Mashhur ingliz yozuvchisi Daniel Defoning (1660–1731) «Robinzon Kruzo» romani muallifga favqulodda ulkan shuhrat keltirdi. Sarguzashtnoma bu roman qahramoni Robinzon Kruzo dunyo adabiyotida o‘chmas iz qoldirdi. Bunga taqlidan Yevropa adabiyotida robizonnomalar, ya’ni shu romanga taqlidan yozilgan asarlar maydonga keldi. Allakimlardir tasodifan yoki atayin Robinzon holiga tushib, bir olam sarguzashtlarni boshidan kechirdi. Biroq birortasi Robinzon Kruzoning shuhrati darajasiga yeta olmadi.
Inson zoti yolg‘iz yashay olmaydi, garchand jannatmonand kimsasiz orollarga xo‘jayin bo‘lsa ham, odamzot uchun yashash nihoyatda zerikarli bo‘ladi. Inson ijtimoiy hayotda, insonlar bilan muomala-munosabatda insondir, degan ulug‘ bir g‘oyani g‘oyat badiiy ravishda ifodalagan bu roman ko‘plab tillarga tarjima qilindi.
Jumladan, «Robinzon Kruzo» romani o‘zbek tilida Yo‘ldosh Shamsharov tarjimasida bir necha bor nashr etildi.
Ammo romanning ilk tarjimasi XX asr avvalida amalga oshirilganidan, ehtimol, ko‘pchilik bexabardir. Aniqrog‘i, «Robinzon Kruzo» 1911 yilida Muhammad Fozilbek Otabek o‘g‘li tomonidan original syujeti qisqartirilib, mazmuni o‘zbek tiliga o‘giriladi. Toshkentda G‘ulom Hasan Orifjonov bosmaxonasida nashr etiladi. Kitob muqovasida quyidagi ma’lumotlar yozilgan: «Ro‘binzo‘n. In kitob hikoyai ajoyibu g‘aroyib musammi ba ro‘mon. Baihtimomi shirokati Mulla Muhammad Qosim qori maxzum va mullo Sultonxon maxzum. Mutarjim Fozilbek Atobek o‘g‘illari». (Bu kitob ajoyib va g‘aroyib hikoyalar romani deb nomlangan).
Mutarjim asar tarjimasiga kirishish sabablari uchun yozgan “Muqaddima”da quyidagi fikrlarni bayon qiladi: “Ro‘binzo‘n degan bir inglizning boshidan o‘tkan g‘arib va ajib bir hikoya bo‘lg‘oni uchun eng avval anglitara lisoni birla yozilib, ba’da jumla farang tillarida tarjima qiling‘on bir ibratnoma hikoya bo‘lubdur. Yana arabcha, turkcha, hindcha, forscha, tatarcha qiling‘on tarjimalari ham bordur. Lekin bizlarning sartiya xalqimizning zabonlarida hech vaqt tarjima bo‘lmay va ushbu ibratnoma hikoyadan bebahra qolg‘onlari uchun ushbu ibratnoma hikoyai “Ro‘binzo‘n”ning sartiya zabonig‘a tarjima qildimki, bizlarni sartilar ham o‘qub bilib g‘aflat uyqusidan ko‘zlari ochilsun deb».
Bundan ko‘rinib turibdiki, mutarjim Fozilbek Otabek o‘g‘lining qarashlari o‘z davri ilg‘or ziyolilarning – ma’rifatsevar jadidlarning ulug‘ g‘oyalariga hamohangdir.
Tarjimashunoslar, xususan, J.Sharipov o‘zining «O‘zbekiston tarjima tarixidan» («Fan», 1965) nomli kitobida bu tarjimaga munosabat bildirib, tarjimon bu tarjimaga 1908 yilda nashr qilingan 77 bet hajmli ozarbayjon nusxasini asos qilib olgan degan fikrni ilgari suradi; nusxalarni yonma-yon taqqoslaydi. Fozilbek Otabek o‘g‘li «Muqaddima»da romanning ozarbayjoncha tarjimasi borligini esga olmaydi. XX asr avvalida turkiy tillarda «Robinzon Kruzo»ning bir nechta tarjima nusxalari mavjud edi.
Hijriy 1294 yilda (milodiy 1877 yil) «Robinzon Kruzo»ning turk tilidagi tarjimasi bosiladi. Hajmi 171- bet. Bunda ikki betlik «Debochai hikoyai Robinzon»dan keyin asar matni «Bing olti yuz o‘tuz iki sana melodiyasinda Anglitarada mutavallud o‘lub, ul vaqt Ingliz ila Ispaniya bayninda voqe bo‘lan muhorabada vafot edan do‘rt qarindoshlarning buyugi (Ro‘binzo‘n) nom shaxs sarguzashti...» degan jumlalar bilan boshlanadi. Matndagi kichik bo‘limlarga qavs ichida forscha sarlavhalar (Muzokarai Ro‘binzo‘n bomodarash – Robinzonning onasi bilan bahsi) (5-bet), (Tasodifi Ro‘binzun bishariki xo‘d – Ro‘bin-zo‘nning o‘z sherigi bilan uchrashuvi) (6-bet), (Azimatu Ro‘binzo‘n bisafari daryo dar daf’ai solisa – Robinzonning uchinchi dengiz safari) (13-bet) turk tilidagi bu tarjima uchun romanning fors tilidagi tarjimasi asos bo‘lgan degan taxminni beradi.
1909 yilda to‘rt qismdan iborat jami 152 sahifalik «Robinzon»ning tatar tilidagi tarjimasi Qozonda bosilib chiqadi. Asar «Ro‘binzo‘n hikoyasi» shaklida nomlangan bo‘lib, mutarjimi–N.N. Noshir sifatida «Kitobchi Husainov vorislari» ko‘rsatiladi. Roman to‘rt ju’z holida alohida-alohida nashr qilinadi
1934 yilgi Qozonda romanning yana bir tarjimasi bosilib chiqadi. Kitobning avvalgi sahifasida: «Bu kitob ingliz yozuvchisi Defoning «Robinzon Kruzoning boshidan kechirganlari» nomli romani bo‘yicha L.N.Tolstoy tarafidan qisqartirilib ishlangan», degan izoh yoziladi. Demak, romanga L.Tolstoyning nazari tushgan. Rus bolalari uchun o‘z vaqtida maxsus soddalashtirib, qisqartirib ishlangan va nashr qilingan. 1909 yildagi tatarcha nashrdan farqli o‘laroq bu tarjima 83 betdan iborat. Tarjimoni ham boshqa – «Sh.M.» imzosi qo‘yilgan. Boshlanishi ham avvalgi tatarcha nashridan farqli tarzda: «Gamburgta bir bay kupes yashagan, aning uch malayi bo‘lgan. Oliy malayi gaskari bulakka kitip, anda xizmat ita bashlag‘an, lekin so‘g‘ish bashlanip, ani shul so‘g‘ishta fransuzlar utirganlar. Urtanchi malayi maktabka kirip uqi bashlag‘a, lekin biyk qati avruv sabable anisi-da uzaqlamay ulep ketkan. Shulay itip, alarning to‘pchak malaylarig‘ina qolg‘on,– Robinzon ismila bulg‘an» so‘zlari bilan boshlanadi.
Bundan tashqari romanning Ismoilbek Gasprinskiy nashr qilgan nusxasi ham mavjud.
E’tibor berilsa, tarjima nashrlarining hajmi, ichki qurilishi, boshlanishi, ba’zi ma’lumotlari va hatto, ayrim joy nomlariga ko‘ra o‘zaro farq qiladi. Ammo ulardagi «erkinlik»dan qat’i nazar asosiy syujet chizig‘ida Robinzon Kruzoning boshidan kechirgan voqealar silsilasi yotadi.
Fozilbek Otabek o‘g‘li romanning qaysi tildagi nusxasidan foydalanganini ochiq yozgan emas. Fozilbek Otabek o‘g‘li Rusiyada o‘qigan, rus tilini yaxshi bilgan. «Muqaddima»da romanning «barcha farang tillari»ga o‘girilganini ta’kidlaydi, lekin ruscha tarjimasini tilga olmaydi. Garchand yuqoridagi taqqos va ma’lumotlar tayanilgan asos nusxa borasida aniq bir yechim-xulosaga imkon bermayotgan bo‘lsa ham, Fozilbek Otabek o‘g‘li yuqorida sanalgan turkiy tarjimalardan (birgina ozarbayjonchaga tayangani tugal isbotini topgan emas), shuningdek, o‘z vaqtida L.Tolstoy nashrga tayyorlab bostirgan rus tilidagi nusxasidan foydalangan bo‘lishi ham mumkin. Bu taxmin. Keyingi tadqiqotlarda bunday o‘ta mujmal fikr dalillar asosida yo tasdiqlanadi yo inkor etiladi.
Nima bo‘lganda ham, «Robinzon Kruzo»ning tarjimasi tarixiy manba va fakt. Endi bevosita ana shu 1911 yilgi tarjimaning ayrim xususiyatlari to‘g‘risida ikki og‘iz so‘z.
Birinchidan, mutarjim romanning syujet chizig‘ini to‘la saqlagan holda asar matniga juda erkin yondashadi, ma’no, mazmun tarjimasini XX asr avvaliga xos o‘zbek adabiy tilida beradi.
Ikkinchidan, tarjimada davr adabiy tilining o‘ziga xos xususiyatlari aks etgan. Ko‘pgina so‘zlarning ikki xilda yozish holatlari uchraydi. Ayrim o‘rinlarda tushum kelishigi (-ni) o‘rniga qaratqich kelishigi (ning) qo‘shimchasi qo‘llanadi; jo‘nalish kelishigi «-g‘a», chiqish kelishik qo‘shimchasi «-din» tarzida yoziladi. Ba’zi o‘rinlarda bugungi orfografiya qoidalaridan farqli o‘laroq «p» o‘rniga «f» tovushi va aksincha («hamgaf», «fo‘rtana», «tufroqig‘a») yoziladi. Tarjima matnida tilga xos singarmonizm hodisasi mavjud. Davr adabiy tilining xususiyatlarini tasavvur qilish uchun asar tabdilida matnni o‘z holaticha saqlashga harakat qilindi.
Uchinchidan, eng asosiy jihatlaridan biri sharq kishisi, musulmon bir odamning nuqtai nazari tarjimada aniq ko‘zga tashlanadi. Matnning aksar o‘rinlarida «Inshaalloh», «Xudo nasib qilsa», «Alloh taolog‘a shukrlar qilur erdim», «Xudoy taborak va taolog‘a hamdi va sano aytur erdim», «Qibla tarafig‘a bordim», «Kech peshin vaqtida» kabi ta’birlar ishlatiladi.
To‘rtinchidan, voqelik bayonida ichki dinamika uchun «va», «ba’da» yordamchi so‘zlari juda ko‘p ishlatiladi.
Mazkur tarjimaga, tarjimon xizmatiga baho lozim bo‘lsa, aytish mumkinki, XX asrning avvalida o‘zbek millatini jahon adabiyotining go‘zal bir ibratnoma asari tarjimasi bilan tanishtirilishining o‘zi ulkan xizmat edi. Zero, romanda ota-onani hurmat qilish, ularning aytganini albatta bajarish, agar ota-ona nasihatlariga beparvo bo‘linsa, hayotda fojeaviy holatlarga, halokatga uchrash mumkinligi borasida sharqona odob-axloq mezonlarining tasvirlari ham mavjudki, bu omil mutarjimga ilhom bergan bo‘lsa ajab emas. Romanni tarjimon «Ro‘bunzon hikoyasi» deb nomlaydi.
Roman avvalida, asosiy voqealar boshlanishidagi bosh qahramonning quyidagi e’tiroflari maorifchi, ma’rifatchi jadidlar e’tiborini tortgani aniq: «Onam bechora bir burchakda o‘lturub otamg‘a qo‘shulub ba’zi nasihatlarni qilur erdi va gohi qo‘lini ko‘ziga tutub bo‘kurub yig‘lar erdi». «Va men bo‘lsam erta birlan turib choy ichib, ba’da kitoblarimni ko‘tarib otam va onam oldidan maktab-g‘a ketur erdim va ko‘chag‘a chiqg‘onimdin keyin to‘g‘ri dengiz labig‘a borib har taraflardin va har shaharlardin kel-g‘on paraxo‘dlarni va har xil uzog‘ shaharlardin olib kelg‘on mollarni ko‘rib, ertadin to maktabdin ozod bo‘ladurgan vaqtg‘acha mazkur dengizni labida har tariqa xayol va havaslarni qilib o‘lturub, ba’da ozod vaqtida kitob qultug‘imda otam va onam oldig‘a salom qilib kirib kelur erdim». Aynan shu kabi qirralarning bo‘rtib turgani, tarbiyaga urg‘u berilishi va inobatga olinishi tarjima asarining fazilatlaridan biri sanaladi.
Dunyo adabiyotidan xilma-xil va mash-hur asarlarning tarjimalarini o‘qiyotgan muhtaram «Jahon adabiyoti» jurnali muxlislariga «Ro‘binzo‘n hikoyasi»ni eski o‘zbek yozuvidan o‘z holicha tayyorlab, kichik bir parchani taqdim qilishni lozim ko‘rdik.
Bahodir Karim, filologiya fanlari doktori
RO‘BINZO‘N
In kitob hikoyai ajoyibu g‘aroyib musammi ba ro‘mon
Baihtimomi shirokati Mulla Muhammad Qosim qori maxzum va mullo Sultonxon maxzum
Mutarjim Muhammad Fozilbek Atobek o‘g‘illari
Ro‘binzo‘n hikoyasi
Ro‘binzo‘n degan bir anglis o‘z nafsidin hikoya qilib aytadurki, mening asl vatanim Anglitarada bo‘lub, ushbu Anglitara shahri dengiz chegarasida bo‘lub, ushbu shahrimda o‘n sakkiz yoshimg‘acha turdum. Mazkur Anglitara shahri andoq shahrdurki, o‘zi daryo labida bo‘lub, mazkur daryolarda nihoyatda ajoyib paraxodlar bo‘lub, o‘sha paraxodlar daryolarni ul chetidin bul chetig‘a barqdek o‘tub turar erdi. Va men bo‘lsam har vaqt mazkur daryolarni ichida barqdek yurg‘on paraxodlarni oldig‘a kelib, ushbu paraxodlarg‘a tushub sayr qilmoqg‘a nihoyat havaslanib, hamma vaqt o‘ylanib yurur erdim. Ammo mazkur shahrim, ya’ni tug‘ulg‘on shahrimdin janub va sharq taraflarida ba’zi hayvonlardek pul va mollarni qadrini bilmaydurgan odamlar bor emish va yana ba’zi bir tiyin va yo ikki tiyinlik nimarsalarg‘a yoki biror asbob, chunonchi piyola, eski qoshuq va yoki eski choynaklarni olub borub bir necha oltun va kumushlarg‘a olishturub kelsa bo‘lur emish, deb eshitib man ham ushbu ishlarni qilsam, tez fursatda boy bo‘lub va katta kufes bo‘lub ketur erdim deb ziyoda havaslanur erdim va yana ushbu so‘zlarni biror odamdin emas, balki bir necha odamdin eshitub, ushbu yaramas mollarni olib borub boy bo‘lub kelmoqlikg‘a ko‘zim yetub, yanadin ziyoda paraxod birlan sayr qilmoqlikg‘a oshiq bo‘lub erdum. Va yana ushbu xil safarlar va sayohatlarg‘a oshiq bo‘lg‘onimdin onam bechora voqif bo‘lub qolub daryoda safar qilib ba’zi sarson bo‘lg‘on va mushkul ishlarg‘a qolg‘on odamlar va savdogarlardin hikoya qilib men bechorani ushbu xayoli fosidlarni qilmag‘il deb man’ qilur erdi. Va men bo‘lsam hech vaqt onamni so‘zig‘a quloq solmasdin hamma vaqt fikru xayol birlan yurur erdim. Va yana so‘zig‘a quloq solmasdin yanadin havasim ziyoda bo‘lg‘onidin onam ham voqif bo‘lub xitoban ushbu so‘zlarni der erdilarki, ey o‘g‘lum, sen bizlar biladurg‘on ishlardin ondin bir hissasini ham bilmassan va sendek uzoq safarlarni havas qilib diyori g‘urbatda mushkul ishlarg‘a qolg‘on, naqadar qazolar to‘g‘ri kelg‘onlarini ko‘b ko‘rib va ham fahmlab bilg‘ondurmiz va sen ham ushbu odamlardek zahmatlar tortqung kelg‘ondurmu, deb ba’zi nasihatlarni qilur erdilar va onam bechora bir burchakda o‘lturub otamg‘a qo‘shulub ba’zi nasihatlarni qilur erdi va gohi qo‘lini ko‘ziga tutub bo‘kurub yig‘lar erdi. Va yana der erdilarki ushbu xayoli fosidlarni qilmasdan maktablarda o‘qub bir ishni qo‘lungg‘a olub podshohlikdan ko‘b-ko‘b aqchalarni olib bizlar birlan rohatlanub o‘lturub va Xudoyi taolo va taborakni ne’matlarig‘a shukr qilursen degan bir necha so‘zlarni aytub safardin tondurur erdilar va yana ba’zi diyor g‘urbatning mushkulliklaridin nasihatlar qilib oxiri ikovi birdan bo‘kurushub yig‘lar erdilar. Ko‘b vaqt ushbu tariqa birlan umr o‘tkazdim. Ba’da mening safardin havasim qolmag‘onidin onam xabardor bo‘lub dediki, ey o‘g‘lum, xotirjam bo‘lub ushbu xayoli fasodlarni tashlag‘il, men seni hech bir vaqt dengiz sayohatlarig‘a yubormasmen. Va buning uchun aqcha kerak bo‘lsa bermasmen va ushbu xomxayollik birlan yurganing senga hech foyda qilmas. Va sening oylab yurg‘on ishlaring g‘ayr az devonalikdin boshqa hech bir nimarsa emasdur. Va bildimki, sen maktabda o‘qumak va mullo bo‘lmakdin qochib ushbu so‘zlarni der ekansan. Va yana seni(ng) xayolingda odam bo‘lmoqlik yo‘q ekan va hayvondek bir nimarsa bo‘lub qolursan, deb qo‘lig‘a qamchi va katta kaltaklarni olib quvar erdi. Men bo‘lsam otamni(ng) oldig‘a tushub qochur erdim. Ushbu ishlarni onam bechora zaif bir-bir eshitib va fahmlab qo‘lini ko‘zig‘a tutub yig‘lab o‘ltutur erdi. Va yana ikki va yo uch kundin keyin maktabka olib borib topshurur erdi. Va men bo‘lsam erta birlan turib choy ichib ba’d az kitoblarimni ko‘tarib otam va onam oldidin maktabg‘a ketur erdim va ko‘chag‘a chiqg‘onimdin keyin to‘g‘ri dengiz labig‘a borib, har taraflardin va har shaharlardin kelg‘on paraxo‘dlarni va har xil uzoq shaharlardin olib kelg‘on mollarni ko‘rib, ertadin to maktabdin ozod bo‘ladurgan vaqtg‘acha mazkur dengizni labida har tariqa xayolu havaslarni qilib o‘lturub, ba’da ozod vaqtida kitob qultug‘imda otam va onam oldig‘a salom qilib kirib kelur erdim. Va yana otam yo‘q vaqtida onamg‘a yolborib aytur erdimki, otamg‘a aytkil menga safar javobin bersun va ba’zi oladurgan nimarsalarimga yetadurgan pul bersunlar, der erdim. Va onam bechora kazo va kazo nasihatlarni qilub yana yig‘lar erdi.
Ittifoqan, bir kun otam mening hanuz safardan havasim qolmaganini fahm qilub dediki, ey o‘g‘lum, sen hanuz o‘shal safar havasidin qolmag‘on ekansan. Bizlar nechand nasihatlar qilduk, aslo quloqingg‘a olmag‘on ekansan. Yana agar biror martaba safar to‘g‘risidin so‘zlar bo‘lsang, seni o‘g‘ulliqdin chiqarurman. Hayda, chiq, deb qamchi birlan urub quvladi va men bo‘lsam bo‘kurib yig‘lab ko‘chaga qochib chiqib ketdum. Onam ushbu vaqtda yig‘lab turg‘on erdi. O‘shal holda ko‘zidan yoshini oquzib turib dediki, safar havasin ko‘nglingdan chiqarg‘il, ushbu yamon ishlarg‘a qolmag‘il, der erdi. Ba’da ota va onadin ruxsat va yordam bo‘lmas ekanin batahqiq bilub va murodimdan qaytolmasdan yurg‘onimda, ittifoqo, hammaktablarimdan, ya’ni sheriklarimdan biri otasini(ng) paraxo‘di Amriqoning Marokko degan jonibig‘a boradurg‘onin xabar berdi. Darhol ushbu paraxo‘d birla ota va onadin beruxsat qochub safar qilmoqni ko‘nglumda muqarrar qilib, mazkur hammaktab birodarimg‘a arzi holimni bir-bir bayon qildum. Ul birodarim kemaga meni solib yubormoqchi bo‘ldi. Lekin dediki, erta turub aning ertasig‘a jo‘naydur. Men seni kemaga otamg‘a aytub biror xizmatchi qatorida qilib bekira (bepul –B.K) solib yuboray, dedi. Hamon shoshilub ikki ko‘zum kunni yurushida bo‘lub qachon jo‘nar vaqt kelur ekan deb umrim kun sanab o‘tti. Lekin bisotimda saqlab yurgan besh-to‘rt so‘m pulum bor erdi. Darhol ushbu pulg‘a ba’zi mayda iflos (arzimas ma’nosida–B.K) narsalarni oldim. Chunonchi eshakmunchoq, qora munchoq, ignadoni farang (igna solinadigan quti – B.K.) kabi narsalardin olub bir sanduqg‘a hammasini joylab tayyor qildim. Janubiy shimoliy Afriqo yoki Amriqog‘a olub borib, hovuch-hovuch oltunu kumushlarg‘a olishtirib keladurg‘an narsalarim – mollarim ushbular erdi. Lekin yonimda biror tiyin ham qolmag‘on erdi. Aning uchun kechqurun otam va onam oldig‘a hech nima ko‘rmag‘on kishi bo‘lub, gaflashib o‘lturub vaqt qarong‘uroq bo‘lg‘onda uyimdin chiqib to‘g‘ri sanduqni ko‘tarib o‘shal hammaktab birodarimni uyig‘a bordim. Ul birodarim otasidin javob olib qo‘yg‘on ekan. Darhol shoshilib mazkur sanduqni ko‘tarib, ittik bo‘lub (tez ma’nosida –B.K.) paraxo‘dg‘a keldim. Ul holda birodarim men birla birga kelg‘on erdi. Meni qofitan (kapitan –B.K.) afandig‘a, ya’ni kemachig‘a tayin qilub, o‘zi xayrlashib qaytub ketti. Va men hamon kemaning bir chetig‘a kirib sanduqni boshimg‘a qo‘yub bekinub yotdim. Ba’da tong otqach, meni qofitan afandi chaqirub ko‘mur tashimoq xizmatig‘a qo‘ydi. Keyin mendin hech vaqt pul so‘ramas bo‘ldilar. O‘shal kun, ya’ni sana 1650 nchi melodiyda o‘zim o‘n sakkiz yoshimda erdim. Kemani(ng) zanjirini tortdilar va kemani bo‘kurturub turub birdan dengiz tarafig‘a burub yo‘l tuttilar va kema yurgan zamon men kemani ichida turub muftu tekin paraxo‘d birlan har joyg‘a borib sayohatlar qilib, qof-qof tillo va kumushlarni jam’ qilib kelurmen, deb nihoyat darajada xursand bo‘lub ketur erdim. Tushub jo‘nag‘on paraxo‘dim ushbu paraxo‘d erdi.
Ushbu paraxo‘d birlan kechg‘acha yurib, ba’da kechqurun yarim kecha bo‘lg‘onda shamol bo‘lub, bora-bora shamolni quvvati ziyoda bo‘lib dengiz po‘rtana bo‘lub suvlar ko‘purmoqg‘a boshladi. Ba’da kemaga katta to‘lqunlar kelub urub, kema chayqalib ko‘b besaranjom bo‘lg‘ondin keyin holatdan ketub kemani bir chetida yotub qoldim. Dengizda to‘lqun tobora ziyoda bo‘lg‘oni uchun ko‘nglum ozib boshim og‘rib kasal bo‘lub qoldim. Ushbu aroda qulog‘img‘a kelgan ovozdan kema raisini shiddatli amr berg‘onini bilub holimiz mushkul o‘xshaydur, deb safarg‘a chiqg‘onimg‘a ziyoda pushaymonlar qildim. Ushbu holda qofitan afandi kelib kema mushkul ishg‘a tushub qoldi, sen bu yerda uxlab yoturmusan, deb ko‘tumg‘a birni tefib oldig‘a solib borib ko‘mirxonag‘a tiqib qo‘ydi. Ul yerda ushbu kasallik holimda bir kaltak yedim deb ziyoda pushaymonlar qilib va yana shahrimda otam va onam oldida tinch yurg‘onim esimg‘a tushub nihoyat darajada xafa bo‘lub oxiri bo‘kurub yig‘ladim. Ammo hech sud (foyda-B.K.) bermadi. Lekin ikki kecha va kunduz ushbu tariqada bo‘lib kemani ba’zi asboblari suvga tushub ketdi. Ba’da uchinchi kuni bir tarafdin ul daryoni o‘n besh chaqirim yeridin Ispaniyo chegarasi ko‘rundi. Ammo chegara ko‘runub tursa ham yomon toshlik yerlar ekan. Kemani tagi bir katta toshqa tegub ichig‘a suv kirmakg‘a boshladi. Hamon kemaga ikki adad qayiq osib qo‘yg‘on ekanlar, ul qayiqlarni yeshib ichig‘a hammamiz tushub hamon kemadin o‘tuz-qirq arshin yurg‘on erduk to‘lqun qayiqni boshqa tarafg‘a surub, kemadin narigi tarafg‘a o‘shal ko‘runub turg‘on chegarani sharq tarafig‘a borub qolsa ham, lekin Ispaniyo chegarasi ko‘rinib turub erdi. Ammo qa-yiqda odam ko‘bluk qilib shamolning quvvati birla qayiq ag‘darilub keturmukin va yo suv tushub keturmukin xayoli birla qo‘rqa-qo‘rqa mazkur chegaraga yetushduk. Ul chegaraga chiqqanda meni ota va onadin beruxsat chiqqanimni kemani raisi fahmlab ko‘b siyosatlar qildi. Va yana dediki, sening gunohing va qusuring sababli kema g‘arq bo‘ldi. Jumlamiz oz qolduk va ko‘b odam nobud bo‘ldi. Oz qoldiki, bizlar ham g‘arq bo‘lur erduk. Emdi o‘zingni Anglitaraga boradurg‘on bir kemachig‘a qul qilib shahringg‘a qaytub ket, deb qo‘lig‘a bir parcha toshni olib quvladi. Ushbu Ispaniyoda molsiz va bir pulsiz va yana hech til bilmasimdin emdi nima qilurman, deb bo‘kurib yig‘ladim. Hamdlar bo‘lsun Xudog‘aki, ushbu Ispaniyoda bir anglizga angliz bo‘lub holimni arz qildim. Ul ham ittifoqo kemachi ekan, ul ham mening safarchi ekanimni fahmlab kemasig‘a xizmatkor qilib oldi. Mundog‘ yana safarg‘a mayl qilib uch kundin janubiy Amriqo qit’asida Broziliyo shahrig‘a yo‘l tutduk. Ushbu kema ichida o‘n besh adad xizmatchi va men birla o‘n olti xizmatkor bo‘lub va ellik adad muhojirlar ham bor erdi. Va yana bir qancha yo‘lchilar ham bor erdi. Va bularni ashyosi va mollari ham ko‘b erdi. Ushbu Ispaniyadin jo‘nag‘onidin keyin ikki hafta nihoyati tinchu osoyishtalik birlan suv va osmondin g‘ayri hech nimarsani ko‘rmasdin ketduk. Ushbu ikki hafta ichinda kemachilardan xiyla xabarlarni so‘rab bilg‘on erdim. Chunonchi dengizlarning o‘rtasida katta orol yerlar borlig‘ini va janubiy Amriqoda yovvoyi odamlar ko‘b bo‘lg‘onini va yana Yovrupodin ham qancha nizomlik mohir odamlar bor ekanini, Amriqo to‘g‘risidin bir qancha xabarlar so‘rab bilg‘on erdim. Va yana bahri muhitning ba’zi yerlarida katta to‘qaylar bo‘lib, mazkur to‘qaylarda vahshiy odamlar bo‘lub, mazkur vahshiylar odam go‘shtini yeydur, degan so‘zlarini eshitib ko‘b taajjublar qilib borayotgan erdum. Bir firqasi bir firqasi birla g‘avg‘o qilushub asir o‘lg‘onlarini so‘yub qo‘y go‘shtidek pishurub yer emishlar. Ey bor Xudoyo, bular qandog‘ xalqdurlar va yana o‘zlari dinu mazhabsiz va nizomsiz hayvondek tog‘larda va toshlarda balig‘ tutub yeb yoki bir-birlari go‘shtlarini yeb, ovqat qilib yurur emishlar va bularni nomi yom-yom emish, deb Xudoyi taolo va taborakg‘a o‘zing bularni ushbu yo‘lg‘a solib qo‘yg‘ondursan va yana o‘zing bularga, ya’ni yom-yomlarg‘a tavfiq ato qilg‘aysan, deb nihoyat darajada taajjub qilib borur erdim. Ammo safarimizni o‘n oltinchi kuni havo mutag‘ayyir bo‘lub shamol turub dengiz oz-oz to‘lqun bo‘lmoqg‘a boshladi.
Bu yerda qirlar yoki to‘qaylar yoki katta toshlar borlig‘ini kema xizmatchilari bilur ekan. Biri darhol kemani ustig‘a chiqib atrofini qarab turdi. Balki bo‘ron bmlur fikri birlan har kim o‘z ashyolarini mahkam qilib dengizg‘a tushmasun deb boylab qo‘ydilar. Voqean kechasi birdan bo‘ron bo‘lub dengiz to‘lqun bo‘lmoqg‘a boshladi. Borgancha dengizni to‘lquni ziyoda bo‘lib kemani saqlamak uchun hech bir joy bo‘lmadi. Qo‘rqish va sano birla tong otquzduk. Lekin bo‘ron aslo to‘xtamas erdi. Ul holda kema ustida qarab turgan xizmatkorni tosh bor, tosh bor deb ovozi kelib qoldi. Ul holda jumlamizni yarim jonimiz ketub, Alloh taolog‘a duo va sanolar qilmoqg‘a boshladuk. Anda kema nihoyat shiddat birla kelub toshqa tegub, kemaning bir uchi toshqa ilinub qoldi. Va bir tarafi suvni ichig‘a cho‘kub ketdi. Hamon kemaga bog‘luq uch adad qayiqni yeshib, jumlamiz mazkur qa-yiqlarg‘a tushduk. Ammo nima foyda? Qayiq birlan Broziliyog‘a yetub bo‘lmaydur. Ul holda qayiq birlan yuz gaz, ikki yuz gaz yurg‘onda tamoman qayiq ham suvg‘a botti. Jumlamiz suvni qa’rig‘a kirib ketduk. Ammo haq taoloning inoyati birla oyog‘im bir toshg‘a yoki biror narsag‘a urundi. Urungan zamon kamoli quvvat birla tefaga qarab irg‘ib erdim, suvni ustig‘a chiqdim. Darhol nafsimni bir taxta boraga (bora-parcha, taxtaning bir parchasi ma’nosida –B.K.) osilib oldim. Kamoli qo‘rqg‘onimdin mazkur taxtani shundog‘ ushlab qoldimki, go‘yoki taxta meni ushlab qolg‘on gumon qildim. Mazkur taxtaga yopushub to‘lqunlar bila u yoqqa surulub bu yoqqa surulub yurub erdim, bir yaqin yerda katta tosh ko‘rundi. Hamon mazkur katta toshg‘a yetmoq uchun intilib, surulib hamd bo‘lsun Xudoyi taolo va taborakkaki, o‘shal toshg‘a kelib osilib ustig‘a chiqib oldim. Lekin hanuz to‘lqunni suyi kufurub kelib mening ustumg‘a tushub turubdur. Lekin salomat bo‘lg‘on bo‘lsam ham mazkur tog‘ni tefasinda kamol qo‘rqg‘onimdin ko‘nglum ketub qolibdur (hushimdan ketdim ma’nosida – B.K.). Bir zamondin keyin ko‘zimni ochib qarasam, shamol to‘xtabdur va qornim ham nihoyati ochibdur. Lekin hanuz daryoda to‘lqunni asari bo‘lsa ham ushbu o‘zim o‘lturgan toshni atroflari misol ko‘ldek tinch bo‘lubdur. Hamon dunyoning to‘rt atrofig‘a qaradim. Ushbu o‘zim turgan toshdan ikki yuz quloch yerda bir katta toqaylik orolni chegarasi ko‘rundi. Hamon to‘nlarimni orqamg‘a boylab mazkur yerdin ohista-ohista suzub mazkur to‘qaylik yerga chiqdim va ajabo bu qandog‘ yer deb mazkur to‘qayning atroflariga qaradimki, bosh - hech kim yo‘qdur. Mazkur to‘qayda yegani taom yo‘q va ichgani suv yo‘q fikrida turub ahvolimg‘a qarasam, ustumdagi to‘num va qo‘lumdagi olg‘on yog‘ochimdin bo‘lak hech narsa yo‘q. Ajabo qandog‘ holg‘a qoldim deb fikrimda yoki tushumda ko‘rdimmu deb harchand ko‘zumni ochib yumadurman. qarasam, tushum emas. Balki o‘ngum ekan. Ba’da, ey bor Xudoyo, qandog‘ ishlarg‘a qoldim deb oz shahrimni va ota-onamni yod aylab, bo‘kurub yig‘ladim. Va yana o‘zimni bo‘kurub yig‘lag‘onimdin o‘zum qo‘rqub Xudoy taolo va taborakdin shikoyat qilgan bo‘lmasun deb va yana qancha odamlar o‘lub tanho men o‘zum olmay qolg‘animg‘a shukr qilub bir oz dilimg‘a taskin berdim. Qorong‘u bo‘ldi. Nima qilmoq kerak. Yerda yotsam, balki yomon hayvonlar kelib yeb keturlar deb bir katta shoxlik daraxtni ustig‘a chiqib bir katta shoxig‘a minib tong otquzdim. Ba’da mazkur daraxtni ustida qo‘rquvdan va ham ochliqdan to saharg‘acha aslo ko‘zimga uyqu kelmadi. Lekin ko‘z ko‘rar ko‘rmaz bo‘lub erdi, darhol daraxtdan tushub hech bo‘lmasa suv topib ichay deb qo‘lumg‘a bir katta kaltakni olub suv istab daryo labig‘a kelib ko‘rdimki, toshqa ilashib g‘arq bo‘lg‘on kema hanuz turubdur. Agar mazkur kemaga borsam, andin yemak va ichmak uchun ko‘b narsalar topulushini fahmlab darhol o‘zumni suvga tashladim. Ohista-ohista suzub kemaga keldim. Mazkur kemani bir tarafi suvga botub va bir tarafi toshqa ilinub turubdur. Lekin xavf qiladurg‘on joyi yo‘q. Chunki bir tarafi toshg‘a nihoyat darajada sanchilib qolg‘on erdi. Filhol bir if (ip- B.K.) uchini ko‘rib anga chirmashib chiqdim. Ba’da ushbu kemani ichiga kirg‘ondin keyin ko‘rdumki, menga o‘xshag‘on och va o‘zi tanho qolg‘on bir adad ko‘ffak itdan bo‘lak hech bani jon yo‘q erdi. Ul it bechora meni ko‘rg‘ondin keyin nihoyat xursand bo‘ldi. Fahmladim. Chunki quyruqlarini qimirlatib va og‘izlarini ochib nihoyatda menga mute’ bo‘lub ko‘rundi. Ba’da mazkur itni oldidin o‘tub oshxonaga kirdim. Xudog‘a shukrki, o‘shal oshxonada bir qazonda pishirub qo‘y(il)g‘on go‘sht bor ekan. Mazkur go‘shtdin yeb va to‘yub, ba’da yalg‘uz qolmish itg‘a ham berdim. Ba’da suvxonasig‘a kirub suvdin ichib, Xudog‘a shukrlar qilib filjumla jonlandim. Ba’da kemaning suv ustida turgan joylaridagi uylarni tamoman aylanib tomosha qildimki, tanholiqda menga darkor bo‘ladurgan narsalar ko‘b ekan. Alarni tamoman to‘pladim. Ammo bu narsalarni quruqg‘a olib chiqmoq uchun qayiq yo‘qlig‘i uchun ba’zi kemani ichida bo‘lg‘on taxtalardin sol yasamakg‘a harakat qildim. Va yana ba’zi yog‘och yetmay qolg‘on joylarig‘a kemadin yorib olub, solni tayyor qildim. Ba’da solg‘a eng avval darkor bo‘ladurgan narsalarni soldim. Chunonchi qog‘oz, qalam, siyoh-bitmoq uchun va kiymoq uchunkim kiyimlar va yana to‘rt miltuq uch adad to‘fangcha, ikki adad qilich va biror qof un, birinch, tuz va yana itni olib solg‘a solib, ohista oqizib oqizib, Alloh taolo bu nimarsalarni mening uchun hifz etg‘onig‘a ziyoda xursand bo‘lub va hamdlar aytib, zahmatlarga qaramasdan kech-qurun mazkur solni to‘qayg‘a olib keldim. Darhol ichidagi narsalarni hamon chiqarib bir munosib yerga to‘fladum. Ammo shul kechani ham yana daraxt ustida otkazdum. Lekin butoqlariga taxta qo‘yub erdim. Yiqilmoqdin emin bo‘lub xiyla uxladim. Erta bilan yana qarasam, kema turubdur. Ammo bir-ikki kundin keyin tomom botub ketmoqini muqarrar bilub, darhol vaqtni g‘animat bilib, solni olib kema tarafig‘a ravona bo‘ldum. Ammo kelmasam ichida ko‘b nimarsa tamom botub ketar erdi. Lekin na mashaqqatlar birlan kemaga yonub (yaqinlashib – B.K.) keldim. Ba’da kemag‘a ortulub chiqib ichidagi ba’zi dengiz uchun darkor bo‘ladurg‘on narsalarni to‘pladum, chunonchi durbin, sumka shafqa, bolta, fichoq, tesha, ikki adad katta sanduqda oqlarni olib mazkur solg‘a solub, ba’da yana kemaga chiqib, pul xazinasiga kirdim. Ammo pul xazinasi kemani suyini tefasida erdi. Ul xazina uch adad katta sanduq ko‘rdum. Mazkur sanduqlar nihoyat darajada takalluf (bezatilgan ma’nosida –B.K.) qiling‘on erdi va ozini zanjirlar birlan mahkam qilg‘on ekan. Mazkur sanduqlarni og‘zini zo‘r birla ochdim. Mazkur sanduq ichida toldurgan oltun va kumush aqchalar ekan. Mazkurning hissa-hissa qilib, mazkur solg‘a olib tashladim. Ba’da bir ikki qof shakar, qand va besh-tort qadoq choy topladim. Ularni ham sol birla burung‘i kundek salomat chetga chiqardim. Yemoq uchun va kiymoq uchun va ozimni muhofaza qilmak uchun miltiq va bolta va xanjar kabi nimarsalar mening uchun bo‘lg‘onig‘a nihoyat darajada xursand bo‘ldum. Ammo na foyda? Har dam otam va onam yodimg‘a tushub bo‘kurub-bo‘kurub yig‘lar erdim. Va yana ba’zi afsona so‘zlarni ozimg‘a o‘zim so‘zlab kulur erdim. Xudog‘a shukrki, on kun ham mazkur daraxt ustig‘a chiqib rohatlandim. Lekin ashyo ko‘b bo‘lg‘oni birla yalg‘uz bo‘lg‘onim va to‘qayda bo‘lg‘onim va balki mahsharg‘acha odam o‘g‘lini ko‘rolmaslig‘imni fikr qilib yig‘lar erdim. Ota va ona yo‘q, yor-do‘st yo‘q. Ashyoni nima qilurmen. Yana boshimg‘a nimalar kelmoqi va mundog‘ xilvat to‘qaylarda odamxo‘r yom-yomlar bo‘lsa, ajab emas deb nihoyatda qo‘rqtim. Har holda o‘zumni Xudog‘a amonat qilib uyqug‘a bordim. Ba’da kechasi yarim kecha vaqtida yakbora shamol bo‘lub, havolar guldurlab nihoyati qatig‘ yamg‘urlar yog‘di. Ustumg‘a yopmoq uchun hech nimarsa yo‘q erdi. Darhol liboslarimni yeshib, yalang‘och bo‘lub o‘lturdim. Ba’da dengizda yanadin to‘lqunlar bo‘lub nihoyati qattig‘ hodisalar bo‘ldi. Ba’da sahar vaqtida tinchlik bo‘ldi. Ko‘z ko‘rar ko‘rmaz daraxtdan tushub, dengizg‘a qarasam kema ko‘runmaydur. Bildimki, bu kecha tamoman farchalanib botub ketubdur. Ul kema menga bir yo‘ldoshdek bo‘lub turur erdi. Yana yalg‘uz qoldum, deb o‘krab-o‘krab yig‘ladim.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 5-son.