Odam bu olamda ongli mavjudot bo‘lib yaralibdiki, u hamisha o‘zining yaralish tarixini, borliqning mohiyatini anglashga intiladi. Tabiiyki, bunda odamning ikki asosiy quroli bo‘lmish aql va til unga xolis yordamchi bo‘ladi. Ahamiyat bering, arabcha “aql”, “oqil”, “naql”, “maqol” so‘zlari o‘zaro o‘zakdosh bo‘lib, ular “uqil” yo “o‘qil” ma’nosida, turkiy “uq” va “o‘qi” so‘zlari bilan hamohang, balki o‘zakdoshdir. Zero, turkiy tildagi -il, -l qo‘shimchalari fe’lning majhul nisbatini yasash uchun qo‘llanadi. Bundan tashqari, turkiy xalqlardagi “oqin” so‘zi “baxshi, doston aytuvchi” ma’nosida ishlatilib, avval-boshda “o‘qin”, ya’ni “doston o‘quvchi” (xuddi “bo‘g‘in”, “sotqin”, “to‘sin” so‘zlari kabi) bo‘lsa, ehtimol. Shu narsa aniqki, olam haqidagi cheksiz bilimni sanoqli (bir, yuz, ming va hokazo) avlodlar uqib-o‘zlashtirishi amalda mumkin emas. Demak, har bir avlod ong bilan uqib, to‘plagan bilimlarni keyingi avlodga qoldirishi, keyingi avlod u bilimlarni tahlil qilib-boyitib, o‘zidan keyingi avlodga yetkazishi lozim. Bu jarayonda, albatta, til va adabiyotning ahamiyati aql va ong kabi muhim va hal qiluvchidir. Diniy manbalarda “Avval so‘z bo‘lgan”, deb bejiz aytilmagan. To‘g‘ri, til ham xuddi odamning besh sezgisi kabi ongga bo‘ysunadi. Lekin til ma’lum ma’noda ongdan ham qudratliroq bo‘lishi mumkin. Masalan, tilda osongina o‘nning yuzinchi darajasi (ingliz tilida bu son “gugl” deyiladi) kattalikni yoki trilliondan bir qism kichiklikni aytib-ifodalashimiz mumkin, lekin buni ong bilan anglash juda qiyin. Diniy manbalarda aytilishicha, Tangri Taolo borliqni birgina “bo‘l” (ruscha “bud”, inglizcha “be [bi]”) so‘zi bilan yaratgan. Qizig‘i shundaki, bu qadim turkiy so‘z ikki fe’lni anglatadi. Biri “yuz bermoq, amalga oshmoq”, ikkinchisi “sindirib, qirqib, yorib va boshqa yo‘l bilan butunni qismlarga ajratmoq”. XX asrning boshlarida olimlar borliq “katta portlash”dan yaralganini, koinot borgan sari kengayayotganini ilmiy isbotladilar. Buni qarangki, “bo‘l” so‘zi har ikki ma’nosida ham Yaratganning xohishini ifodalayapti... So‘zning, tilning qudratini ko‘rsatuvchi bunday misollarni istagancha keltirish mumkin.
Ma’lumki, tabiatdagi barcha jonli va jonsiz mavjudotlar juft-juft yaratilgan. Ibtidoiy davrdan boshlab tabiatdagi narsa va hodisalar haqida to‘plana boshlangan bilimlar avloddan-avlodga o‘tib keladi. Bu jarayonda erkak bilan ayol o‘ziga xos majburiyat va imkoniyatlarga ega. Ular, avvalambor, har bir urug‘ning, jamoaning, jamiyatning eng kichik asosi – oilada namoyon bo‘ladi. Ayol va erkakning oiladagi o‘rni va vazifalari ularning ham jismoniy, ham ma’naviy-ruhiy imkoniyatlaridan kelib chiqadi. Ya’ni, ota ham, ona ham oilaning boshqaruvchisi bo‘lib, “qars ikki qo‘ldan chiqadi” degandek, bu borada har birining hissasi muhim. Turli davrlarda, turli sharoit va vaziyatlarda ota yoki onaning boshqaruvchilik vakolati, imkoniyati, qolaversa, ma’naviy haqi biroz oshishi yoki kamayishi mumkin. Bundan qat’i nazar, farzandlarga har ikkisi ham boshliq, har ikkisi ham ta’lim va tarbiya berishga mas’ul va majburdirlar.
Agar ota-ona farzand ta’lim-tarbiyasiga mas’ul bo‘lsa, u holda ular o‘z bilim va ko‘nikmalarini bolalariga qay shaklda beradi, ota va ona oilada bu vazifalarni qanday bo‘lishib olishgan, degan savolga to‘xtalaylik. Qisqa javob beradigan bo‘lsak, ona bolaning tilini chiqarishga, ota esa uning nutqini rivojlantirishga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, bola onadan ona tilini, otadan adabni o‘rganadi. Shu o‘rinda arabcha “adab” so‘zi “ada”, ya’ni “ota” so‘zidan yasalgan, deya faraz qilsak, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Ma’lumki, ba’zi harflar almashinib turadi. Masalan, b, p, m harflari: “bunday” – “munday”, “tub” – “tup”. Xuddi shunday, “adam” – “adab”. Zero, “adabiyot” so‘zini “adamiyat”, ya’ni “odamiylik” deya tushunsa ham bo‘ladi. “Odam” so‘zining tub ma’nosi haqida turli fikrlar mavjud. Ba’zilar fikricha “odam” so‘zi “adim” – “ro‘yi zamin po‘sti” so‘zidan, ba’zilar “odama” – “bug‘doy rangli” degan so‘zdan olingan[1].Yunoncha “didaktik”, “akademik”, lotincha “educate [edyu’keyt], education [edyu’ke’yshn] (ta’lim bermoq, ta’lim)”, “advice [edva’ys] (maslahat, o‘git)”, “advokat” so‘zlari ham “ada", "adam” so‘zlari bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Umuman olganda, tilshunoslik ham, adabiyot ham o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, bir-birisiz yashay olmaydi va bir-birini to‘ldiradi. Vazifasiga ko‘ra ham ular hamisha yonma-yon: tilshunoslik tilning so‘z yasalishi, so‘z turkumlariyu gap bo‘laklarining qoidalarini o‘rganish bilan shug‘ullansa, adabiyot so‘zning ifoda qudrati, voqelikni turli shakllarda tasvirlash, tilning insonga ta’sirini kuchaytirish yo‘llari, insonning tuyg‘ularini qo‘zg‘ash, xatti-harakatlarini biror yo‘nalishga solish usullari bilan shug‘ullanadi. Yana shuni ta’kidlash kerakki, agar oilada er va xotin turli millat vakillari bo‘lsa (masalan, ona rus, ota o‘zbek yoki aksincha), u holda bunday oiladagi farzandlar aksariyat hollarda, ota qanchalik qarshilik qilmasin, onasining tilini o‘rganadi. Lekin ona qanchalik harakat qilmasin, aksariyat hollarda, farzandlar ko‘proq otasining dunyoqarashini, adab-odobini qoniga singdiradi.
Ma’lumki, til insonning ongidagi fikrlari va ko‘nglidagi tuyg‘ularini ifodalash vositasidir. Ayollar tabiatan erkaklarga nisbatan ta’sirchanroq, yumshoqroq, ko‘ngilchanroq bo‘lishlari, erkaklarning esa, aksincha, qattiqqo‘l, bardoshli, qat’iyatli bo‘lishlari ular tilida o‘z ifodasini topadi. Ya’ni, ayollar aksariyat hollarda ongga nisbatan qalblariga ko‘proq quloq tutsalar, erkaklar qalbdan ko‘ra ongga ko‘proq tayanadilar. Gap qaysi biri yaxshi yoki to‘g‘riligida emas, albatta. Bu muayyan vaziyatga bog‘liq. Ba’zida ayollarning, ba’zida erkaklarning qarori kutilgan natijalarni berishi mumkin. Yana shunisi ham borki, xuddi oilada er va xotinning bir-birini tushunishi oilaning mustahkamligi va xotirjamligini ta’minlaganidek, tilda ifodalangan fikr va tuyg‘ularning qay darajada o‘zaro mos-muvofiqligi ham insonning butunligi va xotirjamligini ta’minlaydi. Aks holda, o‘zaro kelisholmagan er va xotin ajralgani va oila parokanda bo‘lgani kabi, o‘zaro kelisholmagan ong va ko‘ngil, aql va tuyg‘u insonni turli fojialarga olib kelishi mumkin.
Ingliz (lotin) tilida “ona tili” iborasi “language [le’ngvij]” yoki “mother tongue [ma’zer tang]” va “adabiyot” so‘zi “literature [li’teritche]” deyiladi. Etimologik lug‘atlar va tarixiy manbalarda lotin tilidagi so‘zlar, jumladan, “literature [li’teritche]” so‘zi ham, qadimgi Etruskan (Etruscan) tili va madaniyatidan o‘zlashtirilgani qayd qilingan[2]. Etruskan madaniyati hozirgi Italiyaning shimoliy qismida eramizdan avvalgi 900-396 yillarda mavjud bo‘lgan. Mashhur Rim imperiyasi esa eramizdan avvalgi 500-300 yillar hukmronlik qilgan[3]. Etruskan tili harflari bilan lotin tili harflari o‘zaro zid bo‘lgan. Masalan, lotincha “B”, “C”, “D”, “E”, “F”, “K”, “L”, “R”, “S” harflar etruskan alifbosida teskari tomonga qarab yozilgan. Qolaversa,etruskan alifbosi qadimgi yunon alifbosi bilan deyarli bir xilda bo‘lgan. Ba’zi manbalarda etruskan tili va madaniyati asli qadimgi turk tili va madaniyatiga yaqinligi aytiladi. Bunga biroz aniqlik kiritish maqsadida etruskan tilidan lotin tiliga o‘tgan ayrim so‘zlarni tahlil qilib ko‘raylik. Ma’lumki, lotin (italyan va ingliz) tillarida ba’zi harflar (“c”, “g”, “i”, “u”) ikki-uch xil talaffuz qilinadi. Masalan, “cinema” ([si’nema] kinoteatr), “cousin” ([kazn] jiyan), “cello” ([che’llo] violenchel), “go” ([gou] bormoq), “gentleman” ([je’ntlmen] sohib, jentlmen), “finish” ([finish] tugash, tamom bo‘lish), “finite” ([fa’ynayt] chekli, tugallangan), “put” ([put] qo‘ymoq), “cut” ([kat] kesmoq), “tube” ([tyu’b] quvur) va hokazo. Agar ushbu harflarni moslab talaffuz qilinsa, lotin va turk tillarining uyg‘unligini payqash mumkin. Masalan, “cow” ([kau] sigir) so‘zini “sau” tarzida talaffuz qilinsa, “sigir” so‘zi “sog‘ir”, ya’ni “sog‘” o‘zagidan yasalganligi bilan yaqin bo‘ladi. Qolaversa, ahamiyat bering, lotin tilidagi “language”, “lang”, “lingua” so‘zlari “tongue [tang]” (lotinchada “til (tana a’zosi)”ni anglatadi) so‘zidan yasalgan[4]. Biroq “t” harfi “l” harfiga o‘zgarishi ehtimoli juda kam. O‘ylashimcha, lotin tilidagi “language [le’ngvij]”, “lang [le’ng]”, “lingua [li’ngua]” so‘zlari turkiy “bilig”, “bilgi”, “bilga”, “bilgich-bilginj” so‘zlaridan kelib chiqqan. O‘z navbatida, “tongue” so‘zi turkcha “tanglay” (og‘iz bo‘shlig‘ining burun bo‘shlig‘iga tutashgan yuqori qismi so‘ziga mos keladi[5]. Lotincha “literature” (adabiyot) so‘zi “letter [le’tter]” (xat, noma) so‘zidan olingan bo‘lib, bu turkcha “til” (quyida lotin va turk so‘zlari o‘zaro teskari bo‘lib qolgani haqida fikr yuritamiz) o‘zagiga mos keladi. Qolaversa, italyancha “leggera” ([legge’ra] o‘rganmoq, bilmoq), “college” ([ko’llidj] bilim yurti), “legal” ([li’gl] qonuniy, biligli) so‘zlari turkcha “(bi)lig” o‘zagiga qurilgan. Shuni hisobga olish kerakki, italyan (lotin) tilidagi “leggere” so‘zidagi “ere” qo‘shimcha bo‘lib, o‘zbekcha “bilmoq” fe’lining -moq qo‘shimchasiga mos keladi. Yana bir misol: italyancha (lotincha) “tegere”, “tangere” so‘zlari “tegmoq, o‘rab olmoq” ma’nolarini anglatadi. Bu turk tilidagi “teg”, “tang‘i” o‘zak so‘zlariga aynan mos keladi. Hozirda xalqaro (aksariyati lotin tilidan olingan) so‘zlar deya e’tirof etilayotgan ko‘pgina so‘zlar asli turkcha o‘zak so‘zlar ekanligiga amin bo‘lish mumkin. Masalan, inglizcha “tangens (tegma, urinma)”, “integratsiya (teg, tegraning birlashishi)” va hokazo. Bundan tashqari, “filologiya” so‘zi ham asli “til” va “bilig” so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lsa kerak. Sababi, yunoncha “fil – yaxshi ko‘rmoq” so‘zidagi “f” harfi lotin alifbosida uch xil – “ph”, “f” va “th” harflari orqali ifodalanadi (masalan, phone [fo’un] telefon, fax [faks], Athena [asi’na] Afina. Lotin harflari bo‘lgan “f” va “t” o‘zaro bir-biri bilan almashib qolishi mumkin. Masalan, lotincha “four – to‘rt”, “fashion – tashin”, “fantasy – tanti, dandaysi”, “fang – tang(lay)”, “ferrum – temir”, “finish – tinish” va hokazo. Yunoncha “logos – fan, bilim” so‘zidagi “os” shunchaki qo‘shimcha bo‘lib, “log” o‘zagi “(bi)lig”, “(bi)log‘(on)” so‘zlariga mos keladi.
Ana endi, keling, tilning paydo bo‘lishini yaxshiroq anglash uchun odamzod yaralgan ilk davrni tasavvur qilib ko‘raylik. Odamzod yer yuzida bir-biri bilan ilk aloqa qila boshlaganda uzun-uzun so‘zlarni ishlatmaganligi tabiiy, albatta. Faraz qilish mumkinki, ular qisqa so‘zlar, ya’ni ikki, uch, to‘rt tovush (harf)dan iborat so‘zlarni qo‘llab, o‘z fikrlarini anglatishgan. Masalan, “av”, “as”, “at”, “iy”, “ma”, “oy”, “ol”, “os”, “uv”, “uy”, “uz”, “ul”, “ut”, “ey”, “er”, “esh”, “aba”, “ava”, “ada”, “aya”, “aka”, “ala”, “ama”, “ana”, “apa”, “ata”, “acha”, “ag‘a”, “afa”, “ber”, “bir”, “bor”, “bur”, “tash”, “tesh”, “tish”, “tosh”, “to‘sh”, “baba”, “bubu”, “bo‘bo‘”, “dada”, “kuku”, “mama”, “papa” va hokazo. Shunday ekan, Odam Ato va Momo Havo ismlari asli “ada” va “ava” bo‘lgandir. Shuning uchun lotin va rus tillarida ular “Adam” (Adam) va “Eve” (Yeva) deb talaffuz qilinadi. Arab tilidagi “havo” so‘zi turkiy “ava” (“avaylamoq” fe’lining o‘zagi) so‘zi oldiga “h” tovushi (harfi) qo‘shilib yasalgan. Qolaversa, turkiy “ava” so‘zi bilan “aya” (“ayamoq” fe’lining buyruq mayli) so‘zi o‘zaro sinonimdir. Arabcha “ayol” so‘zining o‘zagi ham “aya” bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Sababi, “-l” qo‘shimcha bo‘lib, u fe’lning majhul nisbatini anglatadi. Umuman, arab, fors va rus tillaridagi ko‘pgina so‘zlar asli turkiy so‘zlardir. Masalan, “lug‘at-(bi)lig”, “avrat-avra, o‘ra”, “bashara-bosh-ora”, “burqa-burka(moq)”, “mutlaq-to‘liq”, “tarang-tara(moq)”, “chunki-tushunki”, “karashma-qarashma”, “otash-o‘t”, “bilet-bilit (bildir)”, “vanna-yuvin”, “konkurs-qo‘sh kurash”, “kosa, kosilka-kesmoq”, “stupnya-to‘piq”, “toska-tushkun”, “chuchelo-cho‘chit”, “kochevnik-ko‘chmanchi” va hokazo. Arab tili bilan turk tilining uzviy aloqadorligiga doir yana bir misol: islom dinida chaqaloq tug‘ilganda uning qulog‘iga azon aytilib, “Ollohu Akbar, Muhammadur rasululloh” deyiladi. Turkiy va bir qator boshqa xalqlardagi onaning o‘z chaqalog‘iga alla (e’tibor bering, “Olloh”ga ohangdosh) aytishi uning o‘z bolasiga o‘ziga xos azoni, Ollohni tanitishi, deyish mumkin. “Alla” so‘zi ingliz tilida “lullaby [la’lыbay]” deyiladi. Ahamiyat bering: inglizchada “goodbye [gud’bay] xayr, yaxshi qoling, xudo yor bo‘lsin” so‘zi asli “God by (you) [God bay yu] Xudo siz bilan” degan iboradan kelib chiqqan. Ya’ni, “lullaby” so‘zi ham “Allah by you – Olloh sen bilan” iborasidan olingan bo‘lsa, ehtimol. Shu o‘rinda yana bir fikr: turkiy xalqlar xudoni Tangri deb ataydi. Manbalarda bu so‘zning kelib chiqishi xususida turlicha qarashlar mavjud: 1) “dengiz” (mo‘g‘ulcha “tengiz”) so‘zidan; 2) turkcha “tong” va misr tilidagi “ra (quyosh)”, ya’ni “tongdagi quyosh” so‘zlaridan; 3) turkcha “teng”, ya’ni “barchaga teng qarovchi”dan kelib chiqqan. Mening o‘ylashimcha, “Tangri” so‘zi butunlay boshqa ikki so‘zdan kelib chiqqan bo‘lishi mantiqan asosliroq. Bulardan biri turkiy “tang‘i” so‘zi, ikkinchisi turkiy “to‘g‘ri” so‘zi. Sababi, turkiy tilda -r, -ar, -ir qo‘shimchalari ot, sifat va fe’l yasashda ishlatiladi. Masalan, “otboq(ar) – otboquvchi”, “tur(ar) – turadigan”, “chandi(r) – go‘shtning qattiq pay qismi, ya’ni chandiydigan, zich qilib birlashtiruvchi”, “chig‘ir – yuqoriga suv chiqaradigan, ya’ni chig‘aydigan qurilma”. Xuddi shunday, “tang‘ir”, “tang‘iri” so‘zlari “tang‘iydigan”, “o‘raydigan” degan ma’noni anglatadi. Darhaqiqat, Tangri butun olamni yaratib, uni o‘rab turadi. Tangri borliqning har bir zarrasida mavjud deb qarash keng tarqalgan. Shuning uchun ham Tangri har bir joyda hoziru nozir, barcha narsani ko‘rguvchi va bilguvchi, deya ulug‘lanadi. Turkiy xalqlarda quyoshni, osmonni Tangriga qiyoslashning sababi, xuddi Tangri kabi quyosh ham, osmon (ko‘k) ham dunyoni o‘rab, chulg‘ab, qamrab turadi. O‘tmishda turkiy xalqlarda keng tarqalgan otashparastlik, o‘tga sig‘inishning sababi olov quyoshning yerdagi ko‘rinishi, issiqlik, yorug‘lik manbai bo‘lib, narsalarni yoritib, chulg‘ab turadi. Tarixda butun Sharqu G‘arbda hukm surgan uch Xun (olimlarning ta’kidlashicha, bu so‘z asli “kun” so‘zidan kelib chiqqan, mening farazimga ko‘ra, bu so‘z, aslida, Nuh payg‘ambar ismi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin) imperiyasiyu har ikki Turk (Ko‘k va Osmonli) imperiyasi ham o‘zlariga Tangrining kun, ko‘k, osmon kabi sifatlarini qo‘llagan...
Ikkinchi so‘z – “to‘g‘ri”ga kelsak, Tangri Taoloning eng birlamchi sifati, arabcha aytganda “Haq, Janobi Haq”dir. Turkchada esa bu o‘z-o‘zidan “To‘g‘ri” bo‘ladi. Sababi, tilshunoslikdan ma’lumki, “g” va “g‘” tovushlari “ng” va “ng‘” diftong (qo‘shaloq) tovushlari bilan, “o‘” harfi “o” va “a” harflari bilan almashish hollari ko‘p uchraydi. Masalan, “vag‘irla-vang‘irla”, “zig‘ircha-zing‘ircha”, “o‘t-otash”. Aslini olganda, “to‘g‘ri” va “egri”, “to‘g‘ri” va “o‘g‘ri” tushunchalari har qanday dinning asosini tashkil qilib, juda qadim zamonlarga borib taqaladi. O‘ylashimcha, yahudiy dinining muqaddas kitobi arabcha “Tavrot”, ibroniycha “To‘ra, Tora” ham asli “to‘g‘ri (to‘ri, tuvri, tuyri)” so‘zidan kelib chiqqan. Sababi, bu muqaddas kitob, asosan, to‘g‘rilik haqida xabar beradi. Sirasini olganda, yahudiylik dini eng qadimiy din hisoblangan zardushtiylik dini bilan uyg‘un bo‘lib, har ikkisida ham “to‘g‘ri” va “egri” tushunchalari yetakchi o‘rinni egallaydi. (Buni quyida batafsil tahlil qilamiz). Ingliz tilida “to‘g‘ri” so‘zi “true [tru]” bo‘lib, ingliz parlamentida qadimdan ikkita qarash – tori (konservativ, o‘ng qarash) va uig (liberal, so‘l qarash) mavjud bo‘lib kelgan. “Tori” va “uig” so‘zlarining ham o‘zaklari “to‘g‘ri (to‘ri)” va “egri” bo‘lib, ma’lumki, konservativ qarashli kishilar an’analarga sodiq qolish, to‘g‘ri kelayotgan yo‘ldan og‘maslik tarafdori bo‘lsa, liberal qarashli kishilar islohot va o‘zgartirish, to‘g‘ri kelayotgan yo‘ldan og‘ib, egri yo‘llarni sinab ko‘rish tarafdorlari bo‘ladi. Hatto, o‘ylashimcha, inglizcha “God [god]” va forscha “xudo” so‘zlari ham turkcha “to‘g‘ri” so‘zi bilan o‘zakdoshdir. Chunki “to‘g‘ri” so‘zini teskarisiga o‘qisangiz, inglizcha “right [rayt]” (to‘g‘ri, haq, o‘ng) so‘zi hosil bo‘ladi. Bu so‘zdan esa “Got, God (xudo), good (yaxshi)” so‘zlari kelib chiqqan. Qolaversa, “right” so‘zi “o‘ng” degan ma’noni ham anglatadi. “So‘l” so‘zini aksiga o‘qisangiz esa, inglizcha “paralysis [pere’lisis] paralich, falaj” so‘zidan kelib chiqqan “left [left] chap” so‘zi hosil bo‘ladi.
Turkiy tillarning, xususan, o‘zbek tilining paydo bo‘lishi juda qadim zamonlarga, boringki, ibtidoiy davrga borib taqalishi keltirilgan fikrlardan bir qadar anglashilib turibdi. Yuqorida biz turk tilining jahondagi eng qadimgi tillardan biri, deya e’tirof etiluvchi lotin tiliga uzviy aloqadorligini ko‘rib chiqdik. Quyida o‘zbek tilidagi ba’zi so‘zlarning tub ma’nolarini tahlil qilishga harakat qilamiz. “Ota” va “ona” so‘zlaridan keyin, tabiiyki, “bola”, “o‘g‘il”, “qiz” so‘zlari keladi. “Bola” so‘zi “go‘dak, farzand, qadimgi turkiy tilda ham shu ma’noni anglatgan bu ot asli ba:la tarzida talaffuz qilingan”[6]. “O‘g‘il” so‘zi esa “er jinsidagi farzand, qadimgi turkiy tildagi “paydo qil” ma’nosini anglatgan og‘ fe’lidan –(u)l qo‘shimchasi bilan yasalgan. Dastlab “farzand” ma’nosini anglatgan, keyinchalik ma’noda torayish yuz berib, faqat “er jinsidagi farzand”ni anglata boshlagan”[7]. Mening fikrimcha, “bola” so‘zi ham, “o‘g‘il” so‘zi ham asli “bog‘la” so‘zidan kelib chiqqan. Ma’lumki, “o‘g‘il” so‘zi “ul”, “uli” tarzida ham qo‘llanadi. O‘z navbatida, “ul”, “ula” so‘zlari “bog‘la” so‘ziga ma’nodoshdir. Sababi, “bola”ning, xususan, “o‘g‘il”ning bosh vazifasi otani onaga, ajdodni avlodga bog‘lash – ulashdan iborat. Ingliz tilida o‘g‘il bola “boy [boy]” deyiladi, ya’ni bu so‘z “boyla”ning qisqargan shakli bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, “bog‘la” so‘zini “bog‘ bo‘l, o‘zingdan ko‘pay” tarzida ham tushunish mumkin. Undan keyin, bola “beshik”ka “bela”nadi. “Bela” so‘zi “beshikka oyoqbog‘, qo‘lbog‘ bilan bog‘lab yotqiz”[8]. “Beshik” so‘zi “chaqaloqni belab uxlatish uchun yasalgan, tebratishga moslangan ro‘zg‘or buyumi, bu ot qadimgi turkiy tilda mavjud bo‘lib, “yo‘rgak” ma’nosini anglatgan be otiga –shi qo‘shimchasi qo‘shib yasalgan fe’ldan –k qo‘shimchasi bilan yasalgan”[9]. Nazarimda, “bela”, “beshik” so‘zlari “bog‘la” so‘zidan “bog‘la-boyla-beyla-bela”, “bog‘lash(ik)-belash(ik)-beshik” tarzida kelib chiqqan.
Endi tillarning qanday rivojlanish va qay tarzda o‘lik yoxud xalqaro tilga aylanish shartlarini tahlil qilaylik. Avvalambor, diniy va ilmiy manbalarda ko‘rsatilishicha, qadimda (taxminan eramizdan avvalgi uchinchi ming yillikda) dunyo to‘foni bo‘lgan[10]. Bu to‘fondan faqat sanoqli odamlar, ya’ni Nuh payg‘ambar, uning uch o‘g‘li Xom, Som, Yofas va ularning xotinlari omon qolgani, bulardan hozirgi barcha odamlar tarqagani aytiladi. Qolaversa, ilmiy manbalarda butun bashariyat uch irqqa (negroid, yevropoid va mongoloid) ajratilib ko‘rsatiladi. Bu irqlarning ayni shunday nomlanishi shartli, albatta. Diniy va ilmiy manbalarga tayanib o‘zimizcha faraz qilishimiz mumkinki, uch irq uch o‘g‘ildan tarqagan. Ana shu uch o‘g‘ilning (ilmiylik uchun ularning ismlarini vaqtincha Xom, Som, Yofas demaymiz) ismlarini bizgacha yetib kelgan turli manbalar (xalq og‘zaki ijodi, bitiklar, yer osti-er usti qoldiqlari va hokazo)dan izlab ko‘raylik.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, so‘z yasalishi ilk davrda sodda bo‘lgan degan fikrga (aksiomaga) tayanib, dunyodagi qaysi tillarda sodda so‘zlar saqlanib qolganini tadqiq qilib ko‘rsak ayni muddao bo‘ladi. O‘zim o‘zbek, rus va ingliz tillarini chuqur bilganim holda, turk, arab, fors-tojik va boshqa tillardan ham bir qadar xabardorman. Dunyodagi tillar uch guruhga – flektiv (rus, ingliz va hokazo), agglyutinativ (oltoy oilasidagi tillar va boshqa), amorfga (xitoy, birma va boshqa) bo‘linadi. Flektiv tillarda birdan ortiq grammatik ma’no birgina ko‘rsatkich orqali ifodalanadi. Masalan, “ya chitayu knigu” gapidagi “chitayu” so‘zidagi “yu” qo‘shimchasi mayl, zamon va shaxs-son ma’nolarini ifodalaydi. Agglyutinativ tillarda har bir grammatik ma’no alohida qo‘shimcha (affiks) bilan ifodalanadi. Masalan, “men kitob o‘qiyapman” gapidagi “o‘qi+yap+man” so‘zida affikslar (qo‘shimchalar) zamon va shaxs-son ma’nolarini ifodalaydi. Amorf tillarda gapda so‘zlar bir-biri bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri birikib keladi. Masalan, xitoychada “men hozir kitob o‘qish/o‘qimoq” gapidagi “o‘qish/o‘qimoq” so‘zi umumiy bo‘lib, gap mazmuniga qarab uning mos ma’nosi anglashiladi. (D.A.Muhamedova, D.Shodmoqulova) Negroid va yevropoid tillari, asosan, flektiv, mongoloid tillari esa agglyutinativ va amorf ekanligini ta’kidlashimiz mumkin. Masalan, turkiy tillar agglyutinativ bo‘lsa, xitoy tili amorf turga mansub. Bu uch irqning tillari orasida negroid va yevropoid tillarida ikki, uch yo to‘rt harfdan iborat o‘zak so‘zlar ko‘p emasligi, mongoloid tillarda esa, bunday ixcham o‘zak so‘zlar aksariyat ko‘pligini hisobga olsak, mongoloid tillari bashariyatning eng boshlang‘ich davriga borib taqaladi, deb xulosa qilish mumkin.
Endi yuqorida aytilgan o‘sha uch o‘g‘il otalari Nuh alayhissalom bilan birga yagona oila bo‘lib yashaganlarida ularning tillari umumiy bo‘lgan. O‘z shaxsiy hayotlarini qurib alohida yashay boshlaganlarida ham ma’lum muddat ularning tillari umumiy bo‘lgan. Lekin o‘n yillar, asrlar o‘tgani sayin asta-sekin ularning tillari farqlana borgan. Hattoki, so‘z va gap yasash qoidalari ham o‘zgargan, deyish mumkin. Ana shunda ikki aka-uka (negroid va yevropoid) flektiv usulni, uchinchi o‘g‘il (mongoloid) agglyutinativ usulni tanlagan bo‘lsa ehtimol. Ma’lumki, ko‘p tillarda “ada” va “dada” so‘zlari “ota” ma’nosida bo‘lib, o‘zbek tilida qarindoshlar shunga ohangdosh qilib aytiladi. Masalan, “ata”, “aya”, “aka”, “apa”, “ag‘a”, “ama” va hokazo. O‘xshash narsalarni ohangdosh so‘zlar bilan nomlash unumli va qulay-da. Ana shunday uch harf-tovushdan iborat o‘zak so‘zlar mongoloid tillari bo‘lgan o‘zbek, xitoy, koreys, yapon va boshqa tillarda aksariyat ko‘pchilikni tashkil qilishi ma’lum.
Yevropadagi tillar asosan roman-german tillari oilalariga mansub. Xususan, ingliz tili german tillari oilasiga kiradi. Qadimgi ingliz tili zamonaviy ingliz tilidan keskin farq qilib, olmon tiliga juda yaqin bo‘lgan. Nazarimda, roman tillari ham, german tillari ham, turkiy tillar ham avval-boshda bir bo‘lib, umumiy yozuv – runik yozuvni qo‘llagan. Hozirda Yevropada 5000 dan ortiq runik yozuvdagi bitiklar topilgan. Shulardan 3000 – Shvetsiyadan, 500 – Daniyadan, 600 – Norvegiyadan, 140 – Britaniya orollaridan, 60 – Grenlandiyadan, 70 – Islandiyadan, bir qanchasi – Rossiya, Latviya, Ukraina, Germaniya, Avstriya, Frantsiya, Gretsiya, Ruminiya, Turkiya, Niderlandiyadan topilgan. Ayni chog‘da, ma’lumki, Osiyodan topilgan O‘rxun-Enasoy, To‘nyuquq, Kultegin va boshqa ko‘plab bitiklar ham runik yozuvda bo‘lgan. Biroq keyinchalik lotin, undan so‘ng kirill yozuvi yaratilib, roman-german va turk tillari bir-biridan uzoqlasha boshlagan. Shu darajada uzoqlashgan, balki atayin uzoqlashtirilganki, natijada, roman-german tillaridagi ko‘pgina so‘zlar turkiy tillardagi so‘zlarni teskarisiga o‘qish va yozish orqali hosil qilingan. Bu jarayonning sabablaridan birini quyidagicha tushuntirish mumkin. Ma’lumki, IX-XII asrlar Sharq uyg‘onish davri, IX-XII asrlar G‘arb uyg‘onish davri sifatida e’tirof etiladi. G‘arb uyg‘onish davrida hind, arab, turk, xitoy tillaridagi ko‘pgina asarlar lotin tiliga tarjima qilingan. Tarjima qilinayotgan asarlarning barchasi o‘sha davrning fan tili bo‘lgan arab tilida yaratilgan, deyish to‘g‘ri emas. Sababi, turk tilida, biroq arab yozuvida bitilgan asarlar ham ko‘p bo‘lgan. Ba’zi tarjimonlar ayrim so‘zlarni atayin teskarisiga “tarjima qilishgan”. Masalan, ingliz tilidagi “right” ([rayt] to‘g‘ri) so‘zi “r”, “g” va “t” harflaridan tuzilgan. Ingliz tilida “g‘” harfi yo‘q bo‘lgani sababli, u “gh” orqali ifodalangan.
Turkiy va ingliz tillarining sintaksisi va morfologiyasidagi o‘xshashliklarni tahlil qilsak, ularning bir-biriga qanchalik yaqin ekanligiga amin bo‘lamiz. Ma’lumki, fe’lning uchta zamoni mavjud. Turkiy tilda fe’lning o‘tgan zamonini yasash uchun so‘zga “-di”, “-gan” qo‘shimchalari qo‘shilsa, ingliz tilida “-id”, “-an” qo‘shimchalari qo‘shiladi. Masalan, “play” [pley] o‘ynamoq, o‘tgan zamon: “played” [pleyd] o‘ynadi; “give” [giv] bermoq, o‘tgan tugallangan zamon: “given” [givn] bergan. Turkiy tilda sifat va ravish yasash uchun “-li”, “-ish, -g‘ish”, “-al, -l”, “-iy” qo‘shimchalari ishlatilsa, ingliz tilida ham shunday. Masalan, “day” [dey] kun, daily [deyli] kunli(k), har kungi; easy [i’zi] oson, easily [i’zili] osonli; “red” [red] qizil, blue [blu] ko‘k, “reddish” [re’dish] qizg‘ish, [blu’ish] ko‘kish; finish [fi’nish] tugash, tugamoq, final [fa’ynl] tugal, oxirgi; center [se’ntr] markaz, central [se’ntrl] markaziy. Turkiy tilda “siz” bo‘lishsizlik qo‘shimchasi bo‘lsa, ingliz tilida “-less” (xuddi “li+siz” qisqargandek) qo‘shimchasi ishlatiladi. Masalan, “pain” [pe’yn] og‘riq, “painless” [pe’ynless] og‘riqsiz. Turkiy tilda “-in”, “-chi” ot yasovchi qo‘shimchalar bo‘lsa, ingliz tilida “-ing”, “-chian, -shian” xuddi shunday. Masalan, “dance” [de’ns] o‘ynamoq, raqsga tushmoq, “dancing” [de’nsing] o‘yin, raqs; music [myu’zik] musiqa, musician [myuzi’shn] musiqachi.
Turli manbalarda yozuv eramizdan avvalgi XII asrda kashf qilingan deyiladi. Ba’zi bir manbalarda esa, undan ham avval kashf qilingani aytiladi. Masalan, eramizdan 2 ming yil avval yashagan shumerlarning oltmishlik sanoq tizimidagi matematik qoidalar yozib qoldirgan taxtachalari topilgan. Bunday yozma manbalardan qat’i nazar, xalq og‘zaki ijodi odamzod to‘plagan bilimlarni avloddan avlodga o‘tkazishda hamisha eng ishonchli va unumli vosita bo‘lgan. Shunday ekan, keling, xalq og‘zaki ijodiga murojaat qilib, undagi ayrim adabiy qahramonlar nomlarini yozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga qiyosiy tahlil qilishga urinib ko‘ramiz. Ma’lumki, Xo‘ja Nasriddin Afandi o‘zbek xalqi va, umuman, barcha turkiy xalqlarning eng umriboqiy adabiy qahramonlaridan biri hisoblanadi. Eng birlamchi ismi Afandi. Keyinchalik arablar ta’sirida u Nasriddin, deb atala boshlangach, Afandi oti o‘z-o‘zidan sifatga aylangan. Xuddi shunday 1999 yilda O‘zbekistonda 1000 yilligi keng nishonlangan o‘zbek xalq qahramonlik eposi – “Alpomish” dostoni ham arablar ta’sirida qayta yaratilgan. Nazarimda, diniy-yozma manbalarda kelgan Nuh payg‘ambar – ikkinchi Odam Atoning uchinchi o‘g‘li Yofas asli ismi “Afa” bo‘lgan. Sababi Nuh payg‘ambar o‘z o‘g‘liga Odam Atoning ismiga (“Ada”, “Adam”) ohangdosh qilib ism bergan, qolaversa, avvalgi ikki o‘g‘liga ham “Axa” va “Asa” deb ism qo‘ygan bo‘lsa kerak. Turkiy tildagi “-m” qo‘shimchasi o‘zlikni anglatib, “Axam”, “Asam” va “Afam” tarzida talaffuz qilina boshlangan. “Axamoniy”, “Assam”, “Afanasiy” (shu o‘rinda rus kinoustalari yaratgan “Afonya” badiiy filmida bosh qahramon Afandilarcha sodda qilib tasvirlangani bejiz emas) so‘zlarining o‘zaklari ham yuqoridagi uch ismga borib taqaladi. Xitoylarning Konfutsiy (Kunfutsiy) (eramizdan avval VI asrda yashagan faylasuf) ismi ham “Kun Afas” so‘zlaridan tuzilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun xitoylar uning nasihatlarini xuddi ota o‘giti sifatida qabul qilishadi. Shu o‘rinda, pand-nasihat, turli maslahat va donishmandliklar “aforizm” deyilishi bejiz emasligini ham aytish kerak. Afandining lofchiligi va latifachiligi ham tasodif emas, albatta. Xitoy kurash san’ati “Kunfu”, xuddi Afandi latifalaridek, yashash uchun, adolat uchun kurash usuli sifatida talqin qilinadi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da[11] Afandi so‘zi yunon tilidan olinganligi qayd etilgan. Bunga quyidagicha izoh berish mumkin. Hind ma’rifatparvari Javaharl’al Neru o‘zining uch olamshumul asaridan birida yozishicha[12], qadimda Yunoniston va Hindistonga shimoldan oriylar bostirib kelishgan. Natijada, Yunonistonda Afina, Sparta va boshqa mashhur shaharlar vujudga kelgan. Hindistonda esa oriylar sanskrit tilini; Vedalar, Upanishadlar, “Ramayana” va “Mahobhorat” asarlarini yaratganlar[13]. AQShda 2000 yilda chop etilgan yilnomada[14] shu fikrlar yana bir karra tasdiqlanib, “Miloddan avvalgi 1500 yillarda Hindistonni shimoliy-g‘arbdan kelgan oriylar istilo qilishadi, ular bu yurtga sanskrit tili va hindu diniga turtki bo‘lgan vedik dinini olib kirishadi”, deb yozilgan. Tarixdan ma’lumki, miloddan avval 1500 yilda buyuk Xun imperiyasi vujudga kelgan va u butun G‘arb bilan Sharqda hukmronlik qilgan. Xunlarning turkiy bo‘lganligi turli manbalarda qayd qilingan.
Yana shu narsa ham ma’lumki, otashparastlik-zardushtiylik (zoroastrizm, yunon tilida “astron” so‘zi “yulduz” degani) dini ham eramizdan avvalgi XIV-XII asrlarda paydo (yoki mavjud) bo‘lgani rasmiy manbalarda qayd qilingan. E’tibor bering: eramizdan avvalgi XIV asrda butun G‘arbu Sharqda buyuk Xun imperiyasi hukmronlik qilgan. XIII asrda Muso alayhissalom o‘z xalqini Fir’avn zulmidan ozodlikka olib chiqqan... Zardushtiylik dini haqida fundamental tadqiqotlar muallifi ingliz Meri Boys uning bundan 3500 yillar ilgari Osiyo cho‘llarida paydo bo‘lgani, boshqa dinlarning shakllanishi va rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgani, chunki o‘z tabiatiga ko‘ra g‘oyatolijanob, insonparvar din ekanligini ta’kidlaydi. Hozirda olimlar zardushtiylik dinini ham samoviy dinlar qatoriga qo‘shib, uni monoteistik, ya’ni yakkaxudolikka asoslangan din sifatida e’tirof etmoqdalar. Biroq hozirga qadar bu dinning muqaddas kitobi hisoblangan “Avesto” qaysi tilda yozilgani noma’lum bo‘lib, tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, eramizdan avvalgi VII-VI asrlarda u fors tiliga o‘girilgani, eramizning XI asriga kelib esa, u eski fors tilidan yangi fors tiliga o‘girilgani aytiladi. Nazarimda, xuddi islom dini paydo bo‘lganida forslar shia mazhabiga asos solganidek, zardushtiylik dini yaratilganida forslar o‘zlarining dunyoqarashidan kelib chiqqan holda uni o‘zlariga moslashtirgan. “Avesto” so‘zi qadimiy mazdaparastlarning o‘zigagina mansub bo‘lib, “a” artikuli va “vista” fe’lidan iborat. “Vista” so‘zining o‘zagi “vid”, “vand” bo‘lib, ma’nosi “tanimoq”, “bilmoq”, “topilmoq”, “ko‘rinmoq” kabidir. Hindlarning eng qadimiy “Vido” (Veda) kitobining nomi bilan ildizi bir. Shu ma’noda “Avesto”ni “Ogohnoma” yo “Donishnoma” ma’nosida tushunish mumkin. Ehtimol, zardushtiylik dinining muqaddas kitobi hisoblangan “Avesto” ham asli “Afasota”, “Afasato” deb nomlangandir. Turli tarixiy manbalarda Yofas alayhissalomning payg‘ambar bo‘lgani e’tirof etilgan[15]. “Avesto”da ezgulik va yovuzlik, to‘g‘rilik va egrilik haqida, odam va olam tarixi, tabiat va jamiyat tuzilishi haqida ma’lumotlar berilgan. Kitobda ezgulik va yovuzlik timsollari avesta tilida “Ormuzd” va “Angra Maynyu”, pahlaviy tilida “Ahura Mazda” va “Axriman” shaklida qayd qilingan. O‘ylashimcha, avesta tilidagisi “Tangri (to‘g‘ri)” va “Angri (egri)” ma’nosida, pahlaviy tilidagisi “Ax (Oh) ur, maza” va “Ax (Oh) ur, yomon” so‘zlaridan tuzilgan. Otashparastlik diniga ko‘ra odamlar o‘t-olovga sig‘inishadi, deya ta’kidlanadi. Buni shunday tushunish mumkin. Yuqorida aytganimizdek, “Tangri” so‘zi “tang‘iri”, ya’ni “tang‘uvchi, o‘rovchi, chulg‘ab oluvchi” ma’nosida ishlatiladi. Quyosh, osmon ana shu sifatga ega bo‘lgani uchun qadimda turkiy xalqlar va xitoy xalqi oftobni, kunni alohida qadrlashgan. Shuning uchun “kun” so‘zi “Tangri kabi aziz va mukarram” degan ma’noda ishlatilgan. Turkiy tilda “ko‘kay” degan so‘z odamning ruhini anglatadi. Xuddi osmon ko‘k deyilgani kabi, odam ko‘kragidagi ruh, qalb, ko‘ngil qadim turkiy tilimizda “ko‘kay” deb atalgan. Bugun ham tilimizda qo‘llanuvchi “Ko‘kayidan urdi” degan ibora “yuragidan urdi”, “yaxshi ko‘rib qoldi” degan ma’noni anglatadi. O‘zbek tilidagi “ko‘ngil” so‘zi, ba’zilarning fikricha, ikki so‘zdan (ko‘n+gil) yasalgan. Ya’ni Tangri Taolo odamni gildan yaratgach, o‘z ruhini gilga kirishga undaydi, “gilga kirishga ko‘n”, ya’ni “ko‘ngil” deydi, buni jozibali kuy yordamida amalga oshiradi. Mening o‘ylashimcha, ko‘ngil avval-boshda “kungil”, ya’ni “gildagi kun”, “gil ichidagi ziyo, yorug‘lik, nur” ma’nosida qo‘llangan bo‘lishi ehtimoldan holi emasdir.
Ma’lumki, Yofas ismi yunon va lotin tillarida “Yafet, Yafit” deya talaffuz qilinadi. Eramizning IV-V asrlarida, ya’ni buyuk Turk hoqonligi tashkil topishidan bir muddat avval Markaziy Osiyoda qudratli eftalitlar davlati hukmronlik qilgan. Bu davlat hatto Xitoyga harbiy yurishlar uyushtirgan. “Eftalit” so‘zi “Yafet eli” degan ma’noga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, “Italiya” so‘zi ham ayni shu o‘zakka qurilib, avval-boshda “Yaf+iteli” bo‘lgandir, balki. Shuning uchun ham tarixda nasroniy dinining markazi bo‘lgan Italiya, qadimiy Rim imperiyasi Yofas avlodlari va turkiy xalqlar bilan chambarchas bog‘liq.
Turk xalqining hind xalqi va Yevropa xalqlari bilan o‘zaro aloqalari Nuh payg‘ambar davriga borib taqalishi tabiiy. Bunga yana quyidagi dalillarni ham keltiramiz. Hindlar biror kishiga hurmat bilan murojaat qilganda “pandit”, polyaklar “pan” deydi. Bu “afandi” so‘ziga mos, ayni so‘zning biroz o‘zgargan shakligina. Ma’lumki, “p” va “f” harflari o‘zaro almashinuvchi hisoblanadi. Masalan, fors tilidagi “padar”, “pari” so‘zlari ingliz tilidagi “father [fa’zer]”, “fary [fe’yri]” so‘zlariga mos keladi. Qolaversa, ba’zida “afandi” so‘zi tilimizda “apandi” deya talaffuz qilinishini yaxshi bilamiz. Fors-tojik tilidan olingan “pand” so‘zi “o‘git, nasihat” ma’nosini bildiradi[16], ya’ni “afandi-panditning so‘zi, o‘giti” demakdir. Bundan tashqari, ma’lumki, Sharqda ota so‘zi ismdan so‘ng aytiladi, masalan, “Olma ota”, “Cho‘lpon ota”, “Odam Ota” va hokazo. G‘arbda esa, aksincha, masalan, “ota Goratsio”, “ota Filipp”, “Edison (Ada+san, ya’ni Ota+uli) va hokazo. Farazimcha, afsonaviy “Edip” (Shoh Edip) so‘zi “Ada+Apas”, ya’ni, “Ada+Yofas” so‘zidan kelib chiqqan...
Ma’lumki, turk, xususan o‘zbek tilidagi fe’llarning aksariyati 2-3 tovush (harf)dan iborat. Masalan, “os, es, o‘s”, “oz, ez, o‘z”, “il, ol, yul, o‘l”, “ot, yut, o‘t”, “tesh, tosh, tush”, “sot, sit, so‘t”, “qir, qor, qur, qo‘r”, “qich, qoch, quch” va hokazo. To‘rt va undan ortiq tovush (harf)dan iborat fe’llarning aksariyati 2-3 harfli fe’llardan yasalgan. Masalan, “yirt – yir”, “kert – ker”, “ko‘nik – ko‘n”, “sina – sin”, “surka – sur”, “so‘ra – so‘r”, “uzay, uzat, uzan – uz”, “chayqa, chayna – chay”, “qizar, qizg‘an – qiz”, “qirq, qirtishla, qirchi – qir”, “qisqar, qista – qis” va hokazo. Endi hisoblaylik. O‘zbek tilining lotin alifbosida jami 29 harf bo‘lib, ikki harfdan jami 400 ga yaqin so‘z hosil qilish mumkin. Shulardan hozirda atigi 100 ga yaqini, ya’ni 25 foizi amalda faol qo‘llanadi. Xuddi shunday, uch harfdan jami 4000 ga yaqin so‘z hosil qilish mumkin. Shulardan hozirda atigi 600 ga yaqini, ya’ni 15 foizi amalda faol qo‘llanadi. Demoqchimizki, yangi o‘zak so‘zlar yaratish orqali (bunda qadim turkiy tildagi o‘zak so‘zlarni tiklash ham nazarda tutiladi) ham tilning boyishiga, ham tilni chet tillaridan kirib kelayotgan so‘zlardan muhofaza qilishga erishamiz. Masalan, “chat”, “chet”, “chit”, “chot”, “cho‘t” so‘zlari faol qo‘llaniladi, xuddi shunday, “chut” so‘ziga ham biror ma’no yuklasa bo‘ladi.
Xullas, har bir inson o‘zligini, o‘tmishini, hayotdan maqsadini doimo anglashi, yodida tutishi kerak. Bunda, tabiiyki, inson ongi va aqlining, xususan, ona tili va adabiyotning o‘rni beqiyos. Zero ona tili va adabiyot insoniyat ma’naviyatining ko‘zgusi va uni shakllantiruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Xuddi jamiyatda har bir oilaning ravnaqi ota va onaga bog‘liq bo‘lganidek, insoniyat ongining ravnaqi ham ona tili va adabiyotga bog‘liq. Shunday ekan, barchaga tilni buzg‘uvchilar, ayiruvchilar, yo‘qotuvchilardan emas, balki, aksincha, uni saqlovchilar, boyituvchilar, uyushtiruvchilardan bo‘lishni tilaymiz.
Tahririyatdan
Farrux Ataev – matematik. Lekin til va adabiyot masalalariga qiziqadi. Badiiy adabiyot tarjimasi bilan shug‘ullanadi. Shekspirning “Makbet”, “Qirol Lir”, “Yuliy Sezar”, “Venetsiyalik savdogar”, “Janjalkashning tiyilishi”, “Bo‘ron” dramalarini ingliz tilidan o‘zbek tiliga, yozuvchi Otaulining “Turkiston haqida afsona” asarini o‘zbekchadan inglizchaga tarjima qilgan. Bu – ilmiy-ijodiy ishlarning barchasi uning uchun ko‘ngil ishi: shundan zavqlanadi, qalbi huzur qiladi...
Yaqinda Farrux Ataev tahririyatimizga kattagina bir maqola bilan kirib keldi. Uning bir qismi adabiyot, yana bir qismi til haqida. Unda dunyo tillarining paydo bo‘lish omillari, ularning mushtarak jihatlari, bir qator turkiy so‘zlarning boshqa tillardagi so‘zlarga asos bo‘lgani haqidagi mulohazalar ilgari surilgan. Maqolada so‘zlarning etimologiyasi bilan bog‘liq bahslashadigan o‘rinlar anchagina. Shu bois ham, tahririyat mutaxassislarga murojaat qildi. Professor Qozoqboy Mahmudov Farrux Ataev “havas va intilish”larini qo‘llab-quvvatladi va maqolani nashrga tavsiya qildi. Professor Boqijon To‘xliev esa unga munosabatini tahririyat elektron pochtasi orqali jo‘natdi: “Farrux Ataevning maqolasi bilan tanishib chiqdim. Maqolada yangi va yaxshi fikrlar ancha. U jur’atli takliflari bilan e’tiborli. Faqat muallifning filologiya sohasidagi professional bilimlarining yetarli emasligi ko‘rinib qolgan.
Maqolani jiddiy tarzda tahrir qilib, qisqartirgan holda chop etishni o‘ylab ko‘rish mumkin”.
Nihoyat, tahririyat biroz “o‘ylab ko‘rish”lardan keyin ushbu maqolani qisqartirgan holda chop etishga jazm etdi. Lekin, bu degani, Farrux Ataevning kuzatuvlariga to‘la qo‘shilish mumkin, degani emas. Maqolada bahstalab o‘rinlar ko‘p. Biz aynan shuning uchun ham uni e’lon qilayapmiz. Maqsad – jurnalxonlarimizni munozaraga chorlash. Haqiqat esa bahsu munozaralarda qaror topadi.
HAVAS VA INTILISH
Farrux Ataevning ushbu maqolasi umuminsoniy taraqqiyotdagi tarixiy jarayon, til taraqqiyoti va adabiyotning inson tarbiyasi haqidagi o‘rni to‘g‘risida havaskorlik asosida yaratilgan. Jumladan, turkiy xalqlarning tarixiga bag‘ishlangan fikrlar bayon qilingan. Turkiy xalqlar tarixida etruslarning uzoq davrdagi tarixiy jarayonlariga hamda tiliga bag‘ishlangan mulohazalar aytib o‘tilgan. Tarixiy adabiyotlarda etruslarga bag‘ishlangan asarlar kam uchraydi. Zaki Validiy To‘g‘onning qizi Valideva etruslar haqida ilmiy ma’lumotlar e’lon qilgan. Bu maqola muallifi Ataev hozirgi kundan uch ming yil avval etruslar shimoliy Italiyaga o‘rnashgani haqida ma’lumot bergan. Etruslar o‘rnashgan regionni “Etruskan” deb ataganlar. “Etruskan” so‘zining oxiridagi ikkita grammatik ko‘rsatkich, ya’ni, “etrus” so‘zining oxiridagi “s” tovushi, aslida, qadimgi turkiy tillarga xos ko‘plik ko‘rsatkichidir. “S” undoshi, aslida, “z” bo‘lgan. “Z” undoshi esa turkiy xalqlarning ajdodi sak xalqlarida ko‘plik ko‘rsatuvchi grammatik belgidir. So‘z oxiridagi -kan qo‘shimchasi jo‘g‘rofiy nom yasovchi qo‘shimchadir. Buni isbotlovchi turkiy xalqlar o‘lkalaridagi shaharlar: Abakan, O‘tikan, O‘zgan, Namangan, Antikan (Andijon), Chimgan (Chimyon), Tarkan (Toshkent), Shibirg‘an (Afg‘on), Talqon kabi toponimlar “etruskan” so‘ziga nisbatan etruslar turkiy qavmga mansub ekanligini isbotlaydi.
Muallif etruslar tilidan lotin tiliga lingvist, lenjvij, literatura kabi so‘zlar o‘zlashgan, deb ko‘rsatadi. Bu kabi leksik qatlamni lotin tiliga o‘zlashganini isbotlash uchun chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borish talab qilinadi.
Tarixan turkiy tillarda ochiq-yopiq bir bo‘g‘inli so‘zlar yordamida jumla tuzganlar...
Ushbu maqolada havas va intilish bilan ijtimoiy hayotga oid ko‘p masalalarni oldinga surgan. Unda ko‘rsatilgan ko‘pchilik g‘oyalar insoniyatning manfaati uchun xizmat qiladi deb, qaraymiz. Va havaskor yosh olim mazkur maqola orqali o‘z g‘oyalarini jamoatchilikka yetkazishni istaydi. Shunga ko‘ra, maqola nashr qilinsa, jamoatchilik orasida ijobiy mulohazalar uyg‘otadi, deb o‘ylaymiz.
Qozoqboy Mahmudov,
filologiya fanlari doktori, professor
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 2-son.
--------------------------------------------------------
[1] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. – T.: “Cho‘lpon”, 1994. 17-bet.
[2] The American Heritage College Dictionary. Houghton Mifflin Company. USA.: 1997. P. 779-792.
[3] Time Almanac 2000 with Information Pleace. Boston. USA.: 2000. P.: 120.
[4] The American Heritage College Dictionary. Houghton Mifflin Company. USA.: 1997. P. 763.
[5] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2 tomlik. Moskva, “Russkiy yazыk”, 1981. 117-bet.
[6] Sh.Rahmatullaev. O‘zbek tilining etimologik lug‘ati. – T.: "Universitet", 2000. 57-bet.
[7] O‘sha asar. 449-bet.
[8] O‘sha asar. 45-bet.
[9] O‘sha asar. 47-bet.
[10] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. – t.: “Cho‘lpon”,1994. 30-bet.
[11] Djavaxirlal Neru. Vzglyad na vsemirnuyu istoriyu: – M.: "Progress",1989. S. 52-53.
[12]O‘shaasar. 61-62-betlar.
[13] Time Almanac 2000 with Information Pleace. Boston. USA.: 2000. P.: 232-233.
[14] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. – t.: “Cho‘lpon”,1994. 34-35-betlar.
[15] Mirzo Ulug‘bek. To‘rt ulus tarixi. – t.: “Cho‘lpon”,1994. 34-35-betlar.
[16] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2 tomlik. M.: “Russkiy yazыk”, 1981. 570-bet.