OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansur Jumayev. Uyqudagi go‘zallar mehmoni

O‘lim haqida ko‘p o‘ylash o‘limga eltadi, deydilar. Ajab, chindan ham shundaymi?! Lekin nima bo‘lganida ham bu sinoatli dunyoda hammaning taqdiri har xil intiho topadi.

...1899 yilning 11 iyunida yapon oilalaridan birida Yasunari ismli chaqaloq dunyoga keldi. U o‘zining ikki yoshga kirishini otasining o‘limi bilan qarshiladi.

Turfa kasallarni davolab, minglab insonlarni hayotga qaytargan doktor — Yasunarining otasi o‘zini muqarrar o‘lim changalidan qutqara olmadi. Yasunari bu vaqt­da yetimlik nimaligini, o‘lim nima ekanligini anglamagani ayon. Ammo oradan bir yil o‘tib, u “chin yetim”ga aylandi: 3 yoshli go‘dakning onasi ham olamdan o‘tdi.

Yasunari ona tomonidan bobosi va buvisi tarbiyasida ulg‘aydi. 12 yil qadimiy yapon afsonalari, ertaklarini tinglab, uning mo‘‘jizalariga ishonib yashadi. Ammo qismat ... achchiq edi, taxir edi. Taqdir uni bobosidan ham ayirdi.

Ota, ona va bobosidan ayrilgan bo‘lg‘usi adibning tez orada buvisi ham mangulik sari yuz tutdi. Shuncha iztirob uning uchun kamlik qilgan, shekilli, kamiga taqdir uni singlisidan ham ayirdi. O‘sha shafqatsiz, o‘sha g‘addor o‘lim uni yakkayu yolg‘iz dardmandi — singlisidan judo qilganida o‘spirin Yasunarining ko‘nglidan nimalar kechgani bizga qorong‘u.

Bolalikdan takror va takror yaqinlaridan ayrilavergan, takror va takror yetimlikka mubtalo bo‘lavergan, achchiq qismatning ta’mini erta tatigan yosh Yasunari shahd va dard bilan qo‘liga qalam olganida 12 yoshda edi. 16 yoshga to‘lganida esa avtobiografik hikoya yozdi. Bu “iztirobnoma”si 1925 yilga kelib chop etildi.

Uzoq qarindoshlari bilan yashab yurgan Yasunari Tokiodagi o‘rta maktabga kirib, tahsil ola boshladi. Tengdoshlari orasida vazminligi, o‘ychanligi va yoshiga nisbatan fikrining teranligi bilan ajralib turadigan o‘smir maktabda Yevropa madaniyatini, san’atini, adabiyotini chuqur o‘rganishga kirishdi. Keyinchalik amerikalik tadqiqotchilardan biri bu haqda “Nyu-York tayms” gazetasida e’lon qilgan maqolasida shunday yozgan edi: “G‘arbning ta’siri sof yaponcha bir narsaga aylanib qolgan!..”

Universitetning ingliz tili fakultetida o‘qishini davom ettirishga muvaffaq bo‘lgan Yasunari modernizm yo‘nalishidagi jurnalni tashkil etishda qatnashdi. 1925 yilda yozgani “Idzulik raqqosa” qissasi esa unga mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat keltirdi: endi uni odamlar oddiygina qilib Yasu emas, “Yozuvchi Yasunari Kavabata” deb hurmat bajo keltiradigan bo‘lishdi. Mazkur asarda, nafaqat unda, balki Kavabataning butun ijodida 2 ta personaj — avtobiografik qahramon va hur qiz obrazi gavdalantiriladi.

1933 yilda Yozuvchi “Qushlar va yirtqichlar” nomli yana bir asarini ommaga taqdim qildi. Bunda bir bo‘ydoqning hayoti, sevib qolishi, ammo sevganiga yetisha olmasligi va uning hasratida odamlarga aralashmay, hayvonlar orasida umrguzaronlik qilishi mahorat bilan tasvirlanadi.

1934 yili adib “Qorli o‘lka” modern asarini yozishga kirishdi. Oradan 3 yil o‘tib uning dastlabki variantini nashr ettirdi. 10 yildan so‘ng esa asarning to‘la nashri o‘quvchilar orasida ommaviylashib ketadi. Yozuvchi ushbu asarida o‘rta yoshlarni qoralab qolgan tokiolik xotinboz, suyuqoyoq erkak bilan katta yoshdagi qishloqi fohishaning o‘zaro pin­honiy munosabatlarini aks ettiradi...

Xullas, Yozuvchi yozaverdi. Ikkinchi jahon urushi kechgan o‘sha mash’um yillarda ham Ya.Kavabata muntazam ijod bilan shug‘ullandi, sayohat qildi va yana yozdi.

Qadimiy yapon millati dahosining aksi sadosi o‘laroq mangu yashashga “mahkum bo‘lgan” “Gendzi haqida afsona”ni o‘rgandi, tahlil qildi va shu asardan mutaassir bo‘lib, 1949 yilda “Mingqanotli turna” nomli qissasini yozib tugatdi. Bu qissa adibga G‘arb mamlakatlarida ajoyib muvaffaqiyat va mashhurlik olib keldi. Ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, 1945 yilda “dunyoga kelgan” “Tog‘lar nidosi” deb nom olgan asari Kavabataning eng mukammal ijod namunasi va jahon adabiyoti xazinasining nodir gavharidir.

Uning 1954 yilda yozib tugatilgan “Kul” qissasi haqida amerikalik Yozuvchi Edmund Uayt shunday fikr bildirdi: “Ideal choy bog‘i qanchalik tabiiy va puxta o‘ylangan bo‘lsa, bu asar ham shunchalik qisqa va mag‘zi to‘q!”

Kavabataning 1961 yili yozgan hikoyasi — “Uyqudagi go‘zallar uyida”ni o‘qib ko‘rgan tanqidchi Artur Kimball yozadi: “Adibning mahorati o‘lim haqidagi fikrlar bilan hayot jilvalarini birgalikda tasvirlashda namoyon bo‘ladi...” Edgar Allan Po fikricha, bu — ideal hikoya. Unda muallif ko‘pma’noli samaraga erishgan. Asarning qisqacha mazmuni esa quyidagicha: ruhiy tushkunlikka tushib qolgan bir chol turli ko‘ngilochar joylarga borib, hayotning mazmunini anglab yetishga harakat qiladi, o‘limni o‘ylashdan, yolg‘izlik dardidan xalos bo‘lishga intiladi. Adib o‘lim to‘g‘risidagi g‘aroyib fikrlarini asar mag‘ziga singdirib yuboradi...

Ruhiy yolg‘izlik suyak-suyagidan o‘tib ketgan Ya.Kavabata hayotida muhim hodisa sodir bo‘ladi: u chinakam do‘st topadi! Voqea bunday bo‘lgandi: 1960 yili AQSh davlat departamenti taklifi bilan adib Qo‘shma Shtatlarga boradi. U yerda bir qancha universitetlarda talabalarga ma’ruzalar o‘qiydi va xuddi shu o‘lkada yaponiyalik Yozuvchi, kinoaktyor, siyosiy arbob — Misima bilan tanishib qoladi. U bilan do‘st tutinadi.

1968 yil — Yasunari Kavabata umrining zarhal harflar ila bitilishi joiz bo‘lgan sanasi. Mahoratli adib yapon shoir va Yozuvchilari orasida birinchi bo‘lib Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi. “Butun umr go‘zallikka intilib keldim va o‘lgunimcha shunday bo‘lib qolaman!” — dedi Yozuvchi mukofot olish marosimida. Keyin faqat yaponlargagina xos bo‘lgan sodda va samimiy tavoze bilan minbarni tark etarkan, qo‘shib qo‘ydi: “Nima uchun bu mukofotni menga berganingizni tushunmayapman, lekin sizlarga tashakkur! Minnatdorman!.. Baribir shon-shuhrat — og‘ir yuk”.

Bir umr yaqinlari dog‘ini ko‘tarib yashagan adib ana shunday yuksak marralarni zabt eta oldi. Bariga dosh berdi. Chidadi, biroq...

1970 yili Kavabataning yaqin do‘sti Misima Yaponiya harbiy bazalaridan birida qo‘zg‘olon ko‘tarishga urinib, muvaffaqiyatsizlikka uchradi va o‘z-o‘zini “harakiri” qildi. Bundan qattiq ta’sirlangan Kavabata 2 yil o‘tgach, og‘ir xastalik bilan kasalxonaga tushdi. Kasallik uni yengolmadi. Adib oyoqqa turib, uyiga qaytdi. U bardoshli edi. U sobir edi. Biroq u do‘stidan-da judo bo‘lganiga chiday olmadi.

1972 yilning 16 aprel kuni. Butun Yaponiyaga larzaga keldi. O‘sha kuni buyuk adib Ya.Kavabata olamni tark etdi.

Tadqiqotchi Takasi Okaning maqolasida shunday jumla bor: “Kavabataning asarlari jahon adabiyoti o‘zanida mangu qoladi!” Darhaqiqat, o‘lim Kavabatani yenga olmadi. Adib “idzulik raqqosa” bilan “qushlar va yirtqichlar” orasida “qorli o‘lka”dagi “uyqudagi go‘zallar uyida” yashamoqda.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.