XX asr boshlarida adabiyot va san’atni, madaniyatni rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Buxoro, Xiva va Qo‘qonda adabiy muhitlar shakllandi. Qo‘qondagi adabiy harakatga Amir Umarxon rahnamolik qildi. U atrof viloyatlardagi iste’dodli ijodkorlarni Qo‘qonga to‘playdi. Olimu fozil, shoiru san’atkorlar bilan suhbatlar uyushtiradi, mushoaralar o‘tkazadi. Bu haqda “...gohi ulamo suhbatlarinda o‘lturdim. Oyot va ahodis gavharlari birla quloq sadafin to‘ldurdim. Va gohi fazlu kamol ahli birla majolasat qildim. Ilmu donish nuridin bahra oldim. Fununi maoniy javohirlarin ko‘ngul xazinasig‘a soldim”, deb yozadi Amiriy o‘z “Devon”i debochasida.
Umarxonning ilmparvarligi, rahnamoligi natijasida shu davrda Qo‘qonda kuchli adabiy jarayon vujudga keldi. Gulxaniy, Fazliy, Ado, Maxmur, Hoziq kabi shoirlar, Uvaysiy, Nodira, Mahzuna, Dilshod-Barno kabi shoiralar yetishdi. Biror adabiy muhitda Umarxon davridagichalik ayollarga o‘z iqtidorini namoyon etish uchun imkoniyat berilmagan. Umarxonning o‘zi ham Amiriy taxallusi bilan she’rlar yozib, adabiy muhitda ustod maqomida turgan.
“Bu davrda Farg‘ona saroy adabiyotlarining xalq adabiyotiga ayricha diqqat qilg‘anlari ham ko‘riladir”(Fitrat). Xon tashabbusi va homiyligi tufayli Gulxaniyning “Zarbulmasal”dek noyob asari maydonga kelgan; adabiy jarayon haqida muhim dalillarni o‘zida jamlagan Fazliyning “Majmuai shoiron” tazkirasi yaratilgan. Bu tipdagi tazkiralar keyinchalik Xiva adabiy muhitida ham ta’lif etilgan. Amiriy ulkan siyosiy faoliyat bilan band bo‘lishiga qaramay, ma’naviy kamolotga, adabiyot va she’riyatga katta e’tibor bergan. Nazmni teran anglagan. Uni tushunish, his qilishni hammaga ham nasib etavermaydigan noyob fazilat, deya qadrlagan.
Gavhari nazm bahosizdur, Amir,Anga har sifla xaridor o‘lmas.Anglashiladiki, Umarxonning O‘rta Osiyo ijtimoiy taraqqiyotida, madaniy ravnaqida juda katta o‘rni bor. Yaratgan she’riy merosi esa ma’no, mohiyat, badiiy tasvir usullari jihatidan yuksak maqomga ega.
Amiriy o‘zbek va fors tillarida lirik she’rlar yaratgan. Devon tartib bergan. Unda g‘azal, muxammas, musaddas, musamman, tuyuq, ruboiy kabi janrlardagi asarlari jamlangan. Shoirning jami 10000 misradan ortiq she’ri bizgacha yetib kelgan. Devon maxsus nomlanmagan.
Amiriy she’rlarining yaratilishi tarixi, mavzular qamrovi, ma’nosi, timsollar mohiyatini to‘g‘ri anglashda “Debocha”ning ahamiyati beqiyos. Chunki unda shoirning ijtimoiy faoliyati, ijodiy maqsadi borasida sharhlari, izohlari o‘z ifodasini topgan. Bu ma’lumotlar bizga ko‘p masalalarni anglash va xulosa chiqarish imkonini beradi.
Devon debochasiga shoirning ikki ruboiysi kiritilgan. Birinchisi taronayi ruboiy bo‘lib, mavzu jihatidan hasbi hol yo‘nalishida:
Chun ma’dalat ayvonini bunyod ettim,Ehson ila el xotirini shod ettim. Bas, judu saxou adl ila dod ettim,Andoqki, jahon mulkini obod ettim.Ushbu ruboiyda Umarxon — Amiriyning xon sifatidagi boshqaruv printsipi ifoda topgan. U jahonni obod etishning sirini adolat va saxovatda ko‘radi. Shoir ruboiyda o‘zi amalga oshirgan ishlarni sarhisob etish bilan cheklanmaydi. Balki, o‘z faoliyatidan kelib chiqib, insoniyatga olam va odamni mukammallashtirish yo‘l-yo‘riqlaridan saboq ham beradi.
Ikkinchi ruboiyda shoir she’riyatida asosiy mavzu bo‘lgan ishq talqinining sharhi berilgan:
Agarchi hush diyoridag‘olib o‘ldi ko‘ngul,Jununi ishqu muhabbatg‘arog‘ib o‘ldi ko‘ngul.Shuhud bazmida paymonaimuhabbat ichib,Mudom sog‘ari sahbog‘atolib o‘ldi ko‘ngul.Ruboiyda shoh va shoir Umarxon tabiatidagi ziddiyat, shohlikning shoir tabiatiga, ruhiy holatiga ta’siri o‘z aksini topgan. Lirik faoliyat qahramon faoliyatida shoh sifatida hushyorlik, aql bilan ish yuritish yetakchilik qilsa-da, ko‘nglining ishq-muhabbat bexushligiga, devonaligiga rag‘bati, mayli ko‘proq. Mushohada maqomida esa, qizil may to‘la qadahga talabgor. Ruboiy mazmunidan ko‘rinadiki, u zohiriy va botiniy mazmunga ega. Junun, ishq, shuhud bazmi, paymonai muhabbat, sog‘ari sahbo kabi ramzlarni qo‘llab, shoir o‘z she’riyatidagi ishq mohiyatini oydinlashtirib beradi. Bu timsollarning barchasi ilohiy muhabbatni sharhlovchi ramzlardir. Bu yerda timsollar markazida turgan may ilohiy ishq mohiyati bilan bog‘liq. Shunday ekan, Amiriy she’rlaridagi ishq talqinini, timsollar mohiyatini har doim ham majoziy ma’noda tushunish to‘g‘ri emas. Uning zamiridagi ko‘pma’nolilik va botiniy mazmunni ham e’tiborga olish lozim.
Amiriy she’rlari asosan oshiqona yo‘nalishda. Timsollar markazida turuvchi ham oshiq timsoli. Shoir asarlarida ishq teran mohiyatga ega. U zohiriy va botiniy ma’noni o‘zida mujassamlashtiradi. Agar biz faqat zohiriy ma’nolar haqida so‘zlasak, shoirning badiiy maqsadidan uzoqlashamiz. Chunki ijodkorning asl niyatini ifodalashi uchun zohirbinlik bir vosita, xolos. Agar botiniy mohiyatni anglamasak, shoir asarlari siyqa va jo‘n ijod namunalariga aylanib qoladi.
Ishq asrori pinhoniydir. Uni hammaga oshkor etish salbiy holat, irodasizlik belgisi. Bunday xatoga yo‘l qo‘ygan oshiqni Mansur Halloj qismati ta’qib etardi:
Vasldin dam urma, ey oshiq,agar Mansursen,Deding asrori Analhaq,dordin andisha qil.Shu sababli mumtoz adabiyotda, jumladan, Amiriy ijodida ramziylik muhim ahamiyatga ega. Timsollar mohiyatidagi ko‘pma’nolilik va sirlilik ishqning mumtoz talqini bilan izohlanadi.
Jaloliddin Rumiy ishq mohiyati haqida so‘zlab, “Ishq — usturlobi asrori xudo”, ya’ni ishq Olloh asrorini o‘rganuvchi vosita, deya baholagandi. Amiriy lirik qahramoni ham xuddi shunday nuqtai nazarda turadi. U dunyo mohiyati, hayotning mazmuni va sir-sinoatini ishq orqali anglashga intiladi. Natijada o‘zi tushungan haqiqatlardan saboq beruvchi donishmandga aylanadi. Buni shoir “Falotun ishq darsida menga shogird erur”, deya e’tirof ham etadi.
Shoir she’riyatidagi oshiq timsoli tabiatini yoritishda zohid timsolining ham muayyan o‘rni bor. Oshiqning ham, zohidning ham asl maqsadi bitta. Diydorga vosil bo‘lish. Ammo unga yetishish yo‘llari turlicha. Oshiq ishq orqali, zohid esa, toat-ibodat orqali niyatiga yetishga intiladi. Amiriy she’riyatidagi oshiq xuddi shu nuqtada zohid dunyoqarashi va tasavvurlari bilan kelisha olmaydi:
Zohido, dersenki, oshiqlig‘damaqsuding nadur,Bo‘lmag‘ay ishqidin o‘zga hechdilxohim mening.Demak, oshiqning asosiy ko‘ngil mulki, boyligi, boru yo‘g‘i ishqdan iborat. U, pirovardida, biror egalikka da’vo qilmaydi. Hazrati Rumiy ham oshiqlarga baho berib, “Oshiqlar ushbu chehraga o‘zlarini fido etib, evaziga hech narsa istamaslar”, degan edi. Zohid esa o‘z dunyoqarashi nuqtai nazaridan ushbu o‘rinda oshiqni so‘roqqa tutayapti. Demak, zohidning oshiqligi ortida da’vogarlik mavjud. Tamagirlik mujassam. Shuning uchun ham, Amiriy she’riyatidagi bosh qahramon zohid bilan chiqisholmaydi. Uning tanlagan yo‘lini inkor qiladi. O‘z qarashini e’tirof etish orqali unga yengilgina, kinoyali tarzda tanbeh beradi:
Men kimu zuhdi vara’,ishqu muhabbatdur ishim,Menga qoshing xamiyuzohida mehrob kerak.Zohid faoliyatida moddiyun birlamchi. U qibla va mehrobga diqqatini qaratadi. Oshiq faoliyatida esa, taxayyulot birlamchi. U qibla va mehrobni ko‘rmaydi. U bevosita mahbuba bilan muloqotga kirishadi. Mahbubani ko‘radi. Shoir she’riyatida mahbuba timsolini, uning tavsifini izohlaydi. Mohiyatiga oydinlik kiritadi. Uni tor anglagan zohidga unga yaqin tushunchalar orqali izohlab berishga urinadi. Hatto, zohid sajda qiladigan mehrobning ham qiblaga orqa o‘girib turganini eslatib, u tanlagan yo‘l noto‘g‘riligini ta’kidlaydi:
Zohid ar qoshingni inkor ayladi,Yuz o‘girdi qibladin mehrobdek.Lirik qahramon tabiatida shohlik va shoirlikning ziddiyatli kechinmalari, tuyg‘ulari ko‘zga tashlanadi. Shoirlik — oshiqlik, haqiqiy oshiqlik — faqirlikdir. Faqirlik — hoyu havasdan g‘olib kelishdir. Shuning uchun hoyu havaslarga berilish, toju taxtga bog‘lanishni shoir faqirlikka zid qo‘yadi. Uni qoralaydi. Talabgorlikdan chekinish deb baholaydi.
Amiriy she’riyatida mavzu qamrovi keng. Olam va odam, ularning munosabatlariga oid masalalar xususida teran fikr yuritiladi. Shoir umumbashariy muammolarni ifodalashda o‘ziga xos yangicha tasvir vositalaridan, badiiy timsol, tashbehu qiyoslardan, tarhi toza so‘zlar qatlamidan mohirona foydalangan.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 12-sonidan olindi.