OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Burobiya Rajabova. Oqila va mudabbira onalar

Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davlatiga xos xususiyatlardan biri ayollarga bo‘lgan munosabat masalasidir. Zero, ayollar ham ulug‘ mav­qega ega bo‘lgan (Bu haqda qarang: Rui De Klavixo. "Samar­qandga — Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403 — 1406), "O‘zbekiston", 2010. 154 — 190-betlar; Nizomiddin ­Shomiy. "Zafarnoma", "O‘zbekiston", 1996. 34, 36, 123, 190, 222, 393-betlar; Sharafiddin Ali Yazdiy. "Zafarnoma". "Sharq" NMAK, 1997. 384-bet; Turg‘un Fayziyev. "Temuriy ­malikalar", "O‘zbekiston", 2012. 72-bet).

Har bir "xonim" va "begim"­larning mol-mulki, qarorgohlari, xazinadan ulushi, turli xizmat turlarini bajaruvchi xizmatkorlari bo‘lgan. Faqihlar, qozilar, shayxlar, mo‘‘tabar shaxslar ba’zi holatlarda ular fikrini inobatga olishgan.

Bobur "Boburnoma"da oltmishga yaqin xotin-qiz obrazini u yoki bu darajada asar xarakteridan kelib chiqib tasvirlaydi. Ushbu obrazlar va ularga munosabat Bobur siymosining ba’zi jihatlarini belgilashda ham alohida ahamiyatga egadir. Bobur o‘zi tasvirlagan xotin-qizlar obrazini tanishtirishda ob’ektiv bo‘lishga intiladi, tarixiy-qiyosiy usuldan foydalanadi. Chunki ular tarixiy obrazlar — temuriy va mo‘g‘ul xonlari saroyi bilan bog‘liq "xonim", "begimlar" va "og‘acha", "g‘umma"lar hamda 96 nafar nabira sohibasi, xotirasi bilan Boburni hayratga solgan dehkatlik bir yuz o‘n bir yashar xotin, Ibrohimning onasi malika Bu’adir. Asarda shoh, sulton, xon, mirzalarning, xususan, Umarshayx mirzo, xon dodasi Yunusxon va Sulton Ahmad mirzo, Sulton Mahmud mirzo, Husayn Boyqarolar bilan bog‘liq "Avlodi" va "Xavotin va sarori" faslidagi fikr-mulohazalar, tarixiy ma’lumotlar berilgan. Bu faslda xotin-qizlar nomma-nom sanab ko‘rsatiladi, izohlar, qisqa, lo‘nda tahlillar ham beriladiki, bu bilan ­Bobur o‘z davrining murakkab saroy hayotiga ham ahamiyat qaratgan, yangi gaplar aytgan.

Bobur onasi Qutluq Nigorxonimni "Boburnoma"da o‘n uch o‘rinda tilga oladi. Asarda "mening volidam", "mening onam", "volidam", "volidaxonim", "onam", "onam xonim" jumlalari bilan eng ko‘p tasvirga olgan ayol obrazi ham aslida onasidir. Qutluq Nigorxonim haqida yozilgan syujetlarning barchasi bir nuqtaga jam qilinsa, quyidagicha ma’lumot hosil bo‘ladi: "Yunusxon va Eson Davlatbegimning ikkinchi qizi, Umarshayx mirzoning xotini, Xonzodabegim va Bobur mirzoning volidasi, Sulton Mahmudxon va Sulton Ahmadxon egachisi, "Aksar qazoqliklarda va fataratlarda" o‘g‘li Bobur bilan birga bo‘lgan fidoyi ona; o‘rni kelganda onalari, inilariga qo‘shilishga intilgan, ammo "hech nav’ rioyate va shafqate ko‘rmagan" zaifa xonim, taxtsiz shoh o‘g‘lining yagona chodirida panoh va himoya topgan mushtipar ona; o‘z sa’y-harakati bilan Boburni yaqinlarining qizlari Oysha Sultonbegim, Zaynab Sultonbegimlarga uylantirib, o‘g‘li qatori "sura-sura tashvishlar ko‘rgan", "xeyli sazovorliq ko‘rmagan" qayin ona; "zamona nohamvorlig‘idin va davron nosozkorlig‘idin" behuzur bo‘lib dardlar topgan Qutluq Nigorxonim. Kobulda, o‘g‘li Bobur qo‘lida "Tengri rahmatig‘a borib" tog‘ etagida donishmand podshoh Ulug‘bek Ko‘ragon barpo qilgan bog‘ - "Bog‘i Navro‘zi"da (bu bog‘ning egalariga Bobur bir ming tanga berib rozi qilganligini Gulbadanbegim "Humoyunnoma"da yozib qoldirgan) mangu makon topgan rahmatli ona". Ushbu tasvirlardan Bobur shaxsining, ma’naviy fazilatining bir jihatini kuzatish mumkin, ya’ni har qanday holatda, beqaror zamonda ham onasiga munosib vaziyat topa bilishi, onasi shafqatlari haqqini ado qilishga intilishidir. ­Boburning bu o‘zgacha fazilati juda katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.

"Boburnoma"da muallif ulug‘ onasi Eson Davletbegim, ­Shohbegim Badaxshiy, Xadichabegim, Zuhrabegim og‘a, ­Malika Bu’a obrazlari misolida diplomatik imtiyoz va immunititga ega saroy, davlat, ra’iyat ishlarida yuqori mavqeli ­ayollarni ko‘rsatadi. Bobur bergan ma’lumotlarda bu ayollarning mulk, millat ishlariga, podshoh va shahzodalar hayotiga ijobiy yoki salbiy, xayrli yo xayrsiz ta’sir ko‘rsatganini ham ta’kidlab o‘tadi.

Bobur asarida "ulug‘ onam" deb uch o‘rinda qalamga olgan Eson Davlatbegim haqida juda kam uchraydigan nodir ma’lumotlar berilgan. "Ul fursatda sag‘riycha beklarning ulug‘i Sher Hojibek edi, aning qizi Eson Davlatbegimni oldi". Demak, Eson Davlatbegim beklarning ulug‘i oilasidan chiqishi va mo‘g‘ul xonlaridan Yunusxon nikohiga kirishi unga siyosiy-huquqiy jihatdan ilg‘or muhitga kirishiga imkon bergan. "Mo‘g‘ul to‘rasi bila xonni va Eson Davlatbegimni bir oq kiyiz ustiga o‘lturg‘uzub xon ko‘tardilar" xabari esa to‘ra — qonun bilan kafolatlangan malika siymosini namoyon qiladi. Ulug‘ onaning tashkilotchi va taktik sifatidagi mahorati bois Bobur davlatiga qarshi kurashga otlangan Hasan Yoqub boshchiligidagi dushmanlar hamlasi barbod qilinadi. Ba’zi manbalarda ushbu fitna va uning fosh etilishi bilan bog‘liq tahlillarda negadir Eson Davlatbegim tilga olinmagan (O‘zbek adabiyoti tarixi. 5 jildlik. 3-jild. XVI asrdan XVIII asrning 70-yillarigacha. "Fan", 1978. 46-bet).

Ijtimoiy harakatchanlik, faollik Bobur hokimiyatiga xayrixohlik, kuchli individualizm kabilar faqat Eson Davlatbegimga xosdir. Shu tufayli Bobur siyosiy hayotini boyitgan ulug‘ onasiga bo‘lgan muhabbati va hurmatini izhor etib "Xotunlar orasida ra’y va tadbirda mening ulug‘ onam Eson Davlatbegimcha kam bo‘lg‘ay edi. Bisyor oqila va mudabbira edi. Ko‘proq ish - kuch alarning mashvarati bila bo‘lur edi" (Bobur. Boburnoma, "Sharq" NMAK, 2002. 47-bet), deb yozadi. Boburning bu fikrlariga monand va xayrixoh ­fikrlar boshqa manbalarda ham uchraydi (Gulbadanbegim. Humoyunnoma. "Ma’naviyat", 1998. 13 — 14-betlar; Muhammad Haydar Mirzo. Tarixiy Rashidiy. "Sharq" NMAK, 2010. 147, 148, 155, 157-betlar; Xondamir. ­Buyuklik xislati. "Sharq" NMAK, 2011. 44 — 45-betlar).

Bobur o‘z tasvir va ta’riflarida biron bir xotin-qizning shakli-shamoyili, hashamati, ­kiyinish tarzi, zebu ziynati, pardozi bilan bog‘liq jihatlariga lavhalarni bermaydi, vaholanki lirikasida bunday badiiy tasvirlarni uchratishimiz mumkin. Bobur xotin-qizlarning aqli, odobi, farosati, hurmat va e’tibori, latofati, mehru muhabbati, idroki masalasida qat’iy fikr bildiradi. Hatto munosiblik jihatidan o‘ziga teng bo‘lgan ayolni topish Bobur uchun ham oson kechmaganidan xabardor bo‘lamiz.

Burobiya Rajabova,

O‘zR FA Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 23-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.