OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim G‘afurov. Muhabbat ma’rifati

E ishq, g‘arib kimiyosen.
Navoiy


Yer yuzida shu bizning kunlarimizgacha qancha odam bolalari o‘tgan bo‘lsa, bari muhabbat, sevish, yaxshi ko‘rishni boshidan kechirgan. Albatta, ibtido zamonlaridagi muhabbat va sevgi bilan yangi hamda hozirgi zamonlardagi muhabbat, sevgi o‘rtasida yeru osmoncha farqlar bo‘lgani tabiiy. U bundan keyingi insoniyatning davrlarida ham hech shak-shubhasiz bo‘ladi.  Faqat texnika, genetika, klonlashtirish, hamma narsalarni kompyuterlar va ulardan ham qudratliroq apparatlarga solib hisoblab chiqarish kabi hodisalar muhabbat, sevgi, yaxshi ko‘rishga vaqt o‘tgan sari juda kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Muhabbat, sevgi tobora hisob-kitoblarga — oqilona, ya’ni aql bilan mashinalar yordamida chiqarilgan aniq hisob-kitoblar, tavsiyalarga bo‘ysunadi. Shu paytgacha cheklab, chegaralab bo‘lmagan insoniyat hissiyotlarini aqliyot (ratsionalizm) doirasida cheklashga, mustahkam, izchil, qat’iy mantiq qolipiga solish imkoniyati tug‘iladi va insoniyat shu imkoniyatni tanlaydi hamda unga ilm asosida rioya qila boshlaydi. 
Biz bu yerda muhabbat, sevgi, yaxshi ko‘rish degan tushunchalarni bir ma’nosi doirasida qo‘llamoqdamiz. Ular asli bir narsa, lekin fikr-tafakkurda tsivilizatsiya o‘sgani sari balki ularning ma’no turlanishlari ham yuzaga chiqa boshlagan bo‘lsa sira ajab emas. Xususan, Navoiyning yuqoridagi favqulodda go‘zal so‘z-fikridagi ishq bilan biz tushunadigan va hozir so‘z yuritayotganimiz muhabbat, sevgi, yaxshi ko‘rish orasida hatto oddiy nazar bilan solishtirib ko‘rish mushkul bo‘lgan olam-olam o‘zgachaliklar mavjud bo‘lsa kerak. Navoiy tilga olib ta’riflagan (uning bundan ham turfaroq va bundan ham ranginroq, teranroq ta’rif-tavsiflari asarlarida saxovatning qo‘lidan tinimsiz sochilayotgan tilla zarralari — zarafshonlari kabi porlab yotadilar) ishq koinot bilan bitta vujudga aylangan ishq. U koinot bilan birlik kasb etgan qalblarda yashaydi va o‘z koinotiy hissiyotlari va xususiyatlarini kasb etadi. Adabiy qahramonlar doirasida olsak, Majnun, Farhod, Verter, Mishkin yoki real tarixiy nisbatlarda esa insoniyatning eng tabiiy odamlari bo‘lmish hazrati yalavochlar — payg‘ambarlar, Xudo elchilarining ishqi — xuddi mana shunday koinot miqyoslarini o‘zida ifodalagan ishqdir. Bu ishq faqat tabiiy odamlardagina bo‘ladi, tabiiy odamlardagina tug‘iladi va azaliy kamolot xususiyatiga ega bo‘ladi. Esingizdami, Qays bilan Laylining Navoiy dostonida ilk bog‘cha saylida ko‘rishganlari? Qaysning majnunligi o‘shanda boshlandi. U Laylini ko‘rib daf’atan behush bo‘lib yiqildi. Uning hissiyotlari visol va go‘zallikning qudratiga dosh berolmadi. Esingizdami, uning boshiga kelgan Layli nima dedi: 

Ishrat chog‘i mehnating ne ya’ni?
Sho‘robayi hasrating ne ya’ni? 

Layli ishqning tepasiga yetib keldi. Lekin uning nima ekanligini hali tasavvur qilgani va tushungani yo‘q. Shuning uchun behad hayronalik va iztirobda shu ajoyib ifodalangan savolni bermoqda. U hali visolga yetganda mehnatning eng cheksizi va eng og‘iri boshlanishini va hasrat poyonsiz bir nuqtaga chiqishini bilmaydi. Odamlar borki, visol ishqning eng so‘nggi nuqtasi, samarasi va hosilasi — bosh maqsadi deb tushunadilar. Ularning nazarida visolga muyassar bo‘lish bilan ishq yakunlanadi. Yoki yakun bosqichiga kiradi. U yog‘iga «proza» boshlanadi.
Lekin yetay deganda yetib bo‘lmaydigan ishq —Majnun, Farhod, Verterlar ishqi ham mavjud.
Yetganda saqlab bo‘lmaydigan ishq — Bahrom Go‘rlar ishqi — bu boshqa. Uning visolida hamisha achchiq, alamli ayriliqlar yotadi. Bular insoniyatning Xudoga yaqinligi va yana ham to‘g‘rirog‘i, Xudo zuhuroti ekanligining bizga ma’lum qilingan bir sirli belgisidir.
Yuqoridagi tushunchalarimizga qaytaylik. Muhabbat fani deb aytayapmiz. Muhabbatning ilmi desak, muhabbatning san’ati desak, muhabbatning nafosati desak, muhabbatning mahorati desak, balki yaxshiydi. Muhabbat o‘zimizning qadim o‘zbekchada sevgiga to‘g‘ri keladi. Lekin nozik bir farqi bor. Muhabbat habiblikni bildiradi. U ikki odam o‘rtasida hosil bo‘ladi, ikki odam o‘rtasida yashaydi — bu ikki odam minib borayotgan bitta ulov yoki serto‘fon ummondagi bitta qayiq. Muhabbatda bir-birini anglash bo‘ladi: buni biz yuksak ma’noda habiblik, do‘stlik deymiz. Muhabbat bir tomonlama bo‘lmaydi. Lekin mana sevgi, yaxshi ko‘rish esa tamomila bir tomonlama bo‘lish ehtimolidan uzoq emas. Sevgi va yaxshi ko‘rish bir tomonlama, ya’ni javobsiz bo‘lishi mumkin. Uning ojizligi, ayanchliligi shunda. Lekin muhabbat habiblikda va doimo ikki tomonlama, ya’ni anglangan hodisadir.
Endi «fan»ning zamiriga qaraylik. «Fan» arab lug‘atlarida «san’at», «nafosat», «nafislik» va qolaversa, «hunar» deb tushuntiriladi va arablar hech qachon «fan» deganda «ilm»ni tushunmaydilar. Biz tushungan «fan»ni ular «ilm» so‘zi va uning hosilalari bilan ifodalaydilar. Bizda qachon «fan» ilm bo‘lib ketdi? Keyingi madaniy zamonlarda jadidlik uyg‘onganda va harakat qudratini kasb etganda, «ilm-fan» degan qo‘shaloq, juftlangan tushuncha qo‘llana boshlandi. Bu tushunchani ilk bora qo‘llaganlar juda to‘g‘ri qo‘llaganlar va to‘g‘ri tasavvurda bo‘lganlar. O‘zbek tilini yangi tushuncha bilan to‘ldirganlar va boyitganlar. «Ilm-fan» deganda ular ilmlar va san’atlarni nazarda tutganlar. Lekin keyin-keyin tilimizning stixiyasiga keng kirgach ilk to‘g‘ri ma’no unutildi va «ilm-fan» endi «ilm-ilm» yoki «fan-fan» degan ma’noda qo‘llanilib ketdi.
Navoiyda «fan» so‘zi ancha keng ma’nolarni qamrab oladi. Hatto ayrim o‘rinlarda Navoiy «fan» so‘ziga yangi bir ma’no yo‘nalishi ham bag‘ishlaydi:

Haq vahmidin ulki yig‘lamoq fan qilg‘ay
Ul ashk aning ko‘zini ravshan qilg‘ay.

Bu yerda «fan» so‘zi «odat» ma’nosida qo‘llanmoqda. Navoiyning mashhur:

Qaro ko‘zum, kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il

misraidagi «fan» ham so‘zning kutilmagan, go‘zal «jadidiy» ma’nosida ishlatilgan. Akademik Aliybeg Rustamiy ham buni «odat qilish», «hunarga aylantirish», «odamiylik kasb etish» ma’nolarida qo‘llanganligini qayd qilib o‘tadi.
Endi biz muhabbat fani deganda muhabbatning san’atlari, mohirliklari, nafosatlari, hunarlari, odatlarini tushunamiz. Uch harfdan iborat so‘z tafakkur taraqqiyoti davomida shunchalar ajoyib ma’nolarni anglatish, ifodalash qudratini kasb etdi. Bizning kunlarimizdan 2 ming 50 yil ilgari yozilgan Rim shoiri Publiy Ovidiy Nazonning «Sevish fani» degan go‘zal asari jahonga mashhur va barcha vaqtlarda sevib o‘qilgan. Ovidiy asarini asliyatda «ars amatoriya» deb atagan. Ars — lotinchada san’at, amatoriy — sevgi. Bu asar Iso Masiho tavalludidan bir yil ilgari dunyoga kelgan. Bu kitob sevish san’atining butun oshublari, fitnalari, g‘amzalari, fasonalari, dog‘uliliklari, go‘zal hunarlari haqida hikoya qiladi. Rus tiliga bu asar «Nauka lyubit» deb o‘girilgan. XX asrning buyuk faylasuflaridan biri Erix Fromm «Sevish san’ati» deb atalgan falsafiy teran tadqiqot yaratgan. U muhabbatning rang-barangligi va insoniy, ijtimoiy, estetik mohiyatlarini hozirgi zamon ilmlari erishgan taraqqiyot nuqtai nazaridan turib tadqiq qiladi. Muhabbatga insonning buyuk bir qadriyati sifatida qaraydi. Rus tiliga Frommning asari «Iskusstvo lyubit» deb tarjima qilingan.
Shulardan kelib chiqib, o‘zbek tilimizga «muhabbat fani» degan tushunchani kiritsak, mabodo u tilning iste’mol stixiyasida o‘zlashib borsa, ifoda va tasviriy boyligimiz ortadi,ehtimol.
Yer yuzida hozirgacha qancha odam o‘tgan bo‘lsa, barining o‘z muhabbati bo‘lgan, muhabbat, sevgi, yaxshi ko‘rishni o‘z qalbiga doir tushungan va amal qilgan. Bir milliard, o‘n milliard, yuz milliard muhabbat, sevgi, yaxshi ko‘rish amaliyoti haqida so‘z yuritish mumkin. Shunchalar alvon va rango-rang bu hissiyot sohasi.
Fromm o‘sha asarida «Muhabbat amaliyoti e’tiqod amaliyotini talab qiladi», deb yozadi. Darhaqiqat, e’tiqod darajasidagi muhabbat eng oliy muhabbatdir. Qadim shoirlarimiz Hakim Ota, Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Hojib, toshbitiklarimizdagi, Alp Er To‘ngamiz tirik dostonidagi buyukdan buyuk o‘lanlarda, Navoiygacha va uning barcha izdoshlarida, Lutfiy, Atoiy, Mashrab, Huvaydo, Saryomiy, Muqimiylarda xuddi ana shunday amaliyoti e’tiqod darajasiga ko‘tarilgan ishq-muhabbat haqida yozilganligini ko‘ramiz. Hakim Ota «haq zikrini huzur bilan aytmish kerak», deganida va uning barcha go‘zal satrlarida e’tiqod va muhabbatning mislsiz chamanlari ochilib yotganini ko‘ramiz. «Huzur bilan aytish» bu tom ma’noda muhabbat bilan aytishdir va shundagina, faqat shundagina haq bilan birlik tug‘iladi. Haq bilan birlik tug‘ilgandagina odam o‘zini, hayotdagi o‘rnini, vazifasini, insonlik burchini anglab, tushunib yetadi. Anglab yetib, harakat qilish imkoniyatini topadi. Hakim Ota yana aytadi: «Ishq ochar ich ko‘zingni...». «Ich ko‘zi» haqidagi buyuk tushunchaning dunyoga kelayotganiga e’tibor bering. «Ich ko‘zi» haqidagi tushunchani juda zamonaviy jadidona tushuncha — hatto modernistik, syurrealistik tushuncha deb bilardik. Lekin bizning eng shimoliy nuqta va mintaqadagi piri murshid, valiy mujtaboyimiz bu haqda uzoq XII asrdayoq o‘ylagan va uni ishqning istilohlari va shartlari doirasiga kiritgan ekan. Ich ko‘zining ochilishi inson uchun, ha, uning o‘zi uchun tengsiz go‘zal samaraga ega kashfiyotdir. Ich ko‘zining ochilishi mashaqqatlarda topiladigan kashfiyotlarning natijasidir. Qarangkim, fikr gulzorlari bulbullarining ishini: Sulaymon Boqirg‘oniy — janobimiz Hakim Ota bilan Yevropa falsafasining otalaridan biri Erix Fromm muhabbat va uning mohiyati borasida bir fikrga kelib, bir nuqtadan chiqib turibdilar. Bitta kichkinagina farq — Fromm o‘z fikrini Hakim Otadan sakkiz asr keyin kashf qildi. Ezgulikning kechi yo‘q deb shunga aytilsa kerak. Fromm yana: «Insoniyat muhabbatsiz bir kun ham yasholmas edi», deb aytadi. Bu degani muhabbat odamzodga ilgaridan xuddi suv, havo, o‘t, nur, rizq-ro‘z, boshpana va muomala kabi yashash va yashashni davom ettirishning birinchi zaruratlari hamda shartlaridandir. U insonga Xudoni tanish va dunyoni bilish kabi muhim. Yevropa falsafasidan o‘z zamonidayoq sakkiz yuz — ming yilga o‘zib ketgan va hali hanuz o‘zishda davom etayotgan Abu Homid G‘azzoliy muhabbatning bilish bilan chambarchas bog‘liqligini kashf etgan edi. U inson tabiatidagi to‘rt sifatga e’tiborni qaratgan edi: bahoyim — hayvoniy xislatlar; sabu’iy — vahshiy xislatlar; shaytoniy — shakkoklik xislatlari; rububiy — oliy xislatlar. Ochko‘zlik va jaholat bu — bahoyim; g‘azab, haqorat, qotillik, isrofgarchilik bu — sabu’iy; dog‘ulilik, makkorlik, sotqinlik, munofiqlik, g‘irromlik, vasvasaga solish bu — shaytoniy; kibr, shuhrat, maqtanchoqlik, maddohlik bu — rububiy. Shular haqida so‘zlarkan, G‘azzoliy muhabbatning fani nimaligini ochadi va yozadi: «Muhabbat faqat bilishning natijasi bo‘lishi mumkin, chunki inson faqat o‘zi bilgan narsanigina sevadi. Muhabbat intiluvchining xususiyati...» (G‘azzoliy. «Ihyo...»). G‘azzoliy inson muhabbatini shu tariqa bilish hodisasi bilan bog‘laydi. Bilish esa ma’rifatdir. Bundan mantiqan shunday xulosaga kelishimiz mumkinki, muhabbatda fan, ilm, san’at, hunar, kashf qanday kuch-qudratga ega bo‘lsa, ma’rifat ham shunday kuch-qudratga egadir. Va yangi bir tushunchani yuqoridagi tushunchalar qatoriga qo‘shib qo‘yamiz: muhabbat ma’rifati. Bu ma’rifat ustodlar ijodi dunyosida yetakchi yo‘nalishga egadir.
Inson o‘zi yoqtirgan narsani sevadi. Yoqtirish juda kuchli bo‘lsa, muhabbatga aylanadi.
Odam o‘zini sevmay turib o‘zgani sevolmaydi. O‘zini sevish orqali odam boshqalarni sevishga muyassar bo‘ladi. O‘zini sevmasa, boshqalarni ham sevolmaydi.
Odam tabiatan ochiq dunyoda yashab, kurashib, tajribalar orttirib hayotiy zarur xulosalar chiqargan. U doim o‘lim va baxtsizliklardan qochishni, o‘zini saqlash — muhofaza qilishni istaydi. U muhabbatning lazzat, azob, farog‘atlari bois o‘lim va baxtsizliklarni yengib boradi. Hayot muhabbati bu avvalo uni davom ettirish muhabbatidir. Odamning oilasi, bola-chaqasi, mol-mulklari, yaqinlari, do‘stlarini sevishida hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q. Chunki bular hayotning davom etishi va ma’rifat pog‘onalari sari ko‘tarilib borishi uchun zarur. Odam uchun bularsiz hayot hech qachon to‘liq va but bo‘lolmaydi. Odam o‘z-o‘zini nasl orqali saqlash va davom ettirishni istaydi. O‘g‘il-qiz, nabiralari va ular timsolida kelajak uzoq nasllarini sevadi. Odam tug‘ilgan elini undan sevgi talab qilmay turib sevadi. Odam ota-onasini ulardan sevgi-muhabbat kutmay, tama qilmay, sevadi. Odam farzandlaridan hech narsa talab qilmay ularni sevadi. Tamasiz, manfaatsiz muhabbat uning oliy ko‘rinishlaridan hisoblanadi.
Lekin muhabbat tabiatan hissiyotlar mevasi va hodisasi va doimo yurak, ko‘ngil mulkining o‘ta turfa ziddiyatlari, qarama-qarshiliklarini ham maydonga keltirib, yuzaga chiqarib turadi. Ko‘ngil mulkida, yurakda G‘azzoliy ta’riflagan hissiyotlar xususiyatlari doim talash, tortishish, jang, mujodala holatida. Bizning azal g‘arizalarimiz (instinktlarimiz) qadimgilar aytgan nafsi ammora (hayvoniylik), nafsi lavvoma (insoniylik, odamiylik), nafsi mutmayinna (ilohiy mayinlik, yumshoqlik) mudom kurashda. Shu kurashlarning natijasi sifatida muhabbatda ahdu paymonlar, qasam va qasamyodlar, qaror va muqarrarliklar, qismat va tolening qayta-qayta takrorlanishlari yuzaga chiqadi va hukmga kiradi.
Garchi Ovidiy muhabbat quvonchlari qisqa, deydi. Muhabbatga o‘rgatib bo‘lmas. «Ohu itlarga o‘zini tutishni o‘rgatarmikin? Qushlar qushchiga o‘zlarini qanday tutishni ko‘rsatarmikin?» — deydi.
Har kimning o‘z muhabbati bor. Muhabbat odamga bamisli tug‘ishgan kabi. Muhabbat odamga tug‘ma kabi.

Men dutor birlan tug‘ishgan ko‘hna bir devonaman,
O‘z tug‘ishgonim bilan bir o‘tda doim yonaman.
(Cho‘lpon. «Galdir»)

Dutor deganda ulug‘ shoir bu yerda muhabbatning cholg‘usi — uning xuddi lira kabi timsolini nazarda tutadi. Muhabbatning odamga bamisoli ko‘hna so‘z — ilk bora paydo bo‘lgan So‘z, Kalima, Logos singari tug‘ma, tug‘ishgan ekanligini shunday go‘zal ifoda etadi. Bunday go‘zal ifodalarni bugungi she’riyatimizda, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa shoirlar ijodida ham kuzatish mumkin.
Muhabbat insonning eng qudratli va odamning ruhoniy, jismoniy dunyolarini har tomonlama va butunlay qamrab, chulg‘ab olguvchi, o‘ziga bo‘ysindurguvchi hissiyot. Ko‘hna adiblar va ulargina emas, hozirgi qalamkashlar ham sevgi, yaxshi ko‘rishni mastlik, qullik, mubtalolik, devonalik singari tushunchalar — holatlardan ajratmay tasvirlaydilar, ming bir turfa ta’riflar, tavsiflar keltiradilar. Muzika, falsafa, poeziya dunyoga kelishini muhabbat orqali izohlaydilar.
Hissiyotlarimiz bizni hamisha qaygadir, nimagadir, kimgadir yo‘llaydi. Bizni yo‘llab, harakatga undab turguvchi narsa bu — hissiyotlardir. U katta «MYeN» va katta «SYeN»ning ham yo‘llovchisi. Shaxsimiz mag‘iz-ma’nosini, ichki va tashqi olamlarimizni tashkil qilib turadi. Uyushtiradi. Farog‘at yoxud zalolatga yetaklaydi. Va bunda muhabbat va nafrat, g‘azab va sevinch, jahl va jalolat doim yonma-yon va doim biri ikkinchisiga aylanib turadi. Ular katta AQLni doim inkor qiladi va yana doim u bilan yaqindan hamkorlikda, murosai madorada bo‘ladi. Ularning faqat bittasini ajratib olib tushuntirib bo‘lmaydi. Tushuntirish to‘liq bo‘lmaydi. Ularni doim bir-biriga chog‘lab tushuntirish va anglash to‘g‘riroq bo‘ladi. Bunda dialektika hammadan ham ko‘proq namoyon bo‘ladi va o‘z tabiatini har tomonlama oshkor qiladi. Shunisi ham borki, inson hissiyotlarining bironta ham osoni, oson tushuntirib bo‘ladigani yo‘q.
O‘z tarixining tamomila kutilmagan boblarini ocharoq XXI asr kirdi. Endilikda muhabbat, sevgi, yaxshi ko‘rishni kim qanday anglaydi, kim qanday tushuntiradi, kim qay tarz rioya qiladi uning faniga, san’atiga, hunarvarliklariga, odatlari, ravishlari, istig‘nolariga? Yangi zamonalarda umuman bularga joy ajratilarmikin, ular odamlar qalbidan yangi joy toparmikin? Bugun qanday muhabbat hukmda?
Sevish, yaxshi ko‘rish, muhabbat odamning o‘zidan, o‘z-o‘zidan balandroq, yuksakroq ko‘tarilishi yoki balandroq ko‘tarilishga intilishidir. Muhabbat mastlik va parvoz. Yaxshi ko‘rgan kishi qushday yengil bo‘lib qoladi. Uning bizga har damda hayot baxsh etib turgan shu go‘zal havochalik og‘irligi yo‘q. Odam muhabbat qoshida bezanishni, chiroyli bo‘lishni xohlaydi. Bu hissiyot tufayli unda qodirlik, harakatga undovchi kuch-qudrat hosil bo‘ladi.
Muhabbatning dialektikasi: qasamlar, cheksiz-intihosiz ta’riflar, lutflar va nazokatlar... doimgi g‘o‘rlik va balog‘at orasidagi harakat va harakatsizliklar.

Yuragimni tars yorgan lazzatsan, lazzat
Ongimdagi abadiy og‘riqsan, sevgi.
(Iqbol Mirzo. «Sevgi»)

Shu paytgacha muhabbat, to‘g‘rirog‘i, sevgining lazzatlari va og‘riqlari faqat ko‘ngil mulkidagina ro‘y beradi, deb ta’riflanardi. Mana, yangi zamonaning tasavvurida u endi ongga ham ko‘chyapti va undan vaqtincha emas, mangu o‘rin egallayapti. Sevgining tili mubolag‘alarni xush ko‘radi, mubolag‘alar bu go‘zal hissiyotning o‘z stixiyasi. Lekin XXI asr aqliyot hukmron bo‘layotgan asr, u mubolag‘alarni o‘z arsenalida qoldirarmikin? Chayqov va hisob-kitob, cheksiz hisob-kitob birinchi darajali ahamiyat kasb etmasmikin? Sevgi yurakni, ko‘ngilning bepoyon dunyolarini tark etib faqat AQL va ONGda o‘rnashib olmasmikin? Shoir aytmoqchi, uning mangu og‘riqlari endi faqat ong qavatlarida kechmasmikin?

Momo Havo to‘ymagan havosan, harir
Odam Ato so‘ymagan jonliqsan, sevgi
Cho‘kayotib tutganim xassan men uchun —
Sevgilimdan ming karra ortiqsan, sevgi...
(O‘sha she’r)

Shoir bu yerda sevgi «anglami» haqida so‘zlaydi. Bu anglamlar ham mutlaq, ayni choqda mutlaq bo‘lmagan, aksincha muallaq sevgi haqiqatlari. Navoiy tasvirlagan firoq tog‘ining g‘ubori — sevgi tug‘iladigan koinot g‘ubori bilan zamonamiz shoiri aytayotgan havo, harirlik, chang o‘rtasida oshnolik, yaqinlik ko‘rinadi, bu koinot changi bir yerdan olingan, zuvalasi bir yerda pishgan.

Ey do‘st, hech kim emassan
xayolim bilan mastman
jim surib o‘tsam deyman
qadrdon qayg‘ularni
(Iqbol MIRZO. «Qadrdon»)

Sevgi o‘z quvonchlari, mastonaliklarini alqagan kabi o‘z qayg‘ulari, ayriliqlari, azoblarini ham alqaydi. Sevgi uning egasiga mudom qayg‘u qadar shirin. Shuning uchun u sevgi.

Haydagandim dilimdan mungni
Yurak qurg‘ur shivirlab dedi:
Ko‘zlarini sevarding uni
Kipriklari chiroyli edi...
(Zumrad)

Mungni suyukli ko‘ngildan quvishga qanchalar urinmang, u ketmaydi. Uning haydalishida mangu qolish bor.
Muhabbat, sevgi, yaxshi ko‘rish mudom g‘o‘rlik va balog‘at orasida yashaydi, dedik. Odam muhabbatda, bu go‘zal hissiyotlarda o‘z burchini anglamasa, bu — g‘o‘rlik bo‘ladi. Odam nimaga borayotganligi va bu xatti-harakatlaridan nimalar hosil bo‘lajagini bilmasa, bu — g‘o‘rlik bo‘ladi. Yuhanno yozib qoldirgan «Xushxabar» «Azalda Kalomulloh bor edi», degan benihoya sirli muqaddas so‘zlar bilan boshlanadi. Bu yunoncha Logos. Uning zamirida ilohiy kuch va mantiq mavjud. «Kalomulloh Xudo nazdida edi Kalomulloh Xudo edi Azaldanoq u Xudoda edi» va so‘ng biroz o‘tgach: «Dunyo u orqali bor bo‘lgan edi», deyiladi. Bu cheksiz fikr, teranlikka zarracha shak keltirmagan holda Azalda Muhabbat ham bor edi va Muhabbatsiz Kalom — Logos vujudga kelmasdi, desak, borliqning yaratilishidagi kuch-qudrat va mo‘‘jiza ravshanroq, tushunarliroq bo‘ladi. Borliq, mavjudlik hali vujudga aylanmaganda ham, muhabbat koinot cheksizliklarida edi. Faqat u so‘ng hamma narsa vujudga keladigan zarra edi.

* * *

— Doda, — dedi bir kun olti yashar nabiramiz ovozi qamish naydan chiqayotgandek qaltirab.
— Ayya...
— Men sizni yaxshi ko‘raman. Sizga mersedes olib beraman...
Men bir pas so‘z topolmay turdim. Ana, sizga sabiy muhabbat! Va ana sizga muhabbat to‘liqligi uchun garov bo‘ladigan sevgi tortig‘i.
— Men ham sizni yaxshi ko‘raman, — deb olti yashar oshiqni mahkam quchib qo‘ydim.
Muhabbat qaysi zamonlarda bo‘lmasin, tiniq bulg‘anmagan buloq ekanligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Bu yozuvlarga shundan keyin o‘tirdim. Zamonalar osha g‘o‘rlik va balog‘at orasidagi muhabbatning «g‘arib kimiyolari» hech qachon tugamaydi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 49-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.