OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hasan Qudratullayev. Bobur buyukligining qirralari

Tarix zarvaraqlarini ko‘zdan kechirganda bir asrda ko‘pi bilan besh-olti nafar buyuk alloma o‘tganiga guvoh bo‘lamiz. XV — XVI asr o‘zbek adabiyoti, ma’naviyati tarixida ulug‘ zotlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Boburni ana shunday allomalar qatoriga kiritish mumkin. Zotan, Zahiriddin Bobur umr yo‘lining o‘zi avlodlar uchun ibrat namunasidir. U 47 yillik qisqa hayoti mobaynida yuz yil yashab ham ulgurmaydigan ishlarni ado etdi.

Bobur o‘z davrining tarixchisi, etnografi, o‘lkashunosi, biolog, geograf, dinshunos olim, shariat ahkomlarini mukammal bilgan va bu borada risola yozgan, arab alifbosi murakkab, o‘rganilishi qiyin bo‘lgani bois yangi “Xatti Boburiy» alifbosini yaratgan, davlatchilikda vaqt me’yorlarini qayta ishlab chiqqan, aloqa tizimini qayta qurgan va yana qanchadan-qancha islohotlarni amalga oshirgan, borgan yerida bog‘-rog‘ barpo etgan, Movarounnahr tamaddunini Sharqda tarqatgan buyuk shaxsdir. Bobosi Amir Temurning munosib vorisi sifatida uning saltanatini qalamravida qayta tiklash, yuksak saltanat barpo etish va davlatchilik ishlarini amalga oshirishni maqsad etdi. Mohir sarkarda sifatida eng og‘ir vaziyatlarda, bek va safdoshlari chap berib undan taxtni olishga intilib, ilojsiz qolgan holida ham “chun saltanat dag‘dag‘asi va mulkgirlik doiyasi bor, bir qatla, ikki qatla ish yurimagan bila boqib o‘lturub bo‘lmas”, degan g‘oya uni hamisha maqsadga erishishiga yetaklagan. Boburning bu xislati, kelajakka umid bilan qarashi barcha zamonlarda ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Bu buyuk alloma asarlarini mutolaa etganda, xayolan Bobur shuhratining sirini anglagandek bo‘laman, uning zamondoshlaridan hamisha ham mehr topmay, ularga mehr tarqatgan inson ekanligini anglab yetamiz. “Boburnoma”ni varaqlab, uning oxirgi sahifalaridan bu asarni ko‘chirgan noma’lum kotib (musavvadai avroq)ning asar muallifiga bergan xolisona, muxtasar ta’rifiga ko‘zimiz tushadi. Unda: «...va maholdurkim, ul podshohi qobilning yaxshilig‘larini aytgan bilan va bitigan bilan tuganmagay. Lekin, mujammal bukim, sekkiz sifati asil aning zotig‘a mutassil edi: birisi bukim, najhati baland edi; ikkimchisi, himmati arjumand edi; uchumchisi, viloyat olmog‘; to‘rtumchisi, viloyat saxlamog‘; beshumchisi, ma’murlug‘; oltimchisi, rafohiyat niyati Tengri taolo bandalarig‘a; yettimchisi, cherikni ko‘ngli(ni) qo‘lg‘a olmoq; sekkizimchisi, adolat qilmoq», deb zikr etilgan.

Uning shaxsidagi yuksak insoniy fazilatlar, chunonchi, ayol zotiga ehtirom, atrofdagilarga mehr va shafqatda bo‘lish, ta’kidlash joizki, Bobur hayotining mazmuniga aylangan edi. Aynan Boburning yuksak insoniy xislatlarini namoyon etuvchi, uni besh-olti asrdan keyin ham barkamol inson sifatida ko‘rsatuvchi misollar talaygina. Masalan, Sharq tarixida shoh yoki sulton vafot etmasdan turib mulkini o‘z vorisiga qoldirmagan. Bobur vafotidan ma’lum muddat oldin saltanatini to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun mirzoga topshiradi. U Hirotda bo‘lganida Kobulda eng yaqin kishilari fitna uyushtirishadi. Bu manzara Boburning o‘ziga qilingan xiyonatga munosabatini ham, davlatchilik siyosatini ham, og‘ir damda kechirimli bo‘lishini va nihoyat o‘ta mehr-shafqatli inson ekanligini ham yorqin ko‘rsatadi. Boburning Kobuldan uzoqda — Hirotdaligidan foydalanib, uning o‘rniga Mirzoxonni podshoh etib tayinlash uchun Kobulni muhosara etganlarida u ko‘p mashaqqatlar bilan Kobulga keladi va bu fitnani bartaraf etadi. U qo‘lga tushgan, sharmandalarcha ayollar to‘shakxonasiga yashiringan Muhammad Husayn mirzoni «chunon dodamning volidasi Shohbegim xoharzodasi bo‘lur edi, buyurdumkim, mundoq beizzatona kezdurmang, o‘lum yo‘qtur», deb gunohini kechiradi.

Boburning davlatchilik siyosati negizida tom ma’noda Shaxs turadi. U imkon qadar har bir askar, zobit, amirlar, oddiy kosibdan tortib nishonni aniq mo‘ljalga olishga qodir to‘plar yaratgan usta Aliquliga ham, qobiliyatli tarixchi Mirzo Haydar, vaziri a’zam darajasidagi beki Qosimbekka ham yuksak marhamatlarini ko‘rsatgan. Hatto saltanati rivojini istamagan Shohbegimga ham, raqiblari Ahmad Tanbal, Xisravshoh, Boqi Chag‘oniyoniyga ham maqsadiga qarshi yurmasliklarini ta’kidlagan, nizolar o‘rniga sulhni, hamkorlik darajasidagi davlat boshqaruvini taklif etib ko‘rgan, bularning iloji bo‘lmaganda esa, ular ustidan ham ma’naviy va ham harbiy jihatdan ustun kelgan.

Bobur tomonidan davlat boshqaruvida ko‘pgina xalqparvar amru farmonlar e’lon qilindi. Ularning eng namunalisi “ikki azimush-sha’n” farmonidir. Bu farmon Boburning adolatli davlatchilik maromini, podshoh sifatida yetuklikka erishganini, eng muhimi, qalamravidagi fuqarolarning kimligi, qaysi millat va dinga taalluqliligidan qat’i nazar, tamg‘a solig‘idan ozod etilganini asoslaydi. Ikkinchi farmoni vafotidan ikki yil oldin butun saltanatida sharob ichishni qat’iyan man etganiga oiddir. Boburning bu ikki farmoni uning xalqparvarligidan, inson manfaati, uning sog‘lig‘i va axloqiy barkamolligini yuksak qadrlaganidan dalolatdir.

Zahiriddin Bobur farzandlari Humoyun va Komronga yozgan maktub hamda vasiyatnomasida saltanatni adolatli tarzda, bamaslahat boshqarish, nokaslarni aslo davlat ishlariga aralashtirmaslik, zinhor boshqa elu elatlarning dini, urf-odatlari va an’analariga daxl qilmaslik, aksincha, ularni hurmat etishni ta’kidlagani bu qalbidaryo shaxsning uzoqni ko‘ra bilganligiga dalildir. Bobur nazarida saltanat obro‘si, birinchi navbatda, savodli, tez bir xulosaga keladigan, so‘z qudrati ustun, odamlarni o‘ziga ergashtira oladigan shaxslar faoliyatiga bog‘liq. Uning qarashicha, bek, vazir, shayxulislom va boshqa lavozimlarga ega shaxslarning hammasi ham saltanatni boshqarishga qodir emas. El nazariga tushish, askaru fuqarolar ko‘ngliga yo‘l topish uchun, avvalo, yuksak insoniy xislatlarga ega bo‘lish, ilm o‘rganish, davr yangiliklarinigina emas, saltanatdagi o‘zgarishlarni to‘g‘ri baholay bilish, harb san’atini to‘la o‘zlashtirish lozim; xulqida jasorat, mard kishiga xos xususiyatlar doimo namoyon bo‘lishi, muhorabalarda mushkul paytda quroldoshiga yordam qo‘lini cho‘zishi, ochiq ko‘ngilli, saxiy va bechoraparvarlik umr shiori bo‘lgan shaxsgina davlat boshqaruvida o‘zini ko‘rsata oladi. Xisravshoh, Boqi Chag‘oniyoniy, Ali Do‘st, Sulton Mahmud va boshqa beklarning xarakterida yuqoridagi kabi xislatlar kam ko‘ringanligi, yaxshilikdan ko‘ra yomonlik, g‘arazgo‘ylik va munofiqlik g‘olib ekanligini ko‘rgan Bobur ularning shaxsiy hayotlari ham ayanchli, mag‘lub qiyofalari nochor, umrlari esa saltanat dag‘dag‘alari bilan o‘tib, fojia bilan yakunlanganligini badiiy tasvirlarda bergan. Boburning davlat boshqaruvida shaxs mavqeini ana shunday tazod vositasida, yaxshi bilan yomonning qarama-qarshiligi orqali tasvirlanganligining o‘zi uni buyuk davlat arbobi sifatida ham, mohir ruhshunos darajasida ham ko‘z o‘ngimizda gavdalantiradi.

Boburning davlatchilik va yuksak harbiy mahorati Sharq va G‘arb olimlari, tarixchilari tomonidan ko‘p e’tirof etilgan. Bu borada tarixchi Pave de Kurteylning ta’rifi fikrimizga dalildir: “Har qanday sinovga bardosh bera oluvchi, iroda va matonatni o‘zida mujassamlashtirgan bu zot o‘zida harbiy hiyla va jasoratni uyg‘unlashtira olar, zarur bo‘lganda jazolashga ham va afv etishga ham qodir edi: u iste’dodli harbiy arbob va ishning ko‘zini biladigan, qo‘shinlarni mahorat bilan boshqara oladigan, ularning ishonchini qozona olgan sarkarda edi”.

Zahiriddin Bobur davlat boshqaruvida ayol shaxsiyatiga yuksak e’tibor bilan qaragan. U ayollar qadr-qimmatini joyiga qo‘ygan, izzatlarini bajo keltirgan, zarur bo‘lganda Qutlug‘ Nigorxonim, Eson Davlatbegim, Xonzodabegim va boshqa ayollar bilan davlat ishlariga oid masalalarni bamaslahat ado etgan, ularning fikrini inobatga olgan. Gulbadanbegim “Humoyunnoma” asarida yozishicha, Bobur Agrada davlat ishlari bilan band bo‘lgan paytda Xurosondan xotini — Xo‘b Nigorxonim tashrif buyurgani va u allaqachon saroyga ancha yaqinlashganligi haqidagi xabar yetkaziladi. Shunda Bobur barcha yumushlarini qoldirib xotini tomon otlanadi. U ayoli kelayotgan karvonni ko‘rib, otidan tushib, xotini tomon oshiqadi. Ayolini otidan tushirib, o‘zining otiga mindiradi va ot jilovini qo‘liga olib saroygacha yayov yetaklab keladi. Podshohning bu harakati ayrim saroy a’yonlariga yoqmaydi va ularning e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Shu misolning o‘zi ham Boburning o‘z davridan ancha ilgarilab ketganligini, oiladagi munosabatida samimiyat ustun bo‘lganini bildiradiki, bu zamondoshlarimiz uchun yana bir ibrat sabog‘idir.

“Boburnoma”da muallif davlat boshqaruviga oid sirlarni e’tirof etish bilan bir qatorda, yo‘l qo‘ygan xatolarini ham tan olib ochiq bayon etgan. Ayniqsa, uning Hirotga, Badiuzzamon mirzo huzuriga tashrif buyurganida bexosdan Badiuzzamondan oldin u tomonga qadam qo‘ygani, bu diplomatik xatoni payqagan Qosimbek Boburning belbog‘idan tortganini, har ikkala shahzodalar bir vaqtda bir-birlari tomon qadam qo‘yishlari diplomatik munosabatlar tartibiga muvofiqligini bildiradiki, bu haqda Bobur “mening nomusim Qosimbek nomusi bo‘lganligi bois mening xatoimni tuzatdi”, deydi.

Bobur diplomatiyasining yuksak namunasi sifatida “yukunish” siyosati alohida e’tiborga molik. Umuman, temuriylar saroyida saroy ahli, bek va zodagonlarning bir-birlari bilan uchrashuvlarida kimning necha marta, qay tarzda, qaysi holatda ikkinchi tomonga qarab yukunishi uning mansabi, vazifa darajasi, g‘olib yoki mag‘lubligi, umri poyoni yaqinligi yoki afv etilishiga qarab belgilangan. “Boburnoma”da bu mavzu juda jonli misollar, turli vaziyatlar talqini orqali bor mohiyati bilan keltirilganki, bu avvalo, Boburning yuksak darajadagi diplomatligini ko‘rsatadi.

Hirotda Badiuzzamon mirzo bilan uchrashganida Badiuzzamon uning yukunishini talab etadi, bu esa Bobur tomonidan kamsitish sifatida qabul qilinadi. Bobur o‘zining bu e’tirozi va kayfiyatini Badiuzzamonning beklariga yetkazadi va ancha muzokaradan keyin har ikkala shahzoda bir xil darajada ekanligi isbotlanadi va Boburning yukunishi shart emas, degan qarorga kelinadi.

Bobur diplomatiyasida raqib tomonni mag‘lub etishdan ko‘ra, u bilan sulh tuzish, Afg‘oniston va Hindistondagi davlat boshqaruvida bag‘rikenglik, o‘zga xalqlar dini, urf-odatini ehtirom etish, bechora-bevalarga yordam qo‘lini cho‘zish, yuksak saxovat orqali diplomatik munosabatlarni yaxshilash, shu qatori, bunyodkorlik ishlarini olib borish bilan muvofiq muhitni yaratishga harakat qilganiga guvoh bo‘lamiz.

Zahiriddin Boburning bu boradagi merosi hali yanada chuqur o‘rganiladi, mamlakatimiz diplomatiyasi tarixini boy misollar bilan to‘ldirishda mazkur merosning asqotishi aniq. U bir umr asl Vatani Movarounnahrda saltanatni boshqarishni, uni obod va ko‘rkam ko‘rishni orzu qilib yashadi, ammo bu niyat unga achchiq armon bo‘lib qoldi. “Boburnoma”da o‘qiymiz: “Bizning ehtimomiz ul sarilar (ya’ni Movarounnahrga — H. Q.) bormoqqa behad va beg‘oyattur. Hinduston ishlari ham bir nav’ somon topib keladur. Tengri taolodin umid andoqdurkim, bu oraning ishi Tengri taolo bot saranjom topqay. Bu ish zabtidan so‘ng betavaqquf, Tengri yetkursa, mutavajjuh bo‘lg‘umdur. Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay”.

Bebaqo umr Boburga bu niyatlarini amalga oshirishiga imkon bermadi. Biroq uning qoldirgan beqiyos adabiy, ilmiy, tarixiy asarlari, “Aruz risolasi”, she’riy devoniyu nazmiy asarlari, Xoja Ahrori valining “Volidiya” asarining forschadan o‘zbek tiliga o‘girgani, musiqa va harb ilmiga oid asarlari (hali topilmagan) unga boqiy shuhrat keltirdi va kelgusi avlod ham bundan bahramand bo‘lishiga shubha yo‘q.

Hasan Qudratullayev,

filologiya fanlari doktori, professor

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 7-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.