OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shaffof mo’jiza

Qadimgi Xitoyda yosh ayollarga ajinlar tushishining oldini olish va ko‘zni nurlanishdan asrash hamda quyosh nuridan saqlanish uchun alohida maslahatlar berilgan, ammo u paytlari ko‘zoynak bo‘lmagani uchun barglardan yasalgan shlyapalardan foydalanganlar. Yaponlar esa boshlariga maxsus “eshikchalari” bo‘lgan kamar taqib yurganlar. O‘tmishda Hindistonda boy xonadon ayollari ko‘z qovoqlariga nazarni ravshanlashtirish uchun qatron(smola) surib yurishgan. Xo‘sh, ko‘zoynaklar qachon paydo bo‘lgan? Qadimda rimliklar va yunonlar suv bilan to‘ldirilgan shishali shar narsalarni kattalashtirish xususiyatiga ega ekanini sezib qolishdi, lekin bunday holni vujudga keltirishda jismning qavariq shakli emas, balki uning ichidagi suyuqlik asosiy rol o‘ynaganini anglamaganlar. 
Uddaburon tadbirkorlar o‘z ¬rastalarini ana shunday shakldagi shishalar bilan bezatishni boshladi. Suv ustida suzib yurgan mevalar chiroyli ko‘rinar, uning yonida turgan taom esa o‘ziga tortardi.
Shu paytda tarix bizni miloddan avvalgi I asrda hukmronlik qilgan imperator Neronning zumrad toshi haqidagi rivoyat bilan to‘qnashtiradi. U gladiatorlar jangini ana shu silliqlangan lojuvard oynagi yordamida tomosha qilgan ekan. Qimmatbaho toshdan yasalgan ushbu buyumni ko‘zoynakning birinchi ajdodi desa bo‘ladimi? Ko‘rinib turganidek, Neron yashil zumraddan “nigohini o‘tkirlashtirish” uchun foydalangan. O‘sha paytdagi zargarlar ishlash jarayonida ahyon-ahyonda maxsus idishda saqlanadigan yashil rang¬li yaltiroq qo‘ng‘izlarga yaxshilab tikilganlar. Bu ularning ko‘zlariga dam berib, charchagan nigohlarni yana asl holatiga qaytarishga yordam bergan. Moziyning mazkur davrida odamlar ko‘zlarga yashil rang hordiq bag‘ishlashini anglab yetganlar. Bu Neronga ham ma’lum edi, shuning uchun uning buyrug‘i bilan tsirk arenasiga maydalangan malaxitdan olingan yashil qum sepib chiqilgandi. Imperatorning yelkasidan esa shunday rangdagi to‘n tushmasdi.
Ko‘zoynakning dastlabki ko‘rinishi gardish va linzadan iborat bo‘lgan, xolos. Lornet (dastali oynak), monokldan so‘ng ko‘zoynaklarning ilk ko‘rinishlari paydo bo‘la boshladi. Ko‘p vaqtgacha ko‘rish moslamasining ixtirochilari florentsiyaliklar, pizaliklar va venetsiyaliklar orasidan qidirib kelindi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Venetsiya ko‘zoynak vatani deb taxmin qilin¬yapti.
Dastlab X asrga kelib optika sohasida jiddiy ilmiy izlanishlar amalga oshirildi. Ularning mualliflaridan biri — arab olimi Ibn al-Xaysam (Algazen) dumaloq oynalari bilan ancha tanilib ulgurgandi. Algazen o‘zi yasagan jismda quyosh nurining sinish xususiyatlarini o‘rganib, fan uchun kerakli bo‘lgan quyidagi fikr¬larni aytib ketgan: “Agar predmetlarga oynali shar parchasi yordamida qaralsa, ularni kattalashgan shaklda ko‘rish mumkin”. Bu safar moziydagi hayratlar sababchisi bo‘lmish qavariq jism ilmiy tadqiqotlar uchun asosga aylandi. Ko‘zoynak bilan bog‘liq optikaning ilk asoschisi ham mana shu olimdir. Bu borada tajribalar olib borgan ikkinchi kishi monax Rojer Bekon hisoblanadi. U yaxshi ko‘rmaydiganlarga oyna parchalari yordam berishi haqida ma’lumotlar qoldirgan, ammo bu kabi qurilmalar dastlab qo‘pol, rangli oynalardan tayyorlangan. 
Buning uchun nafis, rangsiz va shaffof ko‘zgulardan foydalanish kerakligini XIII asrda venetsiyalik olimlar kashf etgan bo‘lsalar-da, uning yasalish «retsepti» XVI asrgacha sir saqlangan. 1300—1301 yillardan boshlab Venetsiya davlat kengashi nigoh tashlash qurolini yomon oynadan tayyorlashni man qilib, mahsulotning sifat darajasiga talabni ancha qat’iylashtirdi. Ularni faqatgina eng yaxshi, ya’ni billurdan yasash mumkin edi. Shundan kelib chiqilsa, Italiyada shu davrlarda ko‘zoynaklar ancha mashhur bo‘lgan. Uzoq vaqt¬gacha bunday mahsulotlar qiyinchilik bilan tayyorlangani va toza oyna ishlatilgani uchun ancha qimmat sanalgan. Odatdagidek, navbatdagi kashfiyot — ko‘zoynaklar tez orada qirollar, saroy a’yonlari va boshqa amaldorlarning sevimli buyumiga aylandi. Bundan tashqari, o‘sha paytdagi oddiy xalqning asosiy qismini savodi chiqmaganlar tashkil etgani uchun bu kabi mahsulotga ehtiyoj katta emasdi, kitoblar ham kam edi. Diniy qo‘lyozmalar, mumtoz ijodkorlarning asarlari va solnomalar bor edi, xolos. Shuning uchun ham ko‘zoynakni faqat savodli va o‘ziga ancha to‘q odamlargina ishlatardi. Qolaversa, ko‘rish moslamasini ko‘zi xiralargina emas, balki ayrim odamlar o‘z boyligini ko‘z-ko‘z etish uchun taqishardi. 
Ba’zi joylarda esa ko‘zoynak “iblisning quroli” deb e’lon qilingandi. Aytishlaricha, kimki uni taqsa, ko‘r bo‘lib qolarmish. Frantsiyada XVII asrgacha uni taqish ahmoqlik deya hisoblangan. 
Rossiyaga ko‘zoynak XVII asrda birinchi marta savdogarlar tomonidan keltirilgan. Quyosh nuridan saqlovchi ko‘zoynaklar ikki asr oldin paydo bo‘ldi. Ko‘rishni yaxshilashga xizmat qiluvchi ko‘zoynaklarning ustiga bo‘yoq surilib, laklangach va qayta ishlov berilgandan so‘ng, yangi turdagi moslama ommaga taqdim etildi. Qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ko‘zoynaklarning narxi ham shunga yarasha bo‘lgan. Ammo quyosh nuridan kuyish xavfi ham bor edi.
XV asrda kitob bosish kashf etilgach, ko‘zoynakka bo‘lgan ehtiyoj ortdi. O‘sha paytda nazar solish moslamasidan faqatgina uzoqni yaxshi ko‘ra olmaydiganlar foydalana olishi mumkin edi. Yaqinni yaxshi ilg‘amaydiganlar uchun ko‘zoynaklar sal keyinroq, ya’ni XVI asr¬da paydo bo‘ldi. Bunday qurilmani birinchi bo‘lib Rim papasi Lev X o‘zida sinab ko‘rgan. Rafael qalamiga mansub portretda ham shunga guvoh bo‘lish mumkin. 
Rossiyaga ko‘zoynak XVII asrning birinchi choragida kirib kelgani haqida ma’lumotlarni berib o‘tdik. 1614 yilda chop etilgan shoh Mixailning “Xazina xarajatlari” kitobida “hukmdorning mehmoniga billurdan yasalgan, yaxshilab sayqal berilgan ko‘zoynak xarid qilingani” xususida yoziladi. Bu borada eng ko‘hna buyum Qurollar palatasida saqlanayotgan qadimgi cherkovlardan biridan topilgan ko‘zoynak hisoblanadi. Kumushdan yasalgan, ustiga oltin bilan ishlov berilgan, noksimon shakldagi hamda ikki tomoniga shoxda turgan qushlar tasviri tushirilgan qolip ham juda go‘zal. 1670—1672 yillar ichida Ros¬siyaga G‘arbiy Yevropadan “491 dyujina”, ya’ni 5892 dona ko‘zoynak keltirilgan. 
Uni qulay usulda taqish uzoq vaqtgacha katta muammolardan biri bo‘ldi. 
Olimlar ko‘zoynakni ko‘z uchun qulay joyga o‘rnatish borasida bosh qotirdilar. Dastlab uzoq bandli “bir ko‘z”, ya’ni monokl qo‘llab ko‘rildi. Keyinchalik ikki ko‘zli binokllar paydo bo‘ldi. Ular burunga taqilardi. Vaqt o‘tib, qalpoq va shlyapalarga o‘rnatildi. Ko‘zoynakni kichik uzunlikdagi kamarga o‘rnatib, bosh uzra xuddi karnaval niqoblariga o‘xshab o‘rab yurilgan davrlar ham bo‘lgan. So‘ngra burun ustiga mahkamlanadigan pensnening ilk ko‘rinishlari yasaldi. Linzalar dastlab yog‘och, muguzdan qilingan aylanaga mahkamlangan bo‘lsa, XVI asrda ko‘zoynak ilk mukammal ko‘rinishiga ega bo‘ldi.
Dioptrik o‘lchash tizimi esa 1873 yili ishlab chiqildi, ammo XIX asrning oxiriga kelibgina bunday tizim ilmiy yondashuvlar natijasida qaytadan ko‘rib, ishlab chiqildi. O‘z o‘rnida ko‘z refraktsiyasi(yorug‘lik nurini sindirish qobiliyati) va akkomodatsiya(moslashish)si, ya’ni turli masofalardagi predmetlarni ko‘rish imkoniyati haqidagi ilmiy izlanishlar ham rivojlana boshladi. Shifokorlar vaqt o‘tishi bilan ayrim odamlar na qavariq, na bukik va na dumaloq oynada ko‘ra olishini aniqladilar. Nurni sindira olishga layoqatsizlik astigmatizm (yunonchadan “nuqtalarni rad etish”) deya nomlandi (bunday holatda predmetning tasviri to‘r parda(ko‘zning yorug‘lik taassurotini qabul qiladigan orqa qismi)da tugal hosil bo‘lmay, balki chaplanib ketadi).
Mazkur kasallikni birinchi bo‘lib ingliz tabiatshunosi T.Yung o‘zida aniqlagan. Uning kelib chiqish sabablari, simptomlarini ilk bor golland oftalmolog va fiziologi F.K.Donders chuqur o‘rganib chiqdi. U astigmatizmda ma’lum me’yorlarga asoslanib yasalgan tsilindr shaklidagi oyna yordam berishini isbotladi.
Bugungi kunda zamonaviy texnika ko‘rishdagi har qanday muammoni hal etishda qo‘l keladigan va yana boshqa bir qator maqsadlarga xizmat qiluvchi ko‘zoynak turlarini keng assortimentda iste’molchilarga taqdim etayotir.
Yaxshiroq ko‘rish va boylikni ko‘z-ko‘z etishga xizmat qilgan ko‘zoynak davrlar o‘tishi bilan moda olamining ajralmas qismiga aylanib bordi, imidj ramziga aylandi. Ilgarilari, masalan, ispan oqsuyaklari kaftdek kattalikdagi linza o‘rnatilgan ko‘zoynak taqishi odatga aylangandi. Hozirda ko‘zoynaklar olamidagi rang-baranglik imidj tushunchasining yanada keng ommalashishiga sabab bo‘lyapti. Hatto ko‘rishdan shikoyat qilmaydiganlar ham ko‘zoynak taqishi mumkin. Ishbilarmon ayollar uchun ertalab ishga ketishdan oldin alohida sinchkovlik bilan pardoz-andozga berilgandan ko‘ra, modadagi ko‘zoynakni taqib chiqsa, qulayroqdir. Yosh mutaxassis esa shaffof ko‘zoynakda yanada salobatli ko‘rinib, o‘ziga nisbatan hurmat uyg‘otadi. 
Gardishga ishlov berish jarayoni ham asta rivojlandi. U joylardagi madaniyatlar bilan hamohanglikda sayqallanib bordi. Sharqda ilohiy kuchlar yashiringan deya hisoblangan jismlardan hali ham keng qo‘llanib kelinadi. Masalan, toshbaqaning kosasidan yasalgan ko‘zoynak uzoq umr ko‘rishiga ishora demakdir. Linza uchun ham turli qimmatbaho va ramziy toshlardan foydalanilgan — tog‘ billuri, ko‘kimtir kvarts, ametist(binafsharang tosh), topaz(qimmatbaho tosh) shular jumlasidandir. Ular odatda ko‘rishni yaxshilashga xizmat qilmay, balki boy tabaqalarning imtiyozidan darak berib turgan.
Ayrim qadimgi davlatlarda imperator quyoshga tenglashtirilgani uchun, uning “nurlaridan saqlanish uchun“ saroy a’yonlari ko‘zoynak taqib yurishgan. Keyinchalik ko‘zoynak tabiiy oftob nurlaridan ko‘zni berkitish vositasi sifatida modelerlar tomonidan ko‘p bor reklama qilindi.
ENDI QUYIDAGILARNI DIQQAT BILAN O‘QIB CHIQING. Ko‘pchilik ko‘zoynak xarid qilishda uning gardishiga e’tibor berib, linzasini diqqatdan chetda qoldiradi. Afsuski, ularning ko‘pchiligi tibbiyot standartlariga javob bermaydi. Ko‘zoynaklarni bugun istalgan joydan — bozor rastasi, metroga kiraverish, turli joylarda tashkil etilgan yoyma do‘konlardan sotib olish mumkin. Sifat va salomatlik talablariga javob bermaydigan mahsulot xarid qilish esa optik nuqsonlar, xususan, abberatsiya(linza orqali o‘tadigan yorug‘lik nurlarining bir nuqtada to‘planmay, undan sal og‘ishi)ni keltirib chiqaradi. Bu esa ko‘zning charchashi, bosh og‘rig‘iga sabab bo‘lib, alaloqibat ko‘zni kuchsizlantiradi. Demak, aynan sifatsiz linzalar refraktsiya tizimini ishdan chiqaradi. Buning uchun quyidagilarni bilib olish zarur: shifokorning ko‘rsatmalariga amal qilib, o‘zingizga to‘g‘ri keladigan linzani ishonchli dorixonalar yoki optik salonlardan sotib oling. 
Ikkinchidan, ko‘zoynak linzalaridagi sinish koeffitsient(indeks)ini bilib oling. Bu juda muhim. Agar indeks qancha yuqori bo‘lsa, linzaning qalinligi va bukilganligi shuncha kam bo‘lishi kerak. Zamonaviy linzalarda indeks optik oynalar uchun 1,5—1,9 ko‘rsatkichda o‘zgarib tursa, optik plastmassalar uchun bu natija 1,5—1,7 ga tengdir. 1,5 ga yaqinlari kam indeksli; 1,6 dan yuqorilari katta indeksli hisoblanadi. Yuqori indeksli linzalar juda yengil bo‘lib, ularning ko‘zga salbiy ta’siri ham kamdir. 
Bugungi kunda ko‘zoynaklar asosan oyna va plastmassadan tayyorlanadi. Har ikkisining ham yaxshi-yomon tomonlari bor. Yelim oynaga nisbatan yumshoq, ammo chidamsiz. Ayni paytda shu turdagi mahsulotlar yuqoridagi kabi kamchilik(tirnalib ketish)dan iloji boricha xoli tarzda ishlab chiqarilishga harakat qilinmoqda. Yelim ko‘zoynaklarning boshqa turdagisidan ikki barobar yengil vaznda ekani esa uning yutug‘i sanaladi. Oynali ko‘zoynak singanda, uning parchalari keltirib chiqaradigan ko‘ngilsizliklarni hisobga olganda, yelim moslamaning jarohat yetkazish xavfi ancha kam. Qolaversa, plastmassaga ishlov berish oson. 
Oynali ko‘zoynakning nur sindirish koeffitsienti yoki indeksi, chidamliligi balandroq. 
Maxsus texnologiya asosida yaratilgan antirefleks qoplamalar linzalarning shaffofligini 8 — 10 foizgacha oshirish imkonini berdi. Ayniqsa, kechqurunlari avtomobil boshqarib ketayotgan haydovchilar bu kabi ko‘zoynaklardan foydalanishsa, u yo‘lni tiniqroq ko‘rishda katta yordam beradi. Antirefleks tizimidagi ko‘zoynaklar ko‘z charchashining oldini oladi. Shuning uchun ko‘zoynak tanlashda, eng avvalo, uning shakliga emas, linzasiga e’tibor berish kerak. Shundagina ko‘plab muammolarning oldini olib qolish mumkin. 
Albatta, qay ko‘rinishdagi ko‘zoynak gardishini tanlashda ham alohida sinchkovlik talab etiladi. Masalan, burun ustiga qo‘ndiriladigan qismi qattiq bo‘lsa, bu qansharga salbiy ta’sir o‘tkazib, ko‘zni ham toliqtiradi. Yaxshisi, mazkur moslama yumshoq silikonli, harakatlanuvchi bo‘lishi lozim. 
Ilgakning o‘lchami esa quloqlar suprasigacha bo‘lgan masofa bilan mos tushishi zarur.
Arzon metaldan yasalgan gardishlar teri bilan ishqalanishi natijasida turli reaktsiyalarni, xususan, allergiya va boshqa shunga o‘xshash kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Umuman olganda, ko‘zoynak faqatgina yaxshi ko‘rish uchungina emas, balki odamning didi va uslubini bildirib turadi. 

Saidjon Maxsumov,
“Marifat” gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.