Agar mendan shuncha yil yashab umringdan topgan quvonching va mamnuniyating nima bo‘ldi deb so‘rasalar, men hech ikkilanmasdan Oybek va G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor va Shayxzoda kabi buyuk so‘z san’atkorlari bilan zamondosh bo‘lganim, ularning suhbatlaridan bahramand bo‘lganim, betakror asarlarIdagi go‘zallik va nafosat sirlarini kashf etib, voyaga yetganim bo‘ldi, deb javob berardim. Agar mendan ushalmay qolgan orzularing, armonlaring bormi deb so‘rasalar, ha, ular to‘g‘risida, ayniqsa, Oybek haqida adabiyotshunos sifatida yolchitib yozolmaganim, uning asarlaridagi bitmas-tuganmas boylikni ko‘ngildagidek qilib kitobxonlarga yetkazib berolmaganim menga armon bo‘lib qoldi, deb javob berardim.
Bilmadim, nega shunday bo‘ldikin? Ehtimol, sho‘ro zamonidagi son-sanoqsiz mafkuraviy cheklashlar asoratidan qutula olmaganim sabab bo‘lgandir. Yoki Homil Yoqubov, Matyoqub Qo‘shjonov, Naim Karimov, Baxtiyor Nazarov, Ibrohim G‘afurov kabi zabardast oybekshunoslar panjasiga panja urishdan hayiqqandirman. Balki hamisha Oybekning vujudidan ufurib turadigan ulug‘vorlik qarshisida o‘zimni ojiz sezgandirman. Bo‘lmasa, Oybek haqida yozmadim emas, anchagina yozganman. Hatto ayrim maqolalarim «Vopros? literatur?» kabi nufuzli jurnallarda ham e’lon qilingan edi. Lekin, baribir, bu maqolalar ko‘ngildagiday bo‘lib chiqamas edi. Ularda Oybekka munosib bo‘lgan pafos yetishmasdi, so‘zlar allanechuk rangsiz va sust bo‘lardi. Bu gal ham shundoq bo‘ldi. Kuyunchak olimlarimizdan Abdullajon A’zamov menga Oybek tavalludining yuz yilligi oldidan biron maqola e’lon qilishni maslahat berdi. Bu taklif menga ma’qul tushdi va darhol boshqa ishlarni yig‘ishtirib, maqolani yozishga kirishdim. Avvaliga ishlar silliq kechdi — qalam ko‘k dengiz uzra suzib ketayotgan oq yelkanday qog‘oz uzra silliq yugura ketdi. Hash-pash deguncha o‘n-o‘n besh sahifani qoralab ham qo‘ydim. Biroq shundan keyin ish taqqa to‘xtab qoldi. Qarasam, yana o‘sha eskicha qarash, yana siyqa jumlalar, Oybek asarlarining ruhidan uzoq mulohazalar.
Maqolani shu ahvolda davom ettirishning ma’nisi yo‘q edi. Yozishni to‘xtatib o‘ylay boshladim. Bu orada eski dardim qo‘zg‘ab, shifoxonaga yotishga majbur bo‘ldim. Og‘riq kuchaygandan kuchaydi. Ko‘rgani kelgan do‘stu yoron «Xudo dardni sevgan bandasiga yuboradi» deb menga tasalli berishardi. Kimdir: «Xudo bandasiga chiday olmaydigan dard yubormaydi» deb meni sabr-bardoshga chaqirdi. Shifoxonaga yotganimdan ikki-uch kun o‘tgach, dorilar o‘tkirlik qildimi yo boshqa sababdanmi, ancha og‘irlashib qoldim. Hattoki xotin bilan rozi-rizolik ham tilashib oldik. Qo‘rqinchli va og‘riqli kunlardan biri boshlandi. Og‘riqdan chalg‘ish uchun yana har narsalarni yoza boshladim. Nazarimda, sira oqarib tong otmayotgan bu tun hayotimdagi oxirgi tun bo‘ladigandek edi. Bilmadim, keyin uxlab qoldimmi yoki bosinqiray boshladimmi — harqalay, xonamning eng qorong‘i burchagidan bir maxluq o‘rmalab chiqqanday bo‘ldi va menga qarab karnaydan chiqayotganga o‘xshash ovozda «Hali fursating bitgani yo‘q, hali zimmangda ishlaring bor», deganday bo‘ldi.
Uch-to‘rt to‘lg‘onganimdan keyin, angladimki, bugungi tun hali oxirgisi emas ekan. Shunday qilib, ajalning ko‘ziga tik qarab, alaxsirab yotgan odam Xudoning qudrati bilan yana bir marta o‘limdan qolganiga ishondim va tongga yaqin uxlab qoldim. Ertasiga og‘riq kamaydi. Professor Bobojonov va professor Tefaev boshliq vrachlar va hamshiralar ko‘plashib, jonimga oro kirishdi. Men tungi voqeani Tefaevga gapirib berdim. U o‘rnidan turib palatadan chiqib ketdi-da, zum o‘tmay, bir dasta qog‘oz ko‘tarib keldi. «Mana qog‘oz. Asta-asta, kuchingiz yetgan qadar yozib turing». Men yana o‘ylashga tushdim. Endi yana adabiyot haqida, Oybek to‘g‘risida yozilajak maqola haqida fikrlay boshladim. Uning she’rlari nasriy asarlarini eslatdi. Albatta, uning yigirma jildga jo bo‘lgan roman va qissalarini, she’r va dostonlarini birvarakayiga eslashning imkoni yo‘q edi. Shuning uchun birinchi navbatda o‘zim yoqtirib kelgan «Qutlug‘ qon» va «Navoiy» romanini esladim, hatto ba’zi sahifalarini qayta o‘qib chiqdim. Shunda g‘alati bir hol ro‘y berdi — ilgaridan tanish bo‘lgan sahifalar birdan boshqacha salobat kasb etdi, ularning rangin qirralari ko‘z o‘ngimda o‘zgacha bir tarovat bilan jilolandi. Menga ayon bo‘ldiki, o‘zbek romanlari ichida oltinchisi va yettinchisi bo‘lib maydonga kelgan bu asarlar mazmun jihatidan ham, badiiyat jihatidan ham jahonning hech qaysi asaridan qolishmaydi. Ular favqulodda zo‘r iste’dod bilan yaratilgan barkamol asarlar edi. Shundan qirq yilcha avval universitetdagi matematik do‘stlarim bilan bo‘lib o‘tgan bir bahs esimga tushdi. Sinchkov matematik do‘stim «Qani aytgin-chi, hozirda o‘zbek romanlaridan qaysi biri XXI asrga o‘tadi?» deb so‘rab qoldi. Men bu to‘g‘rida o‘ylamagan ekanman — dabdurustdan nima deyishimni bilmay qoldim. Keyin hushimni yig‘ishtirib olib, «Navoiy» romani», deb javob berdim. «Shunaqami? Bilmadim-ov», dedi do‘stim ishonqiramay. Buni qarangki, adashmagan ekanman. Lekin o‘shanda «Qutlug‘ qon»ni ham qo‘shib aytishga tilim bormagan edi — adashgan ekanman. «Qutlug‘ qon» bugun, XXI asrda ham yashashda davom etyapti.
Xo‘sh, bu romanga qanday omillar umrboqiylik baxsh etgan — qaysi sifatlari uni o‘zbek romanlari ichida eng barkamolidan biriga aylantirgan? Umuman, o‘zbek adabiyotshunoslari romanning fazilatlarini ancha batafsil tahlil qilishgan — ularni bu o‘rinda yana bir marta takrorlab o‘tirishning hojati yo‘q. Men faqat ayrim o‘rinlargagina diqqatni jalb qilmoqchiman.
Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, roman tom ma’noda realistik asardir. Unda faqat Yo‘lchi, Mirzakarimboy kabi yetakchi qahramonlargina emas, boshqa ikkinchi darajali personajlar ham g‘oyatda mukammal ishlangan — ularning hammasi o‘zining betakror belgilariga ega. Romanda ular qanday o‘rin tutishlaridan qat’i nazar, bir umrga kitobxon xotirasida muhrlanib qoladi. Tabiiyki, yozuvchi ular o‘rtasida Yo‘lchiga alohida o‘rin beradi, uni benihoya iliq mehr bilan tasvirlaydi. Syujet rivojida Yo‘lchi xarakteri asta-sekin ochila boradi va undagi fazilatlar marjondek tizilib, Yo‘lchining ichki dunyosini tugal ochib beradi. U ko‘p fazilatlar egasi, lekin bu uni ideal obrazga aylantirmaydi. Muallifning mahorati shundaki, u Yo‘lchi obrazini tasvirlashda romantik chizgilar va ranglarni bemalol ishlatishdan cho‘chimaydi, lekin ayni chog‘da hech bir nuqtada realizm qonunlaridan biron marta ham chekinmaydi. Natijada mardlik, tantilik, ma’naviy yuksaklik, jasorat, teran aql-idrok, olijanoblik kabi sifatlar g‘oyatda hayotiy tarzda tasviralanadi. Umuman, tabiiy shaklda namoyon bo‘ladigan hayotiylik muallif uslubining yetakchi fazilatini tashkil qiladi. Natijada Yo‘lchi shunchaki bir shaxs sifatida emas, butun o‘zbek xalqining timsoli sifatida gavdalanadi. Uning evolyutsiyasi, qishloqdan kelib shahar muhitini kashf etganki, XXI asr boshidagi o‘zbeklar o‘rtasida boshlangan yangi uyg‘onish jarayonini o‘zida aks ettiradi. Yo‘lchi o‘zining hayotiy printsiplari Mirzakarimboylar dunyosining axloqiga tubdan zid ekanini anglaydi, o‘zining ma’naviy-axloqiy aqidalari beqiyos darajada yuksak ekanini idrok etadi. Kitobxon muallif bilan birga kelajak Yo‘lchilarniki degan e’tiqodga keladi. Hayot qozonida obdon qaynagan Yo‘lchi jismonan halok bo‘lsa-da, ma’naviy jihatdan g‘olib chiqadi. U tom ma’noda uyg‘onadi, bu uyg‘onish esa milliy uyg‘onishning bir bosqichi edi.
Xuddi shunga o‘xshab, «Navoiy» romanida ham muallif buyuk shoir xarakterini yaratish bilan cheklanmaydi, balki XV asrdagi ijtimoiy muhitni ham jamiki ichki ziddiyatlari va murakkabligi bilan ko‘rsatadi. Biroq bu romanning ma’rifiy ahamiyati ham kattadir. O‘tgan asrning 40-yillarida — Navoiy tavalludining 500 yilligini nishonlashga qaror qilinganda, hali xalq Navoiy siymosi bilan unchalik tanish emas edi. Xondamir, Vosifiy kabi o‘tgan ulug‘ muarrixlarning asarlarini hisobga olmaganda, Alisher Navoiy haqida ma’lumot beradigan tayinli asarlar yo‘q edi. Buning ustiga yaqindagina yozuvini o‘zgartirib, yoppasiga savodsizga aylangan xalq uchun uning tishi o‘tadigan yozuvda Navoiy asarlari nashr etilgancha yo‘q edi. Xullas, Oybek romani keng xalq ommasiga Navoiyning siymosi, qiyofasi va ijodi haqida, aytish mumkinki, ilk marta atroflicha tasavvur berar edi. Hatto qay bir nuqtalarda biz bugunga qadar ham Navoiyni shu roman orqali tasavvur qilamiz.
Bu romanda ham olis Hirotning hayoti benihoya aniq va qabariq holda tasvirlanadi va Oybek Navoiy xarakterini yaratar ekan, birinchi navbatda, uning buyuk gumanist ekaniga, nafaqat san’atkor, balki mutafakkir sifatidagi qarashlarini ifodalashga alohida ahamiyat beradi. Natijada, o‘sha paytdagi atama bilan aytganda, Chig‘atoy ulusi, ya’ni bugungi o‘zbeklarning bobolari, boshqacha aytganda, buyuk bobomiz Amir Temurning bevosita avlodlari jahon tsivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan, jahon gumanizmining shakllanishida favqulodda katta o‘rin tutgan, yuksak madaniyat egasi, yorqin intellektual salohiyati bilan ko‘rinib turgan xalq bo‘lgani ochib berilgan.
Navoiy obrazini bunday talqin qilish ham g‘oyatda katta ahamiyatga ega edi — bu ham bevosita millatni uyg‘otishda juda muhim rol o‘ynaydi. Shular bilan birga «Qutlug‘ qon» va «Navoiy» romanlarining ahamiyati bilan cheklanmaydi. Mening nazarimda, Oybek nafaqat san’atkor sifatida, balki mutafakkir olim sifatida o‘zbeklar tarixining ichki oqimlariga chuqur nigoh tashlaydi, bu tarix hududiy jihatdan ham, xronologik jihatdan ham o‘zbeklar tarixi tarqoqdek, parchalanib ketgandek ko‘rinsa-da, aslida bir xalqning tarixi bo‘lganini ko‘rsatadi, bu bo‘laklarning mantiqan bog‘lab turadigan rishtalarini topadi. Albatta, buni u oshkora tarzda, yaqqol ko‘rinib turadigan shaklda qilgan emas, u sharoitda bunday qilishning imkoni ham yo‘q edi, o‘z millatini ulug‘lash, uning ijobiy sifatlarini madh etish butun dunyoda ijobiy hodisa deb qaralsa-da, bizning sho‘ro mamlakatida bu millatchilik deb hisoblanar va bu yo‘lga kirgan har qanday fikrlovchi odam dahshatli ta’qiblar xavfiga va hatto jismonan faol hayotdan chetlashtirish xavfiga ham ro‘para kelar edi. Shuning uchun millatni uyg‘otishga, milliy ongni o‘stirishga, xalqni o‘z-o‘zini tanishiga yo‘naltirilgan harakatlar ko‘p hollarda ezop tilida, ramziy shakllarda olib borilardi.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tish kerak — bugun hammamiz «millat», «milliy ong», «millatning uyg‘onishi» kabi iboralarni hech tortinmasdan bemalol qo‘llayapmiz. Albatta, bu ham mustaqilligimizning sharofati, milliy erkinligimizning hosilasidir. Istiqlol bizga tariximizni qaytarib berdi va milliy ongimiz, milliy uyg‘onishimiz to‘g‘risida haqiqatni aytishga, haqqoniy fikrlashga imkon berdi. Bugun biz shu imkoniyat tufayli uzoq o‘tmishda va nisbatan yaqin tarixda yaratilgan buyuk ma’naviy qadriyatlarimizga ega bo‘ldik. Bu ishda boshqa olimlarimiz va adiblarimiz qatorida Oybekning xizmatlari chindan ham buyukdir. Shuning uchun xalqimiz bu adibni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlaganini katta mamnuniyat bilan qabul qildi.
* * *
Millatni uyg‘otish salohiyatiga ega bo‘lgan adib favqulodda badiiy qimmatga ega bo‘lgan asarlar yaratishdan tashqari, yuksak insoniy fazilatlarga ham ega bo‘lmog‘i zarur. Nazarimda, Oybek ana shunday inson edi. Ehtimol, biroz mubolag‘a bo‘lar, lekin o‘ylaymanki yozuvchilar orasida XX asrda ikkita komil inson o‘tgan bo‘lsa, ularning biri Oybekdir, agar bitta bo‘lgan bo‘lsa, u ham Oybekdir. Ming afsuski, menga Oybek bilan yetarli darajada muloqotda bo‘lish nasib etmadi. Shuning uchun men uning shaxsiy odatlarini, ichki dunyosini yetarlicha tasavvur qilolmayman. Biroq Oybek bilan birga o‘qigan Homil Yoqubovga va Subutoy Dolimovlarning eslashlariga qaraganda, u texnikumda talabalik vaqtida o‘quvchilar o‘rtasida juda katta hurmatga ega bo‘lgan. U talabalar ichida har narsaga qiziquvchanligi bilan ajralib turgan. U g‘oyatda tashabbuskor bo‘lgan — har xil bahslar, adabiy kechalar, she’rxonliklarga bosh-qosh bo‘lgan. Oybekni bilganlar uning aql-zakovati teran bo‘lganini aytishadi. Shu bilan birga, uning xarakterida ijtimoiy adolat tuyg‘usi kuchli bo‘lgan. Ma’lumki, har qanday jamiyatda ham ijtimoiy adolatni barpo etmoq uchun kurash juda katta shijoat va jasoratni talab qiladi. Bunday odam ko‘p jihatdan ko‘kragidagi yuragini sug‘urib olib, zulmatda yo‘ldan adashgan yurtdoshlariga, qabiladoshlariga yo‘l ko‘rsatgan afsonaviy Dankoni eslatadi. Faqat Oybek Dankodan farq qilaroq, «sotsialistik zulmat»ni ma’rifat nuri bilan, aql-zakovat nuri bilan yoritmoqchi bo‘lgan. Nazarimda, o‘shshaygan badqavoq qoyalar saltanatida ularning sovuq nigohlarini pisand qilmay, bir savat oq harir gullarni quyoshga tutib, nurga intilgan na’matak timsolida Oybek o‘zining asl niyatini tasvirlagan. Buning uchun esa o‘sha sharoitda katta jasorat kerak edi, o‘zligidan kechmay turib, tom ma’noda qahramonlik yo‘lini tutmay turib shunday timsol yaratishga jur’at qilish qiyin edi. Uning jasorati nechog‘lik katta va muhim bo‘lganini tasavvur qilish uchun Oybekning boshqa adiblar qatorida butun umri davomida «zanjirband sher» holatida yashaganini, har kun, har soatda sayyodning domiga ilinish xavfi bilan yashaganini eslash kifoya. Vaziyat yana shu bilan og‘irlashganki, Oybek yashagan muhitda hukmron kuchlar qo‘rquv saltanatini barpo etganlar, har bir odam xavotirda, tahlikada yashashga majbur bo‘lgan.
Odamlar o‘rtasidagi eng kuchli instinktlardan biri o‘z hayotini saqlashga intilish instinktidir. Totalitar tuzum sharoitida jamiyat hayotining hamma jihatlarini belgilaydigan muhim tuyg‘u qo‘rquvdir, qo‘rquv har qanday odamni ham loqayd qilib qo‘yadi. U tevarak-atrofidagi hodisalarga befarq bo‘lib qoladi. Hayotda Shchedrinning tangabalig‘ining falsafasi yoxud «Sinchalak»dagi Eshonning otasi uqdirgan: «qoziqning uchi emas, keti ham emas, o‘rtasi bo‘lib yashash» aqidasi tantana qiladi. Bu esa manqurtlik sari qo‘yilgan birinchi qadamdir. U juda qisqa fursatda odamni karaxt qilib, uni faollikdan mahrum etadi. Afsuski, sho‘rolar zamonida o‘zbek xalqi bu illat bilan jiddiy zaharlangan edi. Faqat minglardan, yuz minglardan birigina adolat yo‘lida uning himoyasiga biror og‘iz gap aytishga jur’at topar edi. Shunday bo‘lgani uchun Oybekning shaxsiy hayotda sog‘lom adabiyot uchun dadil kurashi kishini hayron qoldiradi. Men bu o‘rinda 1927 yili Cho‘lpon to‘g‘risidagi bahsda Oybekning hech ikkilanmasdan shoirni himoya qilganini nazarda tutyapman. O‘shanda Cho‘lpon ochiqdan-ochiq «sovet xalqiga yot shoir», deb e’lon qilingan edi. Uni «burjua ziyolilarining shoiri» deb e’lon qilishgan. Oybek uni himoya qiladi. Pushkinni misol keltirib, adabiyotning spetsifikasini eslatadi, she’r va shoirni teranroq tushunishga, iste’dodni qadrlashga undaydi. Shunda Oybek bor-yo‘g‘i 22 yoshda edi. Maxsus organlar, ehtimol, uni yoshligi uchun bir marta kechirgandirlar. Yo‘q, bunga ishonib bo‘lmaydi. Ular shunchaki arqonni uzun tashlab, bir yo‘la ulgurji o‘lja olishdan umidvor bo‘lgan bo‘lishlari mumkin. O‘shanda O‘zbekiston kompartiyasining birinchi kotibi bo‘lmish Akmal Ikromov Oybekni jinday suyab g‘oyaviy-siyosiy xatosini uqdirib o‘tgan edi. Biroq bu adibga «saboq» bo‘lmaydi. U «shakkoklik»ni davom ettiradi. U 30-yillarning o‘rtasida «Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li» degan risolani e’lon qiladi. Ma’lumki, 20-yillarning oxiri 30-yillarning boshlarida bu buyuk ijodkor ham ayovsiz tanqid ostida qolgan edi.
Ayniqsa, o‘sha paytda nufuzli partiya idoralarida xizmat qilgan Sotti Husayn «O‘tgan kunlar» degan katta maqola yozib, «O‘tgan kunlar»ning sog‘ joyini qoldirmagan edi. Biroq uning maqolasi vulgar sotsiologiya pozitsiyasidan yozilgan bo‘lib nafaqat Abdulla Qodiriyni ayovsiz qoralagan, balki butun adabiyot rivojini noto‘g‘ri yo‘lga solib yuborishga ham qodir edi. Oybek nafaqat Abdulla Qodiriyni himoya qiladi, balki rak kasaliga o‘xshash adabiyotni halok etishi muqarrar bo‘lgan vulgar sotsializmni ham ayovsiz fosh qiladi. Buning uchun ham chuqur bilim bilan birga katta jasorat va fidoyilik ham kerak edi. Bularning bari ayrim odamlarimizning g‘ashini keltirmay qo‘ymas edi. O‘zini hukmron mafkuraning soqchilari deb bilgan bu odamlar Oybekka yashirin dushman sifatida qarashgan va uning ishlariga har tomonlama to‘sqinlik qilishgan. Natijada, u ishlardan ketishga majbur bo‘lgan, rafiqasining arzimagan maoshiga tirikchilik qilib, shunday sharoitda «Qutlug‘ qon» romanini yozib tugatgan. Hukmron mafkura muhiblari hatto «Qutlug‘ qon»dan ham g‘oyaviy illat topishadi — unga yopishsa-yopishmasa inqilobchi Petrov obrazini kiritib, uni Yo‘lchiga ustoz qilib qo‘yishga majbur etishadi. 1937 — 38 yillar sharoitida Oybek «do‘stlari»ning talabiga yon berishga majbur bo‘ladi — natijada romanda so‘galga o‘xshagan sovuqdan-sovuq bir bob paydo bo‘ladi.
Oybekning jasorati, dadilligi, adabiyotga fidoyi sadoqati ba’zi bir asarlarni ro‘yobga chiqarishdagi sa’y-harakatlarida ham ko‘rinadi. Yaqinda taniqli shoir Ramz Bobojonning yangi kitobi chiqdi. Unda shoir 60-yillarning so‘ngidagi bir voqeani eslaydi. U paytlarda Ramz Bobojon G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda direktor bo‘lib ishlagan yillarda bo‘lsa kerak — nashriyotga «Tirik satrlar»ning qo‘lyozmasi keladi. Kitob 20-yillarga bag‘ishlangan edi. Unda jadidlar va «millatchi» sanalgan shoirlarning, shu jumladan, Fitrat va Cho‘lpon ijodidan namunalar ham berilgan edi. Bunaqa «g‘alvali» asarlar odatda taqriz qilinar, «xatolari» tuzatilib, keyin bosishga ruxsat berilardi. Kitobni Oybekka taqrizga berishadi. Oybek undagi mafkuraviy bahsli o‘rinlardan tap tortmay kitobga ijobiy taqriz beradi. Kitob 1968 yili bosilib chiqadi, afsuski, bu paytda Oybek hayotdan ko‘z yumgan edi. Shundan foydalanibmi, yo‘qmi, partiya mutasaddilari kitobni tarqatishni ta’qiqlab qo‘yishadi. Bu misol Oybekning haqiqiy adabiyot uchun kurashi umr bo‘yi davom etganini ko‘rsatadi.
Oybek ijodda shaxsan o‘ziga taalluqli masalalarda ham aql bovar qilmaydigan darajada olijanob edi. Unga hatto bir vaqtlar o‘ziga yomonlik qilgan odamlarning tagiga suv quyishga intilish ham begona bo‘lgan. Mana, uning hayotida ro‘y bergan va hozirga qadar hammani ajablantirib kelgan bir voqea.
1946 yili «Navoiy» romani mamlakatdagi eng yuksak adabiy mukofot bilan taqdirlandi. O‘sha davr taomiliga ko‘ra, bunday asarlar mutlaqo tanqid qilinmasdi, chunki har qanday tanqid «xalqlar dohiysi»ga tegib ketishi mumkin edi. «Navoiy» romani ham avvaliga 3-4 yil hamma joyda maqtab ko‘klarga ko‘tarildi. Keyin esa birdaniga bulutsiz osmonda chaqmoq chaqnagandek, respublika gazetasida Botir Fayziev degan odamning katta maqolasi bosildi. Unda romanda tasvirlangan Binoiy va Navoiy munosabatlarini ro‘kach qilib, muallif Oybekni tojik xalqiga tuhmat qilishda ayblagan edi. Uning fikricha, Oybek tojik va o‘zbek xalqlarining tarixiy do‘stligini buzib ko‘rsatgan va ashaddiy millatchilikka yo‘l qo‘ygan. Maqoladan keyin g‘iybat va bo‘hton qozoni jo‘sh urib qaynay ketdi — Oybekning boshiga qora bulutlar yog‘ildi, Akademiyada, Yozuvchilar uyushmasida, yana boshqa ba’zi tashkilotlarda muhokama ustiga muhokamalar bo‘ldi — kechagina laureat, zo‘r iste’dod sifatida shuhrat qanotida uchib yurgan Oybek bir zumda loyga qorib tashlandi, siyosiy aybdor qilib qo‘yildi. Bu esa qamoqqa va surgunga olib boradigan yo‘l edi. Xullas, Oybek juda og‘ir kasalga uchrab, yiqilib qoladi va shu yiqilganicha umrining oxirigacha o‘ziga kelolmaydi. Uning tili duduqlanib, qo‘li qalam tutishga yaramay qoladi. Bu mudhish voqeaning ilhomchilari va tashkilotchilarini Oybekning rafiqasi Zarifa opa «Mening Oybegim» kitobida batafsil yoritib bergan. Tabiiyki, jamoatchilik bu bo‘htonlar yarmarkasini boshlab bergan Botir Fayzievni qattiq qoraladi. Oradan yillar o‘tdi — bu g‘alvalarning tuhmatligi aniq bo‘ldi, haqiqat tiklandi. Lekin Oybekning sog‘lig‘i tiklanmadi. Bu o‘rinda Zarifa opaning Oybekka sadoqati va vafodorligini ta’kidlab, uni alohida ehtirom bilan tilga olib o‘tish kerak. Zarifa opa bemorning ahvolini imkon qadar yengillatishga harakat qildi, uni salkam o‘n sakkiz yil parvarish qildi va bu bilan cheklanmadi. Oybekka taalluqli har qanday hujjatni, har laxtak qog‘ozni avaylab asradi. Oybekning keyingi asarlari Zarifa opaning sa’y-harakatlari bilan dunyo yuzini ko‘rdi. Shu tariqa Oybekning dastlabki 45 yillik umri shundoq ham oson kechmagan bo‘lsa, so‘nggi 15-16 yili turgan-bitgani jismoniy va ruhiy azoblarga to‘la bo‘ldi.
Men buni o‘ylar ekanman boshqa bir atoqli o‘zbek yozuvchisining alamlar bag‘rini teshib o‘tganda, hukmron mafkura muhiblarining farosatsizligidan bo‘g‘ilib ketganda «Nega onam meni yozuvchi qilib tug‘diykin!» deya fig‘on chekkani esimga tushadi. Ha, Oybek ko‘p yillar mobaynida o‘z nurlari bilan xalq qalbini charog‘on qilib kelgan gavhar edi, bizning ikkiyuzlamachi muhitimiz tufayli, chinakam iste’dodlarni oyoqosti qilgan mudhish tartiblar tufayli bu gavhar xira tortdi.
Keyin yanada qiziq bir voqea ro‘y berdi. Kunlardan birida kafedramizga ranglari so‘lg‘in bir odam kirib keldi. Biz uni tuzukroq tanimas edik. U qo‘ltig‘idagi semiz karton papkasini olar ekan, bir tomonga qarab turib xuddi nimadandir pushaymon odamdek past ovozda o‘zini tanishtirdi. «Botir Fayzievman. Oybek haqida dissertatsiya yozgan edim. Shunga oq yo‘l bersanglar...» Bu gapni eshitib hammamizning g‘ashimiz keldi — u bilan tuzukroq ko‘rishmadik ham, ishini qo‘liga qaytarib berib, boshqa joyga olib borishni maslahat berdik. U tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, ishini qo‘ltiqlab chiqib ketdi. Shu ketganicha har xil ilmiy tashkilotlarning eshigini qoqib anchagina yurdi. Xalq nazaridan qolish yomon narsa ekan. Hech qaerda unga ro‘yxushlik berishmadi. U boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Biz — domlalar, ilmiy xodimlar, sirasini aytganda, unchalik bag‘ritosh odamlar emasmiz. Lekin shunga qaramay Oybekka nisbatan xoinlik qilgan odamga munosabatimiz ilimadi-ilimadi. Botir Fayzievni Oybekning uyiga Nosir Fozilov boshlab kelibdi. Hech kimdan iltifot ko‘rmagan Botir Fayzievning Oybekning o‘zidan yordam so‘rashdan boshqa iloji qolmabdi. Oybek esa uning ishiga ijobiy mulohazalar bildirib, taqriz yozib beribdi. Nosir Fozilov bilan mehmonni kuzatib chiqqan Oybek hovlida kiyik bilan bo‘ri bolasi yonma-yon turganini ko‘ribdi va duduqlanib «Odam... ham shunaqa bo‘ri bilan yonma-yon turadi», debdi. Xullas, har nima bo‘lganda ham, Oybek uning gunohidan o‘tib ijobiy taqriz berganidan keyin, ko‘p o‘tmay, Botir Fayziev dissertatsiyasini himoya qilib oldi. Biroq himoya qilgani bilan uning biri ikki bo‘lib qolgani yo‘q. Shunaqa — xalq nazaridan qolish yomon bo‘lar ekan, bunaqa odamning o‘ngarilishi juda qiyin bo‘lar ekan.
O‘shanda ancha vaqtgacha men Oybek akaning nega bu odamning gunohini kechirgani sababini anglayolmay yurdim. Menga qolsa, shaxsan men uni kechira olmasdim. Lekin Oybek aka men emas, Oybek aka-da. Ehtimol, u Tolstoyning «Yovuzlikka yovuzlik bilan javob berma», degan aqidasiga amal qilgandir. Har holda, keyinroq o‘ylab qarasam, birovning gunohidan o‘tgan Oybek aka yanada olijanobroq va salobatliroq ko‘rinib ketdi. Albatta, Oybek Botir Fayzievning bu mojarolar tashkilotchisi emas, oddiy bir ijrochisi bo‘lganini yaxshi bilgan va shuning uchun u bilan olishib o‘tirishni ep ko‘rmagan. Har holda, Oybekning kechirimliligi va olijanobligi uning tom ma’nodagi bag‘rikeng, sersaxovat inson ekanidan dalolat berib turibdi. Bu bilan buyuk adib odamlarga yana bir karra olijanoblikdan saboq berdi.
Oybek aka shunaqa qiyin zamonda hayot kechirgan edi. Uning karvoni, shoir aytgandek, itlar galasi orasidan o‘tgan edi. Oybek yashagan muhit talantli odamlarni chiqishtirmaydigan, tilli-zabonlilarni yoqtirmaydigan, faqat mutelar va laganbardorlarga, chaqimchilar va hasadgo‘ylarga keng yo‘l ochib qo‘ygan muhit edi. Bu muhitda yashagan zaifroq odamlar undan boshdan oyoq jirkanch illatlarga burkanib chiqqan edi. Faqat Oybekka o‘xshagan qalbi toza, eng yuksak darajadagi insoniylik maqomiga ega bo‘lgan olijanob insongina bu muhit illatlarini yuqtirmagan. Nopoklar ichida pokiza qolish ham ulug‘likning belgisidir.
Shunday qilib, Oybek iste’dod uchun uncha qulay bo‘lmagan og‘ir zamonlarda yashagan bo‘lsa-da, eng murakkab talato‘plar orasida ham, mudhish qirg‘inbarotlar sharoitida ham inson o‘zining insoniy qadr-qimmatlarini saqlab qolishi mumkin ekanini va bu faqat uning o‘zigagina bog‘liq ekanini isbot qildi.
Men bu gal shifoxonada umrimdagi eng og‘ir kunlarimni o‘tkazdim. Oxir-keti ko‘rinmaydigan og‘riqli dardchil tunlarda necha martalab ajalning ko‘ziga qaradim va bu gal ham choh labidan omon qaytdim. Endi o‘ylasam, bunga adabiyotni, adabiyot dunyosidagi tozalik va poklikni o‘ylaganim ham sabab bo‘ldimikin? O‘sha og‘ir kunlarda mening qay bir sifatim yoqib qolgan bo‘lsa, Oybek domlaning o‘lmas ruhi menga madad bergan bo‘lsa ajab emas.
Ozod Sharafiddinov. Millatni uyg‘otgan adib
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 44-sonidan olindi.