OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sanobar To‘laganova. Taqdir siylovi

XX asr avvalida bir ildizi xalq og‘zaki ijodidan, bir ildizi mumtoz adabiyotimizdan va yana bir ildizi dunyo adabiyotidan oziqlanib rivoj topa boshlagan o‘zbek adabiyoti o‘z tarixining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.

Ana shu davrda ilk asari bilanoq millat ma’naviyatining, jamiyat tafakkurining bir pog‘ona ko‘tarilishiga, ruhan yuksalishiga turtki bergan adiblar safida Abdulla Qodiriy ham bor edi. Ko‘plab tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan Toshkentda tug‘ilib o‘sgan yozuvchining bolalik xotiralari jonli tarix o‘zanida shakllandi. Taqdir unga yigirma olti yoshidayoq betakror birinchi o‘zbek ­romanini yaratishni nasib etdi.

Hayotda katta iste’dodlarning yuzaga chiqishiga ko‘pchilikning xizmati singadi. Abdulla Qodiriydek iste’dodning tarix sahnasiga chiqishida kimlarning hissasi bor, yozuvchiga kim ustozlik qilgan, ilk o‘zbek romani qanday muhit, sharoitda yaratilgan, yozuvchi nima uchun aynan tarixiy mavzularga qo‘l urdi, degan savollar bizni masalaga chuqurroq kirishga undadi. Biz bu savolga adib yashagan oila va muhit doirasida javob topishga harakat qildik.

Taniqli adabiyotshunos olim ­Umarali Normatov “Qodiriy mo‘‘jizasi” kitobidagi “Otaga ta’zim” maqolasida yozuvchining kamolotida “oltin halqa” vazifasini bajargan Qodirboboga e’tibor qaratishi bilan adib tarjimai holiga yangicha nigoh tashlaydi.

Darhaqiqat, Qodirmuhammad Hojimuhammad o‘g‘li (1821-22– 1924) Eskijo‘va mahallasida Hojimuhammad bobo oilasida tug‘ilgan. Qodirmuhammad bobo (Abduqodir, Qodirboy, Qodir ota, Qodir bobo deb ham atashgan) madrasa ilmini olmagan bo‘lsa-da, jismonan baquvvat, serg‘ayratligi bois yigitlik chog‘larida sarboz bo‘lgan. Dunyo ko‘rgan, oqu qorani tanigan bu inson Rusiya istilosidan keyin Eski Jo‘vada baqqollik do‘koni ochib ipak, idish-tovoq, choy kabi kundalik ehtiyoj mollari bilan savdo qilgan va tijorat vaji bilan uzoq yurtlarda bo‘lgan, keyinchalik dehqonchilik va bog‘bonlik qilib oilasini boqqan. Farzandsizlik tufayli Qodirmuhammad bobo to‘rt marta uylanadi. Bu vaqtda u ellikdan oshgan, ­Josiyatbibi (1862-1936) esa o‘n besh-o‘n olti yoshlarda edi. Qodirmuhammad bobo farzand istagida joyni almashtirsak o‘zgarish bo‘lar, degan umidda Eski Jo‘vadagi hovlisini sotib, Samarqand darvozaga yaqin Eshonguzar mahallasidan yer sotib olib uy quradi. To‘ng‘ichi Rahimberdidan (1879) so‘ng uning o‘n ikki farzandi ketma-ket nobud bo‘ladi. Bobo yetmish ikki-etmish uch yoshlarga kirganda Abdulla (1894) tug‘ilgan. Josiyatbibining: “Men Abdullani o‘n ikki bolani yerga qo‘yib olganman”, deb erkalashi unga ayricha munosabatning dalili.

Qodirmuhammad bobo harbiylarga xos qattiqqo‘l, irodali, talabchan shaxs bo‘lgan, farzandlarini tilab olganman deb avaylab o‘tirmagan, ularning ilm-ma’rifatli bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratgan.

Qodirmuhammad boboni ziyorat qilishga kelganlar orasida u kishi bilan birga tarixiy voqealarning, urushlarning guvohi bo‘lganlar xotirlarini gapirib, zavqlangan davrada Abdi (yozuvchini dadasi shunday deb atagan – T.S) ham dastyor, ham tinglovchi bo‘lgani ehtimoldan uzoq emas. Olovli voqealarning tirik shohidi bo‘lgan bobo ko‘rgan-kechirganlarini bolalariga, yaqinlariga so‘zlashni yaxshi ko‘rar, o‘g‘li Abdullada esa uning hikoyalarini tinglashga moyillik kuchli bo‘lgan. Taqdirning siylovini qarangki, Abdulla otasiga eng munosib tinglovchi bo‘la olgan.

Yozuvchining onasi Josiyatbibining otasi Aziz so‘fi ham sarboz bo‘lib, Qodirmuhammad boboning janglardagi safdoshlaridan biri edi. Demak, har ikki bobo ham o‘z zamonlaridagi harbiylardan hisoblanib, tarixiy voqealarning guvohi sifatida kechmishlarini eslab gurunglashishni yaxshi ko‘rishgan. Tarixning sirli sarguzasht­larga boy qizg‘in suhbatlar Abdullaning dunyoni obrazli anglashida, tafakkuri shakllanishida turtki — “undirgi” vazifasini bajargan. Bu kabi gurunglar vositasida yozuvchi xalq tilining “shira”sidan o‘z nutqini oziqlantirgan. Bobo tarixiy afsona, rivoyat va boshqa sarguzashtlarni so‘zlab bo‘lajak ijodkor uchun bevosita informator — axborotlarni yetkazib beruvchi shaxs vazifasini bajargan. Shu tariqa adib yozilajak roman ­loyihasining xomakisini, sochilib yotgan epizodlarning dastlabki chizgilarini xayolan pishitib borgan.

Qodirmuhammad boboning g‘ayrat-shijoati, mehnatsevarligi, talabchanligi farzandlar orasida ko‘proq Abdullaga o‘tgan. Oybek: “U (Abdulla Qodiriy — T.S) aqliy mehnat kishilariga har mahal ham nasib bo‘lavermaydigan darajada mehnatga o‘ch kishi edi”, deb yozsa, H.Qodiriy otasi haqidagi xotiralarida: “U shu qadar tez va shaxt bilan yozardiki, yozish sur’ati stenograf tezligida edi, desam mubolag‘a bo‘lmas,” deb yuqoridagi fikrni ­tasdiqlaydi.

1924 yil 9 aprelda “Turkiston” gazetasida: “5 aprel ro‘zaning birinchi kuni, yosh yozg‘uvchilarimizdan o‘rtoq Julqunboyning otasi Abduqodir ota 103 yoshida vafot etdi. Abduqodir otaning butun umri mehnat — bog‘dorchiliq bilan o‘tkan”, degan xabar bosiladi. Abdulla Qodiriy otasi haqida 1922 yil “Inqilob” jurnalida shunday yozadi: “Otam 1242 hijriy, 1823 melodiy yillari Toshkandda tug‘ilub, alhol, 99-100 yoshlardadir...”

Ota suhbatlarida nafaqat sarguzashtlarni, balki o‘zi ko‘rgan mamlakatlardagi davlat tizimi, tartiblari, idora usullaridagi ibratli jihatlar, yurtning ijtimoiy-siyosiy ahvoli bilan bog‘liq muammolar haqida ham bolalariga so‘zlab bergani xotiralarda yozilgan. “O‘tkan kunlar”da Otabekning davra ahlini o‘z og‘ziga qaratib o‘zga yurt idora usuli, Shamay taassurotlari haqida havas bilan so‘zlashi Qodirmuhammad boboning bolalariga qayta-qayta aytib bergan hikoyalari davomiga o‘xshab ketadi. Darvoqe, Qodirmuhammad bobo umrining oxirigacha kambag‘alga qayishmagan hukumatni qabul qila olmagan, o‘z davrining ijtimoiy, siyosiy ahvoliga baho berish qudratiga ega ongli shaxs bo‘lgan. Bu esa, o‘z navbatida, fikriga sobit, maslagi yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan, imoni mustahkam bo‘lajak yozuvchining tarbiyasida juda asqotgan.

Habibullo Qodiriy yozadi: “Dadam romanning yozilish tarixi haqida ­quyidagicha hikoya qildilar: “... Otam yoshligimda qiziq-qiziq xotiralarini so‘zlab berardi. So‘ngra o‘sha davrlarimiz tarixiga oid ancha kitob manbalari bilan ham tanishib, o‘tmishimizdan g‘arb romanchiligi asosida kattaroq bir asar yaratish hissi tug‘ildi. Tarixiy voqealar boshimda shu qadar ko‘p, go‘yo qaynar, menga tinchlik bermas edilar. Ammo bu voqealarni qanday qilib bir ipga tizishni, qog‘ozga tushirishni tasavvur qila olmasdim. Kunlarning birida bog‘imizga otamni ko‘rgani eshak minib shahardan bir chol chiqdi. Otam shu chog‘larda yuz yoshlarda bo‘lib, mehmon esa undan besh-o‘n yosh kichik ko‘rinar edi. Otam mehmondan so‘radi: “Andijondagi xotiningizdan necha bolangiz bor?”. Ularning suhbatidan men angladimki, bu mehmon toshkentlik bo‘lib, uyli-joyli, bola-chaqali kishi ekan. Ammo yoshlik chog‘larida savdo vaji bilan Andijonga borib qolib, u yerda ham ko‘p yillab istiqomat qilgan, uylanib, bola-chaqali bo‘lgan va keksaygach, o‘z shahriga qaytib kelgan ekan. Mehmonning shu soddagina tarixi menga chuvalgan ipning uchini topib berganday, yozmoqchi bo‘lgan kitobimning shaklini chizib berganday bo‘ldi”. Mana shu kichik parcha birinchi o‘zbek romanining yozilish tarixi va sabablarini oydinlashtirib beruvchi muhim faktdir. Yozuvchi mana shu lavha orqali o‘zining romanga tayyorgarlik jarayoni va bu o‘rinda qay ­jihatlarga diqqat qaratganligini yo‘l-yo‘lakay aytib o‘tgan.

Yozuvchi romanga shakl tanlay olmay yurgan paytda savdogar cholning kelishi va ularning o‘zaro gurungi ijodkor tafakkurini yoritib, uning shu ­vaqtgacha chuvalgan fikr-o‘ylariga “shakl” topib bergan. Demak, bu lavha katta yo‘lga olib o‘tuvchi ko‘prik ­vazifasini bajargan.

Yozuvchi otasini, uning tutgan yo‘lini farzand sifatida ideal deb bilgan. O‘z ishongan idealiga intilish, ergashish, unga sodiq qolish yozuvchi asaridagi qahramonlarda yaqqol ko‘rinadi. Otabek xarakteridagi jasurlik, o‘ktamlik, o‘ziga bo‘lgan kuchli ishonch hissi, har qanday og‘ir vaziyatlarda ham o‘ziga ishonishi, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bo‘lmay, muammoni o‘zi hal qilishga intilishi Qodirmuhammad bobodagi o‘ktamlik, jasurlikning sachratqilaridir.

Ma’lumki, Qodiriy “Mehrobdan chayon”ni yozishga 1926 yili kirishgan. Bu vaqtda Qodirmuhammad bobo dunyodan o‘tgan edi. Adib mazkur romanining oxirida shunday yozadi: “Men mirzo Anvar hikoyasini otam marhumdan eshitkan edim”. Boboning aytishicha, u Anvarning nikoh xutbasida masjidning imomi bilan birga ishtirok etgan: “Mirzoning o‘z og‘zidan Xudoyor bilan kechkan mojarosini eshitdik, taajjublandik va minba’d mirzoga ixlosimiz ortdi...”.

Xulosa shuki, yillar davomida ota undirgan zamindagi urug‘ kuchga kirib hosil berdi, shu zahiradan quvvat olib yuksalib bordi. Ota farzandlariga ko‘rgan-kechirganlarini hikoya qilib berar ekan, Abdullaga ataylab sen yozuvchi bo‘lasan, deb uqtirmagan bo‘lsa-da, unda ijodga havas, rag‘bat uyg‘otishda murabbiylik qilgan. Abdulla ­Qodiriyning dunyoqarashi, tafakkuri shakllanishida, dunyoni anglashida otasi ilk ustoz maqomida bo‘lgani, romanlari yaratilishida uning xizmati, o‘rni beqiyosligi, bu aslida, yozuvchiga taqdirning siylovi edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sanobar To‘laganova,

O‘zR FA Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 19-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.