OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim G‘afurov. Nardasen, oh, nardasen?

Nardasen, ver bir xabar,
Mahzunim, o‘ mushfiq padar?
Zoti poking nardadir?
Daryodami, sahrodami?
Nardasen, oh, nardasen,
Dunyodami, uxrodami?

Abdulla To‘qay

Ustoz Ozod Sharafiddinovning tarjimalarini ilk marotaba oltmishinchi yillarning ikkinchi yarmi — yetmishinchi yillarda o‘qiganman. Bu Prosper Merimening «Karl IX saltanatining yilnomasi» edi. Yoki to‘g‘rirog‘i, E.Kazakevich degan taniqli yozuvchining o‘sha oltmishinchi yillarda yangi so‘zday qabul qilingan va tushunilgan «Ko‘k daftar» degan mo‘‘jaz qissasi edi. Keyin Prosper Merime. O‘zbekcha tarjimagacha rus tilidagi tarjimasini va allaqancha menda juda kuchli taassurot qoldirgan novellalarini o‘qigandim. Negadir Merime hikoyalariga nisbatan novella deb atalsa kerak, deb tushunardim. Merime hikoyalari, haqiqatan ham, favqulodda tugashi bilan hayratga solardi. Ozod akaning tarjimasini o‘qiganda, dastlab tug‘ilgan fikr: «Nega «solnoma» emas?» Tarixiy voqealarga nisbatan «yilnoma» degandan ko‘ra «solnoma» deyish nazarimda chiroyliroqdek, muvofiqroqdek tuyulardi. Lekin u paytlar hali-hamon eski so‘zlardan hadiksirash odati tugamagan edi, shekilli. Lekin gap bunda emas. Tarjimani o‘shanda qiziqib o‘qib, fransuz mumtoz adibini ham shunday kelishtirib o‘girsa bo‘lar ekan-ku, degan qoniqish va umid tug‘ilgan. Ozod Sharafiddinov fransuz tarixining badiiy in’ikosi ichiga hozirgi zamon o‘zbek tili vositalari bilan ancha chuqur yorib kirolgan va Merimega xos pafosni — tarixiy muhitning poeziyasini chiqara olgan edi. Shu bilan birga, bular o‘sha paytlar nom qozonib kelayotgan adabiy tanqidchining tarjimalari ekanligi sezilardi.

Mana endi hozir Ozod Sharafiddinov tarjimalari dunyosi haqida so‘z yuritish — turli xalqlarga mansub rang-barang adiblar, publitsistlar, mutafakkirlar, faylasuflarning ajoyib-g‘aroyib g‘oyalari va ularning ajib bir tarzda kesishgan, tutashgan — oltin tutashtirmalar olami to‘g‘risida gapirish bilan barobar.

Bu tarjimalar kahkashoni (bu ko‘tarinki so‘z uchun uzr so‘rayman — lekin u Ozod Sharafiddinovning ko‘p yillar mobaynida qilgan tarjimalarining nihoyatda rang-barangligini boshqa so‘zlardan ko‘ra aniqroq aks ettiradiganga o‘xshaydi) — Ozod Sharafiddinov o‘z zamonasining belgili bir ma’rifatparvari sifatida katta madaniy-ma’rifiy olamlar ichida, ular qurshovi va quchog‘ida yashaganligini va tinmay ijod qilganligini ko‘rsatadi.

Ba’zi bir psixologik-ruhiy holatlarni kuzatganman: chunonchi, kishi tarjima ishiga avvalo o‘ziga hamroh izlab, urinadi. Tarjima og‘irchilikda bo‘lsa-da, doimo ijodiy nafas bilan yashash, ijodning tirik tomirini ushlab turishga bo‘lgan ulkan ehtiyojning mevasi. Chunonchi, Sanjar Siddiq, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Qahhor, Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir, Zulfiya tarjimalariga ular yaratilgan muhitdan kelib chiqib shunday qaralsa, o‘rinli deb o‘ylayman.

Ha, ijodkor tarjimaga avvalo o‘ziga ijodiy hamroh izlab yuz tutadi. Hamfikr topilgach, keyin fikrlar musobaqasiga o‘tadi.

Bizning qadim va hozir o‘zbek tarjimonlarimizga eski ko‘z ilg‘amas zamonlardan — Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Qutb Xorazmiy, Qaffol Shoshiy, Sayfi Saroyi, Haydar Xorazmiy va nihoyat, Alisher Navoiydan meros bo‘lib kelayotgan, nasldan naslga o‘tayotgan katta e’tiborga loyiq bir ijodiy fikrni esga olib o‘taylik. Bilishimcha, ismining tarxiga ko‘ra ham Muhammad Muso Xorazmiyda ikki-uch payg‘ambarning kuchi bor edi. U Al-Mansur topshirig‘iga ko‘ra buyuk «Siddxanta»ni tabdil etib, uni zamonasi va butun islom Sharqi madaniyatlari uchun qayta yaratarkan, falakiyot ilmiga, uning taraqqiyotiga mislsiz hissa bo‘lib qo‘shilgan «Ziji Xorazmiy»ni dunyoga keltirarkan, «Men bu asarimni odamlarga foyda keltirsin, deb yozdim», deb qayd qilib o‘tdi. Tarjimalar orqali o‘z xalqi ongini ochish, xazinalarini boyitish, ruhoniy tarzda sarafroz etish g‘oyasini Beruniy ham «Hindiston»da, Qutb «Husrav va Shirin»da, Saroyi «Guliston»da, Navoiy esa «Nasoyim», «Nasr ul-laoliy», «Lison ut-tayr», «Nazm ul-javohir»da aniq odamparvarona, vatanparvarona so‘zlar bilan bayon etib o‘tganlar. Tarjimadan o‘z xalqini aksariyat yaratgan buyuk madaniyat obidalaridan bahramand etishlikni maqsad qilib qo‘yganlar.

XX asrning eng mahsuldor va eng sinchkov tarjimonlaridan biri Ozod Sharafiddinov o‘z tarjimachilik amaliyotida shu oliyjanob merosiy g‘oyani muvaffaqiyat bilan davom ettirdi.

Undan juda katta ilmiy, publitsistik, ma’rifiy, badiiy tarjima asarlari yangi avlodga meros qoldi.

Uzoq vaqt mobaynida bunyod bo‘lgan ushbu tarjima merosini diqqat bilan kuzatgan kishiga shu narsa ravshan bo‘ladiki, Ozod Sharafiddinov doimo va izchil tarzda tarjimaga jiddiy pragmatik nuqtai nazar hamda ijodiy, sotsial bir maqsad bilan yondashgan.

U tarjima qilinadigan asarlardan fikr izlagan.

O‘z oldiga o‘quvchilarda muayyan tarjima asari orqali muayyan fikr uyg‘otish, fikr hosil etishni maqsad qilib qo‘ygan. Bu uning elliginchi yillarda Belinskiy, Dobrolyubov, Gorkiydan qilgan ilk tarjimalaridayoq ko‘zga tashlangandi.

Ozod Sharafiddinov fikr uyg‘otish, fikr hosil qilish deganda, avvalo kitobxon fikrini yangilash, boyitishni nazarda tutardi. Fikrni yangilash esa o‘quvchini yangi fikr dovonlariga olib chiqish, bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarish, to‘rt qadam ilgariroq qadam tashlash degani bilan teng edi. Yana bir qiziq ijodiy xususiyatni ham qayd etib o‘taylikki, Ozod Sharafiddinov o‘zining toshqin, suronli adabiy-tanqidchilik faoliyatida, jo‘shqin maqolalarida yangi fikr aytish, fikr yangilanishini birinchi o‘ringa qo‘yardi. Bezovta fikr qaynashlari bilan zamondoshlarini o‘ziga jalb etar, bahslarga tortardi. Doim fikrlashga, muloqotga, bahsga intilish uning insoniy ijodkorlik tabiatida yetakchi maylga ega edi. Fikrsiz yasholmaslik unda tug‘ma odat, tug‘ma fe’l bo‘lsa ehtimol.

Muttasil o‘qish-o‘rganish, bilim xazinalariga intilish, g‘ayur kitobxonlikda bu mayl uning ijodi, xususan, tarjimachiligining xarakterli, o‘ziga xosligiga aylanganligi ayon ko‘zga tashlanadi. Intellektning chanqoqligi, fikr uyg‘otish va uni yangilashga bo‘lgan tuganmas ishtiyoqni uning yuzlab shogirdlari, tinglovchilari darslarida o‘tirib ham kuzatganmiz. Darslar qizg‘in fikrlashlarda o‘tardi. Domlamiz fikrni jilovlash, qolipga solishga emas, parvozga undardi, qanotlantirardi, fikrchanlik muhitida nafas olishga undardi.

Nima uchun Ozod Sharafiddinov tarjimachilikda Merime, Oskar Uaylddan, Anatoliy Ribakov, fors adiblari va Tonkabonigacha qamrab olishga urinadi?

Nima uchun Maksim Gorkiyning boshqa asarlarini emas, ayni kam tanilgan «Shaxsning yemirilishi» asarini tarjima uchun tanlaydi?

Nima uchun o‘qishlari va tarjimalari doirasiga Stefan Sveygu Vasil Bikov, Efraim Sevilayu Vladimir Voynovich, Paulo Koelo, Xans Ioaxim Shadlix va o‘nlab boshqa biz yaxshi bilmagan, qariyb o‘qimagan, tasavvurimizda yo‘q bo‘lgan necha o‘nlab adiblar va ularning g‘alati-g‘alati asarlarini olib kiradi?

Nima uchun Ortega-i-Gasset, Olvin Toffler, Zbignev Bjezinskiy, Aleksandr Genis, Jan Jak Russo va Yuxan Borgenlar ustida mashaqqatga berilib qora ter to‘kadi? Bu to‘kkan qora terlari bilan yuragimizning qorong‘u puchmoqlarini elektr nurlari bilan yoritmoqchi bo‘lib urindimikin?

Lev Tolstoyning keng ma’lum bo‘lmagan va keng tarqalmagan «Iqrornoma»sini qidirib topadi va ko‘zlari yaxshi ko‘rmay qolgan bo‘lishiga qaramasdan, labiga bir tomchi suv tekkizib uzoq uyqusiz tunlar lupada o‘qib dard bilan o‘zbekchalashtiradi? Nima uchun?

Uning bu fidokorligini qaysi so‘z, qaysi ta’rif bilan izohlasa bo‘ladi? U shunday uzoq tunlar nimalarni o‘yladi, boshidan kechirdi, qanday tug‘yonlarga g‘arq bo‘ldi ekan? U bekorga «Iqrornoma»ni qo‘lga olmagandir? Tolstoy dahosi yetagida bu fikrlar uning xuddi o‘z fikrlari kabi o‘rtangan yuragidan toshib chiqmadimikin? Elliginchi yillarning boshida, yigit chog‘lari Mirtemirning o‘zi qattiq hayajonlanib o‘qigan she’ri bot-bot yodiga tushmadimikin, yuragiga dalda bermadimikin, so‘nayotgan hayot piliklarini yana bir karra ko‘tarib, ravshanroq qilib qo‘ymadimikin?

Qog‘ozda qolsin, mayli,
Nekrasovga qo‘shilib,
Matryonushka holiga
Ko‘z yoshi to‘kkanlarim...
Silalmay yoshginamni,
Bukilmas boshginamni,
Dyomushka tobutiga
Jimgina bukkanlarim...
Saveliy bobo bilan
Ne faryod chekkanlarim
Qog‘ozda qolsin, mayli...
... Manzillar o‘tgan sari
Haqiqat urug‘ini donalab ekkanlarim
Qog‘ozda qolsin, mayli...
O‘zbek she’rin charxladim
Rus she’rining charxiga...

Ozod Sharafiddinovning ijod charxi uzoq uqubatli tunlarda bir zum tinmadi.

U XX asr o‘zbek so‘zini, XX asr o‘zbek badiiy tafakkuri, ilmiy-adabiy uslublarini dunyo adabiyotining rang-barang, dam quvnoq, dam dardnok, dam fojiali, dam hikmat yog‘ilgan quyunlariga charxladi. Yurakdan chiqqan so‘z ijtimoiy bo‘ronlardan, cheksiz zahmatlardan, og‘riqli alamlardan, tuzalmas kasalliklardan, keti uzilmay keladigan ayriliqlardan kuchli ekanligini isbotlamoqchi bo‘ldi. Uning so‘zi bu talashlarda g‘olib chiqdi. Qachon o‘quvchi tolib bo‘lsa, unga bag‘rini ochib, peshvoz yuradi va: «Ol, o‘qi! Bular sening xazinalaring. Qalbing to‘rida saqla va serob qil!» — deb turadi.

Ammo Lev Tolstoy! Ammo «Iqrornoma»!

Tarjimon o‘zi uchun so‘z boyliklarini yaratadi. U so‘zlar, jumlalar, obrazlar olamlari ichida yashaydi. Tarjimon so‘zni yuragiga ekadi. So‘z uning yuragining harorati va pokiza muhitida unadi, kurtak yozadi. Yerga tashlangan urug‘ xuddi shunday emasmi?

Lev Tolstoy «Iqrornoma»da yashashning ma’nosini qidirgan. Uning xuddi shu «Iqrornoma» bilan bir paytda yozgan «Mening hayotim» («Moya jizn») va «Telbaning bitiklari» asarida ham og‘riq-azoblar ichida hayotning, yashashning ma’nosini qidiradi. Bu uch asar bir-biriga qaratib qo‘yilgan uch oynadir. Ularda Tolstoy butun dahosi, insoniyligining qudrati bilan ro‘y-rost ko‘rinib turadi. Tolstoy hayot boshdan-oxir bema’ni bir narsa, davosi yo‘q va hech qachon bo‘lmaydi degan fikrga kelgan. Inson nima qilmasin, qancha urinmasin, bari behuda degan fikr uni tark etmagan. Bu savollar va bu kabi fikrlardan telba bo‘lib qolgan. Arzamas va Moskvaga borgan kezlari o‘zini o‘ldirib qo‘yishdan bazo‘r qutulgan.

Ozod Sharafiddinov Tolstoyni butun umr chulg‘ab, uni hech qachon o‘z fojiali iskanjasidan bo‘shatmagan fikrlarni teran ilg‘aydi. Tolstoycha ohangini topib o‘zbekchaga o‘giradi. O‘sha paytlar buyuk Nitshe o‘zining serog‘riq «Insoniy, haddan ziyod insoniy» degan butun Yevropani talvasaga solgan asarini yangi nashrdan chiqargan edi. Tolstoy rus zaminida turib ularga jo‘r bo‘lgan edi.

Ozod Sharafiddinov asarni tarjima qilarkan, uning nomini lug‘atlarimizda uchramagan so‘z bilan atadi. Oddiy qilib «Iqror» deyishi ham mumkin edi. Ammo «Iqrornoma» deyish mumtoz adabiyotimiz, o‘zbek o‘quvchisining madaniy an’anasiga yaqinroqmikin, deb mulohaza qildi va lug‘atimizga yangi bir tushuncha kiritdi. «Ispovedalnaya literatura» degan tushunchani nima deb tarjima qilishga o‘ylanib o‘tirardik. Mana endi bunga duch kelganda, uni aniq qilib «iqrornomalar» deb atayveramiz. Ozod Sharafiddinov Voynovichning romani nomini «Monumental targ‘ibot» deb ataydi. Bu bilan shaxsga sig‘inish davrining monumental san’ati va adabiyotiga, uning tub mohiyatiga ishora etganday bo‘ladi. «Monumental» tushunchasini o‘zbekchalashtirmay (holbuki, azim targ‘ibot, azamat targ‘ibot deb atashi ham mumkin edi) unga mos ekvivalent qidirmay tarixiy haqiqatni saqlaydi. Ozod Sharafiddinov tilimizga kirib kelgan tabdili bo‘lmagan xorijiy so‘zlarni sun’iy tarzda o‘zbekchalashtirishga urinmaydi. Ularni o‘z holicha, o‘z ma’nosicha qo‘llaydi.

Uning barcha tarjimalarida ilm kishisining tili, olimona til va yana ham aniqroq aytganda, tanqidchining tili, tanqidchining so‘zi bo‘rtib sezilib turadi. Uning tarjimalariga xos uslub qirrasi bir chekkasi xuddi mana shunday hosil bo‘ladi. Uning tarjimonlik uslubida aniqlik, to‘g‘rilik, puxtalik, ortiqcha bezaklar va hashamlardan qochish ustun turadi. U asliyat uslubini qanday bo‘lsa shunday ifodalashga, asliyatning jumla qurilishlariga ergashishga nasrning ritmikasini chiqarishga intiladi.

Ozod Sharafiddinov tarjimachiligi bilan tanqidchiligi bir-birini to‘ldiradi, bir-birini fikr bilan boyitadi. Tarjimachilik ham xuddi tanqidchilik kabi juda ko‘p o‘qish, kitobparvarlik bilan bog‘liq. Ozod Sharafiddinov ijodiy merosida bularni bir-biridan sira ajratib bo‘lmaydi. U O‘zbekistonda eng ko‘p kitob o‘qigan va eng ko‘p kitob to‘plagan, ajoyib kutubxona yaratgan noyob zotlardan edi. Bu jihatdan yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarda fidokorlik qilgan tanqidchi tarjimonlar Mannon Royiq, Sanjar Siddiq, Abdurahmon Alimuhamedov, Nabi Alimuhamedov, Vahob Ro‘zimatov, Jumaniyoz Sharipov (keyinroq G‘aybulla Salomov) singari ham tarjima amaliyoti, ham tanqidchiligi bilan shug‘ullangan siymolar qatoriga kiradi. U tarjimonligida, xuddi tanqidchiligida bo‘lganidek, teran ma’rifatparvar adib, chinakam ziyoli edi.

Nardasan, oh, nardasan,
dunyodami, uxrodami?

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.