Xalqlar va adabiyotlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarining o‘rnatilishi va kamol topishida yozuv madaniyati, xususan arab yozuvi yaqin-yaqingacha g‘oyat katta rol o‘ynab kelgan. Bu yozuvning asosan undosh tovushlarni ifodalovchi harflarga asoslanganligi shu yozuvda bitilgan kitoblarning O‘rta Osiyo, Kavkaz va Volga bo‘ylarida yashagan barcha turkiy xalqlar tomonidan o‘qilishiga imkon bergan. Shu baxtli imkoniyat tufayli o‘zbek ziyolilari I.Gasprinskiy, Sh.Marjoniy, Hodi Toqtosh, Husayn Jovid singari mashhur ma’rifatparvarlar, shoir va yozuvchilar ijodi bilan tanishgan bo‘lsalar, ular vakillari bo‘lgan xalqlar XX asrning 20-30-yillarida buyuk o‘zbek adibining “O‘tkan kunlar” romanini o‘qish saodatiga muyassar bo‘lishgan.
Naql qilishlaricha, Abdulla Qodiriy bir guruh qalamkash birodarlari bilan birga 1936 yilning yoz oylarida Qozonga ijodiy safar bilan borganida, “O‘tkan kunlar”ning tatar kitobxonlari o‘rtasida ham mashhur bo‘lganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, hayratga tushgan.
Endi gapning “bismillo”siga qaytsak.
XX asrdagi o‘zbek adabiy aloqalari tarixidan shu narsa ma’lumki, 1928 yilning yoz oylarida Ziyo Said, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon kabi o‘zbek yozuvchilari Qozonga borib, tatar hamkasblari va kitobxonlari bilan ilk bor uchrashishgan, ijodiy muloqotda bo‘lishgan. Shu ijodiy safar qardosh yozuvchilar va kitobxonlarda yaxshi taassurot qoldirgani bois mezbonlar 1936 yil yozida yana o‘zbek birodarlarini Qozonga taklif qilishgan.
“Krasnaya Tatariya” gazetasining 1936 yil 16 iyun sonidagi ma’lumotga qaraganda, 14 iyulda Qozonga Shokir Sulaymon (delegatsiya rahbari), G‘afur G‘ulom, Abdulhamid Majidiy, Amin Umariy va Matyoqub Abdullaevdan iborat o‘zbek yozuvchilari poezdda yetib kelishgan. Ularni Tatariston Yozuvchilar uyushmasi raisi Yarmiy, yozuvchilardan Usmonov, To‘fon, Xonjamil, shuningdek, tatar opera studiyasi artistlari tantanali vaziyatda kutib olishgan. Tatariston Respublikasi Milliy arxividagi Tatariston Yozuvchilar uyushmasi fondida saqlanayotgan ma’lumotnomadan ayon bo‘lishicha, Qodiriy 8 avgustda Qozonga yetib kelib, delegatsiyaga qo‘shilgan va 6 sentyabrga qadar tatar yozuvchilarining mehmoni bo‘lgan. Mehmonlar, “Krasnaya Tatariya” gazetasida yozilishicha, “O‘zbekiston bilan Tatariston adabiyotchilari o‘rtasidagi qardoshlik aloqalarini mustahkamlash maqsadi”da Qozonga tashrif buyurishgan.
O‘zbek yozuvchilari 6 sentyabrda ijodiy safardan qaytib kelganlaridan so‘ng, “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 24 oktyabrdagi shanba sonida Sh.Sulaymonning “Tatar sovet adabiyoti” maqolasi, Qodiriyning “Kachida ikki hafta” ocherki, G‘afur G‘ulomning “She’r ham sovun”, Amin Umariyning “Ovul kechasi” she’rlari e’lon qilingan. Shu sahifadan o‘rin olgan “Birodarona hamkorlik” degan xabarda qayd etilishicha, vatandoshlarimiz “tatar mehnatkashlarini o‘zbek adabiyotining rivojlanishi bilan, O‘zbekiston mehnatkashlarining turmushi bilan tanishtirib kelganlar, (Tataristondagi) gazetalarda maxsus sahifalar chiqarganlar”.
Sh.Sulaymon o‘z maqolasida o‘zbek-tatar adabiy aloqalari tarixiga nazar tashlab, tatar adabiyoti va matbuotining “oktyabrgacha O‘rta Osiyoda juda keng tarqalgani”, Qozon, Orenburg va Moskvada chiqarilgan “Quyosh”, “Vaqt”, “Yulduz”, “El” gazetalari hamda tatar yozuvchilari asarlarining O‘rta Osiyoda, ayniqsa, O‘zbekistonda alohida e’tibor qozonganligi to‘g‘risida so‘zlab, g‘aroyib bir fikrni o‘rtaga tashlagan: “Ma’lum bir qora maqsad bilan boshlangan bu aloqaning siri, sababi, – deb yozgan u, – tabiiy, ma’lum edi. Fevral kunlarida biz buni ochiq ko‘rdik. Tatar burjuaziyasi, uning malayi bo‘lgan millatchi ziyolilar “Buloqboshi jumhuriyati”(ni) qurish bilanoq o‘z tilagini ochib qo‘ydi...”
Sh.Sulaymonning fikriga ko‘ra, o‘zbek-tatar adabiy aloqalarini o‘rnatish va mustahkamlashdan maqsad – kelajakda chor hokimiyati mustamlakachiligiga qarshi o‘zbek va tatar xalqlarining birlashgan holda kurashishi ekan. “Biroq bu qora tilak, – deb yozgan u yana, – bo‘shga chiqdi. Oktyabr dovuli ularning kulini ko‘kka uchirdi. “Qo‘qon muxtoriyati” singari Qozonda tuzilgan “Buloqboshi jumhuriyati” ham yerga ko‘mildi”.
Sh.Sulaymonning bu so‘zlari, shubhasiz, mustamlaka sharoitida yashagan xalqlarning o‘zaro yaqinlashishidan qo‘rqqan unsurlar “qo‘shig‘i”ni takrorlashdan o‘zga narsa emas edi. Holbuki, biz Turkiston Rossiya qo‘shinlari tomonidan zabt etilganidan keyin tatar savdogarlarining Turkistonga samovar, gugurt, cho‘yan-temir asboblarini, tatar yozuvchilarining Qozon bosmaxonalarida bosilgan asarlarini olib kelganlarini, so‘ngroq esa turli sabablar bilan Volga bo‘ylaridan ko‘chib kelgan tatar ziyolilarining Turkistonda yangi usul maktablarini tashkil etishda faollik ko‘rsatganlarini yaxshi bilamiz.
G‘afur G‘ulom o‘z maqolalaridan birida shu masalaga doir bunday qimmatli ma’lumotni bergan: “Tatar ma’rifatparvarlaridan Marjoniy, Qayum Nosiriy va tatar ziyolilarining boshqa bir qancha namoyandalari Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rgani singari, o‘zbek ziyolilarining ham bir qancha vakillari Orenburgning “Husayniya” madrasasi, Qozonning “Muhammadiya” va Ufaning “Oliya” madrasalarida o‘qiganlar. Buxoro amiri badarg‘a qilgan o‘zbek ziyolilari Qozonda boshpana topgan. O‘zbeklarning birinchi bosma kitoblari Qozon universiteti bosmaxonasida bosilgan. Xiva va Toshkentga “mix bosma” deb atalgan zamonaviy matbaa va litografiyani dastlab Shohimardon obziylari olib kelgan va shu bosmaxonalardagi birinchi ishchilar avlodi tatarlardan bo‘lib, ularning nabiralari hozir ham O‘zbekiston bosmaxonalarida ishlamoqda”.[1]
Ko‘ramizki, o‘zbek-tatar adabiy aloqalari tarixi faqat XX asrning 20-yillarida boshlangan emas.
Shunday qilib, Tatariston Yozuvchilar uyushmasi taklifi bilan Volga bo‘ylariga borgan o‘zbek yozuvchilari, jumladan, Abdulla Qodiriy tatar yozuvchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan so‘ng, tatar ovullariga borib, ikki hafta davomida qardosh xalqning hayoti bilan tanisha boshlashgan. Biz Qodiriyning “Kachida ikki hafta” ocherkini o‘zbek yozuvchilarining Qozon yaqinidagi ovullarga, G‘.G‘ulomning “She’r ham sovun” she’rini o‘qib, o‘zbek yozuvchilarining Mullanur Vohidov nomidagi sovun zavodiga borganlari, tatar dehqonlari va ishchilari hayoti bilan yaqindan tanishganlarini yaqqol tasavvur etamiz.
Sh.Sulaymon maqolasidan ayon bo‘lishicha, Qodiriy ham, boshqa o‘zbek yozuvchilari ham safar chog‘ida Karim Tinchurin, Qavi Najmiy, Tulumbayskiy, Mirsoy Amir, S.Battol, Olimjon Ibrohimov, Hodi Toqtosh, Hasar To‘fon, Fotih Karim, Ahmad Fayziy, Noqiy Isonbat, Muhammedshin kabi tatar shoir va yozuvchilari bilan uchrashib, do‘stona muloqotda bo‘lishgan. Ishonch bilan aytish mumkinki, ular K.Tinchurinning o‘zbek xalqi hayotidan olingan “Mukarram”, “Buxoro”, O.Ibrohimovning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Teran tomirlar” singari asarlari bilan yaxshi tanish bo‘lishgan va shu hol ular suhbatiga muayyan yo‘nalish bergan.
“O‘zbek yozuvchilar brigadasi, – deb yakunlagan maqolasini Sh.Sulaymon, – Qozonga borib, bir muncha katta va yosh yozuvchilarning ijodlari bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda ayrim ma’ruzalar eshitdi. Bular ochiq ko‘rsatdiki, biz so‘nggi yillarda qardosh respublikalarning adabiyotidan, ularning so‘nggi o‘sishlaridan chetda qolganmiz. Shunga o‘xshagan tatar yozuvchilari ham o‘zbek, tojik, turkman, qozoq yozuvchilarining asarlari bilan uncha tanish emaslar.
Tatar yozuvchilari qardosh respublikalarning adabiyotdagi o‘sishlari bilan tanishib borishni birinchi va asosiy vazifa qilib oldilar”.
Qodiriy ayrim tatar yozuvchilari bilan avval ham tanish bo‘lgan. Taniqli adabiyotshunos Sherali Turdievning ma’lumot berishicha, Qodiriy 1924-1925 yillarda V.Ya.Bryusov nomidagi Oliy adabiy-badiiy institut (Moskva)da tahsil olgan kezlarida O.Ibrohimov, K.Tinchurin, F.Amirxonlar bilan uchrashib, ularning Moskva kutubxonalaridagi asarlarini topib o‘qigan. Xususan, O.Ibrohimovning “Yosh yuraklar”, Turkistondagi madrasa talabalari hayotini yodga tushiruvchi “Bizning kunlar” romanlari unga, ayniqsa, manzur bo‘lgan. Olimning e’tirof etishicha, u shu ma’lumotni keksa tarjimon M.Bulatovdan olgan, unga esa shu voqeaning shohidi jurnalist va tarjimon Saxovat Shafigullin so‘zlab bergan ekan.
Afsuski, Sh.Sulaymon ham, Qozon safarida qatnashgan boshqa o‘zbek yozuvchilari ham o‘zbek adabiyoti namunalari, xususan, “O‘tkan kunlar”ning tatar tiliga tarjima qilinishi va tatar kitobxonlari o‘rtasida tarqalishiga oid biror so‘zni yozib qoldirishmagan. Z.Fatxullinning adib haqidagi xotiralarida esa “Abdulla akaning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarini, “Kalvak mahzum...”, “Toshpo‘lat tajang...” kabi hajviy asarlarini o‘qimagan tatar ziyolilari, kitobxonlarining kamdan-kam ekan”ligi, shuning uchun uni, “ayniqsa, hurmat qilishgani”, “Abdulla obiy” deb qariyalar mahallama-mahalla ziyofatga chaqrishgani” aytilgan, xolos.
“Abdulla aka, – deb yozgan xotiranavis, – Volga bo‘yidagi Verxniy Slon (Tatariston Yozuvchilar soyuzining bog‘i)da bir necha kun dam oldilar, yozuvchilar bilan ulfatlashdilar, keyin tatar ovullarini aylanib, tanishishga xohish bildirdilar.
Yozuvchilar soyuzi maxsus izvosh ajratdi: o‘zi Buxoro madrasalarida o‘qigan, o‘zbek tilini yaxshi biluvchi, shu choqlarda Tatar akademik teatri kutubxonasida mudirlik qiluvchi yoshi ulug‘roq bir kishini kucher qilib tayinladi va hozir Tatariston Yozuvchilar soyuzining raisi, taniqli romanchi Ibroy G‘oziyni Abdulla akaga hamroh qilib, tatar ovullari bo‘ylab sayohatga jo‘natdi”.[2]
Z.Fatxullinning xotirasidan ma’lum bo‘lishicha, Qodiriy tatar ovullarida o‘n besh kundan ziyodroq bo‘lgan va Toshkentga qaytganidan so‘ng Yozuvchilar uyushmasidagi hisobot majlisida qo‘lidagi yozuv daftarlariga qarab ovullardagi obodonlik, kolxoz-sovxoz qurilishlari, yoshlar va qarilar bilan bo‘lgan suhbatlar haqida so‘zlab bergan. Xotiranavisning shu so‘zlarini adibning “Kachida ikki hafta” ocherki tasdiqlashi mumkin.
Ocherk quyidagi izohnamo so‘zlar bilan boshlanadi: “Menga Tataristonning Archa rayoniga qarashli Kachi ovulida ikki haftalab qolishga to‘g‘ri keldi. Ovulni, undagi kolxozni va xalq ahvolini o‘rganish uchun kelgan bir kishiga ikki haftali bir muddat juda qisqa bo‘lsa-da, ko‘p narsalar o‘rgana oldim. Tatar ovuli dehqoni qanday ishlaydi, nechuk yashaydi, uning moldorligi, kolxozga uyushgandan so‘nggi holi kabi jihatlarni ko‘zdan kechirib qaytgach, o‘z taassurotim bilan gazeta o‘quvchilarini ham tanishtirgim keldi”.[3]
Qodiriy Kachiga yetib kelgan chog‘da aksariyat aholi dalada bo‘lganligi uchun ovul kimsasiz, hatto biror hayot belgisidan mahrum bo‘lib ko‘ringan. Ammo kech soat 6-7 lardan boshlab qishloqqa jonli hayot nafasi shiddat bilan kirib kelgan. Adib ovulning ana shu hayotbaxsh manzarasini bunday tasvirlagan:
“Ovulning jonlanuvi kech soat 6-7 miyonasida bo‘ladi: qir ishlaridan qaytayotgan yosh yigitlar ovulni boshga ko‘tarib qo‘shiq aytadilar, unda-munda garmon tovushlari eshitilib, bir-birisi bilan o‘ynashib, sayrashib qaytgan tatar qizlarini kumush tanga to‘kilgan singari jaranglab kulishlari yurakka to‘qinadir. Shu vaqtda ovulning podasida (kutuvida) yaylovdan qaytib, sigirlar buzovlarini sog‘inib ma’raydilar, sariqlar[4] qo‘zilarini qo‘msab, “baaa-buu” qiladilar. Ovul juda ham ko‘ngilli hol oladi...”[5]
Ushbu manzara Amin Umariyning “Ovul kechasi” she’rida bunday tasvirini topgan:
...Bulutlarga sanchildi qosh qorayar chog‘Kunning qilichi.Ko‘ngil parishon emas, shomu g‘aribon emasShodliklar kechi. Kechada ruhsizlik yo‘q, zulmat ham emas,It uvlashi yo‘q.Farahbaxsh zamonning quvnoq kechidaOy nuri quyuq... Ovulning ko‘chasidan daryodek oqarYoshlar shovqini.Ko‘ngillarning shodligi tortib oladiKo‘zdan uyquni...She’rni o‘qishda davom etar ekanmiz, Kachi ovuliga qilingan safar chog‘ida Qodiriy bilan birga A.Umariyning ham ishtirok qilganiga amin bo‘lamiz.
Afsuski, tatar birodarlari huzuriga mehmonga borgan yozuvchilarimiz o‘rtasida ayrim kelishmovchiliklar ham ro‘y berib, ularning bir qismi hatto muddatidan avval o‘z yurtiga ketib qolgan. Nizoga asos bo‘lgan sabablardan biri, ijodiy masalaga oid edi. Bir tomondan, A.Umariy singari shoirlarning safar kunlarida turli uchrashuvlar ta’sirida she’rlar yozayotganini, ikkinchi tomondan, o‘zining tatar yozuvchilari va kitobxonlari o‘rtasidagi katta hurmat-e’tiborini ko‘rgan Qodiriy: “Hozir faqat ko‘rish, tatar xalqining hayotini o‘rganish lozim. Toshkentga borganimizdan keyingina tiniqlangan safar taassurotlari asosida asar yozsak, o‘rinli bo‘ladi”, deb yosh do‘stlariga tanbeh bergan va ular iste’dodiga shubha bilan qaragan. Bunday munosabatdan ranjigan shoirlar Qozonda adib bilan birga ortiq qolishni istashmagan.
Aytib o‘tilganidek, “O‘tkan kunlar” dovrug‘i Qozonga ham yetib borgan, arab yozuvida chop etilgan bu asarni o‘qigan tatar ziyolilarida ham, oddiy kitobxonlarda ham Qodiriyga nisbatan katta hurmat tuyg‘ulari uyg‘ongan ekan.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 4-son
------------------------------------
[1] G‘afur G‘ulom. Adabiy-tanqidiy maqolalar. Ikki jildlik. 1-jild. – T.: 1971. – B.245
[2]2 Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida. – T.: 1986. – B.81.
[3]Abdulla Q o d i r i y. Kichik asarlar. – T.: 1969. – B.99.
[4] Qo‘ylar.
[5] O‘sha manba. – B. 90-100.