OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gagarin: halokat mash-mashalari

Sayyoraning birinchi raqamli kosmonavti qay tarzda halokatga uchradi? Bu hodisaning jumboqqa aylanishiga sabab nimada? Bu savollarga javob topish mumkinmi? 

Jumboq haqida qarashlar...

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Gagarin va Seryoginning UTI MiG-15 samolyoti 1968 yilning 27 marti, kunduzgi soat 10:31da  Vladimirsk viloyatining Kirjach shahridan 18 km uzoqlikdagi Novoselovo rayonida qulab tushdi. Bu dahshatli xabar bir zumda yer yuziga tarqaldi. Yerdan 3000 metr balandlikda samolyot bulutlardan pastlay boshladi. Yuqoriga ko‘tarilgan bir necha yordam samolyoti uchuvchilar hayotini qutqarishiga soniyalargina kamlik qildi. Butun voqeaning guvohi bo‘lgan Valentin Surkov shunday deydi: 1968 yilda men Podolsk elektromexanika zavodida ishlardim. Chilangar bo‘lishimga qaramay, RVO samolyotini  boshqaruvchisiga nisbatan yomon bilmasdim, — deydi u. — Fojea arafasida meni Moskvadan uzoq bo‘lmagan Dubrovo harbiy qismiga xizmat safari bilan jo‘natishdi. 27 mart kuni soat 8.30 da ofitserlar yotoqxonasidan chiqib, qo‘shni o‘rmondagi aloqa bo‘limini ta’mirlash uchun jo‘nadim. U yerga yayov 20-25 daqiqa ichida yetib olsa bo‘lardi. Havo quyoshli, osmonda bulut ko‘rinmasdi. Soat 8.45 da butunlay tasodifiy holga guvoh bo‘ldim. Stromin shaharchasi yo‘lida quyoshga yaqin joyda allaqanday yarq etgan chaqnashni ko‘rdim. Qarab turdim: asta-sekin shu tomondan samolyot ko‘rina boshladi. Ha, jin ursin, axir, bu uchish uchun taqiqlangan hudud-ku, deb ham o‘yladim. Chunki, bu joyda maxfiy ob’ektlar  xuddi, bochkaga solingan sald balig‘idek, sir tutilar edi. Keyin tushundimki, bu samolyotda qandaydir nosozlik yuz bergan. Fikrimcha, dvigateli ishdan chiqqan edi.

Samolyot arvohga o‘xshab, shimoli-sharqqa tomon 8 metr balandlikda 300 km tezlik bilan  uchib o‘tdi. Xotiramga ko‘ra (aniq eslayman), sirli bu samolyot 40-43 gradusga pasayib borardi.

Uchishini 30 yoki 40 soniya kuzatdim. So‘ng UTI MiG-15 samolyoti ufqqa singib ketdi. Soat roppa-rosa 9.00 da ishga kelib, navbatchi mayorga ko‘rgan voqealarimni aytganimda, u ham xavotirga tushdi va tez orada qaergadir ma’lum qildi. Apparaturalarni tekshirib, yana yotoqxonaga qaytdim. Soat 10.00 da 3 ta qidiruv vertolyotining uchib o‘tganini payqadim. Yerdan 50 metr balandlikda u maydonni ko‘zdan kechirar edi. G‘alati kun bo‘ldi — taqiqlangan hududda hali samolyot, hali vertolyot uchardi. Keyin esa, bu samolyot Gagarin va Seryogin Chkalov aerodromidan ko‘tarilgan samolyot ekanligini bildim.

Bu voqealar shu bilan tugab qolmadi, soat 11.00 da garnizon oyoqqa turdi, ikkita «Zil» mashinani askarga to‘ldirib qayoqqadir olib ketishdi. Kun yarmiga kelib radiodan, «Gagarin halok bo‘ldi», degan xabar yangradi.

Gagarin samolyoti Melja daryosi bilan Torf botqog‘i oralig‘ida qulab tushdi. Voqea sodir bo‘lgan punkt yaqinidagi Krutets shaharchasining Ryazants qishlog‘i aholisi voqeadan hayratga tushishdi. Halokat joyida paydo bo‘lgan chuqurlik tezda botqoq suvga to‘ldi. Botqoq chekkasida  o‘sayotgan daraxtlarda alyumin parchalari bargga o‘xshab osilib qoldi. Portlash  bo‘lmadi — bo‘lsa men eshitar edim. Samolyot shunchaki, daraxtga urilib parchalanib ketdi.

Keyin ma’lum bo‘ldiki, samolyot Chkalovdan Elektrostal shahrigacha uchishi, so‘ng Gorkiy shossesi yoqalab borishi kerak edi. Men haligacha tushunolmayman — Elektrostalda nima bo‘ldi, samolyot nima uchun taqiqlangan hududdan uchib o‘tdi. Taxminimcha, men samolyotni ko‘rgan vaqtda ham Gagarin va Seryogin tirik emasdi. Tirik bo‘lganda, ular samolyotni bemalol yerga qo‘ndira olmasmidi, mashinani to‘g‘rilashga urinmasmidi yoki bo‘lmasam, katapulta qilolmas edimi? Menga yana bitta savol tinchlik bermaydi. Qanday maqsadda uzoq vaqt davomida bizga birinchi raqamli kosmonavt haqida yolg‘on ma’lumot berishgan? Axir, Novoselovoda hozir ham halokat qoldiqlari mavjud-ku...

Yuriy Gagarin o‘limidan oldingi 19 daqiqa...

Qariyb, 40 yildirki,  sayyoraning birinchi raqamli kosmonavti qanday halok bo‘lganligi bilan bog‘liq bir qancha taxminlar yuradi. Bu sirli jumboq yuzasidan Gagarinning boshlig‘i general Nikolay Kuznetsovda shunday ma’lumotlar bor.

1968 yil 27 mart, chorshanba. 
Gagarinning kun tartibi ertalabdan kechgacha belgilab qo‘yilgan edi. Shu kuni u 3 marta havoga ko‘tarilishi, birinchi marta  polk komandiri bilan, xullas u uchish dasturini albatta bajarishi kerak edi. Ammo Gagarin tashvishda, chunki xotini kasalxonada edi. Yo‘l-yo‘lakay uning yoniga kirdi, keyin general Kuznetsov bilan aerodromga jo‘nadi. Yetib kelgach, yon-atrofga boshqacha nazar bilan razm soldi. Birinchi navbatda vrach ko‘rigidan o‘tdi, injener oldiga borib qismning «texnik tayyorgarligi»ni ko‘zdan kechirdi. Sinoptiklar ma’lumotlarini olgach kabinaga chiqdi. Seryogin ham ishdan bo‘shamagani sababli Chkalov garnizoni boshlig‘i uchishga ruxsat bermagan edi. Transport samolyotining sinovlari anchaga cho‘zildi. Nihoyat, Seryogin kabinaga chiqdi. 

10.12 da samolyot yerdan ko‘tarildi. Gagarin va Seryogin halokatiga 19 daqiqa qoldi. 5 minutdan so‘ng Gagarin uchish boshqaruvchisiga  ma’lumot berdi:
— 625- chi, maydonni band qildim. Balandlik — to‘rt! 
— 625-chi, buyruqni bajaring! — buyurdi parvoz boshqaruvchisi.
Belgilangan rejani bajarish uchun hammasi bo‘lib 20 daqiqa kerak edi. Balki 23-25 daqiqa...

Lekin 5 daqiqadan so‘ng Gagarin yerga ma’lum qildi:
— Maydondagi topshiriqni bajardim.
U hushyor bo‘lish o‘rniga  vaqtdan tig‘iz foydalanardi. Kabinada turgan polk komandiri topshiriqni o‘zgartirish huquqiga ham ega edi. Shu sabab yerga xabar bermasa ham bo‘laverardi. Parvoz boshqaruvchisi hech narsa so‘ramay qo‘ydi.

Seryogin biror marotaba ham aloqaga chiqmadi. 10.30 da Gagarin va Seryoginning ikki kishilik UTI MiG-15 samolyoti yer bilan aloqani uzdi. Aynan, soat 10.30 da kosmonavtning qo‘l soati ham to‘xtab qoldi. Xuddi hayotiga ham nuqta qo‘yilgandek. 

Fojea sodir bo‘lgan joyda harbiy qutqaruvchi guruhlar paydo bo‘ldi. Atrofdan kuchli kerosin hidi anqib turardi. Samolyot qanotlarini kesib tashlagan ikkita qayin daraxti shoxlarida Gagarin kurtkasi bo‘laklari osilib turardi. Hamma yoqda samolyot parchalari sochilgan, tor yo‘lakda pastki jag‘ tishlari yotardi...

Hozirgacha birinchi kosmonavtning qanday halok bo‘lganini hech kim aniq ayta olmaydi.

Suhrob Sherov, Erkin Qodirov  tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.