OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jabbor Razzoqov. Kitob mo‘jizalar yaratishga qodir

Ijod va iste’dod haqida ko‘p o‘ylayman. Bu noyob xislatlar zamirida juda katta ma’no, bir toifa odamlarninggina emas, balki butun insoniyatning taqdiri mujassam ekanligini his qilaman. Iste’dodli insonlarning butun bir xalq, mamlakat hayotini o‘zgartirib yuborganlari tarixdan yaxshi ma’lum.

Xalqimiz, Vatanimiz tarixida Abu Rayhon Beruniy, Muso Muhammad Xorazmiy, Zamaxshariy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Najmiddin Kubro, Bahovuddin Naqshband, Hakim at-Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Ahmad Farg‘oniy singari allomalar, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarni jahon ahli yaxshi biladi. Ularning har biri dunyo taraqqiyotida yorqin iz qoldirgan buyuk allomalardir.

Bu ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va ijodi, olamshumul ixtiro va kashfiyotlari bizga mohir hattotlar tomonidan ko‘chirilgan qadimiy qo‘lyozma kitoblar orqali yetib kelgan. Agar ana shu noyob qadriyatlar bo‘lmaganida, tabiiyki, biz boy tariximiz, bebaho merosimizni tasavvur ham qilolmasdik.

Kitob — ko‘ngil oynasi. U orqali odamlar cheksiz ilm dunyosiga kirib boradilar, kelajakka va, aksincha, moziyga sayr qiladilar. Turli xalqlarning urf-odatlari, insonlarning taqdirlari bilan tanishadilar.

Insoniyat tarixida Yozuvning ixtiro qilinishi va kitobning yaratilishi eng buyuk kashfiyotlar hisoblanadi. Bularsiz ilm bo‘lmasdi, ilmsiz esa taraqqiyot, bugungi nurli kunlar...

Darhaqiqat, hamma zamonlarda ilm ahli, ijodkorlar qadrlangan. Ammo bunday rutbaga erishish hech qachon oson kechmagan. Buning uchun sabr va chidam bilan kitob o‘qish, erinmay ilm to‘plash lozim bo‘ladi. Mana bu misolga bir e’tibor bering-a. “Men bolalik chog‘imdanoq, — deb yozgandi Beruniy, — o‘z yoshim va sharoitimga qarab, imkoni boricha ko‘proq bilim olishga intildim. Biz yashaydigan qishloqqa bir yunon ko‘chib kelgan edi. Men har xil donlar, urug‘lar, mevalar va hokazolarni olib borib, unga ko‘rsatardim, bu narsalar uning tilida qanday atalishini so‘rab, nomini yozib qo‘yar edim...”

Ha, Beruniy bolaligidanoq bilimga, kitobga butun vujudi bilan mehr qo‘ygan. Chidam va matonat bilan yunon tilini o‘rganib olgan. Hatto o‘rganish juda murakkab bo‘lgan hind Yozuvini ham mukammal o‘zlashtirib, o‘zining mashhur “Hindlarning aqlga sig‘adigan yoki sig‘maydigan ta’limotlarining haqiqatini aniqlash” yoki ko‘pchilikka “Hindiston” nomi bilan ma’lum bo‘lgan kitobini yaratgan. Shunday ulkan iste’dod egasi o‘zidan 152 ta buyuk asar yozib qoldirgan. Uning serqirra faoliyatiga haqqoniy baho bergan amerikalik falakiyot tarixchisi Sarton XI asrga “Beruniy asri” deb ta’rif bergan.

...1992 yil mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Malayziya, Janubiy Koreya va Indoneziya safarida bo‘ldik. Kuala-Lumpur shahri ko‘chalarini aylanayotib, kitob do‘koniga ko‘zim tushib qoldi. Chetlab o‘tolmadim. Tiliga tushunmasam-da, bu mamlakatda kitoblar qanday nashr etilar ekan, degan savol qurshovida do‘konga bosh suqdim. Shunda nigohim «Imom Buxoriy» so‘zlari yozilgan kitobga tushdi. Hayratdan qotib qoldim. Hayajonlanib, sotuvchi qizga “Men Buxoro tomondanman”, deya ishora qildim. Ochig‘i, u paytlarda yurtimizdagi oddiy odamlar Imom Buxoriy haqida kam bilishar, ziyolilar orasida Indoneziya Prezidenti Sukarnoning bu ulug‘ zot qabrini ziyorat qilib ketgani haqidagi uzun-yuluq gaplar yurardi.

Do‘konda Imom Buxoriyning uch jildlik “Hadislar” kitobi qatorlashib turardi. Bizda esa u paytlarda bu kitob biror marta ham nashr qilinmagan edi. Ularni qo‘limga olib, bag‘rimga bosdim, muqovasiga beixtiyor lablarimni tekkizdim. Do‘kondagilar nima bo‘layotganini bilolmay hayratda edilar.

Darhaqiqat, Mustaqillik bizga milliy ma’naviyat olami eshiklarini lang ochib berdi. Qadriyatlarimizni, mashhur allomalarimizni tanidik. Ajdodlarimizning dunyo kezgan qadimiy qo‘lyozmalaridan bahramand bo‘l­dik.

Istiqlolga erishilgach, tengi yo‘q kitoblar nashr qilindi, hozir ham chop etilmoqda. Shu o‘rinda bir mulohazaga batafsil to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Nashr qilinayotgan yangi kitoblar ulardan ma’naviy oziqlanmoqchi bo‘lganlarga, o‘qi­tuv­chi­larga, qishloq ziyolilariga to‘liq yetib bormayotgani menday kitobot ishi bilan mashg‘ul odamni tashvishga soladi. Ne-ne mashaqqatlar bilan chop etilgan kitob­lar yillab nashriyot ­omborlarida qolib ketmoqda. Negaki, hukumatimizning 2002 yil 3 avgustdagi “Respublikamizda kitob savdosi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan “O‘zkitobsavdo” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi o‘z vazifasini to‘la bajara olmayapti. Joylarga muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik yangi kitoblarni, badiiy adabiyotlarni yetkazib berolmayapti.

Ayrimlar «Hozir kitob o‘qish urfdan chiqdi. Yoshlar kompyuterga o‘rganib qoldi», deyishadi. Bu gapda jon bor. Ammo chinakam ilm istaganlar orasida kitobga ixlos yo‘qolib ketishiga ishonmayman. O‘zimdan, tanishlarim, do‘stlarimdan qiyos. Kitobni qadrlaydigan, uni jon-dilidan sevadigan insonlarning ko‘pchiligi nafaqat poytaxtda balki, boshqa joylarda ham yashaydi. To‘g‘ri, Toshkent mamlakatimizning ziyolilari, shoiru adiblari, talaba-o‘quvchilari eng ko‘p to‘plangan maskan. Shu sababli kitoblarga ehtiyoj katta. Lekin shahrimizda ham “Sharq ziyokori”ni hisobga olmaganda, zamon talablariga javob beradigan mukammal kitob do‘konlari mavjud emas.

Viloyatlardagi mahalliy rahbarlar orasida ham kitobga ixlosmandlarni, ijodkorlarni, iste’dodli insonlarni qo‘llab-quvvatlaydiganlar anchagina. Ammo ko‘pgina tumanlarda rahbarlar e’tiborsizligi tufayli kitob do‘konlari xususiylashtirilib, savdo shoxobchalariga aylantirib yuborilgan. Hayronman, ular xalq ma’naviyatini, kelajak avlod taraqqiyotini kitobsiz qanday tasavvur qilishlari mumkin?!.

Men kitobni tengi yo‘q mo‘‘jizalar xazinasi, degim keladi. Ular inson ongida mo‘‘jizalar yaratishga qodir, dunyoni o‘zgartirib yuboruvchi olamshumul yangiliklarga bosh-qosh bo‘ladi. Hatto eng mukammal texnika vositalari — kompyuterlar ham ana shu kitoblar orqali dunyoga kelgan. Ammo hech nima hech qachon uning o‘rnini to‘la bosolmaydi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.