Bundan 20 yil avval ko‘chada birovning o‘zi bilan o‘zi gaplashib ketayotganini ko‘rsak, shubhasiz uni aqldan ozgan deb o‘ylardik. Bugun esa bu manzarani mutlaqo oddiy qabul qilamiz, “qo‘l telefoni quloqchinli ekan” deb qo‘ya qolamiz. Ha, rivojlanish, fan-texnika taraqqiyoti bugun bizning dunyoqarashimizni shu kabi hodisalar bilan boyitdi.
Avvallari kitob kerak bo‘lsa yoki aytaylik, o‘zimiz yoqtirgan hofizning qo‘shiqlarini tinglash istagi tug‘ilsa, albatta, xarid uchun do‘konga borishimiz shart edi. Hozir esa bularning bariga uydan chiqmay ham ega bo‘lishimiz mumkin. Shunday qilib, bugun yangi mobil aloqa, simsiz texnologiyalar tufayli axborot va ma’lumotlar bizning doimiy hamrohimizga aylandi. Ayni chog‘da insoniyatning turmush tarzini butunlay o‘zgartirib yuborgan ixtirolardan ta’sirlangan bir guruh mutaxassislar yaqinda qiziq bir ro‘yxatni e’lon qilishdi. Bu — so‘nggi 25 yil ichidagi eng yirik va muhim kashfiyotlar ro‘yxatidir.
Mutaxassislar sohalar ichida haqiqiy burilish yasagan innovatsion texnologiyalarga munosabat bildirishar ekan, kompyuter atalmish mo‘’jizaga 5-o‘rinni berishdi. Shaxsiy kompyuterlarning odamlar uyida qo‘llanilishi yangi texnologiyalar rivojining asosiy isbotidir, — deyishmoqda ular. Biroq endi uydagi kompyuterning o‘zi yetarli bo‘lmay qoldi. Biz istagan joyimizda, xoh u aeroport bo‘lsin yoki qahvaxona va yoxud universitet bo‘lsin, undan foydalanishni istaymiz. Shunga muvofiq o‘laroq kompyuterning “miya”si bo‘lmish protsessorlar hajm jihatidan kichrayib bormoqda. Kompyuter chiplari innovatsion texnologiyalar ro‘yxatining 9-pog‘onasidan joy oldi. Atigi barmoq uchimizdek keladigan bu chiplarga masalan, butun boshli «Parij kutubxonasi»ni sig‘dirib yuborish hech gap emas.
O‘zida juda ko‘p axborotlarni jamlagan telefon va raqamli fotoapparatlarga 10-o‘rin berildi. Internet tarmog‘ining hayotimizga kirib kelganidan nechog‘li quvongan bo‘lsak, u orqali ma’lumotlarimizning o‘g‘irlanishi, kompyuterimizni izdan chiqarishga mo‘ljallangan virus va spamlar tashvishlantirgandi. Xayriyatki, “kompter qalloblari”dan himoyalovchi butunboshli sanoat yuzaga keldi. Bu xaloskorlik mutaxassislar tomonidan 20-o‘rin bilan baholandi.
Innovatsion texnologiyalar ko‘ngilochar sohalar — TV va radio tizimiga ham yangiliklar olib keldi. Yo‘ldoshli televidenie va radio (13-o‘rin) odamlarning tanlash imkoniyatiga yanada kengroq yo‘l ochdi. Masofadan turib boshqarish, ya’ni pultlarning paydo bo‘lishi esa tomoshabin va tinglovchiga yanada qulaylik tug‘dirdi.
Videoo‘yinlar texnologiyasi bugun yiliga $10 mlrd. sarmoyaga ega. Videoo‘yinlar ancha reallashdi — fantastika olamidan tashqari endi ishqibozlar sport va urush borasida ham o‘zlarini “sinab” ko‘rishlari mumkin (24-o‘rin). Mutaxassislar iste’molchiga yana bir o‘ng‘aylik tug‘dirgan mahsulot — plazmali teleekranlarni ham shu o‘ringa kiritishdi.
Hayotimizga yangilik olib kelgan innovatsiyalardan yana biri ilmiy laboratoriyalarda yuzaga keldi. Olimlar ko‘plab organizmlarning genetik tuzilishini tushuntirib berishdi (7-o‘rin). DNK tahlili (14-o‘rin) esa Janubi-Sharqiy Osiyo tsunamisida yo‘qolgan bolalar va ularning ota-onalarini birlashtirishga yordam berdi.
Biometrika — shaxsiyatni aniqlashning avtomatlashgan usullari (xatti-harakat yoki tuzilishga asoslanib shaxsiyatni aniqlaydi. Bugungi kunda barmoq izlari va yuz qiyofasini aniqlash haqidagi ma’lumotlar kompyuter bazasiga joylashtirilib, raqamli shaklga o‘tkazilmoqda) reytingda 16-o‘rinni egalladi. Hayvonlarni klonlash esa 22-o‘ringa loyiq topildi.
Neft narxining oshib ketishi esa muqobil yonilg‘i (masalan, vodorod, yadro, quyosh nuri va boshq.) bilan ishlovchi dvigatellar (3-o‘rin) turlariga ehtiyojni kuchaytirdi. Ular orasida kamida ikkita energiya manbai (odatda, elektr toki va benzin) ishlatiladigan gibrid avtomobillari juda ommalashib ketgan.
Tan olishimiz kerak, bir qancha ixtirolar yangi texnologiyalarga aloqador bo‘lmasa-da, turmush tarzimizdagi o‘zgarishlarga katta hissa qo‘shgan. Masalan, yorug‘lik lampasi, unitaz hamda dush kabi suv va havodek zarur qulayliklar borki, mutaxassislar bugun ham ularni bemalol ro‘yxatning 17-pog‘onasiga qo‘sha olishdi.
Xo‘jalik, ishlab chiqarish sanoatida “temir odam”larning yaratilishi ish sur’atining tezlashuvi va ishchi kuchining arzonlashuviga olib keldi. Robot yasash texnologiyasi 23-o‘rindan joy oldi.
12-o‘ringa optik tolali kabellar egalik qilmoqda. Ular oddiy kabel va simdan ko‘ra yaxshiroq sifatda tasvir va informatsiyani yetkazib bera oladi. Optik tolali kabel telefon aloqasini ham yaxshiladi va bu tarmoqning quvvatini oshirdi.
Texnologiyalar va internet rivoji moliyaviy operatsiyalar, bank xizmatlarini ham takomillashtirdi (8-o‘rin). Qulaylik shundaki, endi bizda internet yordami bilan bankdagi hisob raqamimiz, kredit kartochkamizni tekshirish, shuningdek turli hisob-kitoblar va to‘lovlarni istagan paytda amalga oshirish imkoniyati bor.
Harbiy texnika taraqqiyoti (12-o‘rin). Harbiy robotlar hozirda Iroqni minalardan tozalash va Afg‘onistondagi g‘orlarni taftish qilishda qo‘l kelmoqda.
Lazer texnologiyalari dastlab 1960 yili patent olgan bo‘lsa-da, amaliyotda yaqin o‘tmishdan boshlab qo‘llanila boshlandi (6-o‘rin). Bu usuldan tibbiyotda, shu bilan birga SD va DVD disklar tayyorlashda keng foydalanilmoqda.
Koinotdagi tadqiqotlar (11-o‘rin) va o‘ta kuchli teleskoplar butun galaktikamizni ko‘rishimizga imkon berdi. Bilamizki, galaktika yerdan 12 mlrd. yorug‘lik yilidan ziyodroq masofada joylashgan. Sohadagi taraqqiyot natijasida avtomatik koinot kemalari Mars sayyorasiga qo‘ndi.
Ro‘yxatga kiritilgan innovatsiyalar ichida akkumulyator (19-o‘rin), ob-havo ma’lumotlarini oldin aytish (25-o‘rin) va skanerli mikroskop (u ushoqdek narsa, masalan, chivinning bosh qismini uch barobar kattalashtirib ko‘rsatadi) kabilar ham bor.
Quyida reytingni to‘liq e’tiboringizga havola etamiz:
1. Simsiz texnologiyalar
2. Mudofaa texnologiyasi
3. Muqobil energiya bilan ishlovchi dvigatellar
4. Biotexnologiyalar
5. Kompyuter
6. Lazer
7. Genlar ustida olib borilgan tadqiqotlar
8. Global moliya tizimlari
9. Protsessorlar va kompyuter chiplari
10. Raqamli qurilmalar
11. Koinot tadqiqotlari
12. Optik tola
13. Yo‘ldoshli televidenie va radio
14. DNK tahlili
15. Videoo‘yinlar
16. Biometrika
17. Elektr va suvo‘tkazgich texnologiyalar
18. Skanerli mikroskop
19. Batareykalar
20. Spamlar va kompyuter virusiga qarshi kurashuvchi texnologiyalar
21. Masofadan turib boshqaruvchi pultlar
22. Hayvonlarni klonlash
23. Kompyuter yasash texnologiyasi
24. Katta diagonalli ekranlar
25. Ob-havo ma’lumotlarini aniqlovchi texnologiyalar
Bu ro‘yxatni ko‘zdan kechira turib, bir fikr xayolga keldi. Biz ko‘pincha o‘zimizni ojiz sezamiz, dunyo tashvishlarini yengish qo‘limizdan kelmaydigandek tuyuladi. Lekin bir o‘ylab ko‘rsak, mana shu mo‘’jizalarning bari inson qo‘li bilan yaratilgan. Xuddi siz va biz kabi insonlar qo‘li bilan! Shuni hisobga olganda, tushkunlikka aslo o‘rin yo‘q. Axir, bugungacha dunyo yuzini ko‘rgan ixtirolarning mualliflari “olma pish, og‘zimga tush”, deb o‘tirmaganlar-ku?!
Har qanday qiyinchilik va to‘siqlarni yengish, tunu kun mashaqqatli mehnat qilish evaziga shunday darajadagi taraqqiyotga erishishga ulush qo‘shganlar. Bugun shu mehnat, izlanishlar natijasi o‘laroq hayotimiz to‘kis va farovon. Demak, bu izlanishlarni to‘xtatmay, yanada yuksakliklarga qarab harakatlanish va yangi yutuqlarga erishish mumkin, degan ishonch uchun to‘la asos bor.
Muborak Oxunova