OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jovli Xushboq. Ulug‘ adibning so‘ngi “asari”

Talant — xudo bergan ulug‘ ne’mat. Lekin shu ne’matni asray olish, ardoqlash, undan boshqalarni ham bahramand etishning o‘zi bo‘ladimi? Buning uchun kishida iste’doddan tashqari iroda, qat’iyat, mehnatkashlik fazilatlari ham mujassam bo‘lishi zarur.

Lev Tolstoy uyquni xushlamagan, tong saharda o‘rnidan turishga sirayam erinmagan. Tabiat qo‘ynida bo‘lish, bog‘larni, dalalarni aylanish uning joni-dili edi.

Lev Nikolaevich jismoniy mashqlarni bajarishni yaxshi ko‘rar, tosh ko‘tarish kundalik yumushiga aylanib qolgandi. Shaxmatda uncha-muncha odamlarni mot qila olgani ko‘pchilikka ma’lum. Qizig‘i shundaki, yoshi bir joyga borib qolganida velosiped minib yurish asosiy mashg‘ulotlaridan edi. “Agar mushaklarimni ishsiz qoldirganimda ahvolim allaqachon yomonlashgan bo‘lardi. Ana shu mashg‘ulotlar menga shirin uyqu, tetik kayfiyat baxsh etadi”, deya e’tirof etgandi mashhur adib.

Asarlarida yuksak insoniy tuyg‘ularni butun murakkabligi bilan tasvirlagan adib oddiy voqealardan ham ta’sirlanib ketadigan darajada nozik didli kishi bo‘lgan. Buni salkam o‘ttiz yil yovg‘on sho‘rva ichib, go‘sht iste’mol qilishdan voz kechib yashaganidan ham anglash mumkin. Darvoqe, uy hayvonlarining qassoblar tomonidan so‘yilishi uning ruhiyatiga kuchli ta’sir etgan.

Qancha boyliklar sohibi bo‘lgani holda oddiy dehqondek yashashni ma’qul ko‘rgan adib qashshoqlarga moddiy jihatdan ko‘mak berishni bir zum ham unutmadi. Oxir-oqibat boyligidan voz kechdi.

Bir kuni Tolstoy janoblari qizi Tatyananing eri M.Suxotinga bir narsa hadya qilgisi kelib qolib, o‘z qo‘li bilan etik tikadi va uni kuyoviga sovg‘a sifatida taqdim etadi. Kuyov o‘ylab-netib o‘tirmay etikni javondagi Lev Tolstoy kitoblari yoniga joylab, “Graf L.N.Tolstoyning so‘nggi asari”, deb yozilgan qog‘ozni etikka yopishtirib qo‘yadi.

Mashhur kishilarning farzandlari ham qaysidir jihatlari bilan otalariga o‘xshab ketishi tabiiy. Lev Tolstoyning qizi Aleksandra Lvovna otasiga tortgandi. “Otam bilan qalbimiz juda yaqin edi, ochiq gaplashardik, bir-birimizni anglardik”. Ehtimol, shu sababdan adib 1910 yili 22 iyunda ijodiga merosxo‘rlik huquqini shu qiziga bergandir. Fe’l-atvori, dunyoqarashi ham otasiga tortmaganda, balki ming azobda otasining kitoblarini chop etib, tushgan pullarga ming gektar yer xarid qilib, ularni dehqonlarga tekinga bo‘lib bermagan bo‘larmidi?

Aleksandra Lvovnaning keyingi taqdiri ham maqtaydigan darajada bo‘lmadi. Hatto uni qamoqqa ham olishdi. Keyin esa... Lunacharskiyning ko‘magi bilan Yaponiyaga, u yoqdan Amerika Qo‘shma Shtatlariga jo‘nab ketdi. Taqdir taqozosi bilan xorijda bir umr o‘z vatanini qo‘msab yashadi. O‘z yurtiga qaytish orzusi bilan hayot kechirdi. Chikagoda, San-Frantsiskoda ish axtaraverib tinkasi quridi, Rossiyada juda boy-badavlat kishining qizi bo‘lgani holda, Amerikada kamxarjlikda umr kechirdi. Lekin Aleksandra Lvovnaning otasiga mehri cheksiz edi. Otasining fe’l-atvorini, kuchli hamda zaif jihatlarini besh qo‘lday yaxshi bilar edi. Shu boisdir, 1953 yili “Otam” deb nomlangan kitob yozdi. Bu asari Nyu-Yorkda nashr qilindi.

Buyuk shaxslarning farzandlari bir xil bo‘lavermas ekan. Lev Tolstoyning Sergey degan o‘g‘li bor edi. U otasining qo‘lyozmalariga bepisand qarardi. Ularni uloqtirib yuborgan paytlar ham bo‘lgan. Qizi Aleksandra Lvovna esa, otasining asarlarini ko‘z qorachig‘idek asrar, ularga alohida hurmat bilan qarar edi.

To‘ng‘ich qizi Tatyana Lvovna Aleksandra Lvovnadan yigirma yosh katta edi. Uyam otasi singari kundalik tutishni yaxshi ko‘rardi. Kundaliklarida otasi va oiladagi boshqa farzandlar, onasi nima ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganini kunma-kun yozib borishdan erinmasdi. Buning ustiga, rasm chizishni xush ko‘rardi. U kundaliklarida otasi haqida quyidagilarni yozgan: “Dadam, oyim va Tanya xolam yaxshi yashashni kim qanday tushunishi, insonning oliyjanobligiga boylik keltiradigan zarar haqida munozara boshlashdi. Dadam juda chiroyli gapirdi. Oyim bizni uxlashga jo‘natdi. Men va Mashaga qo‘shilib Tanya xolam ham keta boshlagan edi, dadam yo‘ldan qaytardi. Biz yana chamasi bir soatcha munozarada qatnashdik. Umrimizning asosiy qismi Fifi Dolgorukayaga o‘xshab o‘tib ketayapti, allaqanday bezaklar uchun eng yaxshi his-tuyg‘ularimizni boy beryapmiz, dedi dadam.” Men bu fikrga batamom qo‘shilishimni yashirmadim. Biroq yaxshi yashashni men ham xohlashimni, masalan, yangi ko‘ylak yoki shlyapa va’da qilishganda sevinchdan sakrab ketishimni ham aytdim. “Unday bo‘lsa — dedi dadam, — istagan ko‘ylaklaringni kiyib yuraver... Biroq boshingga joylashib olgan havoyi fikr ertami-kechmi o‘z ishini qiladi”.

Juda ko‘p narsalarni so‘rab olishim kerak edi-yu, ko‘z yoshlarim gapirishga yo‘l bermadi.”

Benazir adibning qanchalik dono va odamoxun bo‘lganini yuqoridagi fikrlar tasdiqlab turibdi.

O‘g‘illardan ko‘ra qizlar otaga mehribon bo‘lishadi, deyishadi. Tatyana Lvovna ham otasi haqida gapirganida juda iyib ketadi. Otasining xatti-harakatlari, o‘ziga xos fe’l-atvori ta’sirida ulg‘ayib, otasi singari go‘zal xarakter egasi bo‘lib yetishadi. Mana, uning yozganlari: “Hayotimdagi birdan-bir madadkorim, dardlarimga malhamim birgina dadam. Men u kishiga ozgina quvonch baxsh etolmayotganimdan juda-juda qiynalayapman.

Bir kun kelib dadam olamdan o‘tadi, degan fikr meni juda qiynaydi. Diniy tushuncham, aql-idrok, mantiqiy mushohadamga tayanib, bu zaruratni tushunib yetishga harakat qilaman. Bu uncha qo‘rqinchli emas, noxush bo‘lgani bilan tabiiy bir hol, deb o‘zimni ovutaman. Meni qiynoqqa solayotgan va ayni paytda, quvontirayotgan narsa dadamning men haqimda juda yaxshi fikrdaligi. Meni ovozi bor, yozish, rasm solish qobiliyatiga ega, deb o‘ylaydi”.

Tatyana Lvovna buyuk insonning qizi ekanligini yaxshi bilar, shunga munosib bo‘lishga intilardi. O‘zi uchun otasining ishonchini qozonishdan ulug‘ baxt yo‘q, deb hisoblardi. Shu sababli bo‘lsa kerak, kundaliklarida: “Men oyimga uzundan-uzoq maktub yozib, oilada o‘z hukmini o‘tkazishga urinishining befoyda ekanini yotig‘i bilan tushuntirishga harakat qildim”.

Ha, Tolstoyning qizlari ko‘p jihatdan onasiga emas, balki otasiga — juda boy bo‘la turib, lekin kambag‘allikka intilgan otasiga tortgan edi.

Umuman, ulug‘ insonlarning shaxsiy hayoti, oilaviy mojarolari, ayniqsa, o‘zi sevgan ayoli bilan qurgan turmushi haqidagi tafsilotlar nechog‘li qiziqarli bo‘lmasin, ayni paytda, ko‘ngilsiz hodisalarga ham boyligi sir emas. Buni Tolstoy umrining noshod va xushnud kunlari misolida ham ko‘rish mumkin.

Lev Tolstoyni rafiqasi juda kech tushundi. “Otangizning boshiga men yetdim”, degandi u adib o‘limi oldidan qizlariga. Ikkala qiz ham nima deyishlarini bilmay onalari boshida yum-yum yig‘lashadi, chunki u haq gapni aytgan edi. Otalarini ko‘z ochirmaydigan tanqidlari, xarxasha-yu mashmashalari bilan onalari adoyi-tamom qilganini ular yaxshi bilishardi. Bir qarashda hech nimadan kam-ko‘stlari yo‘q Tolstoy va uning rafiqasi baxtli edilar. Tolstoy barcha zamonlarning eng mashhur adiblaridan biri edi. Shon-shuhratdan tashqari, ular katta mol-mulkka ham ega, serfarzand bo‘lishgan. Aslida bitta oila uchun bundan ortiq nima kerak? Dastlab ular shu qadar baxtiyor yashashardiki, ko‘lanka tashlaydigan narsaning o‘zi yo‘qday edi.

Oxir-oqibat nima bo‘ldi?

Deyl Karnegi ayb Tolstoyning xotini Sofya Andreevnada deb biladi: “Sofya Andreevna dabdabayu hashamatga juda o‘ch, Tolstoy esa zeb-ziynatlarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Sofya Andreevna shon-shuhrat, martaba istagi bilan kuyib-yonar, Tolstoy uchun bularning sariq chaqalik ahamiyati yo‘q edi. Sofya Andreevna pul, mol-davlat ortidan quvar, Tolstoy esa daholikni, xususiy mulkka ega bo‘lishni gunoh, deb bilardi. Noshirlarga asarlarini qalam haqisiz nashr etish huquqini bergani uchun xotini uni tinimsiz qarg‘ar, janjallashar, erining kitoblari uchun haq talab qilardi.

Tolstoy e’tiroz bildirsa, jazavaga tushib o‘zini yer tashlar, bu kunimdan o‘lganim yaxshi, deb zahar ichmoqchi yoki o‘zini quduqqa tashlamoqchi bo‘lardi”.

Bunday diydiyolar oxir-oqibat Tolstoylarning oila qo‘rg‘onini nuratdi. Ular bir-biridan bezib qolishdi. Ayniqsa, Lev Tolstoy xotinidan qutilish uchun dunyoning narigi chetiga qochishga tayyor edi. Shunday bo‘ldi ham. Oxiri boshi oqqan tarafga jo‘nab ketdi. 1910 yilning qahraton qish kunlarining birida buyuk adib bosh olib ketayotib yo‘lda — temir yo‘l bekatida zotiljamga chalindi va hayot bilan xayr-xo‘shlashdi. Umrining so‘nggi damlarida: “Xotinimni yonimga kiritmanglar!”, deb tayinlaydi u.

Aslini olganda, Lev Nikolaeevich yoshligida juda ko‘p qizlarni yurak-yurakdan sevib qolgandi. Bu haqda uning o‘zi shunday yozgan: “Bolaligimda Sonechka Koloshinaga oshiqu beqaror bo‘lgandim. Keyinroq Zinaida Molostovaga ishqim tushdi. Bu muhabbat jismu jonimni qamrab olgandi. Hoynahoy Zinaida bu haqda hech nima bilmagan. Yillar o‘tib, stantsadagi kazak ayol o‘ziga rom etdi. Vaqt o‘tib buni “Kazaklar” nomli qissamda tasvirlaganman. So‘ng kiborlar doirasining guli bo‘lgan Shervatova-Uvarova aqlu hushimni o‘g‘irladi. U ham sevgimdan bexabar edi. Men hamisha tortinchoq bo‘lganman. Bora-bora haqiqiy, asl muhabbat ham nasib etdi. Sevgim sohibasi Valeriya Arseneva edi. Uylanishimga bir bahya qoldi. “Oilaviy baxt”ni o‘qigandirsiz. Unga yozgan ishqiy maktublarni jamlasak katta bir bog‘lam bo‘ladi”.

Ammo, oxir-oqibat u sevmagan qizga uylanib, umrguzaronlik qildi, bu ulug‘ adibni oilaviy hayotda ko‘p azobladi. Deyl Karnegi Tolstoyning oilaviy fojeasida uning ayoli Sofya Andreevnani qoralaydi. Yana bir tadqiqotchi Ruslan Kireev bo‘lsa, aslida, bosh aybdor Lev Tolstoyning o‘zi, degan fikrni zo‘r berib ilgari surmoqchi bo‘ladi.

Nima bo‘lganda ham, janjallar, kelishmovchiliklar butun boshli bir oila qasrini kunpaya-kun qilgani rost.

Tolstoy ulkan mahorat sohibi, shu bilan birga, o‘ta kamtar inson bo‘lgan. 1908 yili redaktsiyaga yozgan maktubi ulug‘ yozuvchining shu xislatini yaqqol namoyon qiladi: “Bir voqeani eslayman. Bundan o‘ttiz besh yillar muqaddam Pushkinga haykal qo‘yilishi munosabati bilan uning tavallud kunini nishonlash arafasida muhtaram Turgenev uyimga kelib, shu bayramda ishtirok etishimni so‘radi. Turgenev men uchun qanchalik aziz va qimmatli bo‘lmasin, buning ustiga Pushkinni nechog‘li ulug‘ shoir deb bilmayin (hamon shunday deb bilaman) men anjumanda qatnashishdan bosh tortdim. Aniq sezdim: Turgenevni ranjitdim. Ammo, o‘shandayoq bunaqangi dabdabalar menga notabiiy tuyulardi... Endi kelib-kelib bu kun o‘zimning boshimga tushgan ekan, bu hol mening uchun juda azobli”.

Adib o‘zining 80 yillik yubileyi o‘tkazilishiga doir tadbirlar to‘xtatilishini so‘rab yozmagan joyi, nufuzli odami qolmadi. 1908 yil 28 avgustda uning yubileyini o‘tkazish uchun Peterburgda qo‘mita tashkil etilgandi. Professor Kovalevskiy raisligida tuzilgan bu qo‘mita ulug‘ adib yubileyini nishonlashga taraddud ishlarini qizg‘in boshlab yuboradi. Ammo bundan xafa bo‘lgan Lev Tolstoy tadbirni to‘xtatishni so‘rab shu qo‘mitaning a’zosi M.A.Staxovichga maktub yozadi.

Hozirgi paytda ba’zi o‘rtamiyona yozuvchi yoki shoirlar 50 yoki 60 yoshlarini nishonlash uchun yelib-yugurib yurishlarini ko‘rganda Lev Tolstoyning yuqoridagi xatti-harakati o‘ta kamtarlikdek tuyulishi ham mumkin. Lekin, nima bo‘lganda ham, u bunday dabdabalar bilan oddiy xalqning ko‘ziga balo-qazoday ko‘rinib qolishdan hadiksirab, uyalib turgani rost.

Buyuk yozuvchi hayotiga daxldor quyidagi voqeaning latifaga aylanib ketgani ham uning kamtarligidan dalolat beradi.

Yigirmanchi asrning boshlarida Moskvada nashr etilayotgan jurnalning rahbari bazm tashkil etadi. Unda jurnal xodimlari muharrirni rosa maqtashadi. Bazm qizigandan qizib ketadi.

Oradan biror soat o‘tgach, jurnal muharriri qabulimga biror kishi kelganmi, deb surishtiradi.

— Hech kim yo‘q, — deydi kotiba. — Ammo po‘stinga o‘ralib olgan bir chol sizni anchadan beri kutib o‘tiribdi.

— Kutsa kutaversin, — deya muharrir davradoshlari bilan kayfu safoni davom ettiradi.

Yana bir soatlardan keyin kayfdan yuzi qizargan muharrir qabulxonaga chiqadi-da... rangi oqarib ketadi.

Qabulxonada Lev Tolstoy o‘tirardi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 15-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.