O‘zbekiston bebaho musiqiy qadriyatlar diyori ekani ma’lum haqiqat. Bu zaminda jahon musiqiy tafakkurining taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan Forobiy, Xorazmiy va Ibn Sino kabi allomalar yetishib chiqqan. Ular yaratgan mo‘‘tabar ilmiy meros hanuzgacha o‘z qadr-qimmatini saqlab kelmoqda. Qadimgilar aytganidek, “Yaxshi nazariyot — eng afzal amaliyotdir”. Mo‘‘tabar ilmiy meros eskirmasligining asosiy sababi ham shunda.
Sharq ma’naviy xazinasining eng nodir javohirlaridan biri, bugungi kunda ham yashab kelayotgan jonli musiqiy merosimiz maqom san’ati ana shu ilmiy-amaliy salohiyatning yorqin namunasidir. Darhaqiqat, O‘zbekistonda ildiz otgan “Buxoro Shashmaqomi”, “Xorazm maqomlari”, “Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari” va XX asr o‘rtalarida davr talablari bilan qad ko‘targan “O‘zbek Shashmaqomi” endilikda yaxlit maqomot tizimi tarzida o‘z taraqqiyotini davom ettirmoqda. Bu ham o‘q ildizlari moziyga taqalgan mumtoz musiqiy merosimiz hayotbaxsh qudratining amaldagi namoyishi.
O‘zbek musiqiy xazinasining yaqinda yangidan kashf etilgan durdonalaridan yana biri musiqiy istilohga “xorazmiy tanbur chizg‘ilari” nomi ostida kirib kelayotgan nota yozuvidir. “Yangidan kashf etilgan” deyishimizning boisi, XIX asrning so‘nggi choragida ixtiro etilgan nota yozuvi haqidagi ma’lumotlar XX asrning boshlaridayoq Yevropaga tarqalgan. Hattoki, V.A.Uspenskiy, V.M.Belyayev, G.Farmer kabi o‘z davrining yirik musiqashunoslari bu nota yozuvlaridan natija chiqarishga ko‘p uringan bo‘lsalar ham, afsuski, o‘zimizda bu mo‘‘tabar manba asosiy e’tibordan chetda qolib ketdi.
Bunday ayanchli ahvolning asosiy sababi — sho‘ro siyosatining milliy qadriyatlarga bo‘lgan bepisand qarashlari edi, albatta. Bu nodir nota tizimini rus madaniyati soyasida vujudga kelgan ikkinchi-uchinchi darajali manba o‘rnida ko‘rib, shunga yarasha afsona va rivoyatlar to‘qilishi ham bejiz emas. Shulardan eng keng tarqalgani: “tanbur nota yozuvini go‘yo “demokrat shoir” Komil Xorazmiy (1825-1899) 1883 yilda Peterburgga borganda rus sozandalarining qog‘ozga qarab chalganlarini ko‘rganda o‘zida ham shunday musiqiy yozuv yaratish havasi uyg‘ongan” degan to‘qima. Vaholanki, xorazmiy tanbur chizg‘ilarining kitob shaklida ishlangan nusxalari undan uch-to‘rt yil oldin paydo bo‘lgani negadir inobatga olinmagan!
To‘g‘ri, Komil Xorazmiy o‘z davrining buyuk musiqashunosi bo‘lgan, tanbur chizg‘ilarining yuzaga kelishida uning xizmatlari katta. Bunga shubha yo‘q. Lekin masalaning mohiyati boshqa tomonda. Aslida, mazkur nota yozuvining o‘q ildizlari Sharq musiqashunoslik ilmiga borib taqaladi. Tanbur chizg‘ilari tizimini ishlash va uning vositasida butun boshli Xorazm “Olti yarim maqomini” xatga tushirish (bugungi ibora bilan aytilganda notalashtirish) ustida Muhammad Rahimxon Feruzning o‘zi va peshqadam musiqashunoslar Xudoybergan Muhrkan, Komil Xorazmiyning o‘g‘li Muhammad Rasul Mirzo hamda shogirdi Muhammad Yoqub Xarrotdek maqom ustozlari faol qatnashgan.
Xullas, xorazmiy tanbur chizg‘ilarining yuzaga kelishi va uning vositasida butun boshli maqom majmualarining yozib olinishi oddiy ish emas, balki juda murakkab ilmiy va ijodiy jarayon. Uning asos va tamoyillarini idroklash alohida ilmiy masala. Bizning maqsadimiz ana shu nota yozuvining yuzaga kelishi, uning vositasida yozilgan musiqiy va she’riy matnlarning tarixiy ahamiyati va bugungi musiqiy taraqqiyot nuqtai nazaridan foydali tomonlari to‘g‘risida fikr yuritishdir.
Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, xorazmiy tanbur chizg‘ilari o‘z zotida juda mukammal va benazir musiqiy yozuv. Uning musiqiy mafkura taraqqiyotidagi ahamiyati bebaho. Bu izchil nota yozuvini ma’lum ma’noda Xorazmiyning riyoziyot ilmi borasidagi algoritm kashfiyotiga qiyoslash mumkin. Sharq allomalari Forobiy, Xorazmiy va Ibn Sinolar o‘z musiqiy-nazariy qarashlarini ifodalashda turli yozuvlardan foydalanganlar. Lekin ular kuy matnlarini ifodalovchi nota belgilari emasdi. Balki tovushqator nag‘malarning baland-pastligini anglatuvchi ishoralar sifatida xizmat qilgan.
Kuy jarayonini ifodalashga xizmat qiluvchi musiqiy yozuvlarning ilk namunasi Safiuddin Urmaviy (1216-1294) tomonidan joriy etilgan ud soziga mo‘ljallangan ko‘rgazmali yozuv (tabulatura) hisoblanadi. Temuriylar davrida Samarqand va Hirotda yashagan buyuk musiqiyshunos Abdulqodir Marog‘iy (1354-1435) ud tabulaturasi vositasida mumtoz musiqaning ichki tuzilish (tasnifot) qoidalarini tushuntirish uchun cholg‘u va ashula kuylaridan ayrim namunalar keltirgan.
Marog‘iy zamonida muayyan usul asosidagi maqom yo‘li deganda, endilikda biz odat qilgan barqaror musiqiy matn emas, balki ana shu usul va maqom (parda) asosida erkin ijod qilish nazarda tutilgan. Shuning uchun Marog‘iy yozuvidagi kuy va ashulalarni, hozirgi nota yozuvidagiga o‘xshatib, suratini tasavvurga keltirishimiz shartli narsa. Chunki ularning jonli urf-odatlari, sadolanishi biz uchun mavhum.
Tanbur chizg‘ilari esa, matnda kuy hay’atining siyg‘asi (ichki shakli, suduri)ni aks ettirishga qaratilgan, ya’ni bu — boshqacha nota tizimi. Shu jihatdan, tanbur chizg‘ilari tom ma’noda nota yozuvi bo‘lib, u kuy pardalari va usul harakatini ifodalovchi omil bo‘lib xizmat qiladi. Musiqiy yoki so‘z matni deganda, odatda ushbu fanning qonun-qoidalari asosida tartib etilgan belgilar tizimi nazarda tutiladi. Bizning sharoitda — bu musiqaning parda, usul va tasnifot qoidalari asosida tartib etilgan belgilar tizimi demakdir. Boshqacha aytganda, so‘z matnlari sarf va nahv ilmlariga tayansa, musiqiy yozuvlar ilmi ta’lif (kompozitsiya), ilmi iyqo’ hamda ta’lifot qonuniyatlariga tayanadi. Shunday qilib, har qanday izchil matn ilmiy asosda tarkib topadi, deb tushunmoq lozim.
Xorazmiy tanbur chizg‘ilari ustida ishlagan maqom ustozlari ayni chog‘da musiqashunoslik ilmlarini ham puxta o‘zlashtirgan allomalar bo‘lgan. Shuning uchun ham ular xatga tushirgan matnlar har tomonlama yetuk, yozgan nota to‘plamlari faqatgina matn emas, balki o‘ziga xos musiqashunoslik risolalari (dasturilamal) vazifasini ham bajaradi. U mushtarak ilmiy-amaliy bilimlar manbai va sharq musiqiy tafakkurida burilish yasagan yozuv tizimidir.
Bundan tashqari, tanbur chizg‘ilarida yozilgan maqom matnlari oldinlari nota yozuvi misollari bilan dalillanmay kelayotgan sharqona musiqiy nazariyalar, Forobiy, Xorazmiy va Ibn Sinolar ta’limotlari mohiyatini to‘la idroklashda to‘siq bo‘lib turgan tugunlardan biri edi. O‘tmish musiqashunoslarining maqom (parda), usul va tasnifot (ichki tuzilish, shakllanish) qoidalari borasidagi ta’limotlari bugungi jonli musiqiy amaliyotdan ajralib qolgan nazariyalardek tuyulardi. Tanbur chizg‘ilaridagi maqom matnlarini o‘qishni o‘rganganimizdan keyin, ularning ilmiy va amaliy jihatlarini bir butunlikda tushunib olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Endilikda bu manbadan har qanday sozanda yoki tadqiqotchi o‘z saviyasiga yarasha bilim olishi mumkin.
Shunga o‘xshagan, lekin yevropacha nota tizimiga asoslangan maqom yozuvlari tanbur chizg‘ilaridan yarim asrdan keyin paydo bo‘ldi. Bu sohada ham o‘zbek olimlari peshqadamlik qildilar. 1922-1923 yillarda ma’rifatparar olim va davlat arbobi Abdurauf Fitrat kavshishi (sa’y-harakati) bilan Buxoroda klassik musiqa majmuasining “Asl Shashmaqom” (ya’ni, ma’muliy Savt va Mo‘g‘ulcha qatlamlaridan tashqari) deyiladigan bir qismi V.A.Uspenskiy tomonidan notalashtirildi hamda 1924 yilda Moskvada chop etildi. Bu hodisa katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Zero, Yevropa ahli bunday manbani anchadan buyon izlayotgan edi. Chunki tobora jadallik bilan boshi berk ko‘chaga kirib borayotgan yevropa musiqasi sharqona kuylardan, maqom tizimidan o‘ziga najot izlayotgan edi. Lekin sho‘ro siyosati bu intilishlarni ham cheklab qo‘ydi. 1930 yillar o‘rtalariga kelib maqomshunoslik borasidagi izlanishlar asta-sekin chetga chiqarilib, umuman maqom janriga “o‘tmish qoldig‘i” sifatida salbiy ko‘z bilan qaraladigan bo‘ldi.
Faqat Mustaqillik davriga kelib milliy qadriyatlar, jumladan, “oltin musiqiy meros”ga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Ana shunday tarzda hayotga qaytarilgan ma’naviy boyliklar qatoridan xorazmiy tanbur chizg‘ilari ham o‘rin oldi.
Taqdir taqozosi bilan musiqiy yozuvlar bitilgan bir nodir qo‘lyozmaga 2003 yili Prezident Islom Karimovning nazari tushdi. Milliy qadriyatlar fidoyisi bo‘lgan Yurtboshimiz ko‘rsatmasi bilan bu noyob nusxa O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga topshirildi. Ana shu quvonchli xabardan ilhomlanib, maqomchi Rustam Boltayev, kamina hamda sharqshunos Hamidullo Aminovdan iborat ishchi guruhi tuzildi. Guruh oldida qo‘lyozma muallifi, yaratilgan vaqti va boshqa ro‘yxatlarga munosabatini aniqlash, tanbur chizg‘ilari yozuvlarining asl mohiyati va ularning ilmiy va amaliy asoslarini idroklash, mazkur nusxadagi matnlarni to‘laligicha zamonaviy nota va harf yozuvlariga o‘tkazish, ularning jonli ijrolarini tiklash hamda “SD” yozuvlarini hozirlash vazifasi turardi.
Dastlabki izlanishlardanoq xorazmiy tanbur chizg‘ilari kutilganidan ham ziyod ahamiyatga molik manba ekani ma’lum bo‘ldi. U, avvalo, “Xorazm maqomlari” deyiluvchi musiqiy voqelikning mohiyatini, uning parda, usul va tasnifot asoslarini belgilashda eng ishochli dalil va ilmiy hujjat ekani aniqlandi. Gap shundaki, biz “Xorazm maqomlari” deganda tegishli dalil va asoslarsiz, bu diyor mumtoz musiqasining faqatgina bir navini tushunib, iborani sal noo‘rin ma’noda ishlatishni odat etdik. Vaholanki, so‘nggi asrlarda Xorazm maqomlari bir emas, ikki asosiy navda rivojlanib keldi va bu tanbur chizg‘ilarida o‘zining to‘la isbotini topadi.
Ularning birini xoslar davrasida ijro qilinadigan saroy maqomlari, ikkinchisini ma’muliy doiralarda ijro etiladigan toifasi tashkil etadi. Musiqiy istilohda xos navni, Shashmaqomga qiyosiy ravishda, “Olti yarim maqom” yoki “Tanbur maqomlari” deyish rasm bo‘lgan. Ma’muliy nav azaliy urf-odatlarga ko‘ra “Dutor maqomlari” deb kelingan. Mumtoz musiqaning xos va ma’muliy toifalarga bo‘linishi tabiiy bir holat. Buxoro muhitida ham mumtoz musiqa ikki navga ajratilgan va ularning biri “Asl Shashmaqom”, ikkinchisi “sho‘‘bachalar” yoki “termalar” deb yuritilgan.
Qo‘lyozma mazmunini tekshirish natijasida, konservatoriyada saqlanayotgan nusxa Muhammad Komil Devoniy (1887-1938) qalamiga mansub bo‘lib, 1930-yillar boshlarida yozilgani aniqlandi. Komil Devoniy otashqalb shoir, zabardast sozanda, zakiy musiqashunos, shuningdek naqqoshlik, o‘ymakorlik, haykaltaroshlik, zargarlik, qurolsozlik va boshqa san’atlarda yorqin iz qoldirgan ulkan iste’dod sohibi. Sho‘ro siyosatiga bo‘yin egmay, iymon-e’tiqodidan yuz o‘girmagani uchun umrining ikkinchi yarmi azob-uqubatda kechdi va qatag‘on fojiasi bilan yakunlandi. Uning qo‘lyozmalari, jumladan, tanbur chizg‘ilarining nodir nusxalari payxon etilib, kimlarningdir qo‘lida qolib ketishining asosiy sababi ham shunda.
Bugungi kunda tanbur chizg‘ilarining davlat va shaxsiy kutubxonalarda saqlanayotgan yigirmaga yaqin qo‘lyozmasi ma’lum. Ular orasida Xudoybergan Muhrkan, Muhammad Rasul Mirzo, Muhammad Yoqub Xarrot tomonidan bitilgan antiqa va qimmatbaho ro‘yxatlar mavjud. Lekin Komil Devoniy tuzgan nusxa salohiyati mazmunan va tarkibotining puxta ishlangani bilan alohida o‘rinda turadi. Boshqa ko‘p nusxalardan farqli o‘laroq, u Tanbur va Dutor maqomlari turkumlarini o‘z ichiga oladi. Boshqa ro‘yxatlardan ko‘ra, unda ikkala maqom navi ham to‘la she’riy matnlar bilan berilgan. Matnlar tarkiboti masalasiga keladigan bo‘lsak, ular shu qadar puxta, izchil va mukammal ishlanganki, nodir nusxani amaldagi musiqiyshunoslikning “katta kitobi” va musiqiy-xattotlik san’atlarining durdonasi deyish mumkin. Uning ichki mazmuniga yo‘l topa bilgan har qanday sozanda yoki tadqiqotchi o‘ziga tegishli bilim va ruhiy oziq olishi mumkin.
Devoniy ro‘yxatining eng muhim fazilati — uning ilmi ta’lif (kompozitsiya), ilmi iyko’ (usul va vazn) hamda tasnifot qonunlariga muvofiq ishlangani. Qo‘lyozmadan joy olgan Tanbur va Dutor maqomlarining har bir qismi, alohida musiqiy asar sifatida tasnifoti izchil tarkibiy bo‘laklarga ajratilgan. Ya’ni musiqiy matn boshdan oxir xonalarga (bandlarga, davrlarga) taqsimlangan. Xonalar esa o‘z navbatida, birlamchi (she’rdagi sabab, vatad, fosilalar kabi) va ulardan tarkib topadigan murakkabroq (she’rdagi misralarga o‘xshash) kuy jumlalariga bo‘lib ko‘rsatilgan. Usul va she’riy matnlar ham xuddi shunday kuy yo‘liga muvoziy (parallel) ravishda taqtiylangan. Aynan shu jihatlariga ko‘ra, tanbur chizg‘ilariga bitilgan izchil matnlar, nafaqat Xorazm Tanbur va Dutor maqomlari, balki butun maqomotning ilmiy asoslarini o‘rganishda muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, Sharq musiqiyshunosligining so‘nggi vakili Darvish Ali Changiy XIX asrda Buxoroda yaratilgan musiqiy risolalar, mohiyatan musiqiy ilmiga doxilsiz she’riy bayozlardan bo‘lak narsa emas, degan xurofiy fikr hukm surib kelayotgan edi. Tanbur chizg‘ilari ishonchli dalil sifatida buni to‘la inkor etib, masalaning mohiyati boshqa tomonda ekanligi ko‘rsatadi.
Mohiyat shundan iboratki, o‘z vaqtida Forobiy, Xorazmiy, Ibn Sino kabi bobokalon allomalar asos solgan musiqiy ta’limot bizgacha jonli meros sifatida kelgan maqomlar mag‘zida vujud topdi. Tanbur chizg‘ilari esa bir vaqtlar uzilib qolgan va zo‘ravonlik bilan amaliyotdan chetlashtirilgan ana shu izchil ta’limotning nazariy asoslarini amalda ko‘rsatib beradi. Demak, mo‘‘tabar urf-odatlar asliga qayta boshladi. Ular ona zamin ravnaqi va ma’naviy istiqboli uchun uzoq muddat xizmat qilajak.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 29-sonidan olindi.