Inson tabiat hodisalarini tushunishga hamisha harakat qilib keladi. Bunda unga fizika qonunlarini bilish ham yordamga kelishi mumkin. Chunki keyingi asrlarda bu qonunlar ilmiy tafakkurning taraqqiy etishiga, yangi-yangi kashfiyotlarning ro‘yobga chiqishiga turtki berdi. Fizika fanining o‘ziga xos tomonlaridan biri uning qonunlaridagi miqdor jihatidir. Biz Om qonuni, Nyuton qonunlari, Butun olam tortilish qonuni, Kulon qonuni yoki boshqa biror qonun haqida gapirmaylik — barchasida bu qonunlar fizik kattaliklar o‘rtasidagi munosabatlar ifodasi tarzida namoyon bo‘ladi. Fizika qonunlarini ifodalovchi ko‘pgina matematik munosabatlarga “fizik konstanta” deb ataluvchi ba’zi bir “doimiy miqdor”lar kiradi.
Butun olam tortilish qonunidagi gravitatsion doimiy, issiqlik balansi tenglamasidagi solishtirma issiqlik sig‘imi, jism massasi va uning to‘liq energiyasini bog‘lovchi Eynshteyn qonunidagi yorug‘lik tezligi shunday konstantalardir.
Kvant elektrodinamikasi nazariyasi 1929 yili insoniyatga taqdim etgan konstanta esa barcha fiziklarning boshini qotirib kelmoqda. Bu konstantani fiziklar “aloqa konstantasi” deb nomlashib, lotincha “e” harfi bilan belgilashgan. U real elektron tomonidan real fotonni yutishi yoki chiqarishi kattaligini (amplitudasini) bildiradi. O‘tkazilgan eksperimentlarga muvofiq “e” ning son miqdori —0.08542455 ga teng. Odatda fiziklar ushbu sonning teskari qiymati kvadratiga teng bo‘lgan 137,03597 sonidan foydalanishadi. Ushbu son qanday paydo bo‘lganligi 80 yildan beri sirligicha qolmoqda. Olamdagi barcha o‘zini hurmat qilgan kuchli fizik nazariyachilar xonalari devoriga 137 sonini ko‘rinadigan qilib yozib qo‘yishgan. Ular bo‘sh qolishlari bilan ushbu son ustida bosh qotirishadi.
Bu haqda kvant elektrodinamikasi asoschilaridan bo‘lgan R.Feynman o‘zining: “KED (kvant elektrodinamikasi) strannaya teoriya sveta i veщestva” (Moskva, “Nauka”, 1988, Bibliotechka “Kvant”) kitobining 114-sahifasida “...bu sonni Xudoning qo‘li yozgan deb aytish mumkin, lekin bunda Uning qalamini nima harakatga keltirgan? Buni hech kim bilmaydi...”, deya e’tirof etadi. “e” sonini aniqlash bo‘yicha eng teran mantiqiy hisob-kitoblarni olib borgan Artur Eddington bo‘lib, bu olim juda katta aniqlik bilan “e” — “137” ga teng ekanini topadi.
R.Feynman yuqorida “Xudoning qalami” degan so‘zni bejiz tilga olmagan. Nazarimizda bu so‘z Qur’oni karimning ilk bor nozil qilingan “Alaq” surasi 4-oyatidagi “qalam” so‘zidir. Qalam dunyoviy ilm manbalarida deyarli tilga olinmaydigan so‘zlardan. Qur’oni karim Alloh so‘zlari bo‘lib, u 23 yil davomida payg‘ambarimiz Muhammad (SAV)ga 114 sura ko‘rinishida nozil qilingan.
Eynshteyn nisbiylik nazariyasi haqida fikr-mulohaza yuritganida birvaqtlilik tushunchasiga suyangan. Birvaqtlilik tushunchasini kiritish zarurligini va bu tushuncha ko‘p masalalarga oydinlik kiritishi mumkinligi haqida Puankere ham aytib o‘tgan. 23 yil ichida Yer quyosh atrofida 23 marotaba aylanib chiqadi va Qur’oni karimning 114 surasi insoniyatga yuboriladi.
Bir vaqtlilik bu ikki voqeani chambarchas bog‘lab turibdi. Agar 114 ni 23 ga qo‘shsak roppa-rosa 137 soni chiqadi. “Rumiy” so‘zining abjad hisobi bo‘yicha son ekvivalentlari yig‘indisi 256 ga teng. U NUR so‘zining ma’nosi ildiziga mos kelishini e’tiborga olsak, arab, eron va o‘zbek tillarida ushbu ildiz “yorug‘lik” so‘zining ma’nosini beradi.
Islomda Alloh eng avval nurni yaratgan, so‘ngra ushbu nurning ma’lum bir qismlaridan Olamni yaratgan, degan diniy qarashlar mavjud. Qur’oni karimning 114 surasi va besh vaqt namoz ibodatining har birini ham NURning bir qismi deb qabul qilish mumkin. Agar NURni xarakterlovchi son 256 dan Qur’oni karimni xarakterlovchi son 114 ni va namozlar sonini bildiruvchi besh soninini chiqarib tashlasak, 137 doimiysi chiqyapti.
Kvant elektrodinamikasidagi 137 foton va elektronning o‘zaro ta’sirini xarakterlovchi son bo‘lib xizmat qilishini va foton deyilgani nurni anglatishini e’tiborga olsak, shuningdek, elektron modda ekanini nazarda tutsak, 137 butun Olamning yaratilishini va uning barqaror bo‘lib turishini xarakterlovchi son bo‘lib chiqadi. Shunday qilib, biz 137 sonini Qur’oni karim suralari soni bilan bevosita bog‘liq ekani tasdig‘ini ikki xil usul bilan ko‘rdik.
Endi uchinchi usulini ko‘raylik. Alloh istisnosiz barcha bandalariga 40 farzga amal qilishga buyurgan. Qur’oni karimda alohida-alohida keluvchi va ma’nolari faqat Allohgagina ma’lum deb hisoblanib keluvchi Alif, Lom, Sod kabi harflar soni hammasi bo‘lib 76 tadir. Allohning payg‘ambari Muhammad (SAV)ga birinchi yuborgan vahiysi “Iqra” so‘zlaridan iborat buyruq bo‘lgan va ular birin-ketin yuborilgan bo‘lib, farishta Jabroil (a.s.) uni uch bora takrorlagan. Ushbu uchta sonning yig‘indisi ham 119 ni beradi. Biz 256 dan 119 ni ayirib tashlasak, yana 137 soniga ega bo‘lamiz. 40 farz — 40 ta buyruq deyilgani, 3 marta “Iqra” deyilgani — uch buyruq bo‘lsa, ma’nosi noma’lum bo‘lib qolgan 76 harflarda ham insoniyat uchun sirli bo‘lib qolayotgan buyruqlar jamlangandir?!
1996 yili Cho‘lpon nashriyoti tomonidan Nurulloh Muhammad Raufxon muharrirligida chop etilgan “Ilohiy mo‘jizalar” nomli kitobchaning 14-betida “...Qur’on suralari 114 tadir, ya’ni 6 ta 19 dir. Bir suradan boshqa hammasini ochuvchi mashhur “Bismilloh...” oyati ham 19 harfdan iborat. “Bismilloh...”ning ilk kalimasi bo‘lmish “Ism” lafzi Qur’oni karimda 19 marta keladi. Ikkinchi kalima “Alloh” esa, 2698 marta uchraydiki, bu ham 19 ga qoldiqsiz bo‘linadi va 142 ga tengdir. Uchinchi kalima bo‘lmish “ar-Rahmon” 57 daf’a zikr etiladiki, u ham 19 ning 3 ga ko‘paytmasiga tengdir. Oxirgi kalima “ar-Rahiym” esa, 114 bor zikr etiladi. Va u ham 19 ning 6 barobaridir” deyilib, 19 soni sirlari ustida fikr yuritiladi. Allohning ismlari soni 99 ta. Bunga ikki marotaba 19 sonini qo‘shsak, yana 137 sonini olamiz. 137 sonining bu tarzda kelib chiqishidan kishi hayratga tushadi... 76 sonida 4 ta 19 bor, agar 76 soniga 19 sonini ikki marotaba qo‘shsak, Qur’oni karimdagi suralar soni 114 chiqadi... Agarda Qur’oni karim poralari soni 30 taligini inobatga olib 30 ni 19 soniga ko‘paytirsak 570, ya’ni, Muhammad (SAV) payg‘ambarimiz tug‘ilgan yilning soni kelib chiqyapti. Yoki aksincha, 570 sonini 19 ga bo‘lsak, Qur’oni karim poralari soni — 30 raqami kelib chiqyapti.
Fizika tarixida ikki konstantani bir-birigasolishtirib, ularning teng ekanligidan yorug‘lik ham elektromagnit to‘lqinlari ekanini Maskvell kashf qilgan.U butun olamni to‘ldirib turgan va lekin insonning biror sezgi organlari orqali o‘zining mavjudligini bildirmaydigan fizik hodisa — elektromagnit to‘lqinlari mavjudligini tafakkur kuchi orqali insoniyatga bildirgan. Inson tafakkuri hozircha gravitatsiya mavjud ekanini anglab turibdi. Lekin uning fizik mohiyati bir necha asrlardan beri noayonligicha qolmoqda.
Tabiatdagi barcha o‘zaro ta’sirlar, barcha kuchlarni bir kuch, bir qudratning turlicha namoyon bo‘lishi sifatida qarash ham mumkin.
...Inson tafakkuri o‘z izlanishlarini davom ettirmoqda.
Mansurxon Toirov, fizika-matematika fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 16-sonidan olindi.