OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mingo’rikdagi qadimiy Toshkent

Eramizning boshlarida qa­dim­gi Toshkent vohasida shahar madaniyati kengayib, Qorasuv, Salor va Jo‘n­-ariq sug‘orish tarmoqlari bo‘ylab qator shahar tusidagi aholi yashaydigan mavzelar qad ko‘taradi. Bu, shub­hasiz, Chirchiq daryosining qadimgi tabiiy tarmoqlari hisoblangan Qorasuv va Salor anhorlarining har ikki sohili bo‘ylab chiqarilgan kanal va ariq suvlari yordamida obod etilgan dehqonchilik maydonlarining kengayib borishi bilan chambarchas bog‘liq edi.

Aftidan ayni xuddi shu davrlarda Qorasuv va Salor anhorlarining Chirchiq daryosidan ajralib chiqqan yerida bosh to‘g‘on qurilib, qadimgi Toshkent va uning atroflari doimiy sun'iy sug‘orish tarmog‘iga aylangan. Bu ikki anhorning yillik suv ta'minoti tartibga solingan. Yozma manbalarda tilga olinishicha, bu to‘g‘on «Bandi podshoh», ya'ni «Podshoh to‘g‘oni» nomi bilan yuritilib, shahardan 3 farsax (24-27 km.) uzoqlikda O‘ngqo‘rg‘on yaqinida, Chirchiq daryosining o‘zani ichida bo‘lgan.

Bu qadimgi anhorlar sohillarida qad ko‘targan shahar tusidagi obidalar Ko‘gaytepa(No‘g‘oy­qo‘rg‘on), Tavkattepa, Bo‘zgontepa, Mingo‘rik va boshqa joylardan topilib tekshirildi. Afsuski, No‘g‘oyqo‘rg‘on kabi Toshkent­ning qadimgi tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan yodgorliklar bizning davrimizgacha yaxshi saqlanmagan. Buning ustiga, ularning, ayniqsa, Ko‘gaytepaning ostki qatlamlari har tomonlama kengroq ochib o‘rganilmaganligi tufayli bu yodgorliklar to‘g‘risida mufassalroq ma'lumotlar keltirish hamda poytaxtimizning qadimgi manzarasini tiklashda ulardan iloji boricha to‘liqroq foydalanish imkoniga ega emasmiz. Yodgorliklar orasida eng yirigi va birmuncha yaxshiroq o‘rganilgani Ming­o‘rik bo‘lib, u Toshkent temir yo‘li Shimoliy vokzali yaqinida, Salor kanali bo‘yida joylashgan. Mingo‘rikdagi shahar xarobasi 1865 yildan so‘ng qad ko‘targan «Yangi shahar» deb atalgan qismida bo‘lib, 1871 yili tushirilgan shahar tarhiga qaraganda, u 30 gektardan oshiqroq maydonga ega bo‘lgan.

XIX asrning 70-80-yillarida Ming­o‘rik tepaligi asta-sekin buzilib, uning tuprog‘idan quyilgan xom g‘ishtlardan yangi shahar binolari qad ­rostlagan. O‘sha vaqtlari Mingo‘rik tepaligi tuprog‘ini 30 yil davomida aravalab tashigan mo‘ysafidlardan birining hikoyasiga qaraganda, shahar  qurilishini pudratga olgan Toshkent boylari Mingo‘rik tepaligini Chor hukumatining Turkistondagi ma'muriyatidan ijaraga olib, uni qurilishga ishlatganlar. O‘sha davr­larda tuprog‘i qazib tashilayotgan Mingo‘rik tepasidan chiqqan ashyoviy topilmalar: pishiq g‘isht, kanalizatsiya quvurlari, shisha va sopol idishlar, qadimgi chaqa va tangalar to‘g‘risida mahalliy matbuotda endigina Toshkentga ko‘chib kelgan havaskor o‘lkashunos, ilg‘or rus ziyolilarining xabarlari tez-tez bosilib turgan.

Mingo‘rikdagi tepalik toshkentliklar o‘rtasida «Afrosiyob tepaligi» nomi bilan mashhur edi. Bu tepalikni shaharliklar Turon mamlakatining qadimgi afsonaviy shohi Afrosiyob nomi bilan bog‘laydilar. Aytishlaricha, tepalik o‘rnida qadimda Afrosiyobning «oshxona»si bo‘lgan emish, uning taxtda o‘tiradigan qarorgohi esa Chig‘atoy yaqinida qadimgi Jarariq bo‘yida joylashgan ikkinchi Afrosiyob tepaligida bo‘lgan emish. Shuning uchun ham xalq bu ikkinchi tepalikni «Shohnishin», ya'ni «Shoh o‘tirgan joy» deb atarmish, degan hikoya shaharliklar o‘rtasida keng tarqalgan edi. Avvalo shuni aytish kerakki, «Afrosiyob» tarixiy shaxs emas, u Turon mamlakatining afsonaviy shohlaridan biridir. O‘rta asr yozma manbalari, ayniqsa, Firdavsiyning mashhur «Shohnoma» eposi tufayli Afrosiyob Sharqda, ayniqsa, O‘rta Osiyoda shuhrat topgan. U Eron ahmoniylari tajovuziga qarshi muttasil kurash olib borgan jangovar qahramon hukmdor, Turonda ko‘plab shahar va qishloqlar barpo etgan shoh sifatida tasvirlanadi. Darhaqiqat, bu afsonaviy podsho ismi qadimgi Turon diyorida ilk davlatlar barpo etib, dastlabki shaharlar bino qilgan hukmdorlar silsilasining umum ramziy nomidir. Shu boisdan bo‘lsa kerak, ko‘pincha qadimgi shahar xarobalarini Afrosiyob nomi bilan bog‘lab talqin etish xalq og‘zaki adabiyotida keng o‘rin olgan. Chunonchi, Samarqandda Siyob anhori sohilidagi mash­hur «Afrosiyob» shahri xarobasi ham, Toshkentda Salor va Jarariq bo‘ylarida joylashgan har ikki «Afrosiyob» tepaliklari ham afsonalarga asosan so‘nggi asrlarda paydo bo‘lgan toponimlardir. Qadimdan xalqimiz sizot suvlar va buloqlardan hosil bo‘lgan soy va anhorlarni «siyohob» yoki qisqartirib «si­yob», ya'ni «qorasuv» deb yuritib kelgan. Bunday anhorlarning sohillari bo‘ylab joylashgan mavzelar «Afrosiyob» yoki «Siyob sohillari», ya'ni «Qorasuv bo‘ylari» demakdir. Shunday ekan, Samarqandda Siyob soyi sohilidagi mash­hur «Afrosiyob» shahar xarobasi ham, Toshkentning Salor va Jarariq bo‘ylarida joylashgan har ikkala Afrosiyob tepaliklari ham «Siyob yoki Qorasuv bo‘yidagi joylar» degan ma'noni anglatadi.

Afsuski, Toshkentda yangi shahar qurila boshlagan vaqtlardayoq Mingo‘rik yodgorliklari deyarli buzilib, uning ostki madaniy qatlamlari shaharning yangi imoratlari va keng ko‘chayu xiyobonlari ostida qolib ketgan. Ushbu qadimgi shaharlar xarobasini arxeologik jihatdan har tomonlama kengroq o‘rganish imkoniyati esa allaqachon yo‘qolgan edi. O‘z vaqtida hozirgi Movarounnahr, Sayidbaraka, Moshtabib va Farg‘ona yo‘li (avvalgi Proletar, Pavlov va Kuybishev) ko‘chalari oralig‘ida kattagina maydonni egallagan Mingo‘rikdagi qadimgi «Afrosiyob» shahar xarobalaridan bizning davrimizgacha faqat 100x40 metrli kichik bir qismigina avvalgi «Sharq» mebel fabrikasi hovlisida tepalik shaklida saqlanib qolgan, xolos. Toshkentning qadimgi tarixi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan arxeologik yodgorlikning hozirgi kundagi saqlanish holati bu hududda shahar madaniyatining shakllanish tarixini chuqurroq o‘rganish va uning taraqqiyot bosqichlarini aniqroq belgilab chiqishga imkon bermas edi. Shu sababli bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida keyingi vaqtlarda arxeologlarimiz keng ko‘lamdagi qazish ishlarini asosan arxeologik jihatdan birmuncha yaxshi saqlanib qolgan Shoshtepa shahar xarobasida olib bormoqdalar.

Shunga qaramay, Mingo‘rik yodgorligida olib borilgan arxeologik qazish ishlari Tosh­kent­ning qadimgi tarixiga, ayniqsa, shaharning umumiy tarhi (planirovkasi) va uning taraqqiyot bosqichlari: mudofaa inshootlari va turarjoylarning tuzilishi, shahar hunarmandchiligi va uning tash­qi o‘lkalar bilan olib borgan savdo-sotiq munosabatlariga doir juda qiziqarli ashyoviy dalillar berdi.

Mingo‘rikning o‘n to‘qqiz yerida arxeologik shurf (kesma) tashlanib, ikki yeridan keng ko‘lamda qazishlar olib borildi. Arxeologik qazishlardan ma'lum bo‘lishicha, Salor anhori bo‘yida milodning I-II asrlarida dastavval atrofi devor bilan o‘ralgan, unchalik katta bo‘lmagan chorburchakli qo‘rg‘on qad ko‘targan. Qo‘rg‘on ichida tashqi devor bo‘ylab yo‘laksimon hamda ravoqli, soxta darchalar ishlangan xonalar bo‘lgan.

Arxeologik tadqiqotlardan ma'lum bo‘lishicha, Mingo‘rik shahar xarobasining ostki qatlamidan ochilgan obidalar milodning birinchi asrlariga taalluqli bo‘lib, undagi dastlabki binolar hozirgi kundan rosa 19-20 asr burun qad ko‘targan.

Aftidan, milodning III-IV asr­larida Mingo‘rikdagi qadimgi qo‘rg‘on birmuncha kengayib, uning tash­qi mudofaa devori ta'mir etilgan. Bu davrda loyiga somon qo‘shilgan yirik xom g‘isht va paxsadan yangi binolar qurilgan. Ochilgan xonalardan topilgan, chala yongan yog‘ochlarga qaraganda, xonalarning tomi to‘sin va ustunli bo‘lib, sahni(poli) somonli loy bilan suvalgan. Mingo‘rikda ilk o‘rta asrlarga oid qasr binosining bir qismi yaxshi saqlangan. Bu yerdan bir necha xona ochib, tekshirildi: xom g‘isht va paxsadan bino qilingan devorlar balandligi 2 metrgacha saqlanib qolgan. Xonalarda eni bir metr, baland­ligi 0,5 metr va usti somonli loy bilan suvalgan supalar bo‘lib, ulardan birining supasi va sahni(poli)ga 25ta xum qator terib qo‘yilgan. Xumlarning birida kuyib ko‘mirga aylangan mosh donlari saqlangan. Hatto kavlab ochilgan xonalardan birining devorlarida oq bo‘yoq bilan hoshiya tortilib, ustiga qizil rang bilan islimiy naqsh berilgan devoriy rasmlarning qoldiqlari qayd etilgan. Bu devoriy rasm­lar VI-VII asrlarga mansub bo‘lib, yaxshi saqlanmaganligi sababli uning manzarasini aniqlab bo‘lmadi.

Xullas, Mingo‘rik tepasidan saqlanib qolingan qism uning qadimgi arkining qoldiqlari bo‘lib, maydoni 0,5 gektarga teng bo‘lgan. Ark nishon tuynuklar o‘rnatilgan va ravoqsimon qilib yopilgan aylanma galereya va qo‘shqator mudofaa devori bilan o‘ralgan. Devor tashqarisida unga yondoshtirilib qurilgan chorburchakli burj, boru va mo‘lalar bo‘lib, ularning orasi 12 metrga teng edi.

Tarixiy manbalardan ma'lum bo‘lishicha, milodning III asrida Qang‘ davlati bir-biri bilan iqtisodiy  jihatdan bog‘langan bir necha mayda mustaqil viloyatlarga bo‘linib ketadi. Shu vaqtlarda Toshkent vohasida mustaqil Choch davlati tashkil topadi. Mingo‘rikdagi qadimgi maskan uning markaziy shaharlaridan biriga aylanadi. III asrga oid yozma manbalarda ko‘rsatilishicha, shahar tevaragining umumiy o‘lchami bu davr­da 4 kilometrga yetgan. Mingo‘rikdagi shaharning mudofaa devorlari shahar aslzodalarining devoriy rasm­lar bilan naqshlangan saroylariyu savdogarlarning hashamatli uylari hamda hunarmandchilik mahallalari, korxonalari joylashgan shahristonni to‘rt tomondan o‘rab turgan. Manbalarda shahar xuddi shu asrlardan boshlab «Choch» nomi bilan tilga olina boshlaydi. Afsuski, O‘rta Osiyoning boshqa vohalari qatorida Choch viloyatida ham hamma vaqt osoyishtalik bo‘lmagan. Tashqi hujumlar, bos­qinchilarning yurishlari Choch aholisini doimo bezovta qilib turgan. Sharq solnomachilarining ta'riflashlaricha, Chochning erksevar va jangovar aholisi bunday to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida ilk o‘rta asrlardayoq butun Choch viloyatini dasht tarafdan mustahkam bo‘lgan devor (bir necha yuz kilometr cho‘zilgan) bilan o‘rab olgan. Bu devorning qoldiqlari ayrim joylarda bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. U xalq orasida "Kampir devor", ya'ni "Girdi xandaqli devor" nomi bilan mash­hurdir.

VIII asr boshlarida yurtimizning  Arab xalifaligi qo‘shinlari tomonidan bosib olinishi  oqibatida boshlangan talon-torojlik davrida Choch o‘lkasi va tevarak-atrofidagi shahar-qishloqlar o‘t ichida qoladi. Bu voqealardan keyin Mingo‘rikdagi vayron bo‘lgan qadimgi Choch shahri necha o‘n yillar davomida bo‘shab, o‘zini o‘nglab ololmaydi. Bu yerda shahar keyinchalik ham tiklanmaydi.

Abdulahad Muhammadjonov
akademik
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.