O‘rta Osiyo xalqlarining, jumladan o‘zbeklarning etnogenezi va etnik tarixini o‘rganish umumiy etnografiya (etnologiya) fanining eng muhim va nihoyatda murakkab ajralmas tarkibi hisoblanadi. Bu muammoni nafaqat o‘zbek eli, balki hududdagi qo‘shni etnoslar bilan bog‘liq holda o‘rganish shart. Chunki O‘rta Osiyo xalqlarining kelib chiqishi va shakllanishi ibtidoiy davrlardan umumiy mushtaraklikka ega.
Dastlabki etnografik ma’lumotlar eng qadimiy ajdodlarimiz turmushiga oid arxeologik va paleoantropologik tadqiqotlar or-qali bizga yetib kelgan. Ibtidoiy ajdodlarimiz o‘zaro va qo‘shni qabilalar bilan yaqin aloqada bo‘lish uchun bir-birini bilishga intilganlar, oqibatda qo‘ni-qo‘shnilar to‘g‘risida har xil ma’lumotlar to‘planib, og‘zaki ijod orqali bizgacha yetib kelgan. Bunday ma’lumotlarni ibtidoiy rasmlardan ham bilish mumkin.
Ilk elatlar to‘g‘risida ayrim xabarlar toshga bitilgan yozuvlarda saqlanib qolgan. Orol bo‘yi, Amu va Sirdaryo, Movarounnahr va Baqtriyada yashagan qabila va elatlar to‘g‘risida ma’lumotlar qadimiy yozuvlarda ham mavjud.
Keyingi ma’lumotlarga qaraganda, jahonda uch mingdan besh mingacha etnoslar va etnik guruhlar mavjud. Faqat hozirgi O‘zbekistonning o‘zida yuzdan ortiq elatlar yashaydi. Ularning har biri uzoq tarixga ega. Ammo hududdagi (tub aholi asli o‘rtaosiyoliklar, jumladan o‘zbeklar, qirg‘iz, qozoq, turk-man, qoraqalpoq va tojiklar bu yerda paleolit (qadimgi tosh) davrida umumiy etnik zaminda paydo bo‘lib, ming yillar davomida ularning irqiy va etnik o‘ziga xos xususiyatlari shakllanib, tillari ham o‘zgarib kelgan.
O‘zbekiston arxeologlarining yangi kashfiyotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda odam bir million yil muqaddam paydo bo‘lgan. Taxminan eramizdan avvalgi III ming yillikda uzoq davr davomida mintaqada murakkab etnogenetik jarayonlar yuz berib, katta ko‘chishlar sodir bo‘lgan, asrlar osha chegaralari o‘zgarib turgan o‘ziga xos muayyan xo‘jalik madaniy tiplar tarixiy etnografik viloyatlar va etnik birikmalar, xalq va elatlar yuzaga kelgan. Jumladan, ko‘hna Oks (Amu) va Yaksart (Sirdaryo) bo‘ylarida yirik skif hamda sarmat, sak-massaget qabilalari uyushmasi yuzaga kelgan.
Bepoyon Yevroosiyo va Markaziy Osiyo dashtlarida Itil (Volga) bo‘ylaridan Sharqda Enasoy (Yenisey), Janubda hamda Amu, Sirdaryo va Orol dengizi sohillarida skiflar nomi bilan tarixga kirgan juda ko‘p sonli ko‘chmanchi qabilalar va o‘troq elatlar yashagan. Mazkur xududda yashagan qabila va elatlar faqat tiligina emas, balki xo‘jalik faoliyati, madaniyati, kelib chiqishi jihatidan ham umumiylikka ega bo‘lganligi arxeologlar tomonidan aniqlandi.
Mazkur etnik guruhlar qo‘shni xalqlar tarixida ham muhim rol o‘ynaganligini antik mualliflar qayd qiladilar. Daryo sohillarida yashovchi sak-massaget, sarmat va hokazo qabilalar dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar, tosh, mis, bronza qurollari, bezak va buyumlar ishlab chiqarganlar, ko‘chmanchi qavmlar esa chorvachilik bilan shug‘ullanganlar.
Eramizdan avvalgi II ming yillik oxirlarida Dashti-Qipchoqdagi mazkur ko‘chmanchi va yarim o‘troq qabilalarning bir qismi hozirgi Qozog‘iston va O‘rta Osiyoning shimoliy hududlarida joylashgan, Xorazm, Marg‘iyona va Baqtriyada yashovchi o‘troq qadimiy tillarda gapiruvchi elat va xalqlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan sak-massaget va skiflar butun Yaqin va O‘rta Sharq, hatto Yevropaga o‘z ta’sirini o‘tkazib turgan.
Miloddan avvalgi I ming yillikda mintaqada jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar yuz beradi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi, shahar – qal’alarning paydo bo‘lishi, yirik sug‘orish va mudofaa inshootlarining qurilishi dastavval tekin qo‘l mehnati hisobiga amalga oshirilardi. Qo‘shni Eron, ayniqsa Midiya davlati (mil.av. VII-VI asrlar) tashkil topishidan oldinroq Markaziy Osiyoda ikkita quldorlik davlati – Baqtriya va Xorazm paydo bo‘lganligi to‘g‘risida fors va yunon yozma manbalari xabar beradi. Mazkur manbalar va tosh qabrlarga bitilgan rasmlar (Persepol saroyi), zardushtiylarning muqaddas kitobi “Avesto”, Rim, yunon va Xitoy mualliflarining asarlarida hozirgi markaziy osiyoliklarning qadimiy ajdodlari sak-massagetlar, yuechji, kangyuy (qang‘ar,qang‘ha), usun va boshqa elatlar tilga olinadi. Shularning ichida eng katta elat saklar juda keng xududni – Tiyonshon va Pomir etaklaridan Kaspiy dengizi sohillarigacha bo‘lgan yerlarni egallagan, ularning zich joylashgan yeri Sirdaryo havzasi bo‘lgan.
Umuman sak-massaget qabilalari konfederatsiya (birikma)siga quyidagi elatlar kirgan: qadimgi Sirdaryo havzasida, Amudaryoning sharqiy o‘zanlari bo‘yida va Qoraqumda yashovchi apasiaklar; Sirdaryo o‘rta oqimida joylashgan daxato‘xarlar; taxminan Zarafshonning quyi qismi va Amudaryoning o‘rta oqimida yashagan darbeklar; Nurota tog‘larida o‘rnashgan sakaravaklar; Sirdaryoning o‘rta oqimidan Tiyonshongacha cho‘zilgan usunlar hamda xorazmiylar kirgan. Yunon va rim manbalarining xabarlariga qaraganda, mazkur qabila (elat)larning saklar deb nomlanishi tasodifan bo‘lmagan, ularning til jihatdan bir etnik jarayon bilan bog‘liq ekanligini tasdiqlaydi. Hozirgacha tilimizda saqlanib kelgan “saqa” so‘zi “sak” atamasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
O‘sha manbalar bu davrda vohalarda yashovchi xalqlar bilan dasht-dagi chorva qabilalari o‘rtasida etnik va madaniy jihatdan uncha farq bo‘lmaganligini ko‘rsatadi.
O‘rta Osiyoning dasht va tog‘li rayonlarida ilk antik davrda ko‘chmanchi qabilalar ham yashagan. Ayrim tadqiqotchilar bu qabilalarni “Avesto”da tilga olingan, keng hududda ko‘chib yurgan sak qabilalari bilan bir xil deb hisoblaydilar. Qadimiy yunon va Eron manbalarida Kaspiy dengizi sharqidan Shimoliy Xitoy, Hindiston va Janubiy Sibirgacha joylashgan sak, skif, massaget qabilalari nafaqat ko‘chmanchi, balki qisman o‘troq hamda ovchilik-baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi Orolbo‘yi va quyi Sirdaryodagi qabilalarni ham o‘z ichiga olganligi ta’kidlanadi. Eramizning boshlarida ham sak qabilalari skif olamining bir qismi hisoblanib, o‘zining antropologik tuzilishi, tili va madaniyati bilan Sharqiy Yevropa, Sibir va Qozog‘iston dashti, Kaspiy dengizi janubi-sharqida ko‘chib yurgan skiflarga juda yaqin turgan. Ammo xo‘jalik-madaniy jihatdan ular orasida o‘zaro bir oz farq bo‘lgan.
Shunday qilib, O‘rta Osiyo o‘troq aholisi, shimoli-sharqiy tomonda Tiyonshon va Oloy qabilalarining, sharqda – sak-sarmat ko‘chma guruhlarning, janubda – dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan tub joy etnik guruhlarning birikuvi tufayli o‘ziga xos etnomadaniyat birikmalari yuzaga keladi. Oqibatda mahalliy aholining antik davr-dagi etnik qiyofasi va antropologik tuzilishida qurama tiplar paydo bo‘ladi. Shuni ham qayd qilish lozimki, mintaqaga muhim etnik qatlam bo‘lib kirgan saklar, Tiyonshon boshqa tog‘ rayonlarida yashaydigan aholi chorvachilik bilan, Farg‘ona va Sirdaryo bo‘yi saklari dehqanchilik bilan shug‘ullanishgan. Arxeologik qazilmalardan topilgan qurol-aslaha, turli buyumlar, hunarmandchilik va dehqonchilik mahsulotlari, mudofaa hamda sug‘orish inshootlari va boshqa boy materiallar mazkur qabila va elatlarning yuksak madaniyat yaratgan etnoslar ekanligidan dalolat beradi. Ular O‘rta Osiyo xalqlari, shu jumladan, o‘zbeklarning ham shakllanishida eng qadimiy etnik qatlam sifatida qatnashgan qabilalardan hisoblanadi.
O‘rta Osiyoning eramizdan avvalgi I ming yillik o‘rtalaridan boshlab dastlab axamoniylar imperiyasiga kirishi, keyin makedoniyalik Iskandarga bo‘ysundirilishi mahalliy elatlarni uzoq o‘lkalar bilan aloqalarini kuchaytirishga olib keldi. Tarixiy ma’lumotlara qaraganda, o‘rta osiyoliklarning vakillari Eron podsholari Doro va Kserksning Yunonistonga qarshi yurishlarida ishtirok qilganlar. Saklarning ancha qismi eronliklarning harbiy kemalarida xizmatda bo‘lganlar. O‘rta Osiyodan chiqqan kishilar, chunonchi, xorazmliklarni hatto Janubiy Misrda ham uchratish mumkin edi. Aksincha, o‘sha davrda tashqaridan keltirilgan qullar har xil etnoslarning vakillaridan bo‘lgan. Ko‘hna xarobalardan topilgan buyumlar, qurilish va mudofaa inshootlari, hunarmandchilikning ayrim turlarini mahalliy ustalargina emas, balki janubiy qo‘shni o‘lkalardan asirga tushgan qullar qo‘li bilan qilinganligi yodgorliklardan ko‘rinib turibdi. Masalan, Xorazm va uning tevaragidagi qudratli apasiaklarning qal’a va qasrlarida ishlagan chet ellik ustalar o‘z xo‘jayinlarining talabiga binoan xorazmliklarning me’morchilik va kasb san’atiga taqlid qilganlar.
Arxeologlarning fikricha, mazkur etnik jarayonda katta hududlarga o‘z ta’sirini o‘tkazgan Xorazm alohida o‘rinni egallaydi. Eramizdan avvalgi II ming yillikda Xorazmning bronza davri madaniyati, aftidan Kopetdog‘ etaklarida topilib tekshirilgan ilk dehqonchilik madaniyati bilan Sharqiy Yevropadagi dasht bronza madaniyatini bir-biriga bog‘lovchi halqa bo‘lib xizmat qiladi.
“Avesto”da O‘rta Osiyoda ilk quldorlik davridagi ijtimoiy tuzum va mahalliy elatlar to‘g‘risida muhim ma’lumotlar keltirilgan. Unda aytilishicha, jamoada chorva mollari juda ko‘p bo‘lib, o‘troq aholi chorvador va dehqonchilik xo‘jaliklaridan iborat bo‘lgan, chorva mollari ko‘p bo‘lgan harbiy aristokratiya boshqalardan ajralib turgan. Bu muqaddas kitobda Qang‘ha davlati ham tilga olinadi. Xitoy elchisi va sayyohi Chjan Szyan O‘rta Osiyoda yirik Kangyuy (Qang‘ha) davlati mavjudligi haqida hikoya qiladi. Mashhur hind dostoni “Mahobhorat”da bu o‘lkada yashagan saklar tilga olingan. Qurama tog‘ etagida joylashgan kang‘arlar, Sirdaryoning yuqori oqimi va Farg‘ona saklari hamda boshqa qabilaviy birikmalar Qang‘ha davlatiga qaram bo‘lgan. Xitoy manbalarining xabar berishicha, eramizdan avvalgi II-I asrlarda Shahrisabz Kitob vohasi (Suse), So‘g‘diyona, Xorazm, Toshkent vohasi va Chirchiq vodiysi (Yuni), Zarafshonning o‘rta oqimi (Fumu), Buxoro vohasi (Gi) o‘tadi. Uning sharqiy chegarasi Farg‘ona, janubda Parfiya va Baqtriya bilan tutashgan. Xitoy solnomalariga qaraganda, Qang‘ha hukmronligi Orol va Azov dengizlari oralig‘idagi alanlar mamlakatiga, O‘rol bo‘yi o‘rmon qabilalarigacha yetgan va ular mo‘yna bilan soliq to‘laganlar.
Arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, O‘rta Osiyo kushonlar davrida xo‘jalik jihatdan ancha yuksalgan bo‘lib, irrigatsiya inshootlari rivojlandi (Xorazmda Gav-har va Charmanyob, Buxoroda Gav-Kitfor, So‘g‘dda Darg‘om magistral kanallari), kulolchilik ravnaq topadi, tosh yorg‘uchoqlar o‘rniga tegirmonlar paydo bo‘ladi, tanga zarb qilish va pul munosabatlari kuchayadi. Shahar hayoti yuqori darajaga ko‘tariladi, masalan, Marv shahri 350 gektar, Samarqand 100 gektar yerni egallagan.
Shuni ta’kidlash lozimki, o‘zbek, turkman, qozoq, qoraqalpoq va bosh-qa o‘rtaosiyolik xalqlarning kelib chiqishi va etnik tarixiga mintaqadagi qadimiy murakkab etnik jarayonni aniq tasavvur qilmaguncha ob’ektiv baho berish nihoyatda qiyin. Turli irq va dindagi har xil elatlarning birlashuvidan tashkil topgan ajdodlarimiz eng qadimiy davrlardan yozuvli yuksak madaniyat va ilk davlat yaratganlar.
Eng keyingi yirik ko‘chish XV asr oxirlari va XVI asr boshlarida ro‘y berdi. Bu davrda siyosiy va iqtisodiy jihatdan ancha bo‘shashgan Movarounnahrda mahalliy hokim va podsholar orasidagi taxt talashishlar, xalq ommasining og‘ir ahvolga tushib qolgani qo‘shni ko‘chmanchi o‘zbeklarga qo‘l kelgan edi. Shunday qilib, hozirgi O‘zbekistonning Zarafshon, Surxondaryo va Qashqadaryo vodiylarida, Xorazm vohasi va boshqa xududlarda “o‘zbek” nomi bilan atalgan turkiy qabilalar ham o‘rnasha boshlaydi. Ular mahalliy aholi bilan aralashib ketadi.
“O‘zbek” atamasi ilmiy jihatdan hali to‘liq aniqlanmagan. Dastlab bu so‘zni arab muallifi Usman ibn Munqiz (XII asr oxirlari) asarlarida uchratamiz. Keyin Rashididdin solnomalarida Jaloliddinning harbiy navkarlaridan biri ham “o‘zbek” ismi bilan tilga olinadi. Atoqli tarixchi Hamdulloh Kazviniy (XV asr) Oltin O‘rda xoni O‘zbekning lashkarlarini “o‘zbeklar” deb nomlaydi, unga tegishli o‘lkani esa “Mamlakati o‘zbek” deb ataydi. Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiylar o‘zbeklarni Oltin O‘rda bilan bog‘liq degan fikrni bildiradilar. Boshqa manbalarga qaraganda, XV asr oxiri – XVI asr boshlarida Abdulxayrxon va uning nabirasi Shayboniyxon qaramog‘ida barcha qabila va elatlar birikmasiga umuman “o‘zbeklar” deb nom berilgan.
Ko‘pgina manba va rivoyatlarda o‘zbeklarning geneologiya (shajara) haqida gapirilib, o‘zbek xalqi 92 urug‘ (qabila)dan tashkil topgan deyiladi. Asli bu raqam haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘zbeklarning kelib chiqishi kabi ularning etnik tuzilishi ham nihoyatda murakkab va ko‘p asrlik tarixiy taraqqiyot natijasida bir necha marta o‘zgarib ketgan.
Yangi davr (XIV-XIX asrlar) davomida o‘zbeklarning etnik shakllanishi davom qilib, o‘zlarining urug‘-qabilaviy nomlarini to o‘tgan asr boshlarigacha qisman saqlab kelganlar. Ular nafaqat etnik jihatdan, balki turmush tarzi va ijtimoiy holati bilan ham o‘zaro farq qilganlar. Ayrim o‘zbek qabilalari o‘troq dehqonchilikka to‘la o‘tmagan ko‘chmanchilik xo‘jaligi va turmush an’analarini saqlab, yarim o‘troq holatda yashaganlar. Ular tillari (shevasi)dagi farq jihatdan ancha ajralib turganlar. Shuni ham alohida qayd qilish lozimki, o‘zbeklarning ancha qismi qo‘shni mamlakatlarda yashab, etnik xususiyatlarini saqlab qolganlar. Ammo o‘sha davrda hali hamma o‘zbek elatlari bir me’yorda rivojlanmasdan, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan joylashgan muhitiga qarab o‘zaro farqlangan.
Tadqiqotchilar o‘tgan asr arafasida o‘zbek xalqi tarkibida uchta yirik etnik guruh (subetnos) mavjud bo‘lganligini qayd qiladilar. Ulardan birinchisi eng qadimiy davrlardan o‘troq holatda shahar va qishloqlarda yashab kelgan va O‘rta Osiyoga eramizning I ming yilligi oxirlaridan boshlab ko‘chib kelib, asta-sekin o‘troqlashgan turkiy elatlar bilan aralashib ketgan va o‘sha davrlarda “sart” deb atalgan aholidir. Ular asosan Farg‘ona, Toshkent, Xorazm, qisman Zarafshon vohalarida, umuman ozmi-ko‘pmi deyarli hozirgi O‘zbekistonning hamma yerida joylashgan edi.
Ikkinchi subetnos Shayboniy o‘zbeklar kelishidan oldin qadimiy turkiy elatlar bilan turk-mo‘g‘ul qabilalarining aralashmasidan kelib chiqqan. Ular XX asr boshlarigacha urug‘-qabilaviy an’analarini saqlab sartlarga qo‘shilmay, yarimo‘troq turmush tarzida yashab kelganlar va etnografik adabiyotda “turklar” degan nom bilan ma’lum bo‘lgan (B.X.Karmisheva, K.Sh.Shoniyozov). Bu aholi asosan Farg‘ona vodiysida, Samarqand va Jizzax viloyatlarida, O‘zbekistonning sharqiy qismida yashagan.
O‘zbeklarning uchinchi yirik etnik guruhi XV-XVI asrlarda Movarounnahrga ko‘chib kelgan Dashti qipchoq o‘zbeklarining avlodlaridir. Ular yarim ko‘chmanchilik turmush an’analarini saqlagan holda, chorvachilik hamda dehqonchilik xo‘jaligini birga olib borgan subetnoslardan iborat. Bu guruh turli qabilalardan iborat: qo‘ng‘irot, mang‘it, qipchoq, nayman, kenagas, saroy, xitoy, ming, yuz, qirq, qatag‘on va hokazo. Mazkur qabila va elatlar Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sheroboddaryo, Boysun daryolari havzasida, Nurota va Qurama tog‘ etaklarida, Xorazm va Farg‘ona vohalarida joylashgan. Shulardan eng ko‘p sonli qismi 20-yillarda Buxoro amirligida (130 mingdan ortiq mang‘itlar, 35 mingdan ortiq kenagaslar, qo‘ng‘irotlar esa 86 mingga yaqin), Turkiston o‘lkasining Samarqand viloyatida 52 ming qipchoqlar, Farg‘ona vodiysida 42.5 mingga yaqin qipchoqlar, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida 50 mingga yaqin qurama yashagan.
Mazkur subetnoslar XIX asr oxiri – XX asr boshlarida o‘ziga xos maishiy turmush, urf-odat va tildagi sheva xususiyatlari bilan o‘zaro farq qilsa-da, yagona o‘zbek elati ekanligini isbotlovchi belgilarni saqlab, o‘zlarini “o‘zbek” deb nomlaganlar. Uzoq vaqt davomida sart, turk va Dashti qipchoq o‘zbek avlodlaridan iborat subetnoslar yarim ko‘chmanchi-chorva xo‘jaliklar, o‘troq sartlar bilan yaqinlashib borgan. Turli etnik qatlamlarning birlashuv jarayoni, ayniqsa, Farg‘ona vodiysida, qisman Samarqand viloyati va Toshkent uezdida jiddiy tus olgan va faol o‘tgan.
Chunki bu yerdagi turk qabilalarining ko‘pchiligi, Bobur yozganidek, Dashti qipchoq o‘zbeklarining kelishidan oldin o‘troq holatda yashaganlar. Oktyabr to‘ntarishidan keyingi o‘n yilliklarda urug‘-qabilachilikni unutgan turklar va sartlar Farg‘ona vodiysida etnik xususiyatlarini saqlab qolganlar. Dashti qipchoq o‘zbeklaridan yuzlar, qipchoqlar, quramalar bir oz o‘ziga xosligini saqlagan. Lekin, ming, qo‘ng‘irot, qirq, qatag‘on, saroy kabi qabilalarning vakillari mahalliy sartlar bilan aralashib ketganlar. Zarafshon vodiysida joylashgan o‘zbeklar ham (20 ga yaqin urug‘) qabilachilik an’analarini yo‘qotib, milliy birlikka qo‘shilib ketgan.
Shunday qilib, umumiy o‘zbek (turkiy) etnos XX asrda xalq sifatida shakllandi va bugungi mustaqil O‘zbekiton Respublikasiga asos soldi.
Iso Jabborov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatganfan arbobi, falsafa fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 12-son.