Qadriyatlarimiz tarixida Zahiriddin Boburning murakkab shaxs sifatida tilga olinishiga ko‘nikib qolganmiz. Har gal adib nomini jahonga mashhur etgan “Boburnoma” asarini, dilbar g‘azallarini, mehr bilan tarjima qilgan Xoja Ahrori Valining “Volidiya” asarini o‘qiganda shaxsiyatidagi zamondosh hukmdorlardan ustun jihatlarni ko‘ramiz. Maqola, kitob va boshqa ilmiy izlanishlarimizda Bobur shaxsining buyukligiga oid fikrlarni bildirdik va bu qarashlarimizni to‘ldirib borishga intildik. Ammo uning shaxsiyati naqadar murakkabligi, hali ayrim jihatlari xolisona aniqlanishi lozimligini ham sezamiz va bunga kirishishdan gohida andishaga boramiz. Bugun adibning tavalludi kuni munosabati bilan ayrim mulohazalarimizni bayon etishga jur’at qildik.
Tarixshunoslar va adabiyot sohasi bilimdonlari o‘rtasida Zahiriddin Boburning islom dinining ikki qanoti – sunniy va shia oqimlariga munosabati masalasida turlicha fikrlar borligi sir emas. Bobur umri davomida komil musulmon sifatida sunniylikning hanafiylik mazhabiga sodiq bo‘lib keldi. Tarixdan ma’lumki, islom dini paydo bo‘lishidan ko‘p o‘tmay ikki qanotga bo‘lingan edi. Islom dini g‘animlari hatto hozirgi kungacha uning qudratini pasaytirish uchun bu ikki qanotni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib, o‘z rejalarini amalga oshirishga urinib keladi.
Boburning bosh maqsadi bobosi Amir Temur saltanatini qayta tiklash va boshqarish ediki, bu yo‘lda u barcha kasri nafsi, o‘zga niyat, intilishlari bahridan o‘tib, astoydil harakat qildi va muhim natijalarga erishdi ham. Eng yaqin qarindoshlarining fitnayu xiyonatlarini kechirdi, dushmanlari bilan sulh tuzishni ma’qul ko‘rdi, suyukli egachisi Xonzodabegimni ashaddiy dushmani Shayboniyxon nikohiga kirishiga ham rozi bo‘ldi, Hindiston sultoni Ibrohim Lo‘diy jangda mahv etilgach, uning onasi Baydaga ko‘p muruvvatlar ko‘rsatib, saroyidan joy berdi. Shoh Bobur bu kabi tadbirlarini saltanat yaxlitligini asrashda muhim diplomatik yo‘l, deb bildi.
Shayboniyxonning shiddatli qarshiligini, kuchini o‘zining harbiy imkoniyati bilan qiyoslab: “Bir men Kobulda qolib edim. Dushman bisyor qaviy, biz ko‘p zaif, ne maslahat qilmoqqa ehtimol, ne muqovamat qilmoqqa majol. Muncha quvvat va qudrat. O‘zumuzni bir yer fikrini qilg‘uluqdur va bu miqdor furja va fursatta qaviy dushmandin yiroqroq ayrulg‘uluqdur. Yo Badaxshon jonibi, yo Hinduston sori jazm qilmoq kerak”, der ekan Bobur o‘ta mushkul siyosiy ahvolda qolganini bildirgan.
Boburning kindik qoni to‘kilgan Movarounnahrga qaytish maqsadi uni umrining oxirigacha tark etgan emas. Chunonchi, “Boburnoma”da muallif yozadi: “Bizning ehtimomimiz ul sarilar bormoqqa behad va beg‘oyattur. Hinduston ishlari ham bir nav’ somon topib keladur. Tengri taolodin umid andoqkim, bu oraning ishi Tengri taolo inoyati bila bot saranjom topqay. Bu ish zabtidin so‘ng betavaqquf, Tengri yetkursa, mutavajjih bo‘lg‘umdur. Ul viloyatlarning latofatlarini kishi nechuk unutqay. Alalxusus mundoq toyib va torik bo‘lg‘onda qovun va uzumdek mashru’ hazni kishi ne tavr xotirdin chiqargay”.
Ushbu satrlar Bobur Hindistonda mustahkam saltanat barpo etgan davrida yozilgan. Uning Vatan sog‘inchini yoniq ifodalagan yuqoridagi iqtibosga e’tibor beraylik. Bobur uchun muqaddas maqsad bo‘lgan ushbu fikrning ifodasida u uch marta Tangri – Ollohga murojaat etadi. Bu e’tirof Bobur nomiga, gohida bo‘lsa-da malomat toshini otib, uning Hindistonda qurgan imoratlari, barpo etgan bog‘-rog‘lari, Movarounnahr tsivilizatsiyasini yuksak davlatchilik siyosati bilan takomilga yetkazganiga qaramay, “nega Bobur bu bunyodkorlikni o‘z yurti Movarounnahrda qilmadi”, degan asossiz da’volarga munosib javobdir. Boburning hind yerida amalga oshirgan bunyodkorligining jahondagi shon-shuhrati Movarounnahrda qurishi ehtimoli bo‘lgan obidalar dovrug‘idan balandroqdir.
Bobur 1512 yili Samarqand shahriga kirib boradi va bobosi Amir Temur, otasi Umarshayx mirzo saltanat qilgan poytaxt taxtiga ma’lum muddat o‘tirishga muvaffaq bo‘ladi. Keyinroq u Buxoro xoni Ubaydulla bilan jangda shikast topadi. Bu mag‘lubiyat Boburning asl maqsadi barbod bo‘lishiga katta xavf tug‘dirgan holat edi. Shu muddatda u Eron shohi Ismoil Safaviydan harbiy yordam so‘raydi va bu yordami uchun u Samarqand masjidida xutbada Ismoil Safaviy nomi va shia mazhabini kiritib o‘qishni taklif etadi. Sof sunniy tariqatiga mansub Samarqand aholisi Boburga ixlos bilan qarasa-da, uning bu harakatini ma’qullamaydi. U shaharni tark etishga majbur bo‘ladi. Biroq, yuqorida keltirganimizdek, Bobur bir umr Movarounnahrga qaytishni orzu qiladi.
Hayotida sodir bo‘lgan bu noxush holatdan so‘ng Bobur Ismoil Safaviy bilan munosabatini buzadi. Bunga Qarshida yuz bergan voqealar ham sabab bo‘ladi. Boburning bu harakatini ayrim tarixchilar mazhabiy chalkashlikka kirganlikka yo‘yishadi. Bizning nazarimizda, bu masalaga Boburning siyosiy qarashlari nuqtai nazari bilan yondashmoq lozim. Ma’lumki, sunniylar va shialarning qarama-qarshiliklari asrlar bo‘yi davom etgan, tarixda ko‘p qonli urushlar bo‘lib o‘tgan. Bobur esa azaldan mutaassib dindor sifatida faoliyat olib bormagan va islom dinining bu ikki qanotini birlikda ko‘rish tarafdori edi. U shia tarafdorlarining harakatlarini islom diniga o‘ta xavf soluvchi mazhab deb hisoblamagan va shuning uchun ham Ismoil Safaviyning taklifini qabul qilgan, bu qarorini sunniy mazhabiga zid, deb bilmagan.
Ikkinchidan, Bobur Ismoil Safaviyning shartiga faqat bir maqsad – Amir Temur saltanatini qayta tiklash maqsadini amalga oshirish uchun rozi bo‘lgan. Keyinroq, Boburning o‘g‘li Humoyun ham Hindistonda bu yurt sultoni Shershohga qarshi kurashida Eron shohlari bilan muzokaralarga kirishgan, ularning ko‘magini qaytarmagan va shu yo‘l bilan boburiylar saltanatini asrab qolgan. Bunday siyosat yurgizish, sunniy va shialar ishlariga aralashmaslik, ularning nizolarini davlat miqyosga ko‘tarmaslik Humoyunga ota meros bo‘lgan va bu siyosat o‘zini oqlagan.
Zahiriddin Bobur o‘zining davlatchilik boshqaruvida millat, qavm va qabilalar, Hindistonda esa turli-tuman kastalar orasidagi mazhabiy va diniy nizolarni imkon qadar ahillik, o‘zaro tushunish va ayrim jihatlarga qisman yon berish orqali, bugungi til bilan aytganda, tolerantlik siyosatini yurgizgan.
U Afg‘onistonda hukmronligi davrida afg‘on qizi Dildora og‘achaga uylanadi, ikki farzandiga hindistonlik qizlardan kelin qiladi. Farzandi Humoyunga yozgan “Vasiyatnoma”sida: “Ey farzand! Hinduston mamlakati turli mazhablardan iborat. Subhonollo taolo haqqi, senga buyurildiki, har bir mazhabga pok qalb bilan qaragin, har bir mazhab va tariqatga adolatli bo‘lgin. Xususan, sigirni qurbon qilishdan saqlanginki, bu Hinduston xalqining qalb ardog‘i va bu viloyat ahli podshohga yaxshi nazar bilan bog‘lanadi. Podshoh farmoniga bo‘ysungan xalqni xarob qilmagin. Adolatni ixtiyor qilgin. Shunda shoh raiyatdan, raiyat shohdan xotirjam bo‘ladi. Islomning taraqqiyoti ehson tig‘i bilan yaxshiroqdir. Zulm tig‘i bilan emas”, deb ta’kidlaydi.
“Vasiyatnoma”ning davomida Bobur sunniy va shia mazhablarining o‘zaro ixtiloflari e’tiborga molik emasligi, bu ikki qanot ziddiyatlari faqat islom dini kuchini yo‘qotishga olib kelishini alohida ta’kidlagani muhim. Bunda Boburning har ikkala qanotdan ayb qidirmagani, ularning bir aqida – muqaddas islom dini atrofida birlashishini istaganini ko‘ramizki, bu dalil uni shia tarafdorlariga bo‘lgan munosabatini aniq ko‘rsatib beradi: “Ahli sunnat va shialarning ikir-chikirlaridan ko‘zingni yum. Chunki islomga qarshilar bor. Turli e’tiqoddagi xalqlarni teng tutginki, shunda saltanat turli tashvishlardan xoli bo‘ladi”. Nazarimizda, Boburning Samarqandda shia mazhabiga bildirgan muvaqqat qarashlarini uning mustahkam saltanat yo‘lidagi intilishlari asosidan qidirish kerak. Yuqoridagi matn buning yorqin dalilidir.
Keyinroq, Hindistonda boburiylar saltanatini yuksak cho‘qqiga ko‘targan Boburning nabirasi Akbarshoh bobosining bu vasiyatini imkon qadar amalga oshirib, turli diniy mazhablarni birlashtirishga, ularning bir maqsad sari intilishlariga bosh bo‘ldi.
Bobur hayoti bilan bog‘liq yana bir muhim jihat bu uning Hindistonda olib borgan urushlari va yakuniy g‘alabaga erishgani munosabati bilan unga berilgan “g‘oziy” unvoni masalasidir. Sharq xalqlari tarixiga oid manbalardan ko‘pgina g‘oziy sulton, shoh va sarkardalarni bilamiz. Ularning aksariyati olib borgan urushlarida ma’lum diniy e’tiqodlarini asos deb bilib, o‘zlari ko‘z tikkan g‘ayridinlarga mansub mamlakat, muayyan hudud aholisi yoki mazhablarni qatli om qilib, o‘z dinlariga kiritishni, qilich zarbi bilan bu niyatlarini amalga oshirishni maqsad etganlar. Ushbu niyatlari amalga oshgandan so‘ng, ularga din peshvolari tomonidan “g‘ozi” – g‘azavot orqali zafarga erishgan shaxs unvoni berilgan. Tarixda Sulton Mahmud, Sulton Muhammad G‘oziy va boshqalar shu xizmatlari bois “g‘oziy” atalishgan.
Zahiriddin Bobur ham Hindistonda Ibrohim Lo‘diy va boshqa hind sultonlari ustidan erishgan g‘alabasi bois bu unvonga loyiq, deb bilingan. Xo‘sh, ularning orasidagi farq nimada? Eng avvalo, ta’kidlaganimizdek, yuqorida nomi zikr etilgan sultonlar diniy nuqtai nazarni ko‘zlab, islom diniga qarshi bo‘lgan boshqa dinga mansub kishilarni islom bayrog‘i ostida birlashtirish uchun kurash olib borib, ko‘p sonli qurbonliklarni amalga oshirib, g‘oziy bo‘lishgan. Biz yuqorida Boburning islom dini, uning sunniy va shia qanotlariga oid qarashlarining, Hindistondagi dinlar va mazhablarga bo‘lgan munosabatining naqadar odilona ekanligiga oid dalillar orqali bu masalaga qisman oydinlik kiritgandek bo‘ldik. Shunday qarashga ega bo‘lgan shoh hech vaqt o‘zining kurashlari maqsadini islom dinidan tashqaridagi ommaga nisbatan qaratishi mumkin emas. Boburning Hindistonga yurishi va bu janglarda minglab kishilarning halok bo‘lishi “Boburnoma”da bayon etilgan. Ammo bu yurish, Boburning o‘zi ta’kidlaganidek, “kofirlar”ga qarshi emas, balki Hindistondagi Amir Temur saltanatining tasarrufiga kiritilgan yerlarni qayta egallash, saltanat qudratini avvalgidek saqlab qolishga qaratilgan muhorabalardir. “Boburnoma”dagi bu jang bayon qilingan sahifalarning biron joyida islom diniga qarshi xalqning kurashi tasviri mavjud emas. Adibning bosh maqsadi bobosi saltanatini qayta tiklash bo‘lgan, xolos. Shuning uchun ham Boburga “g‘oziy” unvoni, aniqrog‘i, islom dini peshvolari takliflari bilan berilgan, degan xulosaga kelish mumkin.
Bu borada e’lon qilingan “Fath” farmonidagi bir matn fikrimizni quvvatlaydi. Bunda “kofir” atamasi islom diniga mansub bo‘lmaganlarni anglatsa-da, aslida, bu so‘z zamirida hind askarlari, Boburning harbiy raqiblari haqida so‘z boradi. Farmon matnida “islom diniga qarshi chiqqanlar”, “islomiy ibodatlarni amalga oshirmaganlar”, “islom diniga bo‘ysinmaganlar” mazmunidagi so‘z, iboralar yo‘q, gap dushmanning lashkarlari va uning kuchi haqida ketmoqda. “Mashhur kofirlar” iborasi zamirida Hindiston dini hisoblangan buddizm tarafdorlari emas, hindlarning Bobur lashkarlariga qarshi kurashish uchun birlashgan Salohiddin, Raval Uday Sing Bagariy, Mediniy Ray, Barmal Idriy kabi lashkarboshilari nazarda tutilgan. Shu bois Bobur bu urushda diniy g‘azovot qilmasdan, harbiy janglarga kirgan va g‘alaba qozongan. Farmonning ushbu matniga e’tibor beraylik: “Bu kunlarda mashhur kofirlarning ko‘pginasi hech qachon hech bir ma’rakada unga (ya’ni hind sarlashkari Raana Sangaaga — H.Q.) islom askarlariga dushmanliklari jihatidan uning buzuq tabiat lashkarlari safini orttirdilar”.
Farmonning boshqa bir joyida hindistonlik sulton va rojalarning Amir Temur vassali bo‘lgan “kofirlar tug‘ini islom mamlakatlarining ikki yuzga yaqin shahrida tikkan edi. Masjid va ibodatxonalarni xarob qilib, u joylardagi mo‘minlarning xotin, bola-chaqalaridan asir qildi”, deyilgan. Ko‘rinib turibdiki, Boburning “g‘azovot”i diniy harakat bo‘lmasdan, temuriylarga mansub yerlarni qaytarib olish, ularning sha’nini himoya qilishga qaratilgan. Shuning uchun Zahiriddin Boburga berilgan “g‘oziy” podshoh darajasi nisbiy bo‘lib, u boshqa g‘oziy sultonlardan tubdan farqlanadi. Tarixchi, boburshunos G‘.Sotimovning quyidagi fikri bu masalaga yanada oydinlik kiritadi: “Albatta, Hindistonda bo‘lganida u mahalliy hindlar diniga nisbatan murosasizlik qilgan hollar ham ko‘zga tashlanadi, lekin bu hol faqat jang paytlarida, g‘oliblik ishtiyoqi yongan onlardagina seziladi... ularni g‘ayridin bo‘lgani uchun emas, balki o‘z saltanatini kengaytirish yo‘liga g‘ov bo‘lgan raqib sifatida yo‘lidan olib tashladi. Bu maqsad yo‘lida u faqat g‘ayridin rajputlarnigina emas, balki musulmon afg‘onlarning ham ko‘pini o‘rtadan ko‘tarib tashlaganligini unutmaslik kerak” (G‘.Sotimov, “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida boburiylar davri”, Toshkent, 2009, 64-bet).
Boburning o‘tgan boshqa sharqlik podshohlardan farqli va bizni hayratga soladigan xislatlari ko‘pki, bir maqola doirasida ular haqida batafsil fikr bildirish mushkul. Mulohazalarimizni hind tarixchisi Shri Ram Sharmaning bu borada xolisona bayon etgan ushbu fikri bilan yakunlaymiz: “Boburiylar Hindistonga fotih sifatida kelgan bo‘lsalar ham, ular qo‘l ostidagi mahalliy hindlarning hurmatini qozonganlar va ularga ma’qul bo‘lgan an’ana va udumlarni yo‘lga qo‘ya oldilar. Har kuni ertalab podshohning “Jarohai darshon” marosimida fuqaro oldida ko‘rinish berishi (salomga chiqishi), arzdorlarning podshoh qabuliga shikoyat bilan kira olish imkoniyatiga ega bo‘lishi, ma’muriy idoralar rahbarlari bajarishi lozim bo‘lgan vazifalarni aniq va ravshan belgilab berilishi... mamlakatni boshqarishdagi adolatli ishlari deb qarash kerak”. Bu guvohliklar yana bir bor Boburning shaxsiyatiga oid ayrim qarashlarni to‘g‘ri tushunishga yordam beradi, degan umiddamiz.
Hasan Qudratullayev,
filologiya fanlari doktori, professor, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 6-son