OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hakim Sattoriy. Qalb va qanotlar

Bosqinchilarga qarshi muhoribasining eng cho‘qqisi va shafqatsizi — Sind daryosining Nilob kechuvi yaqinida tole’ unga bir kulib boqqandi. Jasorat bilan dushmanning temirdan ham mustahkam mudofaasini yorib bordi, Chingizxonga qilich sirpab, beliga arqon tashlab, sudrab jo‘nadi. Faqat qismat qilichi arqonni kesib yubordi, Chingizxon omon qoldi. Lekin bosqinchi g‘olib bo‘lgach, shafqatsiz qasos oldi...

Turonzamin bag‘rida ko‘plab buyuk zotlar voyaga yetgan. Xususan, Sulton Jaloliddin va Amir Temur haqida o‘ylaganda, kishining ko‘z oldidan hayotning turli hikmatlari kinolentaday o‘taveradi. Zero, bu ikki inson tarjimai holida tiriklikning jami sinoatlari, odam bolasi kechirishi mumkin bo‘lgan barcha kushoyish va oroyishlar, tabiatda mavjud, ilmiy tilda gomosipiens deb ataluvchi eng mukammal ikki oyoqli jonzotning nimalarga chidashi-yu, nimalarga qodirligi, xullas, yer yulduzining nol nuqtasidan cheksizlikkacha bo‘lgan o‘lchami mujassamlashgan desak, xato bo‘lmaydi. Shub­hasiz, bunday teran mazmunni, xuddi tayoqning ikki uchini bir qo‘lda ushlab bo‘lmaganidek, yagona qamrovda tutib bo‘lmaydi. Binobarin, aslida ham shunday, bu ikki shavkatli ajdodimiz haqida necha yuz yillardan buyon necha yuz sahifali tarixlar yozib kelinmoqda. Bizning bu sa’y-harakatimiz esa Turon osmonining mazkur ikki yorug‘ yulduzini yonma-yon tasavvur qilib, ular hayotidagi mushtarak jihatlarni taqqoslab, shu orqali zehnimizni yoritish, unutilayozgan va hamon g‘uborlardan to‘liq poklanmagan qadriyatlarimizni yodga olib, bugun dunyoga “Mustaqil O‘zbekiston” nomi bilan dadil tanilayotgan yurtning o‘tmishi ham, tarixi ham, demak, kelajagi ham yagonaligi, yaxlitligini yana bir bora esga solishdir. Ozod yurtimiz tug‘rosida aks etgan Humo timsoli ertaklardagi afsonaviy qushdan olinmagan, balki uning qalbi, o‘ng va chap qanotlari ajdodlar tarixining chig‘iriqdan o‘tgan cho‘ng mazmunini ifodalab turibdi.

Go‘daklikdagi nomlari Jaloliddin (bobosi Jaloliddin Otsiz sharafiga) va Temur (Qur’oni karimdagi «Mulk» surasi 16-oyatdan) bo‘lgan bobolarimizning tug‘ilish sanasida 138 yil farq bor. Jaloliddin Urganchda dunyoga keldi, uning otasi Aloviddin Muhammad 1077 yildan hukmdorlik qilib kelayotgan Xorazmshohlarning yettinchi vakili edi. Onasi Oychechak qaynotasi, o‘sha paytda taxt sohibi (1193–1220) Aloviddin Tekish istagiga mos ravishda to‘ng‘ich nabirani hadya etgandi. Shahrisabzda tavallud topgan Temurning otasi Muhammad Tarag‘ay ulusning obro‘li beklaridan bo‘lib, dindor va ma’rifatli kishi edi. Onasi Teginabegim Moh Buxoro shariat qozisi Ubaydulloh Mahmud al-Mahbubiyning qizi edi. Jaloliddinning tug‘ilishini tabriklab, shayx Naj­middin Kubro duolar qilgan bo‘lsa, Temurga shayx Shamsiddin Kulol ism qo‘yib, yorug‘ iqbol tilagandi.

Davrining nufuzli, baland martabali oilalarida ko‘z ochgan shahzoda va bekzoda bolalik va o‘smirlik yillarini to‘kis muhitda o‘tkazganlari, zamonasining taniqli kishilaridan saboq olib, harb ilmida ham, ma’rifatda ham barkamol darajaga yetganlari tarix kitoblarida ishonchli qayd etilgan. Ular tiynatidagi jismoniy ustunlik qilich chopish, nayza uloqtirish, merganlik singari jangovar mashg‘ulotlarda tengsiz bo‘lishlarini ta’minlagan, ularning zuvalasida avval boshidanoq buyuk sarkardalik salohiyati kamol topayotgan edi. Ishonchli manbalarda Jaloliddin ham, Temur ham ikki qo‘lda ikki qilich bilan baravar chopishgani, bunday mahorat kamdan-kam harbiylarga nasib etishi ta’kidlab o‘tilgan.

Ular ulg‘ayib, safga kirgach, zamonning og‘riqli savollariga ro‘para keldilar. Biri izdihom (bu sharoitni yumshoqqina qilib“ma’raka” ham deb atash mumkin)ning boshida turdi, va, nihoyat, keyingisi bosib kelgan tun zulmatini parchalab, Vatanni ozodlikka olib chiqdi — Sulton Jaloliddin boshlagan olamshumul yumushni Amir Temur oxiriga yetkazdi.

Sulton Jaloliddin tarix sahnasiga chiqqanda Sharqdan qo‘zg‘algan balo chumoli galalaridek Xorazmshohlar saltanatini payhon qilib kelar, bu buhronni to‘xtatadigan kuch maydonda yo‘q, shon-shuhratdan boshi aylangan hukmdorlar jilovni qo‘ldan qochirgan edi. Jaloliddin taqdirning barcha zarbalariga chidab, ham ichki yov bilan, ham tashqi dushman bilan murosasiz kurashdi. Bosqinchilarga qarshi muhoribasining eng cho‘qqisi va shafqatsizi — Sind daryosining Nilob kechuvi yaqinida tole’ unga bir kulib boqqandi. Jasorat bilan dushmanning temirdan ham mustahkam mudofaasini yorib bordi, Chingizxonga qilich sirpab, beliga arqon tashlab, sudrab jo‘nadi. Faqat qismat qilichi arqonni kesib yubordi, Chingizxon omon qoldi. Lekin bosqinchi g‘olib bo‘lgach, shafqatsiz qasos oldi...

Amir Temur kamolga yetgan pallada Chingiziylar avlodidan boshliqlar o‘zgargan, biroq zulm, istibdod burungiday qolgan, balki battar kuchaygan edi. O‘sha paytda Movarounnahrni idora qilib turgan Tug‘luq Temur Chig‘atoy ulusini boshqargan Chingizxonning oltinchi avlodi edi. Temur vaziyatni chamalab, fursat kelishini kutib, uning xizmatiga boradi. Xuddi shu yili u Jaloliddin so‘nggi bor Chingizxon bilan to‘qnashgan va daryodan o‘tib ketgan yoshda edi. Tarixdagi evrilishni qarangki, yovga qarshi bir qasoskor o‘yindan chiqdi va oradan 138 yil o‘tib, o‘sha yoshda yana o‘sha zavol topgan maqsadini bayroq qilib, qasos o‘ti bilan paydo bo‘ldi. Bu tasodiflarda qandaydir ichki mantiq borga o‘xshaydi va u o‘z haqiqati bilan Sulton Jaloliddin va Amir Temurning yagona voqelik ekanini, yagona xalq armonlarining ibtidosi va intihosi — zulmga qarshi kurashning boshlanishi va oxirga yetkazilishidagi ikki nuqtaligini tasdiqlab turibdi. Haqiqatan, Sohibqiron Amir Temur saltanatining yuzaga kelishi qoron­g‘ulik tugab, yorug‘lik boshlangani alomati edi. Sulton Jaloliddin vafot etganiga 138 yil to‘lgach, Amir Temur uning orzusini ro‘yobga chiqardi. Movarounnahrda turkiylar davlatini tikladi (1370 yil).

Haqiqatan, Sohibqiron Amir Temur, keyinchalik Temuriylar hukmronligi davri millatning, vatanning barcha orzulari amalga oshgan yillar bo‘lganini bugungi xulosalar ham tasdiqlaydi. Shuningdek, bu davr mo‘g‘ullar istilosi tufayli uzilib qolgan va yana tiklangan (bugungi istiloh bilan aytganda) o‘zbek davlatchiligining qad rostlashi va izchil davom etishi davri bo‘ldi. Amir Temur bir paytlar Xorazmshohlarning ham poytaxti bo‘lgan Samarqandni o‘z davlatining markazi sifatida tanladi. Sohib­qiron saltanati davrida Xorazm vohasining mavqei yuksaldi, yurt obod bo‘lib, gullab-yashnadi. Amir Temurning bu hududga alohida e’tiborini shundan ham bilsa bo‘ladiki, Xorazm to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaziy boshqaruvga qaragan va xazinadan mablag‘ ajratilganda poytaxt bilan teng mavqeda turgan. Xorazm malikasi Xonzodaxonimning to‘ng‘ich kelin sifatida tanlanishida ham ayricha mehr ufurib turibdi.

Ayni shu o‘rinda fikrdagi bir stereotipga munosabat bildirib ketishga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik Amir Temur Ko‘hna Urganch qal’asini vayron qilgan, degan fikrga ortiqcha urg‘u beradi. Bugungi ma’lumot darajasida mazkur qarashga batafsil izoh berish mumkin (negaki, tariximizda oq dog‘lar bo‘lmasligi lozim)!

Ma’lumki, Amir Temur Samar­qand taxtiga o‘tirganda Xorazmda So‘fiylar avlodi hukmronlik qilardi. Ular mo‘g‘ullarni xudosidek ko‘rar, ularga sajda qilardi. Shu kayfiyat ta’sirida ko‘p qutqularni yuzaga keltirdilar, Amir Temur besh marta Xorazmga kelib, muzokaralar olib bordi, lekin ular buzg‘unchiliklarni avj oldiraverdilar. Ana shunday sharoitda qat’iy chora ko‘rmaslikning iloji yo‘q edi. Qolaversa, Ko‘hna Urganch qal’asining buzilishi Sohibqironning suronli yurishlari masshtabiga solib ko‘rilsa, oddiy voqea bo‘lib qoladi. 1367 yilda Qarshi, 1370 yilda Balx qal’alariga ham harbiy maqsad nuqtai nazaridan zarba urilgan edi. Ko‘hna Urganch qal’asi oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ahvol o‘nglangach, oldingisidan ham baland va mustahkam qilib qayta tiklangan. Bu voqeaga urg‘u berib ko‘pirtirilishining sababini qidirib, uzoqqa borib o‘tirish shart emas. Bu ig‘voni sho‘ro mafkurachilari o‘ylab topgan va xalqni bo‘lib tashlashning bir usuli sifatida qo‘llagan. Aslida kim Sulton Jaloliddinni hurmat qilsa, Amir Temurni ham yaxshi ko‘radi, negaki, bu ikki ulug‘ zot bir-birini to‘ldiradigan, bir-biridan ajralmaydigan hodisadir.

Haqiqatan, qariyb bir yarim asr davom etgan mo‘g‘ullar istilosi va bosqinchilarga qarshi erk kurashi tarixini chamalab ko‘rsak, yo‘llar bir necha o‘rinda kesishganini, lashkar bir ko‘prikdan bir necha marta o‘tganini his qilish qiyin emas. Chunki toptalgan zamin najot kutar, uning sher yigitlari maydonda ot surib, istibdoddan qutilish yo‘lini izlashardi. Go‘yoki ulkan sahnada harbiy harakatlar davom etar, sahna ko‘rinishlari, tomosha ishtirokchilari o‘zgarib tursa-da, mohiyat bitta edi: Vatan ozodligi! Demak, o‘z-o‘zidan voqealarning takrorlanishi kuzatiladi. Sulton Jaloliddinning izi qolgan manzillardan erk istagida yonib Amir Temur ham o‘tgan.

Mana, bir misol.

Amir Temur Hindiston safari davomida (1398) Sind daryosi qirg‘oqlariga yaqinlashib boradi. Bu haqda tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy shunday yozadi: “Sohibqi­ron... Bonudin ko‘chub, jum’a kuni muharram oyining sakkizinda (20.09) Sind suyiga yetib tushdi. Va o‘shul yerdakim, Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Chingizdin qochib o‘zini suvga tashlab erdi, Chingizxon suvdin o‘tmay qaytdi, Sohibqironning chodirini anda tiktilar”. Bu joy o‘sha tahlikali 1221 yil 23 noyabr kuni Chingizxon askarlari Jaloliddinga yetib olgan va murosasiz jang bo‘lgan Nilob kechuvi edi. Shu joyda uch kun hayot-mamot kurashi davom etadi, kuchlar teng bo‘lmagan jangda Jaloliddin qo‘lga tushmay, daryodan o‘tib ketadi. Bu muzaffar tarix, Chingizxonday toshyurak insonni ham hayratga solgan jasorat Amir Temurga ma’lum bo‘lmasligi mumkin emas edi. Uzoq ajdodi, qolaversa, salafi (maslagi bir o‘tmishdoshi)ning taqdirida o‘chmas nuqta bo‘lib qolgan qirg‘oqqa yaqinlashar ekan, Sohibqiron bobomiz qanday kayfiyatni kechirgan, bilmadik, lekin shu o‘rinda o‘z dastxatini qoldirishga ahd qilganini tarixchi shunday ifodalaydi: “Va hukm bo‘ldikim, “Sind suyig‘a ko‘fruk bog‘lasunlar!” Bu qaror Jaloliddinga najot bergan so‘qmoqdan avlodlarga keng yo‘l ochilgani ta’minlanganiga ishora emasmi?! “Hukm bila Sohibqironning cheriki ikki kunda ko‘fruk bog‘ladilar”. Lashkarga yana ikki kun dam beriladi, albatta, xotirlash tadbirlari o‘tkazilgandir va Sohibqiron shu yerda bir qancha elchilarni qabul qiladi. 24 sentyabrda yangi ko‘prikdan o‘tib, lashkar cho‘lga yetib boradi. “Va ul cho‘l asru yiroq cho‘l turur va ani Jaloliy cho‘li derlar, ul sababdinkim, Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Chingizxondin qutilib, suvdin kechib, bu cho‘lg‘a kirib xalos bo‘ldi”, deb yoziladi Muhammad Ali Buxoriy tarjima qilgan “Zafarnoma”da. Shuningdek, hazrat Sohib­qiron Hindistondan qaytishda ham bu joyda to‘xtab (10 mart), o‘z hurmatini izhor etadi: “Sohibqiron kelib, ko‘frukdin o‘tub, tushgacha anda tushub o‘lturdi”.

Necha yuz yillar oldin voqe bo‘lgan bu sa’y-harakatlar oradagi vaqt masofasini yengib, bizga sassiz-sadosiz go‘zal tarixni so‘zlaydi. Tabiatida qahramonlik va jasoratni qadrlash hissi bo‘lgan, o‘zi ham qahramonlik va jasoratda tengsiz zot umrning shiddatli lahzalariga guvoh bo‘lgan zaminda turib, balki o‘tgan kunlarni, ozodlikning mashaqqatli yo‘llarini ko‘z oldidan o‘tkazgandir, balki o‘z ajdodining ayanchli qismatini eslab, umr mazmunini taroziga qo‘ygandir, biroq bir narsa aniqki, o‘sha lahzalarda Sohibqironning tafakkurida va tasavvurida Jaloliddin timsoli paydo bo‘lgan, u bilan xayolan uchrashgan, balki bu diydorlashuv o‘zaro rozi-rizolik kayfiyatida o‘tgandir, balki Sulton o‘z xalafi (o‘rinbosar yangi avlodi) Amirga Turon zaminining shuhratini yanada yuksaltirish yo‘lida o‘z istaklarini izhor qilgandir... Nima bo‘lganda ham shunday ruhdagi muloqot bo‘lib o‘tganiga kishining ishongisi keladi. Zero, Amir Temur tuzgan saltanat teran ildizga asoslangan edi, unda To‘maris, Shiroq, Spitamen, Muqanna singari Turonzaminning sheryurak bahodirlari orzu qilgan erk va ozodlik ruhi mujassam edi. Ana shunday ruh amalda parokanda bo‘lib ketgan davlatning timsoliga aylangan Sulton Jaloliddinga o‘n yillar davomida kuch berib turdi va ozodlik yo‘lida so‘nggi nafasigacha kurashdi. U 33 yil umr ko‘rdi. O‘z maqsadi yo‘lida qattiq jiddu jahd qilgan bo‘lsa-da, unga tole kulib boqmadi. Balki Saljuqiylar bilan ziddiyati, o‘z qondoshlari bilan til topisha olmagani uni nomurod etgandir. Sohibqiron Amir Temur esa bu tahlikali kunlarga chek qo‘ya oldi. Vatanni ozod etib, unda 35 yil muzaffarona hukmronlik qildi, shu davrda 27 mamlakatni birlashtirib, ulkan saltanat yaratdi. Bobomiz asoslagan davlat qariyb olti asr tarix sahnasida sobit turdi.

Ha, Sind daryosi, undagi Nilob kechuvi (guzari) ikki buyuk sarkardaning mangu xotirasiga o‘xshaydi. Keyinchalik bu yo‘llardan Zahiriddin Muhammad Bobur yurdi. Inson bolalariga ko‘p-da nasib etavermaydigan fazilat egasi — Erk va Ozodlikka qalbi tashna bo‘lgan Bobur o‘z istagi yo‘lida “Hind sari yuzlanar” ekan, bu yurtning qay bir go‘shalarida yovqur vatandoshlarining izi qolganini bilardi. O‘zining mashhur asari — “Boburnoma”da turli munosabat bilan Sind daryo­si (suyi)ni 15 o‘rinda qayd etib o‘tadi: “Sind suyining uch guzaridan o‘tib, bu yo‘llar bila kelurlar. Nilob guzaridin o‘tganlar”, “Sind suyini yoqalab, suv qu­yiga boqa ko‘chuldi”, “Qobul suvi bila Sind suvining qotilishidin quyiroq ko‘hna Nilobdin yuqqorroq...”, “Kark... Sind suvi jangallarida... qalin bo‘lur” kabi va bir ruboiy:

Yuz shukr de, Boburki, karimu g‘affor
Berdi senga Sindu Hindu mulki bisyor.
Issiqlig‘iga gar sanga yo‘qtur toqat,
Sovuq yuzini ko‘ray desang G‘azni bor.

Ham shukrona, ham iztirob ifodalangan bu ruboiy Boburning Vatan sog‘inchi ila yozilgan dardli she’rlaridan bir namuna, Bobur o‘z ijodi, vatanparvarligi bilan xalqimizniki, ozod yurtimiznikidir. Bu huquqni bizga ajdodlarimiz ming yillar osha orzu qilib kelgan Mustaqillik xatlab berdi. Istiqlol ko‘plab qadriyatlar qatori xalqimizning buyuk farzandlari qadrini joyiga qo‘ydi. Agar bir zamonlar ularning nomini tilga olish ham taqiqlangan bo‘lsa, mustaqil yurtda ularga muhtasham haykallar tiklandi. Yurtboshimizning tashabbusi bilan Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi, Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Bobur Mirzo tavalludining 510 yilligi xalqaro doirada keng nishonlandi. Vatan ozodligidek buyuk hikmat ko‘plab sharafli ajdodlarimiz qatori taqdiri bir-biriga ancha o‘xshab ketadigan bu uch nafar bobomizning boshini ham bir joyga qovushtirdi. Yana ularning chambarchas bar­hayot ruhi ozod yurtimiz hududlarini ham yagona jism singari birlashtirib turganga o‘xshaydi: agar Jaloliddin Manguberdi g‘arbiy hududlarimiz ramzi bo‘lsa, Bobur Mirzo shaxsida sharqiy viloyatlarimiz mujassamlashgan, Sohibqiron Amir Temur esa bu yaxlit asarning qalbini tashkil etadi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.