OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hasan Qudratullayev. Boburning davlatchilik siyosati

http://ziyouz.uz/images/babur.jpg

Boburning maqsadi bobosi Amir Temur saltanatini qayta tiklash va boshqarish ediki, bu yo‘lda boshqa maqsad, intilishlarining bahridan o‘tib, bir umr harakat qildi va muhim natijalarga erishdi ham.

Movarounnahrni tashlab ketib, Kobul hokimiyatini barpo etgandan keyin: “Bir men Kobulda qolib edim. Dushman bisyor qaviy, biz ko‘p zaif, ne maslahat qilmoqqa ehtimol, ne muqovamat qilmoqqa majol. Muncha quvvat va qudrat. O‘zimizga bir yer fikrini qilg‘uluqdur va bu miqdor furja va fursatta qaviy dushmandin yiroqroq ayrulg‘uluqdur. Yo Badaxshon jonibi, yo Hinduston sori jazm qilmoq kerak”, der ekan, Bobur mushkil siyosiy ahvolda qolganini bayon etgan.

Ungacha Bobur Kobul hokimiyatini qo‘lga kiritib, bu yerda mustahkam davlat tuzilmasini yaratadi. Mayda feodallikka barham berib, mustahkam davlatni barpo etadi, aytish mumkinki, bu o‘lka tarixini qayta yaratadi, yuksaltiradi. Keyinchalik Hindistonni o‘z tasarrufiga kiritgach, Kobul viloyatiga taalluqli yerlarga e’tiborini kanda qilmay, katta bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanadi...

Bobur Hindistonda, birinchi ­navbatda, davlatchilik siyosatini mustahkamlash, mayda-mayda feodal, ­rojaliklarga bo‘linib ketgan yurtni yaxlit davlatga aylantirish, o‘lka viloyatlarini markaziy saltanatga birlashtirishga intildi va bu borada ulkan natijalarga erishdi.

Davlat boshqaruvida shaxs masalasiga jiddiy e’tibor qaratadi, ko‘pincha nomi zikr etilayotgan arbob faoliyatini o‘zi boshqarayotgan saltanat me’yorlari bilan qiyoslaydi. Hindiston tarixida yangicha davlat tuzilishga kirishar ekan, saltanat boshlig‘i sifatida qo‘l ostidagi kishilar bilan muomalada, yurt osoyishtaligini ta’minlashda, raiyat, sipoh va beklar bilan yuksak darajada insoniy munosabatda bo‘lishni, axloqiy poklikni umr shioriga aylantirishga e’tiborini qaratadi. “Boburnoma”da tavsiflangan shaxslar xoh yurt a’yoni, xoh o‘zining suyukli farzandi bo‘lsin, faqat rostgo‘ylik bilan ularning ham ijobiy va ham salbiy jihatlarini xolisona tasvirlagan holda baholagani kishini hayratga soladi.

Yurt boshlig‘i, Bobur nazarida, eng avvalo, qo‘l ostidagilarga g‘amxo‘r bo‘lishi, ularni iqtisodiy jihatdan ta’min etgan holda boshqarishi lozimligini ta’kidlarkan, aks holda davlat boshqaruvida kutilmagan ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkin. Askarlari ­rizqidan qiyadigan, ularning maoshlari, mehnat haqlaridan urib qoladigan kimsa, shubhasiz, saltanat uchun og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishini aytadi.

Bobur davlat qurilishi ishida, Hindistondek ulkan mamlakat tarixida burilish yasash, uni yaxlit saltanat darajasida ko‘rish va boshqarish maqsadida qator yangiliklarga qo‘l uradi, idora usulida qonuniy asoslarni joriy etadi. Bu harakatlar zamirida, ayniqsa, shaxsning jamiyatdagi o‘rnini belgilashga alohida e’tibor qaratadi. Ayni paytda u Xuroson va Hindistonda misli ko‘rilmagan qurilish ishlarini amalga oshiradi, beqiyos me’moriy obidalar qatori bu o‘lkalarda ko‘plab bog‘lar, sug‘orish inshootlari, xalq ma’rifati va madaniyati, turmushiga xizmat qiladigan yetmishdan ortiq madrasa, rabot, hammom, ko‘prik va binolar qurdiradiki, bunday bunyodkorlik Sharq tamadduni tarixida ezgulik timsoli sifatida bugungacha qadrlanib kelinmoqda. Zahiriddin Bobur saltanatni boshqarish bilan birga mamlakat pochta-aloqa sohasiga ham jiddiy o‘zgartirishlar kiritdi, vaqt birligiga yangilik joriy etdi, arxitekturada Movarounnahr me’morlik uslublarini qo‘lladi, milliy artilleriya, harbiy-dengiz flotiga asos soldiki, bular barchasi Hindistonning tarixiy taraqqiyotida muhim burilish yasadi. Shu bilan birga bu mamlakatning tarixida mutlaqo yangi davr — boburiylar saltanati davrini boshlab berdi. Boburiylar sulolasi mazkur o‘lkada 332 yil hukmronlik qilib, uning madaniyati, san’ati, arxitekturasi, umuman, davlat qurilishi va ­boshqaruvida yangi davlatchilik asoslarini mustahkamladi, diplomatik munosabatlarning shakllanishiga ­zamin hozirladi.

Quyida maqolamiz mavzusi doirasidan kelib chiqib, Boburning Hindiston muhorabalaridagi dushmani Ibrohim Lo‘diy va o‘z farzandi Humoyun mirzoga doir fikr-mulohazalariga, ta’rif-tavsiflariga e’tiborni qaratmoqchimiz.

Boburning ta’rificha, Ibrohim Lo‘diyga otasi va bobosidan juda katta xazina meros qolgan. U Hindistondagi odat bo‘yicha istagancha yollanma askar olishga haqli bo‘lgan va shu boisdandir, lashkarlari soni yuz mingdan ortiq bo‘lgan. Biroq Ibrohimning “tabiatig‘a imsok ko‘p g‘olib”ligi, ishida saranjom-sarishtalik, ya’ni qat’iy davlatdorlik tartibi yo‘qligi hukmdor sifatidagi salbiy jihatlariga sabab bo‘lgan. Boburning ushbu e’tirofida rahbar shaxsiga bo‘lgan munosabatining yuksak tarbiyaviy va amaliy ahamiyati yaqqol ifodalangan: “G‘animning (ya’ni Ibrohim Lo‘diyning –H.Q.) hozir cherikini bir lak (yuz ming) chenarlar edi. O‘zining va umarosining ming-ikki mingga yovuq fili bor derlar edi. Ikki otasidin ­qolg‘on xazina xud naqd iligida edi. ­Hindistonda bir rasme bordurkim, mundoq ish tushganlarda yarmoq berib, miyod bila navkar tutarlar. Bu elni “badhandiy” derlar. Agar mundoq xayol qilsa edi, bir lak, ikki lak ham navqar tuta olur edi.

Tengri taolo rost kelturdi ne yigitini rozi qila oldi, ne ­xazinasini ulasha oldi. Qandin yigitini rizo qila olurkim, tabiatig‘a imsok ko‘p g‘olib edi. O‘zi yarmoq yig‘ishturmoqqa behad tolib, betajriba yigit edi. Ne kelishi saranjomliq edi, ne turushi, ne yurushi ehtimomliq edi, ne urushi”.

Boburning Ibrohim Lo‘diyga bergan bahosi shu bilan xotimalanmaydi. Panipat urushi boshlanishdan oldin Boburning lashkarlari shaharning hamma tomonini istehkomlar bilan berkitadi. Shunda uning Muhammad sorbon ismli beki Ibrohim Lo‘diy askarlari bu harbiy tayyorgarlikdan xabar topib, urushish shashtidan qaytadilar, deb Boburga arz qiladi. Boburning Muhammad sorbonga davlat boshqaruvi va harb san’atiga oid bergan yuksak tahliliy javobida davlatchilik tarixi darsliklariga kiritishga arzigulik quyma xulosa bor. Uning Movarounnahr hukmdorlari haqida “Chun ul xonlar va sultonlar yurush-turushning hisob va yarog‘ini bilur edilar”, degan fikri, Ibrohimning davlat boshqaruvida ana shu uquvining sustligi, qolaversa, uning lashkarboshi sifatidagi layoqatsizligi o‘zining teran ifodasini topgan.

Boburning qiyosiy tahlillari zamirida o‘sha shiddatli muhoraba va kurashlar davrida davlat boshqaruvining bilimli, aqlli va tadbirkor kishilar bilan birga harb ishini, harbiy taktikani mukammal egallagan, o‘z yurti va qalamravini dushmandan himoya qila oladigan jasur ­shaxslar ta’minlay olishi haqida so‘z yuritilmoqda.

Uning o‘z o‘g‘illari Humoyun va Komronga yozgan maktublari, bu nomalarning mazmun-mohiyati haqida boburshunoslikda birmuncha fikrlar bildirilgan. Bu maktublarda, bir-biri bilan bog‘liq turli mavzulardan ­tashqari, Boburning davlatdorlik va yurtni boshqarishga oid g‘oyat muhim qarashlari bayon etilgan. Ularda saltanat xizmatiga bel bog‘lagan shaxslarning psixologiyasi, davlatdorlikda ularning o‘rni, yurt manfaati yo‘lida kimga suyanish va kimning bahridan kechish, sadoqat va xiyonat kabi shaxsiy xususiyatlar bilan bog‘liq jihatlar alohida ta’kidlanadi.

Boburning Humoyunga yo‘llangan maktubida o‘z saltanati vorisiga mehri bilan bir qatorda qat’iyat va talabchanlik aks etgan qarashlari ham aniq ifodasini topgan. Bu borada so‘z yuritar ekan, Boburshoh saltanat devonidagi kishilarning shaxsi pok bo‘lishi, ular hech qachon xiyonatga qo‘l urmasligi, hukmdorning esa shoshilib xulosaga kelmasligi, nokas, nomard kimsalar bilan hamsuhbat bo‘lishdan tiyilishi haqida qisqa, ammo teran mulohazali ­fikrlarni bildiradi.

Xususan, maktubda Humoyunning ukalari bilan bamaslahat, baqamti mashvarat orqali saltanat ishini boshqarishi, xusumatga yo‘l qo‘ymasligi, azmu shijoatli, uzoqni ko‘ra biladigan beklar va a’yonlarga tayanishi zarurligi alohida uqtirilganini ko‘ramiz: “Yana uluq ish ustiga borasen, ish ko‘rgan, ra’y va tadbirlik beklar bilan kengashib, alarning so‘zi bilan amal qilg‘aysen. Agar mening rizomni tilarsen, xilvatnishinliqni va el bila kam ixtilotliqni bartaraf qilg‘il. Kunda ikki navbat iningni va beklarni ixtiyorlarig‘a qo‘ymay, qoshingg‘a charlab, har maslahat bo‘lsa kengashib, bu davlatxohlarning ittifoqi bila har so‘z unga qaror bergaysen”.

Muxtasar aytganda, Bobur saltanat boshqaruvida shaxsning roli va o‘rniga yuksak e’tibor bergan. U davlatchilik va boshqaruvning ta’siri va samarasi, pirovard natijada, avvalo, bilim va yuksak taffakurga ega, layoqatli, shijoatli va mard insonlarga ko‘p jihatdan bog‘liq ekanini hayotiy dalillar orqali ko‘rsatib bergani, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Hasan Qudratullayev,

filologiya fanlari doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 19-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.