OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bir kun, albatta, qaytaman!

(Nobel mukofoti laureati, shoir I.Brodskiy hayoti va uning ijodiy portretiga chizgilar)

Avval bo‘hton-la to‘lib-toshgan maqola, so‘ngra munofiqona uyushtirilgan sud, keyin esa surgun yoki qamoq.... Sovet tuzumining “bebosh” ziyolilardan “qutulish” usuli ana shunday sodda edi. Ba’zan bundan-da qulay va oson yo‘li tanlanar, ular imi-jimida jinnixonaga eltib, joylab qo‘ya qolinardi. Albatta, bu “tegirmon toshi” ostidan sog‘-salomat chiqish juda qiyin, boz ustiga e’tiqodini ham omon saqlab qolish battar mushkul edi. Ko‘pincha bunday ziyolilar muhojirlik qismatini bo‘yniga olibgina ta’qib va tazyiqlardan xalos bo‘lardi.

1963 yil 29 noyabr kuni “Vecherniy Leningrad” gazetasida A.Ionin, Ya.Lerner va M.Medvedev imzosi ostida “Adabiyot tevaragida o‘ralashib yurgan tekinxo‘r” nomli maqola bosilib chiqadi. Bu feleton yaqinlari va do‘stlari davrasida oddiygina Osya deb tilga olinadigan, adabiy gurunglarda esa rasman Iosif Brodskiy deb navbat beriladigan yigirma uch yoshdagi o‘rta bo‘yli, keng yelkali, malladan kelgan yigit — Neva bo‘yidagi shaharda ancha-muncha tanilib qolgan yosh shoir va tarjimon hayotini ham ana shu “tegirmon toshi” ostiga uloqtirib yubordi.

  1. ERKINLIK

1940 yil 24 mayda ikki ziyoli – Aleksandr Ivanovich Brodskiy (fotomuxbir) va Mariya Moiseevna Volpert (hisobchi) oilasida dunyoga kelgan yakkayu yagona farzand “mazlumlar dohiysi” Stalinga ehtirom yuzasidan Iosif deb atalganida, uning hali rus shoirlari orasida sovetlarga eng “ters”i bo‘lib yetishishi hech kimning xayoliga kelmagan edi.

Buni qarangki, Osyaning shaxs o‘laroq shakllanishida ham yana o‘sha “xalqlar otasi”, bu gal uning qonxo‘r diktaturasi qulashi favqulodda rol o‘ynaydi. U balog‘at pallasiga endi qadam qo‘ygan vaqtda sovet xal-qi ham yangi siyosiy rahbar — N.Xrushchyov boshlab bergan “iliqlik” davriga kirib boradi. KPSS XX s’ezdidagi yopiq nutqida shaxsga sig‘inish illatini nafrat-la qoralab, stalincha erksizlik qafasini sindirib tashlagan bu yo‘lboshchi, afsuski, fe’l-atvori biroz to‘pori yangi “Xaloskor”iga umid bilan boqqan ko‘pmillionli xalqni rosmana erkinlikka olib chiqolmadi. To‘g‘rirog‘i, islohotlar bobida dadil ilgarilab ketishga qodir bo‘lmagan N.Xrushchyov alal-oqibat avvalgisidan bir ozgina farq qiluvchi yangi qafas taklif eta oldi, xolos. Lekin shuni ta’kidlash joizki, aytarli barcha bir qafasdan boshqasiga, qo‘yingki, andak nadomat-la ko‘chib o‘tishdan o‘zga iloj topmagan bir vaqtda I.Brodskiy hech tap tortmay ikki qafas orasi – xavf-xatarga to‘la... erkinlikni tanladi.

I.Brodskiy shaxsidagi erkinlikning o‘qtomiri uning tabiatidagi haddan ziyod mustaqillik va o‘ziga yetguncha qaysarlikka borib tutashardi. U fe’l-atvoridagi ana shu xususiyatlar tufayli ham o‘n besh yoshida Maxovoydagi 196-maktabni hali 8-sinfini ham tugatmay qo‘qqisdan tark etadi va ilgari “Arsenal” nomi bilan dong chiqargan, endi esa 671-raqami bilan yuritila boshlagan harbiy zavodga frezerchi bo‘lib ishga kirib ketadi.

Osya maktabdan keyingi yetti yil mobaynida ish joyini oz emas-ko‘p emas... 13 marta o‘zgartiradi. Shunisi qiziqki, u tanlagan kasblar ham bir-biridan hayratomuz darajada yiroq edi: texnik-geofizik, o‘t yoquvchi, santexnik, fotograf... Osya, hatto, bir muddat jarroh bo‘lishni istab, turmaga qarashli gospital o‘likxonasida prozektor, ya’ni murda yoruvchiga yordamchi bo‘lib ishlaydi. I.Brodskiy tez-tez o‘zgartirib turgan ish joylarining bir-biridan olisdaligi esa bundan-da oshib tushar edi: Oq dengiz sohillari, Yoqutiston, Tyan-Shan tog‘lari, Qozog‘iston... (Darvoqe, Osya bu joylarga odatda qisqa muddatli geologik ekspeditsiya safida kelardi.) Keyinchalik bu hol uni yoqtirgan va yoqtirmagan kishilar orasida bir-biridan farqli va hatto bir-biriga zid ko‘plab talqinlarni yuzaga keltiradi. I.Brodskiyning o‘zi esa bu holni faqat bir sabab –o‘sha kezlarda unga hamma narsa qiziq tuyulgani bilan izohlaydi.

I. Brodskiy ilk she’rini o‘n olti yoshida XX asrning mashhur rus shoiri B.Slutskiyning “Literaturnaya gazeta”da chop etilgan bir turkum she’rlari ta’sirida yaratgan edi. Uning qalbida bor hayotini she’riyatga bag‘ishlash niyati pishib yetilishi uchun esa yana uch yil kerak bo‘ldi. 1959 yil geologik ekspeditsiya safida Yoqutistonga borgan bu yigit hordiq kuni Yakutsk ko‘chalarini aylanib yurib, kitob do‘koniga kirib qoladi va bu yerdan X1X asr rus falsafiy she’riyati vakili Ye.Baratinskiyning “Biblioteka poeta” seriyasida chop etilgan salmoqdor bir jildligini sotib olib, o‘sha kuniyoq bosh ko‘tarmay o‘qib chiqadi. “Bu kitobni... o‘qib chiqdimu qismatim nima ekanini darhol angladim”, deb eslagan edi ana shu damlarni I.Brodskiy 70-yillar boshida.

I.Brodskiy fe’l-atvoridagi erkinlikka talpinishi xususiyati uni g‘addor tuzum tayanchi – KGB mahkamalariga juda barvaqt yuzma-yuz qiladi. Uning ustidan mazkur josuslik idorasiga tushgan ilk chaquv haqida Ya.Gordin shularni hikoya qilib bergan edi. Bu shoir 1958 yilda o‘zi tahsil ko‘rayotgan Leningrad universiteti talabalari ilmiy anjumanida 20-yillar rus she’riyati vakillari – I.Selvinskiy va M.Lugovskoy ijodi yuzasidan ma’ruza qiladi va unga mazkur o‘quv maskaniga erkin tinglovchi sifatida qatnab yurgan I.Brodskiyni ham taklif etadi. O‘shanda hech tap tortmay muzokaraga qo‘shilib ketgan Osya kutilmaganda sobiq inqilobchi bolshevik, endilikda esa siyosiy muhojir L.Trotskiyning “Adabiyot va inqilob” nomli kitobidan olingan iqtibos bilan so‘z boshlab qolsa bo‘ladimi! Albatta, u bu ishni jo‘rttaga, ya’ni birovning qitiq-patiga tegish yoki o‘zini bir ko‘rsatib qo‘yish uchun qilmagan, balki o‘sha vaqtda bu asarni endi o‘qib tugatgan va undagi bir fikrni bahs mavzusiga daxldor deb hisoblagan – shugina xolos. “Biroq talabalar ilmiy kengashi rahbari professor Ye.Naumovning o‘sha paytdagi vajohatini siz ham bir ko‘rsangiz edi, – deb eslaydi Ya.Gordin. – ...Uning Iosifga qarshi “otashin” nutqini hecham tushunib bo‘lmas, chunki u qo‘rquv va g‘azab ichida hadeb Brodskiy va Trotskiy familiyalarini chalkashtirib yuborardi. Aftidan, u bo‘lib o‘tgan voqea haqida hech paysalga solmay tegishli joylarni xabardor etgan”. Tegishli joylar degani esa, birinchi galda, Leningrad KGBsi edi.

I.Brodskiy fe’l-atvoridagi erkinlik uning she’riy izlanishlariga ko‘chib o‘tmasligi mumkin edimi, axir?! I.Brodskiy bilan tengqur barcha navqiron shoirlar “kumush asr” nomi bilan adabiyot tarixiga kirgan X1X asr oxiri — XX asr boshi she’riyatiga vorislik rishtasi-la bog‘lanishni istasa, I.Brodskiy bo‘lsa bu borada ham ancha o‘zi “umumto‘da”dan chetda qolib ketgan edi. Bu davrda u X1X asr boshida yashab, meditativ ruhda she’rlar yozgan Ye.Baratinskiy, K.Batyushkov, P.Vyazemskiylardan ruhiy imdod so‘raydi. Osya boshqalarga o‘xshamaslik vajidan hatto barcha davrlarda ham rus she’riyatining eng ulug‘ vakili bo‘lib qoladigan A.Pushkin ta’siridan-da o‘zini ongli ravishda chetga oladi.

I.Brodskiy hayoti va ijodini tadqiq etgan olimlardan biri – V.Polonskiyning ta’kidlashicha, 60-yillarda I.Brodskiyning Leningrad Texnologiya institutida tahsil oluvchi yosh shoirlar — Ye.Reyn, A.Nayman, D.Bobishev bilan yaqinlashishi uning ijodiy o‘sishiga ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, Osyani 1961 yil 7 avgustda XX asr ulug‘ rus shoirasi A.Axmatova bilan ilk bor uchrashtirgan ham shulardan biri — Ye.Reyn edi. Bir jihatni alohida qayd etish joizki, bu vaqtga kelib ancha keksayib qolgan shoira barcha shogirdlari orasida ayniqsa I.Brodskiyga boshqacha mehr va iltifot ko‘rsatadi. A.Axmatova bu yigitda “katta Osya” – XX asr ulug‘ rus shoiri O. Mandelshtam bilan o‘xshash ba’zi xislatlarni ko‘rgani ham bunga sabab bo‘lgandir, ehtimol. Lekin, nima bo‘lganda ham, u I.Brodskiyni hali oldinda shon-shuhratga burkangan shoirlik taqdiri va... iztirobga to‘lib-toshgan insonlik qismati kutib turganini bashorat qiladi.

N.Xrushchyov davrida yosh shoirlar estradaga bemisl shiddat bilan talpingani haqida ko‘p yozilgan, albatta. Bunday intilishdan chetda qolmagan I.Brodskiy ham goh Leningrad davlat universiteti, goh V.Mayakovskiy nomidagi kutubxona, goh Lensovet nomidagi madaniyat saroyida she’r va tarjimalari bilan chiqishlar qiladi. Biroq Osya har gal sahnaga ko‘tarildi, deguncha albatta bir besaranjomlik paydo bo‘lar, Ya.Gordinning e’tiroficha, buning asosiy sababi uning she’rni o‘ziga xos tarzda o‘qishi edi. U she’r o‘qish jarayonida ohang e’tibori ila shunday baland shiddatga erishardiki, ba’zi tinglovchilar o‘zini hatto tobi qochgandek his eta boshlardi. Axir, shoirdan “taralayotgan” ruhiy quvvat shunchalik kuchli bo‘lar va bunga uncha-muncha asab dosh berishi mushkul edi-da! I.Brodskiy muxlislar qarshisida yonib-jo‘shib she’r o‘qir ekan, unda ijod onlaridagi ruhiy holat go‘yo teskari tarzda qaytadan ro‘y berardi. Ya’ni, ijod lahzalarida she’r uning qalbini qay tarzda kuchli to‘lg‘onish bilan tark etgan bo‘lsa, o‘qish onlarida, aksincha, o‘shanday kuchli to‘lg‘onish bilan qalbga qaytib kirardi. Mana shunday “omil”lar tufayli ham uning she’rlari ba’zi kimsalarga g‘alati va hatto xavfli ko‘rinar, oqibatda, yuqorida aytilganidek, besaranjomlik boshlanib qolardi.

Aslida-ku I.Brodskiy she’rlariga sovetlarga qarshi degan tamg‘a bosish insofdan bo‘lmas. Chunki, ularda mavjud tuzumni ag‘darib tashlashga ochiq da’vatlar u yoqda tursin, hatto o‘tkir siyosiy muammoni ko‘tarish ham ko‘zga tashlanmasdi. I.Brodskiy she’rlarining sovetlarga yot deb qaralishiga asos bo‘lgan sabab nima edi, unda? U o‘z she’rlarida ruhiyatning shu qadar yuksak ma’volariga ko‘tarila olardiki, odatda, bunday “me’roj” juda kamdan-kam insongagina nasib etadi. Shu tufayli bu she’rlar ularni o‘qigan yoki tinglagan kishilarda inson degan mo‘‘tabar nomga munosib hayot kechirish bilan bog‘liq nadomatli sog‘inch hissini paydo qilardi. Bir so‘z bilan aytilsa, I.Brodskiy she’rlari o‘zining ana shunday mohiyati bilan sovetlarning mag‘zi puch, yolg‘on mafkurasini beixtiyor chippakka chiqarardi. Butun jamiyat yoppasiga erksizlik sirtmog‘ida bo‘g‘ilib yotgan bir vaqtda uning she’rlarida ruhiy erkinlikning baralla ufurib turishi isyon sifatida qabul qilingan bo‘lsa, bundan ajablanishga hojat yo‘q...

  1. “QORA ODAM”

Har qanday manfur idora usuli o‘z tajassumi bo‘lgan qabih kuchlar dasti bilan ish ko‘radi. XX asr ulug‘ rus shoiri S.Yesenin vido kalomi bo‘lmish so‘nggi dostonida uni mahv etish uchun betinim ta’qib qilib yurgan bunday yovuz kuchni “qora odam” deb ta’riflagan edi. I.Brodskiy taqdirida ana shunday “qora odam” rolini sovet tuzumining arzimas “murvati” bo‘lgan Ya.Lerner otlig‘ kimsa ijro etadi. Uni bunday xatti-harakatga da’vat etgan ichki sabab nima edi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Rosti, bu savolga javob uncha qiyin ham, boz ustiga, hatto yangi ham emas: bu – mansab ilinji, martaba havasi edi. Yahudiy bo‘lgani sabab Stalinning qahri qattiq zamonida amal kursisiga yaqin yo‘lolmagan bu kimsa Xrushchyovning ola-g‘ovur davrida, kuni tuqqanini sezib qoladi. Ana shundan keyin u qanday qilib bo‘lsa ham, Leningrad shahri hamda viloyati rahbarlari nazariga tushish yo‘llarini qidira boshlaydi...

RSFSR Oliy Soveti Prezidiumining 1961 yil 4 may kungi “Ijtimoiy foydali mehnatdan bo‘yin tovlab, jamiyatga yot tarzda tekinxo‘rlik bilan hayot kechirayotgan shaxslarga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida”gi farmon Ya.Lernerga o‘xshash nobakor kimsalar qo‘lida xavfli qurolga aylanadi. Ushbu farmon tez oradayoq o‘sha davrning bosh yalovi bo‘lib qo‘llarda “hilpiray” boshlaydiki, bu hol quyidagi sabab bilan izohlanar edi: N.Xrushchyov yana yigirma yildan keyin SSSRda kommunizm barpo bo‘ladi, deb va’da bergan va eng baland minbardan turib qilingan bu “bashorat”ga butun sovet xalqi, albatta, chippa-chin ishongan edi. Shu sababdan ham xomxayolga berilgan oddiy odamlar mazkur farmonni orzu qilingan maqsad – kommunizm sari etuvchi silsilaning bir halqasi deb qabul qiladi. Jamiyat shu hujjatni dastak qilib olib, har xil piyanista, chayqovchi, fohisha, tilanchi unsurlardan xalos bo‘lishni ko‘zlagan va aslida bunday niyatning hech bir yomon tomoni ham yo‘q edi. Biroq, taassufki, qonun ustuvor bo‘lmagan jamiyatda hokimiyatni egallab olgan kimsalar uni o‘zi xohlagan yo‘lga solib yuborishi hech gap emas ekan...

Ya.Lerner I.Brodskiy ustidan tuhmat va nafrat to‘la chaquv qoralaydi va uni shoshilinch “Vecherniy Leningrad” gazetasiga eltib beradi. U ancha yillardan beri bu gazetaning shtatsiz muxbiri hisoblanar va tahririyat xodimi I.Berman bilan, ayniqsa, osh-qatiq bo‘lib ketgan edi. M.Medvedev imzosi bilan “ijod” qiluvchi I.Berman boshqa bir hamkasbi – A.Ioninni ham hammualliflikka chaqiradi va Ya.Lernerning “zuvala”si asosida qo‘lbola bir feleton yasaydi.

  1. FELETON

Lerner “qalam”iga mansub bu feleton boshdan-oyoq siyosiy safsata bilan to‘lib-toshgan, bu ham yetmagandek dalillar ham qo‘pol tarzda soxtalashtirilgan edi. I.Brodskiy bu haqda gapirish imkoni tug‘ilganida “Ismi sharifimdan bo‘lak maqoladagi hamma gaplar g‘irt yolg‘on!” degan edi darg‘azab bo‘lib. Mualliflar hatto o‘z qahramonining aniq yoshidan ham bexabar bo‘lgan chog‘i, unga “saxiy”lik bilan yana uch yilni qo‘shib yuborgan edi. “Yigirma olti yoshli (?) soppa-sog‘ yigit to‘rt yildan beri ijtimoiy-foydali mehnat bilan shug‘ullanmaydi, — deb yozgandi feletonchilar. — U qo‘liga onda-sonda tushib qoladigan tasodifiy ish haqi hisobiga kun kechiradi, ahvoli juda nochorlashib qolgan paytlarda esa Leningrad gazetalarining shtatsiz fotomuxbiri bo‘lgan otasi puldan qarashib yuboradi. Garchi ota o‘g‘lining fe’l-atvoridan norozi bo‘lsa ham, uni haligacha qornini to‘qlab, ustini butlab yuribdi”. Xullas, ular zo‘rma-zo‘raki tarzda I.Brodskiyga ishyoqmas, yalqov, tekinxo‘r degan tamg‘ani bosish va o‘sha farmon sirtmog‘i ostiga olib kelishni niyat etgani ochiq-oydin ko‘rinib turardi.

I.Brodskiyni tekinxo‘r deb isbotlash uchun uning she’riyat bobidagi zahmatlarini ham yo‘qqa chiqarish zarur edi, albatta. Aks holda, qarang-a, hech qaerda ishlamasa ham, baribir, ajoyib she’rlar yozibdi-ku, degan gap bo‘lishi tayin edi. Shu sababli feletonchilar uning she’rlarini mana bunday “baho” bilan siylaydi: “I.Brodskiyning nochor taqlidiy “bitik”lari kishida ayanchli taassurot qoldiradi. U o‘zicha biror yangi asar yarata olmagan, sababi bunga kuchi yetmagan: unda bilim, madaniyat kamlik qilgan. Axir, o‘rta maktabni ham tugatmagan chalasavod odamda bu fazilatlar qaerdan bo‘lsin?!”

Maqolada I.Brodskiyning takasaltang hamtovoqlari deya bir necha kishining nomi tilga olinadiki, aslida bularning ba’zilari unga butunlay notanish bo‘lsa, ba’zilari uzoq tanish edi, xolos. Tabiiyki, feletonchilar aslida I.Brodskiyga hammadan ham yaqin bo‘lgan A.Axmatova, K.Chukovskiy, S.Marshak, D.Shostakovich kabi taniqli zotlar nomini jo‘rttaga tilga olmaydi. Maqolada nomi zikr etilgan boshqa ikki shaxs — A.Umanskiy va O.Shaxmatovlar haqida esa bir juftgina so‘z aytib o‘tish lozim. 1962 yilda I.Brodskiyning do‘sti (aniqrog‘i, og‘aynisi) bo‘lgan sobiq harbiy uchuvchi O.Shaxmatov ruxsatsiz qurol saqlashda ayblanib Krasnoyarskda KGB xodimlari tomonidan hibsga olinadi. Tergov chog‘ida uning og‘zidan beixtiyor Leningradda A.Umanskiy boshliq sovetlarga qarshi maxfiy guruh faoliyat yurityapti, degan gap chiqib ketadi va kalava yanada chuvalanib u mazkur guruh bilan aloqada bo‘lgan o‘nlab kishini ham nomma-nom aytib berishga majbur bo‘ladi. Bu ham yetmagandek, O.Shaxmatov gap orasida 1961 yili I.Brodskiy bilan Samarqandda uchrashib, bu yerdan Termizga uchadigan kichik bir samolyotni Afg‘onistonga olib qochish bo‘yicha reja tuzganlari, lekin ko‘z ostiga olib qo‘yilgan samolyot bakida benzin oz qolgani bois bu fikrdan voz kechganlari haqida ham “gullab” qo‘yadi. Oqibatda O.Shaxmatov hamda A.Umanskiylar ustidan darhol jinoiy ish qo‘zg‘otiladi, I.Brodskiy esa avval guvoh, so‘ngra gumondor sifatida tergovga tortiladi. Xayriyatki, Brodskiy ishi yuzasidan so‘roq qilingan o‘n ikki nafar guvohning birortasi ham O.Shaxmatov da’vosini tasdiqlamaydi va shu bois, garchi xohlamayroq bo‘lsa ham, uning ustidan tergov harakatini to‘xtatishadi. Biroq, tabiiyki, shundan keyin xavfsizlik organlari bu “bebosh” yigitning har bir qadamini hushyor kuzata boshlaydi.

Darvoqe, I.Brodskiy keyinroq AQShlik jurnalist S.Volkov bilan qilgan suhbatida qadimiy shahar osmoni ostida shunday reja haqiqatdan ham tuzilgan edi, deya xolis tan oladi. Lekin shuni ham esdan chiqarmaslik kerakki, bu 20 yoshli she’rparast yigit xayolida daf’atan yetilgan “jozibador”, ammo bolalarcha puch rejadan o‘zga narsa emasdi. Hayot bag‘rida rosmana yashashdan ko‘ra u haqda shoirona xayollar surishga ko‘proq layoqatli bo‘lgan odamlar bunaqa telba-teskari rejalardan qancha-qanchasini o‘ylab yuborgani holda ulardan birortasini ham ro‘yobga chiqarolmasligi ko‘p bor kuzatilgan hol, albatta. Garchi qilni qirq yoradigan KGBchilar I.Brodskiyni bu borada tumshug‘idan ilintira olmagan bo‘lsa-da, Lerner hech tap tortmay uni “Vatanga xiyonat qilmoqchi bo‘lgan”, deya badnom etmoqchi bo‘ladi. Shu o‘rinda bir azaliy chalkashlikka munosabat bildirib o‘tish foydadan xoli bo‘lmas. Nimagadir barcha zamonlarda ham odamlar “tuzum” hamda “vatan” tushunchalarini bir-biriga aralashtirib kelgan. Buning ostida shunchaki kaltafahmlik yotadi, deb o‘ylash battar kaltafahmlik bo‘ladi, xolos...

Feleton ana shuncha gap-so‘zdan keyin do‘q-po‘pisa bilan tugashi hech kimda taajjub uyg‘otmaydi, albatta. Lernerning fikricha, sotsialistik turmush tarziga yot holda tekinxo‘rlik bilan hayot kechirib, boshqa yoshlarga buzg‘unchi ta’sir ko‘rsatayotgan, bu ham yetmagandek, qalbida sovet tuzumiga nafrati jo‘sh urib, burjuacha G‘arbga astoydil sajda qilayotgan chalasavod modernchi va shaklboz I.Brodskiyga Lenin nomidagi shaharda, kommunizm quruvchilari orasida mutlaqo o‘rin yo‘q!

  1. TA’QIB

I.Brodskiy maqola bosilgan kunning o‘zidayoq “Vecherniy Leningrad” gazetasi bosh muharriri B.Markov nomiga raddiya maktubi yozadi va uni paysalga solmay gazeta tahririyatiga yo‘llaydi. O‘z-o‘zidan aniqki, yosh shoir va tarjimon iztirobu ehtiros bilan yozgan bu xat gazeta yuzini ko‘rmaydi, bosh muharrir uni bamaylixotir bir chetga surib qo‘ya qoladi, xolos. Bugungi kunda mazkur raddiya I.Brodskiy o‘sha vaziyatda naqadar anoyilarcha ish tutganiga bir dalil sifatida qimmatga ega, xolos. Lekin o‘sha kunlarda yolg‘on-yashiqdan iborat bu maqolaga unga o‘xshab soddadillik bilan e’tiroz bildirib, tahririyatga raddiya yuborgan boshqa kishilar ham bo‘lgan.

Ana shunday insonlardan biri – N.Grudininaning mazkur voqeaga doir xotiralari g‘oyat diqqatga sazovor. “Men I.Brodskiy ishiga qanday aralashib qolganimni bilasizmi? – deya hikoya qilgan edi u 80-yillar adog‘ida. – To‘g‘risi, feletonga qadar bu yigitning she’rlaridan ham, tarjimalaridan ham durustroq xabardor emasdim. Feletonda Pionerlar saroyidagi men rahbar bo‘lgan she’riyat to‘garagiga ilgari qatnab yurgan bir qizning nomi ham tilga olingan bo‘lib, uning onasi bir mahal ko‘zi jiqqa yoshga to‘lgan holda huzurimga kirib keldi-da, mana ko‘rasiz, shu maqolani dastak qilib olib, Mariannani endi universitetda nari oborib-beri obkelishadi, deya kuyinib so‘zlay ketdi. Men bu voqeadan g‘azabim qo‘zib, “Vecherniy Leningrad” gazetasiga qo‘ng‘iroq qildim. Maqola mualliflaridan biri – tahririyat xodimi Berman mening savolimga javoban bir nimalar deya g‘o‘ldiragan bo‘ldi. Ertasiga esa Prokofev (Leningrad Yozuvchilar tashkiloti rahbari – M.R.) meni qabuliga chaqirib, he yo‘q-be yo‘q “Shahar partiya komiteti gazetasini ayblashga qanday jur’at etding”, deya baqirib qolsa bo‘ladimi?! Men ham bo‘sh kelmay “Qalbim buyurgan gapni aytdim. Xo‘sh, bunga haqqim yo‘qmi”, deb javob qaytardim. Ana shundan so‘ng meni kotibiyatga chiqirib, muhokama qilishdi”...

“Vechyorka”dagi o‘sha maqola sabab Prokofev bilan tuzukkina aytishib olgach, menga har tarafdan sim qoqishlar boshlandi, – deya xotirlashda davom etadi shoira. – Dolinina qo‘ng‘iroq qildi, Etkind qo‘ng‘iroq qildi, yana kimlardir qo‘ng‘iroq qildi... “Nega bir o‘zing olishib yotibsan, kel, birgalashib kurashamiz!” deb chorlardi ular. Dolinina o‘sha kunlarda Brodskiyning Galchinskiydan qilgan tarjimalarini olib kelib berdi. To‘g‘risi, bu tarjimalar kutilmaganda meni hayratda qoldirdi, chunki ular Lozinskiy, Chukovskiylarning eng yaxshi tarjimalari qatori edi. Men shu narsani angladimki, bu yigit Galchinskiydek shoirni shunaqa tarjima qilibdimi, demak uning o‘zi ham hazilakam shoir emas...”

Lernerning shov-shuvga sabab bo‘lgan ushbu feletoni go‘yo sel quyishi oldidan chaqmoq chaqishdek bir gap edi. Shundan so‘ng I.Brodskiyga nisbatan hamlaning navbatdagi, ikkinchi bosqichiga o‘tiladi va uning har bir qadamini izma-iz poylab yurishlar boshlanadi. Bundan shubha qilmasa ham bo‘ladiki, “o‘ta mas’uliyatli” bu ishga jalb etilgan kishilar ham Ya.Lerner safdoshlari, ya’ni ko‘ngilli drujinachilar edi. I.Brodskiy o‘sha kezlarda Ya.Gordinga bu haqda “Ikki erkak va bir ayol ortimdan izma-iz poylab yuribdi. Ular bu “topshiriq”ni xuddi rasvo film-lardagi kabi no‘noqlik bilan bajaryapti – men ortimga o‘girilib qaradim deguncha ular devorga qapishib oladi”, deya ham kulib, ham kuyib gapirib bergan edi...

Bu holni ish hibsga olish sari ketayotganiga bir ishora deb tushunish to‘g‘ri bo‘lardi. Biroq, hamonki gap shoir haqida ketar ekan, Leningrad Yozuvchilar uyushmasi roziligisiz unga nisbatan biror chora qo‘rib bo‘lmasdi, albatta

Har yerda hoziru nozir Ya.Lerner 1963 yil 17 dekabrda Leningrad Yozuvchilar tashkilotining kotibiyat majlisida so‘zga chiqib, Dzerjinskiy tuman prokurori A.Kostakovning I.Brodskiy ishini jamoatchilik sudiga topshirish haqidagi maktubini o‘qib eshittiradi. Jamoatchilik sudi aslida ishi ko‘rilayotgan shaxsning yashash yoki ishlash joyidagi fuqarolar yig‘ilishi hisoblanar, I.Brodskiy yosh shoir ekani sabab, bu uyushmaning rasman a’zosi bo‘lmasa ham, Yozuvchilar tashkilotida sud qilinishi mantiqqa muvofiq edi. Odatda, jamoatchilik sudi tartibbuzarga yolg‘ondakam do‘q-po‘pisa qilib, uni bir oz bo‘lsa-da insofga keltirish bilan kifoyalanar, lekin ba’zida ishni hatto haqiqiy sudga oshirib yuborishga ham “jur’at” etardi. Lenin-grad Yozuvchilar uyushmasi I.Brodskiy masalasida xuddi ana shu keyingi, qattiqqo‘l chorani qo‘llaydiki, bunga nima sabab bo‘lgan edi, degan savolni aslo ochiq qoldirib bo‘lmaydi. L.Losev mazkur jumboqqa yechim izlar ekan, “Buning sababi bitta, u ham bo‘lsa qo‘rquv edi, – degan xulosaga keladi. – Chunki, o‘sha yillarda kotiblik qilgan shaxslar yozuvchi sifatida Stalin davrida shakllangan va haligacha ham o‘tmish bag‘rida yashab kelar edi”.

Leningrad Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tadigan bu jamoatchilik sudi 1963 yil 25 dekabrga belgilangan bo‘lib, unga “javobgar” I.Brodskiyning kelmagani ham ularni qattiq darg‘azab qilgan bo‘lsa, ehtimol. Vaholanki, bu vaqtda yosh shoir Moskvadagi Kashchenko nomli psixiatriya shifoxonasiga yotqizilgan va uni ertami-kechmi albatta hibsga olishadi, deb xavotirlangan yaqinlari va do‘stlari ayrim tanish shifokorlar maslahatiga ko‘ra ana shunday shoshilinch chora ko‘rgan edi. I.Brodskiy balki shu yo‘l bilan mudhish ko‘rgulikdan saqlanib qolar, degan umid ularga kuch bag‘ishlagan bo‘lsa ham, ehtimol. Biroq adog‘i yo‘q ruhiy zo‘riqishlardan tinka-madori qurigan I.Brodskiy rostdan ham aqldan ozib qolmasam edi, deb hadiksirab, bir necha kun o‘tar-o‘tmayoq yaqinlari va do‘stlariga uni bu yerdan tezroq olib chiqishlarini so‘rab o‘tina boshlaydi. I.Brodskiy 1963 yilning so‘nggi kunlarida, nihoyat, shifoxonadan chiqishga muvaffaq bo‘ladi va unga xayrixoh kishilar kutgan shizoid psixopatiya haqida tashxisni “qo‘l”ga kiritadi.

Yangi, 1964 yilning kirib kelishini Moskvada nishonlagan I.Brodskiy 2 yanvar kuni do‘sti L.Shterndan sevgan qizi M.Basmanova bu ayyomni Leningrad yaqinidagi Zelinogorsk degan joyda, xilvat dala hovlida D.Bobishev bilan birga o‘tkazgani haqida bilib qoladi. Iosifning qalbini zabt etgan Marina ko‘hlikkina musavvir qiz bo‘lib, bu ikki yosh ilk daf’a 1962 yil 2 yanvarda tanishgan edi. (Tasodifni qarang: ikki yil oldin ular shu kuni dastlab tanishgan bo‘lsa, ikki yil keyin esa shu kuni... oralariga ilk noxush gumon oralaydi.) XX asr ulug‘ rus abstraktsionisti K.Malevichga biri do‘st, boshqasi shogird bo‘lmish ikki musavvir nikohidan dunyoga kelgan bu qiz har qanday odamda ham kuchli taassurot qoldirishga qodir edi. A.Axmatova u haqda mana bunday fikr bildirgan edi: “Shunchalar nozik, shunchalar aqlliki... Yuziga qanday oro berishini aytmaysizmi?! Tag‘in hech qanday upa-eliksiz... Faqat sovuq suvning o‘zi bilan-a...” I.Brodskiy unga boqib, Uyg‘onish davri nemis musavviri L.Kranax chizgan samoviy farishtalarni ko‘rardi go‘yo. (U, ayniqsa, Ermitajga qo‘yilgan “Olma ushlab turgan Venera” suratini ko‘z oldidan ketkazmas edi.) Xullas, bu sovuq xabarni eshitgan I.Brodskiy darhol Leningradga yetib keladi va sevgilisi do‘sti bilan o‘ziga... xiyonat qilganidan voqif bo‘ladi.

Bir vaqtning o‘zida ikki yoqlama ayovsiz zarba olgan I.Brodskiy har qancha urinsa ham bu ko‘rgulikka dosh bera olmaydi – u oradan bir necha kun o‘tar-o‘tmas vena qon tomirini kesish yo‘li bilan umriga nuqta qo‘ymoqchi bo‘ladi. Tasodifan omon qolgan bu yosh shoir boshiga yopirilgan balo-qazoga uning yaqinlari va do‘stlari g‘addor tuzum zug‘umi, deb qaragan bo‘lsa, uning o‘ziga esa Marinadan ajralishgina fojia bo‘lib ko‘rinadi, xolos...

1964 yil 8 yanvar kuni “Vecherniy Leningrad” gazetasi “Shahrimizda tekinxo‘rlarga o‘rin yo‘q!” degan sarlavha ostida yana bir maqolani bosib chiqaradi. Mazkur maqola quyidagi “otashin” bir xitob bilan yakunlangan edi: “I.Brodskiy va uni qanoti ostiga olayotgan kishilar jamoatchilik hukmidan saqlanib qolamiz, deya xomtama bo‘lishmasin. Bizning aqli-hushi joyida bo‘lgan yoshlarimiz ularga qarata mana bunday demoqda: “Brodskiy shuncha ishyoqmaslik qilgani, jamiyat hisobiga yashagani yetar! U mehnatga darhol bel bog‘lamasa, yana ishlashdan bo‘yin tovlasa, endi o‘zidan ko‘rsin! “ Bir so‘z bilan aytganda, avvalgi maqola I.Brodskiyni “tekinxo‘r” sifatida murosasiz fosh etgan bo‘lsa, ke-yingi maqola esa endi uni hech bir ayamay jazolashni talab qilardi.

Shu tariqa 1964 yil 13 fevral kuni I.Brodskiy hibsga olinadi. Bu xususda shoirning otasi Aleksandr Ivanovich shahar prokurori S.Solovyov nomiga yozgan xatida ushbuni ma’lum qiladi: “13 fevral kuni soat 21 dan 30 minut o‘tganda I.Brodskiy ko‘chaga chiqaturib, fuqaro kiyimidagi uch kishi tomonidan to‘xtatiladi, ular o‘zlarining kim ekanini aytmay va hech qanday hujjat ko‘rsatmay o‘g‘limni mashinaga o‘tqazadi hamda Dzerjinskiy tuman ichki ishlar bo‘limiga olib boradi. Bu yerda ham qo‘lga olish yoki qamab qo‘yish haqida hech qanday hujjat tuzilmay, I.Brodskiy zudlik bilan bir kishilik kameraga o‘tqazib qo‘yiladi. Keyinchalik unga bu chora xalq sudining ajrimiga binoan amalga oshirilgani haqida ma’lum qilinadi.

14 fevral kuni yo‘qolib qolgan o‘g‘limizni qidirib vaqtimizni besamar o‘tkazdik, uni so‘rab ikki bor Dzerjinskiy tuman militsiya idorasiga murojaat etdik va tun yarmiga boribgina farzandimiz shu yerga qamab qo‘yilgani haqida tasodifan bilib qoldik...

Militsiyada bo‘lgan paytimizda shu kuni o‘g‘limizga “Tez yordam” chaqirtirilgani to‘g‘risida xabar topdik, ammo voqea sababi haqida bizga hech qanday ma’lumot berishmadi, bu militsiyaning “ichki ishi” deya gapni qisqa qilishdi, xolos. Keyin bilsak, o‘g‘limiz yurak xurujini boshdan kechirgan, shifokor unga kamfora aralashtirib ukol qilgan, ammo farzandimiz shundan keyin ham bir kishilik kamerada qolavergan ekan...”

Shu yerda voqealar rivojiga bevosita aloqasi bo‘lmasa ham, bir gapni aytib o‘tsak, bizningcha, zarar qilmas. I.Brodskiy 1964 yilning o‘sha 14 fevral kunida o‘z hayotidagi ilk yurak xurujini boshdan kechiradi. Keyin esa bunday hurujlar uni yillar mobaynida bot-bot ta’qib etadi va u muttasil yanagi tug‘ilgan kunimga sog‘-omon yeta olarmikanman, degan gumon va hadik ichida yashaydi. I.Brodskiyni tiriklar orasidan olib ketgan so‘nggi xuruj esa 1996 yil 28 mayda, rasmiy ta’ziyanomada quruq qilib aytilishicha, uyqudalik paytida ro‘y beradi.

  1. SUD

Nihoyat, sovet tuzumining eng sharmandali sud jarayonlaridan biri bo‘lib tarixga kirgan o‘sha adliyaviy, yana ham to‘g‘rirog‘i, siyosiy “tomosha” fursati yetib keladi. Sovet tuzumining adolat “posbon”laridan biri — sudya I.Saveleva raisligida bo‘lib o‘tgan ikki majlisdan iborat bu sud jarayoniga to‘xtalishdan oldin bir mulohazani aytib o‘tsak, balki ortiqcha bo‘lmas. Aksariyat tadqiqotchilar I.Brodskiy ishi yuzasidan bo‘lib o‘tgan sudni XX asr ulug‘ nemis modernisti F.Kafkaning “Jarayon” romaniga qiyoslab tahlil qilishni ma’qul ko‘radi. Darhaqiqat, F.Kafkaning hatto ismi sharifi ham to‘liq qayd etilmagan qahramoni Yozef K. singari I.Brodskiy ham mutlaqo bema’ni vaj-karson bilan qora kursiga o‘tqazilgan, ya’ni shoir odam... bug‘doy yetishtirmay, po‘lat quymay yoki bino tiklamay, faqat... she’r yozib yuravergani uchun sud zaliga keltirilgan edi. Bu jarayon yana shuning uchun ham kafkayona sud deb baholanishga loyiq ediki, qora kursidagi odam o‘zini asossizdan-asossiz sud qilishayotganini bila turib ham, pirovardida bema’ni hukmga g‘ayrishuuriy bo‘ysunadi, itoat etadi...

Ehtimol nopok kimsalar bir-birlari bilan vaqtichog‘lik damlarida topishar, biroq sofdil odamlar aksariyat qiyin lahzalarda yaqinlashishadi. I.Brodskiy shu vaqtgacha biror marta yuzma-yuz kelib, biror og‘iz gaplashmagan odami — moskvalik yozuvchi va jurnalist F.Vigdorova uning taqdiriga o‘sha kunlarda najot farishtasi misol kirib kelgan. Darhaqiqat, u I.Brodskiy ishi bo‘yicha har ikki sud majlisini ham stenogramma shaklida qog‘ozga tushirib olmaganida, bu yigitning keyingi hayoti boshqacha kechishi nainki mumkin, hatto tayin edi. Xayriyatki, sud arafasida I.Brodskiyning yaqinlari va do‘stlari xuddi ertani oldindan ko‘rgandek, F.Vigdorovaga murojaat etgan va agar yosh shoir ishi sudda ko‘riladigan bo‘lsa, darhol Leningradga yetib kelishi yuzasidan va’dasini olgan edi. Benihoya halol va mard inson bo‘lgan F.Vigdorova sudya I.Savelevaning bir necha marta qat’iy taqiqlashiga qaramay, qog‘ozga tushirgan yozuvlar oshkoralik bo‘g‘ilgan o‘sha davrda I.Brodskiy ishiga oid birdan-bir hujjat vazifasini ado etadi.

Xullas, 1964 yil 18 fevral kuni Qo‘zg‘olon ko‘chasi 36-uyda joylashgan Dzerjinskiy tuman xalq sudi binosida I.Brodskiy ishi yuzasidan birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tadi. F.Vigdorova yozuvlariga hattoki yuzaki ko‘z yugurtirib ham I.Brodskiy ishi deb atalgan bu “tomosha”da bosh rolni ijro etgan sudya I.Saveleva o‘zini naqadar sohibi qudrat deya his etganini fahmlab olish mushkul emas. Shoir shaxsi hamda badiiy ijod masalasida hech vaqoga aqli yetmasa ham, bu ahvoli o‘zini naqd Femida deb hisoblashiga monelik qilmagan sudyaning I.Brodskiyga tashlagan har bir luqmasida bepisandlik aralash nafrat ufurib turardi:

“Sudya: Umuman, mutaxassisligingiz nima?

Brodskiy: Shoir. Shoir-tarjimon...

Sudya: Siz bunga o‘qiganmisiz?

Brodskiy: Tushunmadim, bunga deganingiz nima?

Sudya: Shoirlikka-da. Shoirlar tayyorlaydigan... ularni o‘qitadigan... institutni tamomlashga harakat qilmaganmisiz?

Brodskiy: Yo‘q, shoirlik ma’lumot orqasidan keladi, deb hech o‘ylamagan ekanman.

Sudya: Xo‘sh, unda nimaning orqasidan keladi?

Brodskiy: Mening o‘ylashimcha, bu (bir oz taraddudlanib)... Xudoning inoyati...”

Odam shoir, yozuvchi yoki dramaturg bo‘lishi uchun cho‘ntagida albatta diplomi bo‘lishi shart, deya shak-shubhasiz ishonadigan kishi bilan bahs qilib o‘tirish Don Kixot kabi shamol tegirmoni bilan jang qilishdek kulguli ish, albatta. Lekin, nachora, manfur idora usuli bunday kaltabin kishi egniga sudyalik libosini kiydirib qo‘ygan, uning maslahatchilari bo‘lsa ushbu masalada undan beshbattar o‘tib tushardi.

Majlisda sud bilan bog‘liq zarur rasmiyatchiliklar ado etib bo‘linishi hamonoq advokat Z.Toporova quyidagi mazmunda bayonot beradi: “Men fuqaro I.Brodskiyni sud-tibbiyot ekspertizasiga yuborib, uning sog‘-lig‘iga doir haqiqiy ahvolni aniqlash lozim, deb hisoblayman. Negaki sud, avvalambor, uning salomatligi doimiy ish bilan band bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan yoki qilmagani haqida bir xulosaga kelib olishi zarur”. So‘ngra advokat sud hay’ati oldiga yana bir adolatli talabni qo‘yadi: “Fuqaro I.Brodskiy darhol soqchilar kuzatuvidan ozod qilinishi shart. Chunki, u hech qanday jinoyat sodir etmagan va uni hibsda ushlab turish qonunga xilof. U doimiy yashash joyiga ega va har qanday paytda sud chaqirig‘i bilan talab etilgan joyga borishi mumkin”.

Sud hay’ati advokat Z.Toporovaning I.Brodskiyni sud-psixiatriya ekspertizasiga yuborish haqidagi birinchi talabini qondiradi. Biroq javobgarni soqchilar kuzatuvidan ozod etish haqidagi ikkinchi talab rad etilib, uni sud-psixiatriya ekspertizasiga olib borish 18-militsiya bo‘limi zimmasiga yuklatiladi. Shu tariqa I.Brodskiy ishi yuzasidan qisqa vaqt davom etgan dastlabki sud majlisi nihoyasiga yetadi.

Ana shundan so‘ng I.Brodskiy Pryaja daryosi bo‘yidagi 2-psixiatriya shifoxonasida zarurati bo‘lmasa ham... uch hafta majburan ushlab turiladi. Oddiy odamlar tilida “jinnixona” deb ataladigan bu davolash muassasasi X1X asrda qurilgan bo‘lib, bu bino ayniqsa derazalarning g‘alati hajmi bilan nozikta’b shoirni qattiq iztirobga soladi. I.Brodskiy ancha yillar o‘tib ta’kidlashicha, agar bu derazalar yana sakkiz marta kattaytirilsagina xonaga mutanosib bo‘lar edi. Faqat shugina emas, Pryajadagi “muolaja” usullari ham o‘ziga yetguncha ajabtovur edi. “Bemor” tun yarmida shirin uyqudan turg‘izilar, avval sovuq suv to‘la vannaga obdon bo‘ktirilib, so‘ngra o‘zi kabi shalabbo kir choyshabga o‘rab-chirmab tashlanar, ana shundan ham keyin issiqlik batareyasi yoniga g‘o‘ladek “yumalatib” qo‘yilardi. Choyshab qurib borgani sari badanni siqib, qattiq og‘riq hosil qilardi. Bu, albatta, chinakam dahshat edi, ammo bundan ham battari... I.Brodskiy hamxonasi bo‘lgan bemor o‘zini o‘zi qanday o‘ldirganiga qo‘qqis guvoh bo‘lib qoladi...

Ana shunday azob-uqubatlar orasidan o‘tgan I.Brodskiy 1964 yil 13 mart kuni yana “odil” sud hay’atiga ro‘baro‘ qilinadi. Buning arafasida esa sud-psixiatriya ekspertizasi I.Brodskiy fe’l-atvorida rostdan ham psixopatik belgilar mavjud, ammo u, bundan qat’i nazar, mehnat qilishga yaroqli, demak, ma’muriy tartibda chora qo‘llash mumkin, degan mazmunda xulosa bergan edi. Ishi baroridan kelgan ta’qib “tashabbuskor”lari bu safargi sud majlisini ochiq holda o‘tkazish lozim, degan qarorga keladi. Axir, keng ommaga tarbiyaviy ta’sir o‘tkazishning bunday qulay imkoniyatini qo‘ldan boy berish insofdan emas-da! Buning uchun esa avvalgi toru tang xona boshqa kengu mo‘l zal bilan almashtirilishi lozim edi, albatta. Advokat Z.Toporova shu maqsadda tanlangan 15-qurilish-montaj boshqarmasining Fontanka ko‘chasidagi binokorlar klubiga kelganida, o‘zi guvoh bo‘lgan manzarani quyidagicha tasvirlab beradi: “Binoga kiraverishda tumonat odam uymalashar, militsiya ham odatdagidek hoziru nozir edi. Zaldagilar ikki guruhga bo‘linib olgan — bir tomonda xalq drujinachilari va “haydab” kelingan mavsumiy ishchilar o‘tirar, ular rasmonasiga tajovuzkor kayfiyatda edi. Boshqa tomonda bo‘lsa yosh shoirlar, san’at namoyandalari, ziyolilar vakillari o‘tirar edi. ( Ya.Gordinning guvohlik berishicha, ular o‘rtasidagi nisbat uchga bir edi – M.R.) Bu galgi sud majlisi, darhaqiqat, huquqiy jarayon emas, rasmona siyosiy tadbir ediki, klub peshtoqiga osib qo‘yilgan “Tekinxo‘r Iosif Brodskiy ustidan sud!” degan alvon ham shunga pisanda qilardi.

Ikkinchi majlis ham birinchisi kabi ma’nisiz tarzda o‘tishi o‘z-o‘zidan ayon edi, albatta. Chunonchi, jamoatchi ayblovchi F.Sorokin I.Brodskiyga ota-onasi qarashib turganidan xabardor bo‘lgani holda quyidagicha savollar yog‘dirishi buni yaqqol tasdiqlaydi. I.Brodskiyga kelsak, u har bir savolni xotirjam qarshi oladi va o‘tkir javob bilan “hamla”ga chap beradi.

“Jamoatchi ayblovchi Sorokin: Siz ishlab topgan pulga kun kechirib bo‘ladi deb o‘ylaysizmi?

Brodskiy: Ha, bo‘lmasam-chi! Turmada yotganimda har kuni ovqatimga 40 tiyindan pul sarflangani haqida hujjatga qo‘l qo‘yib berardim. Vaholanki, ozodlikda ishlab topgan pulim kuniga 40 tiyindan ko‘proq bo‘lardi.

Sorokin: Odamga bundan tashqari yana kiyim-kechak ham kerak-ku?

Brodskiy: Bisotimda faqat bitta kostyum bor – to‘g‘ri, uyam eskirib qolgan, ammo yangisiga ehtiyojim yo‘q...”

To‘g‘ri, sud majlisida shoirlikning qora mehnatidan xabardor kishilar ham qantashib, bu sohaning past-balandini avvalo sud hay’atiga, qolaversa, unda ishtirok etayotgan boshqa kishilarga tushuntirish va shu yo‘l bilan I.Brodskiyni tekinxo‘r degan nohaq va hatto masxaromuz tamg‘adan qutqarib qolishga jon boricha harakat qiladi. Biroq ularning bu damdagi ahvolini dengiz bo‘yida turib qichqirayotgan kishi ovozini to‘lqinlar shovqini yutib yuborishiga qiyos etish mumkin edi. Bir so‘z bilan aytganda, g‘ayriinsoniy tuzum tajassumi bo‘lgan bu kuchlar hech narsani tushunmas, yana ham to‘g‘rirog‘i, tushunishni istamas edi. Axir, sud maslahatchisi M.Tyagliy oshkora g‘ayirlik bilan guvoh N.Grudininaga bergan mana bu savolni nahotki boshqacha izohlab bo‘lsa?!

Maslahatchi Tyagliy: Siz biror marta bo‘lsa ham uni (ya’ni I.Brodskiyni – M.R.) she’r ustida ishlab o‘tirgan holda ko‘rganmisiz yoki u boshqalarning mehnatidan foydalanganmi?

Grudinina: To‘g‘ri, Brodskiyni she’r yozib o‘tirgan holda hech qachon ko‘rmaganman. Biroq Sholoxovni ham stolga ko‘krak berib ishlab o‘tirgan holda ham hech qachon uchratmaganman. Demak, bundan xulosa chiqarib bo‘lmaydiki...

Sudya: Sholoxov va Brodskiyni o‘zaro taqqoslash to‘g‘ri emas. Nahotki siz davlatimiz yigit-qizlar oldiga o‘qishni, ta’lim-tarbiya olishni qat’iy talab qilib qo‘yayotganini yoshlarga tushuntirmagan bo‘lsangiz. Axir, Brodskiy maktabda atigi sakkiz yil o‘qigan ekan, xolos.

Grudinina: Lekin, shunga qaramay, uning bilim doirasi juda keng. Men u qilgan tarjimalarni o‘qib, bunga amin bo‘lganman”.

Darvoqe, oradan bir necha yil o‘tib, Sholoxov va Brodskiy nomini yonma-yon tilga olish imkoni ham paydo bo‘ladi – chunonchi, har ikkoviga ham munosib ko‘rilgan boobro‘ xalqaro mukofot munosabati bilan... Lekin bu xususda so‘z yuritishga hali bir oz erta. Hozircha faqat bir gapni ta’kidlagan ma’qul: N.Grudinina naqadar to‘g‘ri bashorat qilgan ekan o‘shanda!..

Shuningdek, bu guvoh ayolning yosh ijodkor va qalam haqi masalasida bildirgan rostgo‘y mulohazasiyu bundan qo‘qqis talvasiga tushgan sudyaning javob “zarba”si ham alohida e’tiborga loyiq.

“N.Grudinina: Yosh shoir mehnatini u shu tobda olgan qalam haqiga qarab baholash noto‘g‘ri. Bunday muallifning yo‘lida omadsizlik berkinib turgan bo‘lishi, oqibatda u yana uzoq vaqt ter to‘kib ishlashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Mana shunday hazil bir gap bor: tekinxo‘r bilan yosh shoir o‘rtasidagi farq shundan iboratki, tekinxo‘r ishlamaydi-yu, ammo doim to‘q yuradi, yosh shoir bo‘lsa ishlaydi-yu, lekin ko‘pincha och qoladi”.

So‘z shu yerga yetganda, sudyaning “g‘oyaviy yetukligi” tutib ketadi-da “Siz bergan bu bayonot bizga sira ma’qul bo‘lmadi”, deya balanddan kelib gap boshlaydi. So‘ngra yanada hukmfarmo ohangda: “Bizning yurtimizda har bir kishi mehnatiga yarasha haq oladi, shu sabab ko‘p ishlagan odam oz maosh olishi mutlaqo mumkin emas. Gapingizga quloq solib tursak, yosh shoirlarga katta g‘amxo‘rliklar ko‘rsatilayotgan bizning mamlakatimizda go‘yo ular och qolayapti ekan, bunisi endi qanaqa gap bo‘ldi?” deya dag‘dag‘a boshlaydi...

A.Gertsen nomidagi pedagogika instituti dotsenti Ye.Etkind tarjimonlik ishining o‘ziga xos bir jihati xususida gapirib, bu soha kishilari mehnati darrov meva bera qolmasligini ta’kidlaydi. “Pul degani faqat tarjima bosilgandan keyingina keladi. Bungacha esa hatto o‘nlab yillar o‘tib ketishi mumkin, deydi tilshunos olim kuyunchaklik bilan. – Demak, hozircha oz pul ishlab topyapti, degani albatta ishyoqmas, dangasa, tekinxo‘r degani emas!”

Shu oliy o‘quv yurti professori A.Admoni ham I.Brodskiy foydasiga guvohlik berganlar mulohazasini davom ettirib, mana bunday deydi: “Bugun Brodskiyga nisbatan tatbiq etilmoqchi bo‘layotgan farmon kam haq olayotganlarga emas, kam mehnat qilayotganlarga qarshi qaratilgandir... Shu sababli Brodskiy yelkasiga tekinxo‘r deb ayb qo‘yish borib turgan bema’nilik bo‘ladi, xolos. Unga o‘xshab ertayu kech jonini ayamay ter to‘kayotgan, mo‘may pulu uning ortidan keladigan huzur-halovatga uchmay, eng zarur deb sanalgan ul-bul narsa bilan qanoat hosil qilayotgan, faqat o‘z sohasining chinakam ustasi bo‘lish va to‘laqonli badiiy asarlar yaratish haqida o‘ylayotgan odamlarga tekinxo‘r degan ayb qo‘yish mutlaqo insofdan emas”. Darhaqiqat, olim qayd etganidek, I.Brodskiy oldida ham shu sohaning ba’zi korchalonlari kabi tarjimani qo‘l uchida, yengil-elpi bajarish “imkoniyati” yo‘q emasdi, ammo u har safar ongli ravishda eng sermehnat, eng serzahmat yo‘ldan boradi...

Ushbu sud jarayonidagi kishini hayron qoldiradigan yana bir jihat shuki, I.Brodskiyga qarshi guvohlik berganlarning birortasi ham aslida uni tanimaydi. Shu sababli barcha yollanma guvohlar o‘z “nutq”ini bir xil tartibda: “Men Brodskiyni shaxsan tanimayman, ammo... ” degan kirish so‘zi bilan boshlaydi. Bu hol esa boshqa bir XX asr ulug‘ rus shoiri B.Pasternak taqdiridagi qora kunlarni beixtiyor esga solib yuboradi. 1958 yilda “Doktor Jivago” romani “ur, kaltak!” qilinganda unga loy chaplagan yollanmachilar ham o‘z so‘zini xuddi shu tahlitda boshlagan edi: “Men “Doktor Jivago” romanini o‘qimagan bo‘lsam-da, biroq ishonch bilan aytamanki...”

I.Brodskiy ishi ko‘rilgan sud jarayoni tafsilotlari bilan tanishar ekansiz, boshdan-oyoq bir qizil chiziq bo‘ylab harakat qilinganiga takror-takror ishonch hosil qilasiz. Bir tomonda adabiyot sohasi vakillari (ozchilik) she’r yozish ham aslida rasmona mehnat hisoblanadi va bu ishga o‘zini to‘la-to‘kis bag‘ishlash tekinxo‘rlik deb baholanmasligi lozim, deb uqtirsa, boshqa tomonda esa adabiyotga aloqasi bo‘lmagan kishilar (ko‘pchilik) shoir albatta biror yerda ishlashi shart, she’r yozish esa bo‘sh vaqt hisobidan bo‘lishi zarur, deya oyoq tirab turib oladi. Keyingi guruhga mansub kishilarning o‘z nazdida juda “asosli” bo‘lgan yana bir da’vosi ham bor: umuman, I.Brodskiy deganingiz shoirmi o‘zi, buni kim ro‘y-rost tasdiqlay oladi? Rosti, bunday savolni o‘rtaga tashlashning o‘ziyoq ayni bema’nilik edi. Negaki, tirik paytida tuzukroq e’tibor topmay, o‘lganidan keyin shon-sharafga burkangan shoirlar ozmunchami, axir?!

Afsuski, o‘sha davr sudlov tizimi bunday qaltis huquqni Lenin-grad Yozuvchilar tashkilotiga “hadya” qiladiki, mazkur idora esa bu “vazifa”ni yosh mualliflar bilan ishlash komissiyasi kotibi Ye.Voevodin timsolida ado etadi. Aslida komissiyaning hech bir vakolatisiz, faqat A.Prokofevning og‘zaki buyrug‘i bilan sudda hozir bo‘lgan bu mansabdor adibning xato ko‘rsatmasi I.Brodskiy taqdirini bir hamla bilan hal etadi-qo‘yadi. Ye.Voevodin sudda I.Brodskiy haqida, jumladan, mana bunday deydi: “Ehtimol, Brodskiy degan tarjimon rostdan ham bordir, ammo Brodskiy degan shoir, imonim komilki, yo‘q”. Shuningdek, u qora kursidagi kimsani iste’dod deb oqlamoqchi bo‘layotgan ayrim guvohlarga mana bunday “zarba” beradi: “Iste’dod faqat va faqat xalq e’tirofi bilan aniqlanadi. I.Brodskiyga kelsak, bunday e’tirof yo‘q va bo‘lishi mumkin ham emas”. Ye.Voevodin va I.Brodskiy o‘sha kezlarda mavjud bo‘lgan ikki qarama-qarshi adabiyot – yakkahokim mafkuraga mutelarcha xizmatda bo‘lgan “mo‘min” rasmiy adabiyot hamda vijdon amridan boshqa hech narsani tan olmaydigan “sarkash” norasmiy adabiyotga mansub ediki, ular bir-biriga toqat qilolmasligi o‘z-o‘zidan ayon edi. Ye.Voevodin ham A.Nikolaev kabi “safdosh”laridan ortda qolmay I.Brodskiyni keskin qoralab va hatto inkor etib o‘z so‘zini yakunlaydi: “Brodskiy yoshlarni mehnatdan, dunyodan va hayotdan bezdirmoqda. Uning jamiyatga qarshi kattakon “xizmat”i ana shundan iborat”. Sharmandali sud poyoniga yetgach, N.Grudinina uni tashqarida tutib olib, bunday guvohlik sababini surishtirganda: “Men bor-yo‘g‘i buyruqni ado etdim, — deydi u xijolat chekkan alfozda. –Nima ham qilardim, axir, oddiy askarman!”

Sud oxirlab borayotgan vaqtda I.Brodskiy so‘nggi so‘z uchun ruxsat olib “Men bu yerda aytilganidek, tekinxo‘r unsur emasman, balki kun kelib Vatanini shon-sharafga burkovchi shoirman”, deya bayonot beradi boshini adl tutib. Lekin xuddi shu tobda unga xayrixoh bo‘lgan ozgina kishilardan boshqa hamma — sudya, maslahatchilar va aytarli butun zal qo‘qqis xo-xolab kulib yuboradi.

XX asr ulug‘ rus kompozitori D.Shostakovich sudga yo‘llagan, lekin, afsuski, o‘qib eshittirilmagan telegrammasida bunday deb yozgan edi: “Men shoir Brodskiy ishini ko‘rib chiqish chog‘ida quyidagi holatni ham hisobga olsangiz, deya qattiq iltimos qilaman: Brodskiy shak-shubhasiz katta iste’dod sohibidir. Binobarin, uning ijodiy taqdiri va qolaversa tarbiyasi bilan ham Yozuvchilar uyushmasi shug‘ullanmog‘i kerak. Agar sud ana shunday hukm chiqarsa, adolatli yo‘l tutgan bo‘lardi”. Ikkinchi jahon urushining dahshatli Leningrad qamali kunlarida ulug‘vor 7-simfoniyasi bilan Neva bo‘yidagi shahar ahli qalbiga matonat hissini joylagan bu zotning fikri aql-idrok sasi edi, albatta. Biroq sudya I.Saveleva hamda uning soyasiga aylangan maslahatchilarning gung qalbi, afsuski, bu ovozni eshitmaydi va I.Brodskiyga RSFSR Oliy Soveti Prezidiumi farmonida ko‘zda tutilgan eng og‘ir jazoni belgilash haqida qaror chiqaradi. U tekinxo‘rlik orqasida kun kechirgan deya topilib, mehnatga majburan jalb qilish sharti bilan 5 yillik muddatga Leningrad shahridan badarg‘a etiladi.

Sud I.Brodskiy ustidan hukm o‘qish bilan birga uning foydasiga guvohlik bergan kishilarga ham yakka tartibda ajrim chiqargan, biroq taomilga zid ravishda bu haqda e’lon qilmasdan baayni orqadan kelib kurakka xanjar urgan edi. Shu munosabat bilan ushbu insonlar Leningrad Yozuvchilar tashkiloti kotibiyat majlisida muhokama etiladi va ularga bir boshdan hayfsan e’lon qilib chiqiladi. Eng qattiq kaltak N.Grudinina boshida sinadi – u “Svetlana” zavodi va Pionerlar saroyidagi ish joyidan mahrum etiladi.

O‘z-o‘zidan ayonki, I.Brodskiy tarafdorlari sudning ertasidanoq adolat ilinjida yugur-yugurlarni boshlab yuboradi. “Iosifning otasi Aleksandr Ivanovich bilan ... shahar sudi raisi Yermakov huzuriga kirdik, – deya xotirlaydi yana Z.Toporova. – U Aleksandr Ivanovichga yuzlanib: “Siz yaxshisi Moskvaga boring, balki haqiqatni o‘sha joyda qaror toptirib bo‘lar”, deya maslahat berdi. Bu shundan dalolat berar ediki, hatto sud raisining ham oyoq-qo‘li chirmab tashlangan, obkomning ko‘rsatmasi shu qadar qattiq bo‘lgan edi. Hatto u ham hech nima qila olmasdi”.

F.Vigdorova Leningraddan Moskvaga qaytib keliboq ish chiqarsa bo‘ladi, deb taxmin qilingan barcha mahkamalar eshigini bir-bir qoqishga kirishadi. Shu kunlarda I.Brodskiy qismatidan tashvishga tushgan boshqa mashhur va sofdil adiblar, masalan, A.Axmatova KPSS Markaziy Komitetiga, K.Chukovskiy esa SSSR Bosh prokuroraturasiga maktublar yo‘llaydi. K.Chukovskiy maktubida, jumladan, kuyinchaklik bilan aytilgan quyidagi so‘zlar bor edi: “Vatanimiz ziyolilarini chuqur xavotirga solgan bu ish albatta adolatli hal etiladi, deb umid qilaman. Men G‘arb bilan muloqotda bo‘lib turuvchi bir inson sifatida “Brodskiy ishi” xorijdagi do‘stlarimiz ko‘zi oldida odil sovet sudining obro‘siga nihoyatda katta putur yetganidan qayg‘urmay turolmayman...”

Suddan so‘ng I.Brodskiy bir vaqtlar o‘zi sanitar bo‘lib ishlagan turmada bir hafta hibsda saqlanadi va 22 martda o‘ziga o‘xshash bir guruh mahbuslar bilan surgun muddatini o‘tash uchun poezdda olis shimolga jo‘natiladi. I.Brodskiyni kuzatib qo‘yish uchun vokzalga chiqqan Z.Toporova 80-yillar adog‘ida bu lahzalarni esga olib, “Uning o‘sha paytdagi ahvoli chindan-da ayanchli edi, – deya hikoya qilgan edi. – Iosif oyog‘iga chiybaxmal shippakni apil-tapil ilib olgan va cho‘ntagiga onasi tutqazgan bir juft apelsinni joylagan ko‘yi surgunga yo‘l olgan edi. U Leningradni tark etayotganidan juda ezilar, ketishni sirayam istamasdi...”

Sovet tuzumining I.Brodskiyga qarshi “tajovuz”i yosh shoir va tarjimonning Ittifoq hamda chet eldagi dovrug‘ini benihoya oshirib yuboradi. Bunda F.Vigdorova yozuvlarining dastlab “samizdat” orqali mamlakatga yoyilishi, so‘ngra xorijiy tillarga o‘girilib, Fransiyaning “Fugaro litteraire” va Angliyaning “Encounter” nashrlarida to‘liq chop etilishi katta rol o‘ynaydi. Shu asno yer yuzining barcha tarafidan I.Brodskiyga ozodlik berilishini talab qiluvchi ovozlar yangray boshlaydi. Uni adolatsiz ravishda jazolashga bosh qo‘shganlarni ochiq-oshkor ayblash va hatto malomat qilishga qadar boriladi. Bu haqda N.Grudinina mana bunday guvohlik beradi: “Prokofev bir gal Rasul Hamzatovdan hol-ahvol so‘rab borsa, Aleksandr Tvardovskiy ham uning yonida ekan. Prokofev dabdurustdan qayoqdagi bir ishyoqmas, dangasa, tekin-xo‘rni deb boshi tashvishdan chiqmay qolgani, yozuvchilar unga hadeb yovqarash qilayotgani haqida nolib gapira boshlabdi. Shunda Tvardovskiy: “Sen butun shoir xalqiga xiyonat qilding!” debdi uning yuziga tik boqib. Bu voqeani menga Yakov Kozlovskiy aytib bergandi”, deya ilova qiladi N.Grudinina.

  1. SURGUN

I.Brodskiy sud xukmiga ko‘ra, surgunni Arxangelsk viloyati Konosha tumani Norensk qishlog‘ida o‘tkazishi lozim edi. Bu qishloq temir yo‘ldan o‘ttiz kilometr chamasi uzoqda joylashgan bo‘lib, botqoqzor shimol o‘rmoni bilan qurshalgan edi. I. Brodskiy o‘z umrining bu yerda kechgan bir “bo‘lagi” haqida keyinchalik quyidagilarni hikoya qiladi: “Norenskda avvaliga bir xushfe’l sut sog‘uvchi ayolnikida yashab turdim, keyin keksa bir dehqondan ijaraga hujra olib ko‘chib o‘tdim. Men mehnat qilib topgan ozgina pul ham ijara haqiga sarflanar, araqqa deb uch so‘m so‘rab chiqadigan uy egasiga onda-sonda qarz ham berib turardim”.

I.Brodskiy shon-shuhrati butun dunyoga yoyilgan 80-yillar adog‘ida jurnalistlar norensklik o‘sha xushfe’l sut sog‘uvchi ayol – Taisiya Ivanovnani izlab topishga va uning quvg‘indi shoirga doir esdaliklarini yozib olishga muvaffaq bo‘ladi. Bu ayolning I.Brodskiy panoh topgan pastakkina kulbasini X1X asrda uning katta bobosi tiklagan edi. Uyning I.Brodskiy istiqomat qilgan xonasi uzuniga besh, eniga to‘rt qadam kelar, unga divan bilan stol arang sig‘ar edi, xolos. Xona devoriga boshdan-oyoq enli taxta qoplangan, archa g‘o‘lalarini qoq ikkiga bo‘lib pol qilingan edi. Undagi bittayu bitta derazadan qishloqdagi bosh ko‘chaning shapaloqday qismiyu ro‘paradagi uchta-to‘rtta kulba ko‘rinib turar, huv narida esa o‘tloqzor va o‘rmon ko‘zga tashlanardi.

I.Brodskiyning yaqinlari va do‘stlari uni surgun yillarida ham yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Ya.Gordin oltmish to‘rtinchi yil kuzida yozuvchi I.Yefimov bilan Norenskka kelganida, I.Brodskiy g‘alla omboriga ishga qo‘yilgan va bug‘doy qizimasin deb belkurak bilan ag‘darib turardi. Ye.Reyn va A.Nayman esa ular ortidan surgundagi shoirga A.Axmatovaning iztirobga to‘la maktubini ham ola keladi. Shuni qayd etish lozimki, rasmiy doiralar unchalik xush ko‘rmagan bu shoira Iosif men bilan yaqin bo‘lgani sabab shu baloga giriftor bo‘lib turibdi, deya o‘zini o‘zi beayov ayblar edi. I.Brodskiy hayotidagi o‘sha najot farishtasi – F.Vigdorova bisotidagi bittayu bitta mo‘‘jaz yozuv mashinkasini Norenskka tanishlar orqali berib yuboradi. Unga qalban yaqin bo‘lgan boshqa bir ayol – L.Chukovskaya esa surgundagi shoirga har narsadan ham qimmat bo‘lgan kitoblar jo‘natib turadi. Darvoqe, dardi bedavo kasal – saratonga chalingan F.Vigdorova o‘shanda o‘z umridan faqat bir yilgina qolganini hali bilmas edi. U ana shu so‘nggi yilni ham nohaq badarg‘a etilgan yosh shoir haq-huquqini himoya qilishga sarf etadi.

Nihoyat, yarashib olishgandan so‘ng M.Basmanova ham Norenskka kelib, I.Brodskiy bilan birga yashay boshlaydi. Lekin bu ikki yosh munosabati hali ham, afsuski, o‘ta chigal va g‘oyat ziddiyatli edi. Bu juftlik orasida D.Bobishevning goh-goh paydo bo‘lib qolishi har gal asabiy janjalni keltirib chiqarardi. Marina bo‘lsa bu ikki raqib o‘rtasida bir qarorga kelolmay, goh unisi, goh bunisi yoniga chopadi. Ana shunday beqarorlik changalida qolgan Marina oxir-oqibat Iosif bilan nikoh rishtasini uzadi va ular 1967 yilda Andrey ismli o‘g‘il ko‘rishgandan so‘ng bir-birini abadiy tark etadi. Lekin Marina hali uzoq vaqtgacha uning taqdiridan bosh olib ketmaydi — u Iosifning o‘ylariga takror va takror bostirib kirar, buning oqibati o‘laroq “M.B.ga” degan bag‘ishlov ostida yangidan-yangi she’rlar dunyo yuzini ko‘rardi. (Darvoqe, oradan o‘n yilcha vaqt o‘tib I.Brodskiy hayotida boshqa bir ayol ham paydo bo‘ladi. U 1991 yili Parijda otasi italyan, onasi rus bo‘lgan zodagon ayol Mariya Sozzani bilan tanishadi va shu yilning o‘zidayoq u bilan oila quradi. 1992 yilda bu nikohdan Anna-Aleksandra-Mariya ismli qiz dunyoga keladi. I.Brodskiy ustozi Anna Andreevna, otasi Aleksandr Ivanovich, onasi Mariya Moiseevnalar sharafiga qizini ana shu nom bilan atagan edi).

“Lirik” chekinishga nuqta qo‘ysak-da, shoirning surgundagi hayoti lavhalariga qaytsak. I.Brodskiy o‘z hayotining sud va surgun bilan bog‘liq voqealari haqida eslash va so‘zlashni uncha xush ko‘rmas, buning sababi – o‘ziga jabrdiyda deb emas, balki shoir deb qarashlarini xohlardi. Shu bois ham surgun davrida ko‘pdan-ko‘p mashaqqatlarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, ammo bular hatto eslashga ham arzimaydi degandek, ularni osongina chetlab o‘tib, faqat halovatli onlar xususida so‘z yuritadi. Oradan o‘n yillarcha vaqt o‘tib, AQShlik jurnalist M.Skammellning “Sud va surgun Sizning ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatdi?” degan savoliga ham I.Brodskiy ana shunday ruhda javob qaytaradi: “Bilasizmi, buni hatto o‘zim uchun foydali bo‘lgan, deb o‘ylab qolaman. Chunki, qishloqda kechgan ana shu ikki yil hayotimning eng ajoyib davridir. Men o‘shanda har qachongidan ham ko‘proq ijod qilganman. Garchi ertadan kechgacha bilakka zo‘r berib ishlashga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham, bu zavoddagi mehnat emas, balki daladagi yumush bo‘lgani bois, ba’zan ishning o‘zi qolmagan paytlarda dam olishga ham ancha-muncha fursat bo‘lardi”. Darhaqiqat, olis shimol zaminidagi surgun davrida u qalin bir kitobga jo bo‘larli ajoyib she’rlar yozadi. Vodarig‘! Shoir tabiatining eng jumboqli tomoni ham aslida shu: u qanchalar og‘ir ahvolga solinsa, shuncha qizg‘in ijod qiladi.

I.Brodskiy surgun davrida shoirlik burchi va e’tiqodi haqida chuqur o‘ylab, bu borada o‘zi uchun zarur bir xulosaga keladi. U do‘sti I.Tomashevskayaga 1965 yil 19 yanvar kuni yozgan xatida ilgari qanday bo‘lgan bo‘lsa, bundan buyon ham ana shunday bo‘lib qolishini ma’lum etadi va “Sirasini aytganda, mening bu yorug‘ olamda hech bir ayb-gunohim yo‘q,– deb ta’kidlaydi qat’iyat bilan. – Buni takabburlikka emas, xokisorlikka yo‘ying, biroq bu – bamisoli tog‘ning osmon oldidagi xokisorligidir. O‘zimni shuncha tuproqqa qorganim yetar. Qayg‘u hasratga emas, qahrga aylanishi lozim va men endi chindan-da qahrliman”.

Xilvat qishloq bo‘lmish Norenskda I.Brodskiy o‘z ijodiga butun umr bo‘yi katta ta’sir ko‘rsatgan XVP asr ingliz ruhoniysi va shoiri Jon Donn she’riyati bilan asliyatda mufassal tanishadi. I.Brodskiy o‘sha kezlarni eslab, 70-yillar boshida mana bunday deb aytgan edi: “Ushbu kitob mening qo‘limga qanday qilib tushib qoldi – mana shunisi qiziq. Avvaliga bu shoir asarlarini qidirib qanchadan-qancha antologiyani tit-pit qilib chiqmadim, deysiz! ...Surgundalik vaqtimda Lidiya Korneevna Chukovskaya tug‘ilgan kunimga sovg‘a tariqasida — chamasi, otasining kutubxonasidan olgan bo‘lsa kerak — Jon Donnning ”Modern laybreri” da chop etilgan nashrini yuborib qolsa bo‘ladimi?! O‘shanda bu shoir she’rlarini birinchi marta bitta ham qo‘ymay o‘qib chiqqanman, o‘qiganda ham rosmanasiga, jiddiy o‘qib chiqqanman.” Barokko adabiyotining bu ulug‘ vakili I.Brodskiyning nazm bobidagi tasavvurlarini benihoya kengaytirib yuborgani haqida uning o‘z og‘zi bilan aytgan e’tirofli so‘zlari adabiyot muxlislariga ma’lum, albatta. Ayni chog‘da Jon Donn ijodidan qilingan tarjimalar yosh qalamkash uchun chinakam adabiy mahorat maktabi bo‘ldi – avvalambor uning she’riyatiga metafizik mazmun baxsh etdi, qolaversa, bandning ifodaviy imkoniyatlarini kengaytirdi, uni yangi ritm va intonatsiyalar izlab topishga ilhomlantirdi.

  1. QAYTISH

RSFSR Oliy Sudi Prezidiumining 1965 yil 17 avgustdagi qarori bilan I.Brodskiyning surgun muddati shu vaqtgacha o‘talgan muhlat – bir yilu besh oyga qisqartiriladi va unga Leningradga qaytib kelishi uchun rasman ijozat etiladi. Bu, bir tomondan, XX asr ulug‘ fransuz yozuvchisi J.P.Sartr boshliq sof vijdonli G‘arb ziyolilarining sobitqadam sa’y-harakati samarasi bo‘lsa (bu adib SSSR Oliy Soveti Prezidiumi Raisi A.Mikoyan nomiga otashin maktub yozgan edi), boshqa tomondan esa, K.Chukovskiy boshliq Ittifoq ziyolilarining betinim yelib-yugurishi natijasi edi (bu shoir 22 nafar boobro‘ yozuvchi bilan birga I.Brodskiyni vasiylikka olish haqida maktub tayyorlagan edi). Darvoqe, bu vaqtga kelib mamlakat tinch yo‘l bilan amalga oshirilgan siyosiy to‘ntarishni boshdan kechirgan, N.Xrushchyov KPSS Markaziy Komitetining 1964 yil oktyabr plenumida o‘z lavozimidan iste’fo berishga majbur bo‘lgan edi. Xullas, SSSR bo‘ylab yangi siyosiy rahbar – L.Brejnevning bora-bora non serob bo‘lib ketadigan, uning ortidan esa siyosiy latifalar ham bolalab ketadigan davri boshlanib ulgurgan edi.

I.Brodskiy surgundan qaytib boshdan o‘tkazgan ilk musibatli voqea 1966 yil 10 mart kuni A.Axmatovani dafn etish marosimi bo‘ldi. Rus she’riyatining butun tarixi mobaynida biror-bir shoira (M.Svetaevani istisno qilganda, albatta) A.Axmatova qadar yuksaklikka ko‘tarila olmagan edi. Tanho A.Pushkinnigina tan olib, yolg‘iz ungagina ergashgan bu shoira I.Brodskiyning o‘zinikiga mutlaqo o‘xshamaydigan she’riy uslubidan qattiq taajjubga tushardi. Zero, bu ikki shoir she’riyatining birida ruhiy holat nozik “chizib” berilsa, boshqasida inson hayoti falsafiy idrok etilar, biri so‘zga o‘ta “ziqna” bo‘lsa, boshqasi uni ayamay, ammo sehrgarona ishlatar, biri metaforaga onda-sonda “iltifot” ko‘rsatsa, boshqasi esa uning jamshidona “bazm”i ichra yashardi. Darhaqiqat, I.Brodskiy A.Axmatova nazmini juda yaxshi ko‘rib baland qadrlasa ham, ammo u orzu qilgan she’riyat mutlaqo boshqacha edi. I.Brodskiy keksayib qolgan ustozidan xabar olgani tez-tez kelib turar, har gal u bilan uzoq-uzoq suhbatlashib o‘tirar, bu gurunglarda, shoir o‘zi keyinchalik ta’kidlagandek, so‘z ochilmagan biror mavzu qolmas, ammo she’riyat haqida eng kam gapirilardi. I.Brodskiy A.Axmatova portretiga mana shunday qisqa, ammo aniq chizgi bergan edi: ”Unga boqib turib, Rossiyadek saltanatni qanday qilib ayol imperator idora eta olganini tushunib yetasan kishi”.

I.Brodskiy surgundan kelasolib o‘zini tag‘in adabiy jarayon bag‘riga uradi. U mumtoz rus she’riyatini sabr-bardosh bilan o‘rganishda davom etadi. O‘ziga zamondosh shoirlar ijodini ham tahlil qilib, yutuq va kamchiliklaridan saboqlar chiqaradi. Shu davrda har xil sababga ko‘ra, Moskva, Palanga, Yalta, Gurzuf kabi shaharlarga safar qiladi. Bu safarlar I.Brodskiyni yangidan-yangi taassurotlar bilan boyitadi va, tabiiyki, she’riy olamiga ham yopirilib kiradi.

I.Brodskiyning bu davr ijodiga xos yetakchi janr birmuncha cho‘ziq elegiya hisoblanib, uni yarim doston deb atash ham xato bo‘lmas. Uning she’riyati uchun yetakchi xususiyatlar sifatida esa hikmatga monand fikr yuritish, g‘am-anduhga yo‘g‘rilgan kayfiyat, odam va olamga o‘tkir kinoyaviy nigoh va nihoyat, uzuq-yuluq, ammo juda sof poetik tilni ta’kidlash lozim. Uning “Favvora”, “T.B. xotirasiga”, “Natyurmort”, “General Z ga maktub” kabi she’rlari hamda “Gorbunov va Gorchakov” dostoni ana shunday xulosaga kelish uchun asos beradi.

O‘n yildan sal ko‘proq vaqt mobaynida I.Brodskiy aqlni lol qilarli darajada tez kamolga yetadi va rus she’rini butun fasohati bilan egallagan so‘z ustasiga aylanadi. Biroq , shunga qaramay, u she’rlarini chop ettirishda tsenzuraning qattiq tazyiqiga duch kelar va har gal bu xildagi tajovuzga murosasiz qarshilik ko‘rsatardi. Bu haqda hozirgi zamon taniqli rus shoiri Ye.Yevtushenko quyidagilarni hikoya qiladi: “Biz Aksyonov bilan birga ancha urinib “Yunost” jurnali bosh muharriri Polevoydan Brodskiyning sakkizta she’rini chop etishga rozilik oldik. Shu bahona bo‘lib uning taqdiri ham o‘zgarib ketsa ajab emasdi. Biroq Odam bolasi o‘z qismatini o‘zi tanlaydi, deganlaricha bor ekan. Polevoy o‘sha son bosiladigan bo‘lib turgan bir paytda “Mening tarallabedod, mast-alast xalqim” degan yagona misrani o‘zgartirib berishi yoki shu sakkiz she’rdan bittasini olib tashlashini so‘raganida, Brodskiy yo‘q deb oyoq tirab turib oldi”.

E’tiqodida sobit qolgan I.Brodskiy surgundan keyin ham sovet tuzumining o‘ziga, o‘zining esa sovet tuzumiga begona ekanini har dam his etib yashaydi. Biroq tashna ruhini obihayot kabi qondirgan muazzam rus madaniyati hamon uni shu zaminga, shu xalqqa mahkam bog‘lab turardi. 1972 yil 12 may kuni I.Brodskiy Leningrad shahar OVIRiga chiqirilib, uning oldiga ikki yo‘ldan birini tanlash sharti qo‘yiladi: yo vatanni tark etish, yo umrini qamoqxona yoki jinnixonada o‘tkazish ...

  1. MUHOJIRLIK

1972 yil 4 iyun kuni tong pallasida SSSRni tark etish uchun Pulkovo aeroportiga otlanayotgan I.Brodskiy KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi L.Brejnevga ochiq xat yozadi. Bu maktubda shoir o‘zining 15 yillik adabiy faoliyati faqat va yana faqat rus madaniyati ravnaqi uchun xizmat qilajagini ta’kidlab, mana shu xizmati haqqi-hurmati adabiy jarayonda bundan keyin ham hech bo‘lmasa tarjimon sifatida ishtirok etib qolishiga rozilik berishini so‘raydi.

“Rossiyadan bosh olib chiqib ketish menga juda-juda alam qiladi. Negaki, men shu yerda tug‘ildim, o‘sdim, yashadim va qalbimda neki ezgu tuyg‘u bo‘lsa, bari uchun faqat uning o‘zidan qarzdorman. Mening chekimga tushgan barcha yomon kunlar ulardan ham ko‘proq bo‘lgan yaxshi kunlar ostida qolib, ko‘milib ketgan va o‘zimni hech qachon Vatanim tomonidan kamsitilgan deb his qilmaganman, hozir ham bunday hisni boshdan kechirayotganim yo‘q. Zotan, men bundan buyon SSSR fuqarosi bo‘lib qololmasam-da, baribir, rus shoiri bo‘lib qolaveraman. Bir kunmas bir kun albatta qaytib kelishimga ishonaman: shoirlar xoh vujudida, xoh qog‘ozda bo‘lsin har gal albatta qaytib kelgan. Men unisiga ham, bunisiga ham umid qilaman. Insoniyat kimning bilagi zo‘r bo‘lsa, o‘shaning gapi haq, deya hukm chiqaradigan palladan allaqachon o‘tib bo‘lgan. Aslida ham bunday yo‘l tutaylik deyilsa, dunyoda kuchsizlar qanchadan-qancha. Nazdimda, birdan-bir haqiqat bu – ezgulikdir. Xusumat, g‘azab va nafratdan – ular hatto adolatli bo‘lsa ham – hech kimga foyda yo‘q. Biz hammamiz bir zaruratga – o‘limga mahkummiz. Bu satrlarni bitayotgan odam – menga ham, ularni o‘qiyotgan odam – Sizga ham o‘lim haqdir. Ortimizda faqat qilgan ishlarimiz qoladi, xolos, ammo ular ham yemirilishga mahkum. Shu bois ham hech bir odam boshqa kishiga o‘z yumushi bilan mashg‘ul bo‘lishida to‘sqinlik qilmasligi zarur. Hayot kechirish o‘zi shundog‘am juda sermashaqqat, uni yanayam og‘irlashtirishdan nima naf?!.”

I.Brodskiy uchish oldidan, eski rasm-rusumga ko‘ra, unnab qolgan jomadoni chetiga bir daqiqa cho‘kadi. Suratkash M.Milchik tomonidan tasmaga muhrlangan bu oniy holat keyinroq butun dunyoni aylanib chiqadi. SSSR parchalanib ketganidan so‘ng – 2005 yilda Sankt-Peterburg universiteti hovlisida I.Brodskiyga atab Rossiyada dastlab o‘rnatilgan yodgorlikda ham aynan shu jomadon tasvirlanadi.

I.Brodskiy muhojir sifatida zaminiga ilk bor qadam bosgan begona yurt Yevropaning yuragi — Avstriya bo‘ladi. Uning poytaxti Vena butun dunyo bo‘ylab muhojirlarni avval to‘plab, so‘ngra yana tarqatib qoladigan o‘ziga xos “qo‘nalg‘a” edi.

I.Brodskiy Isroil vizasi bilan jo‘nab ketgan bo‘lsa ham, AQShni vatan tutib, shu yerda yashab qoladi. Unga xayrixoh bo‘lgan g‘arblik ziyolilardan biri – professor K.Proffer taklifi bilan avval Enn-Arbordan boshpana topib, Michigan universitetida rus adabiyotidan dars bera boshlaydi. Keyinchalik esa Nyu-York shahriga ko‘chib o‘tadi va Kolumbiya hamda Nyu-York universitetlarida faoliyat ko‘rsatadi. Talabalar ularga yuzma-yuz turgan bu o‘ta zukko olim atigi yetti sinfni tamomlagani va faqat mustaqil mutolaa tufayligina shu darajaga erishganidan bexabar edi, albatta.

Ota-onasini o‘g‘illari oldiga albatta yuborishadi deb qattiq ishongan va ular kelganida keng-mo‘l yashasa deb orzu qilgan I.Brodskiy Enn-Arborda kattagina bir uyni ijaraga oladi. Biroq, afsuski, SSSR rahbariyati Aleksandr Ivanovich va Mariya Moiseevnalarning xoh birgalikda, xoh yakka holda bo‘lsin, o‘g‘illari bilan diydorlashish uchun ruxsat so‘rab qilgan iltimosini o‘n ikki bor ham rad etadi. 1983 yilda onasidan, bir yildan so‘ng esa otasidan judo bo‘lgan I.Brodskiyning o‘zi ham ana shunday rad javobi tufayli aziz kishilarining dafn marosimida qatnasha olmaydi. Bu taqiqlar olib tashlangandan keyin ham uning kindik qoni to‘kilgan yurtiga kelishni ortga suravergani balki o‘sha alamli xotiralar bilan izohlanar?!

I.Brodskiy garchi mana shunday jabru sitamlar tortgan bo‘lsa ham, SSSR sha’niga har xil noloyiq so‘zlar aytishdan o‘zini tiyadi. U ayniqsa, o‘zining muhojirlik qismatiga siyosiy tus berishni xohlamas, bu haqda so‘z ochilgudek bo‘lsa, “Men bor-yo‘g‘i bir makondan boshqa makonga, bir saltanatdan boshqa saltanatga ko‘chib o‘tdim, xolos”, deyish bilan kifoyalanar edi, xolos. Keyingi makon va saltanatning avvalgisidan farqi esa, uning nazdida, faqat bir narsadagina edi. U 1987 yildagi intervyularidan birida: “AQShda o‘tkazilgan o‘n besh yil mening hayotimdagi ajoyib bir davr bo‘ldi, chunki hech kim mening tinchimni buzishga qasd qilgani yo‘q, – deb aytgan va ortidan shunday qo‘shib qo‘ygan edi. – Men bu yerda shunday hayot kechirdimki, aslida shoir xuddi shunday kun kechirishi lozim – hayot lazzatlariyu odamlardan bir chekkada... Balki, quvg‘in shoir taqdiri uchun birdan-bir tabiiy shart-sharoitdir. Bu borada romannavislar yo‘rig‘i boshqa – ular o‘zlari qalamga olayotgan jamiyat qurilmasining naqd ichida yurishi kerak. Men hayot sharoitim va kundalik mashg‘ulotimning bunday muvofiqligi borasida omadim kelganini fahmlab turardim, albatta. Hozir esa keyingi “yaxshi tomonga o‘zgarishlar”dan qo‘rquvga tushish hissi borki, kimdir birov mening hayotimga zo‘rlik bilan bostirib kirishni mo‘ljallab turgandek tuyulaveradi. Bu narsa odam bozorni aylanib yurganida, lo‘li ayol qo‘qqisdan uning oldiga kelib, qo‘lidan ushlashi va ko‘ziga tikilib, “Endi seni oldinda nimalar kutib turganini aytib beraman...” deyishiga o‘xshaydi. Men bir chekkada yashashga odatlanganman va bu odatni tark etish niyatim ham yo‘q”.

I.Brodskiy “yaxshi tomonga o‘zgarish” deganda 1987 yilda adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishini nazarda tutgan bo‘lsa, ajabmas. Bu nufuzli xalqaro mukofot tufayli I.Brodskiy iste’dodi butun dunyoda tan olinadi va bu davrga kelib ichdan yemirila boshlagan SSSRda ham uning shaxsi va ijodiga munosabat o‘zgaradi. Yangi Nobel sovrindorini dunyo adabiyotiga tuhfa etgan zaminda I.Brodskiy she’rlari 80-yillar oxiridan chop etila boshlaydi, 90-yillar boshidan esa kitoblari ham do‘kon peshtaxtalarida paydo bo‘ladi. Shoirning o‘zi bir vaqtlar aytgani kabi, bu uning qog‘ozdagi qaytishidan dalolat bo‘lib, endi esa o‘zining qaytishiga navbat kelgandi. 1995 yilda ilgari Leningrad nomi bilan atalgan, endi esa Sankt-Peterburg degan nom bilan yuritila boshlagan shahar meri A.Sobchak I.Brodskiyga faxriy fuqaro unvonini berish haqidagi farmonga imzo chekadi. Shu yili Nyu-Yorkdagi “Uoldorf Astorii” mehmonxonasida A.Sobchak va I.Brodskiyning yuzma-yuz muloqoti bo‘lib o‘tadi, unda shoir ona shahriga tashrif buyurish yuzasidan rasmiy taklif oladi. Neva bo‘yidagi shaharga tashrif I.Brodskiydan juda katta jismoniy va ruhiy kuchni talab etardiki, bu vaqtga kelib bir muncha holsizlanib qolgan shoir bundan qattiq xavotirda edi. Qolaversa, ona yurtiga u butun shahar aholisini oyoqqa qalqitgan holda dabdaba bilan qaytishni ham istamasdi. I.Brodskiy A.Sobchakka uzrxohlik bilan yozgan maktubida agar taqdir nasib etsa, bir kuni Sankt-Peterburgga hech bir ovoza qilmay kirib borajagi va dastavval uning ostonasida qo‘qqis paydo bo‘lajagi haqida va’da bergandi.

Biroq uning umr kemasi bu vaqtda, afsuski, so‘nggi bandargoh sari yaqinlashib borardi. Ketma-ket xurujlarni boshdan kechiraverib hilvirab qolgan yuragi tashrifgacha chidab berishi dushvor edi...

* * *

I.Brodskiy yoshlik chog‘larida yozilgan bir she’rida: “Vasilevsk oroliga o‘lmoq uchun kelaman”, degan edi g‘ayrishuuriy bir qat’iyat bilan. Biroq uning bu istagi, afsuski, amalga oshmay qoldi. Shoir jasadi Italiyaning ko‘hna va maftunkor shahri – Venetsiya zaminiga, uning San-Mikele orolidagi qabristonga dafn etildi. Hozir I.Brodskiy mangu uyquda yotgan qabr marmartoshiga antik Rim shoiri Propertsiyning quyidagi misrasi o‘yib bitilgan: “Letum non omnia finit”. (Tarjimasi: “O‘lim bilan hamma narsa ham tugay qolmaydi”.– M.R.) I.Brodskiy hayoti va ijodiga tatbiqan bu fikr naqadar to‘g‘ri, naqadar haqqoniy!

Shoir jasadining bu zaminga qo‘yilishida hech qanday tasodif yo‘q, chunki u 1989 yildan buyon Venetsiyaning faxriy fuqarosi edi. Sankt-Peterburg kabi suv yoqasida qad rostlagan bu maskan unga ona shahrini eslatib turgan bo‘lsa ham, ajab emas. Shoir to‘rt asr muqaddam o‘zi kabi quvg‘indilar asos solgan bu shaharni juda qadrlar va mehr bilan “Mening Venetsiyam” deya atardi. Ushbu shahar bilan bog‘liq kechinmalar shoirning talay she’rlariga ko‘chgani alohida e’tirofga muhtoj emas. Bir vaqtlar mushfiq Florentsiya Dante Aligeridek benazir farzandini badarg‘a qilib, uni qayta bag‘riga ololmagan. Endi esa saxovatli Venetsiya I.Brodskiy timsolida o‘sha judolik o‘rnini to‘ldirgan bo‘lsa ham ehtimol... Ammo Sankt-Peterburg-chi, u I.Brodskiydan qolgan mash’um judolik o‘rnini kimga iltifot ko‘rsatib to‘ldiradi?!

Maqolani L.Losevning «Iosif Brodskiy. Adabiy tarjimai hol tajribasi» (2006 y.), S.Volkovning «IosifBrodskiy bilan suhbatlar» (2007 y.), V.Poluxinaning «Iosif Brodskiy zamondoshlari nigohida» (Ikki jildik, 1997; 2006 y.y.) kitoblari hamda internet materiallari asosida Muhiddin Rahimov tayyorladi.

Jahon adabiyoti jurnali, 2009 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.