OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gyote kim bo‘lgan?

Ba'zi dastur va risolalarda turli mashhur shaxslarning e'tiborga molik so‘zlari yangraydi. Ana shu sahifalarda Gyote, Tolstoy va boshqa bir qator jahon durdonalariga mualliflik qilgan daholarning e'tiqodiy iqrorlari muxlislarga tortiq etiladi. Biz biroz ateistik ruh hukmronlik qilgan davrda yashaganimiz boismi, yuqorida nomlari zikr qilingan shaxslarning bu iqrorlariga biroz shubha qilinardi. Ammo... Bu yerda shubhaning o‘rni yo‘q. Men shaxsan Gyote bo‘ladimi, Tolstoy bo‘ladimi, umrining oxirida shariati islomiyani qabul qilibdi, desa ajablanmayman. Chunki ularning asarlarini o‘qigan inson juda yaxshi biladiki, Tolstoy ham, Gyote ham xolis odamlar bo‘pishgan. Buyuk adiblarni birlashtirib turadigan bir jihat bor: ular qanday uslubda asar yozgan bo‘pmasinlar, bosh maqsadlari insoniyatning baxt-saodati bo‘lgan.

Buyuk tajribalar shuni ko‘rsatdiki, xolis, chin qalbdan haqiqatni izlagan kishi albatta ISLOMni qabul qiladi. Bizda odamlar sizga o‘xshab fikrlashga o‘rganib qolishgan: «Yo‘g‘-e, Tolstoy Allohni yagona iloh deganmi, Gyote payg‘ambarimizga bag‘ishlab she'rlar yozganmi?» degan savollarning zamirida islomga nisbatan hurmatsizlik yotadi.

Taniqli shaxslar haqida gapirishni boshlaganimda, tanish akalarimizdan biri mendan so‘rab qoldi: «Tolstoy rostdan musulmon bo‘lganmi?»,- deb. Men undan so‘radim: «Nega ajablanyapsiz? Nima bo‘pti musulmonlikni qabul qilgan bo‘lsa?» «Yo‘q», - dediyu, jim bo‘lib qoldi. Men shunda undan yana so‘radim: «Aka, xafa bo‘lmang-u siz Tolstoyni buyuk daho deb bilasiz, shunga ishonasiz. Ammo islomni haq din deysiz-u unchalik ishonmaysiz. Agar siz muqaddas dinimizni haqqi rost Allohning dinideb bilganingizda, bilasizmi, nima derdingiz: «Xo‘p, Tolstoy musulmon bo‘lgan ersa nima bo‘pti? Agar u chindan ham kalimai tavhidni aytib ketgan bo‘lsa, bu uning yutug‘i, islomning emas. Allohning dini Tolstoy va Gyotening iqroriga muhtoj emas, balki «buyuk daholar»ning o‘zlari islomga muhtojdirlar».

Kimdir menga shu yerda savol berib qoladi: «Xo‘p, siz ularni islomni qabul qilgan deyapsiz. Ammo Gyote va Tolstoy yashagan muhitda ularga haq kalimalarni kim yetkazishi mumkin?»

Haqiqatni Alloh yetkazadi. Albatta, turli sabablari bilan. Keyin, bir narsani yaxshi bilib olingki, har qanday insonning qalbi bor, yuragi bor, iymonga chorlovchi rahmoniy tuyg‘ulari bor. Ana shu tuyg‘ular insonni bir umr silkitib turadi. Bizga universitetda Tolstoy haqida ham, Gyote haqida ham ma'lumot berishgan. Bilasizmi, meni nima ajablantirgan: ularning ikkisi ham rus va nemis xalqi uchun qadrli bo‘lgan va umrlarining oxirida «telba bo‘lib qolishgan». Qizig‘-a, dunyo adabiyotini yelkasida tutib turgan bu ikki dahoni osongina, ikki jumlada: «hayotlarining oxirida telba chol bo‘lib qolishdi», degan ta'rif ostiga solib qo‘ya qolishsa? Siz shubhalanmaysizmi bu so‘zlarga? «Telbalar»ning bir paytlar - «aqllari yetuk» davrda yozgan kitoblarini ko‘zlariga surtishadi-yu, umrlarining oxirida aytgan vasiyatlarini maktab dasturlaridan olib tashlashadi. Insofsizlik bu!

Men bu holatni talabalik davrimdagi bir voqeaga o‘xshataman. Jurnalistika fakultetida o‘qib yurgan mahallarim rus adabiyotidan bir ayol dars berardi. Tolstoyni juda yaxshi ko‘rganidan, deyarli har darsda uning asaridan iqtibos keltirardi. Bir kuni bir do‘stim qitmirlik qilib undan so‘radi: «Kechirasiz, siz Tolstoyni juda yaxshi ko‘rasiz. Uning asarlariga jiddiy e'tibor beradigan bo‘lsak, Lev Nikolaevich yaxshi obraz sifatida namoyish etgan ayollarning aksari uyda o‘tiradigan, salobatli va ko‘chaga chiqqanlarida yopinchiqlarini yopib yuradigan ayollar ekani oydinlashadi. Tolstoy: «Ayolning go‘zalligi uydan tashqariga chiqsa, unga putur yetadi», degan. Nega siz Tolstoyni yaxshi ko‘rsangiz, uning fikri bilan hisoblashmaysiz?»

O'shanda o‘qituvchimiz nima deb javob bergan, bilasizmi: «Tolstoyning shu fikrlariga qarshiman»

Ajabo, «umrining oxirida telba chol bo‘lib qoldi» deguvchilar naqadar shu ayolga o‘xshashlar-a!   

Mahmud Asror

"Odamlar orasida" gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.