OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Komil Avaz. Ogahiyona ogohlik

Ma’lumki, xalqimizning milliy madaniyati, ma’naviyati va ma’rifati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, mohir tarjimon, tarixnavis olim, davlat va siyosat arbobi Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy 1909 yilning 17 dekabrida Xiva shahri yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida mirob oilasida dunyoga kelgan.

Ogahiy barakali ijod qilgan shoir. Uning yigirma ming misradan ziyodroq nazm durdonalarini o‘zida jamlagan “Ta’viz ul-oshiqin” (“Oshiqlari tumori”) devoni ishq ahlining sevimli kitobi bo‘lib qoladi.

Tarixnavis olim sifatida ham Ogahiy katta meros qoldirgan ulkan ilm sohibidir. Amakisi Munis yozib tugatolmagan “Firdavs ul iqbol” (“Baxt bog‘i”) asarining Muhammad Rahimxon (1806 — 1825) davrida tugatish bilan birga, u Olloqulixon davriga oid (1825 — 1842) “Riyoz ud-davla” (“Saodat bo‘stonlari”), Rahimlixon davriga oid (1843 — 1846) “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar sarasi”), Muhammad Aminxon davriga oid (1846 — 1855) “Jomoe ul-voqeoti sultoniy” (“Sultonlik voqealari to‘plami”), Sayyid Muhammadxon davriga oid (1856 — 1865) “Gulshani davlat” (“Davlat gulshani”) va Muhammad Rahimxon Soniy — Feruz hukmronligining (1865 — 1873) qariyb 10 yillik davrini o‘z ichiga olgan “Shohidi iqbol” (“Iqbol shohidi”) tarixiy asarlarini yaratgan.

Ogahiy badiiy va tarixiy asarlar yozish bilan birga Sharq xalqlari adabiyoti va tarixi haqidagi 20 ga yaqin nodir asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Bular mashhur tarixchi Mirxondning (XV asr) ko‘p jildlik “Ravzat us-safo” (“Poklik bog‘i”) asarining - jildlari, Astrobodiyning “Tarixi Jahonkushoyi Nodiriy” (“Jahonni zabt etgan Nodir tarixi”), Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe” (“Ajoyib voqealar”), G‘ijduvoniyning “Miftoh ut-tolibin” (“Ilm toliblarining kaliti”), Hirotiyning Hindiston tarixiga oid “Tabaqoti Akbarshohiy” (“Akbarshoh tabaqalari”) va boshqa asarlardir.

Uning miroblik davrida Xorazmda yangi kanallar qazilib, ko‘pgina suv inshootlari qurilgan. Polvonyopning yangi boshi — Toshsoqa qurilishi, Ko‘hna Urganchga yangi kanal o‘tkazilishi, Daryoliq to‘g‘oni, Bo‘zyop, Sho‘raxon kanallarining qayta tiklanishi Ogahiy faoliyati bilan bog‘liq.

Ogahiyning oshiqlik lirikasi zamirida ham, ijtimoiy-siyosiy bitiklari talqinida ham, adabiyotimizning azaliy mavzusi — ishq, shuningdek, ogohlik va ma’viza (pandu nasihat) mavzusi yetakchi o‘rinni egallaydi. Shoirning taxallusi ham o‘zlari aytmish ogohlik bilan xushmavzundir:

Ne tong ogoh bo‘lsa Ogahiyishqing siridin kim,
Onga behuda ermas osmondinbu laqab paydo.

Ma’rifiy ogohlik va to‘g‘ri nasihat o‘chmas ziyo, tinchlik, baxt me’rojidir. Maoniy ma’viza orqali ogohlikka da’vat etgan, farahbaxsh istiqbol yo‘lini yoritgan allomalar ham abadiyatga daxldordirlar. Shu ma’noda, Ogahiyning ma’rifiy ogohlikka da’vat etuvchi g‘azallari alohida o‘rin tutadi:

Mulku millatg‘a amino‘lsa agar ogohlar,
Ikki olam obro‘yinihosil etkay shohlar.

Shoirning yuqoridagi matla’ bilan boshlanadigan mashhur g‘azalini tahlil qilishga jazm etganimda mutafakkir adibimiz Asqad Muxtorning “She’rni tahlil qila boshlasalar, g‘ashimga tegadi. Bahorgi sof havoning kimyoviy tarkibini ham tekshirish mumkin. Ammo, undan ko‘ra, shunday ko‘krak to‘latib nafas olgan yaxshiroq emasmi”, degan gapi yodimga tushib, bir lahza o‘yga toldim. Lekin bugungi kun o‘quvchisiga mumtoz adabiyotimiz g‘azallarini hali beri tahlilsiz taqdim etib bo‘lmaydi. Ko‘pincha o‘zimiz ham bunday asarlarni lug‘at yordamisiz sharhlashga ojizlik qilamiz.

Demak, ogohlar mulku davlatga, millatga amin (posbon) bo‘lsa, shohlar obro‘yini ikki olam ta’min etadi.

Shoir yana bir baytida shunday deydi:

Qolmog‘oy amniyat osoriagar topsa rivoj,
Shahr aro avboshlar,beboklar, berohlar.

Ya’ni, shaharda avboshlar (beboshlar, daydilar, sayoqlar, bezorilar), beboklar (hayosizlar), berohlar (yo‘lini yo‘qotganlar) ko‘paysa, u yerda tinchlik bo‘lmaydi. Ogahiyning ogohlikka da’vatkor bitiklari bugun ham dolzarb. Uning falsafiy qarashlarida ham, pandu nasihatlarida ham olam sirlaridan, adabu ikrom xislatlaridan voqiflik bosh mezon.

Xilofat istasang Odam kibitarki takabbur qil,
Ki mardudi abaddur ushbu badxislat bila shayton.

Bu o‘rinda “xilofat” (o‘rinbosar) Ollohning inoyati bilan bog‘liq ma’no kasb etadi. Negaki, Qur’oni karimning “Baqara” surasi, 30-oyatida: “Va iz qola robbuka li-l-malaikati inniy ja’ilun fi-l-arzi xaliyfah...”, deyilgan. Bu Parvardigorning farishtalarga: “Men yerda Odamni xalifa qilmoqchiman”, degani. Demak, hazrati Odam zuryodi sen ham Odam farzandisan, Ollohga munosib o‘rinbosar bo‘lmoqchi bo‘lsang, otang kabi takabburlikni tark et, negaki, o‘zining bad xislati bilan shayton mardudi abad-abadiy rad etilgan, mangu quvg‘indadir.

Bu kabi o‘gitni hukmdorga ochiq aytish uchun, shoir shohona amr sohibi bo‘lmog‘i lozim. Roviylar, Olloh taolo qaysi yurtni saodatmand etmakchi bo‘lsa, podshosiga bilim, olimu fazl ahliga shohona amr beradi, deganlaridek, shoir jur’ati zamirida xonning adolatli hukmdorligi, ya’ni xonga pandu nasihat qiladigan muhit mavjud.

Shuning uchun ham:

Xaloyiq mushkulini qudratingetkuncha oson et,
Agar istar esang haqmushkulingni aylagay oson.

Chunki:

Bugun ilgingda turg‘on choqdanaqding xayru ihson qil,
Ki tongla naqd bir yon borg‘usi,har bir qo‘lung bir yon.

Va:

Amal bog‘ini sarsabz istasangashki nadomat to‘k,
Haqiqatda erur rahmatsahobi didai giryon.

Amal (mansab) bog‘ining yashnamog‘ini istasang pushaymonlik ko‘z yoshini to‘k, zero, gunohu adashishlardan xoli bo‘lmagan har qanday inson hamisha tavba va tazarru bilan yashamog‘i durust. Tangrining rahmat sahobi (buluti) olamni qanday yashnatsa, sening nadomatli ko‘z yoshlaring amaling bog‘ini shunday yashnatadi.

Shoir ma’vizasining tub mohiyati, amal bog‘i sohibining adab-ikromida, uning pokravligida, negaki:

Bu g‘ayratgoh sayrig‘a adabbirla qadam qo‘ykim,
Necha ozoda jismi har qadamostidadur pinhon.
 
Maloikdin biyikdur odamiul shart birlankim,
Riyozat birla naxvat chirkidinpok aylasa gar jon.

Yuqoridagi bayt shoir tafakkuri qamrovining misrama-misra kengayib, musiqa avjlari yanglig‘ yuqorilab borishini ko‘rsatadi. Inson naxvat (najosat, razolat) chirkidin (iflosligidan) riyozat (mashaqqat) bilan o‘zini tiysa, jonini yomon ishlardan pok etsa, ya’ni birinchi baytda ta’kidlanganidek, takabburlikni tark etsa, farishtadan-da buyuk bo‘ladi.

Takabburlikni tark etgan komil mo‘‘minga bu olam xushdillik joyi emas:

Ne tong gar mo‘mini komil emasolam aro xushdil,
Ki ayshu, rohatu, amnu tarabjoyi emas zindon.

Ahli dil, piri komil uchun haqiqiy rohat, bu avom tushunchasidagi zamin aysh-rohati emas, balki undan yuksakroq rohat — qalb farog‘atidir. Darhaqiqat, qalbi boy inson ikki dunyoda ham boydir.

Ogahiy aytmoqchi zindon — nafs qulining maskani bo‘lishi bilan birga, xonga aytilayotgan ma’viza bois o‘sha davrga ishora bo‘lsa ham ajab emas. Negaki shoir bir g‘azalida: “Ogahiy yonglig‘ hamisha aysh ila mag‘rur o‘lub, Vasl aro mushkil g‘ami hijron ekanni bilmadim”, deydi va: “Borcha avqotimni behuda o‘turdim, go‘yo Umrning bir necha kun mehmon ekanin bilmadim”, deya nadomat chekadi. Baytning yana bir ma’nosi ham bor, ya’ni hamisha aysh ila mag‘rur bo‘lib, barcha avqotini (vaqtlarini) behuda o‘tkazib, g‘aflat xil’atiga o‘ralib qolgan inson gunohu adashishga mahkum, nodonlik zulmatiga giriftor bo‘ladi. Zulmat esa, zindon. Vasl aro (Olloh vasli aro) mushkullik g‘ami hijrondir. Bu komili mo‘‘min insonga taalluqli.

Demak, vaqtinchalik dunyoga ko‘ngil qo‘yib yashagan odamning bu olamdan ketgisi kelmaydi va har qanday zabunlikka (notavonlikka) ham chidab yashaydi. Bu go‘zal, yorug‘ olamni o‘ziga zindon etgan odam zabun bo‘lmasa kim zabun, deb nadomat chekadi Ogahiy:

Falak bedodidin, vah,kimga dod aylayki, olamda
Zabuni bo‘lmag‘on bir kimsatopilmoq emas imkon.
 
Chu bag‘ring umrlar qon aylabonla’l aylading hosil,
Jafo metin ko‘ksing qilsachok injinmog‘il, e kon.

Bu baytda ajib bir hikmat bor. Metin — tosh yo‘nadigan tesha. Umr mobaynida bag‘ringni qon qilib la’l yig‘ding, qonga aylangan ko‘ksingni jafo teshasi chok etsa (yorsa, yaralasa) injilma. Metin zarbasiga chidamoq darkor. Ko‘ksing — kondan la’l chiqqani uchun faxrlan, deydi shoir. Darvoqe, mashoyixlar rivoyat qilishlaricha, la’l, tog‘da ko‘p yillar mobaynida sizib chiqqan qizil qonga o‘xshash shiradan hosil bo‘lar ekan.

Bu borada Hofiz Sheroziy shunday deydi: “Go‘yand sang la’l shavad dar maqomi sabr, Ore, shavad, valekin ba xuni jigar shavad.” Ya’ni derlarki, tosh sabr maqomida la’l bo‘ladi. Tabiiy tosh esa, jigar qoni bilan, ko‘p riyozat va mashaqqatlar bilan la’l bo‘ladi.

Olamning boru yo‘g‘i ko‘ksida la’l hosil qilgan odam oldida fosh bo‘ladi, osoyishu komi-maqsadi ushaladi. Komil insonning nasibasi — niyatiga yetganidir.

Jahon osoyishu komiul odamning nasibidur,
Ki olamning yo‘qu bori oningolidadur yakson.

Shu sababdan shoir ma’rifat ne’matini so‘rab iltijo qiladi, muddaosi — ilmu ma’rifat orqali o‘zini tanish:

Chu emastur jahonning e’tiboruizzati boqiy,
Nasib et xasta ko‘nglumgailohi ne’mati irfon.

G‘azal nihoyasida Ogahiy duoga qo‘l ochadi va ilk baytida boshlagan o‘gitlariga urg‘u beradi:

Duo qil, Ogahiy, ul shohiodil jonig‘a har dam,
Ki olam boshig‘a keldivujudi soyai subhon.

Shoirning odil shoh haqqiga duo qilishi bevosita hadisga ishoradir. Chunki hadisda shohni Ollohning yerdagi zilullohi (soyasi) deyiladi.

Qimmatli merosga ega XX asr Xorazm adabiy muhitini Ogahiysiz tasavvur qilish qiyin. Ana shu katta adabiyotning vorisi Ogahiy hazratlari Feruzdek, Komil Xorazmiy, Komil Devoniydek zabardast shogirdlar yetishtirdi, o‘zidan katta adabiy-tarixiy meros qoldirdi.

Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy 1874 yilning 14 dekabrida vafot etdi. Qabri o‘zi tug‘ilgan Qiyot qishlog‘ining Shayx Mavlon Bobo qabristonidadir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 48-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.