Har yili Stokgolmda an'anaviy Nobel haftaligi bo‘lib o‘tadi. Haftalik davomida Nobel mukofotining olti yo‘nalishdagi g‘oliblari e'lon qilinadi. Mukofotning besh yo‘nalishi shvetsiyalik kashfiyotchi (u kashf etgan dinamit 1867 yil patentlashtirilgan), sanoatchi, lingvist, faylasuf Alfred Nobel tomonidan vasiyat qilingan, iqtisod sohasidagi mukofot esa, 1968 yilda Shvetsiya davlat banki tomonidan Alfred Nobel xotirasiga ta'sis etilgan.
Odatda mukofot egalari ayni kuz mahali e'lon qilinadi. Ya'ni bu davrda kimning hosili mo‘l bo‘lgani aniqlab olinib, dekabr oyida taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Bu yilgi muvaffaqiyatlar shohsupasi tomon chorlovchi shaxslarning kimligi ko‘pchilikni qiziqtirishi tayin. Ular sayyoramizning eng nufuzli mukofotlaridan biriga loyiq topilgan o‘z sohasining daholari va zahmatkashlaridir.
Kimyo fanidagi yutuqlari uchun bu yilgi Nobel mukofoti germaniyalik olim Gerxard Ertlga nasib etdi. 71 yoshli olim Berlindagi Frits-Gaber institutida faoliyat ko‘rsatadi. Uning qattiq yuzalardagi kimyoviy jarayonlarga bag‘ishlangan tadqiqotlari bunga asos sifatida xizmat qilgan. Ta'sischilar bayonotida aytilishicha, bu sohadagi bilimlar kimyo sanoatida juda muhimdir. Jumladan, tadqiqot temirning zanglashi, mashina katalizatorlari ishini tushunish imkonini beradi. Kimyoning bu bo‘limi, shuningdek, Yer azon qatlamining qisqarib borayotganini ham o‘rganishga yordam beradi.
Shvetsiyalik kuzatuvchilarning fikricha, kimyo bo‘yicha Nobel mukofotining kimga nasib etishini oldindan taxmin qilish yildan-yilga qiyin bo‘lib bormoqda. Negaki, tabiiy fanlar orasidagi chegaralar 100 yil avvalgiday aniq emas. Deylik, biologlar xuddi fiziklar yoki kimyogarlardek matematik formulalardan muvaffaqiyatli tarzda foydalanmoqdalar. Shu sababli fizika sohasida faoliyat olib borayotgan olim mukofotning kimyo yo‘nalishi g‘olibi bo‘lib qolishi, yo bo‘lmasa, kimyogarlar fizika sohasida e'tirof etilishi mumkin. Bunday holat 1998 yilda kuzatilgan ham. O‘shanda fizik Valter Kon kimyo yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Tibbiyotdagi muvaffaqiyatlari uchun 2007 yilning Nobel mukofoti Mario Kapeti (AQSh), Martin Evans (Buyuk Britaniya) va Oliver Smitisga (AQSh) nasib etdi. Bunda Stokgolmdagi Nobel qo‘mitasi olimlarning tana hujayralari sohasidagi ishlarini yuqori baholadi.
Tibbiyot sohasi g‘oliblari kuzatuvchilar uchun yangilik bo‘lmadi. Shvetsiya radiosining ilmiy tahririyati ham bu yilgi Nobel qo‘mitasi saratonni davolash yoki tana hujayralar borasidagi tadqiqotlarni e'tirof etishi mumkinligini taxmin qilgan edi.
Fizika sohasidagi kashfiyoti uchun 2007 yilning Nobel mukofotiga frantsiyalik va germaniyalik olimlar sazovor bo‘lishdi.
Frantsuz Albert Fert va nemis Peter Gryunberg mazkur mukofotga magnetizmning elektr o‘tkazish qobiliyatiga ta'siri sohasidagi kashfiyoti uchun munosib deb topildi.
Adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Shvetsiya akademiyasi ingliz yozuvchisi Doris Lessingni taqdirladi. 87 yoshli Lessing xonim turli tsivilizatsiya va madaniyatlar orasidagi munosabatlarga bag‘ishlangan ishlari uchun 2007 yilning adabiyot yo‘nalishidagi Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Lessing epik yozuvchi. Akademiya bayonotida uning jamiyatning bo‘linish muammolarini o‘ziga xos «obrazlilik, skeptitsizm va jo‘shqinlik» bilan o‘rganishiga alohida urg‘u berilgan.
Lessingning bolaligi Janubiy Rodeziyada (hozirgi Zimbabve) o‘tgan. Shu sababli ham uning ko‘plab kitoblari Rodeziya jamiyati hayotiga bag‘ishlanadi.
Uning «Oltin kundalik» romani feministik adabiyot klassikasi deya ataladi. Ammo Lessingning o‘zi bu jihat asarning faqat bir tomoni ekanini, aslida esa uning mavzusi ayolning jamiyatdagi o‘rni emas, balki jamiyatdagi inson huquqlari bo‘lganini ta'kidlaydi.
Eslatib o‘tamiz, turli mutaxassislar tomonidan bildirilgan taxminlarga ko‘ra, adabiyot yo‘nalishida bu yilgi mukofotga amerikalik yozuvchi Filip Rot, italiyalik yozuvchi Klaudio Magris, amerikalik artist Bob Dilan hamda isroillik yozuvchi Amos Oz nomzodlik qilayotgan edi.
Mukofot asoschisi Alfred Nobel adabiyot yo‘nalishida mukofotga tavsif berar ekan, u g‘oyaviy yo‘nalishdagi eng yaxshi adabiy asar muallifiga berilishi lozimligini yozib qoldirgan edi.
Tinchlik yo‘lidagi xizmatlari uchun 2007 yilning Nobel mukofoti AQShning sobiq vitse-prezidenti Albert Gor va BMT huzuridagi iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhiga nasib etdi.
Mazkur mukofot ularning iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha keng miqyosdagi bilimlarni yaratish va tarqatish hamda bunday o‘zgarishlarni bartaraf etish uchun zarur choralarni ishlab chiqish borasidagi mehnatlarini e'tirof etadi.
Bu yil mazkur yo‘nalish bo‘yicha 181 nafar nomzod, jumladan, 46 ta tashkilot nomi ilgari surilgandi. Joriy yil o‘zining yarim asrlik yubileyini nishonlovchi Yevropa Ittifoqi, hindular fuqarolik huquqining faol himoyachisi bo‘lmish Boliviya prezidenti Evo Morales, fuqarolik urushi vaqtida Bosniyaga yordam qo‘lini uzatgan Malayziyaning sobiq bosh vaziri Maxatxir Muhammad, ko‘plab qurolli to‘qnashuvlarda vositachi sifatida harakat qilgan BMT bosh kotibining Kosovo bo‘yicha maxsus vakili Marti Axtisaari ana shular jumlasidandir.
Aytish joizki, Nobelning tinchlik bo‘yicha mukofoti doimo siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Ayniqsa uni nafaqat tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi xizmatlar, balki inson huquqlari himoyasi va boshqa insonparvarlik faoliyatlari uchun berila boshlagandan so‘ng bu jihat yanada kuchaydi. Shu sababli ham mukofotning mazkur yo‘nalishi g‘oliblari doimo bahslarga sabab bo‘lib kelgan. Jumladan, Andrey Saxarov, Yosir Arofat, Shimon Peres va Ishoq Robin mukofotlanganda xuddi shunday holat kuzatilgan edi.
Iqtisodiyot sohasida izlanishlari uchun bu yilgi mukofot uch kishi o‘rtasida bo‘lishiladigan bo‘ldi. Bular amerikalik Rodjer Mayerson, Erik Maskin va Leonid Gurvichdir.
Olimlar taqsimlash mexanizmi nazariyasiga qo‘shgan hissasi uchun ushbu nufuzli mukofotning 2007 yilgi sovrindorlari bo‘lishdi. Ularning tadqiqotlari iqtisodiy institutlarning shakllanish muammolariga bag‘ishlanadi va iqtisodiyot bilan birgalikda siyosatshunoslikda ham katta ahamiyat kasb etadi.
Ma'lumki, shvetsiyalik jurnalistlar va mutaxassislar bu yilgi mukofot iqtisodiy o‘sish va savdo sohasi tadqoqotchilariga nasib etishini taxmin qilishgan edi. Bu borada imkoniyati yuqori baholanganlar orasida amerikalik professor Elxanan Xelpmanlar (Garvard universiteti), Jin Grossman (Prinston universiteti), Pol Romer (Stendford univetsiteti) bo‘lgan.
Shunday qilib, Nobel mukofoti vositasida fan olami va umuman butun dunyo yana bir bor o‘z iste'dodlari va fidokorlarini saralab oldi. Ular shu yilning 10 dekabr kuni tantanali ravishda taqdirlanadilar hamda chuqur bilim, ko‘p yillik izlanish, mashaqqatli mehnat natijasini yuqori sahnalardan turib namoyish etadilar.
Nargiza To'xliyeva,
“Ma’rifat” muxbiri