Teatr san’atining ravnaqi, sahnaga qo‘yilayotgan asarlar saviyasini ko‘tarishga doir muammolarni hal etishda ulug‘ adiblarning sahna san’ati bilan hamkorligini o‘rganish ham alohida ahamiyat kasb etadi. Bu borada barcha badiiy janrlarda unumli va samarali ijod qilgan Cho‘lpon adabiy merosida ham bugungi teatr san’ati uchun foydali jihatlar juda ko‘p. San’atkorning ijtimoiy-lirik xarakterdagi go‘zal she’rlari, “Kecha va kunduz” kabi mashhur romani, “Yorqinoy” kabi piesalari, “Hamlet”ning tarjimasi, adabiyotshunoslik va teatr tanqidchiligiga doir maqola va taqrizlari adibning teatr hayoti bilan juda yaqin bo‘lganini ko‘rsatadi.
Cho‘lpon teatr tanqidchiligi sohasida ham jiddiy, har tomonlama o‘rganishga loyiq madaniy meros qoldirgan. U teatr san’atini bilimdonlik bilan targ‘ib qilgan. Cho‘lpon badiiy merosining bugungi kunlarimiz uchun qimmatli tomoni shundaki, u bizni 20-yillar va 30-yillarning birinchi yarmidagi san’at olamiga olib kiradi, o‘sha davr badiiy san’ati manzarasi bilan tanishtiradi, sahna asarlarining saviyasi, ularning yutuq va kamchiliklari haqida tasavvur tug‘diradi.
Cho‘lpon o‘zbek teatrining rivojlanish manbalarini asosan milliy-madaniy an’analarni to‘liq va har tomonlama o‘zlashtirish hamda taraqqiy ettirishda deb bildi. Zero, adib o‘zbek xalqining san’atiga oid barcha manbalarni avaylash, ko‘z qorachig‘iday saqlash, ularga yangi mazmun va ohang berish zarurligini qayta-qayta ta’kidlagan edi. Uning milliy musiqa asboblari haqida kuyunib aytgan so‘zlariga ahamiyat beraylik: “Bizning cholg‘imiz yo‘qolib ketishdan saqlanmog‘i lozim, kuylarimiz unutilish va buzilishdan asralmog‘i darkor. Bizning vazifamiz — o‘shalarni tor burchaklardan keng maydonlarga olib chiqish, o‘stirish, parvarish qilish, tarbiya berishdir”.
Cho‘lpon xalq orasida tomir otgan askiya va qiziqchilikni keng targ‘ib qilib, ularning ko‘lamini yanada oshirishni ta’kidlashi ham xarakterli: “Xalq qiziqlarini o‘rganish teatrimizning komediyachilik tomoni uchun katta oziq beradi”. Xalq o‘rtasida avj olgan bu an’anaga san’at ruhi va mazmunini to‘liq kiritish borasida Cho‘lponning qayg‘urishlari tahsinga sazovor. Cho‘lpon qiziqchilar san’atini yanada keng qo‘llashni taklif etadi. Uning fikricha, “... ularning asarlarini, ularning ommaviy va yangi ijodlarini yolg‘iz sayillar, to‘ylar va ochiq maydonlargina emas, opera, drama, komediya sahnalarida ham ko‘rish lozim”.
Cho‘lpon hech bir san’at faqat o‘zining milliy qobig‘ida o‘ralib qolib, ulkan yutuqlarga erishishi mumkin emasligini chuqur tushungan edi. Uning estetik qarashidagi asosiy masalalardan biri san’atda baynalmilallikka katta ahamiyat berish, uning zaminida o‘zbek san’atini taraqqiy ettirishdir. Mana uning estetikasining tub mohiyati: “...Ovro‘pa muzika bilimini yetarlik darajada o‘rganib, undan keyin Sharq klassik maqomlari va xalq kuylarini ham yaxshilab tekshirib, Sharqning eski muzika bilimlari bilan ham tanishib maydonga chiqsa, qimmatbaho asarlar bergan bo‘lar edi”, degan edi Matyusuf Harratov haqida. Cho‘lpon Yevropa san’atini o‘rganishnigina emas, uni chuqur egallash lozimligini uqtiradi. “...Ovro‘pa muzika bilimi zinasining birinchi pog‘onasiga qadam qo‘yg‘onlar, narigi pog‘onalarga ham tirmashib chiqmasalar, chala bilim bilan muzika sohasida ko‘p narsa qilolmaydilar...” deydi.
Qarashlarining yana bir jihati san’atda haqqoniylikka erishish bilan bog‘liq. San’atkor bu masalani juda keng tushunadi. Uningcha, hayotni, undagi voqea-hodisalarni xuddi o‘ziday qilib san’atga, spektakllarga o‘tkazish shart emas. Asosiy gap badiiy ijod qonuniyatidan kelib chiqib, san’at hodisalariga baho berish, ular qanchalik haqiqat mezoniga mos tushishidadir.
Cho‘lponning asosiy andozasi badiiy asarda, spektaklda mavjud “asllik”ka, ya’ni haqqoniylikka erishishdir. Cho‘lponning barcha tanqidiy maqola va taqrizlarida badiiy-ijodiy mahoratni egallash, uni yuksaltirish masalasi qo‘yilgan. Teatrning ham, har bir artistning ham yutug‘i va qusuri mahoratga borib taqalishi misollar asosida isbotlab beriladi. Buning uchun har bir ishda, qilingan har bir yumushda, har bir ijroda haqiqat yuzaga qalqib chiqishi lozim. U “Nasab qurbonlari”(musiqali drama)dagi eng katta nuqson nimadan iborat, degan savolga shunday javob beradi: “Asar fojialik bo‘lg‘oni holda o‘ynashda kulgi bo‘lib chiqdi”. Janr tabiatini tushunmaslik, uning xarakterli xususiyatini berolmaslik san’atkorni ranjitmasligi mumkin emas edi.
Adibning satirik asarlarga qo‘ygan talablari ham diqqatga sazovor. “Turmushda kuluna turgan joylar bor: ammo u joylarni sahnada yasamoqlik bilan berilganda kulgi chiqmaydi, balki aksincha, tabiiy turmushdagiday qilib berilsa kulgi chiqadi”. U spektakldagi har bir hodisa, har bir qiliq, artistning tashqi qiyofasi o‘zi o‘ynagan rolga har jihatdan mos tushishi lozimligini qat’iy talab qilgan. “Kovai ohangar” spektaklida bir chol obrazi xususida to‘xtalib, “...yoshim saksonga yetdi” degan cholning basharasi va harakatlari ko‘proq yoshlarcha bo‘lub o‘tdi...”, deydi.
Cho‘lpon teatr tarixida juda xarakterli bo‘lgan, spektaklda kichik bo‘lib ko‘ringan, ammo asar mohiyatiga zarar yetkazadigan, tomoshabinlarni san’at haqiqatidan bezdiradigan bir misolni keltiradi. Fitratning “Chin sevish” asari asosida qo‘yilgan spektakl haqida to‘xtalib, jumladan, shunday deydi: “Sahna orqasidan otiluvlar o‘z vaqtida chiqmadi va shuning natijasida Rahmatullaxon o‘q tegmasidanoq o‘la berdi”.
Spektaklning barcha tomonlarini ziyraklik bilan kuzatgan Cho‘lpon unda har bir detalning real bo‘lishiga da’vat etgan. Masalan, grimlar ortiq darajada sun’iy ekanligi uning g‘ashini keltirgan. U achinib, kuyib shunday yozgan: “...bizda tuzanish (grim)ga ko‘b ahamiyat berilmaydir. Tuzanishni shoshilib yasaylar-da, so‘ngra sun’iy sochlar ostidan haqiqiy sochlar ko‘b vaqt “mana men” deb ko‘runub qo‘yadilar”.
Cho‘lpon o‘z rollarini qoyil qilib o‘ynagan, xarakter mohiyatidan kelib chiqadigan kulgini tabiiy ravishda berolgan, ijroda samimiylik, haqqoniylikni saqlayolgan aktyorlardan mamnun bo‘lardi. U artist Lutfulla Nazrullaevning “Hamlet” spektaklidagi Poloniy obrazini xuddi shunday talab darajasida yaratganidan zavqlanib, kulgili holatlarning tabiiy, to‘g‘ri chiqqanini alohida qayd etgan.
Adib teatrga, artistlar oldiga birdan-bir to‘g‘ri talabni qo‘yadi: “Samimiylik, rolni anglab o‘ynashlik, sahnada erkin bo‘lishlik...”. Atoqli aktrisa Tursunoy Saidazimovaning iste’dodidan, rollarni samimiy ijro etganidan, haqqoniy o‘ynaganidan qoyil qolgan adib uning “Arslon” (Fitrat) dramasidagi Zaynab roli xususida shunday yozadi: “Tursunoyning qudrati va quvvati o‘sha kichkina ro‘lni ham ulkanlar qatoriga chiqardi, bir ko‘rinib o‘taturgon Zaynabni bir umr unutilmas tasvirga aylantirdi”.
Adibimizga Tursunoyning “Ikki boyga bir qarol” spektaklidagi qirolicha roli ijrosi ham juda ma’qul tushgan. U juda berilib o‘ynaganidan, “uning ichida erkin-erkin” yashashidan cheksiz mamnun bo‘lgan. Xuddi shunga o‘xshash ijobiy gaplarni sahna bulbuli Halima Nosirova to‘g‘risida ham to‘lqinlanib, zavq-shavqqa to‘lib yozgan edi.
Cho‘lpon estetikasida yana bir jiddiy masala ko‘zga tashlanadi. U rejissyor har bir aktyorning o‘z ampluasi – o‘ziga mos o‘yinlariga qarab, shuni nazarda tutib rol taqsimlashi zarurligini ilgari surgan. Haqiqatan ham bir murakkab, qiyin obrazni yaxshilab sahnada gavdalantirgan artist, boshqa tipdagi obrazni me’yoriga yetkazib o‘ynay olmasligi mumkin. Bu narsa tomoshabinlar oldida iste’dodli artistning obro‘yiga putur yetkazib qo‘yishga olib keladi. Buni chuqur tushungan Cho‘lpon shu kabi xatoning oldini olish, unga yo‘l qo‘ymaslik uchun joy kuydirgan. U Molerning “Jorj Dandin” asari asosidagi spektaklda bosh rolni ijro etgan artist Karimjon misolida bu tipdagi xatoning oqibatlari san’atga qanchalik zarar yetkazishini yaqqol ochib beradi: “...Shunday bir erkin kuldirgichga (Karimjonga – H.A.), kulgidan ko‘ra ko‘brak fojiasi bor bir ro‘lni berganlar. Shu uchun uning fojiali so‘zlari ham, kulgili so‘zlari ham bo‘sh, talvasasiz, ishonchsiz (neubiditelnыy) chiqadi... Karimga shu ro‘lning yanglish berilgani butun asarga ta’sir qildi”, deb xulosa chiqaradi adib.
Artistlar ijrosida nuqsonlarning kelib chiqishiga asosiy sabab, ularning o‘qib-o‘rganmasliklari, hayotni yaxshi bilmasliklari, drama va teatr sirlarini egallab olmaganliklaridadir. Buni Cho‘lpon asoslab ko‘rsatib bergan edi: “Sahnada, — deb ta’kidlaydi adib, — talantdan tashqari, madaniyat ham kerak. Buning yo‘li ma’lum: o‘rganish! Aktyor – eng avval turmushning o‘zidan (tiplar, so‘zlar va hokazo), kitob mutolaalaridan, lektsiya va darslardan, boshqa teatr va akto‘rlardan, o‘z ustozlaridan o‘rganadi. Shularning birginasi kamlik qilg‘onda ham akto‘rning turgan joyida depsangani bilinib qoladi”.
Qanday to‘g‘ri, haqqoniy gaplar. Har bir kishi o‘z sohasida hamisha o‘qib, o‘rganishi, bilimli bo‘lishi lozim. Buning uchun bizda Cho‘lpon aytganiday: “...imkoniyatlar katta”. Bu narsa, ayniqsa, teatr arboblaridan ko‘proq talab qilinadi. Chunki ular ma’naviyat va ma’rifatning otashin targ‘ibotchilari, o‘quvchi va tomoshabinlarning ongiga muhim g‘oyalarni olib kiruvchilardir.
Teatr ijod laboratoriyasi, drama uchun sinov maydoni ekanini Cho‘lpon chuqur anglab yetgan edi. N.V.Gogolning “Sahnaga qo‘yilmagan piesa tanasiz jon” ekanligi haqidagi ta’rifi ham san’atkorimizga yaxshi ayon edi. U dramaturg bilan teatr aloqasi, rejissyorning ahamiyati, aktyorlarning g‘oyat katta roli, rassom va grimchining xizmatlari haqida ham ko‘p qimmatli fikrlarni izhor etgan.
Cho‘lpon estetikasini tashkil etuvchi muhim masalalardan yana biri – til. Cho‘lpon drama va spektakl tiliga juda katta e’tibor berib, maqolalaridan birini “So‘z, so‘z, so‘z!” deb nomlashida chuqur ma’no bor. “So‘z, — deydi adibimiz, — san’atning klassik eng mukammal nusxasidir”. U “...tomoshalarning, teatru tomoshasining asosan so‘z ustig‘a qurulg‘onini..” alohida aytib o‘tadi. Shu sababdan ham aktyordan xalqdan va folklordan ruhlanib, oziq olib, so‘z ustida tinmay, uzluksiz ishlashni, sahnadan turib chiroyli luqmalarni go‘zal qilib aytishni, asarlarning mazmuniga, qahramonlar xarakteriga, yuz bergan voqealar ma’nosiga qarab ovozdagi ohangni turlicha izhor qilib berishni talab qilar ekan, bu bilan muhim badiiy printsiplarni targ‘ib ham etgan. Adib sahnada arabiy va forsiy so‘zlarni yanglish aytishga, shevalarni o‘rinsiz ishlatishga, so‘zlarning buzib, tutilib, yamlab talaffuz qilinishiga, mazmundagi tovlanishni berolmasdan bir ohangda gapirishga, so‘z bilan harakatning uzilib qolishiga, musiqa teatri bilan drama teatrida ovozlarning farqiga yetmaslikka qarshi chiqqan.
Cho‘lpon endigina boshini ko‘tarib, qaddi-qomatini rostlay boshlagan, Hamza va Mannon Uyg‘ur tashkil qilgan milliy o‘zbek teatriga juda yuksak baho berdi, uning har bir muvaffaqiyatli spektaklidan zavqlanib, zudlik bilan ijodiy-ilmiy fikr bildirib, xalq o‘rtasiga tashladi. “Orqamizda, — deb yozadi Cho‘lpon, — taxminan 12-13 yillik havaskorlik yo‘li qoldi. Chin ma’nosi bilan teatrimiz emas, sahna bilan oshnolig‘imiz boshlang‘ichlikdan chiqdi. Demak, biz – sahnada (qaytarib aytaman: sahnada!) ancha o‘sdik”.
Shunisi xarakterliki, adib milliy teatrning evolyutsiyasini yilma-yil kuzatib bordi, uning rivoji qalblarini quvonchlarga to‘ldirdi. Teatr to‘g‘ri yo‘lni tanlab, izchillik bilan olg‘a qarab borayotganini alohida qayd etdi.
Adibning boshini ko‘kka yetkazgan narsa V.Shekspirday ulug‘ dramaturgning jahonga mashhur murakkab, qiyin, og‘ir asarlarini sahnaga “...qo‘yish darajasiga erishgan teatr”ning vujudga kelgani bo‘ldi. Shu sababdan ham kundan-kunga gullab borgan, har yerda maqtalgan, o‘zini qoyil ko‘rsatgan teatrimizga xalq oqib kela boshlagan. “Xalq teatrga yurmaydi, degan gap to‘g‘ri emas, — deb ta’kidladi adib, — xalq yuradir... o‘zini qiziqtiraturg‘on zamonalarda yozilg‘on va yaxshi o‘ynalaturg‘on tomoshalarga xalq yuradir”. Gapining isboti uchun teatr tajribasidan qator misollar keltiradi. O‘ziga hamda san’atiga nihoyatda talabchan bo‘lgan Cho‘lpon teatrni, uning rejissyor va aktyorlarini turg‘unlikka uchramaslikka chaqiradi, bir joyda depsinib qolishlariga, ijodiy malakalarini oshirib bormasliklariga astoydil qarshi chiqib, “... doim oldinga qarab intilish”ga chorladi.
Ha, bugun ulkan adibning umidlari ro‘yobga chiqdi. Hozir Yevropa teatrlari bilan bellasha oladigan o‘zbek milliy teatriga egamiz. Bu esa, Cho‘lpon ruhini shod etishi turgan gap.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 45-sonidan olindi.