O‘rta Osiyoda asrlar bo‘yi asl zotli tulporlar yetishtirish tajribasi to‘plangan. Qorabayir, ahaltaka, va yovmid otlari haqli ravishda jahon yilqichiligining gavhari hisoblanadi. Xususan, o‘zbek qorabayirlari na tog‘, na dashtni pisand qiladi. Ochlik ham, suvsizlik ham ularga pesh emas. Ajdodlarimiz otlarini ham o‘z xarakterlariga qarab tarbiyalashgan. Qorabayir arg‘umoqlar dadil, chaqqon, chidamli, mag‘rur, jasur, uchqur, ziyrak, sadoqatli, egasining haqiqiy do‘sti, odatda, oilaning teng a'zosidir.
Endigina atak-chechak qilgan, «imma-nanna»ga tili aylanib ulgurmagan go‘dak ham otning fahmiga boradi. Uni begona odam minib ketayotgan bo‘lsa, yig‘lab tarmashadi. Chunki otga mehr bolakayga ona qornida yuqqan, balki ota qoni bilan o‘tgan mingyillik savqi tabiiy sezgidir.
Bizning samoviy tulporlarimizga kimlarning ko‘zi o‘ynamagan, deysiz. Eron podsholari, yunon-makedon aslzodalari, Xitoy imperatorlari...
Antik davrlardayoq Xitoy dunyoga gegemonlik qilishga intilar, lekin xunlarning kuchli xoqonligiga barham bermay bunga erishib bo‘lmasdi. Turkiy xalqlarning yovqir ajdodlari Chinning istaklari yo‘liga xuddi Buyuk Xitoy devori yanglig‘ to‘siq, bo‘lishidan tashqari, vaqti-vaqti bilan hujum qilib turardiki, imperatorlar shimoliy qo‘shnilaridan yurak oldirib qo‘ygandi. Bugun jahon ilm ahli katta qiziqish bildirayotgan, quvlik bilan yengishga asoslangan Xitoy stratagemalari tizimi mana shu, o‘zidan jismonan kuchli xunlar, keyinchalik turklar va uyg‘urlar bilan ming yillar davomida olib borilgan kurash asnosida yaratilgan bo‘lsa ajab emas. Miloddan avvalgi II asrda imperator U-di g‘arbda kuchli davlatlar borligidan xabar topib, «yovni yov qo‘li bilan yo‘q qilish» stratagemasini qo‘llamoqchi bo‘ladi. Hozirgi Qozog‘iston hududida joylashgan Usun davlati (o‘zbekning 92 urug‘idan biri - uyshun), uning janubidagi Dayyuan («katta bo‘ston» degani,
Farg‘ona vodiysi) davlati, ularning g‘arbidagi Qanha (Toshkent atrofi) va Ulug‘ yuechji davlati Xitoyning maqsadlari yo‘lida xizmat qilishi kerak edi. Sariq ajdarning ishtahasi ochilib, gegemonlik siyosati avj oldi, hatto Janubiy Turkiston yerlaridagi Baqtriya podsholigini ham qo‘lga kiritib, ularni Xan imperiyasining chet ellardagi raiyatiga aylantirgisi kelib qoldi...
«Dayyuanda asl otlar ko‘p, - deb yozadi sayyoh Jang Chyan o‘z hisobotida. - Ularning hammasi tulpor ekan. Badanidan qizil ter tomchilari yaltirab turar ekan». Dayyuan otlari juda ham go‘zal va uchqur ekanini eshitgan U-di orzuga beriladi. Qandaydir yo‘llar bilan samoviy tulporlarni qo‘lga kiritgan savdogarlar ularni imperatorga yetkazadilar. Hayajonlanib ketgan U-di usun otlarining nomini «uzoq g‘arb oti» deya o‘zgartiradi, Farg‘ona otlarini esa «tulpor» deb atay boshlaydi.
Xitoyshunos N.Bichurin qadimiy manbalarda qon terlaydigan osmoniy otlarning kelib chiqishi haqida ham ma'lumotlar borligini ta'kidlaydi: «Davan (asli yuqorida keltirildi. Rus adabiyotlarida fonetik noto‘g‘ri olingan) o‘lkasida baland tog‘lar bor, o‘sha tog‘larda hech kim tutolmaydigan otlar bo‘larkan. Nima uchundir besh xil rangli ola biyalarni(bizningcha, besh xil rangdagi, ya'ni saman, ko‘k, to‘riq, oq - bo‘z, jiyron biyalar bo‘lishi kerak) o‘sha tog‘ etaklariga qo‘yib yuboradilar. Ular tog‘ ayg‘irlaridan qulunlaydi. O‘sha qulunlarni samoviy tulporlar, deb ataydilar».
Xitoyliklar Farg‘ona arg‘umoqlarini «ming li» deb ham tilga olishgan. Buning ma'nosi shu ediki, Dayyuan tulpori bir kunda ming li, ya'ni taxminan besh yuz kilometr yo‘l bosar ekan. Qiziq, bu ma'lumot bugungisidan hayratlanarli darajada keskin farq qiladi.
Farg‘onaga maxsus elchilar yuborilib, ularga ming jing (taxminan 600 kilogramga yaqin) oltin va misdan ishlangan «zar ot» haykallariga samoviy arg‘umoqlarni sotib olish topshiriladi («zar ot» o‘rda va haram darvozalarining ikki tomoniga bezak uchun qo‘yilgan). Farg‘ona hukmdori ot sotishdan bosh tortadi. Davlatining qudratiga ishongan elchilar siyini bilmaydi, haddidan oshadi. Ancha bosiq xon ularni poytaxtdan tabassum bilan chiqarib yuboradi va O‘zgan hokimi qo‘li bilan yo‘q qiladi. Xitoy tomoniga Farg‘onaga urush ochish uchun bahona topilgan edi. Avvaliga Yav Dingxan kabi elchilar 3000 askar bilan Farg‘onani bosib olib qo‘yamiz, deb o‘ylashgan. Xan sulolasi hukmdori U-di qaynog‘asi Li Guanglini bosh qo‘mondon qilib tayinlab, miloddan avvalgi 104 yili 6 ming suvoriy va bir necha tuman bezorilaridan iborat qo‘shinni Dayyuanga yo‘llaydi. Bosqinchilarga qarshi kurash Sharqiy Turkistondayoq boshlanib ketadi. Oqibatda, kuchsizlanib qolgan qo‘shin O‘zgandan ortiga qaytishga majbur bo‘ladi. Manbalarda yozilishicha, xitoyliklar ikki yillik yurishdan Do‘ng Xuangga qaytib borganda, lashkarning o‘ndan bir-ikki qismigina qolgan edi. U-di Buyuk Xitoy devoridan ichkari qadam bosgan oddiy askaru beklargacha boshini sapchadek uzishni buyuradi...
Mag‘lubiyat alamidan ko‘ra siyosiy raqiblari oldidagi sharmandalik imperatorga ko‘proq ta'sir qilgandi. Butun Xitoy oyoqqa turg‘izildi. Zindondagi ashaddiy jinoyatchilar ham lashkarga olindi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, yana 60 ming qo‘shin Farg‘ona tomon yo‘lga chiqdi. Qo‘shinning orqa tomonidan xavfsizligini ta'minlash maqsadida Buyuk Xitoy devori tashqarisida bir necha harbiy o‘ram(okrug)lar tuzilib, 180 ming sonli chegara qo‘shini jalb qilindi. Lashkarboshilar g‘alabadan so‘ng asl tulporlarni saralashga ikki nafar sinchi olib ketishni ham yodlaridan chiqarmaganlar.
Dayyuan poytaxti Ershiga (ya'ni Axsikent xarobalari, Namangan viloyatida joylashgan) 30 ming lashkar yetib keladi. Urushning haqqoniy tasviri tarix qa'rida muarrixlarning manfaatlari orasida ancha xira tortgan. Lekin shunisi aniqki, katta safarbarlik va haybat bilan kelgan xitoyliklar mahalliy aholi bilan sulhga kelishadi. Bir necha o‘n tulpor va 3000 oddiy otni o‘lja olib ortga qaytadi. Ulardan nechtasi imperator saroyiga borgani noma'lum. Lekin talafot aniqroq ko‘rsatilgan: Turkistonni tark etib, Yuymen qorovultepasiga bor-yo‘g‘i 10 ming odam (qo‘shinning o‘ndan biri) va mingta jang oti (o‘ttizdan biri) yetib borgan.
Imperator shunisiga ham shukur qildi. Urush qatnashchilarini dabdabali ravishda taqdirladi. Lashkarboshiga «Xayshi to‘rasi» unvoni va 8 ming xonadonli yer suyurg‘ol qilindi. Uch kishi vazirlik vazifasiga, yuzdan ziyod odam yiliga 2 ming qop g‘alla maosh oladigan lavozimlarga munosib ko‘rildi... Xullas, hech kim quruq qo‘yilmadi. Xitoy shoirlari asl tulporlarni ko‘rib, ilhomi jo‘sh urib she'rlar yozdi:
Keldi tulporBulog‘i ko‘p joylardan.Yo‘lbars misol yolining rangi,Mijozi devlardek baayni...U-dining ko‘ngil mayli deb ikki marta Dayyuan o‘lkasiga yurish qilindi. Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, birgina ikkinchi urushga 300 mingdan ziyod aholi safarbar etilib, xalqqa qo‘shimcha soliq solindi. Oqibatda, imperiyada hayot izdan chiqdi, o‘zini tiklab olish uchun esa ancha vaqt talab etilardi. Miloddan avvalgi 99 yili joylarda dehqonlar qo‘zg‘oloni boshlanib ketdi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bir necha o‘n chog‘li arg‘umoq uchun mamlakatni shunchalik jar yoqasiga keltirib qo‘yish shartmidi? Shuni unutmaslik kerakki, o‘sha vaqtda samoviy tulporlarga ega bo‘lish bugun yadro quroli sohibi bo‘lish bilan barobar edi. Bu haqiqatni miloddan avvalgi 97 yili Xitoyning yaxshi qurollangan 210 ming qo‘shini 100 ming otliq xunlardan yengilishi ham isbotlab turibdi.
Imperator U-dining ko‘ngli samoviy tulporga ega bo‘lib, afsonaviy Avliyo onani ziyorat qilishni tusagan bo‘lsa bordir. Lekin u yana bir hayotiy maqsad sari intilardi. Shimolda Xitoy uchun juda katta xavf solib turgan Xun xoqonligini yengish uchun kuchli armiya va dushmanlarining otlaridan ham yaxshiroq tulporlar kerak edi. Imperator arg‘umoqlarga ega bo‘ldi, ammo bu olamdan ko‘zi ochiq ketdi. Turkiylar to otdan tushguncha, harb maydonida suvoriylarning roli kamayib ketgan davrlargacha, Xitoy doim hadiksirab yashashga majbur bo‘ldi. Koinotdan ham ko‘zga tashlanib turadigan yagona yirik inshoot, dunyoning yangi yetti mo‘'jizasidan biri Saddi Chiniy o‘shal hadigu sarosimadan qutulish, o‘ziga taskin berish mahsuli edi, aslida...
* * *
XI asrda yashab o‘tgan alloma Umar Xayyom bir haqiqatni topib aytgan edi: «Bugun hech bir guruh buni (otlarni, ularning fazilat va kamchiliklarini) turklardan yaxshiroq bilmaydi, chunki ular kechayu kunduz ot bilan shug‘ullanadilar va jahon ularning qo‘lidadir». Ajdodlarimiz otga minibdiki, g‘animlari tomonidan bir haqiqat bot-bot eslanadi: «Turkiylarni yengish uchun avval ularni otdan tushirmoq kerak!» Shunday, turkiylar otdan tushgach, ko‘rdik: boshlariga ne kunlar tushdi... «Talandi samoviy tulpor uyuri, talandi zarlari, zebu zabari...» (Shavkat Rahmondan).
Farrux Hasan o‘g‘li
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.