OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Insoniyatning eng buyuk ixtirosi

Milliy taomlar va ne'matlar orasida non qadim-qadimdan o‘ziga xosligi bilan qadrlanib kelgan. Mashhur fizik olim Albert Eynshteyndan talabalari "Siz yaratgan nisbiylik nazariyasi atom bombasini ishlab chiqishga yo‘llanma berdi. Shuning uchun o‘zingiz yaratgan  nazariyani eng buyuk ixtiro deb ayta olasizmi?" - deb so‘rashganida, mashhur olim biroz o‘ylanib turib, "Insoniyat hayotidagi eng buyuk ixtiro, bu - nondir", - deb javob bergan ekan.

Xalqimizda nonning ko‘plab turlari bo‘lishi bilan birga, har bir mintaqa aholisi orasida non tayyorlashning o‘ziga xos texnologiyasi va maktabi mavjud.

O‘zbek oilalarida farzandlar bolalik davridanoq nonni e'zozlash, uni isrof qilmaslik ru­hida tarbiyalanadi. Non hech qachon oyoq ostiga tash­lanmaydi. Nonni bosish og‘ir gunoh hisoblanadi. Dasturxonga tortilgan non oila boshlig‘i tomo­ni­dan sindiriladi. Motam maro­­si­mi­dan tashqari deyarli barcha marosimlarga kelgan mehmonlar o‘zlari bilan non olib boradilar, o‘z navbatida, ushbu tantanalardan non olib qaytishadi.

Xalqimiz orasida o‘tkaziladigan ko‘plab taqvimiy bayramlar, sayllar va oilaviy marosimlarda aksariyat hollarda non bilan bog‘liq qator urf-odat va rasm-rusumlar mavjud. Xorazmda non bo‘lak­la­ri­­ tu­mor qilib taqilgan va non uchun xamir  tayyorlab qo‘yilgan  yerga (ma­sa­lan, tan­dir oldiga) jin, parilar yaqinlashmaydi, deb qaralgan. Aytishlaricha, non bor joyga tur­li­ ins-jin­lar va yovuz kuchlar yaqinlashmas ekan. Shu bois, yomon ko‘zdan, yovuz kuchlardan asrovchi vosita sifatida yangi tug‘ilgan chaqaloq yoki xatna qilingan bolaning yostig‘i ostiga boshqa qator magik xususiyatga ega buyum­lar bilan birga non qo‘yish an'anasi bor.

Xalqimizda yotadigan yerda non yeb bo‘lmaydi, degan gap bor. Agar yotoqda non yeyilsa, kishi yomon tush ko‘rib, tushida alahsirashi mumkin, deb hisoblanadi. Bu fikr-mulohazalar ham nonga bo‘lgan ehtiromdan dalolat beradi. 

Vodiy aholisi orasida keng tarqalgan odatga binoan, qizning ota-onasidan rozilik alomatlari olingach, yigit tomon bir necha kundan so‘ng, ko‘pincha sovchilarning uchinchi marta kelishlarida alohida dasturxon va sovg‘a-salomlar qilib keladi. Das­turxon atrofida har ikki tomon to‘y to‘g‘risida maslahatlashadilar. Shundan so‘ng davradagilar orasidan keksa yoshli, ko‘p farzandli, bir nikohli kishi yigit va qiz taqdirining mustahkam bog‘lanishi haqiga duoi fotiha o‘qib, qo‘liga qiz tomonidan dasturxonga qo‘yilgan va yigit tomonidan olib kelingan nonlardan bittadan olib juft qiladi va nonni yuza tarafiga qaratib teng qilib sindiradi. Ushbu udum xalqimizda non sindirish deb nomlanadi.

Keksa yoshli onaxonlarimizning ta'kidlashlaricha, non tiriklikning eng buyuk ne'matidir. Unashtirilayotgan yoshlarning nonday aziz bo‘lib, o‘z qadr-qimmatlarini yo‘qotmasin, degan niyat ushbu udumda mujassamlashgan. Non­ni juft sindirishda esa kelin-kuyovning qo‘sha qarishi haqidagi orzu-istak namoyon bo‘lib, ushbu marosim har ikki tomon o‘rtasida qarindoshchilik rishtalari bog‘langanligi ramzi hisoblanadi.

O‘zbekona tarzda tayyorlanadigan  nonlarimizda xal­qimizning ko‘p asrlik tarixiy qadriyatlari bilan birga mehnat faoliyati qiyofasi va iqlim sharoitlari o‘z aksini topgan. Shuning uchun ham o‘zbekona nonlarimiz madaniyatimizning ajralmas qismi tarzida har doim qadrlidir.

Dilfuza Ashirova tayyorladi.
“Ma’rifat”dan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.