OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadjon Xolbekov. Kortasarning romannavislik mahorati

Munaqqidlar, odatda, Xulio Kortasarning “Sopolak o‘yini” romanini Jeyms Joysning “Uliss” va German Gessening “Marjonlar o‘yini” romanlari bilan bir qatorga qo‘yishadi. Va bu bejiz emas, albatta. Negaki, bu roman Lotin Amerikasi “sehrli realizm”ining o‘ziga xos namunasi tarzida maydonga chiqdi.

Tan olish kerak, Kortasarning “Sopolak o‘yini” romani xususida yozish ancha qiyin. Romanni o‘qib, ko‘p narsa haqida gapirishga tayyor turasan-u, lekin nimadan boshlashni bilmay gangib qolasan. Romanning gohida tugallanmagan fikr, chala qolib ketgan jumla, gohida mavhum va pala-partish chizilgan lavhalar shaklida namoyon bo‘luvchi epizodlari noan’anaviy tarzda voqealar izchil almashinuvidagi umumiy oqimda go‘zal so‘zanaga tikilgan oltin ipdek serjilo ranglarda uyg‘unlashib ketadi. Kitobxon yana andak sabr qilsa, navbatdagi bob o‘z sirini ochib berayotgandek tuyuladi. Fasohatli jumlalarning ohangrabo, serjilo parda ortida yashirilgan, qadrli mehmondek kutilgan javob, aniqrog‘i, asarning asosiy g‘oyasini, bosh tugunining o‘ta aniq hal etilishini ko‘rsatib berayotgandek bo‘ladi. Lekin oxirigacha anglanmagan, qo‘qqisdan paydo bo‘luvchi majoziy ma’nolarning labirinti o‘quvchini boshqa epizodlarga ergashtirib ketadi. Ustiga ustak, adibning o‘sha dong‘i chiqqan “fikr tolalari”ning tuguni yanada chigallashib boradi va shu yo‘sinda davom etaveradi. Demak, biz xuddi romanning bosh qahramoni – Orasio Oliveyra kabi mubham, shakl-shamoyili yo‘q narsaning alohida qismlarini o‘zaro bog‘lashga, tartibga solishga, tasniflashga harakat qilarkanmiz, markazga, boshlang‘ich nuqtaga intilamiz, biroq biz matn parchalari bilan o‘ynaymiz, Orasio Oliveyraning o‘yini esa – uning HAYoTI, o‘rtaga uning BAXTI tikilgan. Shu tariqa shakl maksimal darajada mazmunga mos keladi. Har bir epizod – ajralmas qism, yerda chizilgan katakchalardan biridir: o‘quvchi katakchalardan katakchalarga “sakraydi”. Adib uslubi romanning asosiy g‘oyasini, ya’ni ob’ektiv voqelikning tartibsizligiyu palapartishligini, insonning hayot ma’nosini abadiy axtarishga mahkum etilganligini, odatga aylangan hayot, ko‘nikib ketilgan yashash tarzining absurdligini alohida ta’kidlaydi. Mubhamlik, aniq ifodalanmaganlik va ixtiyoriy talqin yana bir muhim fikrni ramziy ma’noda bizgacha yetkazadi. Bu fikr asosida murakkab syujet quriladi, ya’ni voqelik sub’ektiv tarzda idrok qilinadi. Romanning yakuniy qismi – xotimasi ochiq, natijada o‘quvchi konflikt hal etilishining aniq formulasini topolmaydi. Oxirgi so‘zni aytish, oxirgi nuqtani qo‘yish kitobxon zimmasiga yuklangan.

Kortasar ijodi xususida umumiy manzarani to‘ldirish maqsadida bevosita roman problematikasiga taalluqli jihatlarga e’tibor qarataylik. Ishonchimiz komilki, hayot parchalanib, vayronaga aylanib, barbod bo‘lib borayotgan bir paytda vahima va sarosimaga tushish, o‘zini yo‘qotib qo‘yish va ovoz chiqarmay yig‘lash, ichki norozilik bildirish barchaga barobar darajada tanishdir. Shubhasiz, reallikda emas, balki vaqtinchalik ranj-alam, g‘azab va shunga o‘xshash salbiy his-tuyg‘ular chulg‘ab olgan ongimizda qiyomat-qoyim boshlanadi. Ammo biz bor kuchimizni jamlab, sekin-asta yoki shu zahotiyoq o‘zimizning tabiiy holatimizga, aqli raso, es-hushi joyida odam qiyofasiga qaytamiz. “Sopolak o‘yini” romani bosh qahramoni esa, tabiiy holatini allaqachon yo‘qotgan, hayot va tabiatni muvozanatda saqlaguvchi har qanday me’yor, mezon, tamoyillarni inkor etuvchi shaxs sifatida gavdalanadi. U dunyo va kishilik jamiyatini boshqarib turuvchi qonuniyatlarni mutlaqo qabul qilmaydi. Orasio Oliveyra mash’um xatoga qachon yo‘l qo‘ygan? Uni muqarrar halokat jari yoqasiga olib kelgan sahv-xatosini endi to‘g‘rilab bo‘ladimi? Uni qayta-qayta xato qilishga kim yoki nima majbur etdi?

Orasio Oliveyra jamiyat tartib-qoidalarini nazar-pisand qilmaydi. U atrofdagi kishilarning es-hushini, fahmu farosatini, bir so‘z bilan aytganda, butun qalbini egallagan (ezgu yoki yovuz) intilishlarida illyuziya, azaliy va abadiy sarob, aldash va aldanishlarni ko‘radi. U har qanday faoliyatdan qochadi, hattoki elementar yumushlarni bajarishdan ham bosh tortadi. Uning fikricha, bunday tutilgan yo‘l, ya’ni “ortiqcha” narsalarni miyadan chiqarib yuborib, behuda urinishlarni unutib, asl mohiyat, orzu qilingan “markaz”, “ibtido nuqtasi”gacha yetib borish mumkin. Bu – Oliveyraning “hayot kemasidan irg‘itib tashlanishi”, “to‘xtovsiz oqayotgan hayot daryosining qirg‘og‘ida qolishi”ning asosiy sababidir. U mahbubasi Magani qo‘yib yuboradi, birgalikda tinch-totuv yashash tashabbusini qo‘ldan boy beradi, Maga muhabbatini sezmaydi. Hayotini to‘g‘rilash uchun aniq baxtga eltuvchi to‘g‘ri yo‘ldan yurolmay, Maganing najotbaxsh maslahatlarini, qiyinchiliklardan xalos etuvchi intilishlar tizginini qo‘ldan chiqarib yuboradi. Umuman olganda, taqdir unga kulib boqqanda va odamlar unga mehr ko‘zi bilan qaragan bir paytda qulay fursatdan foydalana olmaydi. U gurkirab yashnayotgan go‘zallikni, to‘lib-toshib oqayotgan rang-barang va xilma-xil hayotni, reallik va yuksak orzuni, bir so‘z bilan aytganda, har bir hodisada va har bir lahzada yashiringan voqelik sirini qo‘ldan boy beradi. Shuning uchun ham u astoydil axtargan, orzumand bo‘lgan javob, qanchalik “tovlanib turgan naqshinkor” katakchalardan sakrab o‘tmasin, yetishib bo‘lmas maqsadga aylanib qolaveradi.

Orasio Oliveyra – yolg‘iz. Bu yolg‘izlik fojiali vaziyat hisobiga emas, halokat jari yoqasida turgani uchun emas, uni sevikli ayoli, yaqin do‘stlari, sodiq o‘rtoqlaridan judo qilgan sabablar hisobiga ham emas. Hamma gap – uning o‘zida. Mehribon va shirinso‘z Maga bilan Parijda yashaganida ham, begona bo‘lib ko‘ringan, nosog‘lom tasavvurida adovatli bo‘lib tuyulgan, sovuq shamollar esayotgan bu dunyoda u o‘ziga joy topolmadi. Hattoki, do‘sti Travellerning beg‘araz ko‘magini, har qanday vaziyatda yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekanligini, samimiy xayrixohligini seza turib ham, ruhan ezilib, azob-uqubat chekadi. U butun borliqdan o‘zini olib qochadi. Romanning oxirgi bobida muallif xuddi shaxmat taxtachasida donalarni terib chiqqandek, pozitsiyalarni aniq qo‘yib chiqadi – Orasio Oliveyra eng yaqin do‘sti va sevgilisiga ishonmay qo‘yadi, kichkina xonasining eshigini ichkaridan zanjirlab oladi, buzib bo‘lmas g‘ov-to‘siq o‘rnatadi. Eng dahshatlisi, xonasida turli qalinlikda, turli ranglarda, har xil uzunlikdagi iplarni osib tashlaydi, xuddi ipak qurti pilla o‘ragandek, o‘ziga qobiq yasaydi va unda yashirinib oladi. Ramziy ma’noda iplar bu – yechilmas darajada chigallashib ketgan qo‘rquvlari, dahshatli tasavvuri, shubha va gumonlaridan hosil bo‘lgan “fikrlardan to‘qilgan to‘rlar”dir. Uning “hududi” va o‘zga odamlar “hududi” yoki “qora sharpa hududi” o‘rtasida aloqa ham, BIRLIK ham, hamjihatlik ham yo‘q.

Buning o‘rniga qat’iyatli norizolik, voqelikni uzil-kesil qabul qilolmaslik, “nazokatli” erkparvarlikka intilish, taqdirga bo‘ysunishdan ko‘ra, oxirigacha kurashishga tayyor turish kabi fazilatlarni kuchli iroda va bukilmas ruh sohibining olijanob isyonkorligi deb bo‘ladimi? Bizningcha, yo‘q. Adolatsiz bo‘lib ko‘ringan voqelikka qarshi chiqmoqchimisan – harakat qil, fidoyi bo‘l.

Orasio Oliveyra esa, ko‘rinib turganidek, o‘zini o‘zi “qurish”, mukammallikka intilish, o‘zining fe’l-atvorida mustahkam iroda, yagona maqsadga erishishni, erkinlikka talpinish, eng muhimi, sevish va sevilish hissiyotini sabot hamda matonat bilan tarbiyalash o‘rniga o‘zini telbalikka solishni afzal ko‘radi. Orasio Oliveyra atrofdagilarga izzat-ikrom ko‘rsatishga shoshilmaydi, yaqin kishilarining ra’yini qaytarmaslik, ularning fikriga quloq solish, ularning hurmatini joyiga qo‘yish haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Qolaversa, insoniyat ming yillar davomida to‘plab kelgan tajribani ham u xato, yanglish deb hisoblaydi, boshqa odamlarning hayotiy tajribasini hisobga olish, o‘ziga o‘rnak deb bilishni xohlamaydi. Vaholanki, odam jamiyatda yashaydi, faqat jamiyatda shakllanadi, takomillashadi. O‘zining sub’ektiv bahosiga emas, balki hamma uchun yagona bo‘lgan mustahkam poydevorga tayanib ijod qiladi va yangiliklarni kashf etadi.

Tan olish kerak, Orasio Oliveyra o‘qimishli, ayniqsa, san’at sohasida uning bilimi yuqori darajada. Ammo shu bilan birga, u o‘zining keng bilimlarini mos keluvchi oqimga yo‘naltira olmaydi. Egallagan bilimlari unga xalal berayotgandek, ortiqcha yuk bo‘lib uni toliqtirib qo‘yayotgandek tuyuladi. Orasio Oliveyraning armonlari, ezgu istak-xohishlari, orzu-umidlari noaniq, xuddi tumandek to‘rt tomonga yoyilib ketganga o‘xshaydi. Shunday bo‘lsa ham, u ushbu tartibsizlik, palapartishlikdan va qaerdandir sirtdan, tashqaridan yangi, mukammal, benuqson sistema tug‘iladi, deb ishonadi. Garchand uzoq kutilgan va qimmatga tushgan mutlaq haqiqat, butun mavjudotning azaliy va abadiy o‘zgarmas birlamchi asosi bo‘lmish ruh, yuksak g‘oya ob’ektiv voqelikda muayyan me’yor yoki mezon emas, balki bizlarning sadoimiz, shaffof billurdek toza ko‘zgudagi aksimizdir. Ta’bir joiz bo‘lsa, hissiy, aqliy va ma’naviy-axloqiy tajribamizning mag‘zi, ajdodlarimiz va zamondoshlarimiz qo‘lga kiritgan yuksak muvaffaqiyatlar hosilasidir.

Chunonchi, kunlardan bir kun Oliveyra yo‘l-yo‘lakay Maga bilan “metafizika daryolari” xususida bahslashib qoladi. Maganing iqror bo‘lishicha, u bu daryolarda bemalol suzadi, Oliveyra esa behuda urinadi, nimalarnidir benatija qidiradi. Muallif, bir qarashda, taajjub va mujmal bo‘lib ko‘ringan iboraning ma’nosini batafsil izohlab bermaydi. Bu obrazli iborada romanning asosiy metaforasi mujassam bo‘lgan, deb o‘ylaymiz. Taxminimizcha, “metafizika daryolari” – bu baxtga olib keluvchi yoki haminqadar, o‘z-o‘zi va odamlar bilan sulh tuzish, murosa yo‘lini ko‘rsatuvchi najotbaxsh daryolardir. “Metafizika daryolari” – bu ong oqimi, hayot ma’nosini bilishga yetaklovchi oqim. Bu oqim har bir inson hayotiga ma’no-mazmun bag‘ishlaydi, serjilo ranglar bilan uni yarqiratib yuboradi. Bu daryolar Jannat dengiziga, uyg‘unlikdagi hayot ummoniga quyilib ketguvchidir.

Teran fikrlab ko‘raylik. Orasio Oliveyra qaysi “metafizika daryo”siga tushib qolgan? Umuman, tushib qoladimi, yo‘qmi? Javobni biz berishimiz kerak. Muallif o‘z qahramoniga bunday imkoniyatni beradi. Romanda surbetlarcha munosabat, beadabona xatti-harakat, qo‘pol savol va javoblar to‘lib toshganligiga qaramasdan, yakunlovchi so‘z kutilmaganda insonparvarlik, odamoxunlik ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lib chiqadi. “Qora sharpa” hududi ezgulik, mehribonlik, saxovat, bir-birini so‘zsiz tushunish, yaqin do‘stlarning beg‘araz yordami va muhabbati orqali Oliveyra hududi bilan yaqinlashib boraveradi.

Tasavvur qiling, asfaltda sopolak o‘yini uchun chizilgan katakchalarga ko‘zingiz tushib qolganida miyangizga katta roman yozish haqida fikr tug‘ilgan bo‘larmidi? Albatta, yo‘q. Xulio Kortasarga esa shunday fikr kelgan. Ehtimol, ushbu bolalar o‘yinini kuzatganda, uning miyasida “Sopolak o‘yini” romanining g‘oyasi tug‘ilgandir. Ustiga ustak, zinhor “bolalar romani” emas, balki “intellektual roman” g‘oyasi kelgandir. Bir qarashda, roman klassitsizm tamoyillari asosida yaratilgandek, bir vaqtning o‘zida unda novatorlik xususiyatlari ham mujassam. Novatorlik deyilganda, eng avvalo, uning strukturasini nazarda tutmoq lozim. Roman nomi nafaqat “katakdan katakka sakrab o‘tish” strukturasini, balki muallifning tasavvuridagi o‘yinga o‘xshash “hayot obrazi”ni ham ifodalaydi. Muallif yaratgan ushbu “hayot obrazi”ni qabul qilarkanmiz, “Yer”dan orzu qilingan “Osmon”gacha “sakrashga” harakat qilamiz. Roman, shaklidan qat’i nazar, HAYoT haqida boshqa yana qaysi shahar bundan go‘zal, ilhombaxsh makonga aylanganligini fahmlash qiyin emas, nazarimizda.

Romanning birinchi qismi isyonkorlik ruhi bilan sug‘orilgan, lekin Orasioning isyoni real isyonga qaraganda, ta’bir joiz bo‘lsa, estetik va badiiy tafakkur isyonidir. Ruhan, fikran bir-biriga yaqin ijodkorlar guruhi, aksariyat tomonidan itoat qilinadigan me’yorlarga, yashash tarzini “g‘ayriinsoniy me’yor”larga qiyoslab yashashdan ko‘ra, aniqrog‘i, katakchadan katakchaga sakrashdan bosh tortarkan, atrofida o‘z qonuniyatlari asosida yashovchi kichkina bir dunyoni yaratadi. Aslida, birinchi qism – bu boshqa matnlarga havola qiluvchi, boshqa matnlardan tap tortmay olingan parcha, oshkor va yashirin iqtibos, reministsentsiyalardan iborat ko‘lamdor intellektual dialogdir. Ularni hattoki eng aqlli, dono, bilimi beqiyos odam ham payqab olishi amrimahol. Romanning birinchi qismida bosh qahramonlar, o‘zlarining yoshlariga umuman mos kelmovchi xislat, ya’ni o‘ziga va atrofdagilarga maksimal talablar qo‘yuvchi yoshlar qiyofasida gavdalanadi. Tabiiyki, ular quyushqondan chiqib ketishadi, es-hushni qamrab olgan his-tuyg‘ular oxirgi me’yorgacha boradi. Hayotning boshqa tomonida esa – Buenos-Ayres. Orasio Oliveyra – yuragi yashagan makon – vataniga qaytadi. Argentinada esa vaziyat jiddiy, hamma uchun yagona tartib-qoida o‘rnatilgan. Tartib-intizomga rioya qilmagan har bir fuqaro beshafaqat jazolanishi muqarrar. Orasio bunga ko‘nikolmasdan jamoat tartib-intizomini buzadi va jazolanadi. Shu tariqa u, o‘zi sezmagan holda, sopolak o‘yini ishtirokchisidan “sopol toshcha”ga aylanadi. Argentinada sobiq do‘sti va uning xotinini tasodifan uchratib qolarkan, ularni “egizak”, deb ataydi. Treveller va Talita, o‘ziga xos tarzda, Orasio va Maganing sehrli aksidir.

“Sopolak o‘yini” romanini bir kunda, umuman, belgili bir muddatda o‘qib chiqish mumkin emas. Bu, Tomas Mann ta’biri bilan aytanda, intellektual romandir. Uni xuddi Marsel Prustning “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” turkumi, Jeyms Joysning “Uliss”, Tomas Manning “Sehrli tog‘”, German Gessening “Cho‘l bo‘risi”, Frants Kafkaning “Jarayon” va “Qo‘rg‘on”, Jan-Pol Sartrning “Behuzurlik”, Jon Faulzning “Frantsuz leytenantining ayoli”, Uilyam Folknerning “Yoknapatofa xaqida saga”, Natali Sarrotning “Oltin mevalar”, Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita”, Paolo Koeloloning “Alkimyogar”, Umberto Ekoning “Atirgul nomi” romanlaridek mutolaa qilish, “mag‘zini chaqish” lozim. Bu romanlar osonlikcha tutqich bermaydi. Sababi, ularni tushunish, aniqrog‘i, nima bilan tugallanishini oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi. Ular sermulohazali, bamaylixotir o‘qishni taqozo etadi. Eng muhimi, roman chuqur va keng bilim sohibi bo‘lgan o‘quvchiga baxtli, huzur-halovatga to‘la onlarni hadya etadi.

Aslida, Orasio Oliveyra o‘z ongining imkoniyatlaridan tashqari, o‘zga narsalarga ishonishdan mahrum etilgan. Vatani Argentinadan falak gardishi bilan Parijga borib qolgan ajnabiy Orasio Oliveyra, Buenos-Ayresni sira unutolmaydi. Biroq vataniga qaytgandan keyin ham, hamma narsaga Yevropa o‘lchovi bilan qaraydi. Argentinadagi hayotni Frantsiyadagi hayotga taqqoslaydi, go‘yo butun umri Parijda o‘tgandek.

XX asr adabiyoti tarixiga nazar tashlasak, nafaqat Lotin Amerikasi, balki AQSh (Xeminguey, Dos Passos, Fitsjerald, Paund, Stayn), Angliya (Vulf, Oldington), Irlandiya (Joys, Bekket), Rossiya (Nabokov, Shmelyov, Merejkovskiy)dagi shart-sharoitga moslasha olmagan ijodkorlar aynan Parijda qo‘nim topganini kuzatamiz.

Biroq go‘zal va bag‘rikeng Parij Orasio Oliveyra ishonchini oqlamaydi, orzularini sarobga aylantiradi. Go‘yo amalga oshgandek bo‘lib ko‘ringan orzu, aslida zerikarli va mazmunsiz yakun topgan bo‘lib chiqdi. Ammo u orzusiz, maqsadsiz yashay olmaydi. Xayolida shafqatsiz bo‘lib ko‘ringan voqelik, g‘am-hasratga to‘la hayot changalidan Oliveyra qochishga, oldingi hayotiga nuqta qo‘yib, yangicha yashashga harakat qiladi. U va uning kam sonli sodiq do‘stlari hayotni bir alpozda kechishiga ko‘nikkan odamlarning yashash tarzidan o‘zlariga himoya qo‘rg‘onini qurishadi, adovatli va vahshiy dunyo ta’siridan, hayotning bema’niligidan saqlaguvchi devor ko‘tarishadi. Argentinaga qaytish hech narsani o‘zgartirmasa-da, binobarin Oliveyra va uning yangi do‘stlari olib borgan o‘yin qoidalari o‘zgaradi, xolos.

Kortasar, sopolak o‘yini qoidalarini o‘zgartirmasdan, kitobxonni o‘yinga qo‘shilishga undaydi. Aniqrog‘i, muallif va uning nozikta’b hamda injiq fikrining ayni paytda qay tarafga burilishini, egri-bugri yo‘lda yurishini aniqlashga, oldindan bashorat qilishga “chaqiradi”.

Xorijiy adabiyotshunoslarning yakdil fikricha, Kortasarning “Sopolak o‘yini” – postmodernizm ruhida yozilgan matnning ajoyib namunasi tarzida tan olingan. Matn­ning quyidagi xususiyatlari bu fikrni to‘liq isbotlaydi: a) roman yopiq doirani hosil etmay, “ochiq” strukturaga ega, ya’ni matnning chek-chegarasi yo‘q, unga son-sanoqsiz mazmun va ma’nolar singdirib yuborilgan, uni talqin qilishning juda ko‘p yo‘llari mavjud; b) roman matni “ikkilamchi”dir, ya’ni u ko‘plab iqtibos, reministsentsiya, havola, boshqa matnlardan olingan butun boshli parchalardan yaratilgan, bu esa, o‘z o‘rnida, matn ichidan “yorib o‘tib”, haqiqiy polifoniya (ko‘p ovozlilik)ni hosil etadi; v) matn “o‘zgaruvchan” xususiyatga ega, ya’ni syujet zamirida yotgan voqealar dinamik tarzda bir-birini almashtiradi; bunga o‘quvchi bilan doimiy dialog olib borish va uzluksiz tarzda ma’no hamda mazmunni yaratish orqali erishiladi; g) matn (an’anaga zid ravishda) muallifga ega emas, matn ustidan “hokimlik” o‘quvchi qo‘lida, aynan u matnni “boshqaradi”, uning roli bevosita faollashadi; d) matn, ta’bir joiz bo‘lsa, “ehtiyoj yoki zarurat”, “iste’mol yoki shaxsiy manfaat” ob’ekti emas, balki huzur-halovat, zavqu shavq ob’ektiga aylanadi, o‘yin birinchi planga chiqadi, o‘quvchi o‘yinga “jalb etiladi”; ye) yozuv (badiiy tasvir usuli) va o‘qish (badiiy idrok qilish) o‘rtasidagi masofa borgan sayin qisqararkan yoki ushbu masofa butunlay yo‘q qilinar ekan, “tejamlanadi”, ya’ni yozuv va o‘qish yaxlit belgilarning semantik tizimiga birlashtiriladi.

Kortasar, romanida an’anaviy badiiy asar doirasidan chiqib ketishga harakat qilar ekan, o‘z oldiga nafaqat badiiyat yoki estetika nuqtai nazaridan nodir asar yaratish maqsadini qo‘yadi, balki yangi o‘quvchi, maslakdosh, hamfikr o‘quvchi vujudga kelishi uchun zamin hozirlaydi. Qolaversa, passiv emas, shunchalik havaskor o‘quvchini emas, balki faol, ijodkor, ”yakunlovchi qism”ni,”eng so‘nggi ma’no”ni qat’iyan rad etuvchi, o‘zaro teng madaniy tillarning behad keng maydoniga “kirisha oladigan” intellektual o‘quvchi uchun astoydil mehnat qiladi. Kortasar o‘z o‘quvchisiga ”buyurtma adabiyot”, ong va tafakkurning bir yoqlama, bir chiziq bo‘ylab rivojlanish hamda “bir qolip”ga solingan san’at asaridan “engib o‘tish” yo‘lini ko‘rsatadi. Xullas, yozuvchining asosiy dasturilamali – serqirra mazmun va ma’noga to‘la dunyoga keng qarash, o‘zining badiiy olamini yaratishdir.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.