OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Marhabo Qo‘chqorova. Maktublar – qalb ko‘zgusi

Dunyoga mashhur nemis yozuvchisi I.V.Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” asari bejiz boshdan-oyoq maktub janri asosiga qurilmagan. Xuddi shuningdek, avstriyalik adib Stefan Sveygning “Bir ayol maktubi” qissasi va Frans Kafkaning “Otamga xat” essesi ma’lum badiiy maqsad, badiiy shakl imkoniyatlariga ko‘ra aynan maktub asosiga qurilgan. Gap shundaki, ijodkor epik tur janrlarida maktub janridan foyda-lanar ekan, bunda “xat janri orqali murojaat qilishda muallifning ruhiy kechinmalarini chin qalbdan zo‘r kuch bilan izhor qilish imkoniyati tug‘iladi”. Shuning uchun ham ba’zan yozuvchi epik asarlar kompozitsiyasini maktub asosiga qursa, ba’zida esa asar tarkibida qahramonlarning bir-biriga yozishma maktublarini asarga ilova qiladi. Yuqorida aytib o‘tgani-mizdek, xat shakli chet el va g‘arbiy Yevropa adabiyotida alohida adabiy janr sifatida keng tarqalgan.

Rus adabiyotshunosi Lidiya Ginzburg “Boris Pasternak xatlari” deb nomlangan essesida maktub janrining ahamiyati haqida shunday e’tirof etadi: “Insoniyatning muloqot vositalaridan biri bo‘lgan xat (maktub) turfa ma’noga ega. Unda axborotni jamlash imkoniyati mavjud, mulohazani bayon etish, emotsiya, qiziqishlarni ifoda qilishi mumkin.

...Yozuvchi xatlari ham aynan shu vazifalarni bajaradi, ular o‘zlarining adabiy tuhfalarini epistolyar shaklda ifodalagan. (Masalan – De Sevine xonimning maktubi) Yozuvchi xatlari har doim ham adabiyot bo‘la olmaydi. Biroq bunday holatda yozuvchilik muammolari bilan ham bog‘liq jihatlari mavjud bo‘ladi”. Va olim ushbu essesida Boris Pasternakning Marina Svetaeva bilan (Rilke - uchinchi ishtirokchi) 1926 yillardagi yozishma xatlarni uch tomonlama maktub-roman, haqiqiy adabiyot darajasiga ko‘tarilgan san’at asari, deb baholaydi.

Eng qizig‘i shundaki, uchinchi uchburchak Rilkeni ikkita ishtirokchi, Marina Svetaeva bilan Boris Pasternak har qancha uchrashishni istashmasin hayotda taassufki, bir-birining diydorini ko‘rish istagi amalga oshmay qolgan.

To‘g‘ri, nemis shoiri Rayner Mariya Rilke XX asr boshlarida, aniqrog‘i, 1902 yillarda Rossiyaga ilk marotaba tashrif buyurganida Boris Pas-ternakning otasi Leonid Osipovich Pasternak bilan uchrashadi, ular poezdda oilaviy Peterburgga sayohat qilishadi. O‘shanda Boris Pasternak 5-6 yashar bola edi. Mashhur nemis shoiri bilan bo‘lajak buyuk rus shoirining ilk va so‘nggi uchrashuvi shu tariqa yakunlanadi. Rilke ellik yoshga kirganida, Shveytsariyada og‘ir kasallik tufayli azob chekib, sanatoriyada davolanayotgan paytida, uning yubileyi munosabati bilan Rossiyadan B.Pasternak va M.Svetaevadan tabrik maktubi oladi. Shu tariqa ularning uchburchak xat yozishma romani boshlanib ketadi. Ular bir-biriga yozgan maktublarida asosan, Rossiya haqida, adabiyot haqida, ijodiy jarayon, she’riyat xususida, oilasi, muhabbat va do‘stlik, moddiy ahvol va yana juda ko‘p narsalar haqida muloqot qilishadi. Rus adabiyotida uch yirik shoir uchlikning maktublari yig‘ilib, kitob shakliga keltirilgan.

Maktublar xronologik tartibda joylashtirilgan bo‘lib, birinchi xat Leonid Osipovich Pasternak (Boris Pasternakning otasi)ning Mariya Rilkega 1925 yil 8 iyulda, Berlindan (o‘sha paytda Boris Pasternakning ota-onasi Berlin shahrida yashagan) jo‘natilgan. Xat rus tilida yozilgan. Xat Rayner Mariya Rilkening 50 yoshi munosabati bilan bitilgan tabrik so‘zlari va o‘zini eslatish bilan boshlanadi. L.O.Pasternak shoirning Rossiyaga tashrif buyurganida yozuvchi Aleksey Tolstoy bilan uchrashgani, Yasnaya Polyananing go‘zal go‘shalari, ular o‘rtasida kechgan “Igor solnomasi” haqidagi suhbatlar, Shveytsariya vagonidagi tasodifiy va so‘nggi uchrashuv lahzalarini esga soladi. Bundan tashqari xat yozuvchi L.O. Pasternak orqavoratdan yetib kelgan shoirning o‘limi haqidagi xabarni eshitib, xotini bilan rosa yig‘laganliklarini ham yozadi. Bu yolg‘on xabar rus xalqining qadim irimlariga ko‘ra, Rilke juda uzoq umr ko‘rishiga bashorat, deya yaxshilikka yo‘yiladi.

Maktubda uning ijodini farzand-lari mehr bilan sevib o‘qishi, ayniqsa, katta o‘g‘li Boris Rilke she’riyatini nihoyatda yuqori baholashi aytiladi. L.O.Pasternak o‘g‘lini Raynerning “Rossiyadagi izdoshi”, “yosh shoir” deb ataydi. L.O.Pasternakning Rilkega yozgan maktubi Boris Pasternak, Marina Svetaeva o‘rtasidagi mashhur maktubchilik tarixini boshlab berdi, desak xato bo‘lmaydi. Xullas, L.O.Pasternakning Rilkega yozgan maktublarida iliqlik va musaffo samimiyat ufurib turibdi.

Boris Pasternakning Rilkega yozilgan ilk maktubini otasi L.O.Pas-ternak Berlindan o‘zi jo‘natadi. Boris Pasternak Rilkedan Marina Svetaevaning Fransiyadagi manzilini berib, unga xat yozishini, kitoblaridan jo‘natishini o‘tinib so‘raydi.

Chunki Pasternak Marinani, uning nimalarni ko‘proq sevishi va yoqtirishini hammadan ko‘ra yaxshiroq bilgan. U do‘stini xursand qilish, uning nemis adabiyotiga, xususan Rilke she’riyatiga bo‘lgan kuchli muhabbatini qadrlagani uchun shoirning unga maktub yozishini istagan, ular o‘rtasidagi do‘stona aloqalar o‘rnatishni maqsad qilib qo‘gan. Marinani Rilke bilan tanishtiruv Pasternakning do‘stiga atalgan katta tuhfasi edi.

Shu tariqa Rilke va Marina Svetaeva o‘rtasidagi ilk xat 1926 yil 3 mayda nemis shoiri tomonidan yoziladi.

Marina Svetaevaning maktublari uslubini olima L.Ginzburg romantizm yig‘indisi, deb ataydi. Olimaning bunday atashida jon bor, albatta, chunki Marina Svetaevaning she’riyati kabi badiiy publitsistikasi, badialari, shuningdek, maktublarida romantik joziba, ko‘tarinki kayfiyat, hissiy ta’sirchan lirik til bo‘rtib ko‘rinadi.

Shoiraning 1926 yil 9 mayda, Sen Jil-syur-Vi shahridan Rilkega yozgan maktubi mana shunday boshlanadi: “Rayner Mariya Rilke! Sizga shunday murojaat qilsam bo‘ladimi? Zero, siz – she’r dahosisiz, vaholanki, ismingizning o‘zi – she’r kabi jaranglaydi. Rayner Mariya – bu qandaydir cherkovcha – bolalarcha – ritsarlarcha jaranglaydi. Sizning ismingiz zamon bilan qofiyadosh bo‘la olmaydi, – u – o‘tmishdan yoki kelajakdan – yiroq. Istardimki, Sizning ismingizni, Siz o‘zingiz tanlasangiz”.

Ushbu maktubdan yaqqol ko‘rinib turibdiki, Marina Svetaeva o‘zining ijodkorlik qobiliyati, shoirona nigohi bilan shunchaki oddiy maktub yozmaydi, haqiqiy ma’noda badiiy ijod qiladi. Maktub garchand sof publitsistika janri hisoblansa-da, yuqorida Marinaning maktublari bu janrni adabiyot darajasiga olib chiqqanligini ko‘rsatadi. U maktublarda shoirona badiiy tafakkur olami, o‘zining bolalarcha sof romantik nigohi, lirik kechinmali satrlari bilan xat oluvchini ham, bugungi kitobxonni ham, o‘ziga rom etadi.

Boris Pasternakning M.Svetaevaga yo‘llagan maktublari, asosan, ijod, shoiraning poeziyasi va o‘zi haqida. Bu maktublarda Pasternak ruhiyatining murakkab, nozik qirralari ochiladi, u Marina Svetaeva she’riyatining chin shaydosi bo‘libgina qolmay, yaqin, yuragidagi jamiki dardlarini, tirikchilik deb atalgan og‘ir mashaqqatli hayot tarzini, adabiyot deb atalgan mas’uliyatli san’at yukining muammolarini baham ko‘ruvchi do‘st qiyofasida namoyon bo‘ladi. Marina va Boris o‘rtasidagi do‘stlik shunchaki oddiy birodarlikdan ko‘ra katta – tog‘dek ulug‘vor. Pasternak juda ko‘plab xatlarida yozishicha, u Marinani juda qattiq sevadi. Uning Moskvadan, 1926 yil, 20 aprelda yozgan maktubidan parcha: “Men ayni daqiqada senga bo‘lgan kuchli ehtiroslar olamidaman, yoqimsiz gaplarni eshitmayman, o‘zimning tumandek, tushuniksiz olamimdaman. Bu – dunyodagi birinchi, hammasidan – oliy muhabbat. Men seni shunday sevdimki, ta’riflashga til ojiz. Ancha oldin va hatto hozirga qadar hayotimda faqat shunday sevishni xayol qilardim”. Ta’bir joiz bo‘lsa, Marina va Boris Pasternak o‘rtasidagi munosabat do‘stlikning yuksak namunasi, chinakam ma’nodagi ruhiy yaqinlik natijasida paydo bo‘lgan sirdoshlik, hamdardlik, hamkorlikdir.

M.Svetaevaning qizi Ariadna Efron 1955 yil, 20 avgustda Boris Pasternakka yozgan maktubida shunday deydi: “Onam yon daftar sahifalarida va qoralama daftarlarida sen haqingda juda ko‘p yozgan. Senga xat yozishimdan maqsad, sen bilmagan ko‘p narsalar haqida aytishdir. U butun umr seni juda uzoq sevdi! Faqat dadamni va seni dili og‘rimasdan qattiq sevdi”.

Marina Svetaeva va Boris Pasternak bir-birlarini ruhan qattiq sevib qolishsa-da, hayotda ular hech qachon bir bor uchrashishga ham ulgurmagan. Ularni yuraklarining tub-tubidagi ko‘zga ko‘rinmas mustahkam rishta bog‘lab turgan.

Marina Svetaeva Boris Pasternakka yozgan maktublarida uni ko‘pincha ruhan qo‘llab-quvvatlab turadi, hayot qiyinchiliklarini bartaraf etishda, eng muhimi uning ruhiyatidagi yolg‘izlik kasalini yengishda nekbin kayfiyat ulashadi.

Ular yangi dostonlarini – M.Svetaeva “Kalamushlar ovi” dostonini, Pasternak “Leytenat Shmidt” dostonining birinchi qismini bir-biriga pochta orqali jo‘natadilar. Shu tariqa ular o‘rtasida adabiy muloqot va bahslar, ichki munozaralar boshlanib ketadi. Jumladan, B.Pasternakning ko‘pchilik maktublarida “Kalamushlar ovi”, “Paymona poemasi” haqidagi mulohazalari, taassurotlar bayoni bilan tanishish mumkin. U bir xatida shunday yozadi: “Tixonovga “Kalamushlar ovi” juda yoqdi. So‘ngra men unga «Paymona» dostonini berdim. U Axmatovadan ke-yin bu ilk jiddiy va yuqori pardali poeziya, dedi”. Ko‘rinadiki, B.Pasternak chet mamlakatlarda muhojir bo‘lib umr kechirayotgan do‘sti Marinaning ijodini rus do‘stlari orasida targ‘ib etadi, ularning fikrlarini maktub orqali shoiraga bildirib turadi.

Mariya Rilke o‘z maktublarida ko‘pincha o‘zi uchun mo‘‘jiza va ertak bo‘lib qolgan Rossiya haqida yozadi. Hatto shoir oilasi bilan Rossiyaga ko‘chib kelib shu yerda yashashni ham rejalashtiradi. Ammo kutilmaganda, uning rejalari o‘zgarib, Yevropaga yo‘l oladi. Rilke uchun Rossiya – tushlardagi va ertaklardagi mo‘‘jizaviy mamlakat edi.

Dunyoning uchta nuqtasida umr kechirayotgan uchta shoirni juda katta do‘stlik va muhabbat, she’riyatga, ijodga tashnalik, ruhiyatidagi shoirona ehtiros rishtalari bog‘lab turadi. Marina Svetaeva nemis va fransuz tillarini a’lo darajada bilar edi. Hatto uning maktubdagi B.Pasternak yo‘llagan anketa savollariga javobidan ko‘rinib turibdiki, u ona tili - rus tilida qay darajada fikrlab she’r yozgan bo‘lsa, nemis va fransuz tillarida ham bolaligidan bemalol insho yozgan. Uning sevimli mamlakati qadimiy Ellada va Germaniya, sevimli adiblari Geyne, Gyote, Gyolderlin bo‘lgan. Rus zamonaviy shoirlaridan Boris Pasternak ijodini yuqori baholagan. Zamonaviy yozuvchilardan Rilke, R.Rollan va Pasternakni sevib o‘qishini yozadi. Uning sevgan narsalari musiqa, tabiat, she’riyat va yolg‘izlik.

Yuqorida aytilganidek, Marina Svetaeva nemis adabiyotini juda sevib o‘qiydi, nazarimizda, uning maktublariga xos lirik, romantik uslub I.V.Gyotening ta’sirida yuzaga kelgandek. Shubhasiz, Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romaniga xos uslub Marina Svetaeva ijodida, xususan, Rilke va Pasternakka yozgan maktublarida bor bo‘y basti bilan ko‘rinish berib turibdi.

Rus adabiyotshunosligida “uch ovozli maktub roman” “Uchburchak maktubchilik” deb nom olgan yozishmalarda Mariya Rilke, Marina Svetaeva, Boris Pasternakning o‘ziga xos badiiy-estetik olami, dunyoqarashi, badiiy tafakkuri yorqin anglashiladi. Ular adabiyot, hayot, jamiyat, insoniyat, xususan, she’riyat haqida o‘zlarining aniq xulosalari va falsafiy fikriga ega. Shu jihatdan qaralganda, yozuvchi maktublarini sinchkovlik bilan o‘rganish ijodkorning poetik olamini kashf etish, uning ijodxonasiga teranroq nazar tashlashga imkoniyat yaratishini sezish mumkin.

Mariya Rilke 1926 yil Parij nashriyotida chop etilgan o‘zining ilk fransuz tilida bitilgan “Bog‘lar” she’riy to‘plamini Marinaga dastxati va unga atab yozilgan fransuzcha she’r bilan pochta orqali Myuzodan jo‘natadi. M.Svetaeva Rilkega javob xati yozadi. Unda Gyotening mashhur “begona tilda zo‘r asar yaratish mumkin emas” degan iborasini inkor etadi. Marina shoir odam uchun ona tili yo‘q, deb hisoblaydi. Shoir fransuz tilida ham ijod etishi mumkin, ammo bu bilan u fransuz shoiri bo‘lib qolmaydi, deb hisoblaydi. Uning fikrlaridan ayonki, Marina uchun she’riyat juda keng ummon, u millat, makon va zamon chegaralaridan ham katta. U Rilkening o‘zga bir til, ya’ni fransuz tilida bitgan she’rlarini yuqori baholab, “Rayner, har bir misrada sening ovozingni, hissiyotingni tuymoqdaman, qisqasi har bir she’riy qatoring mo‘ylovdor Rayner bo‘lib jaranglaydi, sen – dahosan, har bir so‘zingda, har bir bo‘g‘iningda”.

Rilke fransuz tilida chop etilgan she’riy kitobidan so‘ng vafot etadi. Bu mash’um xabar ayniqsa, Marinaning ruhiyatiga qattiq ta’sir etadi. U Rilkening qarindosh-urug‘lariga ta’ziya bildirib, nemis tilida uzundan-uzun xat yozadi.

Demak, maktub janri Marina Svetaeva ijodida muhim o‘rin tutgan. Shu tariqa Rilke obrazi Svetaeva ijodiga kirib keldi, uning vafotiga bag‘ishlab “Sening o‘liming” ocherkini yozgan bo‘lsa, vaqt o‘tib, 1930 yillar boshida “Shoir va zamon”, “Vijdonga yo‘g‘rilgan san’at”, “Hozirgi Rossiya eposi va lirikasi” esselarini yaratadi.

Rilke ijodidagi yangilik, ya’ni fransuz tilidagi to‘plam Marinaning ijodiy faoliyatida ham keskin burilish yasaydi. U endi rus shoirlarining she’rlarini fransuz tiliga tarjima qiladi, o‘zining “Yasha” poemasi, “Florentiya kechalari” lirik nas-ri, hasbi hol yo‘nalishida yaratilgan “Otam va uning muzeyi” hikoyalarini rus tilidan fransuz tiliga o‘giradi. Hatto Svetaeva ba’zi bir asarlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri fransuz tilida yozadi: chunonchi, “Amazonkaga xat”, “Sharlottenburg”, “Mundir”, “Lavr gulchambari” kabi avtobiografik miniatyura-hikoyalar. 1970 yilda bu asarlar A.S.Efron (M.Svetaevaning qizi) tomonidan rus tiliga tarjima qilinib, “Zvezda” jurnalida e’lon qilinadi. Bulardan tashqari, M.Svetaeva Pushkin va Lermontov she’rlaridan namunalarni rus tilidan fransuz tiliga tarjima qiladi. U Rilke she’riyatidan rus tiliga badiiy tarjimalar qiladi. Marina Rilke prozasini rus tiliga o‘girishni orzu qiladi, ammo uning bu niyati amalga oshmay qoladi.

Rayner Mariya Rilke, Marina Svetaeva, Boris Pasternak o‘rtasidagi, “uchburchak maktub”, roman satrlari ijodiy jarayon, ijodiy ta’sirlanish, hamkorlik, muayyan badiiy asarlarning yaratilish lahzalari, ijodkor shaxsning ruhiy holati, ijodiy iqlim to‘lqinlaridan xabardor etib turibdi.

Bolaligimda endi ko‘z ochib, biqirlab oqayotgan tiniq, o‘nlab kichkina, mitti buloqchalarni zavq bilan tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim. Nazarimda, uchta shoir o‘rtasidagi maktub yozishmalar, ijod buloqchalariga o‘xshaydi. Shubhasiz, shoirlarning yozishma maktublari ularning ijodiy buloqcha ko‘zlarini katta qilib ochib yubordi. Maktublardagi ruhiy-ma’naviy ta’sir natijasida o‘nlab emas, ehtimol, yuzlab buloqchalarning ko‘zi ochildi. Rilke Marina Svetaevaga bag‘ishlab, o‘limi oldidan mashhur “Elegiya”sini yaratdi. Maktublar shoirlarning ochilmagan adabiy qirralarini ochib berdi. Eng muhimi, maktublarda shoirning ikki xil qiyofasi adabiy va insoniy portreti gavdalanadi. Biz uni nafaqat ijodkor sifatida balki oddiy odamlarga o‘xshagan murakkab qalb qiynog‘i, iztiroblar, turmush ikir-chikirlari girdobida to‘lg‘anayotgan inson sifatida ko‘ramiz.

Ma’lumotlarga qaraganda, Marina Svetaeva Boris Pasternakka yuzga yaqin xat yozgan, ulardan atigi 3 ta xatning asl nusxasi, 18 xatning ko‘chirma nusxalari saqlanib qolgan. Ko‘pchilik xatlar Marina Svetaevaning kundalik daftaridagi qoralamalar tufayli qaytadan tiklangan. U o‘zining fojiali o‘limidan oldin tarjima ishlari bilan 1941 yil SSSR xalqlari adabiyoti tahririyatiga kelganida, muharrir A.P.Ryabinga Rilkening Marinaga yo‘llagan 7 ta xati, dastxat qo‘ygan kitoblari va rasmlari, Boris Pasternakning 11 ta xatini ishonib topshiradi. A.P.Ryabin vaqti-soati kelib Marina Svetaeva omonat qoldirgan maktublarni Pasternak avlodlariga topshiradi.

Shoira vasiyat qilib ketganidek, uchta buyuk shoir o‘rtasidagi xat yozishmalari – epistolyar adabiyotning yorqin namunalari roppa-rossa ellik yildan keyin dunyo yuzini ko‘rdi. Bir paytlari Marina Svetaeva o‘z ijodi haqida “Yana yuz yildan keyin odamlar mening kitoblarimni go‘yoki, uzoq yillar saqlangan bebaho sharobga uzundan-uzun navbatda turganidek, asarlarimni sotib olishi va o‘qib, ularni qadrlashiga ishonaman”, degan edi. Shoiraning o‘z ijodiga bergan bu haqli bahosini maktublariga nisbatan ham qo‘llash mumkin.

1952 yil 29 noyabrda Anna Axmatova kasalxonada davolanayotgan Boris Pasternakka yozgan maktubini shunday yakunlaydi: “Siz – epistorlyar uslubning mohir ustasisiz – men hech kimga, hech qachon xat yozmaganman, shuning uchun meni aybga buyurmang. Sizning Anna Axmatovangiz”. Ko‘rinadiki, Anna Axmatova B.Pasternakni epistolyar adabiyotning mohir ustasi deb atar ekan, u bunda shoirning M.Svetaeva, uning o‘gay singlisi O.Freydenberg, Rilke va boshqa yaqinlariga yozgan maktublarini ko‘zda tutganligi shubhasiz. Ular shunchaki oddiy xat emas, san’at darajasiga ko‘tarilgan badiiyat namunalaridir. Haqiqatan ham Boris Pasternak arxivida juda ko‘plab ijodkor shaxslarga jo‘natilgan maktublari mavjud. Jumladan, M.Svetaeva va Rilkedan tashqari, uning M.Gorkiy, N.Tixonov, V.Shalamov, O.M.Freydenberg manziliga yozilgan maktublar.

Boris Pasternak maktublari orasida Marina Svetaeva va Olga Freydenbergga yo‘llangan xatlar muhabbat, sevgi mavzusi bilan aloqador. Pasternak Marina ijodini o‘zidan ancha ustun qo‘ygan, “Men hech qachon sendek bo‘la olmayman”, – qabilidagi dil so‘zlari uning maktublarida uchraydi. Yoki M.Svetaeva Pasternakka jo‘natgan suratida u bu ayol qalbidagi erkaklarga xos shiddat va jasoratni ko‘radi. Shu bois maktublaridan birida “Men sening suratingdagi qiyofangda mislsiz ulug‘vorlikni ko‘rmoqdaman” – deb yozadi. O.Freydenberg ilmiy hayotda ko‘zga ko‘ringan iste’dodli ziyoli bo‘lgani uchun ham Pasternak uni o‘ziga eng munosib “intellektual partner” sifatida tanlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Yevropaning taniqli shoirlari Rayner Mariya Rilke, Boris Pasternak, Marina Svetaevalarning “uchburchak maktub romani” bugungi kunda ham o‘zining qadr-qimmatini yo‘qotmadi, aksincha, ularning haqiqiy bahosini belgilash onlari endigina yetib keldi, desak yanglishmaymiz. Qolaversa, ularning boshqa shoirlar va adiblarga, yaqin kishilariga yozgan maktublari nafaqat, rus memuar adabiyotining, balki jahon memuar adabiyotining gultoji bo‘lib qolishiga aminmiz.

Marhabo Qo‘chqorova,

Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot instituti ilmiy xodimi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 11-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.