OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirpo‘lat Mirzo. Mehrga muhtoj xilqat

Tabiat va tamaddun borasida o‘ylar

Talabalik yillarim esimda. Bahor avj pallasiga yetgan paytlarda yuragim orziqa boshlardi. Darhol qishloqqa borish taraddudini ko‘rardim. Ulgurishim kerak, derdim ichimda o‘z-o‘zimga. Nimaga ulgurishim kerakligini sizga aytsam: lola sayliga – lola terishga!

Hali oq libosini kiftidan tashlamagan tog‘lar qadar to‘shalgan yam-yashil qirlar bahor epkinida tiniq dengiz sathidek mavjlanardi bu damlar. Bahor o‘rtasidagi bir hafta-o‘n kun ichida bu kengliklar alanga olgan kabi yal-yal tovlanardiki, bu pallada qizil lolalar qiyg‘os ochilgan bo‘lardi! Biz, qishloq bolalari, bu ma’voda lolalar terishni har bahorda odat qilgandik. Zangori havoli ajib kengliklarda lolalar gulxanini kechib yugurar ekanmiz, ular orasida eng yaxshilarini tanlashga harakat qilar va quchog‘imiz to‘lganida maysalar, turfa xil giyohlar gilamiga o‘zimizni tashlab, nafasimizni rostlardik. Chalqancha yotganda ohista suzib borayotgan behad-behisob oppoq bulutlardan ko‘z uzmay, osmonning naqadar kengligini idrok qilardik. Kech kira boshlaganda quchoq-quchoq lolalar bilan uyga kirib borishimiz bayramga aylanib ketardi...

Mana shu xotiralar shavqi bahorning avj pallasida meni hamisha qishloqqa borishga shoshiltirardi.

Talabalik yillarimda ham, bolalik an’anasiga ko‘ra, tengqurlarim bilan o‘sha kengliklarga lola terishga chiqqanlarim esimda.

Keyinchalik bu an’ana susaydi. Bunga nima sabab bo‘lganligini hozir o‘ylasam, turmush tashvishlari ortganidan emas, lolalar har yili siyraklasha boshlaganidan hamda bahoriy kengliklar asl jozibasini yo‘qotganligidan ekanligiga amin bo‘laman. Qishloqqa so‘nggi marta borganimda o‘zim tengi do‘stlarim bilan o‘sha ajib lola sayillarini eslashdik. “Hozir qolganmi o‘sha lolalar?” – so‘radim. “Qayoqda... – dedi do‘stim entikib. – Urug‘likka ham topolmaysan. Chunki u yerlar allaqachon ekin dalalariga aylantirilgan...”

Qishlog‘imizning o‘zidagi o‘zgarishlarni aytmaysizmi! Bolaligimizda tomorqamiz adog‘ida jarliklar hosil qilib – buralib-buralib oquvchi soy bo‘lardi. Biz butun yozni unda cho‘milib o‘tkazardik. Men mana shu soy bo‘yida ko‘m-ko‘k maysalarga ko‘milib, uzoq-uzoq xayol surganlarim esimda... Bog‘ etagida – soy shovqini eshitilib turadigan joyda qayrog‘ochzor tepalik bo‘lardi, biz uni yovvoyi o‘r deb atardik. Ilonlardan xavfsirab, unga qadam bosishga cho‘chirdik. Bahorda uning ustida lolaqizg‘aldoqlar, g‘uj-g‘uj chuchmomalar tovlanardi. Javzo oyida esa uni har biri hozirgi tomlarda o‘rnatiladigan suprali antennalardek keladigan yaproqlar qoplardi...

Bir kun kattalardan kimdir, mana shu soy ko‘mib tashlanib, o‘rniga ko‘cha tusharkan. Ko‘chaning ikki tomoni esa keta-ketguncha yangi hovlilar bo‘larkan, deganida biz bolalar bu gapga mutlaqo ishonmagandik. Chunki tasavvurimizga sig‘magandi bu. Lekin oramizda, nihoyat taraqqiyot bizning tomonlarga ham tashrif buyurarkan-da, deya zavqi toshganlar ham bo‘lgandi. Sir emas, u mahallar bizlar shaharga qattiq havas qilganmiz. Qishloq adog‘idagi tepalikka chiqib, shahar chekkasida qad tiklagan zavodning besh-oltita nihoyatda baland mo‘rilariga hayajonlanib termilardik. Hozir bu hayajonimni eslasam, Mayakovskiyning “zaminni mo‘rilar o‘rmonzoriga aylantiramiz!”ga o‘xshash satri esimga tushadi. Inqilob shukuhini kuylagan shoirning ushbu misrasi o‘z vaqtida noyob she’riy topilma bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas...

Shundoq qilib desangiz, yillar o‘tishi bilan aytilgan bashorat ro‘yobga chiqdi. Endi bugungi yosh bolalarga, sen o‘ynab yurgan mana shu ko‘cha o‘rnida bir vaqtlar tiniq suvli ajoyib soy oqardi, biz butun yozni unda cho‘milib o‘tkazardik, desak mutlaqo ishonishmaydi.

Hammadan achinarlisi, biz havas bilan termilgan mo‘rilarning hamisha yuksaklarga o‘rlab turadigan tutunlari zahar-zaqqum bo‘lib, yashnab-mavjlanadigan qirlarga, dovrug‘i yetti iqlimga yetgan mevazor bog‘lar ustiga yog‘ila boshladi.

Bundan o‘nlab yillar muqaddam bu haqda kimdir ilk bor bong urganida qishloq ahli buni ortiqcha ayyuhannos deb qabul qilgan edi. Endilikda esa buning achchiq haqiqat ekanligiga ko‘pchilik, deyarli hamma amin bo‘lgan.

Men ba’zan qishloqqa borganimda yangi tushgan ko‘cha boshida turib, bolaligim chappor urib o‘tgan kengliklarga, ertakchi bobolardek cho‘kka tushgan oqsoch tog‘larga uzoq-uzoq termilaman. Endi bu unniqqan kengliklar bolalarni o‘ziga jazb etmay qo‘ygan, tog‘larning ertaklarini esa hech kim tinglamaydi... Bolalar ertayu kech teleekranlar qoshidan jilmaydilar, yoshlar fikri-zikrida savdo-sotiq, oldi-berdi, mashina tashvishi. Afsuski, ular tabiat o‘zining asl jamolini ayniqsa bahor paytida chechaklar yam-yashil kengliklarda cho‘g‘dek tovlangan pallalarda namoyon qilishini, hovlida jo‘mrakdan oqib turgan suv dastlab toshlardan-toshlarga urilib oqqan jilg‘a yoki irmoq bo‘lganligini his etmay ulg‘ayadilar. Keyinchalik bu kemtiklik ularning fe’l-atvorlarida muhrlanadi. Har narsadan foyda ko‘zlab umrguzaronlik qiladilar. Ular saxovat degan tushunchani anglab yetmaydilar. Chunki beminnat saxovat ibratini hamisha tabiatda ko‘rish mumkinligini, odamlar esa undan ulgi olib yashashi kerakligini ular idrok qilishdan ojizdirlar. Shunday zotlarga men bahor chog‘i inson qadami yetmagan xilvatu uzlatlarga boring, engashib qarasangiz boshingiz aylanadigan jarlik tubiga nigoh soling, tog‘ alqorlari ham chiqolmaydigan qoyalar zirvasiga termuling, bahorning as’asayu dabdabasini ko‘rasiz, uning go‘zallik bobida benihoya saxovatpeshaligiga amin bo‘lasiz, degim keladi.

Lekin, afsuski, tabiat taraqqiyotning, qolaversa, tamaddunning shafqatsiz zug‘umi ostida qoldi. Do‘stlaringizdan so‘rang, inson qadami yetmagan, u bir kun tunab qolganida dag‘alligidan, qo‘pol munosabatidan ming kun ozor chekmagan uzlat go‘sha qoldimikin?! Bahorda o‘rgimchak solgan to‘r to kuzga qadar uzilmay, buzib tashlanmay turadigan “yovvoyi o‘rlar” bormikin hozir zaminda? Bor bo‘lsa, ularni muqaddas qadamjolarga aylantirib, himoyalamoq lozim.

Bu kuyunishlarga javob sifatida, nima ham qilardik, dialektika qonuni bu, taraqqiyotning yo‘lini to‘sib bo‘lmaydi, deb qo‘ya qolish ham mumkin. Lekin bu juda jo‘n javobdir. To‘g‘rirog‘i, muammodan o‘zni olib qochishdir. Zotan, muammoni anglash uchun ham ancha-muncha narsadan boxabar bo‘lmoq kerak.

Men bundan 10 yillar muqaddam birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipovga bir safarda hamrohlik qilish baxtiga muyassar bo‘lgandim. Men o‘shanda undan: “Fazoda turib, sayyoramizga boqqaningizda ko‘nglingizdan nimalar kechgan?” deya so‘radim. “Birinchi hayratim ona-sayyoramizning nihoyatda mo‘‘jazligi bo‘ldi, – dedi u, bu gapga balki siz ishonmassiz degandek sinovchan boqib. – Shu mo‘‘jaz sayyorada tinimsiz davom etadigan talo-to‘plar, manfaat orqasida yuzaga chiqadigan o‘zaro kurashlar, mamlakatlar orasidagi nizolar menga juda-juda ajablanarli ko‘rindi... Keyin ko‘nglimda Ona-er nihoyatda mehrga muhtoj bir xilqat bo‘lib tuyulib ketdi...”

Mehrga muhtoj xilqat...

Olimlarning ta’kidlashicha, koinotda Quyosh tizimining shakllanishi, Yer sayyorasida hayot kurtaklarining paydo bo‘lganiga 4 milliard yil bo‘lgan.

Bu davr mobaynida kurramizda tiriklik qonuniyati vujudga kelgan, hayot shakllangan, turli-tuman o‘simligu jonzotlardan iborat nabotot va hayvonot dunyosi taraqqiy etgan. Hali inson aqli bu ilohiy sir-sinoatni anglab yetgani yo‘q. Endilikda tiriklik olamiga mansub hisoblanadigan, uning qonun-qoidalariga amal qilib lahzalarda umrini yashab bitiradigan yoxud million yillar davomida o‘lmay kelayotgan vujudi bir hujayradangina iborat bo‘lgan eng sovuq muhitda ham yashay oladigan jonzotlar kashf etilmoqdaki, bularni Allohning mo‘‘jizasi deya tan olmoqdan o‘zga iloj yo‘q. Yer sayyorasi koinotda hozircha tanho bo‘lgan ana shunday benazir maskandir. Hammadan achinarlisi – uning tanholigini barcha ham idrok etavermasligida. Olimlar va munajjimlar o‘zga sayyoralarda ham hayot bor deyishadi. Lekin qani uning isboti? U qaysi manzilda? Koinotning qaysi bir burchida? Bor deyilgani – bu taxmin, xolos.

Shu boisdan jahon xalqlari tafakkurida koinotdagi yakkayu yagona, mushfiq sayyoramizni asraylik, unga ortiq shafqatsizlik qilmaylik degan tushuncha pishib yetiladigan palla keldi.

Yer sayyorasi paydo bo‘lganidan buyon qanchadan-qancha falokatu ofatlarga duchor bo‘lmadi?! Uni tinimsiz ravishda samodan yoqqan meteorlar “savalab” keldi, necha-necha bor koinotda “adashgan” asteroidlar ko‘ksini nishonga oldi, uning zohiridagi muzliklar necha bor siljidi, bag‘rida vulqonlar portlab, mehvaridan lavalar otildi.

Chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, Yer sayyorasining milliard yillar mobaynida ko‘rgan jabru jarohatlari bir bo‘ldi-yu, inson qavmi paydo bo‘lganidan keyin tortayotgan azob-ko‘rguliklari bir bo‘ldi.

Holbuki, inson ham biologik turlardan biridir, shuning uchun ham u istasa-istamasa tabiat qonunlariga bo‘ysunishga majbur. Bironta ham jonli tur o‘zining ekologik muhitida yakkayu yagona xo‘ja-yinga aylanib qolsa, u ekologik tanazzullardan hech qayoqqa qochib qutula olmaydi. Bu qonuniyatni inson qavmi dastlab idrok etmadi, keyin tan olgisi kelmadi, aksincha, u tabiat ustidan zafar qozonish, uni o‘ziga bo‘ysundirish ishtiyoqiga tushib ketdi.

Buning qanday mudhish oqibatlarga olib kelganligini insoniyat tarixidagi ilk tamaddun hisoblanmish shumerlar tsivilizatsiyasining zavoli misolida ko‘rishimiz mumkin.

Qadimgi shumerlar haddan ziyod ko‘p sug‘orish natijasida Dajla va Frot daryolarining quyi oqimida tuzlar ko‘payib ketishiga sababchi bo‘ldilar va Shumer madaniyati zavol topdi. Endilikda faqat arxeologlargina Mesopotamiyadagi eng qadimgi tamaddunga guvohlik berishlari mumkin.

Zero bunday halokat o‘tgan asrning ikkinchi yarmida o‘zining qora sharpasini bizning boshimizga ham solmadimi? Bu davrlar tarixda “paxta yakkahokimligi” degan nomni oldi. Sho‘ro zamonida mamlakatimiz asosan paxta yetishtirib beradigan o‘lkaga aylantirildi. Bu johilona siyosat zug‘umi ostida yerlar ommaviy suratda o‘zlashtirilib, ikki ulkan daryo suvlari cho‘lu sahrolar tomon burildi. Yangi o‘zlashtirilgan yerlar haqida qo‘shiqlar, dostonlar to‘qilgan paytda, bu suvlar Orolning nasibasi ekanligi, u suvsizlikdan qiynalib, “jonsizlanib borayotganligi” hech kimning xayoliga kelmadi. Oqibatda dunyo miqyosida dengiz ta’rifini olgan ko‘l ko‘lmakka aylandi. Uning suv sathi 20–25 metrga pasaydi, uning azaliy qirg‘og‘iga uriladigan to‘lqinlar 100–120 kilometrga chekinib ketdi. Bu bo‘sh qolgan sohillardan endilikda har yili 15–47 million tonna chang atmosferaga ko‘tarilib, eni 40 kilometr, uzunligi 400 kilometr bo‘lgan maydonga tarqalmoqda.

O‘ylab ko‘raylik, sho‘ro siyosati barham topmaganida va yurtimiz hurriyatga erishib, dalalarimiz paxta yakkahokimligidan ozod bo‘lmaganida holimiz nima kechardi, qadim tabiat, tevarak-muhitimiz qanday ahvolga tushgan bo‘lardi?!

Zamini ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan sobiq sovet tuzumi haqida quyidagi bahodan ortiq baho berib bo‘lmaydi; zero u davrda “Tabiatni muhofaza qilish tadbirlariga arzimas darajada kam mablag‘ ajratilardi. Bu mablag‘ tabiatga yetkazilayotgan zararning mingdan bir qismini ham qoplamas edi. O‘rmonlar o‘ylamay-netmay, vahshiylarcha kesib tashlanar edi. Yoqilg‘i va mineral xom-ashyo zaxiralari real ehtiyoj bilan taqqoslanmagan holda juda ko‘p miqdorda qazib olinganidan ko‘pchilik qismi qayta ishlanmagan chiqitlar sifatida uyulib yotar edi. Tabiatni muhofaza qiluvchi eng oddiy tozalash inshootlariga ega bo‘lmagan bahaybat sanoat korxonalari faol bunyod etildi. Natijada barcha zaharli va zararli sanoat chiqindilari ulkan havo kengliklarini, suv havzalarini, yer maydonlarini ifloslantiradigan bo‘ldi. O‘z ko‘lami jihatidan beqiyos darajada katta gidrotexnika loyihalarini ro‘yobga chiqarish, transport kommunikatsiyalarini (BAM, Turksib kabi temir yo‘llarni, avtomobil, neft-gaz magistrallarini va irrigatsiya tarmoqlarini) bunyod etish nafaqat tabiiy zaxiralarni qashshoqlashtirdi, balki butun boshli aholi punktlarining yo‘q bo‘lib ketishiga, ekologik muvozanat, iqlim, odamlarning hayot va faoliyat sharoitlarining buzilishiga ham olib keldi”.1 

Ha, bunday hodisalar uzoq o‘tmishda onda-sonda takrorlangan va asosan insoniyatning o‘ziga va uning tamadduniga ofat keltirgan. Yuqorida misol keltirganimiz singari keyingi asrlardagi inson faoliyati esa tabiat muvozanatiga katta putur yetkaza boshladi. Undagi million yillardan beri mavjud o‘simliklar, hayvonot olamining noyob turlari abadul-abadga yo‘q bo‘ldi. Holbuki, ular inson hayoti uchun mutlaqo zarur giyohlar va yer yuzida yashashga haqi bor jonvorlar edi.

Yaponiyaga atom bombasi tashlangandan keyin omon qolgan aholining ko‘p qismi kuchli nurlanishga duchor bo‘lgan edi. Bu xastalikka uchraganlarning vujudidan radiaktiv izotoplarni chiqarish uchun yordam beradigan giyohni olimlar Paragvaydan topishgan ekan.

Rossiya televideniesida “Malaxov+” degan mashhur ko‘rsatuv bor. Bu ko‘rsatuvda inson hayotida uchrovchi turfa xastaliklarga shifo bo‘ladigan tabiiy giyohlar haqida gap boradi. Bunday ko‘rsatuvlarning birida bir bemor yuragi murakkab xastalikka mubtalo bo‘lganligini, shifokorlar esa bu dardga davo topolmaganliklarini va bemor qishloqqa ketib, quyontil deb nomlanuvchi giyoh tufayli bir oy davomida mutlaqo sog‘ayib ketganligi haqida gapirgandi.

Demak, har qanday kasallikka tabiat olamidan shifo bo‘ladigan malhamni topsa bo‘ladi. Zero, rivoyat qiladilarki, Luqmoni hakim dalada kezib yurganida tevarak-atrofdagi jamiki giyohlar “men mana bu kasalga shifoman, men u kasalga shifoman”, deya unga peshvoz chiqarkan.

Tabiatni aqalli inson salomatligi uchun qiladigan ana shu xizmatlari uchun ham asramoq lozimdir.

Lekin insoniyat tabiatga nisbatan tajovuz, qirg‘in, tazyiq borasida bemisl sa’y-harakatlar ko‘rsatmoqda. Holbuki, tabiatning har bir bo‘lagiga jonli mavjudot sifatida qaramoq lozimdir. Zero, u ham iztirob chekadi, og‘riq tuyadi. Faqat izhor etmoqqa tili yo‘q, xolos.

So‘nggi asrlarda Yevropa tamadduni, Amerikadagi texnika taraqqiyoti tabiat boshiga bemisl ofatlar yog‘dirdi, zaminni yaroqsiz holatga keltirdi, suvni ifloslantirdi, havoni zahar changiga to‘ldirdi.

Bu hol nafaqat bu qit’alarda, balki kurramizning boshqa burchaklarida ham ayanchli tus oldi. Bugungi kunda biosfera inson faoliyati bilan kurashishga ojizlik qilib qoldi, unda qayta o‘nglanmaydigan o‘zgarishlar boshlandi. Atmosfera tarkibida zararli gazlarning ko‘payib ketishi oqibatida “issiqxona ta’siri” (“parnik effekti”) degan hodisa kuchaymoqda. Bu hodisa mohiyati shundan iboratki, atmosferada qalinlashgan uglerod qatlami Quyosh radiatsiyasini Yerga bemalol o‘tkazib yuborgan holda issiqlik nurlanishini atmosfera yuqori qatlamlariga qaytishini to‘xtatib qoladi. Shunga muvofiq atmosferaning quyi qatlamlarida harorat ko‘tariladi. Ayni chog‘da bunday jarayonlar sayyoramiz himoya qobig‘i yemirilishini jadallashtiradi va unda ozon tuynuklarini paydo qiladi. Agar ozon qatlami 10 foizga pasaysa, teri saratoni kasalligi 26 foizga ko‘payar ekan.

Sayyorada haroratning isib ketishi atmosferada havo oqimlari harakati jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa suv toshqinlari, qurg‘oqchilik kabi hodisalarni vujudga keltiradi. Shu paytgacha hech qachon qattiq sovuq bo‘lmagan joylarda qish ayozi juda kuchli bo‘lishi mumkin. Bularning bari g‘oyatda halokatli hollardir. Qurg‘oqchilik va suv toshqinlari dunyoning ko‘pgina mintaqalarida ochlikni tug‘diradi. Ochlik esa qurolli mojarolardan ko‘ra ko‘proq odamning joniga qasd qilishi mumkin. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, agar ishlab chiqarilayotgan zararli gazlarning miqdori darhol 60 foizga qisqartirilmasa, tabiat yuz berayotgan o‘zgarishlarga moslasha olmaydi, inson esa ularni nazorat qilishni eplolmay qoladi.

Vaziyat haqiqatan ham shu qadar xavotirlimikan? Bugungi kunda jahondagi turli tabiiy ofatlarni teleekran orqali kuzatib borayotgan oddiy fuqaro ham bu tashvishli savolga hech ikkilanmay: “Ha! Juda ham xavotirli!” deyishi shak-shubhasiz.

 Darhaqiqiqat, vaziyat xavotirli va tashvishlanarlidir. Qayd etilgan holatlarga e’tibor beraylik. Bu yil (2010 y.) yanvar oyi Gretsiyada eng issiq keldi. Bu mamlakatning Krit oroli aholisi Yangi yilni cho‘milish sohillarida kutib oldilar. Bunday harorat bu o‘lkada 100 yil avval kuzatilgan edi. Holbuki joriy yilning ushbu oyida bu mintaqadagi Albaniya, Chernogoriya, Bosniya va Gertsogovina, Xorvatiya va Serbiya kabi bir qator mamlakatlar tinmay yoqqan yomg‘ir va ko‘p qor natijasidagi suv toshqinlaridan azob chekdilar.

Odatga xilof ravishda tinmay yoqqan qor Germaniyada aviatsiya harakatini murakkablashtirib yubordi.

Yanvarning o‘rtalarida Turkiyaga bostirib kirgan qor bo‘ronlari bir yarim mingta qishloq hayotini tashqi dunyodan uzib qo‘ydi.

Bu yilgi qishda Xitoyning poytaxti Pekin qor asirligida qoldi.

Mo‘g‘ulistonda uzoq muddat davom etgan 50 darajali sovuq 1,7 million molni nobud qildi, 21 mingta chorvador oilalar ocharchilik xavfiga tushib qoldi...

Ha, tabiatning fe’l-atvori keskin o‘zgarib bormoqda. Unda evrilish holatlari tezlashib ketdi. Uning ruhiyati tobora asabiy tus olmoqda.

Endi e’tiboringizni Amerika dastlab kashf etilgan davrdagi manzaralarga tortsak.

1492 yili 12 oktyabrda Amerika qit’asi Kolumb tomonidan kashf etildi. Keyingi asrlarda bu jannatmonand zaminga yevropaliklar xuddi asalga yopishgan aridek yopirildilar.

Jumladan, Jon Beyklessning “Amerika kashf etuvchilarning nigohi bilan” nomli asarida shunday lavhalar bor: “Dengizchilar hali qirg‘oqqa tushmaslaridanoq bemalol yurgan oq ayiqlarni ko‘rishardi. Ular odamlardan qo‘rqishmasdi. Orolchalarda kattaligi g‘ozday keladigan son-sanoqsiz qushlarga duch kelishdi. Uchishni bilishmasdi ular. Odam zotini ko‘rishmagandi, bu yerda ularning yovuz kushandalari yo‘q edi. Inson mana shu joylarga ham yetib keldi va kaltaklar bilan qushlarni o‘ldirishga tushdi. Bir soat ichida 30 ta katta kemani shunday qushlar bilan to‘ldirib tashlash mumkin edi. Qanotsiz gagarkalarga qiron keltirish ana shundan boshlandi. Yigirmanchi asrning boshlariga kelib yer yuzida bunday qushlarning birortasi qolmadi. Qachonlardir esa ular okean sohilidagi toshlar ustida bir-birlariga suyangancha to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirishardi...

Bu yerlarga birinchi kelganlarning orqasidan sohilning ichkarirog‘iga kiramiz. Ko‘llardagi g‘ozlar, o‘rdaklar, qarqaralar osmonni to‘sib qo‘ygudek son-sanoqsiz edi, kaptarlar tunash uchun daraxtlarga qo‘nganida ularning azbaroyi ko‘pligidan shoxlar sinib tushardi. Ularni ushlash uchun to‘r qo‘yilsa birvarakayiga yuzlab, minglab kaptarlar ilinardi. G‘ozlar va o‘rdaklar odamlardan butunlay hayiqishmas, majbur qilmaguncha suvga tushgilari ham kelmasdi.

Nyu-Yorkning hozirgi osmono‘par binolari qad ko‘targan joylarida 1609 yilda odamlar u yoqdan-bu yoqqa zo‘rg‘a o‘tishar, erinmaganlar qariyb mehnat sarflamay qushlarni tutib olishardi...”

Boshqa bir kitobda yevropaliklar Amerika tabiatining o‘sha vaqtdagi manzarasini shunday tasvirlaydi: “Sanchqini suvga tiqsang baliqqa to‘g‘ri keladi... Baliqlarning ko‘pligidan daryolar vaqillaydi... Baliqlarni hatto cho‘mich yoki po‘stloq bilan qirg‘oqqa chiqarib tashlasa bo‘ladi. Osetra baliqlari yelkalarini chiqarib olgancha suvda mudrashadi. Ba’zi daryolarda osetra baliqlari shu qadar ko‘pa-yib ketganki, qayiq va kemalarning ularda suzishi ancha xavfli...”

Men bu manzaralar tavsifiga to‘xtalar ekanman, bundan bir-ikki yil avval bir guruh do‘stlar bilan Chirchiq daryosi bo‘yida hordiq chiqarganimiz yodimga tushdi. O‘shanda daryoga qarmoq tashlab o‘tirgan bir necha odamlarni kuzatgan edim. Ulardan birining oldiga borib, nechta baliq ovladingiz deganimda, hali qarmog‘imga bironta ham ilinmadi degandi. So‘ng u, daryoda keyingi yillarda baliqlarning nihoyatda kamayib ketganligi, ular brakonerlar tomonidan nomaqbul yo‘llar bilan ovlanayotganligi to‘g‘risida kuyunib gapirgandi.

Mintaqadagi sersuv daryolardan biri sanaluvchi Chirchiq nahrida baliqlarning bu qadar kamayib ketganligiga faqat brakonerlarning shafqatsizliklari sababchimikin?

Shu o‘rinda bir manzara esimga tushadi va bu menga mudom g‘aro-yib tuyuladi. O‘tgan asrning 70-yillarida men Janubiy Qozog‘istonning Chordara suv omborida bo‘lgan edim. Suv omboridan cho‘lga obi hayot yetkazuvchi kengligi 20 metrlar chamasi bo‘lgan kanal bo‘yiga dam olish kunlari ko‘plar baliq oviga chiqishar ekan. Mezbonlar bilan biz ham chiqqandik o‘shanda. Ana balig‘u mana baliq! Suv yuzi chuchvaradek qaynardi! Bu son-sanoqsiz baliqlarga qarmoq tashlab ularning qachon ilinishini poylab o‘tirishning hojati yo‘q edi. Ilgagi tig‘dek o‘tkir qarmoqni suvga otgan zahoti uni siltab tortsangiz bas, albatta, bir baliq unga yo qornidan, yo dumidan ilinib chiqardi! Men ushbu manzarani ko‘rib, bu baliqlarni odam bolasi ovlab tugatolmasa kerak degan o‘yga ham borgan edim.

Bir zamonlar buning kabi mo‘l-ko‘llik yoxud endigina kashf etilgan qit’aning yovvoyi daryolaridagi singari ne’matga bisyorlik Chirchiq daryosida bo‘lmagan deb kim ayta oladi?

Daryolardagi, oqar suvlardagi baliqlarning kamayib ketganligiga (hozirgi kunda men ko‘rgan o‘sha Chordara suv omboridan oqib chiquvchi kanalda baliqlar anqoning urug‘iga aylangan deyishadi!) suvlarning behad darajada bulg‘anganligi, hatto yog‘ayotgan yomg‘irda, qorda zahar-zaqqum zarrachalarning ko‘pligi sabab bo‘lgan deb o‘ylayman. Zero o‘tgan asrda qaysi bir zavodning yoki ishlab chiqarish ob’ektining chiqindi quvuri daryoga yoki ko‘lga tutashtirilmagan edi? Ko‘p g‘alati zamonlarni boshdan kechirdikki, sobiq saltanat hukm surgan davrlar odamlarni tabiat muhofazasiga da’vat qilgan kishi siyosatga qarshi odam yoki tuzum dushmani sifatida jazoga tortilar, quvg‘in ostiga olinardi. Holbuki, ming yillarda ham ziyon quvvati pasaymaydigan radiaktiv chiqindilar tog‘u adirlar bag‘riga ko‘milar, ya’ni ko‘zdan yo‘qotilsa bas edi. Mana, sizga kaltabinlikning, jaholatning, imonsizlikning oqibati! Endi bu tiriklik kushandasi qayoqqa ham daf bo‘lardi – suvga oqsa ham, osmonga uchsa ham inson zotini, tirik jonlarni – o‘zimizni zaharlaydi. Bu tuyg‘ular ko‘ngildan kechar ekan, beixtiyor “xayriyat!” deysiz! “Xayriyat, bu tuzum uzoq davom etmadi!..” Insoniyat o‘zini jar yoqasidan qaytarib qoldi!

Ayni chog‘da shuni ta’kidlash kerakki, enlidikda sayyoramiz va jahon hamjamiyati rivojlanishning mutlaqo yangi bosqichga qadam qo‘ydi va bu haqda birinchi bo‘lib, aniq fanlarning vakillari gapira boshladi. Jumladan, E.Lerua va L.Teyer de Sharden noosfera (aql-idrok sferasi) atamasini muloqotga kiritdilar. Insoniyat tarixining hozirgi bosqichi noosfera davri degan nom oldi. Buning ma’nosi shundaki, hozirgi davrda hamfikrlikdagi, muvozanatdagi rivojlanish Yer yuzida insonning saqlanib qolishining muhim sharti deb qaraladi.

Noosfera tushunchasidagi eng asosiy narsa – jamiyat bilan tabiatning o‘zaro aloqasini oqilona tarzda tashkil qilish zaruriyatidir. Bu zaruriyat tevarak muhitni yomonlashtirishga olib keladigan tabiatga stixiyali, vahshiylarcha munosabatga qarama-qarshi qo‘yiladi.

Istagan tirik jonzotning rivojlanishi atrof-muhit miqyosidagi o‘zgarishlarning miqdori juda qattiq cheklangan sharoitdagina amalga oshmog‘i mumkin. Bu cheklashlar darajasini belgilash uchun akademik N.N.Moiseev ilmiy muomalaga “Ekologik imperativ” degan tushunchani olib kirdi. Imperativ degani – xulq-atvor, qat’iy talab, umumbashariy ma’naviyat qonuni demakdir. Unga hamma odamlar bo‘ysunmog‘i darkor.

Haqiqatda esa ahvol qanday? Yer yuzidagi texnik taraqqiyotning sayyoramiz ahvoliga nihoyatda salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Unga ko‘rsatilayotgan tazyiq, zarar asosan rivojlangan mamlakatlar timsolida ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. O‘tgan asr oxiridagi ma’lumotlarga qaraganda, biosferaga ko‘rsatilayotgan bosim ortib borgan. Jumladan, bu nisbat quyidagicha ko‘rinishga ega edi: Yaponiya – 15,8; Germaniya – 14,5; Buyuk Britaniya – 12,2; Italiya – 8,1; Frantsiya – 5,3; Hindiston – 4; AQSh – 2,8; Xitoy – 1,9...

Mana shu tadqiqotlarga ko‘ra, biosferaning yemirilishi, qayta tiklanmaydigan tabiiy boyliklarning tobora kamayib borayotgani uchun asosiy javobgarlik rivojlangan mamlakatlar zimmasiga tushadi. Iqlimning o‘zgarishi bilan shug‘ullanadigan Hukumatlararo komissiyaning ma’lumotlariga qaraganda, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlarning 74 foizi ularning hissasiga to‘g‘ri keladi. Agar jon boshiga hisoblab ko‘rilsa, bu rivojlanayotgan mamlakatlardagiga qaraganda 10 baravar ko‘pdir. Ayni chog‘da rivojlanayotgan mamlakatlarda borayotgan jarayonlar ham sayyoradagi iqlimning kelajagi uchun jiddiy xavotir chekishga majbur qiladi.

Ana shu sabablarga ko‘ra, jahon hamjamiyati tushunchasida yangi bir nazariy tamoyil vujudga keldi. Bu kontseptsiya “barqaror rivojlanish” degan nomni oldi. Birinchi marta bu tushunchani 1987 yilda atrof-muhit va rivojlanish bo‘yicha Xalqaro Komissiya muomalaga kiritdi. 1992 yilda Rio-de-Janeyroda BMTning atrof-muhit va rivojlanish bo‘yicha konferentsiyasida 179 davlatdan kelgan 8 ming delegat Barqaror rivojlanish kontseptsiyasini yakdillik bilan ma’qulladi. Bu hujjat bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan insoniyatning XXI asrdagi rivojlanishining bosh yo‘li sifatida qaralmoqda.

Barqaror rivojlanish kontseptsiyasining mohiyatini, asosan, quyidagi bir nechta qoidadan iborat deb bilish mumkin. Jahon iqtisodiyotining rivoji shunday bo‘lmog‘i kerakki, bu rivojlanish oqibatida tabiiy muhit yemirilmasligi zarur. Barqaror rivojlanish uchun turli mamlakatlar va xalqlarning ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik rivojida xilma-xillik va rang-baranglik bo‘lmog‘i lozim. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish zaminida zo‘ravonlik emas, bir-biriga dushmanlik emas, gumanizm yotmog‘i kerak. Rivojlanish chindan ham barqoror bo‘lmog‘i uchun odamlarning o‘zaro munosabatlarida, jamiyat bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlarda uyg‘unlik bo‘lmog‘i zarur.

 “Badavlatlar uchun barqaror rivojlanishga o‘tish, – deya xitob qilgan edi Rio-de-Janeyrodagi konferentsiyaning Bosh kotibi Moras F.Strong konferentsiya qatnashchilariga, – mashaqqatli yoki ibtidoiy hayotga o‘tish degan ma’noni bildirmaydi. Aksincha, bu o‘zining to‘laqonliligi va o‘z-o‘zini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarining kengligi jihatidan juda boy hayotga olib kelmog‘i mumkin. Bu hayot o‘zining barqarorligi bilan hammani ko‘proq qanoatlantirishi va hamma uchun xavfsizroq bo‘lmog‘i mumkin, hamma baravar baham ko‘radigan imkoniyatlari va hammaga mushtarak foyda keltirishi bilan yanada barqaror bo‘lmog‘i aniq”.

Ko‘rinib turibdiki, “barqaror rivojlanish” tushunchasi ko‘p qirrali tushuncha. Bu tushuncha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bir xil qimmatga ega emas. O‘zaro murosai madorasiz bu vazifani hal qilib bo‘lmaydi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda aynan shu muammo vujudga keldi. Tojikistonda Rog‘un GESi, Qirg‘izistonda esa Qambarota GESlari qurilishi mo‘ljallanayotganligi Amudaryo va Sirdaryo suvlari bilan hayoti azaldan bog‘liq bo‘lgan muhit aholisini qattiq tashvishga solmoqda. O‘zbekiston respublikasining, avvalo, ikkala GES loyihasi nufuzli xalqaro ekspert komissiyalari tomonidan atroflicha ekspertizadan o‘tkazilishi zarur, degan e’tirozi hamda o‘rinli taklifi ikkala davlat rahbariyati tomonidan e’tiborga olinmayapti. Ahvol shu tarzda rivojlansa, najotga zor Orolning uzil-kesil zavol topishini, millionlab odamlarning ahvoli nihoyatda mushkul vaziyatga tushib qolishi mumkinligini ular mutlaqo tasavvur qilmayaptilar.

Lekin shu mudhish oqibatlar ro‘y bergudek bo‘lsa, hozir ularning qo‘ltig‘iga suv purkayotganlar o‘sha paytda Oroldan ko‘chgan tuz bo‘ronlarini to‘xtatib qolishga, uning yo‘lini to‘sishga chora topib berarmikin?

Vaholanki, bu ikki daryoga tajovuz tarixda ham bir necha bor sodir bo‘lgan.

Zero mintaqamiz xalqlari Sirdaryo, Amudaryo, Zarafshon, Mur-g‘ob va boshqa daryolar suvidan asrlar davomida tabiiy muvozanatni saqlagan holda oqilona foydalanib, juda ko‘p yerlarni obod qilganlar, bog‘-rog‘lar yaratganlar.

Lekin mana shu nozik muvozanat qo‘pol ravishda buzilsa, qanday dahshatli ekologik fojia yuz berishini biz tarixda bundan sakkiz asr muqaddam Chingizxon bosqinchiligi davrida boshdan kechirganmiz. Umrida bir nihol ko‘kartirmagan, madaniyatdan mahrum ko‘chmanchilar Sirdaryo, Amudaryo, Murg‘ob va boshqa daryolar o‘zanida qurilgan to‘g‘onlarni buzib, Xo‘jand, Urganch, Marv kabi obod shaharlarni suvga bostirganlar. Oqibatda butun-butun vodiylarda suvsizlikdan hayot so‘ngan, millionlab odamlarning yostig‘i qurigan. 1230 yilda Chingizxonning o‘g‘li To‘luyxon Murg‘ob daryosiga qurilgan to‘g‘onni buzdirib tashlaydi. Marvni suv bosadi. Uning atrofidagi obod voha suvsiz qolib, barcha daraxtlar va ekinlar yoz issiqlarida butunlay qurib qoladi. Ko‘p odamlar ochdan o‘ladi, tirik qolganlar bu joylardan bosh olib ketadi... Shundan keyin 180 yil davomida Marv va uning atroflari inson yashay olmaydigan o‘lik makonga aylanadi...

Insoniyatga iqtidori va iste’dodi quvvatidan tashqari yana bir ulug‘ imkoniyat berilgan. Bu – tarixdan saboq olish, xatolardan xulosa chiqarish imkoniyatidir. Lekin shunisi ajablanarliki, odamzod o‘zining mana shu imkoniyatidan juda kam foydalanadi. Zero, Rog‘un GESi va Qambarota suv omborlariga bugungi kunda to‘g‘on tiklashga urinmoqlik bir zamonlar daryolardagi to‘g‘onlarning buzdirilmog‘idan qanchalik farqi bor?!

Mehrga muhtoj sayyoramiz ahvoliga teranroq razm solsak, yana bir fojiani idrok etamiz. Bu yer yuzidagi chuchuk, toza suvlarning kamayib borayotganiligidir.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yer kurrasida suvsizlikdan nobud bo‘layotganlardan ko‘ra, iflos suv ichib halok bo‘layotganlarning soni ko‘proq. Kasalliklarning sakson foizi ifloslangan suv yoki antisanitariya tufaylidir. Faqat ichburug‘ining o‘zidan yiliga olti million bola nobud bo‘lyapti. Vabo, terlama, dizenteriya va gijja millionlarning yostig‘ini qurityapti. Quyosh tizimidagi suvi bor yagona sayyora – suvlari tahqirlanuvchi sayyoraga aylanib qoldi.

Dengizda neft to‘kilgan joylar tubini tekshirgan tadqiqotchilarning qayd etishicha, u yerdagi baliqlarning uvildiriqlari halok bo‘lar va ixtiofauna siyraklashar ekan. Sayyoramizdagi kislorodning o‘ndan yetti qismini ishlab chiqaruvchi fitoplanktonlar faoliyati zaharlanganlaridan keyin ulardan oziqlangan boshqa, murakkabroq jonzotlar ham zararlanadi. Ayniqsa uzoq muddat ta’sir etuvchi radiaktiv izotoplar xavflidir, chunki ular dengiz mavjudotlari tomonidan birinchi navbatda iste’mol qilinadilar, natijada organizm to‘qimalaridagi radiatsiya zichligi minglab marotabaga ortadi. Oziqlanish tizimi tarkibiga kirib olgan izotoplar yuzlab, minglab yillar davomida turli organizmlarda sayohat qilib yurishlari mumkin.

Men 1985 yil 30 iyul kunini juda yaxshi eslayman, bir umr yodimdan chiqmasa kerak. Bir yozuvchi do‘stim bilan hamqishlog‘im boshchiligida yil bo‘yi cho‘qqilaridan qori ketmaydigan tog‘lar qo‘yniga safar qilgan edik o‘shanda. Eriyotgan qorlardan irmoqqa aylanib oqayotgan suvga qo‘l tiqdik – sovuq kesib yuborgudek. Kechqurun tunab qolish uchun qalin o‘tloq ustiga joy to‘shadik. Qashqirlardan xavotir olib, kerakli choralarni ham ko‘rib qo‘ydik. Ertasi tongda uyg‘onib, nonushta qilib bo‘lgach, tog‘ yonbag‘irlari bo‘ylab yuqoriladik. Saraton bo‘lishiga qaramay, bunda adirlardagi turfa xil chechagu giyohlar endi gulga kirib, rangdor gilamlardek adirlarda yashnab yotardi. Betakror manzaralardan zavqim toshib, meni sigareta xumori tutdi. Bujur qoyaga suyangan ko‘yi sigareta tutunini burqsitdim. Bema’ni havaslardan hamisha o‘zini tiygan oshnam qoshimga kelib: “Do‘stim, tashlang shu yaramas odatingizni, shundoq musaffo manzarani tutunlar bilan bulg‘amang, iltimos!”, – dedi. Men bir zum o‘yga tolib, chekayotgan sigaretamni o‘chirdim-da, cho‘ntagimdan qutisini ham olib, astoydil g‘ijimladim va toshlar orasiga uloqtirdim. “So‘z beraman, endi chekmayman!”, – dedim. Garchi shu choqqacha bunaqa qasamdan yuz bora, balki ming bora ichilgan esa-da, bunisi so‘nggisi bo‘ldi. Va men shundan keyin sigaretani mutlaqo og‘zimga olmadim.

Koshki mening o‘sha odatdan voz kechishim tufayli tog‘ning bu vodiylari, adirlari zarofati, iforli havolari tozaligi saqlanib qolsa! Koshki bunday ma’volarga taraqqiyot otlig‘ temir qalb shiddatning ochofat nigohlari tushmasa, qadamlari yetib bormasa, tirnoqlari botirilmasa!..

Afsuski, unday emas! Bu puch xayol! Chor tarafdan siqib kelayotgan Tamaddun zug‘umiga uchragan chorasiz ohu holatidagi tabiat ahvolini anglamaslikdir! Bu shunchaki shoirona gap emasligini dalillash uchun yodingizga Tojikistonda qurilgan Alyuminiy zavodini solaman. Voha nabotot olamining sarg‘arishi, qarimsiq chaqaloqlarning dunyoga kelayotganligi undan taralayotgan zaqqumli epkin tufayli emasmi?!

Tabiatning noyob manzaralarini Xumson va Chotqol tog‘larida ham bisyor uchratishimiz mumkin. Bu tog‘lar – Toshkentning shohko‘chalarida turib qarasangiz, ayniqsa go‘zal ko‘rinadi. Xuddi ulug‘ rassom chizgan ajoyib polotnoga o‘xshaydi. Lekin uning go‘zalligi, ko‘rki-tarovati avvalgichami? Tamaddunning temir panjalari u yerlarga ham chang solmayaptimi? Odamlar qadami ostida tog‘lar malohati toptalmayaptimi? Zangori jilg‘alar, zilol irmoqlar bulg‘anmayaptimi?

Afsuski, men u tog‘lar qo‘yniga bot-bot safarlarim davomida zangori go‘shalar ahvolidan tashvishga tushish, nafaqat tashvishga tushish, balki bu haqda bong urish lozimligiga amin bo‘laman har gal!

Xumsonda Ugam daryosi bor. Chirchiqning eng katta irmoqlaridan biri. U naq tog‘lar bag‘ridan otilib chiqayotganday vag‘irlab, shovqin solib oqadi. Daryo tubi katta-katta tog‘ xarsanglaridan iborat bo‘lganligi uchun suv ana shu toshlarga urilib, dastlab chil-chil sinadi, keyin bu “siniq”lar havoga kumush zarrachalar bo‘lib to‘zondek sochiladi, sochilgan “to‘zonlar” daryo betiga tusharkan “biqirlab qaynayotgan” suvda qaynab, yana shitob oldinga enayotgan ko‘m-ko‘k mavj shaklini oladi. Rassomlar, odatda, ana shu mavjni yaxshi chizadilar, lekin suvning havoga sachrab oq “to‘zonga” aylangan soniyalarini aks ettirishda birmuncha qiynaladilar. Mana shu holatni – soniyalarni qanchalik aks ettira olganlik rassom mahorati darajasini belgilaydi. Rassom yetuk san’atkor bo‘lsa, chizgan tezoqar daryo tasviriga qarab, suvning tog‘larni bedor qiluvchi shovqinini ham eshitish mumkin.

Men Ugam daryosiga termilganimda har gal uning yuqorida ta’kidlangan go‘zallik jilvalariga emas, nihoyatda zilolligiga, ko‘m-ko‘kligiga, tozaligidan zangorilashib oqishiga lol bo‘lib termilaman. Va shu onda undan hovuch-hovuch ichish istagi jo‘sh uradi ko‘nglimda. Bu suv Chirchiqqa qo‘shilib, poytaxtgacha borishi va har bir xonadonga kirib, endi tug‘ilgan chaqaloqdan tortib to‘shagidan qo‘zg‘alolmaydigan qariyagacha chanqovini bosib, ularni obihayot safosidan bahramand etishini beixtiyor idrok etaman.

Mana shu daryoning naq qirg‘og‘idan yozuvchi do‘stim dam olish chorbog‘i sotib oldi va uni yozlik maskanga aylantirdi. Bir kun oshnalar bilan yig‘ilishib, shaxmat gashtagi qilish uchun bu go‘shaga chiqib bordik. Kun bo‘yi yayrab, hordiq chiqardik. Mezbonning iltimosiga ko‘ra, bir-ikki oshnalar tunab ham qoldik. Men tongda uyg‘onib hovliga chiqqanimda do‘stimning bog‘ etagida daryoning narigi qir-g‘og‘iga tikilib turganini ko‘rdim. Qoshiga bordim – asabi buzilgan edi. «Ha?!..» dedim, nima hol ro‘y berdi degandek. «Ha? Bog‘ingizda ilon ko‘rdingizmi?! Namuncha?!»– dedim. «Undan ham battarini!..– dedi g‘udranib. Keyin:– Daryoning narigi qirg‘og‘iga qarang, hozir anovi dalabog‘ning egasi chiqib, uyidagi chiqindi va suprindilarni daryo suviga to‘kadi!..»– dedi. Haqiqatan ham ko‘p o‘tmay bir kimsa dalabog‘ so‘qmog‘idan pastga tushdi-da, xarsanglar ustida turib paqiridagi axlatni suvga ag‘dardi. Bu holdan mening ham g‘azabim qaynab ketdi. «Yaxshimas!..» dedim. «Ahvol shu!..»– dedi u.

– Tartibga chaqirsangiz bo‘lmaydimi? Jim kuzatib turaverasizmi?!– uning qachonlardir mendagi chekish odatini tashlattirganiga sha’ma qilib dedim.

– E, do‘stim soddasiz-da. Ular bizning gapimizni bir tiyinga olishsa koshki! Ko‘ryabsizmi bog‘ to‘ridagi imoratni. Egasi unga gala-gala dam oluvchilarni ijaraga qo‘yadi...

O, nimasini aytasiz, daryo bo‘yidagi bunaqa “so‘lim go‘shalar” bitta yo ikkita emas-ku, axir! Agar ular har birining egasi bu “odatni” har kuni takror qilishsa va butun yoz – yilning iliq-issiq kunlari davomida muttasil davom ettirishsa, oqibat nima bo‘ladi? To‘g‘rirog‘i, nima bo‘ladi emas, nima bo‘lmoqda? Yoki “etti dumalagan suv pokizadir” aqidasi bundoq gunohlarni yuvib yuboradimi? Sho‘rlik daryo qachongacha bu adolatsizlikni ichiga yutadi? Unga yordam qo‘li cho‘zilmasa, u dardini ichiga yutaverib, bo‘g‘ilib o‘lmaydimi bir kuni?!..

Meni bir narsa tashvishga soladi – ko‘cha ko‘pchilikniki degan gap bor. Nega endi daryo ko‘pchilikniki emas?! Nega daryoning so‘lim sohillari taqsimlanib, xususiylashtirib olinishi kerak? Agar jarayon shu tarzda davom etsa, bir kun kelib tog‘lar etagi ­– adirlarga ham darvozalar o‘rnatilmasmikin? So‘lim chechaklar, anvoyi giyohlar yashnaydigan qirlar xususiylashtirib yuborilmasmikin?..

Mening turmush tashvishlaridan siqilib, tezob davr tug‘yonlaridan ruhim toliqqanida yengil mashinamni sozlab, kengliklar bag‘riga chiqib ketish odatim bor. Bunday paytlarda ko‘nglim vodiy safarini tusab qoladi. U tomonlarda kishi bahri-dilini ochib yuboradigan manzaralar borki, ularni ko‘rib ruhing yuksaladi, toza epkinlar nafasini tuyasan tegrangda. Men Farg‘ona vodiysi yo‘llaridan ko‘p bor o‘tganman. Avvallari, ya’ni sho‘ro zamonida bu yo‘llarning ikki chekkasi faqat paxta paykallari bo‘lib, kuz va bahorda sho‘ri yuvilgan shudgor holida ko‘rinar, paykallar chetlarida kallaklangan tutlargina bir-birlari bilan qo‘l ushlashgandek turardilar. Boshqa daraxtlar ko‘zga tashlanmasdi. Tasavvur qiling: yalang‘och shudgor dalalar va kallaklangan tutlar!.. Nihoyatda mudhish manzara emasmi bu?!

Endilikda bu kengliklar yerni sevuvchilarga, ekin ekishni eplovchilarga taqsimlab berilgan. Endi ular hech qachon yalpisiga shudgor qilinmaydi. Dov-daraxtlari yalpisiga kallaklanmaydi. Shu boisdan, yilning qaysi faslida bu yo‘llardan o‘tmang, ko‘pirib-toshib borayotgan zangor bog‘larga, bog‘chalarga ko‘zingiz tushadi. Bundan ko‘nglingiz yayraydi, ruhingiz musaffo havolardan bahra oladi. Inshoollo, bunday bog‘lar ko‘payib borajagiga imoningiz komil bo‘ladi.

Tarixdan buyuk Sohibqiron yurtimizni mo‘g‘ul istilosidan ozod qilganidan keyin unda bunyod bo‘lgan bog‘larni bir yodga olaylik. Shunda beixtiyor ko‘nglingizdan bugungi kunda tiklanayotgan yashil kengliklar safosi o‘sha davrda durkun sollangan bog‘lar fayzi bilan nihoyatda o‘xshash emasmi, degan sarxush etuvchi fikr kechadi.

Amir Temur va uning avlodlari davrida tabiatga oqilona munosabat yuksak madaniyat darajasiga ko‘tarilgan edi. Bosqin girdibodlari o‘tgan zaminda dov-daraxtlar yashnadi. Xususan, Samarqand qal’asi atroflarida bog‘lar ilm-fan va me’morchilik san’atining o‘sha davrdagi yutuqlariga asoslanganligini ularga berilgan nomlar ham aytib turibdi. Yazdiy “Zafarnoma”sida tarixiy voqea sifatida qayd etilgan Samarqand bog‘laridan biri “Bog‘i duvozdah burj”, ya’ni osmonning o‘n ikki burjiga moslab barpo etilgan ulkan bog‘ nomini oladi.

Amir Temur g‘oyasi bilan barpo etilgan bog‘lardan yana biri “Bog‘i naqshi jahon” deb atalgan. Chorbog‘ usulida qurilgan bu bog‘ning ma’lum bir joyida dunyoga dong‘i ketgan mevali daraxtlar, boshqa o‘rnida eng go‘zal gullar, chamanzorlar, yana boshqa munosib topilgan joyda soya beradigan nodir daraxtlar o‘stirilgan. Naqshinkor ko‘shklar, marmar hovuzlar, zilol suvli ariqlar, shovullagan favvoralar bu bog‘larni chindan ham jahonning ko‘rkiga aylantirgan.

Tabiatdan zavq tuyish, unga yuksak did bilan ko‘rk berish, uni e’zozlash borasida Bobur Mirzo faoliyatidan ham ko‘plab misollar keltirish mumkin. Jumladan, Kobulning baland bir joyida barpo etilgan ko‘rkam bog‘ “Bog‘i Boburshoh” deb atalgan. Bobur Mirzo bu boqqa tog‘dagi chashmalardan ariq qazdirib suv keltirgan. Unda besh asr burun ekilgan chinorlar hozir ham osmonga bo‘y cho‘zib turibdi.

Bobur Mirzo o‘zi barpo etgan bog‘larni “Boburnoma”da sevib qalamga oladi. Jamna bo‘yida undan yodgor bo‘lib qolgan “Bog‘i orom”, “Bog‘i Zarafshon”, “Bog‘i nilufar”, Kobulda bunyod bo‘lgan “Bog‘i binafsha” va “Bog‘i Navro‘ziy” shular jumlasidandir. Yoz paytida yo‘ng‘ichqaning nofarmon guliga va xushbo‘y hidiga to‘ladigan yana bir boqqa “Bog‘i yo‘ng‘ichqa” deb nom beriladi.

Men yurtimizda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga qarab, o‘zimcha bir haqiqatni kashf etgandek bo‘laman. Bu haqiqat shundan iboratki, agar mamlakat mustaqil bo‘lsa, xalq o‘zini emin-erkin his etsa, bu diyorda bunyodkorlik ishlari avj olar ekan, bog‘-rog‘lar ko‘payib, tabiatga mehr ortar ekan. Bugungi kunda mamlakatimiz poytaxtida va viloyatlar markazlarida bir-biridan ko‘rkam inshootlarning vujudga kelganligi, bir-biridan go‘zal bog‘ va xiyobonlarning barpo etilayotganligi bu fikrimning yorqin isbotidir. Men davom etayotgan bunday jarayonni – shijoatni, shukuhni Mustaqillik nashidasi, Istiqlol sururi deya atagim keladi.

Xususan, poytaxtimizdagi qayta ko‘rk berilgan Mustaqillik maydoni, Milliy bog‘, Shahidlar xotirasi maydoni, kabi saylgohlar husn-jamoli, ko‘rku fasohati bilan kimlarning qalbida zavq uy-g‘otmaydi, qaysi bir xorijlik mehmonning ko‘nglini rom etmaydi! Ayniqsa ulardagi yashillik tabiat bilan uyg‘unlikda yanayam ko‘rkamlik kasb etadi.

Mening erta tongda o‘zim yashaydigan mavzega yaqin katta yo‘lda aylanish odatim bor. Ayniqsa, yo‘l chetidagi bo‘sh maydonlarga hafsala bilan ekilgan manzarali daraxt ko‘chatlarini ko‘rib bahri dilim ochiladi. Biroq shularni ham sindirib ketadigan noshudlar bor ekan. Bir kuni ana shunday qayirib sindirilgan bir nihol qoshida mo‘ysafid kishi og‘ir g‘ussaga tolib turganini ko‘rdim. “Qaysi qo‘ling singur qildi ekan-a?!..”, – dedi menga yuzlanib. Uning iztirobi mening ham qalbimga ko‘chdi. “Yosh bo‘lsa, kim bo‘lib ulg‘ayarkin, voyaga yetgan fuqaro bo‘lsa, oilasida o‘zini qanday tutarkin?..” degan o‘ylarga cho‘mdim beixtiyor.

Keyingi yillarda, ayniqsa, archa ekish rasm bo‘ldi. Archa ko‘pyillik, chayir daraxt. Ko‘rinishi ko‘zni yayratadi. Shahar havosini tozalab turishda uning o‘rnini hech bir daraxt bosolmaydi. O‘tgan yili Nukusga borganimda yoz paytida ham yangi tashkil etilgan xiyobon archa ko‘chatlari bilan ziynatlanayotgan ekan. Bu mirishkorlik ajo-yib an’ana tusini olganligidan ko‘nglim yashnab, ruhim yuksaldi. Va shu asnoda viloyatlardan birida yuz bergan archa ko‘chatlariga bog‘liq voqea esimga tushdi. Hokimlik muassasalaru idoralar oldidagi maydonchalarga hamda yo‘l chetlariga archa ekish kerakligi haqida qat’iy topshiriq beribdi. Bir tuman markaziy ko‘chalari bo‘yidagi archalarning tutib ketishi qiyin bo‘libdi – sarg‘aya boshlabdi. Erta-indin maxsus komissiya keladi. Rahbarning gap eshitishi tayin! Nima qilish kerak? Rahbar o‘ylay-o‘ylay chorasini topibdi: ko‘chatlarning hammasiga yashil bo‘yoq purkab chiqinglar, deya buyruq beradi qo‘l ostidagilarga. Aytishlaricha, allaqachon ildizi qurib bo‘lgan o‘sha archalar hali ham yam-yashilmish!.. Mana, sizga ko‘zbo‘yamachilikning yangi ko‘rinishi!

Bugungi kunda tabiatga munosabatdagi har qanday holga chidash mumkindir-u, lekin bunaqasiga toqat qilish mumkin emas.

Ishqilib, yasama daraxtlardan iborat bog‘lar bunyod qiluvchilar chiqib qolmasa bo‘lgani. Bunday bog‘ ijodkorlari keyin uni bulbul ovozlarining fonogrammasi bilan pardozlash ishqiga tushib qolishsa-chi!..

Balki bu muhitni mo‘‘jiza deb targ‘ib qiluvchilar ham topilar? Lekin tabiiylikka nima yetsin!..

Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar fuqarolarida so‘nggi rusumdagi mashinada sayr qilish emas, yam-yashil maysada yalangoyoq yurish ishtiyoqi kuchayib bormoqda.

Bu tuyg‘uni tushunsa bo‘ladi. Chunki inson tabiat farzandi. U tamaddunning uchqur qanotlarida har qancha yuksakliklarga ko‘tarilmasin, baribir zaminni qo‘msaydi. Unga tuproq hidi va binafsha atri hamisha ezgu va tansiq bo‘lib qolaveradi.

Men axborot zamonining kishisi sifatida turfa ehtiroslardan har qancha ta’sirlanmayin, ko‘nglimga hamisha bir narsa taskin beradi. Bu insoniyatni eng qiyin vaziyatlarda, eng murakkab davrlarda asrab kelayotgan, uni to‘g‘ri yo‘lga da’vat etayotgan Yaratgan tomonidan in’om etilgan tafakkur va idrokka ishonch tuyg‘usidir.

Kishilik jamiyati bugungi kunda yana bir sinovga – global ekologik tanazzulga duch keldi. Buni chuqur his etgan dunyo olimlari bu kulfat oldini olish uchun, unga qarshi choralar topish uchun qizg‘in ish boshlab yubordilar.

Ayni chog‘da dunyo xalqlari qalbida tabiatga yangicha munosabat tuyg‘usi uyg‘ona boshladi. Taraqqiy etgan mamlakatlarda ishlab chiqarish sanoatining yangi, tabiatga ziyon yetkazmaydigan vositalari yaratilmoqda, ayniqsa quvvat manbalarini yaratish borasida ulug‘ kashfiyotlar arafasida turibmiz.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 5 iyunni “Butunjahon atrof- muhit kuni”, 22 martni “Butunjahon suv kuni” deb e’lon qilganligi, 2010 yilni “Butunjahon bioxilmaxillik yili” deya nomlaganligi ayniqsa quvonarlidir.

Yaponiya yashil xazinaga boyligi jihatidan dunyoning oldingi o‘rinlarida turibdi. Koreyada daraxt kasalliklarini davolovchi mutaxassislar – fitopatologlar tayyorlana boshladi.

Bu borada bizning mamlakatimizda ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda, ibrat bo‘larli tashabbuslar boshlab yuborilgan. Shu o‘rinda mustaqillik yillarida tashkil etilgan Respublika Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va «EKOSAN» xalqaro jamoat fondi faoliyatini alohida aytib o‘tmoq lozim. Shuningdek, mamlakatimizda ekologik harakatning vujudga kelganligi va bu guruhning jonkuyar, faol vakillari o‘tgan yili Oliy Majlisga bo‘lib o‘tgan saylovda parlamentdan o‘rin olganligi ko‘ngilni quvontiradi.

Shuni katta faxr bilan ta’kidlash joizki, ekologiyaga doir eng dolzarb muammolar Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan jahonning yuksak minbarlaridan turib aytildi va aytilmoqda. Jumladan, Yurtboshimiz Yunesko Ijroiya kengashi 155-sessiyasining yakunlovchi majlisida so‘zlagan nutqida (1998 yil 6 noyabr) shunday degan edi: “Bugun, XXI asr bo‘sag‘asida ekologik xavfsizlik, inson bilan tabiat munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga solish muammolari har qachongidan ham dolzarb masala bo‘lib turibdi. Zero, bu muammoning yechilishi barcha xalqlarning manfaatlariga daxldordir, jahon tsivilizatsiyasining buguni va kelajagi ko‘p jihatdan shunga bog‘liqdir.

Ekologik xavfsizlik muammosi milliy va mintaqaviy doiradan chiqib, umuminsoniyat dardiga aylandi. Shu boisdan uni faqat hamkorlik asosidagina hal etish mumkin”.

O‘zbekda qadimdan kelayotgan bir an’ana bor. U o‘z farzandi uyini o‘zinikidan-da shinam, chiroyli, sarishta bo‘lishini istaydi va shu orzu bilan jonini jabborga berib zahmat chekadi. Bugungi kunda butun insoniyat o‘zbekning mana shu an’anasidan ibrat olsa, ayni muddao bo‘lardi. Zero, kelgusi avlodlar umumbashariyat farzandi bo‘lib, Yer sayyorasi uning yashaydigan uyidir!

Men sokin kechalarda seryulduz samoga tikilganimda uning qaysi bir puchmog‘ida hayot bor ekan, degan xayolga cho‘maman. Hali u yulduzlarning birortasida hayot borligini ilm tasdiqlagani yo‘q. Lekin bu ma’volar bizga jannat go‘shalari bo‘lib tuyuladi ba’zan. Men, yo‘q, jannat u manzillarda emas, inson zuryodi yashayotgan mana shu mittigina yulduz – Yer atalmish sayyorada, degim keladi. Lekin mo‘‘jaz, ma’sum va munis sayyoraga unda istiqomat qilayotgan odamlar yuraklaridagi mehrini baxsh etmasalar, uni tamaddun junbushlaridan himoya etib, yashnatish ishqi bilan yonmasalar, u tobora unniqib, oxir-oqibat zavolga yuz tutishi va haqiqiy do‘zaxga aylanishi ehtimoldan xoli emas, degim ham keladi.

Sayyoramizni asraylik, odamlar!

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.