Yurtimiz ilm-fani, madaniyati va san’atiga qiziqish jahon miqyosida kuchayib bormoqda. Xususan, xorijiy mamlakatlarda o‘zbek adabiyoti tarixining tadqiqotchilari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Ma’lumki, ajdodlarimiz bitib qoldirgan ko‘pgina nodir asarlar turli sabablarga ko‘ra dunyoning turli taraflariga sochilib ketgan. Shoh va shoir Muhammad Shayboniyxon (1451 – 1510) «Devon»ining yagona qo‘lyozmasini taqdir to‘zonlari Turkiyaga eltib tashlagan ekan. «Devon» kotiblar tomonidan ko‘paytirilmaganligi va omma orasida keng tarqalmaganligi tufayli to‘rt asr davomida tarix qatlarida noma’lumligicha yotgan edi.
O‘tgan asrda ulkan tarixchi va siyosat arbobi Ahmad Zaki Validiy To‘g‘onning sharofati bilan Shayboniy «Devon»i dunyo yuzini ko‘rdi. XX asrning 20–30-yillarida Istanbulda nashr etilgan «Yangi Turkiston» jurnalida professor To‘g‘onning «Shayboniyxonning she’rlari» nomli maqolasi e’lon qilindi. Maqolada olim birinchi bo‘lib Shayboniyning Istanbuldagi To‘pqopi saroyi kutubxonasida 2436 inventar raqami bilan usmonli turk sultonlaridan Ahmad III muhri ostida saqlanayotgan «Devon»i haqida xabar bergan, uning hayoti va ijodiga to‘xtalgan hamda o‘limi tafsilotlarini yozgan. Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on turli manbalarga asoslanib to‘plagan bu ma’lumotlarni kengaytirib, 1947 yilda nashr etilgan «Bugungi turk eli. Turkiston va yaqin tarixi» kitobida ham keltirilgan. Shundan so‘ng M. F. Ko‘prulu, K. Eraslon, M. Kafali kabi qator usmonli turk olimlari Shayboniyxon ijtimoiy va adabiy faoliyatining turli qirralarini yoritganlar, «Devon»dan ayrim namunalarni matbuotda chop ettirganlar, ijodini ilmiy tahlil-tadqiq qilganlar. Umuman, Turkiyada mumtoz adabiyotimizga oid manbalarni o‘rganish, targ‘ib-tashviq etish va yuksak nashriy saviyada e’lon qilish borasida yaxshi an’analar yaratilgan.
Istanbul universiteti adabiyot fakultetining turk tili va adabiyoti bo‘limida Shayboniy ijodi yuzasidan 1968 yilda Akbiyik O‘zay, 1971 yilda Temur Xo‘ja o‘g‘li dissertatsiya himoya qilganlar.
Muhammad Shayboniy asarlari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan yana bir turk olimi Ya. Qoraso‘y shoir «Devon»ining lotin imlosiga o‘girgan nusxasini o‘zining «Shayboniyxon devoni» nomli doktorlik dissertatsiyasiga ilova sifatida kiritgan. Ya. Qoraso‘y shoir «Devon»ini asosan tilshunoslik nuqtai nazaridan tekshiradi va Shayboniy asarlari tilining soddaligi, tarixiy voqealarning talqiniga xos xususiyatlari bilan o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos o‘rin tutadi, deb baho beradi. Olim Shayboniy ijodining o‘ziga xos bir qirrasini alohida ta’kidlab o‘tadi. Bu shoir she’rlarida jug‘rofiy, etnik va shaxs nomlarining tez-tez uchrashidir. Lirik janrdagi asarlarda joy va shaxsni bildiruvchi maxsus nomlarni Shayboniy darajasida keng qo‘llagan boshqa biror ijodkorni topish qiyin. Shuning uchun ham shayboniyshunos Ya. Qoraso‘y uning ijodini Turkiston tarixi va jo‘g‘rofiyasining she’riy bayoni deb baholagan. 1998 yilda Anqara matbuotida Ya. Qoraso‘y Shayboniy ijodini yoritishga bag‘ishlagan ko‘p yillik ilmiy izlanish natijalarini monografiya tarzida e’lon qildi. Olim Shayboniy haqida islom ilmlari va tasavvuf nazariyasini yaxshi bilgan, Eron adabiyotidan voqif, go‘zal san’atlarni tushunadigan san’atkor ruhiyatli bir insondir, degan fikrni bildiradi.
Muhammad Shayboniyning ijodiy ko‘lami faqat «Devon» tarkibidagi asarlar bilan chegaralanmaydi. Manbalarda shoirning boshqa asarlari ham mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar keltiriladi. Hasanxoja Nisoriy «Muzakkiri ahbob» tazkirasida Shayboniyning turkiy til qonun-qoidalari bo‘yicha fors tilida kitob yozganligi haqida xabar beradi. Biroq mazkur kitob hozircha topilgan emas.
Professor Muhammad Fuod Ko‘prulu Shayboniyxonni «original va samimiy ijod namunalari, Navoiy klassikasi yonida yassaviylik adabiy an’analari bilan yo‘g‘rilgan asarlarini hisobga olganda, o‘zbek adabiyoti takomiliga salmoqli hissa qo‘shgan, o‘z o‘rniga ega bo‘lgan siymodir» deb ta’kidlaydi va «Islom entsiklopediya-si»ga yozgan maqolasida Shayboniyning fiqh ilmiga oid risolasi xususida so‘z yuritadi. 1507 yili yozilgan bu asar shahzoda Temur Sultonga atalgan bo‘lib, diniy yo‘l-yo‘riq va qoidalardan tashkil topgan.
Sharqshunos olim V. V. Bartold arxivini tavsif etgan N.N. Tumanovich ma’lumotiga qaraganda, M. F. Ko‘prulu Shayboniyning mazkur asarini 916 (1510) yilda Mashhadda ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxasidan yozib olgan va u turk olimining shaxsiy kutubxonasida saqlanadi.
Keyingi tadqiqotlarda ham mazkur asar tilga olinmoqda. Zahiriddin Muhammad Boburning «Mubayyin» asarining Istanbul nashrini amalga oshirgan doktor Tanju O‘ral Seyhan Shayboniyning ushbu nasriy asarini «Risolai maorif» deb qayd etadi va uning aniq manzilini ko‘rsatadi. Bu ma’lumotga ko‘ra, asar Britaniya muzeyi kutubxonasida 12956 raqami bilan saqlanadi, hijriy 916 yilda Mashhadda ko‘chirilgan, 46 sahifadan iborat bo‘lib, har sahifada 10 satr bitilgan.
Shayboniy teran falsafiy fikrlarni keng va batafsil bayon qilishda maqbul she’riy janrlardan biri bo‘lgan qasida janriga ham murojaat etgan. Bizga yetib kelgan bu asar falsafiy-ta’limiy ruhdagi «Bahr ul-hudo» («Hidoyat dengizi») deb nomlangan qasidadir. Hijriy 914 yilning muharram oyida – milodiy 1508 yil may oyining 3–14 kunlari Bastom va Domg‘on (Xuroson) shaharlarida yozilgan 260 bayt ( 520 misra)dan iborat mazkur qasidaning hozircha yagona deb hisoblanayotgan qo‘lyozma nusxasi ham Britaniya muzeyi kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida Add. 7914 y. raqami bilan qayd etilgan va ingliz sharqshunosi doktor Charlz R’yo tomonidan tavsifi berilgan yirik majmua tarkibidan joy olgan. G‘oyat noyob bu majmuaning mikrofilmi va fotonusxasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
Shayboniy shaxsiyati va ijodiy merosiga Yevropa va Amerika olimlari ham qiziqqanlar. 1982 yilda amerikalik olim A. Bodrogligeti «Ural-Oltoyshunoslik xalqaro jurnali»da Shayboniyning «Bahr ul-hudo» qasidasini so‘z boshi, izoh va lug‘at bilan nashr ettirgan. Noshir asarni o‘rta asr Sharqida turkiy tilda yozilgan eng uzun qasida deb hisoblaydi va shoirning ba’zi mavzularda, ayniqsa, ilm haqidagi fikrlari tarqoq holda berilganligini nazarda tutib, qasidani ko‘chirgan kotib uning asl tuzilishini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin, deydi. Olim asarning umumiy uslubi Sa’diy uslubiga o‘xshab ketadi, xususan qasidaning Shayboniy nasihatlaridan iborat o‘rinlari «Guliston»ning bevosita ta’sirida yuzaga kelgan, degan fikrga keladi. Shuningdek, A.Bodrogligeti mazkur nashrga yozgan so‘z boshida Shayboniyning «Risolai maorif» asarini qayd etadi va bu asar ham «Devon», «Bahr ul-hudo» kabi shoirni yetuk bilimdon, taqvodor musulmon, raiyat va islom dini haqida g‘amxo‘rlik qiluvchi inson sifatida ko‘rsatadi, deydi.
Amerikalik taniqli turkiyshunos E. Olvort XIV asrdan boshlab hozirgi davr-ga qadar ijtimoiy-madaniy tarixni qamrab olgan «Zamonaviy o‘zbeklar» asarida Shayboniyxonni Turkiston tarixi va madaniyati rivojida katta mavqe tutgan hukmdor sifatida ta’riflaydi. Fransuz sharqshunosi R. Grosset Shayboniyxonga «kamoli e’tiborga loyiq fikr sohibi» deb baho beradi. Jadidchilik harakatining rahnamosi I. Gasprinskiy «Tarixi jadidi Turkiston» nomli maqolasida Shayboniyxonni «shijoatli shaxs» deb ta’riflaydi.
Shuningdek, major olimlaridan H. Vamberi, Ya. Ekmann, rus sharqshunoslaridan V. V. Bartold, A. A. Semenov, B. D. Grekov, A. Yu. Yakubovskiy va boshqalar Shayboniyxon va shayboniylar davri tarixi, adabiyotini, shu suloladan yetishib chiqqan sulton va xonlar faoliyatini o‘rganganlar. Mutaxasislar qayd qilishlaricha, Muhammad Shayboniy umrining ko‘p qismini ot ustida, quv-g‘inda, jangu jadallarda o‘tkazganiga qaramay, turli ilmu san’atlarni puxta egallagan. Bu haqda mashhur sharqshunos A. A. Semenov: «...olimlar Shayboniyxon faqat darbadarlikda kechgan hayotida qanday qilib bunday kamolotga erishdi ekan, deya hayratlanadilar»[1], – deb yozgan edi.
Shayboniyning ma’rifatparvarligi xususida so‘z borganda uning faoliyatini yaxshi o‘rgangan olim H. Vamberining ushbu fikrlari esga tushadi: «...bu urush odami maorif va madaniyat haqida o‘z davrining ruhidan to‘la xabardor va zamonasidagi tengdosh shoirlarning aksariyatidan ortiq darajada qalam sohibi bo‘lgan. Chunki uning she’rlari, dushmanlari fikrining teskarisi o‘laroq, buyuk bir iqtidor va go‘zal tabiatga molik ekanini, u ham turkiy, ham forsiy, ham arabiy tillardan asosli suratda voqif ekanini ko‘rsatmoqda... U maorif jihatidan oldingi Temur shahzodalarining aksaridan past emas edi»[2].
Yurtimiz ilmiy-adabiy jamoatchiligi shoir «Devon»i haqida 1991 yilda xorijlik o‘zbek olimi Temur Xo‘ja o‘g‘lining «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining «O‘zbeklar va dunyo» rukni ostida Muhammad Shayboniyxon tavalludining 540 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan «Turk saroyidagi nodir asar» maqolasi orqali (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1991 yil 20 dekabr) xabardor bo‘ldi. Maqolada professor Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on Shayboniyning noyob «Devon»ini To‘pqopi saroyi kutubxonasidan topib, 1927 yilda ilm dunyosiga dastlab tuhfa etganligi eslatib o‘tiladi. Temur Xo‘ja o‘g‘li Shayboniy «Devon»ining jahondagi yagona qo‘lyozmasi usmonli turk podshohlari saroyiga qanday kelib tushganligi ma’lum emasligini aytadi. Maqolada shoir ijodidan namunalar ham havola etilgan. Maqola muallifi, Sakkokiy, Gadoiy, Navoiylar an’anasini davom ettirgan Shayboniy she’rlaridagi diqqatni o‘ziga jalb qiladigan xususiyat shoirning Turkiston yurtiga bo‘lgan cheksiz muhabbatini har doim tilga olib turganidir, deb ta’kidlaydi.
Bularning barchasi Shayboniy faoliyati va asarlari har doim chet ellik tadqiqotchilar diqqat-e’tiborida bo‘lganligini va bu borada bir qancha jiddiy ishlar amalga oshirilganligini ko‘rsatadi. Eng muhimi, xorijdagi ilmiy-adabiy jamoatchilikning Shayboniy ijodiga munosabati, ta’kid va qaydlari bir-birini to‘ldiruvchi mushtarak nuqtalarga ega.
Munira Sharipova, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti katta o‘qituvchisi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 4-son.
[1] Semenov A. A. K voprosu o proisxoj-denii i sostave uzbekov Sheybani-xana. –Stalinabad: 1954. –S.70.
[2] Vamberi X. Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi. –T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1990. –B.91–92.