak, Navoiyda maqtov ko‘proq, tanqid ozroq. Nega bunaqa? Chunki Navoiy o‘qituvchi, alqab iste’dodlarni ulg‘aytiruvchi ustod. Bu jihatdan u Mavlono Lutfiy usulidan ko‘proq foydalanadi. Har holda, tanqid qilib tarbiyalashdan ko‘ra, alqab, maqtab iste’dodlarni o‘stirish ustozlar uchun ko‘proq xosdir. Boburga kelsak, u — podshoh. Hamma — uning xizmatida. Saviyasi o‘rtacha asarlarni u arzimas qoralama deb hisoblaydi. Biz yuqori saviya talab qiladigan Boburga ayb qo‘yolmaymiz, uni insofsizlikda ayblab bo‘lmaydi. Aslida chinakam adabiyotshunos hamisha ana shu darajada turmog‘i lozim.
Alisher Navoiy ham, Bobur ham Badriddin Hiloliyning ko‘p matn yod bilish qobiliyati — mislsiz hofizasiga birday ahamiyat berganlar. Navoiy «Majolis un-nafois»da yigitcha Hiloliy haqida yozadi: «Mavlono Hiloliy — turk elidindir. Hofizasi yaxshidir. Iste’dodi ham hofizasicha bordir».
Bobur «Vaqoe’»da oradan yigirma yillar o‘tgach yozadi: «Yana Hiloliy edi. Hozirgi vaqtda ham bordir. G‘azallari tekis, ajoyib... Juda kuchli hofizasi bor emish: o‘ttiz-qirq ming bayt yodida bor emish. Deydilarki, «Xamsa»ning aksar baytlari yodida bor...»
Adabiyotshunos Bobur Hiloliy haqidagi ushbu ma’lumotlari davomida adabiyot nazariyasining muhim muammolari — mazmun va kompozitsiya amaliyotiga maxsus e’tibor beradi; Hiloliy dostonining kompozitsiyasi bo‘shligini uqtiradi, obrazlar mantiqi masalasida ham shoirni qattiq tanqid qiladi (matn tabdili): «Bir dostoni bor, xafif bahrida, «Shoh va Darvesh» nomli. Garchi ba’zi baytlari juda ajoyib chiqqan bo‘lsa-da, lekin dostonning mazmuni va ustuxonbandligi (kompozitsiyasi) juda bo‘sh va xarobdir. Ilgari o‘tgan shoirlar ishq va oshiqlikka oid doston yozganlarida oshiqlikni erga va ma’shuqlikni ayolga nisbat berganlar. Hiloliy darveshni oshiq qilipti, shohni — ma’shuq.»
Alisher Navoiyning aziz do‘sti Amir Shayxim Suhayliy (Shayximbek) haqidagi «Boburnoma» ma’lumoti ikki jihatdan diqqatga loyiq: birinchidan, shoirning she’r o‘qishidagi sun’iylikka ahamiyat berilgan; ikkinchidan, she’r san’atlaridan mubolag‘a san’atida me’yor muhimligiga e’tibor qaratilgan (matn dili): «Yana Shayximbek edi. «Suhayliy» taxallus qilgani uchun Shayxim Suhayliy der edilar. She’rni allanechuk ohangda o‘qirdi. Qo‘rqinchli so‘zlar va ma’nolarni ifodalar edi. Uning she’rlaridan bir bayti budir:

Shabi g‘am girdbodi oham az jo burd gardunro,
Furo‘ burd ajdahoi seli ashkam rub’i maskunro.

(Mazmuni: G‘am tuni ohim quyuni falakni o‘rnidan surib yubordi. Ko‘z yoshim selining ajdahosi yer kurrasini yutib yubordi.)
Shu voqea mashhurdirki, bir marotaba shoir bu baytni Mavlono Abdurahmon Jomiy xizmatida o‘qibdi. Mavlono aytibdiki: «Mirzo, siz she’r aytasizmi yoki odam qo‘rqitasizmi?».
Adabiy dahoning tanbehli savolida ikki xil e’tiroz bor: biri — ifodali o‘qishdagi nuqsonki, muallif baytni o‘qishda rasmiy me’yorga amal qilmagan; ikkinchisi, bayt ijodkori mubolag‘aning cho‘qqisi bo‘lgan g‘uluvni ham suiiste’mol qilgan. Zotan, har qanday mubolag‘ada ham me’yorni saqlash joizdir.
Bundan Boburning ham adabiyot nazariyasi, ham badiiyat yaratuvchi omillar — she’r san’atlaridan mohirona foydalanish kerakligiga alohida ahamiyat berganligi ma’lum bo‘ladi.
3. «Boburnoma»ni tilshunoslik asari deb ham qarash mumkin. «Vaqoe’» muallifi til ilmining eng qiziqarli sohalari — etimologiya, fonetika xususida o‘ta jozibali va teran ilmiy kuzatishlarini bayon qiladi.
«Boburnoma» yozilmaganida Qashqadaryo viloyatining markazi Qarshi shahrining nima munosabat bilan bunday nomlanganini bilmagan bo‘lardik. Chunki «qarshi» so‘zi ko‘plab turkiy dostonlar va tarixiy asarlarda asosan zid, ro‘para, saroy, qasr singari ma’nolarda uchrar edi, xolos.
Bobur shahar nomi sifatida qo‘yilgan «qarshi» so‘zining mo‘g‘ulcha ekani, bu so‘z «qabriston» ma’nosini ifodalashini izohlab, asoslashga navbat kelganida shaharning mo‘g‘ul istilosi qurboni bo‘lganligi bilan dalillaydi (matn tabdili): «Yana Qarshi viloyatidirki, Nasaf va Naxshab ham derlar. Qarshi mo‘g‘ulcha otdir. Go‘rxonani mo‘g‘ul tili bilan «qarshi» derlar. Aftidan, bu ot Chingizxon istilosidan so‘ng bo‘lgandir».
Shahar va joy nomlarining bunday fojeiy nomlanishi Xo‘jand va Konibodom o‘rtasidagi Hodarvesh cho‘lidagi bir voqea bilan yana bir karra dalillangani diqqatga sazovordir(matn tabdili): «Xo‘jand bilan Kandibodom orasida bir dasht bor. Nomi — Hodarveshdir. Hamisha bu dashtda shamol esadi. Marg‘inon uning sharqidadir, hamisha bundan shamol boradi. Xo‘jand g‘arbidadir, doim undan shamol keladi. Qattiq shamollari bor. Derlarki, bir necha darvesh bu dashtda qishda qattiq shamolga yo‘liqib, bir-birlarini topolmay, «Ho, darvesh!», «Ho, darvesh!», deya-deya halok bo‘libdilar. O‘shandan beri bu dashtni Hodarvesh derlar».
Bobur birinchi marotaba «adabiy til» tushunchasini «qalam» so‘zida ifodalagan tilshunosdir. U Andijon viloyati xalqining tili turkiy (o‘zbek) adabiy tilga muvofiq ekanligini quyidagicha talqin etadi: «Eli turkdir (o‘zbekdir). Shahar va bozorlarida turkiy bilmas kishi yo‘qdir. Elining lafzi (tili, so‘zi) qalam bila rostdir. Ani uchunki, Mir Alisher Navoiyning asarlari Hirotda yaratilib shuhrat qozongan bo‘lsa-da, bu til bilan yozilgan».
Bobur ism va laqablarning kelib chiqishiga doir ajoyib fikrlar bayon qiladi. Shulardan biri o‘zining kichik tog‘asi Sulton Ahmadxonning laqabi haqidadir (matn tabdili): «Sulton Mahmudxondan kichigi Sulton Ahmadxon edi. U Olachaxon nomi bilan mashhurdir. «Olacha» ismining qo‘yilishi sababida deydilarki, qalmoq va mo‘g‘ul tillarida «o‘ldiruvchi»ni «olachi» derlar. Qalmoqlarni bir necha marotaba bosib, ko‘p kishisini qirgani uchun Olachi deb ko‘p aytilaverganligidan Olacha bo‘lib ketgan».
Ayrim kishilarga laqab o‘zlarining yoki otalarining kasb-kori bilan bog‘liq holda qo‘yilishi «Boburnoma»da ko‘plab misollarda dalillanadi. Chunonchi (matn tabdili): «Yana biri Qanbar Ali mo‘g‘ul edi, axtachi edi. Otasi viloyatga kirib bir qancha vaqt salloxlik (qassoblik) qilgani uchun Qanbar Ali sallox der edilar».
«Polvon», «kurashchi pahlavon» so‘zlari o‘zbek tilining turli lahjalarida turlicha ifodalanadi. «Boburnoma» muallifining xizmati tufayli bu so‘zning «zo‘r» va «bo‘ka» tarzidagi ifodasiga ham duch kelamiz: «O‘zbak zo‘r kishini bo‘ka der emish. Jonibek derki: «Bo‘kamusen? Bo‘ka bo‘lsang, kel, kurash tushaylik».
So‘z etimologiyasi joy nomiga nisbatan tekshirilganda Bobur o‘sha so‘zning yasalishi va nom qo‘yilishiga tarixan yondashadi (matn tabdili): «Yana bu madrasaning janubida bir masjid solibdi: «Masjidi muqatta’» deydilar. Bu boisdan «muqatta’» deydilarki, qit’a-qit’a (parcha-parcha, bo‘lak-bo‘lak) yog‘ochlarni tarashlab, islimiy va xitoyi naqshlar solganlar. Devorlari va shifti batamom ushbu yo‘sinlikdir».
Toponimikaga bunday mas’uliyatli, ilmiy munosabatda bo‘lish namunalariga «Boburnoma» ancha boydir. «Shahrisabz» shahri nomining kelib chiqishini ham muallif shu yo‘sinda talqin etadi: «Bahorlar sahrosi va shahri va bomi va tomi xo‘b sabz bo‘lur uchun Shahrisabz ham derlar».
Bobur Samarqand shahridagi Laqlaqa masjidi atamasini ham quyidagicha jozibali ilmiy dalillaydi (matn tabdili): «Samarqand qal’asining ichida yana bir qadimiy imorat bor: masjidi Laqlaqa derlar. U gunbazning o‘rtasida turib yerni tepsalar gunbazning hammayog‘idan «laq-laq» tovushi chiqadi. G‘aroyib holdir. Hech kim buning sirini bilmas».
Bobur tilning tovush jihatiga ham alohida e’tibor beradi. Ayniqsa, u xalqning turli joyda yashashi natijasida, so‘zga qo‘shimchalar qo‘shilganda harfiy va ayni paytda tovush o‘zgarishiga uchrashini qayd etadi. Bobur tog‘asi Sulton Mahmudxonga o‘z ahvoli va istagini ifodalovchi quyidagi ruboiyni manzur etar ekan, qofiyalardagi o‘rin-payt kelishigi qo‘shimchalaridagi «d» tovushining «t» tovushiga aylanishiga diqqatni qaratadi: «Bu ruboiyni xonga o‘tkarib, taraddudimni arz qildim...

Yod etmas emish kishini mehnatta kishi, 
Shod etmas emish ko‘ngulni g‘urbatta kishi. 
Ko‘nglum bu g‘aribliqta shod o‘lmadi hech, 
G‘urbatta sevunmas emish, albatta kishi.

So‘ngra ma’lum bo‘ldiki, turkiy tilda joy taqozosi bilan to(t) va dol(d), yana g‘ayn(g‘) va qof(q) va kof(k) bir-birlariga aylanib qolar ekan».
Bobur ziyrak tilshunos sifatida ayrim joylarda ko‘ptillilik hodisasi uchrashi, bir viloyatda ko‘plab har xil xalq va elatlar bir necha tilda so‘zlashishlariga ahamiyat beradi. Chunonchi, u «Boburnoma»da yozadi (matn tabdili): «Kobul viloyatida xilma-xil qavmlar bor. Sayxonliklar va tekisliklarda turklar(o‘zbeklar), aymoq va sahroyi arablar; shahri va ba’zi kentlarida sort(tojik)lardir. Yana ba’zi kentlari va viloyatlarida pashoyi, paroji, tojik, baraki va afg‘onlar istiqomat qiladi. G‘azni tog‘larida hazora va nakdarilar yashaydi. Bularning orasida ayrimlari mo‘g‘ul tilida gaplashadi...
O‘n bir-o‘n ikki tilda Kobul viloyatida so‘zlashadilar: arabiy, forsiy, turkiy, mo‘g‘uliy, hindiy, afg‘oniy, pashoyi, parojiy, gabriy, barakiy, lamg‘oniy. Bunchalik har xil qavmlar va boshqa-boshqa tillarda gaplashish boshqa hech bir viloyatda yo‘q».
Hatto o‘t-o‘lanlar nomlarining nega bunday atalganini ham Bobur sinchiklab tekshirib ko‘radi, kuzatadi va ilmiy xulosalar chiqaradi. Kobul viloyati o‘tloqlaridagi butaka xususida yozadi (matn tabdili): «... aksar butaka o‘ti bo‘lur, otga juda yaxshi o‘tdir. Andijon viloyatida bu o‘tni «butka o‘ti» deydilar. Nega bunday nom qo‘yilganining sababi ma’lum emas edi. Bu viloyatlarda ma’lum bo‘ldi: bu o‘t buta-buta bo‘lib chiqqani uchun butaka deyishar ekan».
So‘zlarning yasalishi, tarixiy asosi va kelib chiqishi haqidagi bunday aniq ilmiy ma’lumotlar bu asarda juda ko‘p.
4. «Boburnoma»ni san’atshunoslik asari, deyish ham mumkin. Chunki unda san’atning juda ko‘p xillari: raqs, kuy, ashula va tasviriy san’atga doir ma’lumotlar berilgan. Kitobxon Bobur zamonining mashhur hofizlari: Ruhdam, Hofiz Hoji, raqqoslari: Tengriquli, Ramazon, Mir Badr; sozandalari: Qulmuhammad Udiy, Shayxiy Noiy, Shohquli G‘ijjakiy, Xoja Abdulloh Marvoriy; bastakorlari: G‘ulom Shodiy, Mir Azu, Kamoliddin Binoiy, Pahlavon Muhammad Busa’id; rassomlari: Kamoliddin Behzod, Shoh Muzaffar haqida, ularning kuy, qo‘shiq, raqs, suvratlari xususida muayyan tasavvurga ega bo‘ladi.
San’atkorlar hamma zamonlarda ham bo‘lgan. Biroq san’atdagi an’anaviylikdan ixtirokorligi bilan ajralib turgan ijodkorlarninggina nomlari el og‘ziga tushib, shuhrat qozongan. Bobur Hirotda ekanida Muzaffar mirzoning bazmi tasvirida Mir Badrning raqqoslik san’atiga qoyil qoladi (matn tabdili): «Muzaffar mirzoning bazmiga ham bir navbat bordim. U bazmda Husayn Ali Jaloyir va Mir Badr Muzaffar mirzo ham bor edi. Bazm ahlining kayfi zo‘rayganda Mir Badr raqsga tushdi, yaxshi raqs tushdi. Chamasi, bu nav raqs Mir Badrning o‘z ixtirosidir».
Bobur tasviriy san’atga juda qiziqqan, hatto uning sir-sinoatlarini bilishga harakat qilgan. U Behzodni musavvirlar peshvosi sifatida o‘ta qadrlaydi, ayni paytda, uning ijodining ayrim mulohazatalab jihatlari ustida to‘xtalishni ham lozim topadi (matn tabdili): «Musavvirlardan Behzod edi. Musavvirlik san’atini juda nozik qildi. Biroq soqolsiz kishilarning chehrasini yaxshi ochmaydi: iyagini uzunroq tortadi. Soqolli kishining yuzini qoyilmaqom qilib chizadi».
Qo‘shiqchi hofizlarning sarasi, ayniqsa, Boburshoh bazmlarining xushxon bulbuli Ruhdam edi. «Ruhdam» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «nafasi jon bag‘ishlaydigan» demakdir. Bunday ulug‘ maqtov so‘zi birgina Iso alayhissalomga nisbatangina ishlatilgan edi.
Bobur bu hofizni shunchalik qadrlaydiki, uningcha, go‘yo Ruhdam qatnashgan bazmlar ruhli, oromijon bo‘ladi. Usiz, yo tasodifan u ketib qolsa, bazmda ruh qolmaydi. Ruhdamning qadri shunchalikki, Bobur u haqda quyidagi ruboiyni yozgan:

Gar Ruhdam etsa erdi ohangi nag‘am,
Majlisda ne huzn qolur erdi, ne g‘am.
To borg‘ali Ruhdam, bizing majlisdin,
Majlis elig‘a ne ruh qoldiyu ne dam.

Xushxonlarni shunchalik yuksak baholagan Bobur ashulani yaxshi, yoqimli qilib aytolmaydigan, saviyasi pastroq hofizlar haqida ham yozishni lozim topgan. Quyidagi matnda Hirot ahlining baqiroq, ammo ovozi shirali va ta’sirchan bo‘lmagan samarqandlik Mirjon hofiz xonishini qanday tinglaganliklarini juda qiziqarli bayon etadi. Muzaffar mirzoning Tarabxonadagi bazmidan bir lavha (matn tabdili): «Majlisda musiqachi va hofizlardan Hofiz Hoji, Jaloliddin Mahmud noyi, G‘ulom Shodiyning inisi Shodibacha bor edi. U chang chalar, Hofiz Hoji yaxshi xonish qilar edi. Hirot eli past, nozik va tekis xonish qiladi. Jahongir mirzoning samarqandlik Mirjon ismli bir hofizi bor edi. Baland, xunuk va notekis xonish qilardi. Jahongir mirzo kayf ustida unga qo‘shiq aytishni buyurdi. U ajabtovur baland ovozda qo‘pol va bemaza xonish qildi. Xuroson eli hazil-huzil bilan tirik el. Hojining bu xonishidan birisi qulog‘ini berkitadimi-ey, yana biri yuzini bujmaytiradimi-ey, ammo mirzo tufayli hech kim uni man qila olmaydi...»
5. «Boburnoma»ni nabototga oid asar ham deyish mumkin. Muallif «Boburnoma»da Farg‘onadan Hindistonga qadar yer, joy, tog‘, o‘lkalarda o‘sadigan daraxt, o‘simlik, o‘t-o‘lan, gullar haqida qimmatli ma’lumotlar berar ekan, ko‘proq bu ma’lumotlar xaritasi Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonga to‘g‘ri keladi.
Bobur Hindiston mevalaridan, chunonchi, anba haqida mukammal va muhim ma’lumotlarni bizga manzur etadi (matn tabdili): «Hindistongagina xos mevalardan biri anbadar... Yaxshisi yaxshi bo‘ladi, ko‘p yeyish mumkin. Lekin yaxshisi kam bo‘ladi. Uni aksar xom uzadilar: uyda turib pishadi. Xomi yaxshi osh qatig‘i bo‘ladi. G‘o‘rasining murabbosi ham yaxshi bo‘ladi. Darhaqiqat, Hindistonning yaxshi mevasi shudir. Ba’zi odamlar anbani juda maqtab, qovundan boshqa barcha mevalardan ustun qo‘ygan edilar. El maqtaganicha emas. Kordiy shoptoliga o‘xshashligi bor. Pashakaal vaqtida pishadi. Ikki xil yeyiladi: birini siqib, po‘la qilib, terisini teshib, so‘rib suvini ichadilar; yana birini kordiy shoptolidek terisini archib yeydilar. Yaproqlari shoptoli bargiga biroz o‘xshaydi. Tanasi ko‘rimsiz va xunukdir».
Hindiston mevalaridan keyla haqidagi ma’lumotlar ham o‘ta aniq tasvir va talqini bilan kitobxonni hayratga soladi (matn tabdili): «Yana bir mevasi keyladir. Arablar «mavz» deydi. Daraxti unchalik baland emas, balki daraxt ham deb bo‘lmas. Buta bilan daraxt orasidagi bir narsadir. Bargi amonqoraning bargiga o‘xshaydi. Lekin keyla bargining uzunligi ikki qari bo‘ladi, yassiligi bir qariga yaqinlashadi; o‘rtasidan yurakdek bir shox chiqadi, g‘unchasi ana shu shoxda bo‘ladi; g‘unchasining har bargi ochilgach, bargining tubida qator olti-etti guli bo‘ladi. Bu qator gullar keyla bo‘ladi. Ushbu yurakdek shox uzaygani sayin u katta g‘unchaning barglari ochilib, qator keyla gullari ko‘rinadi. Keyla daraxti bir martagina hosil berar emish.
Keylaning ikki latofati bor: biri buki, terisi oson so‘yiladi; yana biri buki, hech donasi va vazni bo‘lmaydi. Bodinjondan biroz uzunroq va ingichkaroqdir. Unchalik chuchuk emas. Bangola keylalari juda chuchuk bo‘lar emish. Xiyla xushbichim daraxti bor. Yap-yassi xushrang yashil barglari yaxshi ko‘rinadi».
Mevalarning ko‘rinishi, ta’mi haqidagi tasavvur to‘liq va ishonchli bo‘lishi uchun berilgan bunday ma’lumotlarning aniq, lo‘nda va muhimligiga kitobxonning qoyil qolmasdan iloji yo‘q. O‘quvchi tasavvurini boyitish uchun o‘sha mevalarning daraxti, hajmi, rangi, guli va yaprog‘igacha tasvirlash, aniqlik uchun ularni bizda, Farg‘ona va O‘rta Osiyoda o‘sadigan daraxt, meva, gul va barglariga qiyoslashning turli usullarini qo‘llash namunalari asar muallifining adib va olimga xos kuzatuvchanligi dalilidir.
Bobur tug‘ilgan vatani — Farg‘ona nabototi haqida oz-u soz yozgan (matn tabdili): «Farg‘ona... kichik viloyatdir. Don-duni ko‘p, mevasi farovon. Qovun va uzumi yaxshi bo‘ladi. Qovun pishig‘i paytida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas. Andijonning noshvotisidan yaxshiroq noshvoti bo‘lmaydi.
Yana Marg‘inondir... noz-ne’matga boy. Anori va o‘rigi juda yaxshi bo‘ladi. Bir xil anori bor, «donakalon» — yirik donali deydilar. Chuchuklikda o‘rik ta’midan ancha shirin. Samnon anorlaridan ustun qo‘ysa bo‘ladi.
Yana bir nav o‘rigi bo‘ladiki, danagini olib, ichiga mag‘iz solib quritadilar: «subhoniy» deydilar, juda lazzatli.
Farg‘ona viloyatining tevarak-atrof tog‘larida yaxshi yaylovlari bor. Tobulg‘u daraxti bu tog‘larda bo‘ladi. O‘zga hech yerda bo‘lmaydi. Tobulg‘u shunday daraxt: po‘sti qizil, hassa, qushlarga qafas qiladilar, qamchi dastasi ham qiladilar, tarashlab kamon o‘qi qiladilar, xiyla yaxshi daraxtdir. Tabarruk qilib yiroq joylarga eltadilar.
Ba’zi kitoblarda bitibdilarki, «yabruh us-sanam(jenshen) bu tog‘lardadir. Lekin bu muddatda hech eshitilmadi. Bir giyoh eshitildiki, Yettikentning tog‘larida bo‘ladi. U el uni ayiqo‘ti deydi: mehrigiyoh xosiyatli, ehtimol, mehrigiyohdir...».
Boburni mevalarning xillari, navlari, eng sarasi, daraxtlarning hatto o‘tinga bop-nobopligi, cho‘g‘ining uzoq yoki qisqa muddat o‘chmasligi kabi el ehtiyojiga zarurati qiziqtiradi.
Biz «Boburnoma»ni o‘qib XV—XVI asrlardagi hayvonot va nabotot olami, ekologik sog‘lom vaziyat guvohi bo‘lamiz.
6. «Boburnoma» — hayvonot olami haqidagi qimmatli ma’lumotlar manbaidir. Bu asardan Hindiston va Afg‘oniston tevarak-atrofidagi biz nomlarini eshitmagan yoki eshitganu ko‘rmagan o‘nlab yovvoyi, xonaki hayvonlar, qushlar va hatto xilma-xil baliqlar haqida o‘qib hayratga tushamiz. To‘g‘ri, hozirgi televidenie imkoniyatlari mislsiz davrda o‘sha hayvon, qush va baliqlar to‘g‘risida ancha-muncha ma’lumotlar bor. Ammo «Vaqoe’» («Boburnoma») yaratilgan davrlardan buyon — deyarli besh yuz yil davomida asardagi hayvonot va qushlar hamda baliqlar haqidagi ma’lumotlar kechagi kungacha O‘rta Osiyo aholisi uchun mo‘’jizalar dunyosi bo‘lib kelganini tasavvur qilib ko‘raylik...
Bizningcha, Boburning bu haqdagi ma’lumotlari bugungi o‘zbek kitobxoni uchun ham o‘z yangiligini saqlab keladi.
Bobur Andijonning ov hayvonlari va qushlari xususida yozadi (matn tabdili): «Ov qushi ham ko‘p bo‘ladi. Qirg‘ovuli behad semiz bo‘ladi. Shunday rivoyat qildilarki, bir qirg‘ovulning go‘shtini to‘rt kishi yeb tugata olmaydi». Shunday ma’lumotni Xo‘jandga nisbatan ham bergan: «Xo‘jandning ovlog‘i va qushlog‘i ko‘p yaxshidir. Oq kiyik, bug‘u-maral, qirg‘ovul va tovushqoni (yovvoyi quyoni) ko‘p bo‘ladi».
«Boburnoma» muallifini Hindistonning boy, xilma-xil va g‘aroyib hayvonot dunyosi qiziqtiradi (matn tabdili): «Hindistonda jonivorlar ko‘p: to‘ti va shorak, tovus va lo‘cha, maymun, nilagov va ko‘tahpoy(qisqaoyoq). Balki, bu mazkur bo‘lgan jonivorlardan yana o‘zga-o‘zga jins qushlar va jonivorlar bo‘lur»;
«Hayvonotki, Hindistongagina xosdir. Yovvoyi hayvonlardan biri fildir. Hindistonlik uni «haatiy» deydi... Fil yirik jussali va ziyrak jonivordir. Har nima desalar biladi va har nima buyursalar qiladi. Bahosi yoshi ulug‘ligiga yarashadir. Ulg‘aytirib sotadilar. Har necha yoshi kattaroq — bahosi balandroqdir... Filning yemak-ichmagi faqat xartumi bilandir. Xartumi bo‘lmasa — yashayolmaydi. Xartumining ikki yonida — yuqorigi engagida ikki yirik tishi bor, tomga va daraxtga ushbu tishlarini qo‘yib, zo‘rlab qulatadi... Filning tuki yo‘qdir...
Yana biri karkdir. Bu ham yirik jonivor. Kattaligi uch sigircha bo‘ladi... Bir shoxi bor — burnining ustida, uzunligi bir qarichdan ko‘proq, ikki qarichligi uchramadi... O‘zga hayvonotdan ko‘proq otga o‘xshash. Negaki, otning qorni katta bo‘lmas, buning ham qorni katta bo‘lmaydi. Xuddi otning oyog‘ida oshiq o‘rnida parcha suyagi bo‘lganidek, buning ham oshiq o‘rnida parcha suyagi bor, xuddi otning oldingi oyog‘ida ko‘muk bo‘lganidek, buning ham old oyog‘ida ko‘muk bor. Bu fildan yirtqichroqdir. Lekin uningchalik mute va el bo‘lmaydi. Rosa shox uradi. Bu ovlarda ko‘p kishini va otni shox urgan. Bir ovda Maqsud nomli tanqo‘riqchi otini shoxi bilan bir nayza bo‘yi ko‘tarib tashladi. Shu boisdan Maqsudga kark laqabi qo‘yildi.
Hayvonlaridan yana biri maymundir. Hindistonlik «bandar» deydi. Buning ham xilma-xil navlari bo‘ladi. Bir navi uldirki, boshqa viloyatlarga olib ketadilar. Lo‘lilar unga o‘yin o‘rgatadilar. Tuki sariq va yuzi oq. Quyrug‘i unchalik uzun emas...
Yana bir xil maymuni bo‘ladi. Yuzi va tuki, bari a’zo-uzvlari qop-qoradir.
Yana nuvldir. Silovsindan biroz kichikroq bo‘ladi. Daraxtga chiqadi. Ba’zilar uni mushi xurmo(xurmo sichqoni) ham deydilar. Buni tabarruk hisoblaydilar». 
Bunday ma’lumotlari bilan kitobxonni hayratga sola oladigan Bobur bularni ko‘rib avval o‘zi kuchli hayratni boshdan kechirgani sir emas (matn tabdili): «Ningnahorga yetgach, o‘zga bir olamga nazarim tushdi: giyohlar o‘zgacha, daraxtlar o‘zgacha va yovvoyi hayvonlar o‘zgacha, qushlar o‘zgacha, el va ulusning rasmu odatlari o‘zgacha. Hayratda qoldim. Zotan, hayratga arziydigan joylar edi».
«Boburnoma» qushlar va baliqlar, ularning navlari, rang-tuslari, xatti-harakatlaridagi hayratomuz holatlar xususida ham boy ma’lumotlarga ega. Bularning tasvirida Bobur ikki holatga alohida ahamiyat beradi: avvalo, ularni ko‘rmagan kitobxonlarga baliq va qushlarning har biri haqida tasavvur hosil qildiruvchi ma’lumotlarni taqdim etadi; so‘ngra baliq va qushlarni ovlash usullari haqida so‘z yuritadiki, bu usullarni biz na ko‘rganmiz, na birovdan eshitganmiz.
Har ikkala holat talqinida ham muallif ma’lumotlarning yangiligi, qiziqarliligi bilan kitobxon e’tiborini qozonadi.
Ushbulardan tashqari «Boburnoma» kitobxonga din va shariat, etnografiya, insonshunoslik, astronomiya, tabobat, harbiy ilm, xalq og‘zaki ijodi, matematika, bog‘shunoslik, shahar qurilishi, tush ta’birigacha o‘nlab ilmlardan muhim va qiziqarli ma’lumotlar beradi. Bu asar mazmuni, voqealariga e’tibor qilgan ziyrak kitobxon: «Boburning qiziqmagan va bilmagan sohasi qolmagan ekan!» degan hayratli xulosaga keladi. Darhaqiqat, bu ajoyib fazilatlar uning ko‘pqirrali faoliyatiga xos va mosdir.

 * * *

O‘zbekiston va jahon olimlari sa’y-harakatlari, zahmatli ko‘pasrlik mehnatlari tufayli Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi butun barkamolligi bilan tarixiy va adabiy siymo sifatida baralla qad ko‘tardi. Fanda boburshunoslik va «Boburnoma»shunoslik yo‘nalishlari yaqqol sezilib qoldi.
XX asrgacha o‘zbek tarixchi va tazkirachilari asarlarida Bobur haqida ma’lumotlar berildi. Chunonchi, Bobur vafotidan 36 yil keyin Hasanxoja Nisoriy «Muzakkiri ahbob» nomli tazkirasida Bobur va boburiy ijodkorlarga katta o‘rin ajratgan. Boburga bag‘ishlangan sahifadan iqtibos: «(Bobur) chig‘atoy sultonlarining eng sarasi va zo‘r shijoatlisi edi. Shamshir zarbi bilan Movarounnahr mamlakatlariga ega bo‘lib, uni saqlab qolishda ko‘p sa’y-harakatlar va jonini ayamasdan jahdu jadallar ko‘rsatdi. Mardona to‘qnashuvlar qildi. Ammo taqdir o‘qiga tadbir qalqoni dosh bera olmadi...»
Tazkirachi Boburning Hindiston taxtiga ega bo‘lganini shunday baytda ifodalaydi:

Humoyunfol Boburpodshoh shohi jahon bo‘ldi,
Ki Hind olib, muxolif askariga komron bo‘ldi.
(Ismoil Bekjon tarjimasi.)

Tarixchi Mirzo Olim Mushrifning «Ansob us-salotin fi tavorixi xavoqin»(«Sultonlar nasablari va xoqonlar tarixlari») asarida Boburning hayoti: tavalludi, ismi sharifining Xoja Ubaydulloh Ahror tomonidan qo‘yilishi kabi tafsilotlar berilgan.
O‘zbekistonda Bobur hayoti va ijodini o‘rganish, asarlarining ilmiy akademik va ommaviy nashrlarini e’lon qilish asosan XX asrning 40- yillaridan boshlandi. Ushbu xayrli ish boshlanishiga muayyan ma’noda Alisher Navoiy tavalludi tantanalarining rejalashtirilishi va o‘tkazilishi ham turtki bo‘lgan, degan fikrlar bor.
Boburning O‘zbekistonda tanilishi va o‘rganilishida olimlardan Abdurauf Fitrat, Maqsud Shayxzoda, Homil Yoqubov, Oybek, Olim Sharofiddinov, Porso Shamsiev, Sodiq Mirzaev, Aziz Qayumov, Vohid Abdullaev, Natan Mallaev, Botirxon Valixo‘jaev, Xosiyat Nazarova, Hamidulla Hasanov, Said Aliev, Aleksandr Samoylovich, Iya Stebleva, Mixail Sale, Sabohat Azimjonova, Saidbek Hasanov, Abdurashid Abdug‘afurov, Yoqubjon Ishoqov, Ibrohim Haqqul, Turg‘un Fayziev, Fozila Sulaymonova, Fathiddin Ishoqov, Hasanjon Qudratillaev, Ismoil Bekjon, Begali Qosimov, G‘aybulla Salomov, Ne’matulla Otajonov, Ansoriddin Ibrohimov, Rahim Vohidov, Hamidulla Boltaboev, Iqboloy Adizova, G‘afurjon Sotimov, Zokirjon Mashrabov, Sayfiddin Jalilov, adiblardan Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonov, Qamchibek Kenjaning xizmatlari qayd etgulikdir.
Har nima bo‘lganda ham shoh va shoir Bobur asarlarining o‘zbek poeziyasi antologiyasiga, o‘rta maktab darsliklariga kiritilishi, 40- yillardayoq «Boburnoma»ning ikki kitob holida nashr etilishi, rus tiliga Mixail Sale tomonidan tarjima qilinishi va shu tarjima orqali boshqa tillarga o‘girilishi; Bobur davri, hayoti va ijodi haqida tarix, adabiyot fanlaridan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarining yozilishi, Bobur asarlari uchun lug‘atlar tuzilishi, adabiyot va san’atda Bobur obrazining yaratilishi, O‘zbekistonda shoir nomining abadiylashtirilishi kabilar XX asrga mansubdir. Bunda 80- yillari Boburga nisbatan mafkuraviy xurujlar uyushtirilganini ham inobatga olmoq kerak bo‘ladi, albatta.
60- yillardayoq Sabohat Azimjonova va Aziz Qayumov Bobur asarlarining uch jildligini e’lon qilganliklari; Porso Shamsiev va Sodiq Mirzaev «Boburnoma»ning ilmiy-tanqidiy matnga yaqinlashtirilgan mukammal nusxasini nashr etganliklari, Saidbek Hasanov Boburning «Mufassal» nomli yirik aruz tadqiqotini «Muxtasar» nomi ostida aslining fotofaksimil nusxasini va matnni kirill harflarida nashrga tayyorlab chop ettirgani, Iya Steblevaning «Bobur g‘azallari semantikasi» tadqiqotining yaratilgani, Salohiddin Jamolovning «Boburnoma»ning badiiy xususiyatlari», Xosiyat Nazarovaning «Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari uchun qisqacha lug‘at», Sabohat Azimjonovaning «Boburning Kobul va Hindistondagi davlati», G‘aybulla Salomov va Ne’matulloh Otajonning «Boburnoma jahon kezadi» kitoblarining olam yuzini ko‘rgani boburshunoslikka qo‘shilgan ilmiy hissalar bo‘ldi.
Buyuk istiqlol shoh va shoir Bobur bo‘y-bastini o‘z eliga baralla namoyish qilishning yangi-yangi imkoniyatlarini yaratdi. Mustaqillik va milliy g‘oya olimlarga boburshunoslikda o‘ziga xos qanot berdi, deyish mumkin. Ushbu yillarda Bobur va boburiy ijodkorlar asarlarini katta tirajlarda nashr qilish jadal sur’atlarda davom etdi.
Komron devonining ommaviy va ilmiy-tanqidiy matnlarini professor Saidbek Hasanov amalga oshirdi. Eng jiddiy yutuqlardan biri shu olim tayyorlagan Boburning fiqhga oid «Mubayyin» asarining mukammal nashri bo‘ldi. Bu yutuqlarning haddi a’losi Porso Shamsiev, Sodiq Mirzaev nashrlari va Eyji Mano ilmiy-tanqidiy matni asosida «Boburnoma»ning 2002 yilgi nashri bo‘ldi. Bu ilmiy xizmat ham professor Saidbek Hasanovga nasib etdi.
Istiqlol yillari davomida Bobur va boburiylar haqidagi kitoblarning ko‘plab yaratilganini alohida qayd etishga to‘g‘ri keladi; yuzlab maqolalar, o‘nlab risola va monografiyalar buning yorqin dalilidir. Hasanjon Qudratillaevning «Bobur armoni», Rahim Vohidovning «Biz bilgan va bilmagan Bobur», Iqboloy Adizovaning «So‘zumni ko‘rub anglag‘aysan o‘zumni...», Ansoriddin Ibrohimovning «Boburnoma» — buyuk asar», «Boburnoma»dagi hindcha so‘zlar», G‘afurjon Sotimovning «Boburiyzodalar», «Markaziy Osiyo va Hinduston tarixida boburiylarning o‘rni», Sayfiddin Jalilovning «Bobur va Yuliy Sezar», «Bobur haqida o‘ylar», Fathiddin Ishoqovning «Boburnoma» uchun qisqacha izohli lug‘at», Zokirjon Mashrabov va S. Shokarimovning «Asrlarni bo‘ylagan Bobur», Aziz Qayumov va Saidbek Hasanovning «Bobur ijodiyoti», Qamar Raisning «Bobur shaxsi va she’riyati», Shafiqa Yorqinning «Bobur devoni. Takmila»; Komron «Devon»i (ilmiy-tanqidiy matn), «Gulbadan Begim «Humoyunnoma», Rumer Godenning «Gulbadan» romani, Pirimqul Qodirovning «Bobur», «Avlodlar dovoni» romanlari, Xayriddin Sultonovning «Boburning tushlari», «Saodat sohili», «Boburiynoma» qissalari va ma’rifiy romani, Qamchibek Kenjaning «Hind sorig‘a», «Buyuklar izidan», «Andijondan Dakkagacha», «Andijondan Bag‘dodgacha» safarnomalari shular jumlasidandir.
Ulug‘ Istiqlol bilan deyarli tengdosh — 1992 yil fevralidan ta’sis etilgan Bobur xalqaro xayriya fondi ham Zahiriddin Muhammad Bobur abadiyatini ta’minlashda, Bobur va boburiylar asarlari, tarjimalari va ular haqidagi jahon olimlarining tadqiqotlarini qo‘lyozma, toshbosma va tipografik nashrlar holida o‘z vataniga — Andijonga olib kelishda ko‘plab xayrli ishlarni bajarmoqda. Chunonchi: fond tashabbusi bilan Andijon shahridagi Bog‘ishamol mavzesidan 300 gektarlik yer Bobur Milliy bog‘i uchun ajratib olinib, bunyodkorlik ishlari olib borildi. Bog‘da «Bobur va jahon madaniyati» muzeyi tashkil etildi. Ogra va Kobuldagi Bobur qabrlari xokidan keltirilib, Milliy bog‘da Boburning muhtasham ramziy maqbarasi bunyod etildi. Go‘yo Bobur qabri ko‘chirib kelindi. Zahiriddin Muhammad Boburshoh shoir tilidan vasiyat qilganidek:

O‘lsam yasamang munda mazorimni mening,
Yuklab eliting jismi nizorimni mening.
O‘tru chiqarib xalqi diyorimni mening,
Ko‘yida qo‘ying tani figorimni mening.

Uning xoki o‘zi tug‘ilib o‘sgan Andijon shahriga keltirildi. Andijonda ikkita ko‘rkam Bobur haykali o‘rnatildi.
Bobur fondining «Bobur izidan» ilmiy ekspeditsiyasi o‘zining o‘n ikki safarida jahonning 30dan ortiq mamlakatlarida — Bobur qadamjolarida bo‘lib, 300ga yaqin Bobur va boburiylarga tegishli badiiy, ilmiy va tarjima asarlarni keltirib «Bobur va jahon madaniyati» muzeyi mulkiga aylantirdilar.
Ushbu nodir topilmalar orasida boburiy xati bilan yozilgan Qur’oni karim, Anneta Syuzen Beverij Londonda chop etgan «Boburnoma» (Haydaroboddagi Solarjang muzeyida saqlanayotgan nusxasining faksimil nashri) nusxasi, «Boburnoma»ning Qozonda 1856 yili N. Ilminskiy tomonidan amalga oshirilgan nashri, Erondagi «Guliston» muzeyidan keltirilgan «Bobur kulliyoti» nusxasi, «Boburnoma»ning yigirmadan ortiq tillarga tarjima namunalari, Anna Flora Stilning «Toj kiygan darvish», Uilyam Erskinning «Bobur va Eron», Harold Lembning «Bobur-yo‘lbars», Rumer Godenning «Gulbadan» romanlari, Mirzo G‘olibning «Mehri nimro‘z», Eyji Manoning to‘rt jildlik tadqiqotlari: 1) «Boburnoma»ning ilmiy-tanqidiy matni; 2) «Boburnoma»ning yapon tilidagi tarjimasi; 3) «Boburnoma: ko‘rsatkichlar, sharhlar» va 4) «Bobur va uning davri» kitoblari borligini qayd etish joizdir.
Bobur fondi raisi Zokirjon Mashrabov boshliq ekspeditsiya o‘z safarlari davomida Bobur qadamjolari bo‘lgan va boburiylarga daxldor muzeylar, shaharlar va odamlar haqida yigirma beshta video- va kinofilmlar yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Bobur fondi xalqaro Bobur mukofotini ham ta’sis etdi. Bu mukofot jahon olimlari, rassomlari, adib va shoirlari, kinosan’atkorlarining Bobur va boburiylar haqidagi eng yaxshi ishlariga beriladi. Hozirgacha bu mukofotga Hindistondan Qamar Rais, Afg‘onistondan Shafiqa Yorqin, Yaponiyadan Eyji Mano, O‘zbekistondan Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonov, Aziz Qayumov, Saidbek Hasanov, G‘aybulla Salomov, Sayfiddin Jalilov, Sabohat Azimjonova, san’atkorlardan: Muhammadali Abduqunduzov, Ma’murjon To‘xtasinov va kinorejissyor Mahmud Yunusov, me’morlar Muhammadjon Mirzaev, Rahmonjon Azimov sazovor bo‘ldilar. O‘zbek millati va O‘zbekistonni o‘z shoh asari «Boburnoma» bilan jahonga tanitgan shoh va shoir Bobur tavalludining bu yil 525 yilligi tantanalari maktablar, ma’rifiy dargohlardagina emas, balki ko‘pmillatli xalqlarimiz ko‘ngillarida aks-sado bermoqda.
Bobur hayoti va ijodi bilan jahon olimlari muntazam shug‘ullanmoqdalar; xalqaro Bobur fondi jamoasi Andijonda o‘ziga xos Bobur akademiyasini barpo etishga sidqidildan harakat qilmoqda.

Vahob Rahmonov,
“Marifat” gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.