OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Patrik Jozef Byukenen. G‘arbning halokati: O‘limga mahkum millat

— Pat, biz o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan mamlakatimizdan judo bo‘lib qolayotganimizni payqayapsanmi? — Bu ayanchli savolni 2000 yildagi saylov kampaniyasi davrida Amerikaning turli burchaklarida yashayotgan ko‘plab yurtdoshlarimizdan eshitganman. Xo‘sh, ular nimani nazarda tutgan edi?

Bir qarashda, biz “Ikkinchi Amerika asri” bo‘sag‘asida turgan bo‘lsak-da, go‘yoki otasidan ayrilib qolgan farzandning qayg‘uga botgani singari, vatandoshlarim qalbini bunday tushkun holat egallayotgani g‘alati tuyular ekan odamga. Axir janob Klinton qulog‘imizga tinimsiz quyib kelganidek, mamlaqatda ishsizlikning eng past darajasi kuzatilayotgani, inflyatsiyaning hatto mikroskop vositasida ham kuzatish imkoni yo‘qligi, jinoyatlar kamayib daromadlar osmon qadar ortib borayotgani nahotki yolg‘on bo‘lsa?! Nahotki Madlen Olbrayt xonim uzluksiz targ‘ib etganidek, amerikaliklarsiz dunyoni tasavvur etib bo‘lmasligi ham uydirma bo‘lsa?! Yoxud janob Bush bot-bot ta’kidlaganidek, harbiy kuch-qudrati, iqtisodiy salohiyati va madaniy ta’siri jihatidan bizga teng raqib qoldimikan bu dunyoda?!

11 sentyabrda ro‘y bergan fojia Perl-Xarbordan keyin ilk bor millatni jipslashtirdi; bu qayg‘uli, tahtikali vaziyatda har bir amerikalik besh ming AQSh fuqarosi xuni uchun qasd olishga ont ichgan prezident Bushni qo‘llab-quvvatlashni o‘z burchi deb bildi. Ammo aynan shu fojia tufayli mamlakatimizda kishilarni bir-biridan farqlaydigan mezon faqat daromad, mafkura yoki e’tiqod emasligi, balki muayyan millat, etnik guruhga mansublik hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani ayon bo‘ldi.

Aniqlanishicha, tub amerika aholisiga mansub bo‘lmagan million-million kishilardan uchdan bir qismi — noqonuniy emmigrantlar, o‘n minglab fuqarolarimiz Qo‘shma Shtatlar urush holatida bo‘lgan diktatorlik tuzumlari tarafdorlari, ayrim vatandoshlarimiz esa — amerikaliklarni o‘ldirish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan terrorist bo‘lib chiqdi. Endryu Jskson yetakchiligida inglizlarning Luizianadan quvg‘in etilgan davrdan ilk bor dushman hududimizga kirib keldi, amerikaliklar o‘z yuragida tahlika va tahdid ostida qoldi. Aksariyat kishilar 11 sentyabr fojiasidan keyingina mamlakat qay darajada o‘zgarganiga e’tibor bera boshladi.

1969 yili Richard Nikson qasamyod qilgan paytda Qo‘shma Shtatlarda tub aholiga mansub bo‘lmaganlar 9 million kishini tashkil etgan edi. Kichik Bushning prezidentlik faoliyatining dastlabki davrida bunday kishilar miqdori 3,3 barobar ko‘payib, 30 millionga yetadi. Har yili mamlakatga rasman bir million, yana 500 ming kishi noqonuniy ravishda kirib keladi. Shimoli-Sharqiy universitetning ma’lumotlariga ko‘ra, agarda mamlakatda noqonuniy immigrantlarning o‘rtacha miqdori 9 millionni tashkil etsa, Shimoli-Sharqiy shtatlarda bu ko‘rsatkich 11 millionga yetadi. Xuddi shunday vaziyatni Alabama, Missisipi va Luiziana kabi shtatlarda ham kuzatish mumkin. Birgina Kaliforniya shtatidagi immigrantlarning miqdori (8,4 million) butun boshli Janubiy Kaliforniya shtati aholisidan ko‘p ekani aniqlangan. Hozirgi vaqtda vujudga kelgan vaziyatni hatto 1890-1920 yillardagi ommaviy immigratsiya to‘lqini bilan ham qiyoslab bo‘lmaydi. Ishonchim komilki, dunyodagi biror-bir millat bu qadar qisqa vaqt mobaynida ana shunday ulkan to‘lqinga duch kelmagan. Janob Klinton 1998 yili Portlend universitetidagi nutqida talabalarga murojaat etib, tub amerikaliklar aholi tarkibida kamchilikni tashkil etadigan davr yaqinlashib qolgani haqida to‘xtalib, bunday degan edi: “Bugungi kunda, avvalo, immigratsiya tufayli na Gavayya orollarida, na Xyustonda, na Nyu-Yorkda son jihatidan ko‘pchilikni tashkil etadigan xalqni topish amri mahol. O‘ylaymanki, besh yil o‘tar-o‘tmas, dastlab eng yirik shtat — Kaliforniyada, so‘ngra butun Qo‘shma Shtatlarda shunday vaziyat vujudga keladi. Dunyodagi birorta millat bu qadar qisqa davr mobaynida ana shunday global demografik o‘zgarishni boshdan kechirmagan”.

Janob Klintondan farqli o‘laroq, boshqarilmaydigan immigratsiya biz tug‘ilib o‘sgan mamlakatni halokat yoqasiga olib keladi va oxir-oqibat Amerika tarixi, qadriyatlari, tili, madaniyati, e’tiqodi, ajdodlari bilan tubdan farqlanadigan xalqlarning tartibsiz uyushmasiga aylanib qoladi, deb hisoblayman. G‘arb tarixiga bag‘ishlangan “Ibtidodan intiho sari” asarining muallifi Jak Barzum bu haqda shunday deb yozadi: “O‘tgan asrning asosiy tendentsiyasi — ijtimoiy hayot va faoliyatning barcha sohalariga ta’sir etgan ayirmachiliqda (separatizm) yaqqol namoyon bo‘ladi. Vaziyatni diqqat bilan tahlil qilgan har qanday odam G‘arbning buyuk siyosiy tuzilmasi — milliy davlat halokat yoqasiga kelib qolganiga ishonch hosil qiladi. Buyuk Britaniyada Shotlandiya va Uels kabi sobiq qirolliklar o‘z parlamentlariga ega; Frantsiyada bretonliklar, basklar, elzasliklar, korsikaliklar mustaqil davlat tuzish huquqini ko‘p yillardan buyon talab etib kelmoqda; Italiyada Shimolni Janubdan ajratib olishni mo‘ljallagan Liga faoliyat yuritmoqda, Venetsiyada esa ushbu shaharni mamlakatdan ajratib, alohida davlat tuzishni maqsad qilgan partiya tashkil etilgan...”

Hozirgi vaqtda milliy davlatlarning o‘z o‘rnini dunyo hukumatiga bo‘shatib berish masalasi Uolter Kronkaytdan tortib Stroub Telbott singari siyosatdonlargacha, Federalistlarning jahon assotsiatsiyasidan tortib Birlashgan Millatlar Tashkilotigacha ochiq-oshkora muhokama etilmoqda.

1991 yili Yevropaning o‘n besh davlati erkin savdo hududini siyosiy ittifoqqa aylantirib, umumiy boshqaruvni ushbu ittifoqning hukumatiga yuklashga kelishib oldi. 2000 yili Meksika prezidenti lavozimiga nomzodlardan biri Fisente Foke Qo‘shma Shtatlar hukumataga murojaat etib, Kanada, Meksika va AQShni birlashtiradigan Shimoliy Amerika ittifoqini tuzishni taklif etadi. Ayrim kishilar chegaralarning yo‘q bo‘lishi millat yo‘qolishiga olib keladi deb bildirgan e’tiroziga qaramay, Visente Foke amerika ommaviy axborot vositalarida “kelajak bunyodkori” deya e’tirof etiladi, prezident Klinton esa bu voqeaning guvohi bo‘lish unga nasib qilmasligidan achinayotganini oshkora ma’lum qilgan edi.

Amerika ham separatizm kasaliga giriftor bo‘lgan. Ko‘plab vatandoshlarim nazarida, mamlakat etnik guruhlarga bo‘linib ketmoqda. Bundan tashqari, yaqinda biz boshimizdan kechirgan madaniy inqilob oqibatida mamlakatda yangi elitaning hukmronligi o‘rnatildi. Televidenie, san’at, tomoshalar industriyasi, ta’lim tizimi vositasida u kishilar ongiga muayyan g‘oyalar, timsollar, qarashlar va qadriyatlarni singdirib, tamoman yangi millatni shakllantirishga intilmoqda. Buning oqibatida millionlab odamlar o‘z yurtida o‘zini begonadek his etmoqda. Ular hayvoniy mayl va gedonistik (hayotning mazmun-mohiyati aysh-ishrat va lazzatlanishdan iborat, deb hisoblaydigan qarashlar tizimi — tarj.) qadriyatlarni to‘xtovsiz targ‘ib etayotgan ommaviy madaniyatdan yuz o‘girmoqda. Ularning ko‘z-o‘ngida qadimiy bayramlar yo‘qolib bormoqda, ilgarigi qahramonlar timsoli so‘nib, madaniy maydonni kuch, zo‘ravonlik, behayolikni targ‘ib etayotgan superqahramonlar egallamoqda. Amerikaliklar muzeylarda shonli tarixni aks ettirgan ashyolar o‘ta mavhum, badbashara, g‘ayriamerikona timsollar bilan almashtirilayotgani; maktab dasturlaridan barchamizga yoshligimizdan tanish bo‘lgan kitoblar chiqarib tashlanayotgani va ko‘pchilikka notanish bo‘lgan mualliflarning kitoblari kiritilayotgani; ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan azaliy ma’naviy qadriyatlar tag tomiri bilan yulib olinayotgani; ularni tarbiyalagan madaniyat hamda o‘sib-o‘lg‘aygan mamlakat nobud bo‘layotganini kuzatib turibdi. Atigi bir avlod hayoti mobaynida ular sig‘ingan xudoning obro‘sizlantirilgani, qahramonlarining soxtalashtirilgani, madaniyatining ildizlariga bolta urilgani, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning ataylab buzilayotgani, o‘zlariga esa ajdodlar qadriyatlariga sadoqati tufayli “ekstremist” “munofiq” tamg‘asi bosilayotganiga guvoh bo‘ldi. Berkning fikricha, “Vatanni sevish uchun, bunga undaydigan nimadir bo‘lishi kerak”. Bugun Amerikani o‘z vatani sifatida his etmayotganlar yurtdoshlarim orasida ko‘plab topiladi. Ular biz Amerikani emas, aksincha, Amerika bizni tark etayotir, deb o‘ylaydi. Shu o‘rinda Yevripidning “Dunyoda Vatandan judo bo‘lishdan ko‘ra kattaroq musibat bo‘lmasa kerak” degan so‘zlari esga tushadi.

Kornuollis qo‘shini Yorktaunni tark etayotganda orkestr “Dunyo ostin-ustin bo‘lib ketdi” degan kuyni chalgan ekan. Nima ham derdik, bugun bu kuy voqelikka aylandi: kechagi haqiqat bugungi yolg‘on bilan o‘rin almashdi. Ilgari sharm-hayo, uyat deb hisoblangan illatlar: zino, abort, evtanaziya, suiqasd butun insoniyat erishgan yutuq sifatida baholanmoqda. Bir vaqtlar Nitshe qadriyatlarning qadrsizlanishi haqida fikr yuritgan edi, darhaqiqat, ilgarigi fazilatlar bugun gunoh, gunohlar esa fazilatga aylanmoqda.

Xar gal siyosiy sahnaga kirib kelgan yangi jamoat arbobining “Amerikaliklar — nasroniylar millati” deya ta’kidlashi mamlakatni ostin-ustin qilib yuboradi. Chindan ham, bir vaqtlar amerikaliklar nasroniy bo‘lganiga shubha yo‘q; hozirgi vaqtda ham AQSh fuqarolarining aksariyati o‘zini nasroniylarga mansub deb biladi. Aslida bugungi kunda hukmronlik qilayotgan madaniyat tomonidan ilgari surilayotgan qadriyatlar ko‘hna nasroniy ta’limotiga tamoman zid bo‘lgani bois, ular postnasroniy, hatto g‘ayrinasroniy deb atalsa ayni haqiqat bo‘lur edi. Zero bugungi madaniyat Tavrot kabi ilohiy kitoblarda ulug‘langan xudoni inkor etadi va global iqtisodiyot mehrobiga sig‘inadi. Bir so‘z bilan aytganda, Kipling tasvirlagan “bozor xudolari” Bibliya xudosini taxtdan ag‘dardi. Bugun jinsiy mayl, shuhrat, boylik, hokimiyat yangi Amerikaning yangi xudolariga aylandi.

11 sentyabr kuni yuz bergan kutilmagan fojiadan dahshatga tushgan, minglab qurbonlar uchun ko‘z yoshi to‘kkan, to‘satdan nurab ketishi mumkin bulgan binolar tomon yugurib borayotgan o‘t o‘chiruvchilarning qahramonligiga tasannolar aytgan, yurtdoshlarining o‘limi uchun qasd olish o‘tida yongan amerikaliklar bir tan-bir jon bo‘lib prezident Bush atrofida jipslashgan edi. Biroq, oradan bir oy o‘tar-o‘tmas bu yakdillik va jipslikdan asar ham qolmadi. Bir vaqtlar Prezident katta Bushga “Sahrodagi bo‘ron” operatsiyasi chog‘ida 90 foiz aholining qo‘llab-quvvatlashi yordam bermaganidek, kichik Bush tomonidan terrorizmga qarshi e’lon qilingan urush ham obro‘-e’tiborining oshishiga olib kelmasligi aniq. Chunki o‘rtamizdagi farq shu qadar chuqurki, uni bartaraf etish amrimahol. Aksincha, biz borgan sari ham jismonan, ham ma’nan bir-birimizdan uzoqlashib borayotirmiz.

1917 yili bolsheviklarning Qishki saroyga hujumidan boshlangan inqilob, 1989 yili Berlin devorining qulashi bilan yakun topdi. Uning ijodkorlari kelajak kishisini shakllantirishni orzu qilgan edi. Ammo dahshatli qatag‘onlar va GULAG ham, yetmish yil mobainida Marks va Leninga ko‘r-ko‘rona sig‘inish ham, bolalarning yoshligidanoq G‘arbga nisbatan nafrat ruhida tarbiyalanishi ham ushbu orzuning ro‘yobga chiqishiga imkon bermadi. Kommunizmning sarob ekani ayon bo‘ldi. Yolg‘onning zaif asosiga qurilgan ulkan ustun ag‘darilishi bilan Sharqiy Yevropa mamlakatlari va Rossiyada Lenin va Stalin haykallari buzib tashlandi, Marks va Engels asarlari tarix axlatxonasiga uloqtirildi. Xullas, bolsheviklar inqilobi halokatga yuz tutdi, ammo oltmishinchi yillarda Amerika universitetlarida boshlangan inqilob muvaffaqiyatliroq bo‘lib chiqdi. U jahon hamjamiyatida tub burilish yasab, yangi Amerikaning paydo bo‘lishiga asos soldi. 2000 yilga kelib, mamlakatda noformal, ommaviy madaniyatning hukmronligi o‘rnatildi. Respublikachi-siyosatchilar axloq va ijtimoiy hayot borasida, chunonchi, insonning qard-qimmati, kishilarni dinga qaytarish masalasida nochorligini tan olib, oq bayroq ko‘tarishga majbur bo‘ldi. Ushbu kitobda ana shu inqilobning maqsadlari, u qaerdan va qachon paydo bo‘lgani, qay yo‘sinda bizni dinimizdan mahrum etgani, e’tiqodimizdan qaytargani, yoshlarimizni o‘ziga bo‘ysindirgani, qisqasi, uning hukmronligi qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi xususida fikr-mulohazalarimni bayon etmoqchiman.

Avvalo, mazkur inqilobning nafaqat Amerikada, balki butun G‘arb dunyosida g‘alaba qilganini ta’kidlamoqchiman. E’tiqod, madaniyat va axloqqa tayangan tamaddun o‘rnini yangi e’tiqod, axloq, madaniyatga asoslangan tamaddun egallamoqda.

Kitobning “G‘arbning halokati” deb nomlanishi Amerikaga tahdid solayotgan madaniyatlararo tafovut va ommaviy immigratsiyadan jiddiyroq xavf-xatar tobora yaqqol namoyon bo‘layotganini anglatadi.

Gap shundaki, G‘arb tom ma’noda “Halokatga yuz tutmoqda”: deyarli barcha G‘arb mamlakatlari aholisi aql bovar qilmas darajada kamayib bormoqda. O‘n to‘rtinchi asrda Yevropa aholisining uchdan bir qismini qirib yuborgan “Qora o‘lat” epidemiyasidan buyon biz hali bu qadar xatarli tahdidga duch kelmaganmiz. U butun G‘arb tamadunini qirib yuborishi hech gap emas. Hozirgi vaqtda Yevropa mamlakatlaridan o‘n yettitasida (Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Portugaliya, Rossiya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya) o‘lim ko‘rsatkichi tug‘ilishdan ko‘ra ancha yuqorilab ketgan, ya’ni bu davlatlarda belanchakdan ko‘ra tobutga ehtiyoj ko‘proq. Katoliklar, protestantlar, pravoslavlar — barcha-barchasi G‘arb tamaddunining ko‘mish marosimida ishtirok egmoqda. Nazarimda, yangi gedonizm ta’limoti nima uchun yashash kerak, degan savolga tayinli javob bera olmaydi. Har holda uning ilk mevasi zaharlangan ko‘rinadi. Nahotki, yoshlarimizga bu qadar jozibali ko‘ringan yangi madaniyat va erkinlik aslida og‘u bo‘lib chiqsa?! Rim Papasi Ioann Pavel Ikkinchi ta’kidlaganidek, “G‘arb madaniy o‘lim” talvasasiga tushib qolgan ekan, nahotki, bu tamaddun Lenin imperiyasi ortidan borib, halokatga uchrasa?!

Bundan yuz yil ilgari Gyustav Lebon “Olomon psixologiyasi” mumtoz asarida shunday deb yozgan edi: “Tamaddunlar almashinuvi, masalan, Rim imperiyasining tanazzuli va arab tamaddunining uyg‘onishiga olib keladigan buyuk inqirozlarning asl sababi — fikrlash tarzining tubdan o‘zgarishi bilan izohlanadi... Ro‘y berayotgan har qanday tarixiy voqea-hodisalar — inson ongidagi ko‘z ilg‘amas o‘zgarishlarning hosilasidir... Hozirgi vaqtda biz inson tafakkuri tubdan o‘zgarayotgan ana shunday keskin davrni boshdan kechirmoqdamiz”.

Lebon o‘zi yashagan davr — o‘n to‘qqizinchi asrning oxiri haqida so‘z yuritgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham uning xulosasi o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Aynan madaniy inqilob hozirgi davrdagi tafakkur tarzining tubdan yangilanishiga zamin hozirladi. Ayanchlisi shundaki, bu holat G‘arb elitasi, hukmron doiralarini aslo tashvishga solayotgani yo‘q. Aholining kamayib borishi ham, davlatchilik asoslariga putur yetkazilayotgani ham, “Uchinchi dunyo” mamlakatlaridan immigratsiya oqimi borgan sari kuchayib borayotgani ham ularni zig‘ircha o‘ylantirayotgani yo‘q. Endilikda, barcha G‘arb imperiyalari halokatga yuz tutgan bir pallada, tamadduniy va nasroniy qadriyatlardan xalos bo‘lgan, hayotga ishtiyoqi so‘ngan, o‘limni nazar-pisand qilmagan Homo Occidetalis (G‘arb kishisi — tarj.) aysh-ishratdan halovat izlamoqda. Xullas, G‘arb “chirog‘i” so‘nib bormoqda... Xo‘sh, bunday vaziyatdan chiqishning chorasi bormikan? Keling, patologoanatomning hisobotiga nazar tashlaylik.

O‘LIMGA MAHKUM MILLAT

Axolining ko‘payishi azaldan millat va tsivilizatsiyaning kuch-qudrati va sog‘lomligidan darak bersa uning kamayib borishi xalq va jamiyat xastaligining yorqin belgisidir. Hozirgi vaqtda bu boradagi vaziyatni nazarda tutib aytish mumkinki, butun kuch-qudrati va boyligiga qaramay, G‘arb tamadduni tanazzulga yuz tutgan. 1960 yilda yevropaliklar, amerikaliklar, avstraliyaliklar va kanadaliklar 750 million nafar bo‘lgani holda, dunyodagi uch milliard aholining to‘rtdan bir qismini tashkil etgan. O‘sha davrlarda imperiyalar yukidan xalos bo‘lgan, urush oqibatlarini bartaraf etgan, kuch-qudratga, to‘lgan G‘arb mamlakatlarida tug‘ilish darajasi eng yuqori nuqtaga ko‘tarilgan edi. Aholi o‘sish suratining yuqori darajasidan xavfsiragan yangi maltuschilar tez orada sayyoramiz zaxiralari tugab qolishini bashorat qila boshlashdi. O‘shanda ular ustidan kulganlar 2000 yilga kelib xomush tortib qoldi. Qirq yil mobaynida Yer shari aholisi ikki baravar ko‘payib, uch milliarddan olti milliardga yetgan bo‘lsa-da, keng ma’noda Yevropa xalqlari orasida tug‘ilish keskin kamayib ketdi. Bugungi kunda aksariyat G‘arb mamlakatlarida o‘lim ko‘rsatkichi tug‘ilish darajasiga mos yoki undan balandroqdir. 2000 yilda 47 ta Yevropa mamlakatidan birgina musulmon Albaniyadagina xalqni saqlab qolish uchun yetarli bo‘lgan tug‘ilish darajasi kuzatilgan.

Xullas, Yevropa tom ma’noda qirilib borayotir. Ma’lum statistik ma’lumot va bashoratlar kelgusida vaziyag yanada keskin tus olishini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2050 yilga borib sayyoramiz aholisi uch milliardga ko‘payib, 9 milliardni tashkil etadi. Bu ko‘payish faqat Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari ulushiga to‘g‘ri keladi. Xuddi shu davr mobaynida yevropaliklar uch yuz million nafar kishiga kamayib ketar ekan. E’tibor bering, agar 1960 yilda kelib chiqishi yevropalik bo‘ltan kishilar dunyo aholisining yigirma besh foizini, 2000 yilda o‘n olti yarim foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich o‘n foizga tushib qoladi. Bu ma’lumotlar yo‘qolib borayotgan butun boshli irqning ayanchli qismatidan dalolatdir. Tabiiyki, bunday ma’lumotlarning keng aholi o‘rtasida ommaviy tarzda tarqatilishi yevropaliklar ko‘nglida o‘ta tushkun kayfiyatlar kuchayishiga sabab bulmoqda.

YEVROPA

2000 yilda Yevropa aholisi, Islandiyadan Rossiyagacha bo‘lgan hududda 728 million kishini tashkil etgan. BMT demografiya bo‘limining “Dunyo aholisi istiqbollari: 2000 yildagi vaziyat” ma’ruzasida ta’kidlanganidek, immigratsiyani hisobga olmaganda tug‘ilish holatining hozirgi darajasi saqlanib qoladiga bo‘lsa, 2050 yilga borib aholi miqdori 128 millionga kamayib, 600 million kishini tashkil etishi mumkin ekan. Boshqa bir tadqiqot natijalariga ko‘ra, shu davr mobaynida Yevropa aholisi 172 millionga kamayishi mumkinligi taxmin qilingan. So‘nggi bor aholining bu qadar kamayib ketishi 1347-1352 yildagi “Qora o‘lat” epidemiyasi davridagina kuzatilgan. Gumbolt nomidagi Kaliforniya universitetining iqtisodiyot bo‘yicha professori, “Aholiga qarshi urush” kitobining muallifi Jaklin Kasun hozirgi vaziyatda yanada dahshatliroq tahdid xavf solayotganiga e’tibor qaratadi: “O‘n to‘rtinchi asrda ro‘y bergan vabo epidemiyasi Yevropa aholisining uchdan bir qismini qirib yuborgan, yoshga ham, qari-keksalarga ham qiron keltirgan edi. Tug‘ilishning kamayishi esa faqat yoshlarga tegishlidir. Yosh er xotin ota-onasi, ayrim hollarda buva va buvisini boqishga majbur. Aksariyat hollarda ularning na aka-ukasi, na opa-singlisi bo‘lmagani bois, oilani boqish asosan ularning zimmasiga tushadi. Shu bois ular uchun farzand mutlaqo keraksiz, ortiqcha yuk. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: bunday noxush vaziyatdan chiqib ketish imkoniyati bormikan?”

Agarda yaqin kelajakda Yevropa ana shu o‘ta keskin masalaning yechimini topa olmasa, u halokatga mahkumdir. Xo‘sh, chindan ham vaziyat shu qadar ayanchlimi?

Keling, yana ma’lumotlarga murojaat etaylik. Tug‘ilish darajasi eng past yigirma millatdan o‘n sakkiztasi yevropa millatlariga mansub. O‘rtacha tug‘ilish darajasi bu mintaqada 1,4 gacha tushib ketgan. Vaholanki, aholining hozirgi miqdorini saqlab qolish uchun bu ko‘rsatkich kamida 2,1 koefitsientga teng bo‘lishi shart. Aks holda, oradan hech qancha vaqt o‘gmay, NATO zimmasida keksalar va nafaqaxo‘rlarnigina himoya qilish vazifasi qoladi, xolos.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ilishning hozirgi darajasi saqlanib qoladigan bo‘lsa, yigirma birinchi asrning oxiriga borib Yevropa aholisi 30 foizga kamayib, 207 million nafar kishini tashkil etadi, Xullas, G‘arb tamaddunining beshigi uning mozoriga aylanadi.

Xo‘sh, bunday ayanchli vaziyat vujudga kelishining sabablari nimada? Ulardan biri — Yevropa intellektuallarining bir necha avlodi uchun go‘zal va jozibali ideal bo‘lib kelgan sotsializm g‘oyasidir. “O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, — deb yozadi Jon Xopkins universiteti xodimi doktor Jon Uolles, — agar har bir odamga davlat nafaqasi kafolatlanadigan bo‘lsa, qartayganda o‘ziga xos suyanch bo‘lgan farzandlarga hojat qoladimi? Yoxud iqtisodiy jihatdan o‘zini erkin his qilishi uchun yetarli miqdorda daromad topadigan ayol uchun turmush qurish chinakam hayotiy maqsadga aylanishi mumkinmi? Va nihoyat, butun katolik Italiyada ham, dunyoviy Britaniyada ham ommalashganidek, homilador bo‘lmasdan seks bilan shug‘ullanish imkoniyata bo‘lsa, turmush qurish yoki uylanishga ne hojat?” Bir so‘z bilan ayttanda, yevropa sotsialistlari er, xotin va bolalarni oilaviy vazifalar, burch va mas’uliyatdan ozod etib, oilaga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni yo‘qqa chiqardi. Natijada, oila instituti yemirila boshladi. Bu hol Yevropaning yemirilishiga sabab bo‘layotir. Vaholanki, “Uchinchi dunyo” mamlakatlari aholisi har o‘n besh oyda 100 million nafar kishiga ko‘payib bormoqda. Yevropa esa 2050 yilga borib, hozirgi vaqtda Belgiya, Gollandiya, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya va Germaniyada istiqomat qilayotgan aholi miqdoriga teng keladigan aholidan mahrum bo‘ladi. Albatta, qandaydir ilohiy kuch aralashuvi yoxud bexosdan yevropalik ayollar ko‘nglida momolari singari ko‘pbolali oila qurish istagi paydo bo‘lishi bilan vaziyat o‘zgarib qolmasa. Ammo vaziyatning bu tarzda o‘zgarishiga ishonish qiyin. T.S. Eliott “Zaif odamlar” kitobida ta’kidlaganidek, “Olam shu tarzda topadi yakun, Quloqqa chalinadi faqat yig‘i, iztirob”.

GERMANIYA

Germaniyaning barcha koloniyalari, o‘n foiz hududi va sakkizdan bir qism aholisidan mahrum qilgan Versal shartnomasi tashabbuskorlaridan biri Frantsiya Yo‘lbarsi, yirik davlat arbobi Jorj Klemanso bir vaqtlar “Nemislarda 20 million aholi ortiqcha” degan edi. Uning nemislarga nisbatan nafratini tushunsa bo‘ladi. Alister Xorn Uchinchi respublika tarixiga bag‘ishlangan kitobida uqtirganidek, “Klemanso 1871 yili Elzas-Lotaringiyani Germaniyaga berishga qarshilik qilgan deputatlardan biri bo‘lgan; tasodif tufayligina fuqarolik urushi va Kommunaning bostirilishi paytida joni omon qolgan”. Klemanso frantsuz imperatorining taxtdan ag‘darilishi va Germaniya kayzerining boshiga toj kiydirish marosimiga guvoh bo‘lgan. Birinchi jahon urushi davrida Gindenburg vahshiylari jonajon Frantsiyasini qonga botirayotgani, nemis lashkarlari ortida bir yarim million frantsuz jasadini qoldirib, vataniga qaytib ketayotganini kuzatishdan o‘zga chorasi yo‘q edi. Oradan ancha yil o‘tab, Klemanso Germaniyadan o‘ziga xos tarzda “qasd” oldi. Gap shundaki, hozirga vaqtda nemis ayollari tug‘ishdan bosh tortmoqda. Keyingi o‘n yil mobaynida tug‘ilish darajasi 1,3 koefitsientga tushib qolgani shundan dalolat beradi. Bu hol nemis millatining kelajagiga jiddiy tahdid solmoqda. Chunonchi, 2005 yilga borib 23 million kishining o‘lishi oqibatida Germaniya aholisi 82 milliondan 59 million kishiga tushib qoladi; 15 yoshdan kichikroq bo‘lgan bolalar soni 7.3 milliongacha kamayadi; mamlakat aholisining uchdan bir qismini 65 yoshdan kattaroq kishilar tashkil etadi; nemislar jahondagi eng qari millatlar qatoridan o‘rin oladi.

Mening iltimosimga ko‘ra, BMTning demografiya bo‘limi direktori Jozef Chami Yevropa mamlakatlari aholisining 2100 yilgi prognozini ishlab chiqdi. Uning ma’lumotlariga binoan, Germaniyada immigratsiyani nazarda tutmagan holda, aholi o‘sishining bugungi sur’atlari saqlanib qoladigan bulsa, belgilangan davrga borib, aholi miqdori 53 foizga kamayib, 38,5 million kishini tashkil etar ekan. Bavariyalik konservator, kantsler lavozimiga da’vogarlardan biri Edmund Shtoyber mamlakatdaga demografik vaziyatni aeta-sekin portlaydigan bombaga qiyoslaydi. U 3 yoshgacha bolalarni tarbiyalash uchun beriladigan nafafalar miqdorini uch baravar ko‘paytirishni talab etmoqda. Hozirgi vaqtda 2 yoshgacha bolalarni tarbiyalash uchun beriladigan nafaqa miqdori oyiga 140 dollarni tashkil etadi. Hozircha Shtoyberning taklifi qanchalik radikal, ekstremistik deya baholanmasin, yaqin orada uning amaliyotga joriy etilishiga shubha qilmayman.

“Nima uchun men farzandli bo‘lishni istamayman, — deydi 34 yoshli oila qurgan berlinlik tadbirkor Gabriela Tangeyzer. — Chunki to‘yib-to‘yib uxlamoqchiman. Men ko‘p kitob o‘qiyman, shuning uchun uyquga to‘ymasam bo‘lmaydi”. Uning boshqa bir vatandoshi, 37 yoshli Andreas Xermann daromadini ikki barobar ko‘paytarish va fadzandli bo‘lishdan voz kechish aqidasiga tayanib yashaydi. Uzoq istiqbol nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak, Tangeyzer va Xermann singari kishilarning o‘z shaxsiy manfaati uchungina yashash maqsadi nemislar o‘rtasida ommaviy tus olishi hech gap emas. Berlin devorining qulashi bilan G‘arbiy Germaniya kantsleri Gelmut Kol 45 yillik sovuq urushdan keyin nemis xalqini birlashtirishga harakat qildi. Ammo dunyoning ko‘pgina mamlakatlari, xususan, Rossiya, Frantsiya, hatto AQShda dunyo jamoatchiliga birlashgan Germaniyaga ishonib bo‘lmasliga haqida ancha-muncha mulohazalar bildirishdi. Chindan ham Germaniya ikki bor Yevropani zabt etishga urinib ko‘rdi. Uning yana bir bor urinib ko‘rmasligiga kim ham kafolat berishi mumkin? Har holda bunday taxmin hozircha taxminligicha qolmoqda. Mamlakat aholisi qariyb, yildan-yilga kamayib bormoqla, 2050 yilga borib nemis bolalarining soni 2000 yilga nisbatan 5 millionga kamayadi. Shu bois Germaniya, general Makartur haqidagi balladada tasvirlangan keksa askar singari “so‘nib”, hech narsaga yaramay qolishi ehtimoli ham yuq emas.

ITALIYA

Buyuk Rim Avliyo Pyotr ibodatxonasi va Sekstin kalellasini bunyod etgan, Dante va Mikelanjelo, Kolumb va Galileyni voyaga yetkazgan Italiya xalqining istiqboli yanada ayanchliroq bo‘lib ko‘rinadi. Ushbu mamlakatda tug‘ilish darajasi qariyb yigirma besh yildan buyon kamayib kelmoqda va hozirgi vaqtda bir ayolga o‘rtacha 1.2 ta bola to‘g‘ri keladi. Bu holat saqlanib qoladigan bo‘lsa 2050 yilda mamlakat aholisi 16 millionga kamayishi mumkin. Amerika tadbirkorlik instituti tadqiqotchisi Nikolas Ebershtadtning ta’kidlashicha, “2050 yilda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar aholining atigi 2 foizini, 65 yoshdan kattaroq kishilar esa 40 foizni tashkil etadi”. “Nyu Ripablik” gazetasining sharhlovchisi Greg Isterbruk esa chinakam katolik va romantikaga moyil kishilar yurtidagi tug‘ilish darajasining pastligi uning bir necha avlodlar hayoti mobaynida shunchaki dam olish maskaniga aylanib qolishiga olib keladi” deb hisoblaydi. Mamlakatda mashhur bulgan “Noi Donne” xotin-qizlar jurnali tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 16-24 yoshdagi ayollarning 52 foizi bola tug‘ish niyatida emasligini ma’lum qilgan. Asosiy sabab sifatida ish bilan bandligini ko‘rsatishgan. Rim universitetining demografiya bo‘yicha mutaxassisi Antonio Golini bir tomondan, Italiya nafaqa tizimi immigrantlarga bog‘lanib qolgani, ikkinchi tomondan, immigrantlar oqimining kuchayishi italyan madaniyatiga salbiy ta’sir etayotganini ta’kidlaydi. “Bugungi Italiya, — deydi u, avvalgisidan tubdan farq qiladi. Biz bilgan, yashayotgan jamiyat ko‘z o‘ngimizda halokatga yuz tutmoqda”. Yigirma yil ilgari Golini kelgusida mamlakatni kutayotgan demografik inqiroz haqidagi materialini chop etganda, unga “demografiya terroristi” degan tamg‘a bosilgan edi. Hamon doktor Golini o‘z fikrida qolgan bo‘lsa-da, biroq bugun hech kim boyagi laqabni hatto esga ham olayotgani yo‘q. “Italiya mehnat bozorining tobora globallashib borayotgan bir pallada, — deb yozadi olim, — biz Frantsiya, Qo‘shma Shtatlar, Hindiston ... bilan raqobatga kirishmog‘imiz talab etaladi. Ammo qarib-qartaygan chol-kampirlar va tobora kamayib borayotgan yoshlarimiz bilan bunday keskin raqobat kurashida muvaffaqiyatga erishib bo‘larmikan?” Bolonyalik kardinal Jakomo Biffi hukumatga murojaat etab, mamlakatga kirib kelayotgan boshqa millat vakillarining, xususan, musulmon-immigranlarning urf-odat, an’ana, oilaviy qadriyatlari o‘zgacha bo‘lgani bois, millat yaxlitligini ta’minlash uchun, Italiya hududiga faqat katoliklarni kiritish lozimlishni taklif etadi. Qiziq, bunday katoliklarni u qaerdan topa olarkin? Deylik, Ispaniyadan topa olishi dargumon. Chunki bir vaqtlar, xususan, kaudilo Frantsisko Franko davrida ko‘p bolali oilalar o‘rnak qilib ko‘rsatilgan, turli sovg‘a va medallar bilan siylangan bu mamlakat bugungi kunda tug‘ilish darajasi bo‘yicha Yevropada eng quyi pog‘onani egallagan. “Atigi bir avlod hayoti davomida, — deb yozadi madridlik sotsiolog Viktor Peres Dias, — biz sakkiz, hatto o‘n ikki bolali oilalardan iborat bo‘lgan jamiyatdan, befarzand yoki bir bolali oilalardan iborat jamiyat vujudga keldi”.

2050 yilda italiyaliklarning o‘rtacha yoshi 54, ispaniyaliklarniki — 55 yoshni tashkil etadi. Bu Yer yuzidagi eng keksa millat hisoblangan — yaponlardagi ko‘rsatkichdan 14 yosh ko‘p demaqdir. Bolonya universitetining professori doktor Per Paolo Donatining fikricha, “Bunday vaziyatni vujudga kelishiga farovonlik aybdor. Chunki bugungi avlodlarni qulay-shinam uy-joy, behalovat turmushdan boshqa hech nima qiziqtirmaydi. Kishilik jamiyatining asosi bo‘lgan oilaviy qadriyatlar esa, keraksiz matohdek, uloqtirib tashlangan”.

1950 yilda Ispaniya aholisi Gibraltar orqali u bilan chegaradosh bo‘lgan Marokkoga nisbatan uch barobar ko‘p bo‘lgan. 2050 yilga borib, vaziyat butkul o‘zgacha tus oladi: bu davrda Marokashning aholisi miqdori Ispaniyanikiga nisbatan ikki barobarga ko‘payadi. Sotsiologlarning ilmiy taxminlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda turmush qurayotgan yoki uylanayotgan har yuzta yosh ispanlarga 58 ta bola, 33 ta nevara hamda atigi 19 ta evara to‘g‘ri keladi.

ROSSIYA

So‘nggi yetmish yil mobaynida dunyoni titratgan imperiyaning merosxo‘ri — Rossiyadagi bu boradagi vaziyat qanday?

Agarda hozirgi vaqtdagi 1,3 tug‘ilish koefitsieti saqlanib qoladigan bo‘lsa, 2050 yilga borib bu mamlakat 33 million aholisidan mahrum bo‘ladi. Bu Stalin davrida qirib yuborilgan aholi sonidan (30 million) ham ko‘proq degani. Shu davr mobaynida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar miqdori 26 milliondan 16 milliongacha kamayadi va aksincha, keksalar soni hozirgi vaqtdagi 18 milliondan 28 millionga yetadi.

2000 yilda Rossiyadagi demografik vaziyat yanada xatarli tus olgani haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi. Shu yili tug‘ilish koefitsienti hatto Italiyadagi ko‘rsatkichdan ham past darajaga tushib ketgani ayon bo‘ldi. 2016 yilga borib, aholi soni keskin kamayib, 123 million kishini tashkil etishi taxmin qilinmoqda. “Butun umrini shu sohaga bag‘ishlagan mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy bashoratlarga ishonadigan bo‘lsak, — deya ta’kidlaydi prezident Putin, — 15 yildan keyin biz 22 million aholidan mahrum bo‘lamiz. Bir o‘ylab ko‘ring, bu Rossiya ahosining o‘ndan biri degani, axir”. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aholining bu qadar keskin kamayib ketishi sobiq Ittifoq davridagi talafotlardan ham ortib ketishini anglatadi. “Hozirgi tamoyil saqlanib qoladigan bo‘lsa, — deb davom etadi Putin, — biz millatimizning mavjudligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf soladigan tahdidga ro‘baro‘ kelamiz”.

Hozirga vaqtda Rossiyada erkaklarning o‘rtacha umri 59 yoshni tashkil etadi; har uchta homiladorlikdan ikkitasi abort bilan tugallanadi. Rus ayoli o‘rtacha olganda 2,5dan 4tagacha obort qildirgani holda mamakatdagi o‘lish darajasi tug‘ilish darajasidan 70 foizdan ortiqroqdir. Hatto sobiq Ittifoq respublikalaridan millionlab rus millatiga mansub kishilarning qaytib kelishi ham vaziyatni o‘nglay olmaydi. Vaziyatning yana bir xatarli jihati Sibir axolisining keskin kamayib borishi va aksincha, qo‘shni Xitoyda aholining yuqori sur’atlar bilan o‘sib borayotganida namoyon bo‘ladi. Bir vaqtlar Davlat Dumasi raisining o‘rinbosari, ashaddiy millatchi Vladimir Jirinovskiy har bir rus erkagiga beshta xotin olishga ruxsat berish, o‘n yilga abortlarni hamda rus ayollarining chel ellarga borishini taqiqlash g‘oyasini ilgari surganda, rosa kulguga qolgan edi. Har holda Rossiyada vujudga kelgan demografik vaziyat zudlik bilan izchil chora-tadbirlar ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Aks holda bu Amerika uchun ham o‘ta jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Mening iltimosimga ko‘ra, Rossiyadagi vaziyatga oid mister Chami tomonidan tayyorlagan prognozga binoan, 2010 yilga borib rus aholisi miqdori 80 millionga ham yetmaydi. Bu Teodor Ruzvel’t iste’foga chiqqan yilda (1909) AQSh aholisining soniga taxminan to‘g‘ri keladi.

BUYUK BRITANIYA

Xo‘sh, Britaniya orollarvdagi qondoshlarimizni qanday kelajak kutayotgan ekan? Sharhlovchi Pol Kreyg Roberts bu haqda shunday deb yozadi: “Sotsiologlarning hisob-kitobiga ko‘ra, shu asrning oxiriga borib, inglizlar o‘z mamlakatida kamchilikni tashkil etarkan. Chunki inglizlar oilasida millat sonining ko‘payishi uchun yetarli bo‘lgan bolalar tug‘ilmayotir . Tarixda ilk bor — deb ta’kidlanadi “London Observer” gazetasida, — mamlakatda ko‘pchilikni tashkil etgan millat urush, ochlik yoki epidemiya oqibatida emas, o‘z xohishi bilan kamchilikka aylanib bormoqda. Gazetachilar adashayotgan ko‘rinadi. Chunki tarixda ilk bor o‘z xohishi bilan yetakchilik mavqeidan voz kechgan millat amerikaliklar bo‘ladi. Prezident Klinton bashorat qilganidek, bu voqea Britaniyadan 50 yil ilgari, 2050 yilda yuz beradi. Ammo, inglizlar shu yo‘ldan borayotgani shubhasizdir. Hozirga vaqtning o‘zidayoq turli millatlarga mansub etnik jamoalar London aholisining 40 foizini tashkil etadi; London merining milliy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Li Jasper, sotsiologlarning ma’lumotlariga tayanib, “2010 yilga borib oq tanlilar aholining kamchilik qismini tashkil etadi”, deb hisoblaydi.

Voqealarning bunday tarzda rivojlanishi sabablaridan biri — tub britaniyaliklar o‘rtasida tug‘ilish darajasi yildan-yilga pasayib borayotgani bilan izohlanadi. Masalan, 2000 yilda Angliya va Uelsda 1999 yilga nisbatan 17400 bola kam tug‘ilgan, ya’ni atigi bir yil mobaynida tug‘ilish 5 foizga pasaygan hamda mazkur ko‘rsatkich qo‘llana boshlagan 1924 yildan buyon eng past daraja — 1,66 koefitsientga tushib qolgan.

YAPONIYA

Eng past tug‘ilish ko‘rsatkichlariga ega 22 millatdan faqat ikkitasigina — amerikaliklar va yaponlar Yevropa hududidan tashqarida istiqomat qiladi.

Yaponlar Osiyo xalqlari orasida birinchi bo‘lib zamonaviy davrga qadam qo‘ygan millat hisoblanadi. Ma’lumki, 1868 yilgacha yaponlar butun dunyodan ajralgan mahdud holda bo‘lib kelgan. Ammo oradan o‘ttiz-qirq yil o‘tar-o‘tmas jadal rivojlanayotgan mamlakat G‘arbning mutaraqqiy davlatlari qatoridan o‘rin oladi. Yaponlar Tayvanni egallaydi, 1900 yilda esa mashhur bokserlar qo‘zg‘olonini bostirish maqsadida Xitoyga bostirib kiradi. 1904-1905 yillarda ilk bor G‘arb tamadduniga mansub xalq, G‘arb tamadduniga mansub millat ustidan g‘alaba qozonadi. Urush ruslarning Port-Arturdagi eskadrasiga hujum bilan boshlanib, tarix sahifalaridan o‘rin olgan dengiz jangi — Susima bug‘ozida rus flotining cho‘ktirilishi bilan yakun topadi. Birinchi jahon urushida Yaponiya Antanta tomonida turib, Germaniyaning Xitoy va Tinch ummonidagi koloniyalarini tortib oladi; u Yevropa mamlakatlarining Osiyodagi hududlarini himoya qiladi; Avstraliya va Yangi Zelandiya qo‘shinlarining Gallipoli tomon yurishiga hamrohlik qiladi; yapon eskadrasi O‘rta yer dengizigacha yetib keladi. Biroq AQSh prezidenti Xarding va davlat kotibi Charlz Evans Xyuz Vashingtonda bo‘lib o‘tgan dengiz konferentsiyasida Buyuk Britaniya ma’muriyatidan yaponlar bylan tuzilgan ittifoqni uzishni talab etganda, g‘isht qolipdan ko‘chadi. Oradan yigirma yil o‘tib, yuz bergan Perl-Xarbor fojeasidan so‘ng yapon imperiyasi batamom yakson etiladi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Amerikaning bevosita yordami, amerikalik maslahatchilarning g‘oya va usullariga tayangan Yaponiya jahondagi eng jadal rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylanadi, Yapon orollarining maydoni Qo‘shma Shtatlarning birgina Montana shtati hududidan ham kichikroq bo‘lsada, 1990 yilda u iqtisodiy kuch-qudrati va salohiyati bo‘yicha AQShdan keyingi o‘ringa chiqib oldi. Darhaqiqat, “yapon mo‘‘jizasi” buyuk xalqning buyuk yutug‘i edi. Lekin Yaponiyaga ko‘z tegdimi yoki boshqa omillar ta’sir etdimi, o‘tgan asrning 80-90-yillaridan boshlab aholi soni keskin kamaya boshladi. Hozirgi vaqtda tug‘ilish darajasi 50-yillardagi ko‘rsatkichning yarmini tashkil etadi. 2050 yilga borib Yaponiya aholisi miqdori 127 milliondan 107 millionga tushib qoladi, bolalar soni 1950 yildagidan kamroq, keksalar soni esa sakkiz barobar ko‘p bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Natijada, jadal rivojlanishdan asar ham qolmaydi, Yaponiya o‘zining bugungi mavqeidan mahrum bo‘ladi. 2050 yilda har bir yaponga o‘n besh xitoylik to‘g‘ri keladi. Hatto 1950 yilda Yaponiya aholisining atigi to‘rtdan birini tashkil etgan Filippin aholisi ham 2050 yilga borib, yaponlardan 25 million nafar kishiga ortib ketishi taxmin qilinmoqda.

Xo‘sh, bunday xatarli vaziyat vujudga kelishining boisi nimada? E’tibor qiling, yapon ayollarining yarmidan ko‘pi o‘ttiz yoshgacha turmush qurish va farzandli bo‘lishni xohlamas ekan. “Qari qiz” deya nom olgan bu ayollar ota-onasi bilan yashar, ish bilan mashg‘ul bo‘lar, ammo “er”, “bola” degan ijtimoiy tushunchalarni hatto xayoliga ham keltirmaydi. Ular “O‘zing uchungina yasha va hayotdan lazzatlan” degan aqidaga e’tiqod qilib yashaydi.

2000 yilda yapon hukumati olti yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalash uchun subsidiya miqdorini 2400 dollargacha oshirganiga (ayrim radikal siyosatchilar uni o‘n barobar ko‘paytirishni taklif etmoqda) qaramay, xuddi shu yili maktablarga mamlakat tarixida eng kam bola kelgani achinarlidir. Yapon jurnalistlarining katta avlodiga mansub ijodkorlardan biri Mitsuko Shimomuraning “Nyu-York tayms” gazetasi muxbiri Peggi Orenstayn bilan suhbatda ta’kidlashicha, o‘z vaqtida ayollarga teng huquq berishni istamagan Yaponiya bugun “nimani ekkan bo‘lsa, shuni o‘rib olmoqda”. “Tug‘ilish darajasining pasayishi, — deb davom etadi Shimomura xonim, — meni u qadar tashvishlantirmaydi. Hatto bu hol qaysidir ma’noda foydali ham deb o‘ylayman. “Qari qiz’’lar o‘zlari sezmagan holda ajoyib ijximoiy harakatning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Endilikda siyosatchilar ayollarni tug‘ishga da’vat etmoqda. Darhaqiqat, agarda farzandli ayol ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, o‘zini yaxshi his etadigan jamiyat bunyod etilmas ekan, Yaponiya ellik, nari borsa, yuz yildan keyin halokatga yuz tutishi shubhasizdir. Bolalar tarbiyasi uchun beriladigan nafaqalar foyda bermaydi. Ayollarning erkaklar bilan huquqlarini amalda ta’minlash zarur”.

Nima sababdan hozirgi vaqtda G‘arb ayollari, ona va buvilaridan farqli o‘laroq, kamroq tug‘ishni, hatto umuman tug‘maslikni afzal ko‘rmoqda? Tereza ona ta’kidlaganidek, nima uchun ko‘pchilik “bolalarga qarshi urush”ni qo‘llab-quvvatlamoqda? G‘arb ayollariga tug‘ilishni nazorat qilish vositalari ma’lum bo‘lganiga ancha bo‘ldi, biroq hech qachon ular bugungidek, faol qo‘llanmagan. Amerikada o‘ttiz yoshgacha abort qilishga monelik qiladigan qonun yo‘q, lekin, Xitoydan farqli o‘laroq, ayolning o‘zi xohlamasa, birorta federal sudya bunga uni majbur eta olmaydi. Shunga qaramay, G‘arb ayollari tomonidan abortning bu qadar ko‘p qo‘llanayotgani Yevropa xalqlarining ataylab qirg‘in etilayotganini eslatadi. Zero Joan Gants Kunining ta’kidlashicha, “bolalar suyib erkalanadigan jamiyatgina taraqqiyparvardir”. G‘arb erkak va ayollari qalbi va ongida qanday o‘zgarishlar ro‘y berganki, bolalar borgan sari mehr va erkalashdan mahrum bo‘lmoqda? Bunday vaziyatni o‘nglash chorasi bormi? Mabodo, shunday chora topa olmasak, tamaddunimiz tarixining sunggi bobini bitib, vasiyatnoma yozishimizga to‘g‘ri keladimi, deb qo‘rqaman.

“BOLALAR QAYOQQA G‘OYIB BO‘LDI EKAN?”

Nima sababdan yevropalik ayollar xuddi Yer yuzidan qirilib ketishini kandaydir tushunib bo‘lmas itoatkorlik bilan tan olgandek, bola tug‘ishdan voz kechmoqda? Nahotki, ilgari yuz bergan urushlar talafoti va imperiyalar halokati ulardagi yashash ishtiyoqini so‘ndirgan bo‘lsa..

Masalaga jiddiy yondoshilsa, buning sababi butkul boshqa narsada ekani ayon bo‘ladi.

Ma’lumki, Birinchi jahon urushi Germaniyaning mag‘lubiyati va bo‘lib yuborilishi bilan yakun topadi; urush talafoti dahshatli edi: ikki million nemis halok bo‘lgan, o‘n mshliondan ziyod jarohatlangan. Shunga qaramay, 1919 yildan keyin mamlakat aholisi shu qadar tez o‘sa boshlaydiki, bu hol g‘oliblardan biri, nemislarning yaqin qo‘shnisi frantsuzlarni ancha tashvishga solib qo‘yadi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda mag‘lub bo‘lgan Germaniya va Yaponiyada ham, g‘olib kelgan AQShda ham tug‘ilish sur’atlari g‘oyat yuqori bo‘lgan. Aholi o‘sishiga oid ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, yovropaliklar dunyoqarashi va xatti-harakatidagi o‘zgarishlar 60-yillarning o‘rtalarida yaqqol namoyon bo‘ladi; aynan shu kezlarda nemis ayollari ona va buvilarining turmush tarzidan voz kecha boshlaydi. Bunday keskin o‘zgarishlarning asl sabablari hamon bizga qorong‘i. Ammo qo‘llangan usullarga kelsak, hammasi ayon bo‘ladi-qoladi: kontratseptsiya G‘arb aholisining ikki barobar kamayishiga olib kelgan bo‘lsa, abortlar kutilmagan bolalarga qarshi o‘ziga xos “ikkinchi himoya chegarasi”ga aylanib qoldi. Bu o‘rinda tarixga murojaat etishga zarurat tug‘iladi. Ma’lumki, ilgari Buyuk Inqiroz davridagina, iqtisodiy o‘sish sur’atlari ikki barobar kamaygani, aholining to‘rtdan bir qismi ishsiz bo‘lib qolgani oqibatida AQSh tug‘ilish ko‘rsatkichlari mislsiz darajada pasayib ketgan edi. Aksariyat odamlar ko‘nglini “eng yaxshi kunlar ortda qolib ketgan bo‘lsa, bolalarga hojat bormi” degan tushkun holat egallagan edi. Shu tariqa, 1930 yillarda AQShdagi avlodlar orasida o‘z prezidentiga ega bo‘lmagan yagona avlod — “indamaslar avlodi” paydo bo‘ladi.

Urushdan keyin — 1946 yildan tug‘ilish sur’atlari o‘sa boshlaydi (bebi-bummer avlodi) va 1957 yilga borib, eng yuqori nuqtasiga yetadi va yana yetti yil o‘tib, keskin pasaya boshlaydi. Aynan shu, ta’bir joiz bo‘lsa, haetiy kuchlar” so‘na boshdagan kezlarda yashirincha amalga oshiriladigan abortlardan ham vahshiyroq bo‘lgan yangi usul — homiladorlikka qarshi preparat kashf etiladi. Keyinchalik u tarixchilar tomonidan Amerikani halokat yoqasiga olib kelgan og‘u deb baholanadi. Bu preparatlar 1960 yili sotuvga chiqarilgan. Oradan uch yil o‘tar-o‘tmas amerika ayollarining 6 foizi doktor Rok kashf etgan doridan foydalangan, 1970 yilda esa ularning soni 43 foizga yetgan. Katolik cherkovi bu dorining qo‘llanishiga keskin qarshi chiqqan, chunonchi, papa Pavel Oltinchining maxsus fatvosi bilan tug‘ishni sun’iy ravishda to‘xtatish orqali nazorat etish, ayniqsa, homiladorlikka qarshi dorilarni qo‘llash katta gunoh ekani e’lon qilinadi. “Dorilar urushi” ketayotgan bir pallada yanada jiddiyroq xavf namoyon bo‘lib qoladi. Arizona televideniesi xodimi to‘rt bolaning onasi, bir necha yildan buyon talidomid (o‘sha davrda bu dori bolalarning nogiron tug‘ilishi va boshqa tug‘ma xastaliklarga sabab bo‘lishi aniqlangan edi) dorisidan foydalanib kelayotgan Sherri Finkbaynning yana homilador ekanini bilib qolgan. U dugonalariga nogiron bola tug‘ishni istamasligi va abort yo‘li bilan homilani olib tashlashga qaror qilganini ma’lum qiladi. Gazetalardan birida yoritilgan bu voqea g‘oyat keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Chunki o‘sha davrda abort qilish qonun bilan taqiqlangan edi. Ammo Finkbayn xonim masalani osonlikcha hal etish yo‘lini topdi: mazkur muolaja rasman ruxsat etilgan Shvetsiyaga borib, abort qildirib qaytdi. Ammo 1966 yilda bu voqea hammaning xotirasidan o‘chib ketgan edi, chunki bu, vaqtga kelib mamlakatda yiliga 6000 ta abort qilinar edi. 1970 yilda Nyu-York va Kaliforniya shtatlari gubernatorlari Jon Rokfeller va Ronald Reygan abortni yengillashshradigan qonunlar qabul qilishi oqibatida uning miqdori 200 mingga yetadi; 1973 yilda esa mamlakatda 600 mingdan ortiq abort qilingan. O‘sha yili Niksonning to‘rt raqibidan uchtasi Oliy sudga murojaat etganidan keyin, sudya Blekman ayollarning abort qilish huquqi mamlakat Konstitutsiyasida kafolatlanganini e’lon qiladi. Tabiiyki, keyingi 10 yil mobaynida abortlar soni 1,5 milliondan oshib ketgani hech kimni hayron qoldirgani yo‘q. Sud’ya Blekman e’lon qilgan qarordan keyin hozirgi vaqtgacha AQShda hammasi bo‘lib 40 million abort qilingan. Bugun 30 foiz homilador ayollar shunday yo‘l tutmoqda. 2000 yili Oziq-ovqat va dori-darmonlar bo‘yicha Komissiya homiladorlikning dastlabki yetti haftasida mustaqil ravishda homilani tushirish imkonini beradigan KI-486 preparatini ma’qullab, ishlab chiqarishga tavsiya etadi. Ammo Amerika farmatsevtika kompaniyalarining barchasi bu ishdan bosh tortgani sababli, mazkur preparatni ishlab chiqarishga xitoyliklar jalb etiladi. Ehtimol, ba’zi kishilar xitoyliklar shu yul bilan o‘zining Osiyoda iqtisodiy va siyosiy hukmronligani o‘rnatishga to‘sqinlik qilayotgan Amerikadan o‘ch olmoqda, deb o‘ylashi ham mumkin.

Gap xitoyliklarda ham, abortning qonuniyligiii tasdiqdagan Oliy sudda ham emas. Deylik, Oliy sudning boya tilga olingan qarorining o‘zigina amerikalik va yevropalik ayollar ongi va ruhiyatida bu qadar keskin o‘zgarish qila olishiga ishonish qiyin. Xo‘sh, unda zamonaviy ayollarning buvilari Xudo va inson oldida aql bovar qilmas jinoyat deb hisoblashi tayin bo‘lgan bunday xatti-harakatini nima bilan izohlash mumkin? Zero, 1950 yillarda abort jinoyatgina emas, o‘ta sharmandali, uyatli holat hisoblangan, binobarin, hech kim uni bekor qilish uchun ortiqcha shov-shuv ham ko‘tarmagan. Lekin oradan 15 yil o‘tib, abort Oliy sud tomonidan har bir ayolning konstitutsion huquqi va rivojlangan jamiyatning ajralmas belgisi, deb e’lon qilinishi bilan, ommaviy ongda tub o‘zgarishlar yuz beradi. Qolaversa, ba’zilar bu holatni 60-yillar mobaynida jamiyat hayotida yuz bergan parokandalik bilan bog‘lasa, boshqalar fikricha, u ko‘pchilik e’tiboridan tushib qolgan o‘tish davri qiyinchiliklari bilan belgilanadi. Nazarimda, birinchi yondashuv haqiqatga yaqindek. Chunki amerika yoshlarining aksariyati o‘sha “parokanda o‘n yillik” davrida fikrlash tarzini o‘zgartirgan, yangicha qarashlar va hayot andazalariga e’tiqod qo‘ygan edi.

Amerikadagi 1945-1965 yillar oralig‘idagi davrni sotsiologlar “oilaviy hayotning oltin davri” deb ataydi. Bu davrda turmush qurgan va uylangan kishilarning o‘rtacha yoshi qonunlarda belgilangan yoshga yaqinlashgan, oilalilar miqdori esa jami aholi soniga nisbatan mislsiz ko‘rsatkich — 95 foizni tashkil etgandi. Bir so‘z bilan aytganda, Eyzenxauer va Jon Kennedi davridagi Amerika jadal rivojlanayotgan davlatlar qatoridan o‘rin olgan edi. Ammo oila, din va jamiyatlar Govard markazi prezidenti Alan Karlsonning ta’kidlashicha, “oila farovonliga bilan bog‘liq barcha ko‘rsatkichlar 1963-1965 yillardan salbiy tomonga o‘zgara boshlagan. Aynan shu davrda tug‘ilishning asta-sekin pasayishi va ajralishlar sonining keskin oshishi kuzatiladi. Ko‘pchilikka G‘arb millatlari ajdodlaridan meros bo‘lib qolgan oilaviy qadriyatlardan bir lahzada ajralib qolgandek bo‘lib tuyuladi”.

Gollavdiyalik sotsiolog Dirk van de Kaa ushbu jarayon o‘zgarishini to‘rt bosqichga ajratadi: a) oilaviy hayotning oltin davridan birgalikda tinch-totuv yashash davriga o‘tilishi; b) bolaning oila boshliga mavqeidan ota-onaning oila boshlig‘i mavqeiga o‘tilishi; v) birinchi bola tug‘ilgandan keyin homiladorliqtsan saqlanish holatidan to‘liq kontratseptsiya (umuman homilador bo‘lmaslik) holatiga o‘tilishi; g) oilaning yagona an’anaviy shaklidan plyuralistik, jumladan, ota-onaning biridan iborat oila shakllariga o‘tilishi.

Tug‘ilish aynan 1960 yillarning o‘rtalarida pasaya boshlagan ekan, demak, amerikalik va yevropalik ayollarni farzandli bo‘lishdan voz kechishga majbur etgan sabablarni ham xuddi shu davrdan izlamoq lozim.

Bebi-bummerlar Amerika universitetlarida 1964 yilning kuzida paydo bo‘lgan va hayot yo‘lini tanlashda to‘liq erkinlik huquqini qulga kiritgan birinchi avlod edi. 1930 yillarda hamma ham kollejda uqiy olmas, zodagonlar oilalarigina tegishli imtiyozga ega edi. Ishsizlar o‘g‘il-qizlari o‘qishni hatto orzu qila olmas, aksariyati oila a’zolarini boqish uchun maktabni tashlab ish qidirishga majbur edi. Fermalarda istiqomat qilayotgan million-million yoshlar hali Uoll-Stritdagi falokat yuz bermasidanoq, Buyuk Inqirozning dastlabki ta’sirini seza boshlaydi. Perl-Xarbor fojiasidan so‘ng esa aksariyat yoshlar kollejlarni butkul unutgan va ko‘plari qurolli kuchlar safiga safarbar etilgan edi.

E’tiborli jihati shundaki, 1950 yillardagi “indamaslar avlodi”ning ota-onalari muallimlar va ruhoniylarga hurmati baland bo‘lgan. 1957 yili professor Gelbrayt amerikaliklar farovonlik jamiyatida yashayotganini aniqlagandan keyin avlodlar o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘la boshlaydi. Binobarin, bebi-bummerlar tamoman o‘zgacha mezonlar asosida tarbiyalangan: endilikda ular umrining yarmini televizor ro‘parasida o‘tkazadigan bo‘ladi. 1950-yillarda televidenie avlodlarning asriy nizosi ketayotganida bolalar tomonida turib, ota-onalarga qarshi kurashga astoydil kirishadi. Bolalar ham oinai jahon orqali ma’tumotlar va ayniqsa, reklamani butun vujudi bilan singdira boshlaydi. 1964 yilda minglab bebi-bummerlar kollejlarni ishg‘ol etadi. Ayni shu kezlarda Berklida Mario Savioning “Erkin so‘z” deb nomlangan harakati tashkil etiladi. Talabalar namoyishlari va tartibsizliklar ommaviy tus oladi. Bu tartibsizliklarda kimlar ayblanmadi deysiz — Lindon Jonson, Richard Nikson, Agnyu, Vetnam... Ammo ayb faqat shularda bo‘lganda edi, ommaviy tartibsizliklar nafaqat Amerikada, balki Yevropadan Yaponiyagacha yoyilmagan bo‘lardi. Keling, o‘sha davrda yuz bergan voqea-hodasalarga bir nazar tashlaylik. 1968 yili Chikagoda kuzatilgan “nafrat kuni” Demokratik partiyaning bo‘linib ketishiga sabab bo‘ladi; “Baxmal inqilob”ni nishonlayotgan chexiyalik talabalar Praga ko‘chalarida rus tanklariga ro‘baro‘ keladi; meksikalik talabalar Mexiko ko‘chalarida otib tashlanadi; frantsuz talabalari tomonidan Parijning to‘liq ishg‘ol etilishiga bir bahya qoladi. Turli qit’a bebi-bummerlariga xos umumiy xususiyat — televidenie vositasida singdiriladigan cheksiz erkinlik g‘oyasidir. Ularning har biri bolalik chog‘laridanoq ota-onasidan ko‘ra, elektron “tarbiyachi”dan saboq olishni afzal bilgan. Teleuskuna qa’rida yashiringan bu “tarbiyachi”ning esa barcha savollarga javobi bitta: “Xohlaysanmi — marhamat. Nimani istasang, barchasi muhayyo bo‘ladi”.

Shu tariqa, millionlab yosh ayollar ota-ona, muallimlar va ruhoniylarning ijtimoiy nazoratidan, ularning nazarida, “dahmaza”dan qutuldi; kollej va universitetlardagi inqilobiy kayfiyat tufayli o‘qituvchilarning obro‘-e’tibori pasayib ketadi; dastlab urushga qarshi harakatlar paydo bo‘ladi (“Jonson, sen bugun nechta bolani o‘ldirding?”), so‘ng giyohvand moddalarni iste’mol qilish ommalashadi (“Tatib ko‘r va lazzatlan”), nihoyat, jinsiy inqilob yuz beradi (“urushni qo‘y, seks bilan shug‘ullan”). Bir ozdan so‘ng Amerikaning hatto eng uzoq hududlarida inson huquqlarini himoya qiluvchi turli xotin-qizlar harakatlari paydo bo‘ladi. Qora tanli kishilar oq tanlilar bilan, ayollar erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘lishni talab qila boshlaydi. Ayollar tomonidan erkaklar qimor va ayshu ishrat bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lsa bizning ulardan kam joyimiz bormi, degan masalalar o‘rtaga tashlanadi. Tabiat erkak va ayollarning to‘liq tengligini nazarda tutmagan, xususan, farzand tarbiyasi asosan xotin-qizlar zimmasiga yuklangan ekan, vujudga kelgan vaziyat masalaning murosa yo‘li bilan hal etilishini talab etardi. Bu borada bozor iqtisodiyoti juda qo‘l keladi. Tug‘ishga qarshi dori ichish xotirangdan ko‘tarilgan bo‘lsa, xavotirga o‘rin yo‘q: yon atrofdagi ginekologlardan biri doimo xizmatingga tayyor. Bir so‘z bilan aytganda tug‘ishga qarshi preparatlar, hamisha xizmatga tayyor ginekologlar hamda mo‘zjizaviy dori-darmonlar homiladan xalos bo‘lish, turli jinsiy kasalliklarni davolash masalasini zimmasiga olib, ayollar joniga ora kiradi. Binobarin, bunday vaziyatda “nikoh” degan matohga o‘rin qolmaydi. Reproduktiv markazga tashrif buyursangiz — olam guliston. Shunday qilib, jinsiy inqilobning ommalashuviga xizmat qilgan, erkin qizlar hayotini jozibali qilib tasvirlagan ommaviy madaniyat ta’sirida ayollarda jamoatchilik nazaridan qolish, Xudoning nafratiga uchrash, obro‘-e’tibordan judo bo‘lish va gunohdan qo‘rqish tuyg‘usi so‘na boshladi.

Jamiyatda mafkuraviy bo‘shliq bo‘lmaganidek, tez orada azaliy qadriyatlar o‘rnini “o‘zi uchun yashash” tamoyilini oqlaydigan yangi axloq paydo bo‘ladi. Endilikda odamlarni kim-kim bilan aysh-ishratga berilgani, nimani ichib-chekkani kabi mayda-chuyda narsalar emas, Fuqarolik huquqlari uchun kurashchilar yurishida ishtirok etgani, aparteid hamda Vetnamdagi “iflos va noqonuniy urushga qarshi” chiqqani qiziqtirardi. Tarixda ko‘p bora kuzatilgani singari yangi axloq yangi turmush tarziga mos ravshishda yaratilgan edi. Bu o‘rinda katta yoshdagi kishilarniig jinsiy buzg‘unchilik, giyohvandlik botqog‘iga botib, isyonkorlik g‘oyalari va rok-n-rollga sig‘inadigan “yangi yakobinchi”larga hayrixohlik bildirishi va ularni qo‘llab-quvvatlashi (“butun tariximiz mobaynida bundan zo‘r avlod bo‘lmagan” qabilida) ajablanarlidir. Bir vaqtlar buyuk Vordsvort ham o‘z davrida yuz bergan inqilobni nazarda tutib, “O, naqadar baxtlidirlar. Shu onda hayot va navqiron zotlar!” deb yozgan edi.

Albatta, isyonchilarning aksariyati o‘qishni bitirishi, ishga joylashib, oila qurishi bilan boshqa odam bo‘ldi-qoldi, ammo ba’zilari uchun, tarki odat amri mahol deganlaridek, yoshlik “isyonkorligi”dan qutulish oson kechmagan. Shunisi ham borki, 60-yillar isyonchilari chinakam inqilobchi bo‘lmagan. Kollejga kirayotganida ular bir narsaga, uni bitirib chiqayotganda esa butkul boshqa narsaga e’tiqod qo‘ygan yoshlar edi.

Ammo 60-yillarda yuz bergan madaniy o‘zgarishlarda haqiqiy inqilobiy ruh mavjud edi. Uning ta’sirida yoshlar mamlakat hududining uchdan bir qismida yahudyy-nasroniy axloqdan voz kechadi. Sirasini aytganda, siyosiy elita ham yoshlarning “ota-bobolari amerikasiga” nafrat bilan qarashini hamisha ma’qullab keldi; televidenie, kino, teatr, jurnallar va musiqa orqali jamoatchilik fikrini shakllantirib, yangi e’tiqod va axloq targ‘ibotchilari uni butun dunyo bo‘ylab tarqatishga, million-million yoshlarni shu yo‘lga safarbar etishga muvaffaq bo‘ldi.

Hukmronlikni qo‘lga olgan ommaviy madaniyat kechayu kunduz azaliy qadriyatlarni kamsitib, hatto ayolning eri va bolalari bo‘lishi hayotiy zarurat ekani haqidagi tasavvurlar ustidan kulib keldi. Bugungi kunga kelib jamiyatimizda ayolni onalik vazifasidan butunlay mahrum etishga intilayotgan kuchlar paydo bo‘ldi.

Kishloq xo‘jalik iqtisodiyotida er-xotin birgalikda mehnat qiladigan va yashaydigan uy ish o‘rni vazifasini o‘tab kelgan. Sanoatda ishlash uchun erkak uydan tashqariga chiqishi, xotin esa uyda qolib, ro‘zg‘or va bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak edi. Qishloq xo‘jalik iqtisodiyoti katta oilaga asos solgan bo‘lsa, industrial iqtisodiyot sharoitida kichik nuklear (er-xotin va bolalardan iborat) oila vujudga keldi. Postindustrial iqtisodiyot davriga kelib er-xotin ofisda ishlashga majbur bo‘lgani bois, bolalar qarovsiz qolib ketar va shu sababli ularga bo‘lgan ehgayoj borgan sari kamayib borar edi. Bu haqda Suortmor universiteti xodimi, siyosatshunos Jeyms Kurts shunday deydi: “Erkaklarning dalani tark etib, fabrikalarga ishga kirishi o‘n to‘qqizinchi asrda yuz bergan eng jiddiy o‘zgarish bo‘lgan edi. Yigirmanchi asrga xos eng tub o‘zgarish esa ayollarning uydan chiqib, kun bo‘yi ofisda o‘tirishida namoyon bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar ota-onani bolalardan, ayolning eridan uzoqlashuviga sabab bo‘ldi”.

Erkaklarning ishchi, shaxtyor, baliqchi kabi azaliy kasb-hunariga endilikda ehtiyoj qolmadi, chunki “og‘ir” ishlarni bizning o‘rnimizga rivojlanayotgan mamlakatlardan kelganlar bajarayotir. Shu bois hozirgi vaqtda aynan ayollarga xos iste’dod va ko‘nikmalarga e’tibor kuchayib bormoqda. Bugun ular uchun boshqaruv, ta’lim, moliya kabi sohalarda onalari va buvilarining yetti uxlab tushiga ham kirmagan imkoniyatlar tug‘ilmoqda. Ayniqsa, yirik va kichik biznes iste’dodli ayollarni uy-ro‘zg‘or tashvishlaridan qutqarish, onalikdan “muhofaza” etish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga intilmoqda. Binobarin, bu sa’y-harakatlar ta’sirida o‘n millionlab ayollar ofislarda erkaklar bilan yonma-yon mehnat qilmoqda, aksariyati ishda biron-bir jo‘yali natajaga erishmaguncha turmush qurishni chetga surib qo‘ymoqda, ancha-munchasi oilani xayoliga ham keltirayotgani yo‘q.

Targ‘ibot mashinasi esa ayolga “Sen hamma narsaga qodirsan” deya ularga ham bolali bo‘lishi, ham ishlashi mumkinligini tinimsiz uqtirib kelmoqda. Darhaqiqat, minglab yollanma tarbiyachilar, mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralarning ochiqligi, mehnatga yarasha munosib ish haqi, bolaga qarash uchun beriladigan, ta’til, hukumat nafaqalari va hokazolar chindan ham ayolga bola tug‘ishi va ishlashi uchun imkon yaratadi. Lekin, zamonaviy ayol bor-yo‘g‘i bitta, nari borsa ikki bola tug‘ishi mumkin. Aks holda ofisda uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘la-to‘kis bajarishga yetarli vaqt topa olmaydi. Shu tariqa, ayol ikki yo‘ldan birini — o‘zini faqat ishga bag‘ishlashi yoki ishlab, bir martagina ona bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lish imkoniyatini tanlashiga to‘g‘ri keladi.

Bu o‘rinda o‘ziga xos psixologak holatni ham e’tiborga olish zarur. Gap amerika jamiyatining barcha sohalarida keskin raqobat, musabaqalashuv muhiti hukmron ekani haqida borayotir. Bugun amerikalik ayollarning jon-jahdi bilan ishlashida ana shu muhitning ham ta’siri yo‘q emas. Xudo ko‘rsatmasin, qo‘shni Jonslardan ortda qolib ketsak-a... degan andisha ko‘pgana amerikalik ayollarning ko‘nglidan o‘tadi. Bunday hollarda bolalarning o‘z holiga tashlab qo‘yilishi, hatto butunlay unutilishi ham ehtimoldan holi emas. 1950 yilda 6 yoshli bolasi bor ayollarning 84 foizi uy-ro‘zg‘or bilan shug‘ullangan va yana homilador bo‘lishga ham imkon topgan. Bugun esa, aksincha, bunday ayollarning 64 foizi ofislarda to‘liq ish kuni tartibida ishlamoqda.

Masalan, Elinor Mills “Spekteytora” gazetasida chop etilgan maqolasida o‘z tengdosh dugonalari fikr-o‘ylarini shunday ifodalagan: “Masala shundaki, menga o‘xshash sog‘lom va quvnoq tengdoshlarim tug‘ish va ko‘payishni xayoliga ham keltirmaydi. Chunki, baxtga qarshi, bizning avlodimizni tashqi ko‘rinish va puldan boshqa hech nima qiziqtirmaydi”. Mulohazalarini davom etgarib, Mills boshqa bir zamondoshi, reklama agentliganing xodimi Jeynning fikrini misol tariqasida keltiradi: “Mabodo bolam bo‘lganda edi, — deydi Jeyn — zimmamdagi vazifalarning yarmini ham uddalay olmasdim. Har gal shanba kuni 10:30 da hali uyqu aralash erim bilan bir-birimizga termulib, xar ikkimiz “Xudoga shukr, bolani emizdirish uchun saharlab turishning keragi yo‘q” deganimizni bilmay qolamiz. Bu tenglamaga uchinchi unsur kiritilsa, munosabatlarimiz qay tarzda o‘zgarib ketishi mumkinligini kim ham bilardi deysiz”.

Kunlardan birida F.Skott Fitsjerald Xemingueyga qarata: “Boy-badavlat kishilar senu mendan farq qiladi” deganda, u “Albatta, ularning puli bor-da”, deb javob qilgan ekan. Ammo puli, mol-dunyosi bo‘lsa-da, nima sababdandir boylar xonadonida kambag‘allarga nisbatan bola soni kamroq bo‘ladi. Keling, Uilyam Okkamning (ingliz faylasufi, nominalizm oqimining yirik vakillaridan biri. — tarj.) eng oddiy izoh ko‘pincha to‘g‘ri chiqadi, degan tamoyiliga tayanib, mulohaza yuritib ko‘raylik. Deylik, amerikalik qashshoqlar o‘rtahollar, o‘rtahollar — boylar, ular esa o‘ta boylar tabaqasi darajasiga yetganda, har biri tegishli tabaqaga xos bo‘lgan yashash tarzini qabul qilishi lozim bo‘ladi. Bu o‘rinda quyidagi ziddiyat namoyon bo‘ladi: mamlakat boyib borgan sari unda bolalar soni kamayib, aholisi qirilib boradi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘z a’zolarining yashashi uchun cheksiz shart-sharoit, erkinlik va baxtli hayotni ta’minlash uchun barpo etiladigan jamiyat, bir vaqtning o‘zida, bu insonlarning janozasiga hozirlik ko‘radi.

Oilaviy “nafaqa”ning tugatilishi

1830 yillarda amerika sanoat inqilobi arafasida Filadelfiya kasaba uyushmalari o‘z a’zolariga murojaat etib, “kapitalistlarning ochko‘zligi”ni qoralaydi va harakat qilishga da’vat etadi: “Ayollarimizni mehnatga jalb etilishiga qarshi bor kuch-imkoniyatingizni ishga soling. Xotinlarimiz, qizlarimiz va oila a’zolarimizni boqish uchun mehnatimizga munosib haq olishimiz kerak. Kapitalistlar har bir erkak, ayol va bolani ishlashga majbur qilmoqchi; ularning bu nag‘masiga uchmaylik, oilamizni bizdan olib qo‘yishlariga yo‘l qo‘ymaylik”.

1848 yili Marksning “Kommunistik manifest”i chop etilganda “O‘n soatlik advokat” gazetasida shunday satrlar bosiladi: “Erkaklar ayollarimizni gazlama to‘qish fabrikasida g‘ayriinsoniy sharoitda mehnat qilishdan xalos etish uchun yetarli darajada ta’minlanadigan kun uzoq emas, deb umid qilamiz”. Qizig‘i shundaki, kasaba uyushmalarining bu boradagi tasavvurlari Marks va uning safdoshi Engelsning qarashlariga tamoman zid ekanini payqash qiyin emas. Chunonchi, Engels “Oila, xususiy mulk va davlatning kelib chiqishi” asarida bu haqda shunday deb yozadi: “Ayolni ozod etishning birinchi sharti — barcha xotin-qizlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish... jamiyatning iqtisodiy unsuri bo‘lgan bir nikohli oilani tugatishdir”. Ajabo, global iqtisodiyotning erkakdan, uy-ro‘zg‘ordan va oiladan ozod etilgan ayol — mehnat quroli degan tamoyili kommunizm asoschilarining qarashlari bilan mushtarakliga hayratlanarli va g‘ayritabiiy emasmi?

“Amerikada oila” tadqiqotining muallifi Alan Karlsonning ta’kidlashicha, AQShda ishlayotgan erkaklarga ma’lum muddat xotini va bola-chaqasini boqish uchun norasmiy tarzda o‘ziga xos “nafaqa” to‘lab kelingan ekan. Oila farovonligining asoslaridan biri sifatida tan olingan ushbu amaliyot papa Lev O‘nuchinchi tomonidan ham ma’qullangan edi.

Ammo, baribir, Ikkinchi jahon urushidan keyin erkaklar va ayollar o‘rtasidagi ijtimoiy tafovut keskinlasha boshlagan. Masalan, 1939 yilda ayollarning oylik maoshi erkaklar maoshining 59,3 foizini tashkil etgan; 1966 yilga kelib bu ko‘rsatkich 53,6 foizgacha pasayadi.

1964 yili mazkur amaliyotga chek qo‘yiladi. Feminist ayollar afroamerikaliklar huquqlari, erkak va ayollarning tengligini ta’minlovchi Fuqarolik huquqlariga oid aktga jinsiy belgilarga ko‘ra tahqirlanishga yo‘l ko‘yilmasligi haqidagi qoidani kiritishga muvaffaq bo‘ladi. Ushbu qoidaning joriy etilishi shaxs, individium manfaatlarining oila manfaatlaridan ustuvorligini ta’minladi. Buning ta’sirida ayollar oylik maoshi sezilarli darajada oshadi; eng yomoni, endilikda ayollar ilgarilari asosan erkaklar mashg‘ul bo‘lgan tibbiyot, huquqshunoslik, jurnalistika, ilm-fan, boshqaruv, biznes kabi sohalarni egallay boshlashi bilan oilalar buzilib keta boshlaydi. Doktor Karleonning ma’lumotlariga ko‘ra, “1973-1996 yillar oralig‘ida kun bo‘yi ishlaydigan 15 yoshdan yuqori bo‘lgan erkaklarning o‘rtacha yillik daromadi 24 foizga pasayib, 37200 dollardan 30000 dollargacha tushib ketadi”. Shu tariqa, feminizm bayroqlari ostida ayollar erkaklar bilan ochiq-oshkora musobaqaga kirishadi. Million-million ayollar bu borada erkaklar ustidan g‘olib kelib, ularning o‘rnini egallaydi. Shunga yarasha ularning daromadlari ham uzluksiz oshib borgan bo‘lsa, oilali erkaklarning daromadi yildan-yilga pasayib boravergan. Bu hol oilaviy muhita ta’sir etmasdan qolmasdi, albatta. Xususan, ko‘pgina erkaklar yana ishga qaytishni istayotgan ayollarining talablariga dosh berolmay qoladi. Yosh erkaklar, qanchalik harakat qilmasin, topayotgan daromadi bilan oilasini boqolmasligini anglab yetadi. Erkaklarning bu holatdan foydalangan yosh amerikalik ayollar esa mustaqillik, hech kimga qaram bo‘lmasdan yashash huquqini qo‘lga kiritish mumkinligini, turmush qurishga shoshilmaslik lozimligini anglab yetadi. Ularning ko‘pchiligi ana shu maqsadga erishish uchun ishga kirishadi. Natijada, 1970 yilda 24-28 yoshdagi ayollarning 36 foizi turmush qurmagan bo‘lsa, 1993 yilda bu ko‘rsatkich xudtsi shu yoshdagilar orasida 68 foizga yetadi. Shu davr mobaynida 25-29 yosh oralig‘idaga ayollar orasida umuman turmushga chiqishni xohlamaydiganlar uch barobardan ziyod ko‘payib, 10 foizdan 35 foizga yetgan...

Bir vaqtlar o‘ta radikal kayfiyatda bo‘lgan, keyinchilik esa nasroniylikni qabul qilgan Orestes Bronson mamlakatda vujudga kelgan ma’naviy-ruhiy muhit xususida to‘xtalib, Mammonaga sig‘inish (Mammona — pul, boylik ma’budasi — tarj.) o‘n to‘qqizinchi asrdayoq yaqqol namoyon bo‘la boshlaganini uqtirgan edi. “Mammonizm, — deb yozadi u, — anglosakson dunyosining diniga aylandi. Xudoni esa umuman yodimizdan chiqardik. Biz ezgulik, go‘zallik va adolatga bo‘lgan ishonch-e’tiqodimizdan butkul mahrum bo‘ldik”. Oradan bir asr o‘tib, materialistik dunyoqarashdan voz kechib, diniy e’tiqodga qaytgan Uittaker Chambers “Davrimizga xos asosiy muammo iqtisodiyot bilan emas, iymon-e’tiqod bilan bog‘liqdir” deya, mammonizm bugungi kunda kishilar dunyoqarashini belgilovchi yetakchi omilga aylanib qolganiga e’tibor qaratadi.

Jazava

1960-1970 yillarda o‘sha davrga to‘g‘ri kelgan tug‘ilish darajasining bir oz oshishiga hukmron elitaning o‘ziga xos, aks javobi sifatida yangi “g‘ayriijtimoiy” harakat vujudga keladi. Unga Stenford universitetining professori, biolog Pol Erdix asos soladi; bir vaqtlar Richard Karsonning “Osuda bahor” kitobi atrof-muhitni himoya qilish harakati uchun qanday ahamiyat kasb ettan bo‘lsa, Erlixning “Populyatsiya bombasi” asari ham tug‘ilishni nazorat qilish borasida shunchalik muhim o‘rin tutib kelgan. Erlix bir vaqtlar insoniyatning ochlikdan muqarrar qirilib ketishi haqidagi bashoratlari o‘n to‘qqizinchi asrga kelib chippakka chiqqan britaniyalik faylasuf Tomas Robert Maltusning zamonaviy izdoshi sifatida namoyon bo‘ladi. Maltusning yozishicha, “Aholi tug‘ilishi cheklanmas ekan, u geometrik progressiya tarzida ko‘payib boradi, ya’ni har 25 yilda ikki barobarga oshadi”. Oziq-ovqat ishlab chiqarishni ham xuddi shunday sur’atlarda ko‘paytirish imkoni yo‘q ekan, — deya bashorat qiladi bu vallomat, — demak, kelajakda insoniyat ochlik va o‘limga mahkumdir. Ammo Maltusning oziq-ovqat shilab chiqarshi borasidagi xulosalari ham, Erlixning jahon zaxiralarining tugab borayotgani haqidagi bashoratlari ham xato ekanini vaqt ko‘rsatdi. Hozirgi vaqtda sayyoramizda istiqomat qilayotgan olti milliard aholi 1960 yildagi uch milliard yoki 1830 yildagi bir milliard aholidan yaxshiroq yashayottanini hech kim inkor etmasa kerak. Nazarimda, ochlik va turli balo-qazolar sabablarini Yer shari aholisining o‘sishidan emas, siyosatchilarning uquvsizligi, jinoyatchilikning oshishi, bema’ni g‘oya va mafkuralardan izlamoq lozim. Shunga qaramay, Erlixning “Serra” klubi tomonidan nashr etilgan ushbu kitobi barcha oliy o‘quv yurtlariga tarqatiladi va tez orada mashhur bo‘lib ketadi. Hatto ayrim davlat arboblari va siyosatchilar, chunonchi, sobiq mudofaa vaziri va Jahon bankining prezidenti Robert Maknamara ham uning g‘oyalariga mahliyo bo‘lib qoladi. “Aholining ko‘payishi, — deydi Maknamara 1977 yildagi nutqlarining birida, — qashshoqlik, ochlik, nizo va asabiy holatlarni vujudga keltirib, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni izdan chiqarishi shubhasizdir”. 1978 yili esa aholi muammolari bo‘yicha AQSh Kongressi komissiyasi tomonidan e’lon qilingan bayonotda shunday deyiladi: “Sayyoramiz aholisining tez sur’atlar bilan ko‘payib borayotgani va ayrim hollarda ishlab chiqarish unumdorligining pasayishi tufayli insoniyat mavjuddigini belgilab beradigan o‘ta muhim biologik tizim xavf ostida qolmoqda”. Xuddi o‘sha kezlarda “Aholiga qarshi urush” kitobining mualllifi Jaklin Kasunning yozishicha, Smitson instituti tomonidan tashkil etilgan “Bizning muammomiz bu — aholi” deb nomlangan bolalar ko‘zgazmasida kelajakdagi oziq-ovqat zaxirasi timsolini aks etgiruvchi — o‘lib yotgan kalamush tasviri namoyish etilgan ekan. Xullas, Amerikaning ilmiy va siyosiy uyushtirgan ommaviy targ‘ibot kompaniyasi ta’sirida tug‘ilishni nazorat etish g‘oyasini jamoatchilik fikri tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga, qisman bulsa-da, erishiladi. Chunki Erlix nazariyasi asosan rivojlangan mamlakatlarning yuqori va o‘rta tabaqa vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, Uchinchi dunyo mamlakatlari aholisiga olimning mulohazalari zarracha ta’sir etgani yo‘q. Natija esa barchaga ayon: bir tomonda, “farovonlik jamiyatida” tug‘ilishning keskin kamayishi, ikkinchi tomonda, uchinchi dunyo mamlakatlarida uning mislsiz darajada o‘sishi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Feminizm

Hozirgi vaqtda “zamonaviy ayollarning” aksariyati abortni qo‘llab-quvvatlaydi. “Ayolni ozod etish” iborasi, ularning fikricha, uning xotin, ona va uy bekasi kabi an’anaviy vazifalaridan voz kechishini anglatadi. Shu bilan birga, feminizm harakatining asoschilari orasida o‘zgacha fikrda bulgan ayollar ham yo‘q emas. “Nyu Oksford Revyu” sharhlovchisi Jozef Kodlison Oliy sudning “Rou Ueydga qarshi” ishi bo‘yicha qarori haqida to‘xtalib, shunday deb yozadi: “Ilgari feminist ayollar abortga qarshi keskin kurashib kelgan. Masalan, 1848 yilda feminist ayollarning birinchi yig‘ilishini tashkil etgan Elizabet Gedi Stenton abortni “g‘ayridiniy, jinoiy ish” deb hisoblagan”. Ayollarning saylovlarda ishtirok etish huquqini yoqlab chiqqan Syuzen B.Entoni esa “qanday sabab bo‘lishidan qat’i nazar, bu ishni sodir etgan ayol — jinoyatchidir. Bu qilmishi uchun u umr bo‘yi vijdoni oldida, hattoki o‘lim to‘shagida azob chekadi” deb ta’kidlagan. Darhaqiqat, aynan o‘n to‘qqizinchi asr feminist ayollarining tashabbusi va sa’y-harakati bilan abortni jinoyat deya e’lon qilgan qonunlar qabul qilnng‘an edi”.

Kolisonning ta’kidlashicha, Betti Fridanning asosiy asari — “Ayol siri” kitobi dastlabki nashrlarida abort masalasi hatto tilga ham olinmagan ekan. Bu ibora 1960 yillarda paydo bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushidan oldin “Oilani rejalashtirish” jamiyatining asoschisi Margaret Sanjer “ko‘p bolali oilada chaqaloqning o‘ldirilishi unga nisbatan rahmdillik bo‘lardi” deb yozganida, bu so‘zlar voqeliqdan yiroq radikal sotsialistning da’vati sifatida talqin etilgan edi. Ammo 60-70-yillar feminist ayollari Sanjerning oila va nikoh keraksiz yuk degan qarashlarini bayroq qilib oladi. “Nikoh, — deb yozadi, “Pornografiya: ayollarning erkaklar tomonidan bo‘ysundirilishi” kitobi muallifi Andrea Dvorkin, — zo‘ravonlik negizida vujudga kelgan institut. U dastlab o‘g‘irlash, so‘ngra asir olish orqali nikohga aylangan. Gap shunchaki foydalanish to‘g‘risida emas, balki uni to‘liq bo‘ysundirish haqida borayotir”. Ko‘rib turganingizdek, marksizmning aynan o‘zginasi. “Hozirga ko‘rinishdagi oila yo‘q qilinishi lozim, — deydi yana bir ashaddiy feminist Livda Gordon. — Oila kishilarga zulm o‘tkazishni, ularni birlashib, umumiy manfaatlarini himoya etishga qodir bo‘lmagan kichik-kichik guruhlarga bo‘lib tashlashni qo‘llab-quvvatlaydi”. 1970 yilda “Ms.” jurnalining asoschisi Robin Morgan nikohni quldorlikka qiyoslab, shunday deydi: “nikoh yo‘q qilinmas ekan, erkak va ayollar o‘rtasidagi tengsizlikka hech qachon barham berilmaydi”. O‘sha yili miss Morgan tahriri ostida nashr etilgan “Ayollar — opa-singallar” to‘plamida erkaklardan voz kechish jamiyati prezidenti Valeri Solanisning maqolasida shunday gaplarni o‘qish mumkin edi: “Bugungi ilm-fan taraqqiyoti davrida erkaksiz homilador bo‘lish... va faqatgina qiz bola tug‘ish imkoniyati tug‘ildi. Biz zudlik bilan ishga kirishishimiz lozim. Erkak bu — tabiatning xatosi, maynavozchiligi. U butun dunyoni axlat uyumiga aylantirayotir”. Miss Solanisning bu gaplaridan uning ayolga xos bo‘lmagan shafqatsizligi, ko‘zlagan ishiga qanchalik jiddiy yondashganini tasavvur etish qiyin emas.

1973 yili Nensi Lemann va Xelen Sallingerlar tomonidan feministlar harakatining “Feminizm deklaratsiyasi” deb nom olgan yangi manifesti e’lon qilinadi. Keng targ‘ib etilgan va ancha-muncha ijobiy taqrizlar olgan mazkur hujjatda, jumladan, shunday deyiladi: “Erkaklar nikohni o‘z manfaati uchungina o‘ylab topgan; u qonun bilan kafolatlangan ayollarni boshqarish usulidir... Biz uni yo‘q qilib yuborishimiz darkor. Ayolni ozod etishning asosiy sharti — nikoh institutining yemirilishidir. Shunday ekan, biz ayollarni erlaridan ajralishga, erkaklar bilan har qanday munosabatlarni uzishga da’vat etamiz...”

Aksariyat ashaddiy feminist ayollar nikohni — fohishabozlik, oilani esa o‘z ahamiyatini yo‘qotgan institut, deb hisoblaydi; ular orasida oila-nikoh munosabatlarini qamoqqa olish yoki surgun qilish bilan ham qiyoslaydiganlar oz emas. Sheyla Kronin “Juish Uorld Revyu” jurnalining 2000 yil fevral sonida bosilgan “Ayollar qadr-qimmatini himoya qilish yo‘lida” maqolasida yozishicha, “Nikoh — bu qullikning bir shakli ekan, demak, ayollar harakati ana shu institutga qarshi qaratilishi zarur. Chunki nikoh bor ekan, ayollarning ozod etilishiga umid qilish xomxayolikdir”. Albatta, hozirgi vaqtda amerikalik ayollarning hammasi ham bu g‘oyalarni ma’qullaydi, deb bo‘lmaydi. Aks holda bizda tug‘ilish ko‘rsatkichlari bundan-da ayanchliroq va hozirning o‘zidayoq halokat eshik qoqib turgan bo‘lardi.

Shunga qaramay, bu g‘oyalar ta’sirida million-million amerikalik ayollar oila qurish va bola tug‘ishdan voz kechmoqda, oilaning an’anaga zid shakllari paydo bo‘lmoqda. Masalan, 1970 yildan hozirgi vaqtgacha nikohsiz yashayotganlar soni 523 mingdan 6,5 milliongacha, ya’ni 1000 (!!!) foizga oshgani, faqat to‘rt xonadondan bittasida to‘liq (er-xotin va ularning bolalaridan iborat) oila istiqomat qilayotgani, yakka o‘zi yashayotgan amerikaliklar mamlakat aholisining 26 foizini tashkil etgani fikrimizni tasdiqlaydi. Boshqacha aytganda, nikoh “modadan qoldi”. 1990 yili Katarina Runske Buyuk Britaniyada chop ettirgan “Kimsasiz qalblar va uylar” kitobida nikoh va erkak zotiga qarshi qaratilgan feministik tajovuz oqibatlarini zo‘r mahorat bilan tasvirlagan. Uning nazarida, feminizm bu — “Darvin taraqqiyot nazariyasi singari boshi berk ko‘cha. Shu bois feminist ayollarni qo‘llab-quvvatlayotgan siyosatchilar o‘z xalqlarini ulkan xavf-xatar, jarlikka yetaklamoqda”.

Ommaviy madaniyat

Ommaviy madaniyat targ‘ib etayotgan qadriyatlar qatorida jinsiy mayl onalik baxtidan ancha yuqori o‘rin egallagan. Hozirgi vaqtda qayoqqa qaramang — ayollar jurnallari bo‘ladimi, bo‘lmag‘ur serial, erotik roman yoxud televidenie ko‘rsatuvlari bo‘ladimi barcha-barchasida ayollarning mustaqilligi (va yolg‘izligi), ishdagi yutuqlari va seksning oshkora targ‘ib etilayotganiga guvoh bo‘lasiz. “Har qanday kishilik jamiyati ikki yo‘ldan birini tanlashi lozim: bor kuch-imkoniyat va salohiyatni ijod va mehnatga safarbar etish yoxud jinsiy erkinlik nashidasini surish. Tarixning guvohlik berishicha, har ikkisini uyg‘unlashtirish kamdan-kam avlodlarga nasib etar ekan”. Tariximizdagi eng buyuk, deya e’tirof etilayotgan bugungi avlodning ongli hayoti Buyuk Inqiroz hamda Ikkinchi jahon urushi yillarida boshlangani barchaga ma’lum. Aynan ana shu avlodning kuch-quvvati va salohiyati tufayli Amerika dunyodagi yetakchi mamlakatga aylandi. Bebi-bummer va “next”lar avlodi vakillarining aksariyati esa jinsiy erkinlik yo‘lini tanladi. Bir oz vaqt o‘tib, biz Axvinning “G‘arb jinsiy erkinlik borasida amalga oshirgan eksperimentining qurboniga aylanadi” degan bashorati to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qilsak ajab emas. Zero, sharhlovchi Jenkin Lloyts Jons ta’kidlaganidek, “buyuk tamaddunlar va hayvonlarga xos yashash andazalarining umri qisqa bo‘ladi”.

Ruschadan Bahodir Zokir tarjimasi

“Jahon” adabiyoti jurnalining 2007 yil, 1-sonidan olindi.

_____________

Patrik Jozef Byukenen — amerikalik taniqli jurnalist va siyosiy sharhlovchi. 1938 yilning 2 noyabrida Vashington shahrida tavallud topgan. Katolik maktabni tugatgach, Jorjtaun universitetida tahsil olgan. 1961 yilda u mazkur universitetni ingliz tili va falsafa mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1962 yilda u Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining Jurnalistika Oliy maktabini bitirgan.

1966-1974 yillarda u prezident Niksonning maslahatchisi, 1985-87 yillarda esa prezident Reygan ma’muriyatida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari lavozimida xizmat qilgan. U “Yangi ko‘pchilik: prezident Nikson ikki yo‘l o‘rtasida” (1973), “O‘ng bo‘lib tugilgan”(1988), “O‘nglarning so‘llarga aylanishi” (2004) kabi o‘nga yaqin kitob muallifi.

Ayniqsa, Byukenenning “G‘arbning halokati: aholining kamayishi va immigratsiyaning kuchayishi mamlakatimiz va tamaddunimizga qanday tahdid solmoqda?” (2001) asari anchagina jiddiy bahs-munozaraga sabab bo‘lib kelmoqda. Unda muallif mavjud mamlakatiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar manbai va omillari hamda ular keltirib chiqarayotgan oqibatlar haqidagi fikr-mulohazalarini bayon etgan.

%MCEPASTEBIN%%MCEPASTEBIN%

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.