OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Inomjon Abdiyev. Asrlar maxzani bitilgan qog‘oz

Har bir davrning o‘z yaratig‘i, jahonshumul kashfiyotlari bo‘ladi. Bundan o‘n to‘rt asr muqaddam butun dunyoda Samarqand qog‘ozidan bebahoroq narsani topish qiyin edi. Algebra fani asoschilaridan biri al Xorazmiy ham bir do‘stiga yozgan maktubida Samar­qand qog‘ozining nihoyatda qimmatliligini ta’kidlab o‘tadi.

Darhaqiqat, ajdodlarimizning abadiyatga daxl­dor falsafiy o‘ylari-yu izlanishlarini o‘ziga muhrlagan Samarqand qog‘ozi o‘sha davr mo‘‘jizasi, o‘z zamonasining eng noyob topildiqlaridan biri edi.

Qadimgi Xitoy solnomalarida yozilishicha, qog‘oz eramizning 100- yillarida xitoylik Chay Lun tomonidan kashf etilgan. Hunarmandlar uni avvaliga ipak, paxta, keyinchalik kanop va zig‘ir tolalaridan, yog‘och po‘stlog‘i hamda turli latta-puttalardan tayyorlashgan. VII asr o‘rtalaridan boshlab, ikki daryo oralig‘ida — Samarqand shahrida qog‘oz ishlab chiqarish nihoyatda ravnaq topdi. Bu yerda tayyorlangan qog‘ozning pi­shiq-puxtaligi, bejirimligi va nozik sifati bois uni tayyorlaydigan ustalarning shuhrati dunyoga taraldi. Bu noyob buyum insoniyatning yaqin hamrohi, olimu fuzalolarning, adibu shoirlarning sirdosh do‘stiga aylandi. O‘simlik tolasi hamda matodan tayyorlangan mazkur qog‘ozlar ishlov berilgan mol terisi — pergament, papirus, yog‘och taxtacha singari Yozuv vositalarini sekin-asta iste’moldan siqib chiqardi. VIII asr va IX asr­ning birinchi yarmiga kelib Samarqand qog‘oz ishlab chiqarish markaziga aylandi. Ammo o‘lkada kechgan tinimsiz jangu jadallar hunarmandlarning ham tinkasini quritdi. Ular nisbatan tinchroq sanalgan Bog‘dod, Qohira, Damashq kabi shaharlarga bosh olib ketishdi. Oqibatda aynan yuqorida nomlari zikr etilgan shaharlar ham qog‘oz ishlab chiqarish markazlari sifatida tilga olina boshlandi. Asl Samarqand qo­g‘ozining narxi esa bir necha bor qimmatlashib ketdi.

XII asrning o‘rtalarida Samarqand qog‘ozining dovrug‘i Buyuk ipak yo‘li orqali G‘arb davlatlariga yetib bordi, Yevropada ham misli ko‘rilmagan darajada shuhrat qozondi. Dastlab Ispaniya va Italiyada, sal o‘tib bosh­qa davlatlarda samarqand­lik hunarmandlar ko‘magida qog‘oz ishlab chiqaruvchi fabrikalar tashkil etildi. Ammo sifati baribir hamin­qadar edi.

Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida “Dunyodagi eng yaxshi qog‘oz Samarqandda chiqadi. Qog‘oz tegirmonlari uchun hamma suv Konigildan keladi. Konigil Siyob arig‘i qirg‘og‘ida joylashgan. Barcha juvozlari ham shu yerdadir” deb yozadi. Samarqand qog‘ozining afzal tomonlaridan yana biri — ular oq xalqa ko‘rinishidagi suv belgilariga ham ega bo‘lgan. Uni XVI asrda samarqandlik mashhur usta Mir Ibrohim tayyorlagan. Tarixchilar XVI asrdan XIX asrning birinchi yarmigacha Rossiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilingan mollar orasida qog‘oz, ayniqsa, qadr­li hamda qimmatli bo‘lganini ta’kidlashadi.

Samarqand qog‘ozining ahamiyati va bebaholigi haqida gap ketganda, bir narsani eslatib o‘tish joiz. Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk bobolarimizning o‘lmas asarlari aynan shu qog‘ozlarning sifati tufayli asrlardan sakrab o‘ta oldi. Ne ajabki, aynan shu bebaho vosita bois dunyoning taraqqiyot beshigini tebratgan allomalarning uyg‘oq bitiklari, qimmatli o‘gitlari, ajdodlarga aytmoqchi bo‘lgan gaplari bugungi doril­amon kunlarimizgacha yetib keldi.

XVIII asr va XIX asrlardagi uzluksiz bosqinlar, harbiy harakatlar Samarqand qog‘ozi shuhratini batamom so‘ndirdi. Shu tariqa Samarqand qog‘ozining siri butkul yo‘qoldi. Ruslar bos­qini va o‘n yillab davom etgan mahorabalar tarix kitobiga Samarqand qog‘ozining tanazzuli bilan qo‘shib bitildi. Unutilgan bebaho madaniy yodgorlikning qayta kashf etilishi uchun yana yuz yillar sarf etildi. Va nihoyat...

Taqdirning saxovatini qarang-ki, Zahiriddin Muhammad Bobur yozib ketganidek, Siyob arig‘i bo‘yidagi Konigil qishlog‘idagi usta hunarmandlar oilasi qog‘oz yasash sirlarini topishga, Samarqand qog‘ozining eski shon-shuhratini tiklashga musharraf bo‘ldilar.

— Dastavval keksa kishilardan so‘rab-surishtirib, eski bitiklarni mutolaa qilib, ish boshlagandik, — deydi hunarmand Sanjar Muxtorov. — Ko‘p o‘tmay to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizni tushundik. Ayni paytda qog‘ozni tut po‘stlog‘idan tayyorlayapmiz. Ivitilib, ajratib olingan po‘stloq charxpalak yordamida yaxshilab yoyiladi. Keyin 7-8 soat qaynatiladi. So‘ng aralashmadan bo‘tqa ajratib olinadi. Shu tariqa tozalash, maydalash, qaynatish kabi 14 bosqichdan o‘tgandan so‘ng qog‘oz tayyor holga keladi. Ayni paytda ustaxonada 20 kishi ish bilan band. Garchi unumdorlik ish usuli qo‘l mehnatiga asoslangani tufayli past bo‘lsa-da, daromadning cho‘g‘i baland. Chunki qayta tiklangan qog‘ozdan turli buyumlar yasash va tikishni yo‘lga qo‘yganmiz. Jumladan, qo‘­g‘irchoqlar, maskalar yasalayapti, hamyon, qalpoq, so‘zana, ko‘ylaklar tikilyapti. Ular o‘zining silliqligi, osonlikcha yirtilmasligi, yuvganda rangi o‘chmasligi va har xil hasharotlar “hujum”iga bardoshli ekani bois, nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijliklarni ham qiziqtirib qo‘ydi. Har safar ular bu yerga kelishganida ariqqa o‘rnatilgan charx­palakka, ajratib olingan novdani ezuvchi juvozga va rango-rang Samarqand qog‘ozlariga hayrat ko‘zlari bilan boqishadi. Qog‘ozdan ko‘ylak tikayotganimizni ko‘rib, hayratlariga yana hayrat qo‘shiladi.

Darhaqiqat, usta hunarmand lutf etganidek, Samar­qand qog‘ozining dovrug‘i yetti iqlimga ketgan. Bugun qayta tiklanib, o‘zining ikkinchi umrini boshlagan Samarqand qog‘ozi azaliy va abadiy vazifasini bajarishda davom etmoqda. Modomiki, kitob barcha davrlarda ham odamlarning beg‘araz do‘sti, sirdosh o‘rtog‘i, donolikda tengi yo‘q oshnosi bo‘lib qolaverar ekan, bu qog‘ozlarga bitilgan bugungi kunimiz haqiqatlari kelajak avlodlarga eson-omon yetajak.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.